1.3. Iqtisodiy jarayonlarni ilmiy bilishning uslub va usullari Uslubiyat – bu ilmiy bilishning tamoyillari tizimi, yo‘llari, qonun – qoidalari, usullari va aniq tartiblaridir. Bu obyektv voqeylikni bilish dialektikasi, mantiqi va nazariyasini o‘z ichiga oluvchi bir butun ta’limotdir. Uslubiyat umumiy tavsifga ega, lekin har bir fan o‘zining predmetidan kelib chiqib, ilmiy bilish usullariga ega bo‘ladi.
“Usul” grekchadan so‘zma – so‘z tarjima qilinganda “tadqiqot” tushunchasini anglatib, ilmiy bilishning aniq hodisalarini bildiradi.
Dialektika ilmiy bilishning umumiy usuli bo‘lib xizmat qiladi. Uning iqtisodiyot nazariyasi fanida qo‘llaniladigan asosiy qoidalari quyidagilar:
iqtisodiyot bir-biri bilan aloqada, chambarchas bog‘liqlikda, ziddiyatda bo‘lgan o‘zaro ta’sir qilib turadigan turli bo‘g‘inlardan, bo‘laklardan iborat yaxlit bir organizm deb hisoblanadi;
iqtisodiy hodisa va jarayonlarning kelib chiqishi, amal qilishi va barham topishi, uning sabablari va oqibatlari ichki aloqadorlik va bog‘liqlik tomonlarini zamon va makonda ro‘y berishi tan olinadi;
iqtisodiy jarayonlarni oddiydan murakkablikka, quyidan yuqoriga rivojlanishida deb qaraladi. Bu erda son jihatidan o‘zgarishlar to‘plana borib, sifat jihatidan o‘zgarishga olib kelishi hisobga olinadi.
Iqtisodiyot nazariyasi fanining o‘ziga xos tadqiqot usullari ham mavjud. Ulardan eng asosiylari quyidagilar:
Ilmiy abstraksiya usuli- voqea hodisalarning tahlil paytida xalal berishi mumkin bo‘lgan ikkinchi darajali belgilari e’tibordan chetlashtirilib, o‘rganilayotgan jarayonning asl mohiyatiga tegishli belgilarga e’tiborni qaratishdir.
Tahlil va sintez usuli. Tahlil – bu o‘rganilayotgan bir butunni alohida qismlarga ajratib ularning xususiyatini ochib berishdir. U ikki darajada amalga oshiriladi. Mikroiqtisodiy tahlilda iqtisodiyotning boshlang‘ich bo‘g‘ini bo‘lmish korxona va boshqa iqtisodiy sub’ektlarning yuqori pirovard natijaga erishishga qaratilgan xatti-harakati, xulqi tadqiq qilinadi.