1. O‘zbekiston mustaqillikka erishishi bilan sug‘urta sohasida ro‘y bergan o‘zgarishlar



Yüklə 20,62 Kb.
səhifə1/3
tarix27.03.2023
ölçüsü20,62 Kb.
#90396
  1   2   3
Sug`urta !


MUSTAQILLIK YILLARI O‘ZBEKISTONDA SUG‘URTANI RIVOJLANISH BOSQICHLARI
Reja:
1. O‘zbekiston mustaqillikka erishishi bilan sug‘urta sohasida ro‘y bergan o‘zgarishlar
2. Sug‘urta sohasida olib borilayotgan islohotlar
3. Tayanch iboralar
1. O‘zbekiston mustaqillikka erishishi bilan sug‘urta sohasida ro‘y bergan o‘zgarishlaR
1991-yilning noyabr oyida «Mol-mulklarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida» qonunning qabul qilinishi bilan O‘zbekiston Respublikasida keng miqyosda davlatga tegishli bo‘lgan korxonalarni ijaraga topshirish, ularni aksionerlik jamiyatlariga aylantirish jarayoni boshlandi. Iqtisodiy islohotlar kuchli ijtimoiy siyosatni uyg‘unlashtirish orqali bosqichma-bosqich amalga oshirildi.
Xususiylashtirishning birinchi bosqichida, ya’ni 1992-1993-yillarda, davlatga qarashli kichik korxonalar va uy-joy fondi eng kam narhlarda, asosan, korxonaning xodimlariga sotildi. Bu davrda 54000 korxona xususiylashtirildi, 18000 dan ortiq oilaviy korxonalar va 26000 ta aksionerlik jamiyati tashkil etildi. Shuningdek, mazkur bosqichda 700 dan ortiq davlat qishloq xo‘jaligi korxonalari jamoa va ijara xo‘jaliklariga aylantirildi.
Ma’lumki, ilgari hamma korxonalar davlatning ixtiyorida bo‘lganligi tufayli, ularni har xil noxush hodisalardan sug‘urta qilishga ehtiyoj bo‘lmagan. Sababi, ushbu korxonalarga sug‘urta hodisalari natijasida zarar yetkazilsa, bu zararlar davlat mablag‘lari hisobidan bemalol qoplanaverar edi. Ammo, yuqorida ta’kidlaganimizdek, mol-mulklarni davlat ixtiyoridan chiqarish va xususiylashtirish natijasida nodavlat sektorida o‘n minglab korxonalarni paydo bo‘lishi, o‘z-o‘zidan, sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan talabni sezilarli ravishda oshirdi. Negaki, ilgarigi tajribadan farqli o‘laroq, nodavlat sektoridagi korxonalar stixiyali hodisalar tufayli zarar ko‘rganda, bu zararlar davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanmaydi.
Yuqorida bayon etilganlarga qo‘shimcha ravishda ta’kidlash lozimki, amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar sug‘urta tizimini tubdan o‘zgartirib yubordi. Davlat sug‘urta tashkilotlariga raqobatbardosh xususiy sektorda mustaqil sug‘urta kompaniyalari vujudga kela boshladi. Bu shubhasiz, ularning faoliyatini tartibga soladigan maxsus qonun qabul qilishni talab etdi. 1993-yilning 6 mayida O‘zbekiston Republikasi Oliy Kengashi (hozirgi Oliy Majlis) “Sug‘urta to‘g‘risida» qonun qabul qildi. Ushbu qonun sug‘urtani rivojlantirishning, sug‘urta bozorini shakllantirishning huquqiy asoslarini, respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda sug‘urtaning mavqei va o‘rnini belgilab berdi, fuqarolar va yuridik shaxslarning sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan talablari to‘liqroq qondirilishini kafolatladi, sug‘urta munosabatlari barcha ishtirokchilarining manfaatlari himoya qilinishi va majburiyatlariga rioya etilishini ta’minladi. Shunisi diqqatga sazovarki, mazkur qonunda davlat sug‘urtasining monopoliyasiga barham berildi. Boshqacha so‘z bilan ifodalaganda, davlat sug‘urta tashkilotlari va nodavlat sug‘urta tashkilotlari uchun teng sharoitlar yaratildi.
