Allohni mudom zikr etish va duo mo‘minlikning go‘zal sifati



Yüklə 36 Kb.
tarix16.03.2023
ölçüsü36 Kb.
#88187
Duolar


Allohni mudom zikr etish va duo — mo‘minlikning go‘zal sifati

Bismillahir rohmanir rohim.


Alloh taolo o‘zining muborak kalomida:


“Ey iymon keltirganlar! Allohni ko‘p zikr qilinglar. Va ertayu kech Uni poklab yod etinglar”, deb marhamat qilgan. (Ahzob surasi, 41-42-oyatlar).
Zikr deganda, birinchi navbatda Allohni zikr qilishni tushuniladi. Allohni zikr qilish qalbni unga bog‘lash demakdir. U meni kuzatib turibdi, degan fikr doimiy inson xayolida bo‘lishi bu – zikrdir. Banda Allohni ko‘p zikr qilish bilan turli gunohlardan uzoqlashadi. Uning qalbida behuda fikrlarga o‘rin qolmaydi. Dunyoga hirs qo‘yish, uning zikri bilan band bo‘lishdan xalos bo‘ladi. Allohning zikri bilan band bo‘lgan qalbda turli ko‘ngilxushliklarga, insonga manfaatsiz maishatlarga joy qolmaydi. Allohni ko‘p zikr qilgan bandaning qalbiga uning muhabbatidan o‘zga muhabbat sig‘maydi, so‘zlaganda avvalo tilida Allohning ismi jo bo‘ladi. So‘ngra bu muborak ism asta-sekin bandaning halqumiga, ko‘ksiga va axiyri qalbiga yetib boradi. Bunday inson tili bilan Allohning ismini aytmasa ham, qalbi hamisha “Alloh, Alloh” deb turadi. Nihoyat, butun vujudi shu holatga keladi. Ana shunda banda haqiqiy zokirlik maqomiga yetadi. Bunday bandadan hech qachon yomonlik sodir bo‘lmaydi.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhissalom:
“Rabbingiz: “Modomiki, bandamning lablari meni zikr etib qimirlar ekan, men u bilan birgaman”, deydi”, deganlar.
Qur’oni karimda Alloh taolo yana:
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslayman. Menga shukr qilingiz, noshukurlik qilmangiz”, degan (Baqara surasi, 152-oyat).
Aslida Alloh bandalarning uni zikr qilishlariga muhtoj emas. Hamma muhtojlik bandalarda. Lekin oyatda bunday deyilishi bandalar uchun yaxshilikdir. Chunki, bandalar Allohni eslashlari bilan Alloh ularni eslashiga erishadilar. Albatta, zikr bilan zikrning farqi bor. Ojiz bir bandaning eslashi qayerdayu, olamlarning Rabbi bandani eslashi qayda! Imom Buxoriy payg‘ambarimizdan rivoyat qilgan hadisi qudsiyda Alloh taolo: “Ey odam bolasi! Agar meni o‘zing tanho eslasang, men ham seni o‘zim tanho eslayman, agar ko‘pchilik ichida eslasang, men ham seni ko‘pchilik ichida eslayman”, degan.
Abu Hurayra r.a.dan qilingan rivoyatda Nabiy alayhissalom:
“Qay bir qavm o‘tirib, Alloh azza va jallani zikr qilsalar, albatta, ularni farishtalar qurshab olur, rahmat o‘rab olur, ustilaridan sakiyna nozil bo‘lur va Alloh ularni o‘z huzuridagilar ichida zikr qilur”, dedilar. Qalbi iymon bilan muzayyan bo‘lgan kishilar o‘tirib Allohni zikr qilishlari tufayli shunday buyuk darajaga erishsa, mo‘minlar uchun bundanda buyukroq saodat bormi?
Iymon keltirganlarning qalblari Alloh zikri bilan orom topadi. Chunki zikr qiluvchi qalblar o‘zlarining Alloh bilan doimiy bog‘liq ekanlarini his qiladilar. Yana zikr bilan sayqallangan qalblar dunyoda hamma narsa Allohdan ekanini, bu dunyoyu u dunyo saodati ham Allohning ixtiyorida ekanini biladilar.
Modomiki, zikr Allohni eslash ekan, bu ba’zi odamlar o‘ylaganlaridek faqat namozda yoki masjidda yoxud belgilangan bir manzilda bo‘ladi degani emas. Allohni zikr qilish har qadamda, har joyda va har bir holatda bo‘ladi. Buyuk tariqat peshvosi Bahouddin Naqshband hazratlari aytganlariday: “Dil ba yoru dast ba kor”, ya’ni “Diling hamisha Alloh bilan, qo‘ling esa mehnat bilan bo‘lsin”. Banda qaysi o‘rinda bo‘lishidan qat’iy nazar uning qalbi doimo Allohni eslab turishi lozim. Shuning bilan birga banda tili bilan ham zikrda bardavom bo‘lishi matlubdir.
Bir kishi: “Ey Allohning Rasuli! Islom shariati men uchun ko‘payib ketdi. Menga o‘zim mahkam ushlaydigan narsaning xabarini bering”, dedi. “Tiling Allohning zikridan ho‘l bo‘lib tursin”, dedilar. (Imom Termiziy rivoyati)

Eng afzal zikrlar


Zikrlarning eng afzali va butuni bu – Qur’oni karimdir. Uning birgina oyatini tilovat qilish bilan banda qanchadan-qancha savobga ega bo‘ladi. Payg‘ambarimiz o‘z hadislarida ta’lim bergan zikrlar ham ko‘pki, bular haqida alohida kitoblar ta’lif etilgan. Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilingan hadisda:


“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Ikki so‘z tilga yengil, tarozida og‘ir, Rahmonga suyuklidir: “Subhanallohi va bihamdihi, Subhanallohil aziym”, dedilar”. (Imom Termiziy rivoyati).
Yana shu zotdan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga:
“La havla va la quvvata illa billahi”ni ko‘proq ayt. Albatta, u jannatning xazinalaridan bir xazinadir”, dedilar”. (Imom Termiziy rivoyati).

Zikrning tartibi va turlari


Islom shariati turli holatlarga ko‘ra zikrlarni tartibga solgan. Mazkur zikrlar bir necha turga bo‘linadi:


1. Zamonga xos zikrlar (ertalab, kech kirganda, yangi oyni ko‘rganda aytiladigan zikrlar).
2. Makonga xos zikrlar (masjidga, uyga kirganda aytiladigan zikrlar).
3. Ibodatlarga xos zikrlar (namoz, ro‘za, haj va shunga o‘xshash ibodatlarda aytiladigan zikrlar).
4. Amal va holatlarga xos zikrlar (kiyim kiyganda, uyqudan uyg‘onganda, yotganda, taomda, nikohda, safarda va ulov minganda aytiladigan zikrlar).
Mazkur holatlarda qilinadigan zikrlarni bizda duo deb atash odat tusiga kirgan. Inchunun, zikr va duo bir-birini to‘ldirib keladigan narsalardir.
Sunnati mutahharada kelgan zikr va duolar haqida alohida kitoblar yozilgan. Bunga ko‘plab olimlar tomonidan “Al-Azkor” nomi ostida yozilgan kitoblarni misol qilib keltirish mumkin.
Zikrning foyda va samaralari nihoyatda ko‘pdir. Jumladan, u tufayli qalb tirik bo‘ladi, rizqni jalb qiladi, u ruhga quvvat bo‘ladi, xatolarni yuvadi, u shukrning boshi hisoblanadi, g‘am-anduhlarni ketkazadi.

Duoning hikmati va fazilatlari


Yuqorida tilga olinganidek, duo va zikr biri birini to‘ldirib keladi. Aslida duo nima? “Duo” so‘zi arab tilida chaqirish, so‘rash ma’nolarini anglatadi. Aslida duo bandaning ruhiy holatidan kelib chiqib Yaratganga hissiy murojaatidir. Ko‘pincha ana shu duo bilan “talab qilish” degan narsani aralashtirilib yuboriladi. “Talab qilish” – bu so‘rovchining tili bilan nutq qiladigan so‘rovidir. “Menga uzoq umr, sog‘lik bergin” kabi. Duo esa, so‘rovchida paydo bo‘ladigan ruhiy holat hisoblanadi. Banda chinakam duo qilar ekan, uning qalbi uyg‘oq, hislari titroq holda o‘zining qilgan gunohlariga iqrorlik ila Allohga yuzlanishi vujudga keladi. Agar duo qilinayotgan paytda til boshqa, dil boshqa narsani desa, albatta u duo bo‘lmaydi. Bandaning biror narsani so‘rashi bilan astoydil duo qilishida farq bor. Yillar davomida so‘rab, so‘raganiga erisha olmay yurganlar qancha, chunki u haqiqiy duo qilish holatiga sazovor bo‘lgani yo‘q. Chinakam duoning boshlanishi bandaning qilgan gunohlariga iqror bo‘lishi bilan boshlanadi. Alloh taolo o‘zining kalomida:


“Qachonki, bandalarim sendan men haqimda so‘rasalar, bas, albatta, men yaqindirman. Duo qiluvchi duo qilganda duosini ijobat qilurman”, deb marhamat qilgan (Baqara surasi, 186-oyat).
Astoydil duo qilganlarning duolari qabul bo‘lishiga shubha yo‘q. Chunki buni Alloh va’da qilyapti. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarida:
“Har kecha Rabbimiz dunyo osmoniga tushadi va “Kim menga duo qiladi, men ijobat qilsam, kim mendan so‘raydi, men unga ato qilsam, kim menga istig‘for aytadi, men uni mag‘firat qilsam”, deydi”, deganlar.
Duo manfaatni jalb qiladigan va zararni daf qiladigan kuchli sababdir. Allohning G‘aniy, Same’, Karim, Rahim va Qodir sifati borki u o‘ziga duo qilishga amr qiladi.
No‘‘mon ibn Bashir r.a.dan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Duo ibodatdir”, dedilar va Rabbingiz: “Menga duo qiling, sizga ijobat qilurman. Albatta, mening ibodatimdan kibr qilganlar jahannamga xoru zor hollarida kirurlar” oyatini qiroat qildilar”. (Abu Dovud rivoyati).

Duo va ijobat


Banda o‘zining ojizligi va hojatmandligini e’tirof etib, duo qilayotgan zotning ulug‘ligiga munosib odob-axloq bilan so‘rashi lozimdir. Ijobati Yaratganning o‘ziga havola. Hazrati Umar r.a.: “Men duoning ijobati tashvishini qilmayman, balki, duo qilish tashvishini qilaman. Chunki, duo qilishga ilhom berilsa, albatta u ijobat bo‘ladi”, der ekanlar.
Duoni qanday ijobat qilish Allohning irodasidir. Alloh taolo so‘ralgan narsani bermasa, ajrini oxiratga olib qo‘yadi yoki uning evaziga boshqa bir yomonlikni daf qiladi. Ibn Javziy aytadiki:
“Bilingki, mo‘minning duosi rad qilinmaydi. Faqat uning uchun ortga surish foydali bo‘lganda ijobati ortga suriladi”. Ya’ni, iymonli kishining duosi hech qachon qaytarilmaydi. Balki, kechroq bo‘lsada albatta, ijobat bo‘ladi. Ijobatning kechiktirilishi esa, bandaning manfaati uchun bo‘lishi mumkin, buni Yaratganning o‘zigina biladi.
Salmon r.a.dan rivoyat qilingan hadisda:
“Nabiy alayhissalom: “Qazoni faqat duo rad qiladi. Umrni faqat yaxshilik ziyoda qiladi”, dedilar”. (Imom Termiziy rivoyati). Qazo – Allohning hamma narsani kelajakda qanday bo‘lishini azaldan bilishidir. Qazodagi narsa qadarga keladi. Bu yerdagi qazodan murod, muallaq qazo bo‘lib, falonchi duo qilib tursa, falon kuni kasal bo‘lmaydi, qilmasa bo‘ladi, kabi holat tushuniladi. Qadarni qadar bilan daf qilish ma’nosini inobatga olinadigan bo‘lsa, bu yerda duo ham qadardir. Yaxshilik qilish bilan ham inson duoga sazovor bo‘ladi. Yaxshilik qilingan inson yaxshilik qiluvchining haqiga duo, hech bo‘lmaganda yaxshi tilak bildiradi. Albatta, zarra misqol kabi yaxshilik behuda bo‘lmasligini inobatga olgan holda, yaxshilik qiluvchining haqiga qilingan duo ham qabul bo‘lishi aniq ekani kelib chiqadi. O‘zgadan oz bo‘lsada yaxshilik ko‘rgan inson hech bo‘lmaganda “umring uzoq bo‘lsin” degan duoni qiladi.

Duo qilish odoblari


Har narsada bo‘lgani kabi duoda ham o‘ziga yarasha odoblari bor.


Umar r.a.dan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollalllohu alayhi vasallam qachon duoda ikki qo‘llarini ko‘tarsalar, ularni yuzlariga surtmasdan turib qaytarmas edilar”. (Abu Dovud va Termiziy rivoyati).
Duodagi odoblardan biri bandaning azmu qaror bilan ikkilanmay so‘ramoqligidir. Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Biringiz zinhor “Allohim agar xohlasang meni mag‘firat qilgin”, demasin. Azmu qaror ila so‘rasin, chunki uni majbur qiluvchi yo‘q”, dedilar”. (Sunan sohiblari rivoyati).
Gunoh aralashtirmay, qarindoshlik rishtalarini uzmay duo qilish uning asosiy odoblaridan hisoblanadi. Bundan tashqari duoda mubolag‘aga ketmaslik, haddan oshmaslik, duoni o‘zidan boshlamoqlik, uch marta duo qilmoqlik, qiblaga qarab, hamdu-sano va salavot ila boshlamoqlik, sharafli vaqtlarni ixtiyor qilmoqlik ham duo qilishning odoblaridandir.

Mustajob duolar


Kimlarning duolarining ijobati tez ekanligi haqida ham hadisi shariflarda xabarlar kelgan. Abu Dovud va Termiziylar qilgan rivoyatda:


“Albatta, duoning eng tez ijobat bo‘ladigani g‘oyibning g‘oyibga qiladigan duosidir”, deyilgan. Bunda chin ixlos va samimiyat bor.
Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Uch duo mustajobdir. Ularda shak yo‘q. Ota-onaning duosi. Musofirning duosi va mazlumning duosi”, dedilar”. (Imom Termiziy rivoyati).
Xossatan, ulug‘ oylar, kunlarda qilingan duolar qabul bo‘ladi. Tabarruk kunlarni g‘animat bilib, qadriga yetib duolar qilmoq lozim va lobuddir.

Xayrulla Turmatov,


Angren shahar bosh imom-xatibi


Turmatov Xayrulla Abdumalik o‘g‘li 1976 yili Toshkent viloyatining Angren shahrida tug‘ilgan. Imom al-Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutini (2001), Toshkent viloyati davlat pedagogika institutining tarix va davlat huquqi asoslari fakultetini (2003) tamomlagan. Imom al-Buxoriy xalqaro markazida malaka oshirgan. 80 dan ma’rifiy maqolalari matbuotda chop etilgan. 1994 yildan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida ishlaydi. Hozirda Angren shahar bosh imom-xatibi hamda «Qorabog‘» jome’ masjidi imom-xatibi.
Yüklə 36 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin