Yangilanayotgan konstitutsiyada mening huquqiy kafolatim
Universites Nordica Internationalis
Farida Jumayeva Maratovna
jumayevafarida@nordicuniversity.org
Annotatsiya: Maqolada inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va xalqaro majburiyatlarni bajarish, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirishning dolzarbligi va ahamiyati yoritilgan.
Kalit so‘zlar: konstitutsiya, qomus, huquq, qonun, himoya, shaxsiy, davlat, majburiyat, gender tenglik.
Birinchi marotaba har kim O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli ekanligi mustahkamlanmoqda. Bu fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasi nafaqat milliy qonunchilikda belgilangan normalar, balki xalqaro huquq asosida ham himoyalanishini ta’minlaydi.
Bulardan tashqari, har kim davlat organlarining yoxud ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi tufayli etkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi huquqiga egaligi qayd etilmoqda.
Konstitusiyada aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerakligi qayd etilmoqda. Mazkur norma to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qoida bo‘lib, tergov va sud jarayonida faqat ishonchli va qonuniy dalillardan foydalanishni ta’minlaydi hamda shaxsni asossiz ravishda javobgarlikka tortilishdan himoya qiladi.
Qolaversa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emasligi mustahkamlanmoqda, hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi belgilanmoqda. Bu qoidalarning Konstitusiyada belgilanishi jinoiy ta’qib ostidagi har qanday shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga ruhiy bosim va turli tahdidlar o‘tkazish, uning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish kabi boshqa noqonuniy usullar qo‘llanishini oldini olishga xizmat qiladi.
Yana bir muhim norma – agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi kafolatlanmoqda. Bu hol jinoyat bo‘yicha haqiqatni aniqlash, shuningdek, aybsiz insonlarning javobgarlikka tortilishini oldini olishga, ayni paytda, jinoyat sodir etgan haqiqiy aybdor shaxs yoki shaxslarni aniqlashga xizmat qiladi.
Yangilanayotgan O‘zbekistonning eng ulug‘ maqsadi, avvalo, xalqimiz manfaatlari ko‘zlangan islohotlarni amalga oshirishga qaratilganidir. Renessans ostonasida turgan O‘zbekiston uchun eng avval Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilgan. II bob 13-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va Qonunlar bilan himoya qilinadi” deyilgan. Quvonarli tomoni shundaki, so’nggi yillarda inson huquqini himoya qilish borasida katta o‘zgarishlar bo‘lib, uni xalqaro hamjamiyat tan oldi. O‘zbekiton ilk bor BMTning Inson huquqlari Kengashiga a’zo bo‘lgani ham buning isbotidir. Yurtimizda inson huquq va erkinligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga hamohang tarzda faoliyat yuritayotgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsman, bolalar ombudsmani, tadbirkorlar huquqini himoya qilish bo‘yicha vakil-ombudsman instituti tashkil topgani ham shu kabi ezgu ishlarni amalga oshirishga qaratilgan yangilikdir. Konstitutsiyamiz, qonunlar va inson huquqlari sohasidagi umume’tirof etilgan xalqaro huquq me’yorlari qoidalarini amalga oshirish strategiyasini ishlab chiqish, inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro va milliy tashkilotlar bilan hamkorligini rivojlantirish, mamlakatimizda inson huquqlariga rioya etilishi va bu huquqlarning muhofaza qilinishi yuzasidan milliy strategiya qabul qilingani ham dolzarb masaladir.
Ayniqsa, inson huquqlarini ta’minlash borasida 1948 yil 10 dekabrda qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining O‘zbekiston parlamenti tomonidan tasdiqlanganligi eng katta muhim va xalqaro huquqiy hujjat bo‘ldi.
Inson huquqlari va erkinliklarini muhofaza qilishning ta’sirli vositasini barpo etish, xalqaro tashkilotlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikni kengaytirish, davlat muassasalari xodimlari va aholining inson huquqlari bo‘yicha madaniyatini oshirish maqsadida BMTning Inson huquqlari va boshqaruv tizimini demokratiyalashni qo‘llab-quvvatlash dasturiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996 yil 31 oktyabrdagi Farmoni bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tuzildi. Farmonda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazning maqsad va asosiy vazifalari aniq belgilab qo‘yildi.
O‘zbekistonda Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning shakllanishi mamlakatni isloh qilish va modernizatsiyalash jarayonlari doirasida davlat va jamiyatning barcha sohalarida demokratik islohotlar o‘tkazish amalga oshirildi. Ayni paytda mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan asosiy huquq va erkinliklarga binoan, ulani quyidagi guruhlarga bo‘lish mumkin:
Birinchidan, shaxsiy huquq va erkinliklar (shaxsiy hayot va individual erkinlik sohasida) - yashash huquqi (konstitutsiyaning 24-moddasi), erkinlik va shaxsiy daxlsizlik, hech kim ozodlikdan mahrum etilishi mumkin emas (25-modda), jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda oshkora ko‘rib chiqilib, aybi aniqlanmaguncha aybdor hisoblanmaydi (26-modda), har bir insonga o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega (27-modda), erkin ko‘chish huquqi (28-modda), har bir insonga fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi, istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish erkinligi (29-modda), shaxs huquqlari, erkinliklari va yashash faoliyatlarini himoya qilishda davlat organlari tomonidan qabul qilingan huquqiy qoidalar bilan ularni tanishtirish (30-modda), hamma uchun vijdon erkinligi mustahkamlangan (31-modda).
Ikkinchidan, siyosiy huquq va erkinliklar - fuqarolar jamiyat va davlat ishlarini bajarishda bevosita va o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar (32-modda), fuqarolar o‘z ijtimoiy faolliklarini,O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq, mitinglar, yig‘ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga egadirlar (33-modda), fuqarolar kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar (34-modda), har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega (35-modda).
Uchinchidan, ijtimoiy-iqtisodiy huquq va erkinliklar - har bir shaxs muldkdor bo‘lish huquqiga ega (36-modda), har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga ega (37-modda), har kim qariganda, mehnatga layoqatini yo‘qotganda, shuningdek, boquvchisidan mahrum bo‘lganida va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega (39 -modda), har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega (40-modda), har kim bilim olish huquqiga ega (41-modda), har kimga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi (42-modda), davlat fuqarolarining konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi (43-modda), har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayri-qonuniy hatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi (44-modda), voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar yoki yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir (45-modda), xotin-qizlar va erkaklar teng huquqli (46-modda) bo‘lib, ular qonuniy kafolatlangan. Shuning uchun ham hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida mehnat qilayotgan insonlar, birinchi navbatda, rahbar xodimlar, fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarni puxta bilishi, ularning ijrosini to‘g‘ri tashkil etishi, bu qoidalarga butun jamiyat a’zolari qat’iy amal qilishi shart bo‘lgan muhitni yaratish g‘oyat muhim va dolzarb vazifaga aylanmoqda. Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi — jamiyat tayanchi va yurtimiz taraqqiyotining huquqiy kafolati, davlatimiz mustaqilligining yorqin ramzi, ko‘p millatli xalqimiz xoxish-irodasining qonuniy ifodasi hisoblanadi. Quvonarli tomoni shundaki, 2020 yil o‘ta sinovli davr bo‘lib, ana shu davrda ham inson huquqlarini himoya qilish borasida katta amaliy ishlar bajarildi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 22 apreldagi 213-f-son farmoyishiga ko‘ra, «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi ochilgan bo‘lib, jamg‘arma mablag‘lari karantin davrida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga, ko‘p farzandli oilalarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarga va yolg‘iz qariyalarga, o‘z daromadini yo‘qotgan vaqtincha ishsiz bo‘lgan jismoniy shaxslarga yordam berish uchun ishlatildi. Ular pul mablag‘lari, kundalik iste’mol tovarlari, dori vositalari va boshqa mahsulotlar bilan ta’minlandi. Jamg‘arma mablag‘lari homiylik va xayriya mablag‘lari, yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan norezidentlarning homiylik xayriyalari, mahalliy byudjetlar daromadining rejadan ortiq bajarilishidan tushgan mablag‘larning bir qismi va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantirildi.
Xulosa sifatida shuni qayd etishni istardimki, Yangi O‘zbekistonning bosh maqsadi bo‘lib, eng muhimi insonparvarlik tamoyilida amalga oshiriladi. Bunda nogironlarning huquqini himoya qilishning yangi bosqichi muhim ahamiyat kasb etadi. Manzil-koloniyalarning isloh etilishi ham muhim yangilikdir. Ehtiyojmand oilalarning farzandlari oliy o‘quv yurtida grant asosida tavsiya qilinishi ham diqqatga sazovorlir. Inson huquq va erkinliklarini ta’minlashda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq va Virtual qabulxonalari, shuningdek, Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha qabulxonalari alohida o‘rin egallamoqda.
Sud-huquq sohasini yanada demokratlashtirish, Konstitutsiya ustuvorligi, qonun oldida tenglik, insonparvarlik, adolatlilik, sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlash, sud jarayonida tortishuv tamoyillarini tatbiq etish, aholining sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish, tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar majmui qabul qilindi.
Inson huquq va erkinliklarini ta’minlashda, nizolarni sudgacha hal qilishda va taraflarni yarashtirishda advokatlarning vakolatlari sezilarli darajada kengaytirilmoqda.
Sudlarda ishlarni ko‘rib chiqishda adolatni, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash uchun «Elektron odil sudlov» tizimi joriy etildi. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi inson huquqlari bo‘yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarga, jumladan Birlashgan Millatlar 54
Tashkilotining 6 ta asosiy shartnomasi va 4 ta fakultativ protokoliga qo‘shilgan bo‘lib, ularning amalga oshirilishi yuzasidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va shartnomaviy qo‘mitalariga muntazam ravishda milliy ma’ruzalarni taqdim etib kelmoqda.
Bundan tashqari, milliy qonunchilikni inson huquqlari sohasidagi xalqaro - huquqiy standartlar bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, inson huquqlari sohasida uzoq muddatli strategiyaning qabul qilinishi ushbu sohada davlat siyosatining samarali amalga oshirilishiga, inson huquqlari va erkinliklariga hurmat munosabati shakllanishiga, mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘si yanada mustahkamlanishiga, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy va siyosiy-huquqiy reyting hamda indekslardagi mavqei yaxshilanishiga. xizmat qiladi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
1. O‘zbekiston Konstitutsiyasi.T.O‘zbekiston. 2019.-40 b
2. “Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash, bu borada jamoatchilik
nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risi”da O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 dekabrdagi PQ-4551-son qarori
3. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonun. 2019 yi 2-sentyabr https://lex.uz/docs/4494849
4. “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida“gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi PF-6012-son Farmoni
Dostları ilə paylaş: |