Yuristlar jamoasi hamda jamiyatda ijobiy shaxsiy imijni shakllan-fayllar.org
YURISTLAR JAMOASI HAMDA JAMIYATDA IJOBIY SHAXSIY IMIJNI SHAKLLANTIRISH Pardayev Muhammadali Toshkent davlat yuridik universiteti 4-kurs talabasi Annotatsiya: Ushbu maqolada yuristlar jamoasi hamda jamiyatda ijobiy shaxslarning imijini shakllantirish yo’l yo’riqlari haqida yoritilgan.
Kalit so’zlar: Yuristlar, advakatlik, natarius,imij.
Yuristlar – huquqiy jihatdan tashkilot va jamiyatning faoliyati hamda kundalik hayot tarzini ta’minlaydigan kishilar. Yurist diplomiga ega bo‘lgan ko‘plab kishilar aynan shu sohada banddirlar: tashkilotlarning kelishuvlarini ta’minlashadi, muzokaralarda ishtirok etishadi, o‘z tashkilotlarini manfaatlarini sudda himoya qilishadi, muhim masalalar bo‘yicha yozishmalar to‘plamining katta qismini tayyorlashadi, da’vo va e’tirozlarni o‘rganib chiqishadi, ba’zida ish yuritish va tashkilot bo‘yicha barcha buyruqlarni tayyorlash ishlarini olib borishadi. Agar tashkilot katta bo‘lmasa, u holda yurist zimmasiga xodimlar ishi ham yuklanadi: xodimlar bilan mehnat shartnomalarini tuzish va ularni bekor qilish, mehnat daftarchalarini yuritish, ma’lumotnomalarni tarqatish. Bu ro‘yxatni hali uzoq davom ettirish mumkin, huquqshunos uchun ish tashkilotning barcha sohalarida topiladi.
O‘rta va kichik tadbirkorlar uchun kichik jamoalarning katta hajmdagi majburiyatlarni bajarishi to‘g‘risidagi izoh o‘rinli. Bu muomaladagi yuridik ma’lumot o‘zida, iqtisodiy ma’lumot bilan bir qatorda, yuqori qadr-qimmatni aks ettiradi. YUridik bilimlar tashkilotchilik ishlarini muvaffaqiyatli amalga oshirishga yo‘l ochadi – aynan mana shu kasb faoliyatning ixtiyoriy sohasidagi ixtiyoriy rahbar uchun asosiysi hisoblanadi. Ko‘plab muvaffaqiyatli menejerlar biznesga, amaliyotda qandaydir aniq bir tadbirkorlik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarni puxta o‘zlashtirgan holda, yurist sifatida kirib kelishadi.
Kichik tashkilot huquqshunosga “to‘liq ish fronti”ni etkazib berish va uni ish bilan ta’minlashni uddalay olmaydigan holatlar ham uchrab turadi. Ko‘p huquqshunoslar bir vaqtning o‘zida bir nechta tashkilotlarga xizmat ko‘rsatishadi va rahbarlar ham, uning rangbarang faoliyati, turli sohalardagi muloqot va aloqalari faqat foydaga ishlashini tushungan holda, bunga rozi bo‘lishadi.
Ba’zida tashkilotning yuridik xizmatlarini, korxonalarga turli xildagi yordam va xizmatlarni ko‘rsataverib “korporativ” yuristga aylangan yuridik firma amalga oshiradi. Bunday firma xodimlari alohida majburiyatlarni o‘zaro bo‘lishib olgan holda, bir necha o‘nlab tashkilotlarga xizmat ko‘rsatishga qodirlar. Bu kabi firmalar yuqori mavqega ega bo‘lishlarini va ishchilarinig maoshi ham shunga yarasha bo‘lishini anglab etish uchun daho bo‘lish shart emas.
Tajriba orttirmagan, hali o‘zini ko‘rsatishga ulgurmagan yosh huquqshunosga hech qaysi tashkilot katta ish haqi to‘lanadigan ish o‘rni tayyorlab qo‘ymasligi o‘z-o‘zidan aniq. Hali umuman ish o‘rnining o‘zini tayyorlab qo‘yishlariga ishonish qiyin.
Shuningdek, huqushunos diplomi bilan huquqbuzarlikning oldini olish va voyaga etmaganlar bilan ishlash inspektori sifatida ham faoliyat olib borish mumkin. Bunday mutaxassislar asosan profilaktika inspektorlari hisoblanishadi. Ular maxsus tuzilgan komissiyalar tarkibida ishlashadi. Voyaga etmaganlar orasida huquqbuzarlik, jinoyatchilik holatlarining oldini olish, ularning huquqlarini himoya qilish, nazoratsiz qolgan voyaga etmaganlarni aniqlash va ularga murabbiy biriktirish kabi vazifalarni bajarishadi. Qarovchisiz qolgan voyaga etmaganlarga vasiylik kengashlari orqali vasiy tayinlash yoki ularni mehribonlik uylariga jalb etish borasida tegishli tadbirlarni olib borishadi va zarur hujjatlarni rasmiylashtirishadi. Korxona va tashkilotlarda voyaga etmaganlarning mehnat huquqlarini himoya qilishadi. Inspektorlar maktabgacha ta’lim muassasalari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari va sport-sog‘lomlashtirish va boshqa bolalar tashkilotlari bilan hamkorlikda faoliyat ko‘rsatishadi.
Advokatlik - yuridik olamdagi ommaviy kasb. Aynan u suddagi “bosh rol”lardan birini ijro etadi - sudlanuvchilarning taqdiri hal bo‘ladigan minbarda, ularning taqdirini hal qiladigan darajada nutq so‘zlaydi. Advokat nutqining yorqinligi, jonliligi, ishonarliligi va ta’sirchanligi nafaqat uning himoyasidagi sudlanuvchining kelajagiga, balki o‘z kasbiy manfaatlariga ham juda katta ta’sir ko‘rsatadi.
Advokat - jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan inson tomonida turib “kurashadi”. Uning vazifasi va maqsadi – gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxsga qonun doirasida yordam ko‘rsatish. Agar mijozining aybdorligiga shubha bo‘lsa, advokat bor kuchini ishga solishiga to‘g‘ri keladi - sudda uning aybsizligini isbotlaydigan yangi asos va dalillarni keltirishi zarur. Agar aybdorligi aniq bo‘lsa, aniq isbot va dalillarni izlab topish orqali, jazoni imkon qadar engillatish bo‘yicha o‘z fikrini o‘tkazishi mumkin. Fuqarolik ishlarida esa mijozga o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilishda yordamlashadi.
Advokat - erkin kasb vakili, huquqiy masalalar bo‘yicha mustaqil professional maslahatchi. Agar u bir o‘zi ishlayotgan bo‘lsa, advokatlik kabinetini tuzadi; ikki yoki undan ko‘p advokatlar esa advokatlik byurolarini va yuridik maslahat markazlarini tuzishlari mumkin. Advokat ilmiy, pedagogik va ijodiy faoliyatdan tashqari biror tashkilotda xodim sifatida faoliyat yuritishi yoki davlat boshqaruvi lavozimlarida ishlashi mumkin emas.
Oliy yuridik ma’lumotga yoki yuridik ixtisoslik bo‘yicha ilmiy darajaga ega bo‘lgan har bir kishi advokat bo‘lishi mumkin. Oliy o‘quv yurtini tugatgach, mutaxassislik bo‘yicha ikki yillik ish faoliyati yoki advokat oldida stajirovka o‘tagan bo‘lishi kerak. (advokat besh yillik ish tajribasidan keyin stajyorga rahbarlik qilish huquqiga ega bo‘ladi). Stajyor mustaqil ravishda advokatlik qilishga haqi yo‘q, lekin advokatlik sirlarini saqlashga majbur.
Advokatlik siri – advokatga ishonchnoma bergan shaxs tomonidan berilgan ma’lumot. Fuqaro advokatga nima masala bo‘yicha murojaat qilishidan qat’i nazar - hal etilishi lozim bo‘lgan muammolar to‘g‘risidagi axborotlar bo‘ladimi yoki ayblanayotgan jinoiy ishga doir ma’lumotlar bo‘ladimi - boshqalarga berishga uning haqi yo‘q. Qonun bo‘yicha advokat unga mijoz tomonidan ma’lum qilingan ixtiyoriy holatlar bo‘yicha guvoh sifatida tergov qilinishi mumkin emas. U ma’lumotlarning barchasini sir saqlashi shart.
Haqiqiy advokatlik - uzoq va yuqori sifatli ta’lim, yuridik sohadagi tajriba, o‘z kasbiy darajasini yuqori ko‘tarishdagi tinimsiz mehnat, yuridik sohaning turli mutaxassislari bilan aloqa va munosabatlar. Bu - samarasi hayotdagi yutuqlarni, kasbdoshlarning hurmatini va mijozlar ishonchini ta’minlaydigan uzoq va doimiy mehnat.
“Haqiqat mash’ali ko‘pincha uni ko‘tarib ketayotgan odamning qo‘lini kuydiradi.” (P.Buast)
Notarius - notarial harakatlarni amalga oshirish uchun vakolatli lavozimdagi shaxs. Notarial harakatlarga esa hujjatlar nusxalari va ulardan olingan ko‘chirmalarning, hujjatlardagi imzolarning haqiqiyligini tasdiqlash, mulkka va merosga oid hujjatlarni rasmiylashtirish, hujjatlarning bir tildan boshqa tilga tarjimasining to‘g‘riligi va har bir mamalakatning o‘ziga xos bo‘lgan boshqa bir qator rasmiylashtirish ishlari kiradi. Notariuslar odamlarga o‘z hatti-harakatlarini yuridik jihatdan to‘g‘ri amalga oshirishlariga yordamlashish orqali ularning yaxshi huquqiy maslahatchisiga aylanishadi. Notarius insonlarning asl maqsadlarini anglay olishi va ularning har qanday nojo‘ya hatti-harakatlari huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi, ularni amalga oshirishning to‘g‘ri tartibini tushuntira olishi kerak.