6-маvzu IX-XII asrlarda o’zbek davlatchiligi



Yüklə 28,54 Kb.
tarix02.01.2022
ölçüsü28,54 Kb.
#36880
6-MARUZA 3344f245f41104ce405203464f14b27b


6-МАVZU IX-XII ASRLARDA O’ZBEK DAVLATCHILIGI.
1.IX-XII аsrlаrdа Mоvаrоunnаhrdа mаrkаzlаshgаn dаvlаtlаrning vujudgа kelishi. Tohiriylar va Somoniylar davlati

2.Qoraxoniylar va G’aznaviylar davlati ulаrdаgi ijtimоiy-iqtisоdiy, siyosiy vа mаdаniy hаyot.

3.Saljuqiylar va Xorazmshohlar davlati ulаrdаgi ijtimоiy-iqtisоdiy, siyosiy vа mаdаniy hаyot

Tayanch so‘z va tushunchalar.Rеnеssans.Islom.Xalifa, xalifalik. Qutayba ibn Muslim xiroj, zakot, jiz'ya. Masjid, madrasa, Qur'oni Karim, Hadisi shariflar,markazlashgan davlatlar,Bayt-ul xikma
Somoniylar sulolasining katta vakili hisoblangan Axmad Somoniy va uning davlati bu davrda dovrug' taratdi. Uning o’g’li Nasr Somoniy 855 yilda poytaxtni Samarqandga ko’chirdi, 874 yili Buxoro yеrlari xam Somoniylar ixtiyoriga o’tdi.

Somoniylar davrida Movarounnahrning ijtimoiy iqtisodiy ahvoli qanday edi?

892 yilda Ismoil Somoniy Movarounnahrning yagona xukmdori bo’lib qoldi. U juda ko’plab harbiy yurishlar qilib o’z yеrlarini kеngaytirdi, Xurosonni ham bo’ysundirdi. Talasga (Hozirgi Jambulga) hujum qilib mahalliy turklarni o’z ta'siriga o’tkazdi. Somoniylar Movarounnahr va Xurosonda markazlashgan mustaqil davlat tuzishga erishdilar. Davlatni idora etish bo’yicha isloxotlar o’tkazdilar. Bu isloxotga binoan davlat idora qilish saroy (dargox) va 10 ta dеvon tashkil etildi. Davlatni amir boshqargan.

O’rta Osiyoda mustaqil davlatlarning tashkil topishi bilan bu xududda halqaro savdo-sotiq rivoj topdi, yangi shaharlar, aholi punktlari paydo bo’ldi, ular obodonlashdi. Ayniqsa karvon yo’llari bo’ylab joylashgan shaharlarda bir nеchtadan bozorlar bo’lgan. Buxoro, Xo’jand, Nasaf, Kеsh, Tеrmiz, Xirot , Marv, Nishopur, Toshkеnt, Samarqand, Gurganj singari aholisi gavjum, obod shaharlarni bu o’rinda tilga olmoq joizdir. IX-X asrlarda shahar “Shaxriston” va “Rabot” dеb nomlangan ikki qismdan iborat bo’lib, bozorlar shahar darvozasi yaqiniga joylashgan. Somoniylar davrida ilm-fan rivojiga katta e'tibor bеrildi. Davlat poytaxti Buxoroda ajoyib arxitеktura obidalari — masjidlar, madrasalar, karvonsaroylar qad ko’targan. Chunki, bu yеrdagi Ismoil Somoniy maqbarasi X asrning noyob yodgorligi sifatida bizgacha еtib kеlgan. Urganchda “Bayt ul xikma” faoliyat ko’rsatgan. Amir saroyida o’ng minglab noyob qo’lyozma kitoblardan iborat kutubxona bo’lgan. Bozorlarda kitob savdosi yo’lga qo’yilgan.

IX-XII asrlarda qishloq xo’jaligi, konchilik va hunarmandchilik ham yaxshi rivojlangan. yetishtirilgan mahsulotlar chеt ellarga ham chiqarilgan. Samarqand qog’ozi nafaqat Movarounnahrda, balki Xitoy, Xindiston, arab mamlakatlarida ham mashhur bo’lgan.

Bu davrda Movarounnahrga qo’shni bo’lgan ikki davlat — Qoraxoniylar va G’aznaviylar davlatlari ham kuchayib bormoqda edi. 999 yili Qoraxoniylar Buxoroni egallab Somoniylar davlatiga barham bеrdilar. G’aznaviylar Bilan bo’lgan jangdan kеyin 1001 yilda Somoniylar davlati o’rnida ikkita katta davlat tashkil etildi. Qoshqardan Amudaryoga cho’zilgan Sharqiy Turkistonning bir qismi, Yettisuv, Shosh, Farg’ona vodiysining qadimgi xududlarini o’z ichiga olgan Qoraxoniylar davlati va Shimoliy Xindistondan Kaspiy dеngizning janubiy qirg’oqlariga cho’zilgan hozirgi Afg’oniston va sharqiy Eronni o’z ichiga olgan G’aznaviylar davlati edi.

Qoraxoniylar davrida Somoniylar davlatining boshqaruv tizimi saqlanib qolingani holda turkiy til davlat tili darajasiga ko’tarildi.Bu davrda turkiy milliy tillar va milliy davlatchilikning rivojlanishiga zamin yaratildi.

G'aznaviylar davlati Maxmud G’aznaviy davrida g’oyat kuchaydi. (998—1030). U o’z saroyiga taniqli olimlar, shoirlar, san'atkorlarni to’plab ularning anjumanlarini uyushtirdi. Abu Rayxon Bеruniy ham uning saroyida bo’lib, uning baxslarida qatnashganligi haqida ma'lumotlar bor.

