Tayanch tushunchalar: ko’xandiz, shahriston, rabod, Termiz, Chagoniyon, Kesh, Naxshab, maqbara, masjid, karvonsaroy, madrasa, pishirilgan gisht, panjara, ganj, sirlangan sopol idish, shishasozlik, savdo, epigrafik naqshlar, kufiy xat.
O‘rta asrlarda er egaligi munosabatlarning shakllanishi jamiyatga tubdan o‘zgarishlar olib keldi. O‘zbekiston tarixida o‘rta asrlar milodiy V asrdan XIX asrgacha davom qilgan. Taraqqiyoti jihatidan esa, 3 ta bosqichga bo‘linadi:
1 bosqich – ilk o‘rta asrlar davri bo‘lib, milodning V asrdan VIII asrgacha davom etgan.
2 bosqich – rivojlangan o‘rta asrlar davri bo‘lib, IX asrdan XVII asrgacha davom etgan.
3 bosqich – so‘nggi o‘rta asrlar davri bo‘lib, XVII asrdan XIX asrgacha davom etgan.
Ilk o‘rta asrlar davri madaniyati. Ilk o‘rta asrlarda dehqonchilikning rivojlanishi O‘zbekistonning ko‘plab yangi xududlarni o‘zlashtirishga imkon berdi va axolining ko‘p qismini yirik er egalari atrofida to‘pladi. U erlarda ko‘plab qishloqlar bunyod qilindi. Yirik er egalari – dehqonlar ko‘shklarda iste’qomat qildilar. Bu yangi davrning yangi me’moriy binosi edi. Bugungi kunda ko‘shklarning xarobalari butun O‘zbekiston bo‘ylab, tuproq–tepaliklar tarzida uchraydi. Er egaligi ko‘shklari ko‘pincha to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida, baland tepalik ustiga qurilib, atrofi xandak bilan o‘ralgan va mustahkam mudofaa devoriga ega bo‘lgan. Ko‘shk bitta er egaligi oila yashashiga moslab qurilgan, u alohida suv bilan ta’minlangan. Ko‘shk xom g‘isht, paxsa, yog‘och va tog‘ toshlardan qurilgan. Xonalarning devorlari mayin somonsuvoq va maxsus ganch bilan sayqallangan.
Ilk o‘rta asrlarda hunarmandchilik va savdo aloqalari rivojlandi. Bu o‘z navbatida qadimiy shaxarlarning yanada taraqqiy etishiga va yangi shaxarlarning bunyod etilishiga imkon yaratdi.
Ilk o‘rta asrlardagi shaxarlar yozma manbalarda 3 qismdan iborat deb berilgan bo‘lsada, arxeologik tadqiqotlar ularning 2 qismdan ark va shahristondan iborat ekanligini qo‘rsatgan.
Ark barcha shaharlarda o‘zning muxtashamligi bilan ajralib turgan. Odatda arklar tuproq va loydan shibbalab bunyod etilgan tepaliklar ustiga qurilgan. Atrofi mudofaa inshooti sifatida chuqur chohlar bilan o‘rab olingan. So‘ng mustahkam poydevor ustiga xom g‘isht va paxsadan qasr qurilgan. Turar joy binolari esa, katta kvadrat tarzidagi xonadan va uning atrofi uzunchoq va to‘rtburchak xonalardan iborat bo‘lgan. Kvadrat xonalar gumbaz bilan yopilgan, Katta xonaning o‘rtasida to‘rtta ustun joylashtirilib, yog‘och to‘sinlar bilan yopilgan. Uning markazi esa to‘rtburchak shaklida ochiq qoldirilgan. Tadqiqotchilar fikricha, bu katta xonalar mehmonxona va hovli rolini bajargan.
Ilk o‘rta asrlarda shahar hunarmandchiligi keng rivojlangan. Samarqand, Buxoro, Poykent, Choch va janubiy So‘g‘d shaharlari o‘sha kezlardayoq yirik savdo-sotiq markazlari hisoblangan. Bu shaharlarda hunarmandchilikning kulolchilik, shishasozlik, metallurgiya va to‘qimachilik sohalari yuksak darajada rivojlangan bo‘lib, ular ko‘p hollarda tashqi savdo uchun mahsulot chiqarganlar.
Ilk o‘rta asrlarda to‘qmachilik O‘rta Osiyo hunarmandchiligining ustivor yo‘nalishiga aylandi. Ayniqsa ipak mahsulotlariga talab katta bo‘lgan. Arxeologik materiallarning guvohlik berishicha, ipak qurtini boqish Qadimgi Baqtriyada bronza davridan ma’lum bo‘lgan. Antik davri va ilk o‘rta asrlarga kelib, ipakchilik bilan shug‘ullanish So‘g‘diyona va Farg‘ona vodiysiga ham keng yoyilgan va ipak ishlab chiqarish dehqon xo‘jaliklarining daromadgo‘y sohalaridan biri bo‘lgan. Ipakchilikning jahonga mashhur markazlari paydo bo‘ldi. Masalan, VI-VII asrlarda shakllangan Buxoroning “zandanachi” ipak mahsulotlariga talab ipakchilikning ilk vatani Xitoyda ham katta bo‘lgan. Zandanachi ipak mahsulotlarining namunalari Afrosiyob devoriy suratlarida yaxshi saqlangan.
