GLOBALLASHUV VA GLOBAL MUAMMOLARNING FALSAFIY JIHATLARI
3. Hozirgi zamon umumbashariy muammolari, ularni hal qilish yo’llari va istiqbollari Umumbashariy muammolar mazmunan boy va chuqurligi, qamrovining kengligi, butun insoniyat hayotiga taalluqliligi, milliy, regional chegaralar bilan cheklanib qolmaganligi va boshqa qator xususiyatlariga ko’ra, ayrim xalq va millatga, alohida bir ijtimoiy-iqtisodiy tuzumga bevosita tegishli bo’lgan muammolardan keskin farq qiladi. Umumbashariy muammolar insoniyatning hozirgi davri uchungina emas, balki kelajakdagi hayotiy manfaatlari uchun ham juda muhim va katta ahamiyatga ega. Hozirgi zamon umumbashariy muammolari
— bu insoniyat sivilizatsiyasining taraqqiyoti bilan bog’liq bo’lgan eng muhim va asosiy muammolardir.
Hozirgi zamonda insoniyat sivilizatsiyasining taraqqiyoti bilan bog’liq bo’lgan eng muhim va asosiy muammo — bu yer yuzidagi tinchlikni saqlash, yadroviy urushning oldini olish, xalqaro xavfsizlikni ta’minlashdir. Biz shuni aniq anglab olishimiz zarurki, insoniyat atom energiyasiga, harbiy ahamiyat baxsh etilgan yadroviy qurollar asriga qadam qo’yib, abadiylikdan mahrum bo’lib qoldi.
Agar yadroviy urush boshlanib ketsa, yer yuzidagi hamma jonli narsalar yo’q qilib tashlanadi. Mavjud yadroviy aslahaxonalar shundayki, ularda yer yuzida yashaydigan har bir kishi hisobiga uning atrofidagi juda katta mintaqani vayron qilishga qodir bo’lgan zaryadlar jamlab qo’yilgan. Atom energiyasidan harbiy maqsadlar yo’lida foydalanish insoniyatning bundan keyingi taqdirini xavf ostida qoldiradi. Chunki yadro quroli qo’llansa, yer yuzidagi barcha tirik mavjudot qirilib, sivilizatsiya yo’q bo’lib ketadi, bunga hech qanday shak-shubha yo’q.
Hozir dunyoda ilgarigi davlatlardagiga nisbatan yadro quroli va ularni tashish moslamalari ancha ko’pdir. AQSh bilan sobiq sho’ro hududidagi yadro qurollarining talofat kuchi 60 ming megatonnani tashkil qiladi. Olimlarning taxmin qilishicha, agar urush boshlanib, yadro qurollari qo’llaniladigan bo’lsa, bu holda uning faqat 12 ming megatonnagacha quvvatidan foydalaniladi. Solishtirish uchun ko’rsatish mumkinki, ikkinchi jahon urushida qo’llanilgan barcha portlatish qurollarining umumiy quvvati atigi 6 megatonnani tashkil qilgan. Boshqacha aytganda, yadroviy urush bo’ladigan bo’lsa, bunda portlash kuchi besh yil davom etgan ikkinchi jahon urushidagiga nisbatan ikki ming barobar ko’p bo’lib, u faqat bir yoki ikki kunda yuz beradi.
Termoyadro qurollarining uchta texnik xususiyati insoniyatni, sivilizatsiyani katta xavf-xatar ostiga qo’yadi.