SO’Z BOSHI Keyingi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyotining turli sohalarida, jumladan, qishloq va suv xo’jaligida yirik islohotlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizning boy tabiiy va ish kuchi zahiralaridan fan-texnikaning so’nggi yutuqlariga tayanilgan holda foydalanib, yurtimiz iqtisodiyotini va xalqimiz faravonligini yanada oshirish bugungi kunning eng dolbzarb masalasadir. Respublikamiz Prezidenti I.A.Karimov o’zining «O’zbekiston XX1 asrga intilmoqda»[1] asarida ta‘kidlaganidek, «Erishilgan yutuqlarimizni yanada rivojlantirish uchun kurashish zarurdir». Bu asarda shuningdek, iqtisodiy hayotni yanada erkinlashtirish ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va islohotlarni chuqurlashtirish borasidagi faoliyatimizning ustuvor yo’nalishi ekanligi yana bir bora ko’rsatilib o’tilgan.
Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muhim omillaridan biri qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishini rivojlangan mamlakatlar tajribasiga asoslanib tashkillashtirish va olib borishdir. Bunda yer va suv zaxiralaridan oqilona foydalanish va ularni muxofaza qilish asosiy vazifalardan biridir. Prezident I.A.Karimov aytganidek, «Qishloq xo’jaligini rivojlantirish irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarini qurish, bu tarmoqlar kimning mulki bo’ladi degan masalani hal etish bilan bog’liqdir. Yerlarning meliorativ holatiga e‘tiborni hech qachon susaytirmaslik kerak, agar biz shunday qilmasak, istiqboldan mahrum bo’lamiz»[2].
Qishloq xo’jaligidagi yutuqlarimiz bilan bir qatorda, ko’plab muammolar ham mavjudligini unutmasligimiz lozim. Ma‘lumki, respublikamizning ba‘zi hududlarida, sug’oriladigan yerlarning meliorativ holati sho’rlanish oqibatida yaroqsizlanib qolgan, yer usti va osti suvlari zaxiralari ham tobora kamayib bormoqda. Bu esa qishloq va suv xo’jaligi ob‘ektlarini kompleks omillar va talablarni inobatga olgan holda loyihalash, barpo etish va ulardan oqilona foydalanishni talab etadi[3].
Mamlakatimizning qishloq xo’jalik ishlab chiqarishi ma‘lumki, asosan sug’oriladigan dehqonchilikga asoslangandir. Shu sababli meliorativ tizimlar ob‘ektlarini, jumladan gidrotexnika inshootlari va nasos stantsiyalarini qurish, qayta ta‘mirlash va ulardan samarali foydalanish bilan bog’liq ishlarni doimiy ravishda takomillashtirib va rivojlantirib borish taqoza etiladi. Bunda inshootlarni barpo etish va ulardan foydalanishga sarflanadigan mablag’lardan samarali foydalanish va qurilish muddatini imkon darajasida qisqartirishga asosiy e‘tiborni qaratish kerak.
Gidrotexnika inshootlari va nasos stantsiyalarini qurish va ulardan foydalanish bo’yicha yurtimiz gidrotexniklari ancha boy tajribaga egadirlar. Gidrotexnika inshootlari va nasos stantsiyalari asosan sug’oriladigan yer maydonlarini va xalq xo’jaligining boshqa sohalarini suv bilan ta‘minlash vazifasini bajaradilar.
Meliorativ tizimlar tarkibida xilma-xil vazifalarni bajaruvchi gidrotexnika inshootlari barpo etiladi. Ularning tuzilish parametrlari qurilish joyining geologik va gidrogeologik shart sharoitlari, qurilish hududining iqlimi, inshoot tasarrufidagi suv o’zanining o’lchamlari va shunga o’xshash boshqa ko’rsatkichlar asosida maxsus injenerlik hisoblari bo’yicha tanlanadi. Har qanday gidrotexnika inshooti unga qo’yiladigan texnik, funktsional, iqtisodiy talablardan tashqari badiiy-me‘morchilik talablariga ham javob berishi lozim[13, 14].
Ma‘lumki, meliorativ tizimlardagi gidrotexnika inshootlari va nasos stantsiyalari qurilishidagi ishlarning asosiy salmog’i zamin va poydevorlarni barpo etishga to’g’ri keladi. Shu sababli, «Gidrotexnika inshootlari va nasos stantsiyalaridan foydalanish» yo’nalishi bo’yicha ixtisoslikni egallaydigan kadrlar gruntshunoslik va poydevorsozlik sohalari bo’yicha yetarli darajadagi bilim va ko’nikmalarga ega bo’lishlari lozim.
Har qanday injenerlik inshooti mustahkam va ustivor bo’lishi, shuningdek deformatsiyalar bo’yicha unga qo’yiladigan talablarga javob berishi lozim. Turli zamin sharoitlarida bunday talablarni ta‘minlash qoidalarini o’rganish bilan «Gruntlar mexanikasi, zamin va poydevorlar» fani shug’ullanadi.
Talabalarni gruntshunoslik va poydevorsozlik sohasidagi injenerlik vazifalarini yechishning zamonaviy qoidalari bilan yaqindan tanishtirish, ularda fan bo’yicha yetarli darajadagi bilim va ko’nikmalarni shakllantirish «Gruntlar mexanikasi, zamin va poydevorlar» fanini o’rganishning asosiy maqsadi hisoblanadi.
Fanni o’rganishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
1.Gruntlar haqida asosiy ma‘lumotlar, gruntlarning fizikaviy, fizikaviy-kimyoviy va mexanik xossalari hamda ularning ko’rsatkichlarini aniqlash usullari bilan tanishish.
2.Zamin gruntida uyg’otiladigan kuchlanishlar va ularni aniqlash usullarini o’rganish, zamindagi kuchlanish-deformatsiya holati bosqichlari bo’yicha ma‘lumotlarga ega bo’lish.
3.Zamin va poydevorlarni chegaraviy holatlar bo’yicha hisoblashning asosiy qoidalari, poydevorlarning turlari, ularning qo’llanilish sohalari hamda zamin va poydevorlarni loyihalash tartiblari bilan yaqindan tanishish.
4.Zamin gruntlarini sun‘iy kuchaytirish usullari va maxsus sharoitlarda poydevorlarni barpo etish qoidalari haqida puxta bilimlarga ega bo’lish.
«Gruntlar mexanikasi, zamin va poydevorlar» fani shartli ravishda ikki qismga bo’lib o’rganiladi. Fanning «Gruntlar mexanikasi» deb ataladigan birinchi qismida gruntlarning turlari, tarkibi, xossalari, kuchlanish-deformatsiya holatlari va ustivorlik shartlari, «Zamin va poydevorlar» deb ataladigan ikkinchi qismida esa turli xil grunt sharoitlarida barpo etiladigan poydevorlarni loyihalash masalalari ko’rib chiqiladi.
«Gruntlar mexanikasi, zamin va poydevorlar» kursini mukammal o’zlashtirishlari uchun, talabalar quyidagi fanlar bo’yicha talablar darajasidagi bilim va ko’nikmalarga ega bo’lishlari kerak:
1.Fizika (mexanika bo’limi);
2.Umumiy kimyo (dispers tizimlar va kolloidlar bo’limlari);
3.Nazariy mexanika
4.Injenerlik geologiyasi
5.Qurilish materiallari
6.Materiallar qarshiligi
Gidrotexnika inshootlari va nasos stantsiyalarining zamin va poydevorlari fanning asosiy qoidalari va talablari bo’yicha loyihalanadi. Fanning rivojlanishi jarayonida, shuningdek qurilish ishlab chiqarishi amaliyotining ham muhim o’rni bor, chunki fanning ko’plab qoidalari amaliyot natijalari asosida takomillashtirilib boriladi.