1992-1994-yillarda iqtisodiyotning barcha bo‘g‘inlarida monopoliyaga barham berilish va xususiylashtirish jarayoni kuchayishiga qaramasdan, O‘zbekiston sug‘urta bozorida davlat sug‘urta muassasalarining ustunligi saqlanib qoldi. Mamlakatning shahar va qishloq joylaridagi asosiy sug‘urta operatsiyalari O‘zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi huzuridagi davlat sug‘urta Bosh boshqarmasi va uning joylardagi bo‘linmalari tomonidan amalga oshirildi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 1992-yilda davlat sug‘urta tashkilotlari tomonidan jami 2415,1 mln. rubl miqdorida sug‘urta badallari yig‘ib olingan. Bu ko‘rsatkich 1991-yilda yig‘ib olingan sug‘urta badallaridan uch marta ko‘pdir. Agar, ushbu davrda sug‘urta badallari tarkibini chuqurroq tahlil qiladigan bo‘lsak, umumiy hajmda shaxsiy sug‘urtaning ulushi kam ekanligini ko‘ramiz. Xususan, 1991-yilda sug‘urta badallarining umumiy hajmida shaxsiy sug‘urtaning ulushi 38,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 1992-yilda bu ko‘rsatkich – 16,2 foizni tashkil etdi. Buning asosiy sababi, pulning qadrsizlanishi va o‘sha paytda ijtimoiy- iqtisodiy hayotda ro‘y bergan tangliklar bilan bog‘liqdir. Shaxsiy sug‘urta turi bo‘yicha 1990-yilda 6915,9 ming shartnomalar tuzilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 1992-yilda 2624,0 mingni tashkil etdi yoki shartnomalar soni 2,6 martaga kamaydi.
Shuni alohida ta’kidlash zarurki, yuridik shaxslarning mol-mulkini ixtiyoriy sug‘urta qilish iqtisodiy nuqtai-nazardan samarali hisoblanadi. Chunki, iqtisodiy islohotlarning mohiyati ham ko‘proq korxonalarni moliyaviy barqarorligini ta’minlashga qaratilgan o‘zaro bog‘langan chora-tadbirlar majmuasini amalga oshirish bilan chambarchas bog‘liq. Bunday chora-tadbirlardan biri korxonalarni mol-mulkini ixtiyoriy sug‘urta qilishdir. 1992-yil statistik ma’lumotlariga ko‘ra, davlat sug‘urta organlari tomonidan yig‘ib olingan jami sug‘urta badallari hajmida mol-mulk sug‘urtasining ulushi keskin kamayib ketdi.
1992-1994 va undan keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasida majburiy sug‘urta qilish bilan bog‘liq operatsiyalarni o‘tkazish faqat davlat sug‘urta tashkilotlari tomonidan amalga oshirildi. Bunday sug‘urta turlariga qishloq xo‘jalik mol-mulkini sug‘urtasi, fuqarolarni mol-mulkini sug‘urtasi va yo‘lovchilarni baxtsiz hodisalardan majburiy sug‘urta qilishni o‘z ichiga olgan edi. Shu yerda ta’kidlash zarurki, 1991-yilning 1 yanvaridan sobiq ittifoq hududida qishloq xo‘jaligi korxonalari mol-mulkini majburiy sug‘urta qilish bekor qilingan edi. Ammo, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotining muhim tarmog‘i hisoblangani uchun, bu tarmoqqa qarashli mol-mulklarni sug‘urta qilish ishlari uzluksiz davom ettirildi. 1993-yilning oxirida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, qishloq xo‘jaligi korxonalari mol-mulkini majburiy sug‘urta qilish joriy etildi.
1992-yil boshlarida O‘zbekistonda nodavlat sektorida o‘nga yaqin sug‘urta kompaniyalari faoliyat ko‘rsatdi. Ular, davlat sug‘urta tashkilotlaridan farqli o‘laroq, amaldagi sug‘urta qilish qoidalarini ancha takomillashtirdilar. Jumladan, sug‘urta badali stavkasini kamaytirgan holda sug‘urta javobgarligi hajmini kengaytirdilar. 1992-yil davomida mamlakatda «Umid» qo‘shma sug‘urta kompaniyasi, «Inobat», «Ishonch», «Temir yo‘lchi» kabi bir qator nodavlat sug‘urta tashkilotlari turli xil sug‘urta operatsiyalarini amalga oshirdilar.
