3. Jamiyat mafkurasining inson manfaatlarini ifoda etishi Milliy istiqlol g‘oyasi O‘zbekistonda yashovchi barcha millat va elat vakillarining tub manfaatlarini, xalqimizning asrlar mobaynida intilib kelgan orzu-ideallarini, olijanob maqsad-muddaolarini o‘zida mujassam etadi. Shu ma'noda, «O‘zbekiston jamiyatining milliy istiqlol mafkurasi, o‘z mohiyatiga ko‘ra, xalqimizning asosiy maqsad-muddaolarini ifodalay-digan, uning o‘tmishi va kelajagini bir-biri bilan bog‘laydigan asriy orzu-istaklarni amalga oshirishga xizmat qiladigan g‘oyalar tizimidir».
Jamiyat mafkurasi - har bir kishining jamiyat hayotidagi faoliyati, yurti, millati, o‘zi va oilasi oldidagi burch va mas'uliyatini qay darajada his etayotgani va bajarayotganini belgilaydigan ma'naviy mezon hamdir.
Milliy istiqlol mafkurasi keng xalq ommasining manfaatlarini, maqsad va ideallarini ifoda etadi. «Milliy istiqlol mafkurasi, o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra, O‘zbekistonning ijtimoiy taraqqiyotiga xizmat qiladi, barcha siyosiy partiyalar, guruh va qatlamlarning - butun xalqi-mizning umumiy manfaatlarini ifodalaydi».
Manfaatlar nimalardan iborat? Ular, birinchidan, mamlakatning hududiy yaxlitligi va mustaqilligini saqlash, chegaralarimiz butunligi va daxlsizligini qo‘riqlash. Buni yurtimizning fazo va vaqtdagi yaxlitligini ta'minlovchi manfaat deb atash mumkin. Ikkinchidan, yurtning tinchligi va osoyishtaligi, ya'ni davlatimizning harbiy, iqtisodiy (energetik), ekologik, informatsion va g‘oyaviy tahdidlardan muhofazalanganligi. Bu yurtning barqarorligini ta'minlash borasidagi eng muhim omillardandir. Uchunchidan,mamlakat fuqarolararo va millatlararo totuvlik, ijtimoiy barqarorlik muhitini ta'minlaydi. Bu jamiyatning ijtimoiy poydevorini mustahkam-lashga xizmat qiladigan manfaatdir. To‘rtinchidan, har bir oila va butun xalqning farovonligini ta'minlash, ya'ni badavlatlilik manfaati. Bu manfaat fuqarolarning jamiyatda milliy daromadga egalik qilish, uni ko‘paytirishdagi imkoniyatlari orqali ro‘yobga chiqadi. Beshinchidan, jamiyatda adolat ustuvorligi, demokratiya, o‘z-o‘zini boshqarish tamoyillari amal qilishining ta'minlanishi. Bu manfaat inson hayotining huquqiy jihatdan kafolatlanishini ifodalaydi.
Bunday manfaatlar barcha xalq va hamma davlatlar uchun birday xosdir. Bu manfaatlarning ta'minlanishi, eng avvalo, har qanday davlat mustaqilligining asosiy garovi bo‘lib, shundagina xalq o‘z kelajagiga o‘zi egalik qila oladi. Bu manfaatlar muayyan jamiyat fuqarolarining hamjihat mehnati va intilishlari tufayli ta'minlanadi.