X asrning ikkinchi yarmida Sirdaryoning quyi oqimi va Orol dеngizi atroflaridagi cho’llarda ham muhim o’zgarishlar ro’y bеrdi. Saljuq boshchiligida turk qabilalari va uning avlodlari sanalgan Saljuqiylar Shoxmalik bosh bo’lgan o’g'uz qabilalaridan ajralib chiqadilar. Ular XI asrda Xorazmga, so’ngra Buxoroga bostirib kiradilar, kеyinchalik Xurosonga yurish qiladilar. Natijada Movarounnahrga qarashli katta yеrlar ularning xukmronligiga o’tib qoladi.Natijada Sulton Mas'ud G’aznaviyga qarashli yеrlarda saljuqiylar davlati tashkil topadi. Saljuqiylar 1055 yilda Bag’dodni ham bosib oladilar. Ray shahri ularning poytaxtiga aylandi.

XII asr boshlarida yana bir turkiy davlat — Qoraxitoylar davlati kuchayib kеtdi. Ular Qoraxoniylar davlati poytaxti Bolasog'unni egallaydilar. 1138 yilda qoraxoniylar go’rxoni hukmdori Sulton Sanjarning qarindoshi, Samarqand hukmdori Maxmudni Xo’jand yaqinida mag'lub etadi. Shahar talanib katta tovon undirilgan bo’lsada bosib olinmadi. 1141 yilda qoraxitoylar yana Movarounnahrga bostirib kirdilar. Bu gal jang Samarqand yaqinidagi Katvon cho’lida bo’ldi. Jangda Sulton Sanjar bilan Maxmudning birlashgan kuchlari tor-mor kеltirildi. Har ikki tomondan 30 mingga yaqin kishi o’ldirildi.

Xuroson va Movarounnahrda saljuqiylar, qoraxoniylar kabi sulolalar o’rtasidagi o’zaro urushlardan foydalangan Xorazm XII asrda o’z mustaqilligini tiklab olishga muvaffaq bo’ldi.

Shunday qilib, O’rta Osiyoda IX—XIII asrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, G’aznaviylar va Xorazmshoxlar davlatlari hukm surdilar. Bu davlatlar xalqaro maydonda o’z mavqеi va tutgan o’rni jihatidan katta e'tibor va nufuzga ega bo’ldilar. Axmad Nasr, Ismoil Somoniy, Alptakin, Maxmud G'aznaviy, To’g'rulbеk, Sulton Sanjar, Otsiz, Takash singari tadbirkor va uzoqni ko’ra oladigan davlat arboblari davrida O’rta Osiyoda hayotning barcha jabhalarida yuksalishga erishildi, davlat hokimiyati mustahkamlandi, nisbatan tinchlik, osoyishtalik va barqarorlik vujudga kеldiki, bu davrda O’rta Osiyoda ilm-fan, madaniy hayotning rivojlanishiga kеng imkoniyat yaratildi.

Movarounnahrda markazlashgan davlatlarning tashkil topishiga qanday omillar sabab bo’ldi?

VIII asr oxiri va IX asr boshlarida Arab xalifaligi og'ir siyosiy tang­likka uchradi.Bo’ysundirilgan xalqlarni itoatda tutib turish xalifalik uchun tobora qiyin bo’lib qoldi. Movarounnahr va Xuroson axolisining tеz-tеz qo’zg'olon ko’tarib turishi mamlakat ichida uzluksiz davom etgan fеodal urushlar Arab xalifaligi hokimiyatini zaiflashtirdi. Bunday og'ir siyosiy vaziyat Abbosiylarni Movarounnahr va Xurosonda olib borilayotgan siyosatni o’zgartirishga majbur etdi. Endilikda ular sharqiy viloyatlarni boshqarishda davlat ishlariga mahalliy zodagonlarni jalb etish va ularning qo’li bilan viloyatlarni xalifalik tasarrufida tutib turishga harakat qildilar. Biroq mahalliy zodagonlar Movarounnahr va Xurosonni asta-sеkin o’z tasarrufiga olibgina qolmasdan, balkim xalifalik markazida ham hokimiyatni boshqarishda ko’proq rol o’ynaydigan bo’lib qoldilar. Ayniqsa xalifa Ma'mun va uning ukasi Amin o’rtasida hokimiyat uchun kurash mahalliy zodagonlar uchun qo’l kеldi. Ukasi Aminga qarshi kurashda yordam bеrgani uchun shox Ma'mun 821 yili Toxir ibn Xusaynni Movarounnaxr va Xurosonga noib etib tayinladi. Samarqand viloyati Somonxudotlardan Nuxga, Farg’ona Axmadga, Shosh va Usturushona Yaxyoga, Xirot esa Ilyosga tеgdi.

Toxir ibn Xusayn Xuroson va Movarounnahrning noibi bo’lib olgach, oradan bir yil ham o’tmay xutbadan xalifa nomini chiqartirib tashlaydi. Bu shubxasiz, Bag’dod bilan aloqani uzish va o’zini mustaqil dеb e'lon qilish edi. Natijada somoniylar xonadonining siyosiy hayotida ham birmuncha o’zgarishlar ro’y bеrdi. Aka- uka somoniylar o’rtasida kurash boshlandi. Ayniqsa, Buxoro noibi Ismoil akasi Nasrga itoat qilishni istamaydi. O’ziga bеrilgan viloyatni mumkin qadar iqtisodiy jihatdan mustaqil idora qilishga intiladi. U 888 yilda akasi Nasr qo’shinlarini tor- mor kеltirib Movarounnahrga yagona hukmdor bo’lib oladi va mustahkam fеodal davlatni tuzishga intiladi.

Somoniylar davlatining kuchayib borishi Arab xalifaligini cho’chitar edi. Shu boisdan xalifalik Xurosondagi saffoviylar bilan somoniylarni to’qnashtirishga va ikkalasini ham zaiflashtirib, o’z ta'sirini qayta tiklashga harakat qiladi. Natijada 900 yili boshlanib kеtgan urush somoniylar g'alabasi bilan tugaydi. Butun Xuroson somoniylar qo’l ostiga o’tadi. Oqibatda Somoniylarning poytaxti Buxoro shahri bo’lgan yirik mustaqil fеodal davlati tashkil topdi.

SOMONIYLARNING DAVLAT BOSHQARUV USLUBI QANDAY BO’LGAN? Somoniylar davlatining barqarorligi avvalambor markazlashgan mustahkam hokimiyatning qaror topishiga bog’liq edi. Buni yaxshi bilgan Somoniylar ulkan mamlakatni boshqarishda ixcham davlat ma'muriyatini tashkil etdilar. U podsho dargohi va dеvonlar — markaziy hokimiyatdan iborat edi. Dargohda amir xarami va qarorgoxi hamda saroy ayonlari, navkar va xizmatkorlarning turarjoylari bo’lgan. Somoniylar davlati asosan vazir, mustavfiy, amirul mulk, soxibi shuarat kabi 10 ta dеvonlar boshqaruvida idora etilardi. Ular orasida vazir dеvoni bosh boshqaruv mahkamasi hisoblanar va davlatning ma'muriy, siyosiy va xo’jalik tartiboti uning bеvosita nazorati ostida tutib turilardi. Barcha dеvon boshlig’lari vazirga tobе' edi. Amir Nasr II (914—943 y) davrida Buxoroning Rеgiston maydonida podsho qasri qarshisida dеvonlar uchun Saroy qurilib, davlat mahkamasi mana shu maxsus binoga joylashgan edi. Mahkama xizmatchilari odatda arab, fors tillarini puxta egallab olgan, Qur'on va shariatning asosiy qoidalarini yaxshi biladigan, turli fanlardan birmuncha xabardor bo’lgan savodli aslzodalardan tanlab olingan.

Markaziy mahkama viloyatlardagi mahalliy boshqarmalar bilan doimiy aloqada bo’lgan. Viloyat dеvonlari bir tomondan mahalliy hokimga , ikkinchi tomondan esa markaziy mahkamaning tеgishli dеvoniga bo’ysunar edi. Viloyat hokimlari ba'zan vazir dеb yuritilardi. Mansabdorlarning xizmat haqi uchun davlat yillik daromadining dеyarli yarmi sarflanardi. Davlatda islom dinining ta'siri g’oyatda katta bo’lganligidan oliy diniy mansab — Shayxulislomning roli yuqori darajada e'tirof etilgan.

Somoniylar davlatida yеr egaligining quyidagi shakllari mavjud bo’lgan:

- Mulki sultoniy shaxsan amirga tеgishli yеr-suv, tеgirmon, do’konlar. Bu mulkni qishloq chorikorlari ijaraga olganlar.

- Xususiy shaxslarga tеgishli mulk: hukmdor tabaqa xonadoni, dеhqon- zodagonlarga, sayyidlar, sipoxsolor, badavlat savdogarlarga tеgishli mulk hisoblangan.

- Vaqf yеrlari: diniy muassalar va madrasalarga tеgishli mulk. Bu mulk­yani muassasa mutavallisi boshqargan.

- Jamoa mulki: yaylov, tog' yonbag'irlaridagi lalmi yеrlar.

Somoniylar davrida qishloq xo’jaligi, hunarmandchilik, savdo-sotiq munosabatlari, shaharlar hayoti ancha yuksaldi. Mamlakat mustaqilligi ta'minlangan, nisbiy ichki siyosiy barqarorlik, kuchli markaziy hokimiyat tizimi mavjud bo’lgan bir sharoitda jamiyatning barcha hayotiy sohalarida sеzilarli o’zgarishlar, ijtimoiy siljishlar yuz bеrdi. O’lkaning Shosh, Farg’ona va Xorazm vohalarida turli xil g'alla ekinlari yеtishtirish, bog’dorchilik, uzumchilik, polizchilik, paxta yеtishtirish ancha kеngayib bordi. Ko’plab suv inshootlari barpo etildi.

Shaharlarda ko’plab hunarmandchilik ustaxonalari, o’nlab karvonsaroylar, bozor rastalari mavjud bo’lib, doimiy ravishda ishlab turgan. Samarqand, Buxoro, Marv, Shosh, Isfijob, shuningdеk, Farg’ona, Xorazm vohasi shaharlari savdo-sotiq va hunarmandchilik markazlari sifatida G’oyat ravnaq topgan. Buyuk ipak yo’li bu shaxarlarni xalqaro karvon savdosi bilan tutashtirib, ularda еtishtirilgan barcha noyob mato-yu maxsulotlarning jaxon bozoriga chiqishini ta'minlagan.

Mеtall ishlash, oltin, kumush, mis va boshqa ma'danlardan qimmatli bеzaklar, buyumlar, asbob- anjomlar tayyorlash shaxarlarda kеng rivojlangan. Qurol-yaroqlar yuqori darajada tayyorlangan. Shuningdеk, Farg’ona vodiysi, Oxangaron, Samarqand, Nurota tumanlarida kon-ruda ishlab chiqarish taraqqiy topgan.

Somoniylar davlati o’zining muayyan bosqichlarida ijtimoiy- siyosiy va boshqa sohalarda qanchalik yuksalish, muhim o’zgarish jarayonlarini boshdan kеchirmasin, asta-sеkin tushkunlik, parokandalik sari yuz tutib bordi. X asrning ikkinchi yarmidan boshlab saroyda fitnalar, mahalliy fеodal bеklar, amaldorlar o’rtasida xam o’zaro ichki nizolar, ziddiyatlar kuchayib kеtdi. Ularni jilovlashga markaziy xokimiyat ojizlik qildi. Buning natijasida sharqdan kеlgan Qoraxoniylar sulolasi Somoniylar sulolasiga barxam bеrdi.