Ilk o‘rta asrlarda monumental san’at xuddi qadimgi davrdagidek, ikki komponentdan, tasviriy san’at va haykaltaroshlik bezaklaridan iborat edi. Agar qadimiy davr badiiy san’atida asosiy e’tibor haykaltaroshlikka qaratilgan bo‘lsa, ilk o‘rta asrlar monumental san’atning ustivor yo‘nalishi professional tasviriy san’atga qaratilgan. Shuning uchun monumental tasviriy san’at ilk o‘rta asrlar davri me’morchiligida shohona saroylar, dehqon qasrlari, zardushtiylik va buddaviylik ibodatxonalarining intererlarini bezashda keng qo‘llanilgan.
Arxeologik qazishmalar davomida ochilgan Bolaliktepa, Varaxsha, Afrosiyob, Panjikent devoriy suratlari monumental tasviriy san’at olamining nodir namunalari edi. Bu asarlarda ilk o‘rta asrlar davrining professional musavvirlari mifologik ijodiyot obrazlar va adabiy epik an’analar dunyosini tasviriy san’atda ifoda etganlar.Shuningdek, ular orqali aniq tarixiy voqealar va uzoq o‘tmishda o‘tgan ajdodlarimizning urf–odatlari, ularning axloq normalaridan tortib to xulq-atvorlarigacha, o‘sha davr ideal obrazlarida bizgacha etkazilgan. Tasviriy san’at orqali er egaligi jamiyati aristokratiyasining ichki hayoti va kundalik turmush tarzi rang barang suratlarda ochib berilgan. Masalan, Toxariston musavvirlari maktabiga mansub Bolaliktepa ( V-VI asrlar ) devoriy sur’atlarida moviy osmon fonida tasvirlangan bazm syujetida, shohona kiyimdagi erkak va ayollarning qo‘llarida oltin va kumush qadahlarni ko‘tarib turgan holatlari aks ettirilgan.
So‘g‘d musavvirlari maktabiga mansub, Varaxsha devoriy sur’atlarida (VII-VIII asrlar ) esa buxorxudodlarning jo‘shqin hayot tarzining lahzalari ya’ni saroy hayoti, ibodat va ov manzarasi tasvirlangan. Saroyning sharqiy zali janubiy devorining o‘ng tomonida qanotli tuya shaklida ishlangan taxti ravonda podshoh tasviri, devorning chap tomonida Saroy ahlining altar qarshisidagi ziyorati, saroyning qizil zal devoriy suratlarida esa fil mingan ovchi pahlavonning unga tashlanayotgan yo‘lbars bilan olishuv manzarasi tasvirlangan. Sug‘d musavvirlar maktabining yuksak professional darajasi Afrosiyob devoriy sur’atlarida o‘z aksini topdi. Samarqand ixshidi Varxumanning taxtga kelishi munosabati bilan chizilgan bu sur’atlarda mamlakatlararo diplomatik munosabatlar, diniy va dunyoviy mavzulardagi syujetlar va o‘sha davr madaniy hayoti aniq tasvirlangan.
Ilk o‘rta asrlarda monumental san’atning tasviriy va haykaltaroshlik yo‘nalishlari o‘zining omuxtalashgan to‘liq ifodasini buddaviylik san’atida topdi. Buning yorqin namunasini Quva ibodatxonasi Budda haykallari misolida ko‘rish mumkin. Bu qadimgi Farg‘ona haykaltaroshlik maktabining mahsuli bo‘lib, uning shaklanishida hind ikonografiyasi bilan mahalliy, ilohiy sanamlari o‘z aksini topgan. Masalan, Quva markaziy haykalining qotib qolgan xitoy bashara but qiyofasida berilishi va uni badisatvalar, farishta va jinlar hamkorligida tasvirlanishi Farg‘ona haykaltaroshlik maktabiga xos badiiy san’at namunasi edi.
Amaliy haykaltaroshlik san’atining yorqin namunalari milodiy IV-V asrlarga oid Toharistonning Kuyovqo‘rg‘on qal’a qo‘rg‘onidan topildi. Kuyavqo‘rg‘on haykallari ziynatli bezaklarga boy engil kiyimlardagi erkak va ayol personajlaridan iborat bo‘lib, ular timsolida Bolaliktepa rasmlaridagidek, buddaviylik ikonagrafiya an’analari o‘z aksini topgan.
Ilk o‘rta asrlar davri monumental me’morchiligida noyob ganch naqshinkorligi keng qo‘llanilgan. Unda antik davr an’analari umuman uchramaydi, balki o‘z zamonasiga xos yangi uslubiy yo‘nalishi shaklangan. Buni Afrosiyob, Varaxsha va Dumaloqtepa (Toxariston ) qasr bezaklarida uchratish mumkin.
Monumental san’at bilan birgalikda ilk o‘rta asrlarda amaliy san’atning barcha yo‘nalishlari rivojlanadi. Ular shaharlaring rivojlanishi va shahar hunarmandchiligining taraqqiyoti bilan uzviy bog‘langan edi. Oltin va kumushdan har xil idishlar yasash ko‘lami kengayadi. Ayniqsa bu masalada Xorazm maktabi, Toxariston va So‘g‘d ustalari katta yutuqlarga erishadilar. Madaniyat va siyosatda takomillashuv yuz berdi. Qurilish va tasviriy san`atdagi takomillashuv kuchaydi. Ilm-fan va ta`limotlar yo`nalishining o`sishi, shuningdek rivoj topishidagi o`zgarishlar yuz berdi.. Arxeologik qazish materiallari va tasviriy san’at asarlari ilk o’rta asrlar davrida zargarlik va tosh o‘ymakorlik san’ati qanchalar yuksak darajada rivojlanganligi haqida guvohlik beradi. V-VI asrlarda oliy nasabli mulk egalarining shaxsiy muhri sifatida qimmatbaho tosh-serdolikdan gemma-intaliyalar yasash davom etadi. Demak ta’kidlash joizki, o‘sib borayotgan mulkdorlar sinfining iqdisodiy imkoniyatlaridan nafaqat ular qurdirgan mahobatli qasr va qo‘rg‘onlar, ularni bezab turgan monumental devoriy sur’atlar, balki devoriy rasmlar kompozitsion syujetining tarkibiy qismi sifatida uchraydigan qimmatbaho tosh ko‘zli oltin va kumush bo‘yin xalqalari, bilakuzuk, isirg‘a, uzuk va tumor aks sadolari ham guvohlik berardi.
Ilk o‘rta asrlar madaniyatida etnik va ilohiy ma’no kasb etgan sanamlar yasash va ularga oilaviy sig‘inish ob’ektlari sifatida e’tiqod qilish keng tus olgan. Ular nafaqat Baqtriya va So‘g‘dda, endi ularni Choch va Farg‘onada ham uchratish mumkin. Sopol ko‘za va tutatkich dastalarini har xil hayvonlar shaklida ishlash an’anaga aylandi. Arxeologiyada “koroplastika sanamlari” deb nom olgan badiiy san’atning yirik markazi So‘g‘diyona edi. Koroplastika sanamlari Samarqand, Rabinjon, Talibarzu, Kofirqal’a, Buxoro, Poykent va Erqo‘rg‘onda ko‘plab uchraydi. Ular oilaviy kult obrazlari, qahramonlik epos va rivoyatlarining personajlari sifatida ilk o‘rta asrlar madaniyatida keng o‘rin olgan.
Ilk o‘rta asrlarda hunarmandchilik va badiy ijodiyotning muhim tarmog‘i sifatida ossuariylar tayyorlash keng rivojlandi. Chunki zardushtiylik dinidagi ona zaminga bo‘lgan ilohiy munosabat murdalarni bevosita erga ko‘mishni taqiqlagan va ularning mayitidan tozalangan suyaklarini ossuariya deb atalgan maxsus sopol yashiklarda ko‘mishni taqozo etgan. Bu sopol yashiklarning qopqoqlari va devorlarining tashqi sirti, albatta har xil bo‘rtma naqshlar-ilohiy personajlar va me’moriy kolonnalar, daraxt va o‘simlik barglari bilan bezatilgan. Ossuariyalardagi badiiy san’atning ifodasiga ko‘ra, Xorazmda me’moriy va statuar ossuariylar, Chochda chizma naqshli yashiksimon ossuariyalar, So‘g‘da esa otashparastlik ilohiyati e’tiqodi bilan bog‘liq bo‘lgan syujetli ossuariyalar keng tarqalgan.
VII asrning ikkinchi yarmi va VIII asrning boshlarida O‘rta Osiyo hududlariga islom diniy mafkurasining kirib kelishi munosabati bilan So‘g‘diyona va Baqtriya, Xorazm va Choch hamda qadimgi Farg‘onaning yuksaklikda davom etayotgan mahalliy madaniyati rivojlanishdan to‘xtadi. Islom aqidashunosligi mahalliy muhitga majburan kiritildi, mahalliy an’anaviy badiiy madaniyat va san’at olami islomiylashdi.