1993-1994-yillar davomida sug‘urta sohasida monopoliyadan chiqarilish jarayoni bir muncha tezlashdi. 1994-yil oxirlarida mamlakat nodavlat sektorida 60 dan ortiq sug‘urta tashkilotlari faoliyat ko‘rsata boshladi. 1993-yilda davlat sug‘urta tashkilotilari tomonidan jami 26892,8 mln. rubl miqdorida sug‘urta badallari yig‘ib olingan va uning qariyb 81,3 foizi majburiy sug‘urta turlaridan kelib tushgan. Aniqroq qilib ta’kidlaydigan bo‘lsak, ushbu kelib tushgan majburiy sug‘urta badallarining 79,4 foizi yoki 21,4 mlrd. rubli qishloq xo‘jalik korxonalarining mol-mulkini sug‘urta qilishdan kelib tushgan. Mol-mulklarni ixtiyoriy sug‘urta qilish va shaxsiy sug‘urta turlari bo‘yicha kelib tushgan badallar umumiy sug‘urta tushumlarida tegishli ravishda 7,3 va 9,4 foizlarni tashkil etdi.
Ma’lumotlarga qaraganda, 1993-yilda davlat sug‘urta muassasalari 12,8 mlrd. rublni bevosita sug‘urta hodisalari tufayli ko‘rilgan zararlarni qoplashga sarfladi. 1994-yilning 1 iyulida Moliya Vazirligi huzuridagi davlat sug‘urta Bosh boshqarmasi fuqarolar tomorqalaridagi qishloq xo‘jaligi ekinlari va ko‘p yillik dov-daraxtlarni ixtiyoriy sug‘urta qilish qoidalarini tasdiqladi. Bu qoidalarga ko‘ra, kartoshka, sabzovat, poliz ekinlari, ko‘chatlar, tomorqada o‘stirilayotgan mevali, rezavor hamda boshqa ko‘p yillik daraxt, buta – o‘simliklar ixtiyoriy sug‘urtaga olindi. Sug‘urta badallarining stavkalari qishloq xo‘jaligi ekinlari turlariga qarab belgilandi. Masalan, bir yillik va ko‘p yillik ekilgan o‘tlar uchun sug‘urta badalining stavkasi sug‘urta summasiga nisbatan 7 foiz miqdorida belgilandi.
1993-1994-yillarda nodavlat sug‘urta tashkilotlari ichida eng ko‘p sug‘urta operatsiyalarini amalga oshirgan hamda eng dastlabki nodavlat sektoridagi sug‘urta kompanyalaridan biri – «ARK sug‘urta guruhi»dir. Bu kompaniya ilk marta 1991-yilning 21 fevralida «ASTROVAZ» nomi bilan rossiyalik hamkorlar yordamida tashkil etildi. 1992-yilning yanvar oyida Rossiyalik hamkorlar ta’sischilar safidan chiqarildi. Shu yilning 24 iyunida «ASTROVAZ» yopiq turdagi aksionerlik jamiyatiga aylantirildi. 1993-yilning mart oyidan boshlab bu tashkilot «ARK sug‘urta guruhi» deb atala boshlandi. U, asosan, O‘zbekiston hududida akkreditatsiya qilingan chet davlatlar vakolatxonalari, elchixonalarining mol-mulkini sug‘urtalash bilan shug‘ullangan.
«ARK sug‘urta guruhi» bilan bir qatorda 1992-1994-yillarda «Umid» osiyo sug‘urta kompaniyasi ham nisbatan faol sug‘urta qilish ishlarini amalga oshirdilar. Bu kompaniyaning asosiy ta’sischilari O‘zbekiston Respublikasi hom-ashyo birjasi va Pokiston Islom Respublikasidan bo‘lgan hamkorlardir. Ushbu kompaniya dastlab, eksport-import yuklarini, transport vositalarini sug‘urtalashga ixtisoslashdi. Keyinchalik «Umid» osiyo sug‘urta kompaniyasi tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlarni o‘z vaqtida qarz oluvchilar tomonidan qaytarib bera olmaslik tavakkalchiligini sug‘urta qila boshladi. Hozirgi paytda «Umid» sug‘urta kompaniyasi o‘z faoliyatini to‘xtatgan.
Yuqorida bayon etilganlar shundan dalolat beradiki, O‘zbekiston sug‘urta bozorida davlat sug‘urta tashkilotlari bilan bir qatorda xususiy, aksionerlik va boshqa mulk shaklidagi sug‘urta kompaniyalari ham raqobat asosida faoliyat ko‘rsatishlari mumkin.

Yüklə 20,62 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin