BOBOMUROD ERALIYEV. TO‘RT TIMSOL SHARHI Oldingi maqolalarimizda (“Farhodning tashrifi”, “To‘rt qasr tarhi”, “O‘zAS”, 2012 yil, 20-yanvar va 8-iyun sonlari) hazrat Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni ilk boblari, Farhodning tug‘ilishi, tarbiya olishi hamda asardagi to‘rt qasr va undagi ravzalar tasviriga doir fikr-mulohazalarni bayon etgandik. Quyida mazkur dostonga doir kuzatuvlarimizni davom ettirib, Farhodning xoqonlik xazinasida sandiqda saqlanayotgan ko‘zguni ko‘rib qolishi, uning tilsimini ochish niyatida Yunon mulkiga otlanishi, safar davomida to‘rt manzilda to‘siq va g‘ovlarga duch kelishi bilan bog‘liq voqealar talqinini sharhlashga urinib ko‘rmoqchimiz.
Xo‘sh, Farhod ko‘rib qolgan bu ko‘zgu qanday ma’noni anglatadi va mazkur doston syujetiga u nima maqsadda olib kirilgan? Nega ko‘zguda dastlab hech narsa ko‘rinmaydi? Farhodning ko‘zgu tilsimini ochish uchun Yunon safariga chiqishining mohiyati nimada? Mo‘‘tabar manbalarda ko‘zgu ko‘ngil timsoli va ramzi sifatida talqin qilingan, ma’naviy quvvat, e’tiqod va zavq manbai, ilohiy ma’rifat oynasi va jilvagohi hisoblangan. Ilohiy nur jilva qilishi uchun dil oynasini gard-g‘ubordan tozalash kerak, deyiladi. “Farhod va Shirin” dostonida ham ko‘zgu qalb va ruh olamiga yo‘l topilib, Farhodning basirat va aql-idrok ko‘zi ochilganiga ishoradir. Lekin dastlab ko‘zgu tilsimi yechilmagani bois Farhod ko‘zguga qaraganda unda hech narsa aks etmaydi. Buning sababi shuki, tilsim sir-asroridan voqif bo‘lish uchun to‘rt manzil hamda ulardagi to‘siq va g‘ovdan oshib o‘tilishi kerak:
Burung‘i manzil ichra ajdohoe, Yaratqon tengri qahridin baloe. Ikinchi manzil ichra Ahraman bil, Anga bedodu ofat da’bu fan bil. Uchunchida tilismi bul-ajab soz, Bu ikkidin dog‘i mushkilrak ul roz. Bu uch manzildin o‘tkorgonga mahmil, Deyilgon tog‘ erur to‘rtinchi manzil. Navoiyshunos olim Najmiddin Komilovning “Farhod va Shirin” dostoniga bag‘ishlangan tadqiqotida ajdahoni nafs, Ahraman dev saltanat(hokimlik) va temir paykar ro‘yo-yolg‘on timsoli sifatida talqin etilgan. Bu talqinga qo‘shilgan holda, to‘rt manzil deganda asosan nafs, qalb, ruh va aql nazarda tutilganini ham diqqatdan qochirmaslik kerak. Manbalarda qayd etilishicha, odamzot vujudini shu to‘rt asos tashkil etadi va ularni bu dunyo manzilidan toza va pok holda olib o‘tish buyurilgan. “Nekim ollimg‘a yozmish kilki taqdir, manga yo‘qtur ani ko‘rmakka tadbir”, deydi Farhod.
Yana Suhayloning asar syujetiga kirib kelishidan bilamizki, Farhodga bu manzillardan o‘tishi uchun murabbiy va rahnamo bo‘lmasa, u o‘z oldidagi to‘siqlarni o‘z-o‘zicha yengib o‘tishga qodir emas. Suhaylo ham Farhodsiz biron natijaga erisha olmaydi. Suhayloning so‘ziga qaraganda, Farhoddan oldin ham ko‘plar bu tilsim sirini ochishga uringan, lekin barcha harakatlari zoe ketgan, ya’ni tilsim sirini ochish ularga nasib etmagan. Shuning uchun u tilsimni ochadigan Farhodni besh yuz yildan beri kutadi va uning tashrifidan behad quvonadi. Suhaylo to‘siq va g‘ovlarni faqat dard vositasida yengib o‘tish mumkinligini bilgani uchun dard yo‘liga ko‘z tikib o‘tiradi.
Manbalarda “tazkiyat un-nafs” — nafsni poklashga alohida e’tibor qaratilgan. Shu bois ularda nafs, qalb, ruh va aql istiloh sifatida tadqiq etilib, har birining tarkibi, tuzilishi, maqomi va vazifasi xususida ilmiy sharhlar berilgan. Farhodning dastlabki manzilda ajdahoni mahv etishga chog‘lanishi ramziy ma’no kasb etib, nafsni poklash birlamchi vazifa sifatida yuzaga chiqadi. Navoiyning maqsadi ilmiy sharh berish bo‘lmagani uchun nafs, qalb, ruh va aql to‘g‘risidagi o‘z qarashlari va ilmiy xulosalarini doston badiiyatida aks ettiradi.
Farhod Suhaylo ta’limi va ko‘rsatmalariga tayangan holda ajdahoni qatl etishni uddalaydi. Shundan ham bilish mumkinki, dard bo‘lgan taqdirda nafs ajdahosini yengib, ma’naviy poklikka erishiladi. Ajdaho aslida qandaydir olis dashtda yoki g‘orda emas, balki g‘ofil bandaning vujudi-g‘orida yotadi, uni qo‘zg‘atib, bezovta qilish uchun dard zarur. Suhaylo uchun Farhodning kelishi ayni muddao edi, u yechimi topilmay turgan jumboqqa yechim topadi va unga yo‘l ochiladi. Jaloliddin Rumiy ichimizda hirs va hoyu havaslardan iborat “but”larimiz borki, ular bizni o‘ziga bo‘ysundiradi, ular xizmatidan qutulish mushkul, deydi. Abu Homid G‘azzoliy nafsni eng zararli dushman, uni muolaja qilish eng og‘ir ish, chunki nafs ichkaridagi dushman, dushman bo‘lganda ham mahbub tutilgan dushmandir, chunki odam o‘z mahbubining aybini ko‘rmaydi va unga e’tibor qaratmaydi, degan fikrni bildiradi. Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” dostonidagi bir hikoyatda keltirilishicha, dil badan mulkida suvoriy, nafs iti unga mulozim, suvoriy ov uchun ot sursa, it ham unga qo‘shilib yuguradi, dil gohida jonondan o‘lja olsa, nafs iti undan shu o‘ljani tortib oladi. Kim shu itni bog‘lasa, ikki jahonda arslon ovlagan bilan barobar, o‘zi pokdomon va gard-g‘ubordan xoli bo‘ladi. Bunday talqinlar nafs to‘g‘risidagi tasavvurimizni boyitib, hayot yo‘lida nafs odamga hamroh ekanini anglatishdan tashqari, uning ham o‘z vazifasi borligini uqtiradi. Dostonda Farhodning qorong‘i g‘or oldiga borishi, ajdahoning zulmat qa’ridan chiqib kelishi, undan atrofga sassiq va badbo‘y hid taralib, ko‘ngilni behuzur etishi nafsning naqadar jirkanch va yaramas mahluq ekanini mubolag‘a san’ati orqali mohirona tasvirlanadi: