Jаlоliddin Маngubеrdining mo’g’ullаrgа qаrshi kurаshi Jaloliddin Gurganjni tashlab ketgach, Niso shahriga yaqinlashdi va bu yerda 700 otliqdan iborat mo’g’ul to’dasini qirib tashladi. U Nisodan Nishopurga kelib, turli viloyatlarga chopar yuborib, qo’shin to’plashga
kirishdi. Ammo mo’g’ullar bunga imkoniyat bermasdan, unga hujum qildilar. Jaloliddin bu yerdan G’aznaga yo’l oldi. Qandahor yaqinida unga amakisi Amin al-Mulk 10 ming otliq turklari bilan kelib qo’shildi. Ular birgalikda Qandahorni qamal qilgan mo’g’ullarga hujum qilib, uch kunlik jangdan so’ng ularni yengdilar. 1221 yilda Jaloliddin G’aznaga yetib keldi. Sayfiddin Ig’roq, Balx hokimi A’zam Malik, afg’on ko’chmanchilari boshlig’i Muzaffar Malik va qarluq guruhlari sardori al-Hasanlar o’z qo’shinlari bilan kelib qo’shildilar. Katta kuchga ega bo’lgan Jaloliddin Valiyon qal’asini qamal qilgan mo’g’ullarni tor-mor qildi.
Ushbu voqealardan xabar topgan Chingizxon Jaloliddinga qarshi Shiki Qutihu no’yon boshchiligida 45 ming askardan iborat qo’shin yubordi. Parvon dashtida bo’lgan jangda Jaloliddin ularga halokatli zarb berdi. Shiki Qutihu no’yon o’z askarlarining qoldiqlari bilan Chingizxon qarorgohiga, Tolikonga chekindi.
Bu voqeadan so’ng Chingizxon katta qo’shin bilan shaxsan o’zi Jaloliddinni jazolashga qaror qildi. Xuddi shu paytda Jaloliddinning amirlari orasida Parvon jangida qo’lga kiritilgan o’ljalarni taqsimlash masalasida nizo chiqdi. Natijada xalajlar, afg’onlar va qarluqlar uni tashlab ketdilar. Pirovardida Jaloliddin qo’shini zaiflashib, ko’p sonli mo’g’ul qo’shiniga qarshi turish imkoniyatini yo’qotdi. Shu boisdan bu yerga Chingizxon qo’shinlari kelayotganligini eshitgan Jaloliddin G’aznadan sharqqa chekinishga majbur bo’ldi. Chingizxon chekinayotgan Jaloliddinga Sind daryosi bo’yida yetib oldi. Uch kunlik og’ir janglardan so’ng mo’g’ullar Jaloliddinni daryo qirg’og’iga siqib bordilar. Chingizxon Jaloliddinni tiriklayin qo’lga olishni buyurdi. Og’ir vaziyatga tushib qolgan Jaloliddin harami, ya’ni akasi, xotinlari va bolalarini suvga cho’ktirishga buyurdi, o’zini esa oti bilan daryoga otdi va narigi qirg’oqqa suzib o’tdi. Uning amirlari Qo’lbars Bahodir va Kabko’h Sa’diddin Ali boshchiligidagi 4 mingga yaqin askar ham Sind daryosining chap qirg’og’iga suzib o’tdilar. Keyinchalik Chingizxon Jaloliddin va uning askarlarini yo’q qilish uchun To’rboy Tukshin va Bola no’yonlar boshchiligida 20 ming kishilik qo’shin yubordi, biroq mo’g’ullar issiqqa chidolmay, Multondan orqaga qaytdilar.
Madorsizlangan va yengilgan Jaloliddin o’zining kam sonli, och va tinkasi qurigan safdoshlari bilan Shimoliy Hindistonga, notanish yurt va g’azabnok aholi orasiga tushib qoldi. Uning ayanchli ahvolidan Shatra viloyatining ranasi (podshosi) foydalanmoqchi bo’ldi. U bir ming otliq va 5 ming piyoda askar bilan Jaloliddinga hujum qildi. Jaloliddin “o’z askarlarining jasorat va matonatini oshirib” o’zi hindlar ustiga hujum qildi va shaxsan ranani o’ldirdi. Ushbu g’alaba tufayli katta miqdorda o’ljalar qo’lga kiritilib, Jaloliddinning askarlari o’z moddiy ahvolini yaxshilab oldilar. Ushbu g’alaba tufayli Shimoliy Hindistondagi bir necha viloyat hukmdorlari Jaloliddinga tobe ekanliklarini e’tirof etdilar.
Birozdan so’ng Jaloliddinning ukasi Pirshohni tashlab ketgan amirlar Sanjaqonxon, Elchi Pahlavon, Sayirja va Tekcharoq Xonkishilar o’z askarlari bilan kelib qo’shildilar. Bunday madaddan so’ng Jaloliddin dadillashib, bir necha viloyatlarni bosib oldi. Bu yerlarda o’z nomidan tangalar zarb etdi, uning nomiga xutba o’qildi.
Ammo kelgindi sultonning hatti-harakatlari mahalliy hukmdorlarni unga qarshi birlashishga majbur etdi. Dehli sultoni Eltutmish va boshqa rojalar, noiblar va lashkarboshilar birlashib, Jaloliddinni tor-mor qilishga ahd qildilar. Shamsuddin Eltutmish 30 ming otliq, 100 ming piyoda askarlar va 300 ta jangovar fil bilan unga qarshi yurish boshladi. Xuddi shu payt Jaloliddinning ikkita yirik lashkarboshlari – Yazdan Pahlavon va Sunqurjiqlar Eltutmish tarafiga o’tdilar. Shu munosabat bilan Jaloliddin harbiy kengash chaqirdi. Unda, nima qilmoq kerak: Hindistonda qolishmi yoki ketishmi, degan masala muhokama qilindi. Bir toifa Hindistonda qolish va atrofdagi hokimlarni bo’ysundirib, shu yerda kuch to’plash tarafdori edilar. Ikkinchi toifa G’iyosiddin Pirshohni tashlab kelgan amirlar bo’lib, ular Iroqqa borish va uni Pirshohdan olib qo’yish kerak, deb hisoblar edilar. Jaloliddin ularning taklifini qabul qildi.
Sulton Jaloliddin va uning hamrohlari Hindiston va Kirmon o’rtasidagi sahrolarni qiyinchiliklar bilan bosib o’tdilar. Katta talofatlarga uchrab, Jaloliddin to’rt ming askar bilan Kirmonga yetib keldi. Bu yerlarda hukmronlik qilgan G’iyosiddin Pirshoh o’z askarlari bilan akasiga qarshi jang qilmoqchi bo’ldi. Lekin Jaloliddin uning amirlari bilan muzokara olib borib, ularni o’z tomoniga o’tishga ko’ndirdi. G’iyosiddinning onasi ham sulton tarafiga o’tib, o’g’lini umumiy maqsad yo’lida akasiga bo’ysunishga ko’ndirdi.
Jaloliddin Iroqi Ajam (hozirgi Janubi-G’arbiy Eron) va fors viloyatlaridagi mahalliy hokimlarni o’ziga bo’ysundirib, Ozarbayjonni egalladi va Gurjistonga ham zafarli yurishlar qildi. Ayni vaqtda u qo’shni davlatlar rahbarlari – Qo’niya sultoni Alouddin Qayqubod I, Damashq hokimi al-Malik al-Mu’azzam va Misr hokimi al-Malik al-Komilga maktublar yo’llab, ular bilan yaxshi qo’shnichilik munosabatlarni yo’lga qo’yishga harakat qildi. Lekin uning Bag’dod xalifasi an-Nosir bilan munosabati yaxshi emas edi, chunki Jaloliddin xalifani Xorazmshohlar davlatining dushmani deb bilardi, uning Chingizxon bilan yozishmasidan xabardor edi.
Jaloliddin Eronda hukmronlik qilgan paytda ham mo’g’ullar bilan kurash olib bordi. Jumladan, 1227 yil 5 sentyabrda Isfahon yaqinida u katta mo’g’ul qo’shini yakson qildi. Bu g’alaba tufayli Jaloliddin butun Yaqin Sharq mamlakatlari hukmdorlari nazdida islom himoyachisi sifatida shuhrat qozondi. Kichik Osiyo, Suriya va Iroqdagi viloyat hokimlari u bilan ittifoq tuzishga va mo’g’ullar xurujiga birga qarshi turishga intilar edilar.
Ammo Jaloliddin vaziyatga to’g’ri baho bermay, bu viloyat hukmdorlari tasarrufidagi hududlarga talonchlik yurishlar qildi. Natijada Kunyo sultoni Alouddin Qayqubod I ning tashabbusi bilan Jaloliddinga qarshi koalitsiya yuzaga keldi. Unga Damashq hokimi al-Malik as-Ashraf, Hilot hokimi Ibrohim Shirkuh, Xartabart hokimi Artuhxon, Halab hokimi Savob, Mayforiqin sultoni Shahobiddin G’oziy va Baniyos sultoni al-Aziz Usmonlar kirdilar. Xalifa al-Muntansir (1226-1242) mo’g’ullarning yangi hujumi xavfi mavjud bo’lgan sharoitda musulmon hukmdorlarining o’zaro urushlarini oldini olishga harakat qildi. Ammo xorazmshohni harbiy ittifoq tuzgan sultonlar bilan yarashtirib bo’lmadi.
Xorazmshoh Jaloliddin bilan ittifoqdosh qo’shinlar o’rtasidagi asosiy jang 1230 yilning 10 avgustida ro’y berdi. Bu jangda Jaloliddin mag’lubiyatga uchrab, Hilot tomonga qochdi. Jaloliddinning bu mag’lubiyatini eshitgan usmoniylarning doiysi Alouddin Muhammad III mo’g’ullarga xat yozib, ularni xorazmshohga qarshi yurish qilishga undadi. Mo’g’ullar Jaloliddinga qarshi yurish boshlab, 1230G’31 yillarda Ozarbayjonni bosib oldilar. Nochor qolgan Jaloliddin yaqindagina uni mag’lubiyatga uchratgan ittifoqchi davlatlar hukmdorlariga murojaat etib, ulardan yordam so’rashga majbur bo’ldi. Ammo hech kim unga yordam qo’lini cho’zmadi.
1231 yilning avgust oyida xorazmshoh aysh-ishrat va mastlikka berildi. Bazmlarning biridan so’ng Jaloliddin mast bo’lib, uxlab qolganda, mo’g’ullar uning o’rdasiga hujum qildilar. Jaloliddin amirlaridan biri O’rxon va uning askarlari yordamida qochishga ulgurdi. Mo’g’ullar ularning ketidan quvdilar. Shunda Jaloliddin o’ziga kelib, O’rxonga mo’g’ullarni chalg’itishni buyurdi, o’zi esa quvg’indan qutulib qolmoqchi bo’ldi. Nasaviyning yozishicha, sulton mo’g’ullar quvg’inidan birgina o’zi qochib xato qildi. Ayn qishlog’i yaqinida sultonni kurdlar tutib olib, uni taladilar. Ammo qaroqchi kurdlar boshlig’i unga yordam bermoqchi bo’lib, qishloqdagi uyiga olib keladi. U ot topib kelish uchun chiqib ketganida, nayza bilan qurollangan qo’shnisi kirib keladi va Hilot yaqinida xorazmliklar tomonidan o’ldirilgan ukasi uchun qasos olish maqsadida Jaloliddinni o’ldiradi. Bu voqea 1231 yilning avgust oyida ro’y beradi. Jaloliddinning o’limi bilan Xorazmshohlar-Anushtaginiylar davlati barham topadi.