ABU ISO AT-TERMIZIY
Uning to‘liq ismi Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn az-Zahhoq Abu Iso as-Sullamiy az-Zariyr al-Bug‘iy at-Termiziy bo‘lib, hijriy 209 (melodiy 824) yili Termiz yaqinidagi Bug‘ (hozirgi Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududida joylashgan) qishlog‘ida o‘rta hol bir oilada tavallud topgan[1]. Markaziy Osiyolik mashhur tarixchi Abu Saad Abdulkarim as-Sam'oniy (1113-1167) at-Termiziy Bug‘ qishlog‘ida vafot etganligi uchun al-Bug‘iy taxallusi bilan ham atalganini, olimning ko‘p yig‘laganidan umrining oxirlarida ko‘zi ojiz bo‘lib qolganligidan az-Zariyr (ko‘zi ojiz) taxallusini olganligini ham qayd qiladi[2].
Lekin el orasida at-Termiziy nomi bilan mashhur bo‘lishiga sabab uning butun hayoti va faoliyati (yoshligidan boshlab) Termiz shahri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lganligidan, shuningdek, olim tug‘ilgan Bug‘ qishlog‘i Termiz shahriga yaqin bo‘lib, ma'muriy-idoraviy jihatdan unga mansub qishloqlardan ekanligidan deb izohlash mumkin.
At-Termiziyning oilasi va ota-onasi haqida manbalarda aniq ma'lumotlar keltirilmagan. Tarixchilar uning «Bobom asli marvlik edi, u kishi Lays ibn Sayyor zamonida yashagan, so‘ng u yerdan Termizga ko‘chib kelgan»[3], - degan fikrini keltirish bilan chegaralanadilar. Shuningdek, at-Termiziyning ko‘zi ojizligi xususida ham yozma manbalarda turli-tuman ma'lumotlar keltirilgan. Ba'zi mualliflar uni tug‘ma ko‘zi ojiz bo‘lgan desa, ko‘pchilik mualliflar olimning keyinchalik, umrining oxirlarida ko‘zi ojiz bo‘lib qolganligini yozadilar.
At-Termiziy yoshligidan o‘ta tirishqoq, idrokli va zakovatli bo‘lganligi bois o‘z tengdoshlari ichida ajralib turgan. Ilmga o‘ta qiziqishi tufayli o‘sha davrning ko‘pgina ilmlarini, ayniqsa, hadis ilmini chuqur egallagan. Termiz, Samarqand, Marv va Markaziy Osiyoning boshqa yirik shaharlarida istiqomat qilgan mashhur ulamo va muhaddislar asarlarini qunt bilan o‘rgangan, qo‘shni Balx va Hayraton shaharlaridagi ilm ahllari bilan ilmiy aloqalar o‘rnatilishiga munosib hissa qo‘shgan olimlardan biridir. Yoshligidan ilm-fanga tashna at-Termiziy 850 yildan, ya'ni yigirma olti yoshidan boshlab uzoq yurtlarga, qator xorijiy mamlakatlar va shaharlarga safar qiladi. Jumladan, u Hijozda - Makka va Madina, Iroq, Xurosonning qator shaharlarida ko‘plab muhaddis, ulamolar bilan muloqotda bo‘lib, ulardan ta'lim oladi, qizg‘in ilmiy munozara va bahslarda ishtirok etadi. Tarixchi Shamsuddin az-Zahabiyning ta'kidlashicha[4], at-Termiziy Misr va Shomni shaxsan ziyorat qilmagan, shu boisdan ham bu mamlakatlar ulamolaridan bilvosita hadislar rivoyat qilgan. Uzoq yillar davom etgan safarlari chog‘ida at-Termiziy nafaqat hadis ilmidan, balki ilm al-qiroat, al-bayon, fiqh, tarix kabi fanning boshqa sohalari hamda ko‘plab ustozlardan saboq oladi.
Shu bilan bir qatorda at-Termiziy payg‘ambar alayhissalom hadislarini to‘plashga alohida e'tibor bilan qaraydi. Bu borada u har qanday qiyinchiliklarga bardosh beradi. U o‘zi o‘qigan yoki biror roviydan eshitgan hadisini alohida qog‘ozlarga qayd etib borar, ularning asli va isnodini izchillik bilan aniqlab to‘g‘riligiga to‘liq ishonch hosil qilsagina maxsus qog‘ozlarga qayd etardi. Hadislarning to‘g‘riligiga shubha bo‘lganda ularni alohida ajratib yozardi. Shu tariqa hadislar sahiyh (to‘g‘ri, ishonchli), hasan (yaxshi, ma'qul), zaiyf (bo‘sh, ishonchsiz), g‘ariyb (g‘alati) kabi xillarga ajratilgan.
Hadis ilmini egallashda va takomillashtirishda imom at-Termiziy o‘z davrining mashhur muhaddislaridan tahsil oldi. Uning ustozlaridan Imom al-Buxoriy, Imom Muslim ibn al-Hajjoj, Abu Dovud, Qutayba ibn Sa'id, Ishoq ibn Muso, Mahmud ibn G'iylon, Said ibn Abdurrahmon, Muhammad ibn Bashshor, Ali ibn Hajar al-Marvaziy, Ahmad ibn Muniy', Muhammad ibn al-Musanno, Sufyon ibn Vaqiy' va qator taniqli muhaddislarni ko‘rsatish mumkin[5].
Imom at-Termiziy o‘z davrining yetuk muhaddisi sifatida ko‘pgina shogirdlarga ustozlik ham qilgan. Uning shogirdlaridan Maqhul ibn al-Fazl, Muhammad ibn Mahmud Anbar, Abu ibn Muhammad an-Nasafyun, Hammod ibn Shokir, Xaysam ibn Kulayb ash-Shoshiy, Ahmad ibn Yusuf an-Nasafiy, Abul-Abbos Muhammad ibn Mahbub al-Mahbubiy kabi yetuk olimlarni ko‘rsatish mumkin[6]. Yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek, at-Termiziyning ustoz va shogirdlari orasida turli mamlakat va elat vakillari borligi sezilib turibdi. Shu nuqtai-nazardan qaralganda, uzoq o‘tmishda ham ilm-fanning taraqqiyoti va ma'rifat urug‘larini tarqatish borasida turli o‘lkalarning vakillari yakdil bo‘lib faoliyat ko‘rsatib samarali hamkorlik qilganliklari, umumbashariy qadriyatlar ravnaqi yo‘lida haqiqiy baynalmilallik ruhi mavjud bo‘lganligi hozirgi davrimiz uchun ham ibratli bir holdir.
At-Termiziy zehnining o‘tkirligi hamda quvvai-hofizasi kuchliligi xususida tarixiy manbalarda ko‘plab misollar, rivoyatlar keltiriladi. Jumladan, arab tarixchisi Shamsuddin az-Zahabiyning (1274-1347) «Tazkirat ul-huffoz» («Hofizlar haqida tazkira») nomli asarida quyidagi hikoya keltiriladi: Abu Iso Muhammad at-Termiziy Makkaga hajga borayotganida yo‘lda mashhur muhaddislar bilan muloqotda bo‘ladi va ularning biridan hadislardan saboq berishini iltimos qiladi. U olim: «Bo‘lmasa qog‘oz-qalam ol», degan. Aksiga olib shu payt at-Termiziy qalam topa olmagan va olim ro‘parasida o‘tirib eshitgan hadislarini yozib olayotgandek qog‘oz ustida qo‘lini harakat qildiravergan. Olim esa turli-tuman hadislardan yetmishga yaqinini hikoya qilgan. Shu orada olim qog‘ozga qarab unda hech qanday yozuv yo‘qligini ko‘rgan va at-Termiziyning bu ishidan jahli chiqqan. At-Termiziy shunda bamaylixotir «Siz aytgan hadislaringizni yoddan aytib beraymi?», - deganu hozirgina olimdan eshitgan hadislarning hammasini birin-ketin takror aytib bergan. At-Termiziyning xotirasi kuchliligidan o‘sha olim hayratga tushib qoyil qolganligini bildirgan.
Bu xususda yana bir hikoya at-Termiziyning so‘ziga asoslanib keltiriladi: Makkaga ketayotganimda bir shayx to‘plagan hadislardan ikki qismini yozib olgan edim. Tasodifan o‘sha shayx bilan uchrashib qoldim. Yozib olingan hadislar mazmunan ularga o‘xshash-u, biroq boshqa hadislar ekan. Salom-alikdan so‘ng hadislarni aynan uning o‘z og‘zidan eshitishni iltimos qildim. U rozi bo‘lib, hadislarni hikoya qila boshladi. Keyin menga qarab qo‘limdagi oq qog‘ozni toza, ya'ni hech narsa yozilmagan holda ko‘rgach: «Bu qilig‘ing uchun mendan uyalmaysanmi?», - dedi. Men ma'zurona holda bor haqiqatni aytib: «Siz hikoyat qilgan hadislarning hammasini yoddan bilaman», dedim va uni birin-ketin so‘zma-so‘z aytib berdim. Shayx esa so‘zlarimga ishonqiramasdan «Nima, mening huzurimga kelishdan oldin ularni maxsus yodlagan edingmi?», - dedi. «Yo‘q», deb javob qilib: «Agar so‘zlarimga ishonmasangiz, boshqa hadislardan ayting», dedim. Shunda u o‘zining g‘aroyib hadislaridan qirqtasini hikoya qildi. Men unga ularni ham boshdan oxir birma-bir aytib berdim. Shunda u: «Senga o‘xshaganini hech qachon ko‘rmagan edim»[7], - dedi.
At-Termiziy ko‘plab xorijiy mamlakatlarga qilgan safar chog‘ida hadislarni to‘plab, kitoblar ta'lif qilishga ham kirishgan. Safardan qaytgach, olimu fuzalolar bilan ilmiy munozaralarda qatnashadi, ko‘plab shogirdlarga ustozlik qiladi. Ayniqsa, mashhur muhaddis alloma al-Buxoriy bilan ko‘plab ilmiy bahslar yuritib undan istifoda qiladiki, bu haqda at-Termiziy o‘zining «Al-Ilal» kitobida ham yozadi. At-Termiziyning ko‘pchilik tasniflari, jumladan, uning mashhur asari «Al-Jomi'» ham o‘z vataniga qaytganidan keyin yaratilgan. Imom at-Termiziy 892 yilda Termiz yaqinidagi Bug‘ qishlog‘ida vafot etgan va shu joyda dafn qilingan.
AT-TERMIZIY ASARLARI
O'z ijodiy faoliyati davrida at-Termiziy o‘ndan ortiq asarlar yaratdi. Uning madaniy merosida, shubhasiz, «Al-Jomi'» asari katta ahamiyatga egadir. Bu asar «Al-Jomi' as-sahiyh» («Ishonchli to‘plam»), «Al-Jomi' al-kabiyr» («Katta to‘plam»), «Sahiyh at-Termiziy», «Sunan at-Termiziy» («Termiziy sunnatlari») nomlari bilan ham yuritiladi[8].
