"6x6"metodi "6 x 6" metodi yordamida bir vaqtning o’zida 36 nafar o’quvchining muayyan faoliyatga jalb etish orqali ma'lum topshiriq yoki masalani hal etish, shuningdek, guruhlarning har bir a'zosi imkoniyatlarini aniqlash, ularning qarashlarini bilib olish mumkin. Bu metod asosida tashkil etilayotgan darsda har birida 6 nafardan ishtirokchi bo’lgan 6 ta guruh o’qituvchi tomonidan o’rtaga tashlangan muammoni muhokama qiladi. Belgilangan vaqt nihoyasiga yetgach, o’qituvchi 6 ta guruhni qayta tuzadi. Qaytadan shakllangan guruhlarning har birida avvalgi 6 ta guruhdan bittadan vakil bo’ladi. Yangi shakllangan guruh a'zolari o’z jamoadoshlariga avvalgi guruhi tomonidan muammo yechimi sifatida taqdim etilgan xulosani bayon etib beradilar va mazkur yechimlarni birgadikda muhokama qiladilar.
"6 x 6" metodining afzallik jihatlari quyidagilardan iborat:
guruhlarning har bir a'zosini faol bo’lishga undaydi;
ular tomonidan shaxsiy qarashlarning ifoda etilishini ta'minlaydi;
guruhning boshqa a'zolarining fikrlarini tinglay olish ko’nikmalarini hosil qiladi;
ilgari surilayotgan bir necha fikrni umumlashtira olish, shuningdek, o’z fikrini himoya qilishga o’rgatadi.
Eng muhimi, har bir o’quvchi qisqa vaqt (15—20 minut) davomida ham munozara qatnashchisi, ham ma'ruzachi sifatida faoliyat ko’rsatadi.