Bank ishi” yo’nalishi mavzu “Bank hisobvarag‘ini yuritish bo‘yi-fayllar.org
Bank hisobvaraqlarini yuritish tartibi. Imzolar namunalari qo‘yilgan varaqcha shakli, shuningdek tadbirkorlik subyektlari bo‘lmagan rezident yuridik shaxslar va norezident yuridik shaxslar tomonidan taqdim qilinadigan imzolar namunalari qo‘yilgan varaqchalar soni bankning ichki hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Imzolar namunalari qo‘yilgan varaqchada quyidagilar bo‘lishi kerak:
mijozning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);
imzo qo‘yish vakolati berilgan shaxslarning — familiyasi, ismi, otasining ismi hamda ularning shaxsan qo‘yilgan imzosi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq yuridik shaxslarda muhr mavjud bo‘lishi talab qilingan taqdirda-muhr izi.
Imzolar namunalari qo‘yilgan varaqchada bank ichki hujjatlariga muvofiq boshqa ma’lumotlar ham kiritilishi mumkin.
Banklar tomonidan ta’sischilari O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarga bank hisobvaraqlarini masofadan turib ochishda, ularning imzo namunalari qo‘yilgan varaqchada ko‘rsatilgan rezident jismoniy shaxslarni identifikatsiyalash raqamli identifikatsiyalash orqali amalga oshirilishi mumkin.
Imzo namunalari bank mijozining shaxsan o‘zi tomonidan qo‘yilishi shart. Nogironligi bo‘lgan shaxsning faksimil imzosi nogironligi bo‘lgan shaxs tomonidan faqat, agar u o‘zining jismoniy nuqsonlari sababli zarur hujjatlarni imzolash chog‘ida o‘z qo‘li bilan imzo qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘lmasa, qo‘llanilishi mumkin.
Imzo qo‘yish vakolati berilgan shaxslarning imzolari bank xodimi ishtirokida qo‘yiladi, bundan masofadan turib bank hisobvarag‘i ochish hollari mustasno.
Rahbar tomonidan vakolat berilgan shaxslardan birortasi vaqtincha o‘zgarganda, vaqtincha vakolat berilgan shaxsning imzo namunasi qo‘yilib, amal qilish muddati ko‘rsatilgan qo‘shimcha varaqcha taqdim qilinadi. Ushbu qo‘shimcha varaqcha rahbar tomonidan imzolanadi va muhrlanadi (tadbirkorlik faoliyati subyektlaridan muhr qo‘yish talab etilmaydi).
Imzolar namunalari qo‘yilgan varaqchaga yuridik shaxslarning asosiy muhri yoki yuridik shaxs filialining yoxud vakolatxonasining muhr izining namunasi qo‘yilishi shart. To‘lov hujjatlariga aloqador bo‘lmagan, alohida maqsadlar uchun muhrlardan (“Paketlar uchun”, “Ruxsatnomalar uchun”, “Devonxona”, “Ma’lumotlar uchun”, “Guvohnomalar uchun” kabilar) foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Muhr almashtirilganda yoki yo‘qolib qolganda, birinchi va ikkinchi imzo huquqi berilgan shaxslar tomonidan imzolangan iltimosnoma asosida bank vakolatli xodimi tomonidan muhr tayyorlatish uchun zarur bo‘lgan muddat beriladi. Ushbu muddat o‘ttiz kalendar kundan oshishi mumkin emas. Bir vaqtning o‘zida bankning vakolatli xodimi (bosh buxgalter yoki uning o‘rinbosari) muhr bo‘lmagan vaqtda to‘lov hujjatlarini rasmiylashtirish tartibini belgilaydi, vaziyatdan kelib chiqqan holda hujjatlar muhr izisiz topshirilishiga ruxsat beradi. Mazkur band talablari tadbirkorlik faoliyati subyektlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Bank hisobvarag‘i egasi o‘z manzilining o‘zgarganligi to‘g‘risida xizmat ko‘rsatayotgan bankka besh ish kuni davomida yozma yoki elektron shaklda xabar berishi shart.
Tadbirkorlik faoliyati subyekti bo‘lmagan rezident yuridik shaxslar hamda budjetdan mablag‘ oluvchilar, rezident yuridik shaxslarning vakolatxonalari va filiallari, norezident yuridik shaxslar ta’sis hujjatlarida (ta’sis shartnomasida, ustavda) ko‘rsatilgan ma’lumotlar (muassislar, a’zolar yoki boshqa ma’lumotlar) o‘zgargan taqdirda, ular ta’sis hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning nusxasini uch ish kuni ichida bankka taqdim qiladi.
Bank hisobvarag‘i bo‘yicha operatsiyalar faqat bank hisobvarag‘i egasining farmoyishiga ko‘ra yoki bank hisobvarag‘idagi pul mablag‘lari tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi qarori bo‘yicha yoxud sud ajrimiga ko‘ra xatlanganda, shuningdek qonunchilik hujjatlarida ko‘zda tutilgan boshqa hollarda to‘xtatib qo‘yilishi mumkin. Bunday holda, pul mablag‘lari faqat qaror yoki ajrimda ko‘rsatilgan summaga xatlanadi.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib qo‘yish sud tartibida amalga oshiriladi, qonunchilik hujjatlarida ko‘zda tutilgan holatlar bundan mustasno.
Barcha bank hisobvaraqlaridan mablag‘larni hisobdan chiqarish amallarini vaqtincha to‘xtatib turish bo‘yicha so‘rov faqat asosiy depozit hisobvarag‘ini ochgan bank tomonidan qonunchilikda ko‘zda tutilgan hollardagina shakllantiriladi.
Mijozlar ularga asosiy hisobvaraqni ochgan bank orqali boshqa banklarda ochilgan o‘zining barcha bank hisobvaraqlari haqidagi ma’lumotlarni olishlari mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi Qonuni talablari asosida sudgacha sanatsiya qilish, tashqi boshqarish va tugatishga doir ish yuritish tartib-taomillari qo‘llaniladigan qarzdor yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorning asosiy hisobvarag‘iga mos ravishda so‘mdagi sudgacha sanatsiya, kreditorlar bilan hisob-kitob qiluvchi maxsus hisobvaraq yoki yagona hisobvaraq maqomi beriladi.
Mazkur qonun talablari asosida sudgacha sanatsiya, kreditorlar bilan hisob-kitob qiluvchi maxsus hisobvaraq yoki yagona hisobvaraqdan foydalanish tartibi qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.