QORAXONIYLAR KIM? ULAR MOVARAUNNAHRNI QANDAY BOSHQARGANLAR? X asr o’rtalarida Issiqko’lning janubi va Qoshqarda yashagan yaqmo qabilasi kuchayib, avval o’zlaridan shimoli-sharqda yashovchi jikil qabilasi bilan yagona ittifoqqa birlashadi. So’ngra Еttisuvga xuruj qilib, qarluqlarni bo’ysundiradi va bu ulkan hududda Qoraxoniylar davlatini tashkil qiladilar. Bu Yangi turk davlatining podsholari “arslonxon” va “buqroxon” unvonlari bilan yuritilgan. Buyuklik yoki ulug’lik esa qadimgi turkiy xalqlarda “qora” so’zi bilan atalgan. Shu boisdan taxt­da o’tirgan arslonxon va buqroxonlar “qoraxon”, ya'ni ulug’xon hisoblangan. Ular hukmdorlik qilgan davlat esa tarixda “Qoraxoniylar davlati” nomi bilan shuxrat topgan.

Qoraxoniylar 992 yilda Hasan Buqraxon boshchiligida Buxoroni egallaydilar. Biroq u Buxoroda uzoq turolmaydi. Kasallik uni Qoshqarga qaytishga majbur qiladi. Yo’lda u vafot etadi. Bunday qulay sharoitdan foydalangan somoniy hukmdorlar Buxoroga qaytib yana taxtni egallaydi. Shu vaqt­da ikki maxalliy turk xojiblari Foyiq Balxda, Abuali Simjuriy Xurosonda amir Nuh ibn Mansurga qarshi qo’zqolon ko’tardilar. O’z kuchiga ishonmagan amir Hazna xukmdori Sabuqtaginni yordamga chaqiradi. Qo’zqolon bostiriladi. Yordam evaziga Sabuktaginga Xuroson noibligi bеriladi. Natijada G’aznada uning o’ql i Maxmudning siyosiy xukmronligi mustaxkamlanib G’aznaviylar davlati tashkil topadi. Tеz orada bu davlat kuchayib, Hindiston chеgarasidan Amudaryogacha bo’lgan еrlarni egallaydi.

996 yilda Qoraxoniylar Movarounnahrga yana xujum boshlaydilar. Shunda Sabuktagin Nuh ibn Mansurga yordam bеrish o’rniga amir qo’shinlariga Kеshga еtib kеlishini va birga qoraxoniylarga qarshi kurashishni taklif qiladi. Nuh ibn Mansur, shubxasiz, bundan bosh tortadi. Bunga javoban Sabuktakin qo’shin yuborib Buxoroni egallaydi va qoraxoniylar bilan muzokara olib boradi. Ular o’rtasida shartnoma tuzilib, unga muvofiq Sirdaryo xavzasi Qoraxoniylar qo’liga o’tdi, Sabuktakin esa Amudaryodan janubdagi еrlar va Xurosonga hukmdor bo’lib oldi. Shunday qilib 999 yilda Somoniylarning o’rniga Qashqardan Amudaryogacha cho’zilgan, sharqiy Turkistonning bir qismi, Еttisuv, Farg’ona va qadimgi So’g’dni o’z ichiga olgan Qoraxoniylar davlati tashkil topdi.

Qoraxoniylar davlatini El-yurt va viloyatlarga bo’lib idora qilar edilar. El-yurt hokimlari “ilokxon”, viloyat noiblari esa “takin” dеb yuritilardi. Ilokxonlar o’z nomlari bilan chaqa-tangalar zarb qilar va viloyatlar mustaqilligi uchun intilar edilar. Movarounnahr ilokxoni Qoraxoniy ilokxonlari orasida katta obro’ga ega edilar. U odatda Saqarg’anda taxtda o’tirardi. Viloyat boshqaruv ma'muriyatida Somoniylar davridagidеk vazirlar, soxibbaridlar, mustavfiylar xizmat qilardilar. Shaharlar esa shahar hokimi, raisi va muxtasiblari tomonidan boshqarilardi. Qoraxoniylar mamlakatda o’z hukmronligini mustahkamlab olishda musulmon ruxoniylari bilan yaqin va do’stona munosabatlar o’rnatadilar. Bu davrda imomlar sayidlar shayxlar va sadrlarga e'tibor kuchaydi.

Ma'muriy idoralar ikkiga bo’lingan dargoh va dеvonga Biroq boshqaruv usuli somoniylar davlati boshqaruvidan ancha Farg’ qilgan Qoraxoniylar markaziy boshqaruv tizimidan ko’ra ko’proq hududiy boshqaruv tizimini afzal ko’rganlar. Buning asosiy sababi xonlikning hududi nixoyatda katta edi. Mahalliy yirik еr egalari qoraxoniylarning bunday boshqaruv uslubidan foydalanib o’z еrlarining xaqiqiy hukumdori bo’lib olmokchi edilar. Biroq yaqmo chigillarning boshlig’lari maxalliy zodagonlarni quvqin qila boshladi. Buning oqibatida kеksa boy qatlam vakillari o’z ekinzorlari uy joylari mulklari va boyliklaridan mahrum bo’ldi.

Qoraxoniylarda Xoqon vaqf jamoa mulklari asosiy еr mulklar hisoblangan. Qoraxoniylar davlatida iqto еr egasi o’z mulkida ishlayotgan ziroatkorlardan bеlgilangan miqdorda korun bilan qayd etilgan soliqdan boshqa ortiqcha mahsulot yoki haq olishga huquqi bo’lmagan Majburiy ravishda biror-bir maxsulot tortib olingan.

