Birinchi jahon urushining bosh sababi ikki harbiy-siyosiy guruh o`rtasida bo`lingan dunyoni qayta bo`lib olish edi. Dunyoning yetakchi davlatlari o`z yovuz maqsadlari yo`lida ma'naviy tubanlikka ketib boylik orttirish uchun millionlab insonlarni qurbon qilishga bel bog`ladilar. 1914- yilning 28- iyulida serbiyalik millatchi tomonidan Sarayevoda Avstriya-Vengriya taxti vorisi F. Ferdinand o`ldirildi.
Avstriya-Vengriya hukumati Serbiyaga juda haqoratli talablar qo`yilgan ultimatum yubordi. Serbiya hukumati ultimatumning faqat birgina talabiga, ya'ni suiqasd yuzasidan o`tkaziladigan tergov ishlarini Avstriya-Vengriya davlat huquqiy idoralari olib borishiga rozilik bermagan. Bu esa Avstriya-Vengriyaning 28-iyulda Serbiyaga urush e'lon qilishiga bahona bo`ldi. Serbiya ittifoqchisi Rossiya bunga javoban 29-iyul kuni qisman harbiy safarbarlik e'lon qildi.
Bundan Germaniya hukmron doiralari 1-avgustda Rossiyaga, 3-avgustda esa uning ittifoqchisi Fransiyaga urush e'lqn qilish uchun bahona sifatida foydalandi. Germaniya Belgiyaning betaraflik maqomini buzib, bu davlatga hujum qildi. Belgiyaning betarafligi to`g`risidagi xalqaro hujjatni bir vaqtlar Prussiya ham imzolagan edi. Biroq, 1914yilda Germaniya hukumati bu hujjatni surbetlik bilan «bir parcha qog`oz» deb atadi. Germaniyaning Belgiyaga hujumiga javoban Angliya Belgiyani himoya qilish bahonasi bilan 4-avgust kuni Germaniyaga urush e'lon qildi. Urush shu tarzda boshlanib ketdi. 15-avgust kuni Yaponiya Germaniyadan Xitoydagi mustamlaka hududlarini Yaponiyaga berish talabi bilan chiqdi. Rad javobini olgach, 23- avgustda Yaponiya Germaniyaga qarshi urush e'lon qildi. Germaniya 1914 yilning oktabr oyida Usmonli turklar imperiyasini, keyinchalik Bolgariyani o`z tarafida turib urushda qatnashtirishga muvaffaq bo`ldi. Tez orada Kavkazorti, Suriya va Falastinda, Bolqon yarim orolida, shuningdek, Germaniyaning Afrikadagi mustamlakalarida yangi frontlar vujudga keldi.
Faqatgina Serbiya va Belgiyadan tashqari barcha davlatlar uchun bu urush bosqinchilik urushi edi.