Muallifning yirik asarlaridan yana biri «Ash-shamoil an-nabaviyya» («Payg‘ambarning alohida fazilatlari»)dir. Bu asar «Ash-shamoil muhammadiyya», «Ash-shamoil fi shamoil an-nabiy sallollohu alayhi vassallam»[9] nomlari bilan ham ataladi. Ushbu asar Saudiya Arabistonida istiqomat qilgan vatandoshimiz Said Mahmud Taroziy (u 1992 yili vafot etgan) tomonidan o‘zbekchaga o‘girilgan (arab alifbosida va kirillchada Toshkentda bir necha bor nashr qilingan)[10]. «Kitob at-ta'rix», «Kitob al-ilal as-sag‘iyr va al-ilal al-kabiyr», «Kitob uz-zuhd» («Taqvo haqida kitob»), «Kitob al-asmo val-kuna» («Roviylarning ismi va laqablari haqida kitob»), «Al-ilal fil-hadiys» («Hadislardagi illatlar yoki og‘ishlar haqida»), «Risola fil-xilof val-jadal» («Hadislardagi ixtilof va bahslar haqida risola»), «Asmo us-sahoba» («Payg‘ambar sahobalarining ismlari»)[11] shular jumlasidandir.
«AL-JOMI' AS-SAHIYH»
At-Termiziyning ijodiy faoliyatida yaratilgan asarlari ichida «al-Jomi' as-sahiyh» («Ishonchli to‘plam») eng asosiy o‘rinni egallaydi. Ushbu asar yuqorida qayd qilganimizdek, «al-Jomi' al-kabiyr», («Katta to‘plam»), «Sahiyh at-Termiziy», «Sunan at-Termiziy» («Termiziy sunnatlari») kabi nomlar bilan ham yuritiladi. Tarixchi Ibn Xajar al-Asqaloniyning yozishicha, at-Termiziy ushbu asarini 270 hijriy (884 melodiy) yilda, ya'ni qariyb oltmish yoshlarida, ilm-fanda katta tajriba orttirib, imomlik darajasiga erishgandan keyin yozib tugatgan[12].
Ushbu asar qo‘lyozmalari dunyoning bir qancha shaharlarida, shuningdek, o‘zimizda, O'zbekiston Fanlar Akademiyasi, Abu Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik institutida ham saqlanmoqda. Muhim manba sifatida «Al-Jomi' as-sahiyh» bir necha marta nashr qilingan. Bunga dalil sifatida 1283 (1866) yili Mitohda, 1292 (1875) yili Qohirada, shuningdek, 1980 yili Bayrutda nashr etilganligini ko‘rsatish kifoya. At-Termiziyning bu muhim asariga bir qator sharhlar ham yozilgan bo‘lib, ulardan ibn al-Arabiy (vafoti 543 hijriy, 1148 melodiy yili) nomi bilan mashhur bo‘lgan imom hofiz Abu Bakr Muhammad ibn Abdulla al-Ashbiliyning «Oridat al-Ahvaziy ala kitob at-Termiziy» nomli 13 juz' (qism)dan iborat sharhlarini keltirish mumkin. Ushbu sharh dastlab 1931 yidda Qohirada nashr qilingan. Imom Hofiz Abu Ali Muhammad Abdurrahmon ibn Abdurahim al-Muborakfuriy (1283-1353) qalamiga mansub yana bir sharh ham «Tuhfat ul-Ahvaziy bisharhi at-Termiziy» deb ataladi. To‘rt juz'dan iborat bo‘lgan bu asar 1979 yilda Bayrutda nashr qilingan (Hindiston nashri ham mavjud). Misrlik olim va adib Jamoliddin Abdurrahmon ibn Abu Bakr as-Suyutiyning (1445-1505) at-Termiziy asariga yozgan sharhi «Qut al-mug‘taziy ala Jomi' at-Termiziy» (undan ikki qismi nashr qilingan), deb atalgan.
Bulardan tashqari Muhammad ibn Abduqodir Abu at-Tayyib al-Madaniyning «Sharh Sunan at-Termiziy», Ahmad Muhammad Shokirning «Tahqiyq va sharh Jomi' at-Termiziy» (o‘ndan ikki qismi 1937 yidda Mustafa al-Bobiy al-Halabiy tomonidan nashr qilingan), Muhammad Yusuf al-Bannuriyning «Maorif sunan sharh sunan at-Termiziy» (uning birinchi qismi 1963 yilda Pokistonda nashr kilingan), Siroj Ahmad as-Sarhandiyning «Sharh sunan at-Termiziy» nomli forscha sharhi, shuningdek Rashib Ahmad al-Kanuhiyning «Al-kavkab ad-durriy ala at-Termiziy» (Hindistonda chop etilgan), Muhammad Anvarshoh al-Kashmiriyning ikki juz'dan iborat «Al-Urf ash-shaziy ala Jomi' at-Termiziy» (bu asar ham Hindistonda chop etilgan) va nihoyat Abul-Hasan Muhammad ibn Abdulhodiy as-Sanadiyning (u 1138 yilda vafot etgan) «Hoshiya ala sunan at-Termiziy»[13] kabi sharhlarini ko‘rsatish mumkin.
Avval eslatib o‘tganimizdek, hijriy uchinchi asr (melodiy to‘qkizinchi asr) hadis ilmining rivojida oltin davr hisoblanadi. Dastlab bu davrda yashab ijod qilgan Imom al-Buxoriy, Imom Muslim kabi allomalarning sermahsul faoliyati katta ahamiyat kasb etadi.
O'z ustozlari Imom al-Buxoriy, Imom Muslim asos solgan xayrli ishni Imom at-Termiziy chuqur mas'uliyat va katta idrok bilan davom ettirdi. Hadisshunoslikning ilmiy asosda rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shib, musulmon dunyosidagi eng nufuzli muhaddislardan biri darajasiga ko‘tarildi. Abu Iso at-Termiziyning shoh asari bo‘lmish «Al-Jomi' as-sahiyh» olim mashaqqatli mehnatining mahsuli sifatida hadis ilmida katta ahamiyatga ega. Eng avvalo shuni aytish kerakki, muallif o‘z asarini alohida-alohida boblarga bo‘ladi, imkoni boricha har bir hadis roviylarini keltiradi. Har bir hadisdan keyin uning ishonchli yoki ishonchsizlik darajasini aniqlab alohida ko‘rsatadi. Oldinroq biz asarini «As-sunan» («Sunnatlar») nomi bilan («Sunan at-Termiziy») atalishini ham eslatib o‘tgandik[14]. Bu nom bilan atalishiga asosiy sabablardan biri - unda fiqh masalasiga doir ahkom hadislar juda ko‘p keltirilgan. Shular bilan bir qatorda asarda pand-nasihat, axloq-odob, go‘zal xulqu fazilatlar xususida ham juda ko‘p hadisi shariflar keltirilganki, bu darajadagi hadislar hech bir muallif asarida uchramaydi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Tarkibiy jihatdan asar quyidagi boblarga bo‘linadi. Undan tahorat, salot (namoz), zakot, ro‘za, haj, janoza, nikoh, emizish, taloq, savdo-sotiq, qozilik ahkomlari, tovon to‘lash, me'yor, sayd, qurbonlik, nazr-nuzur, iymon, siyratlar, jihod, kiyim-kechak (libos), taomlar, ichimliklar (al-ashriba), xayr-ehson va saxovat, tabobat, farzlar, vasiyatnomalar, xayrixohlik va taqdir, xuruju fitnalar, bashoratlar, shahodatlar, zohidlar, jannat va jahannam sifatlari, ilm, izn so‘rash, odob va axloq, masallar, Qur'on fazilatlari, qiroat, tafsir, duolar, manoqiblar (fazilatlar), illatlar haqidagi boblar keltirilgan[15].
Mana shu boblar asarda sarlavha tarzida bo‘lingan bo‘lib, bobga doir hadislar bo‘lim mazmunini to‘la-to‘kis ifodalaydi. Ushbu bobga doir masala bo‘yicha muallif bir qancha hadislarni keltiradi, so‘ng bu masala yuzasidan boshqa ulamoyu faqihlarning fikrlarini ham batartib bayon etadi. Undan keyin rivoyat qilingan hadisning sahiyh, hasan, zaif yoki g‘aribligi darajasiga o‘z munosabatini bildiradi. Shundan so‘ng hadis roviylari, sanadlari va sanadning o‘z ichiga olgan illatlari xususida o‘z fikrini bildiradi.
Yuqorida aytilgan fikrimizga misol tariqasida Abu Iso at-Termiziyning «Al-Jomi' as-sahiyh» asarida «Tahorat» bobida «Safardagi va bir joyda muqim turgan kishi mahsisiga mash tortishi» haqida keltirilgan bir hadis xususida mufassal to‘xtalamiz.
«Bizlarga Qutayba so‘zlab berdi, unga Abu Uvona rivoyat qilgan, u Sa'yid ibn Masruqdan, u Ibrohim at-Tayamiydan, u Amir ibn Maymundan, u Abu Abdulloh al-Jadaliydan, u Xuzayma ibn Sobitdan, u payg‘ambar alayhissalomdan rivoyat qiladilar. Rasuli akramdan mahsiga mash tortish haqida savol bilan murojaat qilganlarida, payg‘ambar alayhissalom: «Safardagi kishi uchun uch kecha-kunduz, bir joyda muqim kishi esa bir kecha-kunduz o‘z mahsisiga mash tortadi», deb javob qilganlar. Yahyo ibn Mu'iyn mash haqidagi Xuzaymadan rivoyat qilgan ushbu hadisni sahiyh (ishonchli) deydilar. Yuqorida zikri o‘tgan Abu Abdulloh al-Jadaliyning ismi esa Abu ibn Abd bo‘lib, ba'zan uni Abdurahmon ibn Abad ham deb atashar edi.
Imom Abu Iso at-Termiziy aytadilar: «Bu hadis hasan (ma'qul) va sahiyhdir». Shu bob haqida Ali, Abu Bakr, Abu Hurayra, Safvon ibn Ussol, Avf Ibn Molik, Ibn Umar va Jariyrdan rivoyat etilgan hadis bor. Bizlarga Xudod rivoyat qildi, u Abul Ahvasdan, u Osim ibn Abi an-Nujuddan, u Zar ibn Xubayshdan, u Safvon ibn Ussoddan, u aytdi: «Rasululloh sallollohu alayhi vasallam safarida birga bo‘lgan chog‘larimizda bizlarga uch kechayu uch kunduzgacha choriq - mahsilarimizni yechmaslikka buyurardilar. Faqat junub bo‘lgandagina yechib, katta va kichik tahorat singanda ham, uyqudan keyin ham yechmas edik». Abu Iso at-Termiziy aytdilar: bu hadis sahiyh va hasandir. Al-Hakam ibn Utayba va Hammod Ibrohim an-Naxayidan, u Abu Abdulloh al-Jadaliydan, u Xuzayma ibn Sobitdan rivoyat qilgan hadis sahiyh emas. Ali ibn al-Madiyniy xabar beradi: «Menga Yahyo Ibn Sa'yid aytdi, unga Shu'ba shunday degan: Ibrohim an-Naxayi «Mash» haqidagi hadisni Abu Abdulloh al-Jadaliydan hech qachon eshitmagan. Zaida Mansurdan eshitganiga tayanib shunday deydi: «Biz Ibrohim at-Tayamiyning hujrasida o‘tirgan edik, bizlar bilan birga Ibrohim an-Naxayi ham bor edi. Shunda Ibrohim at-Tayamiy bizlarga hadis rivoyat qildi, u Amr ibn Maymundan, u Abu Abdulloh al-Jadaliydan, u Xuzayma ibn Sobitdan, u payg‘ambar alayhissalomdan «Mahsi - choriqqa mash tortish» haqidagi hadis edi. Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy: «Ushbu bobdagi eng ma'qul hadis Safvon ibn Ussol tomonidan rivoyat etilgan hadisdir», deydilar.
Abu Iso at-Termiziy aytadilar: Mash bobidagi bu so‘z payg‘ambar alayhissalomning aksari sahobai ulamolari va tobe'inlari hamda ulardan so‘ng o‘tgan Sufyon, Ibn al-Muborak, ash-Shofi'iy, Ahmad va Ishoq kabi fuqaholarning so‘zlaridir. Ular: «Bir joyda muqim turgan kishi bir kecha-kunduz, safardagi kishi esa uch kecha-kunduzgacha mash tortadi», deydilar. Ba'zi bir ahli ilmlardan rivoyat qilishlaricha, ular mahs - choriqqa mash tortishda muddatni belgilamaydilar. Bu Molik ibn Anasning so‘zidir. (Ammo) Abu Iso at-Termiziy aytganlar: «(Mash tortishda) vaqt (muddat) belgilash va unga rioya qilish to‘g‘ridir». Darhaqiqat, ushbu hadis (avval zikr qilinganidek) Safron ibn Ussoldan rivoyat qilingan edi[16].
Muallif roviylarning fikr-mulohazalari, payg‘ambar alayhissalomga yaqin bo‘lgan sahobalar va boshqa ulamolar fikriga tayanib hadis haqidagi fikrlarini bayon etadi. Asarga kiritilgan bir necha ming hadisni shunday tadqiq qilish muallifdan tinimsiz mehnat, sabr-toqat, irodani talab qilganligini tasavvur qilish qiyin emas.
Chunonchi, at-Termiziy kitoblarida bu xildagi hadislarning birmuncha ko‘pligi uning benazir izlanishlaridan dalolatdir. Ushbu asar haqida muallifning o‘zi ham: «Al-Jomi'»ni yozib tugatib Hijoz, Iroq va Xuroson olimlariga ko‘rsatganimda, ular uni mamnunlik bilan bir ovozdan ma'qul topdilar. Rostdan ham kimning xonadonida bu kitob bo‘lsa, go‘yoki bu uyda payg‘ambar alayhissalomning o‘zlari so‘zlayotgandek[17], - deb yozadi.
Mashhur olim Toshko‘briyzoda Imom at-Termiziy faoliyatiga yuqori baho berib shunday yozadi: «Imom at-Termiziyning hadis ilmi sohasida ko‘plab tasnifotlari bor. Ul zotning «As-Sahiyh» asari ushbu kitoblarning eng yaxshisi va g‘oyat foydalisidir. Bu kitobda «sahiyh», «hasan», «g‘ariyb» kabi turli xildagi hadislar bayon etiladi. Kitobning «Kitob al-ilal» qismi illatli hadislarga bag‘ishlangan holda foydali mulohazalarni o‘z ichiga olgan. Ushbu asarni mutoala qilgan har bir kishi uning noyob durdonalaridan bebahra qolmaydi»[18].
At-Termiziy zamonidagi olimlar uning hadis ilmidagi xizmatlarini yuksak baholaganlar. Hadis imomlaridan biri Abdurahmon ibn Muhammad al-Idrisiy «at-Termiziy hadis ilmida iqtido qilinadigan imomlardan biridir», deb yozsa, Taqiuddin ibn Taymiya «Abu Iso at-Termiziy birinchi bo‘lib hadislarni sahiyh, hasan, zaifga taqsim qilgan olimdir», deb guvohlik beradi.
Hofiz ibn Rajab o‘zining «Sharh ilal al-Jom'» nomli kitobida «bilgilki, Imom at-Termiziy birinchilardan bo‘lib o‘z kitoblarida hadisni sahiyh, hasan va g‘ariybga bo‘lganlar»[19], deb allomaning hadis ilmidagi xizmatlarini alohida ta'kidlaydi. At-Termiziy asarining barchaga - keng ommaga foydasi haqida al-Hofiz Abul-Fazl Muhammad ibn Tohir al-Muqaddasiy (u 507-hijriy - 1113 melodiy yilda vafot etgan) «men uchun Imom at-Termiziyning «al-Jomi'» tasnifi Imom al-Buxoriy va Imom Muslim ibn al-Hajjoj asarlaridan ko‘ra ham foydaliroqdir. Chunonchi al-Buxoriy va Muslimning kitoblaridan ko‘pincha faqat o‘qimishli, ziyoli kishilargina foydalanadi. Ammo Abu Iso at-Termiziyning asaridan esa har bir istagan kishi bemalol foydalana oladi»[20], - deb yozgan edi.
Shu narsani alohida qayd etish zarurki, Imom at-Termiziyning ushbu asarida hadis ilmining turli masalalari kabi roviylar masalasiga ham alohida e'tibor berilgan. Bu jihatdan mazkur asar muallifning boshqa asarlaridan tubdan farq qiladi.
Imom at-Termiziy asarining ushbu foydali tomonlari xususida al-Hokim an-Naysoburiy «al-Madxal ilo ma'rifat kitob al-iqliyl»[21], al-Muqaddasiy «Shurut al-aimmat as-sitta»[22] kabi asarlarida alohida ta'kidlab o‘tgan. Shu bilan birga hadis ilmining istilohlarini yaratishda ham Imom at-Termiziyning hissasi katta. Hadis ilmiga doir istilohlarni o‘rganishda asosiy manbalar hisoblangan «U'lum al-hadiys» («Hadis ilmlari») kitoblarida uchraydigan barcha istilohlar «al-Jomi'» asarida keng ko‘lamda keltirilgan. At-Termiziy uslubiga taqlid qilib asar yaratgan mualliflardan Imom ad-Doruqutniyni (995 yilda vafot etgan) ko‘rsatish mumkin. U o‘zining ulkan asari «as-Sunan»ni yaratishda hadislarni turli toifalarga ajratib, ularni sahiyh, hasan va zaif darajalarda keltiradi. Shuningdek, Imom Abdulazim al-Munziriy (1258 yidda vafot etgan) ham «At-Targ‘iyb vat-tarhiyb»da Imom at-Termiziy uslubidan yurib har bir hadis haqida alohida fikr yuritadi. Imom at-Termiziy haqida alloma al-Idrisiy «al-Jomi'», «Tarixlar», «al-Ilal» kabi buyuk asarlar tasnif etdi. Hifzda (yodlashda) u haqida masallar keltiradilar»[23]. Muarrix Ibn al-Asir uning haqida: «Hadis ilmida iqtido qilinadigan buyuk olimlardan biri, u eng buyuk hofizlardan ham sanaladi»[24], deb yozgan.
Imom at-Termiziy o‘z ustozi va safdoshi Imom al-Buxoriy suhbatida bo‘lganda u at-Termiziyga «Men sendan ko‘rgan foyda sen mendan ko‘rgan foydadan ko‘proq»[25], deb uning bilimi va aql-idrokiga yuksak baho bergan. Mana shu keltirilgan fikr-mulohazalardan ko‘rinib turibdiki, Imom at-Termiziy hadis ilmining ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan buyuk alloma bo‘lgan. Shu bilan bir qatorda Imom at-Termiziy faoliyatiga bir qadar ta'na bilan qaragan olimlar ham bo‘lgan. Uni sahiyh va hasan hadislar darajasi (rutbasi)ni aniqlashda biroz ko‘ngli bo‘sh, iltifotli bo‘lgan. Bu shundan iboratki, ba'zi bir sahiyh yoki hasan hadislar ushbu darajaga loyiq bo‘lmasa ham ularni sahiyh va hasan deb qabul qilgan deyiladi. Mana shunday at-Termiziyga ta'na bildirganlardan biri tarixchi Shamsuddin az-Zahabiy bo‘lib, u o‘z asari «Miyzon al-e'tidol»da bu e'tirozini bildirgan[26]. Lekin Imom at-Termiziy ijodini chuqur o‘rgangan qator tadqiqotchilar az-Zahabiy e'tirozlari aksar holda asossiz ekanligini ilmiy, asosli xulosalar bilan isbotlagan[27]. Ayni vaqtda Imom at-Termiziyning o‘zi ham ushbu asarni yozib tugatgach, o‘z davrining yetuk olimlari hukmiga havola etgan va ular muhokamasidan o‘tkazgan. Bu haqda alloma shunday hikoya qiladi: «Ushbu asarimni tasnif etib bo‘lgach, al-Hijoz ulamolariga taqdim etdim, ular ma'qulladilar, keyin Iroq ulamolariga ko‘rsatdim, ular ham ma'qulladilar, so‘ng Xuroson ulamolariga ko‘rsatganimda, ular ham ma'qul topdilar»[28].
Hadis ilmi bilan shug‘ullangan muhaddislar hadislarni boblarga bo‘lish (tabviyb)ga, tarojum va unvonlar (anoviyn)ga alohida e'tibor berganlar. Bu masalalar muallifdan yuksak salohiyatni talab qiladi. Boblarga bo‘lish masalasi yaxshi hal bo‘lgan asarlarning, bir tomondan, ilmiy ahamiyati katta bo‘lsa, ikkinchi tomondan, bu zayldagi asarlar ulkan amaliy ahamiyatga ham molikdir. Chunonchi, undan foydalanuvchi har bir kishi istagan masala bo‘yicha kerakli ma'lumotga ega bo‘lishi mumkin. Mana shu tarzdagi ilmiy-amaliy ahamiyatga molik olti kitob eng ishonchli manba hisoblanadi. Ular olti kitob (kutub sitta) yoki olti sahiyh kitoblar (as-sihoh as-sitta) nomli bilan ataladi: al-Buxoriyning «Sahiyh», Muslim ibn Hajjojning «Sahiyh», at-Termiziyning «al-Jomi'», Abu Dovudning «as-Sunan», an-Nasoiyning «al-Mujtabo» yoki «as-Sunan» va Ibn Moja al-Qazviniyning «as-Sunan» asarlari.
Imom at-Termiziy hadislarni boblarga bulish (tabviyb)da ikki xil uslubga tayandi.
Birinchi uslub: Bir mavzuga, masalan, tahorat, zakot, nikohga oid turli-tuman masalalar va boblarni o‘zida mujassam qilgan hadislarni umumiy bir unvon (sarlavha) ostida keltiradi... Masalan: Abvob at-tahorati a'n Rasululloh (Rasululloh aytganlaridan tahoratga oid boblar), Abvob az-zakot a'n Rasululloh («Rasululloh aytganlaridan zakotga oid boblar») va hokazo.
Ikkinchi uslub: Muayyan masalaga oid bir yoki bir necha hadislarni muallif dalolat uchun maxsus unvon (sarlavha) va bobda keltiradi. Bunday hollarda at-Termiziy ushbu bob mazmuniga oid bosh so‘zga tayanib yozadi. Masalan: «Bob mo joa fis-sivok» («Misvok (tish tozalovchi) xususida kelgan hadis...»).
Imom at-Termiziy hadislar mavzu bayonida bob (ko‘pligi abvob) iborasini qo‘llagan bo‘lsa, ayni shu maqsadda Imom al-Buxoriy esa «kitob» lafzini ishlatgan. At-Termiziy muqarrar ravishda har safar bob (abvob)dan keyin «Rasululloh sallallohu alayhi vasallam» iborasini qo‘shib keltiradi.
Bu o‘rinda har bir bob tarjimasida Imom at-Termiziy qo‘llagan tariqa (yo‘l, uslub)ni bilish alohida ahamiyat kasb etishini ta'kidlash zarur, chunki mana shu tarojumlar oxir-oqibatda muallifning jiddi-jahdi, uning iqtidori va qolaversa fiqhiy chuqur bilimini ham ifodalaydi. Mana shu masalani muayyan darajada o‘rganish Imom at-Termiziy tarojumlarini uch turga bo‘lishni taqozo etadi:
Birinchidan, tarojuming zohiriy tariqasini, bu uning mazmunidan ochiq oydin anglashilib u haqda hech bir fikrlash va mulohazaga ehtiyoj bo‘lmaydi. Ikkinchidan, istinbotiy (tadqiq qilib o‘rganiladigan) tarojumlarki, ularning muayyan darajada (chuqur yoki bir qadar yuzaki) bahs va tafakkur vositasida o‘sha bob mazmuniga mosligi idrok etiladi.Uchinchidan, mursaliy (bo‘sh, ochiq) qoldirilgan tarojumlar bo‘lib, unda hadisning mazmuniga ishorat qiladigan unvon (sarlavha) bo‘lmay faqat «bob» iborasi bilan chegaralanadi. Mana shu uch tariyqa (yo‘l, uslub) tarojumlar Imom at-Termiziyning «al-Jomi'», shuningdek, Imom al-Buxoriyning «Sahiyh al-Buxoriy» asarida ham mavjuddirki[29], bu taqsimlash uslubi tarojumlarni chuqur tadqiq etishda katta ahamiyat kasb etadi.
Eng avvalo zohiriy tarojumlar (at-tarojum az-zohira) haqida gapiradigan bo‘lsak, bu xildagi tarojumlar at-Termiziyning asarida aksar hollarda uchrab, hatto uning asari, ba'zi mualliflar alohida ta'kidlaganlaridek[30], bu yo‘nalishdagi eng qulay asarlardan sanalgan. Chunonchi, at-Termiziy asari bilan tanishgan har bir ilm tolibi bu holni osonlikcha fahmlaydi. Muallifning «mo joa» (taalluqli, doir) yoki ko‘p hollarda «bobun mo joa fi kazo» («falon masalaga doir bob») deb alohida ta'kidlashi mazkur tarojumning mazmun-mohiyatini aniq ko‘rsatadi. Ushbu ibora Imom al-Buxoriy faoliyatida ham, garchand kam hollarda bo‘lsa-da, kuzatiladi.
Imom at-Termiziy faoliyatida ko‘p uchraydigan ushbu xildagi tarojumlar muayyan maqsadlarga qaratilgan va ma'lum ma'nolarni anglatadi. Ushbu masalada Imom at-Termiziy maslaklarini Imom al-Buxoriy maslaklari bilan muqoyasa qilishlikning ilmiy ahamiyati borligining guvohi bo‘lamiz.
Imom al-Buxoriy va Imom at-Termiziy asarlari zohiriy tarojumlarning qator maslaklarida bir-biriga mushtarak ekanligini ko‘ramiz. Bu hol quyidagi masalalarda ayon bo‘ladi:
1. Umumiy xabariy (hikoyat) siyg‘aga ega tarojum bo‘lib, bunda tarojum, bobning mazmunini umumiy bir xabar, extimollik holatiga ishorat qilib so‘ngra bobda keltirilgan hadis orqaligina asil maqsad ayon bo‘ladi. Bu hol avvalroq qayd qilganimizdek, Imom at-Termiziyda ko‘p uchrab, Imom al-Buxoriyda kamroq keltiriladi.
At-Termiziyning «Al-Jomi'» asaridan bir misol keltiramiz. Asarda muallif «Bobun mo joa fis-sivok» (Sivok) tishkovlagich, misvok xususidagi bobga doir «Agarki ummatimga qiyin bo‘lmaganda edi har bir namozdan oldin misvok bilan tishlarini tozalashni buyurardim»[31], degan hadis bilan tasdiqlaydi-ki, bu bilan asl murod-maqsadini aniq bayon qiladi. Yoki bo‘lmasa kiyim haqidagi boblarda «Bobun mo joa fil-hariyr vaz-zahab» («shoyi va tillo xususidagi bob»)ga doir Abu Muso al-Ash'ariyning rivoyati asosida Rasulullohning «Shoyi (hariyr) va tillo buyumlarni kiyishni ummatimning erkaklariga harom va ayollariga halol qilganligini»[32] hadisga tayanib ta'kidlaydi.
2. Xos (maxsus) xabariy (hikoyat) siyg‘aga ega tarojum bo‘lib, bundagi bob masalani aniq ifoda qiladi.
Bunga misol tariqasida Imom at-Termiziy asaridan salot (namoz) haqidagi hadislarni keltirish mumkin[33].
3. Savol tarzidagi siyg‘aga ega tarojum (at-tarojuma bi-siyg‘atil-istifhom) - bu shunday holatki, bunda bob tarojumasi savol (istifhom) tarzidagi iboralardan tashkil topadi. Bu maslak Imom al-Buxoriy ijodida ko‘proq va daqiyq uslubda qo‘llanilgan, Imom at-Termiziyda esa nisbatan kam hollarda uchraydi. Ulamolarning fikricha, bu tarzdagi tarojumlar asosan ixtilofli va bahsli masalalarga doir bo‘lib, masalan, Imom at-Termiziy o‘z asarida keltirgan (namoz paytida nuhud (sajdadan turish) qanday bo‘lishi kerak haqidagi bobga doir»[34] ni ko‘rsatish mumkin. Turli mazhablar (masalan, shofe'iylar va hanafiylar) o‘rtasida ushbu masalada muayyan ixtilof bo‘lib, bu haqda muallif ham o‘z asarida ko‘rsatib o‘tgan.
4. Bob hadisdan iqtibos etib olingan tarojum yoki to‘lig‘icha hadisning so‘zlari bobda kelgan tarojumda qisman yoki to‘lig‘icha rivoyat qilinadi. Bu fikrni Imom at-Termiziy odob haqida keltirgan bir hadisda yaqqol ko‘rishimiz mumkin. «Olloh atsni (aks urmoqni) xushlab, esnashni yoqtirmasligiga doir bob»da ushbu hadisni ixroj etadi. «Darhaqiqat, Olloh aksirishni xush ko‘rib, esnashni yomon (karohatli) ko‘radi. Shu tufayli agar biror kishi aks, ursa alhamdullilohi, deydi va uning bu so‘zini eshitgan har bir kishi «Senga Ollohning rahmati yog‘ilsin» (yarhamuka Olloh) va hokazo deydi»[35]. Mana shu misoldan yaqqol ko‘rinib turibdiki, ixroj qilinayotgan hadisdan bir qismi tarojumda keltirilgan. Ayni shu holni Imom al-Buxoriyning asarida ham uchratamiz. Masalan, tib (tabobat) haqida «dardini bergan Olloh uning shifosini ham o‘zi beradi bobidagi» hadisning so‘zi aynan shu bobda ham ixroj qilingan[36].
5. Amrli masalaning boshlanishi va biror ishning paydo (zohir) bo‘lishi haqida ogoh etuvchi tarojumlar. Imom at-Termiziy, shuningdek, al-Buxoriy biror ishning boshlanishidan darak beruvchi tarojumlarni keltiradi. Masalan, Imom at-Termiziy salot (namoz) haqida «Azonning boshlanishiga doir bob». Mana shu mavzuning qay tariqa boshlanishi haqidagi to‘liq ma'lumotlarni o‘z ichiga qamraydi[37]. Shu sababli ular shariatning tarixiga doir ko‘plab ma'lumotlarga ega bo‘lganligidan ulamolar, ilm toliblari va tadqiqotchilar uchun g‘oyatda qimmatlidir. Ayni vaqtda shuni ham qayd etish kerakki, turli mazhablarga mansub ulamolar o‘rtasidagi ixtilofli masalalar bo‘yicha, xususan fiqhiy masalalarda Imom at-Termiziy o‘z asarlarida alohida hadislarni dalillar vositasida boblar bilan keltirgan hollari ko‘p uchraydi.
Arab tilida istinbotiy tarojumlar deb nomlanadigan boblarda mualliflar o‘z kitoblariga kiritilgan masalalarga ularning mazmun va mavzularidan kelib chiqqan holda unvon (sarlavha)lar qo‘yadilar. Bu holda sarlavha o‘sha bobning mazmuniga ochiq-oydin mos bo‘ladi. Bundan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad kitob muallifi muayyan bobda mavjud hadislar bevosita yetisha olmagan natijaga erishishdir. Shu bois ham muallif o‘z fikr-mulohazasi yordamidagina ushbu maqsadga erishadi. Bu uslub Imom al-Buxoriy kitobida ko‘p qo‘llanilgan bo‘lsa, Imom at-Termiziyda nisbatan kamroq qo‘llanilgan.
Ayni vaqtda bu ikkala buyuk muhaddis ijodiyotida istinbotiy tarojumlarda mushtarak yo‘l-yo‘riqlar (maslaklar) mujassam bo‘lganligining ham guvohi bo‘lamiz.
«Mursaliy tarojumlar» deb atalgan boblarda esa tarojumlar rivoyat etilgan bo‘lsa-da, to‘lig‘icha zikr qilinmaydi va uning unvoni «bob» degan so‘z bilan chegaralanadi. Imom at-Termiziy «al-Jomi'» asarida bu xildagi tarojumlar ikki so‘z (ibora)da - «bob» va bob minhu (undan bob) bilan keltiriladi. Imom al-Buxoriy esa faqat bir siyg‘a (ya'ni bob)ni qo‘llash bilan chegaralangan.
Yuqoridagi fikr-mulohazalardan quyidagi xulosaga kelish mumkin:
- Imom al-Buxoriy uslubiga ergashgan holda Imom at-Termiziy ham o‘z kitobini avval boblarga bo‘lgan holda tartib berib, so‘ngra tarojumlarni al-Buxoriy oldin qo‘llagan uslub va maslaklarga tayanib ta'lif etdi;
- Imom at-Termiziy o‘z ustozi Imom al-Buxoriydan g‘oyatda ta'sirlangan holda uning ijodidan o‘z «al-Jomi'» asari tasnifida foydalandi;
- Imom at-Termiziy asarida keltirilgan tarojumlarni idrok etish osonroq bo‘lib, Imom al-Buxoriy asarida mukammal istinbot (chuqur tadqiq etish) ustunligi ko‘zga tashlanadi;
- Imom al-Buxoriyning Abu Iso at-Termiziydan yana bir ustunligi tarojumlar yo‘l-yo‘riq (masolik)larining xilma-xilligi, ularda ko‘p ilmiy va boshqa foydali jihatlarining aks etishidir;
- Imom at-Termiziy tarojumlarga mazkur bob mazmuniga dalil sifatida qaraydi, ammo Imom al-Buxoriy esa ularga (tarojumlarga) o‘z fiqhi va ilmini ham ifoda etadi.
«AL-JOMI'» ASARIDA FIQH MASALALARI
Hadis ilmiga bag‘ishlangan asarlarda ahkom masalalarini o‘rganish hijriy ikkinchi asrning o‘rtalaridan, Imom Molik ibn Anas davridan boshlangan edi. Mana shu paytdan boshlab hadislarni tadvin etish (tartiblash) fiqhiy boblarga asoslanib amalga oshirilib, shu maqsadda muvattot tartibida asarlar paydo bo‘la boshladi. Masalan, al-Qoziy Iyod o‘zining «al-Mudorak» nomli asarida «birinchi bo‘lib «al-Muvatto» asarini yaratgan Abdullaziz ibn Abdulmalik ibn al-Majishun»[38] deb yozgan edi.
Shundan so‘ng Imom Molik ibn Anas uning bu faoliyatini g‘oyatda ma'qullab o‘zi ham «al-Muvatto» asarini tasnif etdi[39]. U o‘zi al-Madina al-munavvara va boshqa shaharlarda uchratgan ulamolardan yozib olgan hadislaridan tanlab olib bu asariga kiritdi. Muallif ushbu asariga kiritgan mazkur hadislarni sof manba deb hisoblab, hadis to‘plash maqsadida boshqa mamlakatlarga safar qilmadi. Yana shuni qayd etish kerakki, «al-Muvatto»ga nafaqat marfu' (ya'ni payg‘ambar allayhissalomga borib bog‘lanadigan) hadislar, balki madinalik sahobalar va tobe'iyn ulamolardan rivoyat qilingan hadislar ham kiritilgan. Shu bilan birga muallif fiqhiy masalalarda o‘z nuqtai-nazarini va mulohazalarini bildirgan edi. Yuqorida zikr qilganimiz al-Qoziy Iyod «al-Mudorak» asarida Molik ibn Anasning o‘z asari «al-Muvatto» haqida «Unda («al-Muvatto»da) Rasululloh hadislari, sahoba va tobe'iynlarning so‘zlari va o‘zimning fikr-mulohazalarim mujassam bo‘lgan»[40], - degan so‘zlarini keltiradi.
Molik ibn Anas ushbu asarini yaratishga alohida e'tibor va o‘ta mas'uliyat bilan qaradi. Asarga tanlab kiritilgan hadislarning soni to‘rt ming hadisni tashkil etadi. Ko‘p olimlarning fikricha, bu asar islom dini ravnaqi uchun ham, musulmonlar uchun ham katta ahamiyatga molikdir[41]. Muallifning turli masalalar bo‘yicha o‘z fikrini dadil bildirishi «Uyqudan namozga turilsa, albatta, tahorat olish zarur»[42] degan fikrida namoyon bo‘ladi.
Hadislardagi fiqhiy masalalarni tadqiq etishda Molik ibn Anasga ergashgan ayrim mualliflar (masalan, Ibn Abu Shayba, Abdurrazoq ash-Shofi'y) ham shu yo‘sinda asarlar tasnif etdilar[43]. Mana shu mualliflar asarlarini, shuningdek, ahl ar-rayning fiqhiy masalalardagi fikr-mulohazalarini har tomonlama chuqur o‘rgangan, tadqiq etgan Imom al-Buxoriy o‘zining «as-Saxiyh» asarida fiqhiy masalalarga alohida e'tibor berib uni batamom yuksak pog‘anaga ko‘tardi[44]. Imom al-Buxoriydan keyin bu sohaga qo‘l urgan muhaddislardan biri uning shogirdi Imom at-Termiziy hisoblanadi. Bu paytga kelib hadislarda fiqhiy masalalarda qator asarlar yaratilgan va muayyan darajada taraqqiy etgan edi. Mana shunday holatda Imom at-Termiziy o‘zining shoh asari «al-Jomi'»da o‘ziga xos uslubni qo‘llaydi. Muallif fiqhiy masalalar va ahkomlarni o‘z abvoblari (boblari) mazmuni jumlasiga kiritadi. Fiqh ilmi olimlarining fikr-mulohazalarini keltirib turli-tuman mazhablardan ogoh qildi, ba'zi hollarda ulardan eng maqbuli va afzallarini ajratib ko‘rsatdi. O'z asarlarida ahl al-ilm nazdida qabul bo‘lgan hadislarga tayangan holda fikr yuritdi.
Fiqhiy masalalarda Imom at-Termiziy uslublarini umumlashtirgan holda quyidagi xulosalarni chiqarish mumkin:
- tarojumlarga e'timod qilish;
- bob mazmunida ulamo va roviylar fikrini hadislarda ifoda etish;
- g‘oyalar o‘rtasida afzallarini alohida ko‘rsatish;
- boblarni ulardan kelib chiqadigan ahkomlarga asosan turlarga bo‘lish.
Imom at-Termiziyning «al-Jomi'» asari bahsli masalalarni talqin qilishda yirik manba hisoblanadi. U ayniqsa qadimiy (qariyb unutilayozgan) ta'limotlarni o‘rganish masalasida tengi yo‘q asarlardan biri sifatida tan olingan. Masalan, Imom al-Avzo'iy, Iroqda yashagan mashhur imomlardan Sufyon as-Savriylarning mazhabiy ta'limotlari uzoq muddat amalda joriy bo‘lgan edi.
Ibn Rohvayh nomi bilan mashhur bo‘lgan xurosonlik olim Imom Ishoq Ibrohim al-Hanzaliy, movarounnahrlik alloma Abdulloh al-Muborak al-Marvaziy mazhablarini o‘rganishda ham Imom at-Termiziy asarining ahamiyati beqiyos edi. Bu asar nafaqat qator mazhabiy ta'limotlar, ayni vaqtda ulamolar o‘rtasidagi ixtilofiy masalalarni har tomonlama o‘rganishda ham alohida ahamiyatga molik edi. Shu bois bu asar haqida «Ixtilofli masalalar haqida bizgacha yetib kelgan eng qadimiy manba»[45] deb alohida ta'kidlanadi. Imom at-Termiziy asarining o‘sha mazhab sohiblari va peshvolari yashagan davrga vaqt jihatdan yaqinligi asarga ishonchli manba sifatida qarashni taqozo etadi. Bu hol ayniqsa ilm ahllari va tadqiqotchilar uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Chunonchi, asardagi naqllarda imkon boricha kamroq xatoga yo‘l qo‘yilib, keyin yozilgan asarlarga nisbatan unga afzallik beriladi.
Imom at-Termiziyning «al-Jomi'» asarida fiqhiy masalalar ham ifoda etilgan bo‘lib, ularni tadqiq etishda uchta muhim jihatga e'tibor berishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.
Birinchi masala - Imom at-Termiziyning fiqhiy yo‘nalishi.
Ikkinchi masala - u rivoyat qilgan hadislarda mazhabiy isnodlarning o‘rni.
Uchinchi masala - fiqhiy masalalar ifodasi.
Mana shu masalalarni batafsil ko‘rib chiqish at-Termiziyning fiqhiy masalalardagi qarashlarini to‘liq ifoda etadi.
Imom at-Termiziyning fiqhiy yo‘nalishi. Hijriy ikkinchi asrni islom dinida fiqhiy masalalarda uyg‘onish davri, desak hech bir mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunonchi, ayni shu paytda ijtihod degan masala paydo bo‘lib, bu sohada turli mazhablarning ashoblari - yirik ulamolar yetishib chiqqan.
Ijtihod - Qur'oni karim va payg‘ambar alayhissalom hadislariga asoslangan holda davr taqozosini hisobga olib, jamiyat taraqqiyoti va ma'naviyati ravnaqiga xizmat qiladigan foydali g‘oya va mafkuralar yaratish, muammolarni hal etishning maqbul, yangi yo‘llarini topishdir[46]. Bu hol, albatta, islom dinining o‘ziga xos xususiyatlaridan hisoblanadi. Binobarin ilm-fan taraqqiyotidagi o‘zgarishlarni teran anglab shariat ahkomlarini zamonga mos ravishda talqin qilish har qanday davrda ham xalqimizning har tomonlama taraqqiy etishiga sezilarli vosita bo‘lgan.
O'sha davrdan boshlab ijtihod ahlining tutgan yo‘li (tariqati) asosan ikki guruhga ajralgan edi: ahl ar-ray tariqati va ahl al-hadis tariqati. Ahl ar-ray tariqatining markazi Iroqda, ayniqsa al-Kufa va Basrada bo‘lib, uning ulamolari ahl ar-ray deb atala boshlandi. Ahl al-hadisning maktabi al-Hijoz (Makka, Madina)da bo‘lib ular ulamolariga ahl al-hadis deb nom berildi. Har toifaning yetakchi imomlari bo‘lib, ularning izdoshlari o‘z mazhablarining afzalligi va g‘alabasi yo‘lida jiddi-jahd ko‘rsatardilar va da'vat yo‘li bilan yangi tarafdorlarni topib, ular sonlarini ko‘paytirishga intilardilar. Hijriy uchinchi asrda hadis ilmida olti sahih kitoblarning mualliflari, shu jumladan Imom at-Termiziy yashab ijod qildi. Bu davrda musulmonlar o‘rtasida mashhur imomlarning mazhablariga qo‘shilish, mazhabiy taqlid paydo bo‘ldi. Bunda taqlidchilar muayyan bir imom mazhabini ixtiyor etib, uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab tarafkashlik qilar, ko‘p hollarda esa ular o‘rtasida qizg‘in bahslar, kurashlar ham sodir bo‘lardi. Mana shu tariqa ular o‘rtasida ixtilof kuchaya boshladi.
Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziyga o‘xshash nufuzli muhaddislar Qur'oni karim, payg‘ambar hadislari, sahobai kiromlarning asarlarini butun mazmun-mohiyati bilan egallaganliklari tufayli, ularda ijtihodiy qarashlar mavjud bo‘lsa-da, lekin ular taqlidchilarga mansub emasdilar. Ular o‘z ijtihodiy g‘oyalari haqida baralla gapirib, shunga amal qilardilar, ayniqsa ixtilofli masalalar paydo bo‘lgan vaziyatlarda bu holatga ko‘proq rioya qilardilar[47].
Turli mazhablar va g‘oyalarga munosabat masalasida Imom at-Termiziyning tutgan mavqei payg‘ambar alayhissalomning hadislari va faqat dalil-isbotlar bilangina xulosa chiqarishga asoslangan edi. Albatta, bunday hollarda faqat sahiyh hadislar va eng kuchli dalil asosiy rol o‘ynar edi. U o‘z ustozlari - eng avvalo Imom al-Buxoriyning va boshqa hadis ilmidagi ulamolarning ta'sirida ahl ar-ray mazhabiga emas, ahl al-hadis yo‘lida sobitqadamlik bilan fikr yuritdi, uni chuqur tahqiq va tadqiq (istinbot) etish orqali o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Imom at-Termiziy ijodining yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, u ahl ar-ray haqida gapirar ekan, ular mazhablarini bayon kilish uchun o‘z asarida «qola ahl al-Kufa» (Kufa ahli degan) yoki «Qola ba'zu ahl al-Kufa» («ahl al-Kufadan ba'zisi degan») kabi iboralarni ko‘p ishlatadi[48].
Imom at-Termiziy asarida ko‘p uchraydigan iboralardan yana biri «ashobuno» («bizning ashoblarimiz») iborasidir. Bu umumlashgan atama bilan at-Termiziy Molik ibn Anas, Muhammad ibn Idriys ash-Shofe'iy, Ahmad ibn Hanbal, Ishoq ibn Rohvayh kabi fiqh ilmining mujtahidlaridan bo‘lgan ahl al-hadisni nazarda tutgan[49].
Hadis ilmining yirik allomasi sanalgan Imom at-Termiziy ulamolarning so‘zlari va ularning fiqhiy ta'limotlarini faqat hadislarga xos bo‘lgan ishonchli isnodlar bilangina keltiradi, ularga tayanib ilmiy xulosalar chiqaradi. Binobarin, mazhab sohiblaridan naql etiladigan fikr-mulohazalarni bilishda isnodlar katta ahamiyat kasb etardi. Imom at-Termiziy fiqhiy isnodlarni Sufyon as-Savriy, Muhammad ibn Usmon al-Kufiy, Ubaydulloh ibn Muso al-Abasiy, Maktum ibn Abbos at-Termiziy, Muhammad ibn Yusuf al-Firyobiydan naql qilgan[50].
Bir qancha buyuk muhaddislar bu sohada barakali ijod qilgan bo‘lib, ulardan Imom al-Buxoriyning ustozi Ali ibn Abdulloh al-Madiyniy, Imom Ahmad ibn Hanbal, Imom al-Buxoriy, Muslim ibn al-Hajjoj, Imom at-Termiziy, Ibn Abu Hotam, ad-Doruqutniylarni zikr qilish mumkin. Mana shu mualliflarning asarlaridan Imom ad-Doruqutniyning musnadlarga asoslanib tartib berilgan o‘n ikki jildlik illatli hadislarga bag‘ishlangan asari alohida o‘rin egallaydi[51].
Imom at-Termiziy illatli hadislarga bag‘ishlab ikki asar yaratgan bo‘lib, ular «Al-Ilal as-sag‘iyr» va «Al-Ilal al-kabiyr yoki al-mufrad» nomi bilan ataladi. «Al-Ilal as-sag‘iyr» asarini Imom at-Termiziy «al-Jomi'»ning xotimasi sifatida yaratgan. «Al-Ilal al-kabiyr yoki mufrad» esa alohida mustaqil asar bo‘lib, unda birinchi asariga kirmagan illatli hadislar keltirilgan.
AT-TERMIZIYNING «ASH-SHAMOIL AN-NABAVIYYA» ASARI
Abu Iso at-Termiziyning boshqa bir yirik asari «Ash-shamoil an-nabaviyya» («Payg‘ambarning alohida fazilatlari») deb ataladi. Bu asar ba'zi manbalarda «Ash-shamoil fi shamoil an-nabiy sallollohu alayhi vassallam», «Ash-shamoil al-Muhammadiya» nomlari bilan ham keltirilgan. Asar payg‘ambar alayhissalomning shaxsiy hayotlari, u zotning suvrat va siyratlari, ajoyib fazilat va odatlariga oid to‘rt yuzu sakkiz hadisi sharifni o‘ziga jamlagan qimmatli manbadir. Bu o‘rinda shuni ta'kidlash kerakki, ushbu mavzu ya'ni payg‘ambar alayhissalomning fazilatlari, odatlari haqidagi hadislarni to‘plash bilan juda ko‘p olimlar, muhaddislar shug‘ullanganlar va bu xildagi hadislar turli-tuman kitoblardan o‘rin olgan. Lekin at-Termiziy asarining boshqalardan afzalligi va farqi shundaki, muallif imkoni boricha payg‘ambar alayhissalom fazilatlariga doir barcha hadislarni muntazam ravishda to‘plab, mantiqan izchil bir holatda tartibga keltirgan va o‘ziga xos mustaqil, yaxlit kitob shaklida tasnif qilgan. «Ash-shamoil an-nabaviyya» azaldan islomshunos olimlar va tadqiqotchilarning diqqatini o‘ziga jalb qilib keladi. Arab tilida bitilgan ushbu asarga bir qancha sharxlar va hoshiyalar ham yozilgan. Ulardan Abdurauf al-Munoviy al-Misriyning (vafoti 1003 hijriy yili) «Sharh ush-shamoil», Ali ibn Sulton al-Haraviy al-Qoriyning (vafoti 1192 hijriy yili) «Jam' ul-vasoil fi sharhi ash-Shamoil», Sulaymon ibn Umar ibn Mansur al-Jumalning «Al-Mavohib al-Muhammadiyya bisharh ash-shamoil at-Termiziyya» kabilarni keltirish mumkin. Bu asarning bir qo‘lyozmasi Qohiradagi al-Azhar kutubxonasida 144 hadis ilmi raqami ostida saqlanmoqda, Muhammad ibn Jasus al-Molikiyning (vafoti 1182 hijriy yili) «Al-Favoid al-jaliyla al-bahiyya ala «Ash-shamoil al-Muhammadiyya (bu asar 1927 yilda nashr qilingan) va nihoyat al-Azhar universitetining sobiq shayxi Ibrohim al-Bojuriyning (vafoti 1277 hijriy yili) «al-Mavohib al-Laduniyya ala ash-shamoil at-Termiziyya» kabi sharhlarini ko‘rsatish mumkin.
Kezi kelganda shuni ham ta'kidlash kerakki, asar tili oddiy va ravonligi, soddaligi bilan ham ajralib turadi. Muhim tarixiy manba sifatida «Ash-shamoil an-nabaviyya» fors va turk tillariga ham tarjima qilingan. 1248 hijriy yili Hisomiddin an-Naqshbandiy tomonidan turkiy tilga qilingan tarjimasi arab tilini bilmaydigan turkiy xalqlar uchun g‘oyatda foydali qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi. At-Termiziyning ushbu asariga sharh yozgan shayx ibrohim al-Bojuriy: «Imom at-Termiziyning «Ash-shamoil an-nabaviyya» kitoblari o‘z bobida yakkayu yagona asardir. Uning ovozasi Mag‘ribu Mashriqqa borib yetdi»[52], - deb ta'kidlaydi. Mashhur olim Ali ibn Sulton al-Haraviy al-Qoriy o‘zining yuqorida zikr qilingan «Jam' al-vasoil fi sharh ash-Shamoil» nomli sharhida at-Termiziyning ushbu asari xususida shunday deb yozadi: «Rasululloh sallollohu alayhi vassallamning fazilatlari, axloqlari haqida tasnif etilgan musannafotlarning eng chiroyli va yaxshisi bu Imom at-Termiziyning payg‘ambar siyratlari haqidagi mukammal va muxtasar kitoblaridir. Bu kitobni mutolaa qilgan har kishi janob payg‘ambarni ko‘rganday va ul zotning har bobidagi mahosini shariflaridan bahramand bo‘lganga o‘xshaydi»[53]. Oldinroq eslatib o‘tganimizdek, asarning Saudiya Arabistonida istiqomat qilgan vatandoshimiz Sayyid Maxmud Taroziy tomonidan ona tilimizga qilingan muxtasar tarjimasi 1990 yili Imom at-Termiziyning 1200 yillik yubileyi munosabati bilan Toshkentda qaytadan nashr qilindiki, bu hol buyuk muhaddisning qimmatli asarini o‘rganishda katta ahamiyat kasb etishi shubhasizdir[54].
«Ash-shamoil an-nabaviyya»ning tuzilishi va tarkibi haqida gapiradigan bo‘lsak, bu muxtasar asar ellik olti bobga bo‘linib u «bobun joa fi xalqi Rasululloh sallollohu alayhi vassallam», ya'ni «Rasululloh sallollohu alayhi vassallamning jismi karimlari haqida rivoyat qilingan hadis shariflar bobi» dan tashkil topgan. Umuman olganda, mazmun-mohiyatiga ko‘ra asarni ikki asosiy qismga bo‘lish mumkin. Birinchi qismga mansub hadislar payg‘ambar alayhissalomning suvrat (tashqi qiyofa)lariga bag‘ishlangan. Bularga ko‘ra payg‘ambarimiz novcha ham, pakana ham bo‘lmay, balki o‘rta bo‘ili, yag‘rindor, qo‘llari bo‘lali, go‘shtdor va doimo jun bilan qoplangan, kaftlari bo‘liq, qirg‘iyburun, peshonalari keng, ko‘zlari katta-katta bir zot bo‘lgan.
Asarning ikkinchi qismida keltirilgan hadisi shariflar esa payg‘ambar alayhissalomning siyratlari - ichki dunyosi va axloqiy fazilatlarini bayon qiladi. Bu hadislar bilan tanishar ekanmiz, Muhammad alayhissalom axloqiy jihatlardan namunaviy, mukammal bir siymo ekanligini, muomalada u zotning kattayu kichik, ayol erkak, boy-kambag‘allar bilan o‘zini bir xil muomalada tutishlarini, ro‘zg‘or va oila yumushlarida o‘z ayollariga astoydil ko‘maklashib yordam berishlarini, basharti biror gunoh qilib qo‘ygan kishi uzr so‘rasa, uning gunohlarini kechirganlarini, yo‘lda uchragan barcha kishilarga birinchi bo‘lib salom berib, samimiy hol-ahvol so‘rashlarini bilib olamiz.
«Ash-shamoil an-nabaviyya»ning XVI asrga oid qo‘lyozmasi Toshkentda, O'zbekiston musulmonlari diniy idorasi kutubxonasida saqlanmoqda. 1980 yilda Toshkentda mazkur diniy boshqarma buyurtmasi bilan «Ash-shamoil an-nabaviyya»ning ushbu qo‘lyozmasi ofset tariqasida nashr etilgan bo‘lib, undagi qisqacha so‘zboshi O'rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi hay'atining sobiq raisi, marhum muftiy Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hazratlari tomonidan yozilgan. Bundan tashqari «Ash-shamoil an-nabaviyya»ning ayrim qo‘lyozmalari O'zbekiston Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida ham saqlanmoqda.
AT-TERMIZIYNING «AL-ILAL FI-L-HADIYS» ASARI
Imom at-Termiziyning bizgacha yetib kelgan «Al-ilal fil-hadiys» («Hadislardagi illatlar yoki nuqsonlar») nomli muhim asari ikki mustaqil asardan tashkil topgan. Ulardan biri «Al-ilal al-kabiyr» yoki «Al-mufrad» nomi bilan atalgan asari bizgacha yetib kelmagan, degan taxmin bor. Garchand aksar tadqiqotchilar ham shunday fikrda bo‘lsalar-da, Imom at-Termiziyning hayoti va faoliyatiga doir maxsus risola yozgan olim Nuriddin Atar (ushbu risolaning Bayrutda 1988 yilda chop etilgan ikkinchi nashrida) Turkiyaning qimmatli qo‘lyozmalarga boy kutubxonalaridan birida at-Termiziyning «Al-ilal al-kabiyr» asarining yagona qo‘lyozmasini ko‘rgani va undan fotonusxa olib o‘z tadqiqotining ushbu qayta nashrida foydalangani haqida yozadi[55]. Uning yozishicha, at-Termiziy «Al-ilal al-kabiyr»ni ta'lif etgan paytda uni boblarga bo‘lmagan holda yozgan. Ammo keyinchalik bu ajoyib kitob olim Abu al-Valid al-Qoziy tomonidan tartibga keltirilib boblarga ajratilgan va kitob oxirida mustaqil bir bob, hadis rijjol (roviy)lari haqidagi fikr mulohazalar bayon etilgan.
«Al-ilal»ning ikkinchisi «Al-ilal as-sag‘iyr» deb ataladi. U muallifning bosh asari «Al-Jomi' as-sahiyih»ga bevosita aloqador bo‘lganligi sababli xotima tariqasida ushbu asarning oxirida keltirilgan. Umuman olganda, arabcha «ilal» so‘zi «illat»ning ko‘pligi bo‘lib, o‘zbekcha kasal, betob, xasta, noqis, illatli, og‘ish kabi lug‘aviy ma'nolarni anglatadi. Kezi kelganda shuni ta'kidlash kerakki, hadis ilmida ilal masalasi muhim ahamiyatga ega bo‘lib, turli sabablarga ko‘ra roviylar tomonidan yo‘l qo‘yilgan zaiflik, noaniqlik, g‘alat, xato, sahvu kabi yanglishlar tadqiq etiladi. Ko‘pgina muhaddislarning hadislarga bu jihatdan ham katta e'tibor berib, asarlar yaratgani bu ilmning islom ta'limotida g‘oyatda foydali va muhim ahamiyat kasb etganidan dalolat beradi. Illatli hadislar xususida Imom al-Buxoriyning ustozi Ali ibn Abdulloh al-Madiyniy, Imom Ahmad ibn Hanbal, Imom al-Buxoriy, Imom Muslim, Imom at-Termiziy, Abu Hotam va boshqalar asarlar yozganlar. Mana shu buyuk muhaddislar orasida ham Imom at-Termiziyning ilal to‘g‘risidagi asarlari hadislarning siqasi (to‘g‘riligi, aniqligi)ni tekshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Imom at-Termiziyning o‘zlari «Ilal» masalasi xususida: «Bu (ilal) masalada uzoq vakt fikr-mulohaza yuritdim, buning boisi shundaki, bizdan shu xususda so‘ralganda, oldin o‘z nuqtai nazarimizni ochiq-oydin aytmadik. Sababi, bizdan avval ilal masalasi xususida so‘ralgan bir qancha ulamolar ham o‘z fikrlarini bildirmaganlar, shuningdek, ba'zi muhaddislar o‘rtalarida hadisda siqa (ishonchli) bo‘lgan roviylarning xato, yanglish va kamchiliklarini aytish g‘iybat bo‘ladi, degan ulamolar ham bor edi. So‘ng bir qancha mashhur muhaddislar, xususan, ustoz Imom al-Buxoriy bilan bir necha yillik muloqotda bo‘lganimdan keyin hamda mazkur fikrga aloqador rivoyatlarni eshitgandan keyin ilal masalasini oshkora qilishga jazm qildim. Na Iroqda, na Xurosonda ilal, tarix va isnodlar sohasida Imom Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriydan ko‘ra bilimdonroq biror olimni ko‘rmadim», deb ta'kidlaydilar.
AT-TERMIZIYNING «AL-JOMI'» VA «ASH-SHAMOIL AN-NABAVIYYA» ASARLARIGA
YOZILGAN SHARHLAR
1. «A'rizat al-Ahvaziy fi sharh al-Jomi' lit-Termiziy» nomli sharhning muallifi al-Hofiz Abu Bakr Muhammad ibn Abdulloh al-Ashbiliy bo‘lib u Ibn al-Arabiy al-Molikiy (vafoti 1151 yil) nomi bilan mashhur bo‘lgan. Asarning qadimiy to‘liq bir qo‘lyozma nusxasi Madinai Munavvaradagi kutubxonada saqlanadi, boshqa bir qulyozma nusxasi alloma ash-Shayx Rafiy'addin al-Buxoriyning kutubxonasida mavjud. Asar Qohirada ham nashr etilgan bo‘lib, lekin bu nashrda ko‘p xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan.
2. «Sharh al-Jomi' lit-Termiziy» - Hofiz Abdul-Fath Muhammad ibn Sayyid an-Nos al-Yaamariy ash-Shofi'y (vafoti 1333 yil) uning muallifidir. Muallif asarning uchdan bir qismiga yetgan. Garchand u o‘n jilddan iborat sharh bitgan bo‘lsa-da, uning oxiriga yetkazish uchun fursat topmagan. Sharhning bunchalik cho‘zilib ketishligining boisi shundaki, muallif o‘z asari doirasini faqat hadis faniga aloqador masalalar bilan cheklab qolmay, balki unga boshqa fanlarga doir ma'lumotlarni ham kiritgan.
Alloma al-Chalabiy shunday degan: «Agar muallif o‘z sharhida faqat hadis fani bilan chegaralanganda edi uni tamomiga yetkazar edi, lekin u (muallif) Ollohga hamd aytamizki, himmatli ish qilgan. So‘ngra undan qolganlarini oxiriga yetkazgan al-Hofiz Zaynuddin Abdurahim ibn Husayn al-Iroqiy bo‘lib, «al-Alfiya»[56]ning muallifi (vafoti 1403 yil)dir. Bu kitobning to‘liq bir nusxasi Madinai Munavvaradagi kutubxonada saqlanadi.
3. «Sharh al-Jomi' lit-Termiziy» nomli sharh Zaynuddin Abdurrahmon ibn Ahmad ibn an-Nabiy al-Hanbaliy (vafot yili noma'lum)ning qalamiga mansub bo‘lib, yigirma jildda tugallangan, lekin qandaydir bir fitna vaqtida yonib ketgan[57].
4. «Al-A'rf ash-shaziy a'lo Jomi' at-Termiziy»ning muallifi Sirojiddin Umar ibn Raslan al-Balqiyniy ash-Shofi'iy (vafoti 1402 yil). Ushbu sharh Imom at-Termiziy asarining bir qismiga bag‘ishlanib, sharh oxirigacha yetkazilmagan[58].
5. «Sharh az-zavoid lit-Termiziy»ning muallifi alloma Sirojiddin Umar ibn Ali al-Mulaqqin (vafoti 1401 yil). Bu asar Imom al-Buxoriy va Imom Muslimning «Sahiyh» va Abu Dovud asaridan ortiqcha at-Termiziyda keltirilgan hadislarning sharhidir[59].
6. «Al-Lubb ul-albob fiy mo yaqulu at-Termiziy fil-bob» nomli sharhning muallifi Shayx ul-islom al-Hofiz ibn Hajar al-Asqaloniy[60] (vafoti 1448 yil) bo‘lib, bir jilddan iborat bu sharhning qo‘lyozmasi Madinai Munavvaradagi qutubxonada saqlanadi. Bu juda ham muhim asar bo‘lib, Imom at-Termiziy fiqhiy masalalarga doir»... haqidagi bobda» zikr qilingan hadislarni bayon qilishga bag‘ishlangan. Ushbu hadislar jarh (illatlari) va ularning tuzatish (ta'diyl)lari bilan birgalikda mufassal holda bayon qilingan.
7. «Qut al-mug‘taziy» nomli asar alloma Jaloluddin as-Suyutiyning (vafoti 1505 yil) qalamiga mansub. Bu haqda Hoji Xalifaning «Kashf az-zunun» asarida (1-jild, 375-bet) hikoya qilinadi. Jaloluddin as-Suyutiy ushbu sharhida at-Termiziyning «Sunan» asarini yuqori baholab uni quyidagicha ta'riflaydi: «Imom at-Termiziyning «Sunan» asari boblarga bo‘lingan. Bu ham bir ilm. Asardagi fiqh - huquqshunoslik masalalari ham bir ilm. Sahiyh bilan saqimni ajratuvchi ilalni aytishlari ham bir ilm. Ularning o‘rtasidagi hadis turlarini zikr etish ham bir ilm. Roviylarning nomlari va laqablari ham alohida bir ilm. Jarh va ta'diyl, Rasulullohni topgan va topmagan roviylarni belgilash isnodli rivoyat. Unda keltirganlarning hammasi ijmoliy ilm turlaridir. Ammo tafsiliysi juda ham ko‘p. Xullas, bu asarning qimmatli jihatlari majmualar to‘plamidir».
8. «Naf' Qut al-mug‘gaziy»ning muallifi alloma as-Sayyid Ali ibn Sulaymon ad-Dumantiy al-Bajma'viy al-Mag‘ribiy al-Molikiy ash-Shoziliy (vafoti 1877 yil)[61].
«Jomi' at-Termiziy» nusxasining hoshiyasida chop etilgan. Muallif alloma Jaloluddin as-Suyutiyning oldin zikri o‘tgan sharhini muxtasar holga keltirib, kitob aslining foydali tomonlariga bir qadar xalal yetkazganki, kitobning nomi «Naf' Qut al-Mug‘taziy» iborasi ma'nosini yo‘qotgan. Bu asar Qohira va Dehlida chop etilgan.
9. «Sharh al-Jomi' lit-Termiziy»ning muallifi al-Hofiz Zaynuddin Abdurrahmon ibn Ahmad ibn Rajab al-Hanbaliy (vafoti 1587 yil). Ushbu sharh haqida manbalarda juda kam ma'lumot keltirilgan.
10. «Sharh al-Jomi' lit-Termiziy» ham Shayx ul-islom al-Hofiz ibn Hajar al-Asqaloniyning (vafoti 1148 yil) qalamiga mansub bo‘lib, muallif uni «Sahiyh al-Buxoriy»ga yozgan yirik sharhi «Fath al-boriy»da zikr qilgan[62].
11. «Sharh al-Jomi' lit-Termiziy» ash-Shayx Abul-Hasan ibn Abdulhodiy as-Sanadiy al-Madiniy (vafoti 1728 yil) bitgan bu sharh juda go‘zal bo‘lib, muallif uni al-Haram ash-Sharifda (Makkada) ta'lif etgan. Asar qirq qism (juz')dan iborat.
12. «Sharh al-Jomi' lit-Termiziy»ning muallifi alloma Abu at-Tayyib (Muhammad ibn at-Tayyib) as-Sanadiy (al-Madiniy), vafoti 1698 yil), bu sharh arab tilida «bi qavlihi» «vaqavluhu» deyilib, uning bir qismi chop ham etilgan.
13. «Sharh al-Jomi' lit-Termiziy»ning muallifi alloma Siroj Ahmad as-arhandiy bo‘lib, fors tilida bitilgan bu sharhning ayrim qismlari nashr ham etilgan.
14. «Muxtasar al-Jomi' lit-Termiziy» alloma Muhammad ibn Uqayl al-Bolisiy ash-Shofi'iy (vafoti 1329 yil) qalamiga mansub bo‘lib, asarning xususiyatlari haqida mufassal ma'lumotga ega emasmiz.
15. «Joizat ash-Sha'uziy» nomli sharh alloma Badiy' uz-Zamon (vafoti 1892 yil) qalamiga mansub. Bu asar «Jomi' at-Termiziy»ning urdu tiliga ag‘darilgan tafsirli tarjimasidir.
16. «Muxtasar al-Jomi' lit-Termiziy»ning muallifi alloma Najmiddin Sulaymon ibn Abu al-Quvvo at-Tufiy as-Sirsiriy al-Xanbaliy (vafoti 1311 yil). Bu muxtasar asardan al-Hofiz Salohiddin Xalli ibn Kiykeldi al-A'loiy ismli olim at-Termiziy asarida oliy sanad bilan rivoyat qilingan yuz hadisdan bir majmua yaratgan[63].
17. «Hadiyat al-lavza'iy bi-nukot at-Termiziy» alloma Abu at-Tayyib Muhammad Shams al-Haqq al-Aziymobodiy (vafoti 1911 yil) qalamiga mansub bu asar muallifning vafoti tufayli oxiriga yetmagan. Ushbu sharhda matnlarga qo‘shimcha isnodlarga taalluqli juda nafis tadqiqotlar ham mavjuddir.
18. «Sharh ash-shamoil lit-Termiziy»ning muallifi ash-Shayx Abdurrauf al-Munoviy (vafoti 1621 yil) bo‘lib, uning avvali: Ahl al-fazlning qadimda va hozirgi zamondagi shaklu shamoyillari va hokazo, alloma al-Munoviy unda zikr qilgan: «Uning sharhiga birinchi bo‘lib kirishgan tadqiqotchilarning yakkayu yagonasi Mavlono Isomuddin al-Isfaraiyniy bo‘lib, u o‘zidan burun hech kim ochmagan uning sirlaridan pardani ko‘tarishga muyassar bo‘ddi. Lekin naqliy (an'anaviy) fanlardan hisoblangan bu fanning aqliy (mantiqiy) farazlarini u bilan birga idrok etish ham borki, hatto u xato avhomlardan deb hisoblanadi»[64].
19. «Ashraf ul-vasoil»ning shayx Shahobuddin Ahmad ibn Hajar al-Haysamiy al-Makkiy (vafoti 1566 yil) muallifidir. Musannif zikr qilishicha, bu kitob bo‘yicha Al-Haram al-Muhtaramda (Ka'batullohda) dars berishlik (tadris) imkoni unga muborak Ramazon oyidan boshlab 18-Ramazonda nihoyasiga yetkazgan.
20. «Sharh ash-shamoil lit-Termiziy»ning muallifi alloma Sayyid Muhammad Qosim Jassus (vafoti 1769 yil) bo‘lib, bu asar Qohirada nashr etilgan. Lekin ushbu sharh batamom ravishda muhaddislarning uslubiyu ularning qiziqishlariga mos bo‘lmagan tarzda bitilgan.
21. «Sharh ash-shamoil lit-Termiziy»ning muallifi alloma Muslihiddin Muhammad ibn Saloh ibn Jalol al-Loriy (vafoti 1572 yil) bo‘lib[65], bu sharh arab tilida bitilgan. Muallif uni 1542 yilning Ramazon oyida tugatgan bo‘lib, muallifning qalamiga mansub forscha yozilgan boshqa bir sharh ham bordir.
22. «Zahr al-hamoil a'lo ash-Shamoil»ning muallifi alloma as-Suyutiy bo‘lib, bu sharh Misrda chop etilgan.
23. «Jam' al-vasoil» - Mullo Ali al-Qoriy al-Haraviy (vafoti 1607 yil) qalamiga mansub bo‘lib, uning qoralamasini Makkai mukarramada 1599 yilda tugatgan. Ko‘pchilikning fikricha, «ash-Shamoil»ga bag‘ishlangan sharhlardan birontasi ham undan ustun emas.
24. «Tahziyb ash-Shamoil»ning muallifi ash-Shayx Muhammad ibn Umar ibn Hamza al-Antokiy (vafoti 1531 yil) bo‘lib[66], Mullo Ali al-Qoriyning yuqorida zikr etilgan sharhini muxtasar qilib tuzatib hadiya tariqasida Qustantaniyaning sultoni Boyazidxonga taqdim qilgan edi. Uning boshlanishi «alhamdulilloh alalziy ja'ala hayot al-orifiyn...»[67].
25. «Sharh ash-Shamoil»ning muallifi alloma Isomuddin Ibrohim ibn Muhammad (ibn Arabshoh) al-Isfarainiy (vafoti 1536 yil). Bu sharh aralash (mamzuj) bo‘lib, «alhamdulilloh allaziy fazzala al-Mustafo bi-akram ash-Shamoil» iborasi bilan boshlanadi.
26. «Sharh ash-shamoil lit-Termiziy» - Mullo Muhammad al-Hanafiy (vafot etgan yili noma'lum)ga mansub bo‘lib, muallif ushbu sharhini 1520 yilda tugatgan.
27. «Sharh ash-Shamoil lit-Termiziy»ning muallifi Muhammad Oshiq ibn Umar al-Hanafiy (vafoti 1629 yil) bo‘lib, ushbu alloma o‘z sharhida: U «ash-Shamoil»ni Mahmud al-Malik ibn Shamsiddin nomi bilan mashhur o‘z ustozi ash-Shayx Abdulloh al-Ansoriydan rivoyat qilganligi haqida yozadi. Ash-Shayx Ahmad Ali «Sharh ash-Shamoil»ning hoshiyasiga muxtasar bitgan bo‘lib, uning bir nusxasi ash-Shayx Shams ul-Haqq kutubxonasida saqlanadi[68].
28. «Ash-Shamoil»ning turkcha tarjimasini amalga oshirgan Ishoq Xo‘ja Ahmad Afandi (vafoti 1708 yil) nomi bilan mashhur bo‘lgan Ahmad Xayruddin al-Aydiyniy bo‘lib, uning haqida mufassal ma'lumotga ega emasmiz.
29. «Ash-Shamoil»ning turkcha nazmiy ifodasini Mazlum Zoda nomi bilan tanilgan Mustafo ibn Husayn al-Halabiy bajargan bo‘lib, muallif bu asarini 1745 yilda tugatgan.
30. «Bahor Xuld» Kofiy - bu urdu tilida bitilgan go‘zal bir nazmiy asar bo‘lib, chop ham etilgan.
31. «Al-Mavohib al-Laduniyya a'lo ash-shamoil al-Muhammadiyya»ning muallifi alloma ash-Shayx Ibrohim (Ibn Muhammad) al-Buxoriy (vafoti 1847 yil). Bu «ash-Shamoil»ning muxtasar tarzdagi sharhi bo‘lsada, juda foydali. Asar 1835 sanada al-Jomi' al-Azharda ta'lif etilgan. Uning avvali «alhamdulilloh al-mustavjab li-qulli kamol an-nu'ut bi-qulli ta'liym va jamol» iborasi bilan boshlanadi.
32. «Al-Kavkab ad-durriy a'lo at-Termiziy» nomli sharhning muallifi Rashid Ahmad al-Kankuhiy bo‘lib, bu ikki jilddan iborat qimmatli sharh Hindistonda chop etilgan.
33. Olim Muhammad Anvar Shoh al-Kashmiriy qalamiga mansub asar «Al-A'rf ash-shaziy a'lol-Jomi' at-Termiziy» deb atalib, bu sharh ham ikki jildda Hindistonda chop etilgan[69].
ILMU AMALI IBRATLI ALLOMA
Mashhur muhaddis Abu Iso at-Termiziyning shaxsiy hayoti va barkamol ijodining har tomonlama o‘rganilishi tufayli buyuk bobokalonimizning hozirgi davrimiz uchun ham o‘rnak bo‘ladigan ko‘p ibratomuz fazilatlarining guvohi bo‘lamiz. Eng avvalo, at-Termiziyning yoshligidan ilm-fanga g‘oyatda chanqoqligi va zo‘r havas bilan qiziqishi, bu borada har qanday qiyinchiliklarga ham bardosh berib o‘z maqsadi, ya'ni o‘z bilimini oshirish yo‘lidagi jiddu-jahdi katta-katta tahsinga sazovordir.
Yozma manbalarda keltirilishicha, hadisshunoslik ilmi sakkizinchi asrning ikkinchi yarmidan o‘n birinchi asr o‘rtalarigacha asosiy va zaruriy mashg‘ulotlardan biri darajasiga aylangan. Bu davrda Sharqning turli mamlakatlaridan bo‘lgan to‘rt yuzdan ortiq mualliflar ana shu ilm (hadisshunoslik) bilan shug‘ullanganlar[70].
Ma'lumki, o‘z bilimini oshirish borasida at-Termiziy ko‘pgina xorijiy mamlakatlarni ziyorat qilgan. Elma-el kezib, cho‘lu biyobonlar oshib roviylardan eshitgan hadislarini yitish bilan shug‘ullangan. Ularni tartibli ravishda yozib qayd qilish bilan birga ushbu hadislarni qanchalik darajada sahiyh, hasan yoki zaif, mavzu (soxta, o‘ylab chiqarilgan) ekanligini qayta-qayta tekshirgan, ilmiy ravishda chuqur tadqiq etgan. Allomaning shogirdlari orasida turli millat vakillari ham bo‘lgan.
Yoshi qirqdan oshgan va turli mamlakatlar olimlaridan ta'lim olgan at-Termiziy ham Imom al-Buxoriy mashhur bo‘lgan paytda yetuk olim darajasida tanilgan. Ikkala olim o‘rtasida 863-868 yillar oralarida Nishopurda ko‘pdan-ko‘p samarali ilmiy munozaralar, samimiy do‘stona uchrashuvlar bo‘lgan[71]. At-Termiziy o‘z asarlari uchun ko‘pgina foydali ma'lumotlarni al-Buxoriy bilan bo‘lgan uchrashuvlarida olganligini yozadi[72].
Abu Iso at-Termiziy asarlari hozirda ham o‘z qimmatini yo‘qotgan emas. Uning «Al-Jomi' as-sahiyh», «Ash-shamoil an-nabaviyya» kabi asarlarida keltirilgan hadisi shariflar katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lib insonlarni halol, adolatli, iymon-e'tiqodli, diyonatli, pokiza, mehnatsevar, muruvvatli, rahm-shafqatli, ota-ona, ayollarga nisbatan hurmat-e'tiborli bo‘lishga chorlaydi.
Bu ibratli pand-nasihatlar va o‘gitlar xalqimizni, jamiyatimiz ahlini, ayniqsa yosh avlodni tarbiyalashda beqiyos ahamiyat kasb etishini alohida ta'kidlash o‘rinlidir. At-Termiziyning asarlari faqat diniy ilmlar majmuasiga oid bo‘lib qolmasdan, balki dunyoviy ilmlarga oid ma'lumotlarga ham boydir. Masalan, uning bosh asari bo‘lgan «al-Jomi' as-sahiyh»da tarix, mantiq huquqshunoslik, tabobat, ziroatga oid ko‘plab qimmatli ma'lumotlarni uchratamiz. Arab tilini rivojlantirishda at-Termiziyning xizmatlari kattaligini zamonaviy olimlar qayta-qayta ta'kidlaydilar.
Xulosa qilib aytganda, buyuk bobokalonimizning shaxsiy hayoti va uning boy ma'naviy merosini chuqur va har tomonlama o‘rganish ham ilmiy, ham amaliy jihatdan katta ahamiyatga egadir.
Dostları ilə paylaş: |