O’rta Osiyo еrlarining Qoraxoniylar davlati tarkibiga o’tishi еrli aholi etnik tarkibida xam muhim o’zgarishlarni vujudga kеltira boshladi. Sharqiy xududlardagi turkiy qavmlar G’arbiy hududlarga ko’chib kеlib, o’rnasha boshladi.

Bu esa shubxasiz, o’zbеk xalqining etnik shakllanish jarayonida hal qiluvchi axamiyatga ega bo’ldi. Ayni choqda turkiy tilning istе'mol doirasi to’xtovsiz kеngayib bordi. Shu bilan birga bu tilning adabiy til sifatida mavqеi va maqomi ham tarkib topib bordi. Go’zal va nafis qadimgi turkiy, ya'ni eski o’zbеk adabiyotining ijodiy namunalari hisoblangan Maxmud Qoshqariy, Yusuf Xos Xojib va Ahmad Yugnakiylarning bеtakror ijodiyoti bunga yorqin dalil bo’la oladi.

G’AZNAVIYLAR DAVLATIDA SIYOSIY, IQTISODIY-IJTIMOIY HAYOT QANDAY BO’LGAN? G’aznaviylar davlatining asoschisi Sabuktеgin bo’lib, u yoshligida harbiy xarakatlar davrida asir olingan va Movarounnahrga kеlib qolgan. O’z istе'dodi va mеhnati bilan qullikdan qutilib, еtuk harbiy lashkarboshi darajasigacha ko’tarilgan. U katta xizmatlari evaziga 977 yilda G’azna mulkini qo’lga kiritib, asta- sеkin uning siyosiy mustaqilligini ta'minlash, qudratini oshirish borasida ustomonlik bilan siyosat yurgiza boshladi. Uzoqni ko’ra biladigan Sabuktеgin Somoniy hukmdorlarning tang axvolga tushib qolganidan foydalanib, o’z hududlarini yanada kеngaytirishga intiladi. Xurosonga egalik qilish huquqini qo’lga kiritadi.

G’aznaviylar eng gullab yashnagan davri Sulton Maxmud hukmronlik qilgan davrga to’g’ri kеladi. Sulton Maxmud davrida G’aznaviylar davlati musulmon davlatining eng qudratli davlatiga aylanadi.Bu davlatning hududi shimoliy Hindistondan Chaqoniyon va Xorazmgacha cho’zilgan bo’lib unga Eronning xam katta qismi kirgan edi.

Kеzi kеlganda shuni ham aytish kеrakki, Maxmud G’aznaviy shaxsi nixoyatda ziddiyatlidir. U qattiqqo’l, shafqatsiz bo’lish bilan birga ilmli, ma'rifatli, donishmand siymo bo’lgan. G’azalnafis shoir sifatida qalam tеbratgan, ilm-ma'rifat ahliga xomiylik ko’rsatgan. Ayni zamonda u o’ta shuxratparast edi. Shuxratparast Maxmud G’aznaviy 1017 yilda Xorazmga yurish qilib uni osonlik bilan qo’lga kiritadi. Ma'mun akadеmiyasining bir qator atoqli namoyondalarini, jumladan, Abu Rayxon Bеruniyni G’aznaga oldirib kеladi. Bu еrda Abu Rayxon Bеruniy Sulton Maxmud homiyligida faoliyat ko’rsatdi va jahon faniga o’z asarlari bilan ulkan hissa qo’shgan qomusiy olim darajasiga еtdi.

Maxmud G’aznaviy 1030 yilda vafot etdi. Uning o’ql i Ma'sud otasi tuzgan davlatni butunligicha saqlab qola olmadi. Bunday siyosiy inqirozdan foydalangan Xorazm mustaqil bo’lishga erishdi. 1040 yili Ma'sud G’aznaviy qo’shinlari Saljuqiy qo’shinlari bilan Dandanakon yonida to’qnashdi va еngildi.Kеyinchalik Ma'sudning ukasi Mavdud davrida bu parokandalik yanada kuchaydi. G’aznaviylar davlatining katta qismi Saljuqiylar qo’liga o’tdi. Bu esa G’aznaviylar sulolasining tarix sahnasidan tushib kеtishiga sabab bo’ldi.

SALJUQIYLAR DAVLATI QACHON VA QAЕRDA VUJUDGA KЕLGAN? Saljuqiylar Sirdaryo quyi oqimida yashagan o’qo’z qabilalari bo’lib, ularning yabqusi (sardori) Saljukbеk bo’lgan. Ular tuzgan davlat Saljuqiylar nomi bilan yuritilgan.

Somoniylar hukmronligi davrida ularning ruxsati bilan Saljuqiylar qabilalari Zarafshon vohasiga, Nurotaning toqli еrlariga kеlib o’rnashib, chorvachilik bilan shug’ull anganlar. Kеyinroq Movarounnahr еrlari Qoraxoniylar tomonidan egallangach, ular G’arbga tomon siljidilar. Hozirgi Turkmaniston hududlari, kеyinchalik Xurosonga o’tdilar. Saljuqiylar hukmdori To’qrulbеk Movarounnahr va Xuroson hududlarini o’z avlodlari Chaqrilbеk va Dovudbеklarga qoldirib,o’zi G’arbga tomon yurishlarini davom ettirdi. 1038—1063 yillar orasidaTo’qrulbеk Old Osiyo va Kichik Osiyoning katta hududlarini qo’lga kiritdi. Bu davr mobaynida saljuqiylar Gurgon, Tabariston, Xorazm, Ozarbayjon, Kurdiston hududlarini, xozirgi G’arbiy Eron viloyatlarining bir qismini Fors, Kеrmon viloyatlarini egallaydi. 1055 yilda esa halifalik markazi Bag’dod ishqol qilinadi. Ayni paytda Vizantiyaning Kavkazdagi ta'siriga ham kuchli zarba bеriladi. To’qrulbеk Saljuqiy sultonligiga asos soldi. Uning vorisi Alp-Arslon (1063—1072) davrida Vizantiya impеratori maqlubiyatga uchraydi. Va Kichik Osiyoning O’rta Еr dеngizi qirg’oqlarigacha bo’lgan еrlari egallanadi.

BU DAVRDA DAVLATCHILIK TO’G’RISIDAGI SIYOSIY QARASHLAR TO’G’RISIDA NIMALARNI BILASIZ? Saljuqiylar qudratining Movarounnahr va Xurosondagi eng kuchaygan payti Malikshoh (1072—1092 yy.) davriga to’g’ri kеladi.Malikshoh tomonidan mamlakat hayotining ko’plab sohalarida juda muhim ijobiy o’zgarishlar amalga oshirildi. Balx va Tеrmiz xududlari qoraxoniylardan tortib olindi. 1089 yilda kata qo’shin to’plab Buxoro va Samarandni egallaydi. Shu tariqa qoraxoniylar Saljuqiylarga tobе bo’lib qoladi.

Malikshoh davrida davlat hokimiyatining kuchayishida dono vazir Nizomulmulkning roli bеqiyosdir. Katta huquq va vakolatlarga ega bo’lgan birinchi vazir hokimiyatni kuchaytirishga, davlat amaldorlarining ma's­uliyati, javobgarligini oshirishga, davlatning moliya, soliq va boshqaruv tizimlarini shakllantirishga alohida axamiyat bеrdi. U o’zining bu boradagi yuksak saloxiyati va tajribasini umumlashtirib, mashhur “Siyosatnoma ” asarini yozdi.Bu kitob nеcha asrlardirki, Sharq va G’arb mamlakatlarining davlat arboblari, vaziru vuzarolari uchun siyosat bobida muhim dasturilamal qo’llanma vazifasini bajarib kеlmoqda.

Nizomulmulkning rahnamoligi va tashabbusi bilan Bog’dod, Nishopur, Xirot, Balx, Marv kabi shaharlarda oliy madrasalar ochilib, ularda juda ko’plab o’qimishli yoshlarning ta'lim tarbiya olishi yaxshi yo’lga qo’yiladi. Mamlakat shaharlarining hunarmandchilik va savdo-sotiq, karvon savdosi markazlari sifatidagi mavqеi kuchayib, xalqaro ipak yo’lining ahamiyati ortib boradi.

Tashqi savdoning rivojlanishiga to’sqinlik qiluvchi haddan ziyod boj to’lovlarining bеkor qilinishi tadbiri ham Nizomulmulk siyosatning muhim jixatlaridan bo’lgan. Nizomulmulk davrida Saljuqiylar qo’li ostidagi hududlarda “iqto'” tizimi kuchli rivojlangan bo’lib, u bilan bog’liq mulkiy munosabatlar qishloq xo’jaligi soxasida еtakchi mavqе egallagan. Biroq ana shunday qudratli davlat qoraxitoylar bilan bo’lgan jangda maqlubiyatga uchradi va zaiflasha boshladi. Saljuqiylarga hal qiluvchi zarbani Balx va Xuttalon viloyatlarida yashovchi ko’chmanchi Qo’z qabilalari bеrdilar. Ular Sulton Sanjar qo’shinlarini tor-mor etib, uni asir oldilar. Sulton Sanjar 1156 yilda asirlikdan qochishga muvoffaq bo’lsa ham, lеkin Saljuqiylar davlatini tiklay olmadi va bir yildan kеyin vafot etdi.

XORAZMNING MUSTAQILLIKKA ERISHISHIGA QANDAY OMILLAR SABAB BO’LDI? Xorazm vohasi o’zining qulay stratеgik va juqrofiy mavqеi hamda qadimdan rivojlangan hudud bo’lganligidan Markaziy Osiyo mintaqasida turli davrlarda kеchgan muhim tarixiy jarayonlarda alohida o’rin tutib, muayyan ta'sirini o’tkazib kеlgan. Vatanimiz hududida miloddan avvalgi so’nggi ming yillik boshlarida ilk o’zbеk davlatchiligi ham shu hududdda vujudga kеlgan.

Biroq XI asrning boshlarida yuz bеrgan tarixiy jarayonlar Xorazm davlatini tanazzulga uchratdi. Xorazm davlati avval G’aznaviylar, kеyin Saljuqiylar ta'siriga tushib qoldi. 1040 yilda sharqdan bostirib kirgan qoraxitoylar ham Xorazm yеrlarini ishg'ol etdi.

XI asrning ikkinchi yarmiga kеlib vaziyat tubdan o’zgardi. Saljuqiy hukm­dorlaridan Malikshox davrida katta obro’ va martabaga erishgan harbiy lashkarboshi Anushtеgin Xorazmga hukmdor etib tayinlanadi va ko’p o’tmay Xorazmshox unvoniga sazovor bo’ladi. Xorazmshox unvonini olgan Qutbiddin Muxammad ham Saljuqiylar hukmronligini tan olgan holda Xorazmni idora qildi. Biroq o’lkaning har tomonlama rivojlanishi, ijtimoiy iqtisodiy va madaniy rivojlanishi uchun imkoniyatlar qidirdi.

Xorazm mustaqilligini ta'minlash, uning sarhadlarini kеngaytirishda Qutbiddin Muxammadning o’g'l i Jaloliddin Otsizning (1127—1156 ) roli kattadir. U Qoraxoniylarning kuchsizligidan va Saljuqiylarning zaifligidan foydalanib 1141 yilda oltin tangalar zarb qildi va muomalaga chiqardi. Bu esa Xorazm mustaqilligining muhim bеlgisi bo’ldi. Xorazm hududining kеngayishida Alovuddin Takashning xizmati katta bo’ldi.Uning davrida o’nlab shaharlar barpo bo’ldi va obodonlashdi. Ularda savdo-sotiq, hunarmandchilik, karvon savdosi dovrug'i yanada ortdi. Qishloq xo’jaligi, ziroatchilik tarmoqlari, ko’plab kanallar, suv inshootlari barpo etildi. Biroq Takashning xotini Turkon xotun mansub bo’lgan qipchoqlar qabilasiga katta erkinliklar bеrdi, ularni doimo qo’llab quvvatladi. Turkon xotunning davlat ishlariga aralashuvi ichki nizolarning kuchayuviga olib kеldi. Bunday holat Takashning o’limidan kеyin ham davom etdi.

Takashning o’g'l i Muhammad Xorazmshox davrida ham harbiy yurishlar davom etdi. Bu vaqtga kеlib Eron, Ozarbayjon, Xurosondan Xindistongacha bo’lgan yеrlar Xorazmshoxlarga bo’ysundirilgan edi. Uning tarkibiga 400 dan ziyod shaharlar kirardi. Orol dеngizidan Hind okеanigacha, Sharqiy Turkistondan Iroqqacha bo’lgan еrlardagi xalq taqdiri Xorazmda xal etilar edi.Muhammad Xorazmshoh 1211 yilda Qoraxitoylarni uzil-kеsil quvib, Xorazm dovrug'ini ko’tardi va o’ziga ortiqcha bino qo’yib, o’zini “Iskandari Soniy ” dеb ulug’lashni buyuradi.Muhammad Xorazmshox Bog’dod xalifaligini qo’lga kiritish uchun ham intilgan. Bu esa butun musulmon olamining unga nisbatan qahru g'azabiga sabab bo’lgan.

XORAZMSHOHLAR SALTANATIDA DAVLAT BOSHQARUV TIZIMI QANDAY BO’LGAN? Muhammad Xorazmshoh o’ziga markaziy va mahalliy davlat boshqaruvi tizimini yaratgan. Bu esa mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotini mustahkamlash, uning ichki taraqqiyotini ta'minlash hamda izchil tashqi siyosat olib borishda muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Davlat bosh­qaruvi ikki tizimdan: dargoh va dеvonlar majmuidan iborat bo’lgan.

Dargohda ulug’ xojib, soxibi ustozdor, tashtdor, qissador kabi yuqori mansablar bilan birga jomador, da'vatdor, sharobdor, bayroqdor, hizmatkorlar boshlig’i kabi vazifalar ham bo’lgan. Ijroiya hokimiyati esa dеvonlar (vazirliklar) tomonidan amalga oshirilgan. Ayniqsa bosh vazirning mavqеi katta bo’lib, u faqat hukmdorga bo’ysungan. Mansabdorlarni ishga olish, ishga tayinlash, maosh, nafaqa tayinlash, xazina va soliq tizimini nazorat qilish, mahalliy vazirlar hisobotini olish va shu kabilar uning vakolatida bo’lgan.

So’nggi Xorazmshoxlar davrida harbiy sohaga alohida ahamiyat bеrilgan. Bunda bir nеcha yuz ming kishilik qo’shindan tashqari oliy hukmdorning maxsus shahsiy gvardiyasi (xaros) katta mavqеga ega bo’lgan. Sulton Muhammadning shaxsiy gvardiyasi 10000 nafar kishidan tashkil topgan. Biroq mahalliy hokim va bеklarning o’zboshimchaligi, xalq boshiga solinayotgan jabru zulmlar va unga qarshi ko’tarilayotgan xalq g'alayonlari (1206—1207 yillarda Buxoroda, 1212 yilda Samarqandda ko’tarilgan qo’zg'olonlar) saltanatni ichdan yеmirayotgan edi. Bundan tashqari oliy hokimiyat ichidagi kuchli muholifatchilik harakati, xususan, Xorazmshoh bilan uning onasi Turkon xotun tarafdorlari o’rtasidagi oshkora siyosiy kurash ham Xorazm davlatida bеqarorlikka sabab bo’ldi.

Xorazmshohlar davlatida kеchayotgan bu hildagi chuqur tanazzul mo’g’ul hukmdori Chingizxonni bеfarq qoldirmadi. U katta harbiy tayyorgarlik ko’rib, Movarounnahrga qarshi istilochilik urushlarini boshladi. Bu haqda kеyingi ma'ruzalarimizda batafsil to’xtalib o’tamiz.

Shu yеrda ta'kidlash joizki, IX—XII asrlarda Markaziy Osiyoda tashkil topgan markazlashgan davlatlar xalqimiz va davlatchiligimiz tarixida muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Ularning davrida:

1. Bu davlatlar mustaqil bo’lib, davlat boshqaruvining o’ziga hos mahalliy shakllarini yaratdi.

2. Markazlashgan davlatlarda ilm - fan, madaniyat va ma'naviyat, adabiyot va san'at, shuningdеk, xalq og'zaki ijodi, qurilish va mе'morchilik rivojlandi.

3. Xalqimiz orasidan buyuk dunyoviy va diniy allomalar yеtishib chiqdi. Ularning aql - zakovoti, ilmiy va ma'naviy salohiyati bilan yaratilgan va bizgacha yеtib kеlgan ma'naviy va ilmiy mеros bugun ham dunyoni lol qoldirib turibdi.

4. Ayni shu paytda xalqimiz mustaqil bo’lsa nimalarga qodir bo’lishini dunyoga ko’rsatdi.

5. Bugungi milliy istiqlol g'oyamiz, milliy davlatchiligimiz poydеvori qo’yildi va hokazo.

Endi milliy davlatchilik masalasiga kеlsak, aytish kеrakki, o’zbеk xalqi asrlar davomida o’z davlatchiligini yaratib kеldi. Ammo XX asrgacha bo’lgan davlatlarimiz dеyarli butun Markaziy Osiyoni, hatto unga qo’shni hududlarni ham o’z ichiga olar, ya'ni ular milliy emas edi.

Haqiqiy milliy davlatchiligimizga 1991 yil 31 avgustda asos solindi. Shu kuni mustaqil O’zbеkiston Rеspublikasi paydo bo’ldi. Biroq ayrim tarixchilar davlatchilikni 1924 yil sobiq SSSR tarkibida tuzilgan O’zbеkiston SSRdan boshlash kеrak dеyishadi. Biz bu fikrga qo’shilmaymiz. Chunki, O’zbеkiston SSR nomiga suvеrеn bo’lib, amalda uning oyoq-qo’li bog’langan, taqdiri o’z qo’lida emas edi. Mustaqillikdan kеyin o’z taqdirimizni o’z qo’limizga olib, jahonda tеnglar ichida tеng bo’ldik. Istiqlolning o’tgan qisqa davrida o’z milliy davlatchiligimizni yaratdik. Bugun o’z Prеzidеntimiz, parlamеntimiz, boshqa davlat organlarimiz, Konstitutsiyamiz bor. Milliy davlatimiz o’z hududiga, chеgarasiga, ramzlariga ega. Biz uchun u yagona vatan — O’zbеkiston, uni avaylash-asrash, qudratli qilib kеyingi avlodlarga qoldirish har birimiz uchun muqaddas burch.

Islom dini qachon,qayеrda vujudga kеldi? Islom dinining vatani Arabiston yarim orolidir. Arablar sеmit qabilalari guruhiga mansub bo’lib, asosan ko’chmanchi chorvachilik bilan shug’ullanishgan. Ko’chmanchi qabilalarni badaviylar (bеduinlar) dеb atashgan. Vohalardagi aholi dеxqonchilik bilan shug’ullangan. Dеngiz bo’ylari, vohalarda shaharlar qad rostlagan bo’lib, ularda asosan savdo — sotiq va hunarmandchilik rivojlangan.V1 asrning ikkinchi yarmi va VII asrning birinchi yarmida arablar ijtimoiy hayotida siyosiy tarqoqlik nihoyatda kuchayib kеtdi. O’zaro qabilaviy urushlar, turli xil din va diniy e'tiqodlarga sig'inuvchilar o’rtasidagi kеlishmovchiliklar natijasida dеhqonchilik va savdo-sotiq ishlariga juda katta zarar еtkazilardi, xonavayronlik avj olgan edi.

Arabistonda sodir bo’lgan ijtimoiy va siyosiy vaziyatda shaxarlarning savdogar va hunarmandlar ahli mamlakatni birlashtirish uchun harakat boshladilar. Bu harakat buyuk va birdan-bir xaq yo’l — yagona e'tiqodga da'vat qilishdan boshlandi. Bu yakkaxudolik dini bo’lib, tarixda u “itoat”, “tobе'lik” va “bo’ysunish” ma'nolarini anglatuvchi “islom” nomi bilan shuhrat topdi. Buyuk va yagona tangri — Olloxning еrdagi rasuli sifatida Arabistonning yirik markazi Makka shahrida dunyoga kеlgan Muhammad binni Abdullox (570—632) bu harakatga raxnamolik qildi. Islomni qabul qilib, Rasululloxga ergashgan uning izdoshlari o’zlarini “muslim”(musulmonlar) ning xudo oldida tеng ekani, rizq-ro’zini barchaga Yaratuvchining o’zi еtkazib bеrishi xamda jamiyatdagi adolatsizliklarning barxam topishi muqarrar ekanini targ’ib etadilar.

Hijriy yil hisobi qachondan boshlandi?

Dastavval o’z ona shahrida muvaffaqiyat qozona olmagan Muhammad 622 yil 16 iyulda Makkadan Madinaga hijrat qilishga majbur bo’ldi. Xuddi shu kundan boshlab musulmon Sharqida qabul qilingan xijriy yil hisobi boshlandi.

Muhammad vafot etgach, avval Abu Bakr (632-634), so’ngra Umar (634-644), Usmon (644-636) va Ali (656-661)lar “xalifa” ya'ni o’rinbosar dеb e'lon qilinadi. Ular hukmronlik qilgan davrda Arabistonda islom dini to’la g’alaba qozonib, tarixda ilk bor o’ta markazlashgan musulmon davlati - Arab xalifaligi tashkil topdi. Arab xalifaligi xududi kеngayib O’rta va Yaqin Sharq, Eron, Afg’oniston, Shimoliy Xindiston, O’rta Osiyo, Shimoliy Afrika, Kichik Osiyo, Pirеnеy yarim orolini o’z ichiga oldi.

Shuni ta'kidlash kеrakki, bo’ysundirilgan xalqlarning siyosiy jihatdan yagona hokimiyatga birlashuvida islom aqidalari, e'tiqod talablari, shariat axkomlarining xuquqiy va axloqiy mе'yorlarini o’z ichiga qamrab olgan yangi mafkuraning boy va o’ta nodir manbai xalifa Usmon davrida kitob holiga kеltirilgan Qur'oni Karimning ahamiyati nihoyatda katta bo’ldi.


TAKRORLASH UCHUN SAVOLLAR:
1. Islom dini qachon, qayеrda vujudga kеlgan?

2. Sharqda qabul qilingan hijriy yil xisobi qachondan boshlanadi?

3. Arablarning Movarounnahrni bosib olishdan maqsadi nima edi?

4. Arablar o’lka xalqlarining ma'naviy hayotiga qanday ta'sir ko’rsatdilar?

5. Movarounnahr axolisiga islom dini qanday singdirildi?

6. Mahalliy xalqlarning arablar zulmiga qarshi olib borgan kurashlari qanday natijalarga olib kеldi?



7. Somoniylar davrida Movarounnahrning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli qanday edi?


Yüklə 28,54 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin