Tayyor yengil sanoat mahsulotlari hajmlari ortmoqda Mamlakatimizda tayyor yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda Namangan viloyatida faoliyat yuritayotgan korxonalarning tutgan o‘rni muhim ahamiyat kasb etadi.
Jumladan, viloyatda “Istiqlol tekstil dizayn”, “Iftixor kiyim sanoat”, “Faxr tekstil savdo”, “Tekstil libos”, “Lyuks plyus servis” kabi korxonalar tomonidan ilg‘or texnologiyalar asosida yuqori sifatli, xushbichim, eksportbop tayyor tikuvchilik mahsulotlari, jumladan, erkaklar ko‘ylaklari, kostyum-shimlar, pidjaklar, kurtka va paltolar ishlab chiqarilmoqda.
Bugungi kunda ushbu sohada mavjud quvvatlarni kengaytirish, texnik va texnologik yangilash hamda zamonaviy korxonalarni tashkil etishga qaratilgan tizimli ishlar keng ko‘lamda davom ettirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 24-noyabrdagi PQ-2439-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2016-2019-yillarda Namangan viloyatida sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi doirasida paxta tolasini qayta ishlashning 3-4 bosqichli tizimini yo‘lga qo‘yish orqali yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishning hajmi va turini kengaytirishga yo‘naltirilgan 30 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda.
Jumladan, “Uchqo‘rg‘on tekstil” qo‘shma korxonasida bo‘yalgan ip kalava, “Uzteks Uchqo‘rg‘on” qo‘shma korxonasida aralash ip kalava, “Iftixor Kiyim Sanoat” korxonasida “Zara” brendi ostida tayyor jinsi mahsulotlari, “Papfen” xorijiy korxonasida zamonaviy choyshablar, “Art Soft” qo‘shma korxonasida turli bichim va rangdagi momiq sochiqlar, erkaklar va ayollar xalati kabi eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Mazkur loyihalarda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, tashqi va ichki bozorlarda xaridorgir bo‘lgan tayyor, ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali viloyatda 2020-yilga borib tayyor ip gazlamalar ishlab chiqarish hajmi 2,0 barobarga, tikuvchilik mahsulotlari 2,3 barobarga hamda trikotaj mahsulotlari 1,9 barobarga ortishi ta'minlanadi.