3.2. Markaziy nerv sistemasi Markaziy nerv sistemasi bosh miya bilan orqa miyadan tarkib topgan. Orqa miya umurtqa pog’onasining kanalida joylashgan bo’lib, nerv to’qimasidan tuzilgan va shaklan go’yo yo’g’on chilvirga o’xshaydi. Orqa miya uzunasiga ketgan ikkita egat bilan ikki qismga: o’ng va chap qismlarga bo’linadi. Orqa miyaning atrof-chekkasida oq modda (nerv tolalarining to’plami), o’rtasida esa kul rang modda (nerv hujayralarining to’plami) joylashganligini orqa miyaning ko’ndalang kesigidan ko’rish mumkin. Kul rang modda kesigi shaklan kapalakka o’xshaydi. Orqa miya oldingi qismlari oldingi ildizchalar, orqadagi qismlari orqadagi ildizchalar, deb ataladi.
Orqa miyada nerv tutam bo’lib joylashgan, qo’zg’alish periferiyadagi nerv uchlaridan, skelet muskullari, teri, shiliq pardalardagi nerv uchlaridan shu nerv tolalarning tutamlari orqali nerv impulslari shaklida bosh miyaga yetib boradi va bosh miyadan periferiyaga keladi. Nerv tolalarining ana shu tutamlari o’tkazuvchi yo’llar deb ataladi.
Orqa miya ongli psixik jarayonlarning bevosita markazi bo’lmay, balki ongsiz reflektor harakatlarni idora etadigan markazdir. U tana va qo’l-oyoq muskullarini, ko’z muskullarini idora qiladi, shuningdek, organizmda bo’ladigan bir qancha fiziologik jarayonlarni, ya’ni tomir harakatlari, ter chiqarish va boshqa shu kabi fiziologik jarayonlarni ham idora etadigan markazdir. Ana shu markazlardan bir qismi vegetativ nerv sistemasiga taalluqlidir.