Kirish Eron Islom Respublikasi (forscha: جمهوری اسلامی ایران - Jomhuri ye Eslāmi ye Irān), qisqacha Eron (forscha: ایران - Irān) — Gʻarbiy Osiyodagi mamlakat. Poytaxti — Tehron shahri. Maydoni 1 648, 95 km², aholisi soni 86 835 152 kishi (2023). Pul birligi — Eron riali. Maʼmuriy jihatdan 31 ta ustonga boʻlinadi. Yirik shaharlari: Mashhad, Karaj, Tabriz, Sheroz, Isfahon, Ahvoz.
Gʻarbdan Iroq (Kurdiston viloyati), shimoli-sharqdan Armaniston, Ozarbayjon va Turkiya bilan, shimoldan Turkmaniston, sharqdan Afgʻoniston va Pokiston bilan chegaradosh. Eron hududi shimol tomondan Kaspiy dengizi, janubdan Hind okeanining Fors va Ummon koʻrfazlari bilan yuviladi. Eron qadimiy qoʻlyozmalarga koʻra qariyb besh ming yillik boy tarixga ega. Ushbu mamlakat hududidagi ilk davlat — Elam, eramizdan avvalgi 3-mingyillikda Eronning hozirgi Xuziston ustoni hududida vujudga kelgan.
Amaldagi konstitutsiyasi 1979-yil 2—5-dekabrdagi referendumda tasdiqlangan, keyinchalik tuzatishlar kiritilgan. Konstitutsiya boʻyicha davlatning oliy rasmiy shaxsi — Eron Islom Respublikasi Rahbari (1989-yildan Said Ali Xomanaiy). Undan keyingi oliy rasmiy shaxs — prezident (2021-yildan Ibrohim Raisiy[1]). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Islomiy Kengash majlisi (parlament), ijroiya hokimiyatni prezident va hukumat amalga oshiradi. Eron bolalarni qatl qilish bo'yicha dunyoda birinchi o'rinda turadi.
Respublikasining amaldagi konstitutsiyasi 1979-yilning 2-5-dekabr kunlari oʻtkazilgan umumxalq referendum natijalaridan soʻng qabul qilingan. Keyinroq baʼzi oʻzgartirishlar kiritilgan. Rasman Eron — islom respublikasidir. Ushbu mamlakat hozirda dunyoda juda oz boʻlgan teokratik davlatlardan biri.
Mamlakat konstitutsiyasiga koʻra, davlatning oliy rasmiy shaxsi — Eron Islom Respublikasi Oliy Rahbaridir. Oliy Rahbar mamlakatning umumiy siyosatini va boshqa jabhalarini nazorat qiladi. Shuningdek, aynan Oliy Rahbar mamlakat qurolli kuchlarining bosh qoʻmondoni, harbiy razvedka rahbari. Oliy Rahbar mulozimlarni davlatning baʼzi yuqori lavozimlariga tayinlaydi va vazifasidan ozod qiladi. Bular: Oliy sudlar raislarini, politsiya rahbarini, barcha turdagi qurolli kuchlar qoʻmondonlarini, shunigdek 12 nafar Konstitutsiya qoʻriqchilari kengashidan 6 nafarini. Oliy Rahbar Ekspertlar kengashi tomonidan saylanadi va ushbu kengashga hisobot beradi. 1979-yilning 3-dekabridan 1989-yilning 3-iyunigacha Eron Oliy Rahbari Ruhulloh Xumayniy edi. Uning vafotidan soʻng ushbu lavozimga oʻsha yilning 4-iyun kunidan Ali Xomanaiy tayinladni va U hozirda Eronning amaldagi Oliy Rahbaridir.
Mamlakatda ikkinchi rasmiy oliy shaxs — Eron Islom Respublikasi Prezidentidir. Prezident mamlakat konstitutsiyasi garanti, hukumat boshidir. Prezident qarorlari Oliy Rahbar tasdigʻidan oʻtganidan soʻng qabul qilinadi. Eron prezidenti Vazirlar kengashi aʼzolarini tayinlaydi, mamlakat hukumatini nazorat qiladi. Mamlakat prezidenti saylovi mamlakatning 18 yoshga toʻlgan fuqarolari umumiy, teng va toʻgʻridan-toʻgʻri umumxalq saylov huquqi asosida yashirin ovoz berishi yoʻli bilan oʻtkaziladi va 4 yil muddatga saylanadi. Bir prezident vakolati ikki muddatdan, yaʼni 8 yildan koʻproq boʻlishi mamlakat konstitutsiyasi tomonidan cheklangan.
Eron Old Osiyo togʻligi mintaqasining sharqiy qismida joylashgan va Eron togʻligining gʻarbiy qismini egallagan. Eron shimolda Kaspiy dengiziga tutash, janubda Fors va Ummon qoʻltiqlari bilan oʻralgan (ushbu qoʻltiqlardagi Keshm, Xoʻrmuz, Xark va boshqalar orollar Eronga tegishli). Sohillari pasttekislik, ayrim joylari mangra chakalakzorlari bilan qoplangan. Yer yuzasining yarmidan koʻprogʻi togʻli. Mamlakat hududining chekkalarida Shimoliy Eron, Sharqiy Eron va Janubiy Eron togʻlari joylashgan. Eron togʻlari orasida Elburs togʻlari (Damovand choʻqqisi Eronning eng baland nuqtasidir, 5604 m) va Turkmaniston Xuroson togʻlari alohida ajralib turadi. Eronning janubiy gʻarbida Zagros togʻ tizmasi joylashgan. Chekka tizmalar oralarida 1000–2000 m balandlikdagi yassitogʻliklar bor. Eronning gʻarbida, Armaniston togʻligida soʻngan vulkanlar, ichki yassitogʻliklarda choʻl va landshaftli botiqlar mavjud. Eronning janubiy sohilini Garmsar tekisligi egallagan. Eron neft va gaz zaxiralariga boy. Toshkoʻmir, temir va xrom rudalari, noyob elementlar, polimetall va mis rudalari, boksit, oltingugurt, surma, barit, tuz konlari va boshqalar bor. Iqlimi. Eron hududining katta qismida suptropik, kontinental, Fors va Ummon qoʻltiqlari sohillarida tropik iqlim; yozi issiq, qishi shimolda sovuq, janubda iliq. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi Tehronda 2’, Jasq shahri (Ummon qoʻltigʻi sohilida)da 19°; iyulniki xuddi shu joylarda 29 va 32°. Oʻrtacha yillik yogʻin 500 mm dan kam, faqat Elburs togʻlari yon bagʻirlarida 2000 mm gacha, Seyiston botigʻida 5060 mm. Eronda daryo kam. Yirik daryolari: Qorun, Safedrud, Atrek, Araks, Hilmand, Shatt ul-Arab. Faqat Qorun daryosida kema qatnaydi. Togʻ oraligʻidagi botiqlarda oqmas koʻllar (Urmiya, Daryochai Namak va boshqalar) bor. Togʻ oldi tekisliklaridagi boʻz tuproqlarda choʻl oʻsimliklari, togʻlardagi qoʻngʻir tuproqlarda dasht oʻsimliklari oʻsadi. Pastliklar shoʻrxok. Elburs togʻlarining shimoliy yon bagʻri keng bargli oʻrmon bilan qoplangan. Eronning janubidagi qizil tuproqlarda savanna turidagi oʻsimliklar oʻsadi. Daryo vodiylari oʻtloq, tuprogʻi allyuvial. Eronning hayvonot dunyosi xilma-xil. Togʻlarda quyon, chiyaboʻri, togʻ echkisi, yoʻlbars, qoplon, jayra, vodiylarda tulki, boʻri, sirtlon, bugʻu, boʻrsiq va boshqalar yashaydi. Mamlakat markazidagi tekislikda kaklik, Fors qoʻltigʻi sohillarida saqoqqush va qizil gʻoz, Kaspiy dengizida qimmatbaho baliq turlari — osyotr va beluga koʻp. Milliy bogʻlari: Kevir, Guliston, Urmiya, Markaziy Elburs va boshqalar.