Давлатнинг экологик функциясини амалга ошириш шакллари экологик мониторинг, экологик назорат



Yüklə 89 Kb.
səhifə1/2
tarix19.10.2023
ölçüsü89 Kb.
#157062
  1   2
Ekalogik nazorat ekalogik manitoring va ekalogik ekispirtiza


Ekalogik nazorat ekalogik manitoring va ekalogik ekispirtiza
Bozor iqtisodiyoti sharoitida atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishni davlatning mustaqil va asosiy funksiyasi sifatida tan olish masalasiga alohida e`tibor qaratilmoqda. Huquqshunos olimlarning fikricha, ijtimoiy hayotning ushbu sohasi o`z tashkilotlari va institutlariga hamda o`ziga xos munosabatlar va psixologik jihatlarga ega bo`lganligi bois, mazkur funksiya asosiy va mustaqil funksiya sifatida ajralib turadi.
Davlat ekologik funksiyasining mustaqil funksiya sifatida ajralib turishi jamiyatning tabiatga munosabati o`zgarganligi bilan ham bog`liqdir. Shunday ekan, ekologik funksiyani davlat faoliyatidagi jamiyatning ekologik xavfsizligini ta`minlash borasida amalga oshiriladigan obyektiv-zaruriy, maqsadga yo`naltirilgan, qonunda shart qilib qo`yilgan yo`nalishidir, deyishga yetarli darajada asoslarimiz bor.
Davlatning ekologik funksiyasi butun jamiyat manfaatlarini aks ettirib, uzoq davom etadigan obyektiv voqelikdir. Davlat huquqiy mexanizmining barcha bo`g`inlari atrof muhitni muhofaza qilish borasidagi xilma-xil va maqsadga yo`naltirilgan harakatlarni amalga oshirishga qaratilgandir.
Ekologiya sohasidagi xilma-xil huquqiy muammolar orasida boshqaruv masalalari, maxsus davlat organlarining tashkilotchilik faoliyati, shubhasiz, markaziy o`rin egallaydi. Bozor iqtisodiyotiga o`tilishi sababli, tabiatdan oqilona foydalanish hamda atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish borasidagi davlat boshqaruvining mohiyati ancha o`zgardi. Bugungi kunda «boshqarish» deganda, boshqariladigan obyektga nisbatan bitta subyektning hukmron ta`siri tushunilmaydigan bo`ldi. «Boshqarish» degan tushunchaning keng tarqalgan va «mo`tadil» («o`rtamiyona») ta`rifi tan olindi. Endilikda biz tabiiy resurslardan (boyliklardan) foydalanish hamda atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish sohasidagi davlat funksiyasi davlat organlarining tashkilotchilik faoliyatidir, deb tushunamiz.
Hozirgi kunda «boshqaruv» deganda, ma`lum bir doiradagi davlat faoliyati ko`zda tutiladi. Ammo bu faoliyat cheklangan bo`lib, u subyektlar o`zlarini qanday tutishlari lozimligining umumiy qoidalarinigina belgilab beradi, ammo xo`jalik yurituvchi tizimni tashkil etish masalalari bilan shug`ullanmaydi. Hozirgi kunda biz taraqqiyotning asosiy yo`nalishlari, chegaralari va doiralari asosan davlat tomonidan belgilanayotganligiga, xo`jalik yuritish tashabbusi nodavlat tashkilotlaridan chiqayotganiga guvoh bo`lib turibmiz.
Bizningcha, «boshqaruv» tushunchasining bunday talqinini qabul qilish va amaliyotda qo`llash mumkin. Lekin, shunday bo`lsa-da, davlatning ma`lum maqsadlarini hamda funksiyalarini bajarishga yo`naltirilgan tashkilotchilik faoliyatini boshqaruvning to`liq tavsifi deb belgilash lozim. Boshqaruv o`zaro jips bog`liqlikda bo`lgan elementlardan (unsurlardan) tashkil topgan ma`lum bir jarayondir. Aytish mumkinki, bu boshqaruvning umumiy, tashkiliy-iqtisodiy tavsifidir. Shu bilan birga, B. V. Yerofeyevning ta`kidlashicha, «iqtisodiy va ekologik tizimlarga nisbatan davlatning tartibga solish faoliyatidagi o`ziga xosliklar ularning tabiatidagi muhim farqlardan kelib chiqadi: iqtisodiy tizimda kechadigan obyektiv jarayonlarga chuqur aralashish mumkin, ammo ekologik tizimda amal qiladigan tabiat qonunlariga umuman aralashib bo`lmaydi».
Yuqorida ta`kidlab o`tganimizdek, tabiat shunday bir boshqaruv obyektidirki, unga nisbatan o`tkazilgan har qanday noto`g`ri ta`sir jiddiy salbiy ekologik oqibatlarga olib kelishi mumkin, shu boisdan u alohida huquqiy tartibga solinishi lozim. Tabiat moddiy boyliklarning manbaigina emas, balki odamlarning o`zi istiqomat qiladigan muhitdir. Bu o`rinda faqat ekologik manfaatlarni dastur qilib olish bilan cheklanib bo`lmaydi, davlatning ekologik siyosati asosida «insonning hayoti va sog`lig`ini muhofaza qilish, aholining hayoti va dam olishi uchun qulay bo`lgan atrof tabiiy muhitni asrab qolish va qayta tiklashning ustunligi» prinsipi yotishi kerak.
Yuqorida aytilganlarni tahlil qila turib, shuni ta`kidlash mumkinki, respublikamizning ijtimoiy-iqtisodiy sohasida davlat funksiyasining mazmuni jiddiy o`zgarishlarga uchragan. Hayotimizning ba`zi bir sohalarida u axloqning umumiy qoidalarini belgilaydi, ma`lum bir chegaralarni, davlat ta`siri o`tkazilmaydigan doiralarni aniqlab beradi. Bularni endi davlat tavsiyalari deb atash mumkin. Ikkinchi tomondan, barcha ijtimoiy munosabatlarga davlat ta`siri o`tkaziladigan sohalar davlatning qo`lida qoladi. Bizningcha, huquq-tartibotning ma`lum darajasini saqlab qolish hamda barcha subyektlarning manfaatlariga rioya qilinishini ta`minlash uchun xuddi shunday bo`lishi lozim. Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasi ijtimoiy hayotning shunday sohasi hisoblanadi.
Ushbu so`zlarning isboti tariqasida amaldagi qonunchilikning quyidagi xususiyatlarini keltirish mumkin:
birinchidan, davlat barcha tabiiy resurslarning mulkdoridir, shu sababli, ushbu resurslardan foydalanish bilan bog`liq barcha ijtimoiy munosabatlar davlat tomonidan belgilab qo`yilgan;
ikkinchidan, atrof tabiiy muhitga zarar yetkazadigan barcha faoliyat turlari davlat tomonidan to`xtatib qo`yilishi, tugatilishi va man etilishi mumkin.
Ko`rinib turibdiki, mazkur xususiyatlar davlatning ekologiya sohasidagi ta`siri ekologik tartibning ma`lum darajasini ta`minlash uchun juda chuqur amal qilishidan dalolat beradi.
Bundan shunday xulosa chiqarish mumkinki, tabiatdan foydalanish va ekologiya sohasidagi funksiya maxsus vakolatli davlat organlarining tashkilotchilik faoliyati bo`lib, ular ekologik munosabatlar hukmron ta`sir elementlarini saqlab qolgan holda iqtisodiy usullarni qo`llaydilar. Maxsus vakolatga ega bo`lgan organlarning ushbu faoliyati o`zaro bog`liq jarayondir.
Davlat ekologik funksiyasining elementi sifatida atrof tabiiy muhit monitoringi katta ahamiyat kasb etadi. Monitoring deganda, keng ma`noda, bir obyekt ustidan nazorat olib borish hamda shu obyekt to`g`risida axborot to`plash tizimi tushuniladi.
Fikrimizcha, «monitoring» so`zining ma`nosi va uning atrof tabiiy muhit bilan bog`liqligi Yuridik ensiklopediyada to`g`ri aks ettirilgan: «Monitoring (inglizcha-monitoring) – 1) ma`lum jarayonni doimiy kuzatish, hisobga olish, ularga baho berish va istiqbolini belgilash; 2) atrof tabiiy muhitning holatini va uning resurslarini kuzatish, hisobga olish, ularga baho berish va tabiiy muhitning davlat monitoringi tizimini tashkil etish». Bizningcha, ushbu ta`rif davlatning ekologik funksiyasiga bevosita daxldordir.
Ekologik munosabatlar sohasidagi davlat funksiyasi, xuddi boshqa sohalardagi singari, atrof tabiiy muhitga oid axborotni qayta ishlash jarayonidir. Bunday axborot asoslantirilgan boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun asos bo`lib xizmat qiladi. Bu o`rinda yana shuni ta`kidlab o`tish lozimki, boshqaruv jarayonining har bir bosqichi uchun ekologik ma`lumotlar zarur bo`ladi.
«Ekologik monitoring» tushunchasini tavsiflashdan avval ba`zi bir masalalarni oydinlashtirib olish lozim: tabiatdan oqilona foydalanish va atrof muhit muhofazasini boshqarib borish mexanizmida monitoring qanday o`rin tutadi? U qanday funksiyalarni bajarishga yo`naltirilgan?
Bu masala bo`yicha ham turli nuqtai nazarlar mavjud.
Masalan, N. B. Muhitdinov o`z monografiyasida tabiatni muhofaza qilish munosabatlari sohasidagi davlat boshqaruvining quyidagi funksiyalarini ajratib ko`rsatadi: «tabiat obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishni rejalashtirish, davlat kadastrlarini hisoblash va yuritish, tabiat obyektlarini taqsimlash va qayta taqsimlash, tabiat obyektlaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishni nazorat qilib borish, tabiat obyektlaridan foydalanish masalalari bo`yicha yuzaga kelgan nizolarni hal etish». Tabiatni muhofaza qilish sohasidagi boshqaruvning mazkur funksiyalari, uning fikricha, tabiiy resurslarga oid munosabatlarga ham tatbiq etilishi mumkin (yer, suv, yer osti boyliklari va boshqalar).
O`zining keyingi ishlarida ham N. B. Muhitdinov ekologik munosabatlar sohasidagi boshqaruv funksiyalarining ushbu tizimidan voz kechmagan. Ushbu huquq harakatni suv huquqiga muvofiq ravishda ko`rib chiqa turib, ta`kidlash mumkinki, yangi ekologik sharoitlarga muvofiq u suv resurslarini boshqarish funksiyalari tizimiga ma`lum tuzatishlar kiritadi. Ammo olim monitoringni mustaqil harakat sifatida ajratib ko`rsatmaydi.
Tabiat resurslari monitoringi tabiat resurslari hisob-kitobi va tabiat resurslari kadastrini yuritish yoxud «tabiat obyektidan foydalanish ustidan nazorat olib borish davlat funksiyalari tomonidan qamrab olinadi» degan nuqtai nazarni anglatsa, funksional vazifasi bo`yicha monitoring, fikrimizcha, atrof tabiiy muhit hamda uning alohida obyektlarining holatini nazorat qilish faoliyatini anglatadi. Ekologik munosabatlar sohasidagi davlat boshqaruvining boshqa funksiyalari bilan taqqoslab ko`radigan bo`lsak, ekologik monitoring ulardan birmuncha farq qilishini ko`rishimiz mumkin. Ekologik monitoring ulardan maqsadi, vazifalari, mohiyati, faoliyat shakllari va usullari bo`yicha farq qiladi.
Misol uchun, kadastr yuritish, ekologik ekspertiza, normaga solish va nazorat funksiyalarini ko`rib chiqaylik. Tabiat resurslari to`g`risidagi ma`lumotlarning jamlamasini tashkil etar ekan, kadastr ma`lumotlarining tizimlashtirilgan to`plamini anglatadi, ular o`z harakatlari va mohiyatlariga bog`liq ravishda tegishli bo`limlarga birlashadilar. Ularning har biri kadastrda ma`lum funksiyani amalga oshiradi va ma`lum turdagi axborotni tashuvchi vazifasini bajaradi.
Ushbu ta`rifdan ko`rinib turibdiki, tabiat resurslari kadastrini yuritish funksiyasi hamda tabiiy obyektlar zaxiralari hisob-kitobining mohiyati ekologik monitoring o`tkazish jarayonida olinadigan axborot ma`lum usullar bilan qayta ishlanib, belgilangan mezonlar bo`yicha tizimlanishini qayd etish bilan bog`liqdir. Demak, ekologik monitoring funksiyasi tabiat kadastrini yuritish uchun asos bo`lib xizmat qiladi.
«Atrof tabiiy muhitning sifatini standartlashtirish» mohiyati bo`yicha o`ziga xos funksiyadir. Yuqorida aytib o`tilganlardan kelib chiqadigan ma`no shuki, monitoring funksiya sifatida atrof tabiiy muhit sifatini standartlashtirish funksiyasining tarkibiga kira olmaydi, aksincha, standartlashtirish ekologik monitoringni amalga oshirish shakllari, usullari va turlari uchun metodologik asos bo`lib xizmat qiladi.
Ekologik monitoringning ma`lumotlari davlat ekologik boshqaruvining ko`rsatib o`tilgan funksiyalarini amalga oshirish uchun tayanch nuqta bo`lib xizmat qiladi. Tabiat obyektlaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish borasidagi har qanday faoliyat ekologik axborotga asoslanish lozim, shundan so`ng nimani, qanday rejalashtirish lozimligi to`g`risida qarorlar qabul qilinadi. Ishlab chiqarish faoliyati bilan shug`ullanishga ruxsat berishdan avval davlat foydalaniladigan tabiat obyektining holati xususidagi yoxud amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan faoliyatning atrof tabiiy muhitga qanday ta`sir qilishi mumkinligi xususidagi ma`lumotlarga ega bo`lishi lozim. Tabiiy resurslardan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish masalalari bo`yicha yuzaga kelgan nizolar ekologik monitoring ma`lumotlari asosida hal etiladi. Binobarin, ekologik monitoringni amalga oshirish ekologiya sohasidagi davlat boshqaruvi mexanizmining faoliyat ko`rsatishi uchun zaruriy shart bo`lib hisoblanadi.
Ekologik monitoring funksiyasining mustaqilligi xususida yana bir xulosa chiqarish mumkin. Ushbu funksiya ekologik boshqaruvning butun mexanizmi uchun asos bo`lganligi sababli, u boshqa funksiyalar tomonidan qamrab olinmasligi hamda mustaqil ravishda amalga oshirilishi lozim. D. L. Baydeldinov ham shu xulosani qo`llab-quvvatlaydi. Bu olim ushbu funksiyani amalga oshiradigan bir qator davlat organlari va hatto butun bir tizim mavjudligini misol qilib keltiradi. Ta`kidlab o`tish lozimki, monitoring funksiyasi ekologiya sohasidagi boshqaruv mexanizmining birinchi navbatdagi funksiyasidir.
Shunday qilib, ekologik monitoringning quyidagi ta`rifini keltirish mumkin: ekologik monitoring ekologiya sohasidagi davlat boshqaruvining mustaqil funksiyasidir. Alohida tabiiy resurslar va atrof tabiiy muhit sifatining holatini kuzatish, baholash va bashorat qilish (oldindan aytish) bo`yicha ilmiy asoslangan uslublar asosida ma`lum ishlarni amalga oshirish uning mohiyatini tashkil etadi.
Kuzatish obyektiga bog`liq ravishda ekologik monitoring quyidagi guruhlarga bo`linadi: 1) atrof tabiiy muhit monitoringi; 2) yer monitoringi; 3) yer osti boyliklari monitoringi; 4) suv monitoringi; 5) o`rmon monitoringi; 5) o`simliklar dunyosi monitoringi; 6) hayvonot dunyosi monitoringi; 7) atmosfera havosi monitoringi.
Ekologik monitoringning ko`rsatib o`tilgan turlaridan har biri ma`lum tabiiy resurslarga muvofiq ravishda o`zining tur osti xillariga egadir. Masalan, yer osti boyliklari monitoringi qattiq foydali qazilma boyliklar, neft va gaz konlari monitoringini o`z ichiga oladi; o`rmon ekotizimlari monitoringi esa o`rmonlardagi yong`inlar monitoringini, yer monitoringi esa aholi yashaydigan hududlardagi yer monitoringini mujassam etgan.
Monitoringni o`tkazish hududga, ma`muriy, iqtisodiy, ekologik-landshaft chegaralariga bog`liq ravishda olib boriladi hamda respublika miqyosidagi, hududiy va mahalliy monitoringlarga bo`linadi.
Tabiat obyektining sifati to`g`risida ishonchli axborot olish uchun vaqt omili, ya`ni tabiat yoki tabiiy muhitning sifati to`g`risida ma`lumotlar olish chastotasi (takrorlanish darajasi) alohida ahamiyat kasb etadi. Bir martalik kuzatishda monitoring ma`lumotlarida atrof muhitdagi o`zgarishlarni yoki ifloslanganlikning to`liq hajmini qayd etishning iloji bo`lmaydi. Uzluksiz kuzatishlar orqaligina tabiat obyektining holati to`g`risida to`liq va obyektiv ma`lumotlar to`plash mumkin. Bu esa monitoringning quyidagi turlarini o`tkazish uchun asos bo`lib xizmat qiladi: 1) tezkor monitoring; bunda ma`lumotlar ma`lum bir vaqt davomida bir martalik tekshirishlar (o`lchashlar) yordamida to`planadi; 2) negiz monitoring; bu turda ma`lumotlar vaqtlar oralig`ida qayta-qayta (davriy) tekshirishlar orqali olinadi.
Ba`zan monitoringning maxsus turi xususida so`z yuritiladi. Monitoringning bu turida kuzatishlar ma`lum asbob-uskunalar bilan maxsus ishlab chiqilgan usullar (metodika) asosida amalga oshiriladi. Ekologik monitoringning umumiy turlari ana shulardan iborat.
Davlatning ekologik funksiyasini amalga oshirishda ekologik nazorat muhim o`rin tutadi. Ekologik nazoratni amalga oshirish davlat ekologik funksiyasining tarkibiy qismidir. Ekologik-huquqiy mexanizmning ushbu funksiyasi tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va atrof muhitni muhofaza qilish borasida davlat boshqaruvini amalga oshirishning zaruriy elementi sifatida yuzaga kelgan. Ekologik nazorat o`tkazish shart-sharoitlari, uni tashkil qilish hamda tushunchaning nazariy masalalari huquqiy adabiyotda umuman tabiatni hamda uning alohida resurslarini boshqarish nuqtai nazaridan juda keng yoritilgan.
Ijtimoiy munosabatlarning ushbu sohasini tartibga solishning yetarli darajadagi amaliyoti ham mavjud, bu vazifalarni amalga oshirish vakolati berilgan maxsus davlat organlari ham tuzilgan.
Mamlakatimizda bozor munosabatlarining shakllanishi, xususiy mulkchilikning yuzaga kelishi yangi xo`jalik yurituvchi subyektlarning paydo bo`lishiga olib keldi. Buning oqibatida atrof tabiiy muhit sifatini boshqarishning shakllari hamda usullari ham o`zgaradi, bu esa, o`z navbatida, ekologik nazorat tavsifida ham o`z aksini topadi.
Rossiya yuridik adabiyotida ko`rsatilishicha, «ekologik nazorat umuman jamiyatning ekologik xavfsizligini ta`minlash va atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish borasidagi ekologik talablarga korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, ya`ni barcha xo`jalik yurituvchilarning rioya qilishlarini tekshirishdir».
Bizningcha, «ekologik nazorat» tushunchasiga chop etilgan «Ekologiya huquqi» darsligida ancha to`g`ri ta`rif berilgan. Unda «ekologiya nazorati atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik xavfsizlikni ta`minlash qoida-talablarini barcha vazirlik, davlat qo`mitalari va idoralari, korxonalar, tashkilotlar, muassasa, mansabdor va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishini tekshirish, tabiiy muhit holatini o`rganish va kuzatish, chora-tadbirlarni qo`llash bilan bog`liq siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ma`naviy-ma`rifiy chora-tadbirlar yig`indisini o`z ichiga oladi» deb ko`rsatilgan.
Sanab o`tilgan nuqtai nazarlarni o`rganib chiqib, ta`kidlash lozimki, ekologik nazorat juda murakkab, ko`p qirrali tushunchadir. Uning mohiyatini anglab yetish uchun, birinchi navbatda, uning maqsadlari, funksiyalari, obyektlari, tamoyillari, shakllari, tizimi va turlarini aniqlash lozim.
Davlat boshqaruv faoliyatining funksiyalari orasida ekologik nazorat juda muhim o`rin tutadi.
Yuqorida aytilganlar, A. K. Golichenkovning ekologik nazoratni turli jihatlardan, turli darajalarda ko`rib chiqish zarurligi to`g`risidagi fikri to`g`ri ekanligini tasdiqlaydi:
birinchidan, ekologik nazorat davlat boshqaruvining tabiatdan foydalanish va atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish borasidagi funksiyalaridan biridir;
ikkinchidan, ekologik nazorat atrof tabiiy muhit sifatini boshqarish mexanizmining tarkibiy qismi, ekologik ko`rsatmalar va tabiatni muhofaza qilish borasidagi tadbirlar bajarilishi samaradorligining kafolatidir;
uchinchidan, ekologik nazorat tabiatdan foydalanish va atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish borasida davlat boshqaruvining qonuniyligini ta`minlash usulidir.
Ko`rinib turibdiki, bozor iqtisodiyoti sharoitida tabiatdan foydalanish va atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish borasidagi davlat funksiyasi ma`muriy buyruqbozlik tizimidagiga qaraganda biroz boshqacha mohiyat kasb etadi. Davlat ko`proq iqtisodiy ta`sir choralarini qo`llaydi, xo`jalik yurituvchi subyektlar va fuqarolarning tabiat resurslaridan oqilona foydalanish, tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini tegishli darajada amalga oshirish, ekologik-huquqiy talablar va ko`rsatmalarga rioya qilish borasidagi ishlarni iqtisodiy jihatdan rag`batlantiradi.
Shunday ekan, boshqarish funksiyasi sifatidagi ekologik nazorat bir qator maxsus o`ziga xosliklarga egaki, shular orqali u boshqa funksiyalardan farq qiladi. Bular quyidagilardir:
birinchidan, davlat organlari tomonidan ekologik nazorat amalga oshirilishi borasidagi munosabatlarni «hokimiyat munosabatlari» deb atash mumkin, zero nazoratga hokimiyat vakolatlarini amalga oshirish xosdir;
ikkinchidan, tabiat resurslariga bo`lgan davlat mulkchiligi huquqi davlat organlari tomonidan ekologik nazorat amalga oshirilishining moddiy kafolatidir;
uchinchidan, davlat aralashuvining yuridik chegaralari yuzaga kelgan moddiy shart-sharoitlarga binoan aniqlanadi.
Shu o`rinda xo`jalik yurituvchi subyektlar mustaqilligining, xususiy mulkdorlar mavjudligining, bozor iqtisodiyoti sharoitida davlat ekologik nazoratining chegaralari qanday, degan haqqoniy savol paydo bo`ladi.
Davlat ekologik nazoratni amalga oshirayotganida mulkdorlar, tabiatdan foydalanuvchilarning faoliyatiga aralashadi hamda bozor iqtisodi munosabatlari sharoitida ekologik xavfsizlikni ta`minlash uchun qancha huquq zarur bo`lsa, shuncha huquqqa ega bo`ladi.
Ekologik nazoratni amalga oshirishdan ko`zlangan maqsadlar turlichadir. Ularni shartli ravishda umumiy va maxsus maqsadlarga ajratish mumkin. A. K. Golichenkov haqli ravishda ta`kidlab o`tganidek, «umumiy maqsad mamlakatda amalga oshiriladigan barcha ekologik faoliyatdan ko`zlanadigan maqsadga mos keladi».
Bizningcha, aytib o`tilgan umumiy maqsad bilan bir qatorda, ekologik nazorat boshqa maxsus maqsadlarni ta`minlashga ham yo`naltiriladi. Xo`jalik yuritish yoki boshqa faoliyatining inson hayotiga va sog`lig`iga, atrof tabiiy muhitga va uning alohida qismlariga zararli ta`sirining oldini olish hamda shunday zararli ta`sirlarning bartaraf etilishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish xuddi shunday maxsus maqsadlar sirasiga kiradi. Umumiy va maxsus maqsadlarni ajratib ko`rsatish keng ma`nodagi «ekologik nazorat» tushunchasini shakllantirish imkonini beradi.
Keng ma`nodagi ekologik nazorat deganda, davlat organlarining xo`jalik va boshqa faoliyat ta`siri ostidagi atrof tabiiy muhit va uning alohida obyektlari holatini kuzatish, barcha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan atrof muhit muhofazasi va ekologik xavfsizlikni ta`minlash borasidagi talablarning bajarilishini kuzatib borish, ekologik qonunchilik normalari va talablari buzilishining sabablari va bunga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlash, ularni bartaraf etish, shuningdek, ularning oldini olish borasidagi faoliyati tushuniladi. Keng ma`nodagi «ekologik nazorat» tushunchasi beshta elementdan tashkil topadi: ekologik monitoring, ekologik ekspertiza, davlat ekologik nazorati, idoraviy ishlab chiqarish va jamoatchilik ekologik nazorati.
Shu bilan birga, «ekologik nazoratni» tor ma`noda ham tushunish mumkin. Tor ma`noda ekologik nazorat deganda, insonning hayoti va sog`lig`iga, atrof tabiiy muhit va uning alohida obyektlariga yetkazilayotgan zararli ta`sirni bartaraf etish hamda shunday ta`sirlar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida, amaldagi qonunchilikning ekologik normalari va talablari ijrosini tekshirish tushuniladi.
Ekologik nazoratning maqsadlari ekologik xavfsizlikni ta`minlash xo`jalik yoki boshqa faoliyatning inson hayoti va sog`lig`iga, atrof muhitga zararli ta`sir ko`rsatishining oldini olish hamda bartaraf etishdir. Ular turli tashkiliy-huquqiy usullar bilan amalga oshiriladi. Quyidagilar shular jumlasiga kiradi: atrof tabiiy muhit hamda uning alohida obyektlarining holatini kuzatib borish; atrof muhitni muhofaza qilish hamda ekologik xavfsizlikni ta`minlash borasidagi tadbirlarning bajarilishini tekshirish va umumlashtirish; ekologik qonunchilik normalari va talablarining ijrosini tekshirish; yuridik va jismoniy shaxslar yuritadigan ekologik zararli faoliyatning oldini olish, cheklash, to`xtatib qo`yish hamda tugatish yo`li bilan ekologik zararli faoliyatning oldini olish va uni baholash; tabiatdan maxsus foydalanish litsenziyalarida (ruxsatnomalarida), shartnomalarda aytib o`tilgan shartlarning bajarilishini tekshirish va litsenziya berish; ekologik qoida-talablarni buzgan yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan ma`muriy-huquqiy javobgarlik choralarini qo`llash.
Ta`kidlash o`rinliki, ekologik nazoratni amalga oshirish bilan bog`liq bo`lgan ijtimoiy munosabatlar ekologiya huquqining predmetiga kiradi, zero gap jamiyat va tabiatning o`zaro aloqasi sohasidagi munosabatlar to`g`risida bormoqda. Ekologik nazorat to`g`risidagi huquqiy normalar davlat tomonidan tan olinadigan va ta`minlanadigan hamma uchun majburiy qoidalar sirasiga kiradi, ulardan ushbu munosabatlar ishtirokchilarining huquqlari va burchlari kelib chiqadi hamda ekologiya huquqi umumiy qismining yagona huquqiy institutini tashkil etadi.
Davlatning ekologik funksiyasini amalga oshirishda ekologik ekspertiza ham muhim o`rin tutadi. Ekologik ekspertiza atrof tabiiy muhit muhofazasi sohasidagi nazorat faoliyatida alohida ahamiyatga ega. Bu holat ekologik nazorat va ekologik ekspertizani bir-biri bilan o`zaro bog`liqlikda ko`rib chiqishni taqozo etadi. Ekologik ekspertiza xo`jalik va boshqa faoliyatning atrof tabiiy muhit sifati normativlari hamda ekologik talablarga qanchalik mosligini, ushbu faoliyatning atrof tabiiy muhitga yetkazishi mumkin bo`lgan salbiy ta`sirlari va ulardan kelib chiqadigan oqibatlarning oldini olish maqsadida ekspertiza obyektlarining amalga oshirilishiga yo`l qo`yish mumkinligini yoki mumkin emasligini aniqlashdir.
Ekologik ekspertiza ekologik huquqiy mexanizmning tarkibiy qismi sifatida atrof tabiiy muhitning barqarorligini saqlash, tabiiy boyliklardan unumli va samarali foydalanish hamda aholining ekologik xavfsizligini ta`minlashda alohida ahamiyatga egadir.
Ekologik nazorat singari ekologik ekspertizaning ham maqsadi rejalashtirilayotgan inson faoliyatining inson hayoti va sog`lig`iga, atrof tabiiy muhitga va uning alohida obyektlariga yetkazishi mumkin bo`lgan salbiy oqibatlarning oldini olishdir. Shu bilan bir qatorda, ekologik ekspertiza yordamida quyidagi masalalar hal etiladi: rejalashtirilayotgan boshqaruv, xo`jalik, investitsiya va boshqa faoliyatlarning atrof tabiiy muhitga va aholi sog`lig`iga yetkazadigan ta`sirini baholash va to`g`riligini aniqlash; bu ishlar ekspertiza obyektida bajariladi hamda bir yo`la ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik oqibatlar tahlili ham o`tkaziladi; xo`jalikka oid va boshqa faoliyatning inson sog`lig`i hamda atrof tabiiy muhitga ta`sirining har tomonlama ilmiy asoslangan tahlilini va baholashni tashkil etish; tegishli hujjatlarda ekologik talablar, normalar, qoidalar, O`zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan andozalarga qanchalik rioya qilinganligini tekshirish, ekologik ekspertiza tayyorlash, ularni ekspertiza obyekti amalga oshirish to`g`risidagi qaror qabul qiladigan tashkilotlarga berish hamda manfaatdor organlar va aholiga zarur axborotni taqdim etish. O`zbekiston Respublikasida ekologik ekspertiza bilan bog`liq faoliyat «Ekologik ekspertiza to`g`risida»gi qonun asosida amalga oshiriladi.
Ekologik ekspertizaning misol qilib keltirilgan ro`yxati uning, birinchi navbatda, ogohlantiruvchi funksiyani bajarishidan dalolat beradi. Ammo V. V. Petrovning ta`kidlashicha, «har qanday dastlabki tekshiruv ham tom ma`noda ekologik ekspertiza deb atalavermaydi, dastlabki tekshiruv maxsus vakolatli organ tayinlagan komissiya tomonidan o`tkazilgan taqdirdagina ekologik ekspertiza shakliga aylanadi». Bundan tashqari, ekologik ekspertizaning o`tkazilishi ma`lum prinsiplarga asoslanadi. Ular O`zbekiston Respublikasining «Ekologik ekspertiza to`g`risida»gi qonunining 5-moddasida bayon qilib berilgan.
Davlat ekologik ekspertizasining o`tkazilishi majburiydir. Bunda markaziy va mahalliy ijroiya organlarining nazorat qiluvchi bo`limlari o`zaro hamkorlikda ish yuritadilar. Ekologik ekspertizaning xulosalari obyektiv va ilmiy asoslangan bo`lmog`i lozim. Ekspertiza organlari va ekspertlar o`z vakolatlarini amalga oshirishda mustaqildirlar. Ekologik ekspertiza ochiq, oshkora va kompleks ravishda o`tkaziladi, bunda ekologik va tibbiy-biologik manfaatlar ustunlik qiladi. Nazarimizda, mavjud prinsiplar tizimini to`ldirish maqsadga muvofiqdir. Bu ro`yxatda ekspertizaning noidoraviylik prinsipi ham aks ettirilishi lozim, zero ekologik ekspertiza har qanday hollarda ham alohida bir idoraning manfaatlari va nuqtai nazarlarini emas, balki atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish prinsiplarini himoya qiladi.
Davlat ekologik ekspertizasi O`zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo`mitasi hamda uning joylardagi organlari amalga oshiradigan ekspertlik faoliyatining bir turidir. U majburiy xususiyatga ega bo`lib, huquqiy, xo`jalik, boshqaruvga oid hamda boshqa qarorlar qabul qilinishidan avval o`tkaziladi. Ma`lumotlar to`plash, ularni umumlashtirish, tahlil qilish, baholash, xulosalar berish hamda ularning bajarilishini nazorat qilib borish davlat ekologik ekspertizasining usullari hisoblanadi.
Davlat ekologik ekspertizasi o`tkazilishi lozim bo`lgan obyektlarning batafsil ro`yxati O`zbekiston Respublikasi «Ekologik ekspertiza to`g`risida»gi qonunining 14-moddasida bayon etilgan. Unga binoan, quyidagilar majburiy ravishda ekologik ekspertizadan o`tkazilishi lozim: rejalashtirilayotgan, rejadan oldingi va loyihalashtirishdan oldingi hujjatlarning barcha turlari; prognozlar, ekologik va boshqa dasturlarning loyihalari, faoliyatining asosiy yo`nalishlari, davlat investitsiya dasturlari, shartnomalar, kontraktlar, shu jumladan, mulk shaklining o`zgarishi hamda xususiylashtirishning boshqa turlariga taalluqli; ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirish va joylashtirish sxemalarining loyihalari; suv, yer, o`rmon va boshqa tabiiy resurslardan foydalanish va ularni muhofaza qilish kompleks sxemalarining loyihalari; shaharlarni obodonlashtirish bosh rejalarining loyihalari, shu jumladan, maxsus iqtisodiy hududlar hamda tabiatdan foydalanish va xo`jalik faoliyati yuritishning maxsus, alohida rejimiga ega bo`lgan hududlari rejalarining loyihalari; ekologik talablarni yangi texnika vositalari va texnologiyalarga, materiallar va moddalarga, shu jumladan, xorijdan sotib olingan materiallarga asoslantirish to`g`risidagi hujjatlar; qurilishlar, rekonstruksiyalar loyihalarining, korxonalar va tashkilotlar tugatilishining texnik-iqtisodiy asoslari; hayvonot va nabotot dunyosidan foydalanishning biologik asoslari; ekologik, shu jumladan, radiatsiyaviy xavfsizlikni ta`minlash to`g`risidagi qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari; xavfli tabiiy ofatlar natijasida, shuningdek noto`g`ri, palapartish xo`jalik yuritish va boshqa faoliyat oqibatida hududda yuzaga kelgan ekologik vaziyatni tadqiq etish materiallari, shuningdek O`zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo`mitasi va boshqa organlarining qarorlari bilan boshqa joylar va hujjatlar ekologik ekspertizadan o`tkaziladi.
Inson, uning hayoti va sog`lig`i, atrof tabiiy muhit bilan birga, ekologik ekspertizaning alohida obyekti hisoblanadi. Ammo O`zbekiston Respublikasining «Ekologik ekspertiza to`g`risida»gi qonunida bu holat to`liq aks ettirilmagan, ekspertizaning ekologik-sanitariya turi ham tilga olinmagan. Bunday ekspertizani o`tkazish noxush ta`sirlar inson sog`lig`iga yetkazgan zararni qoplash to`g`risidagi masalani hal etishda muhim o`rin tutadi.
Amaldagi qonunchilikka binoan davlatning ekologik nazorati turli shakllarda amalga oshiriladi. Ularning ichida eng ko`p tarqalgani ogohlantiruvchi nazoratdir, u rejaviy, reja-smeta, normativ-texnik, hujjatlarni tekshirish loyihasining ekologik ekspertizasi ko`rinishlarida amalga oshiriladi. Qurilayotgan va qurib bitkazilgan obyektlarning qonunchilikda mustahkamlab qo`yilgan ekologik talablarga qanchalik mosligini tekshirish, davlat qabul komissiyalarining ishida ishtirok etish ham shular jumlasidandir.
Joriy davlat nazorati xo`jalik yuritish yoki boshqa faoliyat jarayonida, tabiiy resurslardan foydalanishda amalga oshiriladi, u mavjud ekologik talablarning buzilishlarini bartaraf etish, ekologik zarar yetkazish manbalarini va yetkazilgan ekologik zararni aniqlashga yo`naltirilgan.
Ekologik nazorat obyektlari nuqtai nazaridan davlat ekologik nazoratini quyidagi turlarga ajratish mumkin:
1) atmosfera havosini muhofaza qilish;
2) yerlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish;
3) suvlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanish;
4) o`rmonlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanish.
Bu esa, o`z navbatida, ekologik ekspertiza faoliyatini amalga oshirishni ancha yengillashtiradi.
A. K. Golichenkovning fikricha, ekologik ekspertiza jarayoni uchta bosqichda amalga oshiriladi: avval tegishli hujjatlar yoki obyekt ekspertizaga taqdim etiladi, so`ngra ekspert komissiyasi ushbu hujjatlar yoki obyektni tadqiq etadi, shundan keyin tegishli hujjatlar yoki obyektning ekologik yoxud boshqa maxsus normalarga, qoidalarga qanchalik mosligi to`g`risida ekspert komissiyasi xulosasi ko`rinishlarida baho beriladi.
V. V. Petrov esa ekologik ekspertiza jarayonini yanada to`liqroq tavsiflaydi va unda beshta bosqichni ajratib ko`rsatadi.
Ular quyidagilardir:
1)ekspertiza tayinlash:
2)axborot to`plash, umumlashtirish va baholash;
3)ekspertizaning dastlabki xulosasini chiqarish va jamoatchilikka e`lon qilish:
4)ekspertiza xulosasini vakolatli organ rahbariga taqdim etish va tasdiqlatish;
5)nizolarni hal etish.
Ekspertizani davlat ekologik ekspertizasi xizmatining xodimlari ham, shuningdek chetdan taklif etilgan ekspertlar ishtirokidagi ekspertiza komissiyalari ham o`tkazishlari mumkin.
Davlat ekologik ekspertizasining xulosasida ekologik ekspertiza obyektlarini amalga oshirish to`g`risida qaror qabul qilish yoki qilmaslik xususida xulosalar beriladi. Loyihalash hujjatlari bo`yicha davlat ekologik ekspertizasining xulosasi berilgan kunidan boshlab qurilish boshlanguniga qadar ikki yilgacha amal qiladi, amaldagi yoki qurilayotgan obyektlarning hujjatlari bo`yicha esa besh yilgacha amal qiladi. Ekologik nazorat tizimini ko`rib chiqishni nihoyasiga yetkazmay turib ham shunday xulosa qilish mumkin: ekologik nazorat, atrof tabiiy muhit hamda tabiiy resurslar monitoringi va ekologik ekspertiza bitta umumiy maqsadga erishish, ya`ni atrof muhitga, uning alohida obyektlariga, inson hayoti va sog`lig`iga yetkaziladigan zararning oldini olishga va mavjud zararlarni bartaraf etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga yo`naltirilgandir.
Shu bilan birga, ularning har biri o`z funksiyalariga, o`z «shaxsiy vazifalariga», amalga oshirish usullariga, obyektlari va shakllariga egadir. Masalan, atrof tabiiy muhit va tabiat resurslar monitoringi atrof tabiiy muhit hamda uning alohida holatini kuzatib borish, antropogen yoki boshqa ta`sirlar oqibatida unda yuzaga kelayotgan o`zgarishlarni kuzatib borishdir. Monitoring ma`lumotlari atrof tabiiy muhit muhofazasi sohasida boshqaruv va xo`jalik qarorlari qabul qilinishini ta`minlaydi. Ekologik axborotni to`plash va taqdim etish bilan cheklanadigan atrof tabiiy muhit va tabiat resurslarining monitoringidan farqli o`laroq, ekologik nazorat qonunchilikdagi ekologik talablarning barcha xo`jalik yurituvchi subyektlari va fuqarolar tomonidan bajarilishini ta`minlaydigan faoliyatdir. Bu talablar bajarilmaydigan bo`lsa, ekologik nazorat organlari ma`muriy jazo choralarini qo`llashga, ekologik qonunchilikni qo`pol ravishda buzayotgan xo`jalik yurituvchi subyektlar va fuqarolarning faoliyatini to`xtatib qo`yishga haqlidirlar.
Ekologik ekspertiza esa xo`jalik qarorlari, ular faoliyatining natijalari ekologik talablarga, atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va tabiat resurslaridan oqilona foydalanish qoidalariga qanchalik mosligini dastlabki tekshirishdir. Ekologik nazoratdan farqli o`laroq, u ekologik zararli faoliyat boshlanmasidan avval amalga oshiriladi. Ekologik nazoratning maqsadlari hamda vazifalari atrof tabiiy muhit muhofazasi va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish borasidagi davlat funksiyasining umumiy vazifalariga hamohangdir. Shu bilan birga, ekologik nazorat obyektlari, shakllari va usullari o`ziga xos jihatlarga egadir.
Atrof tabiiy muhit va tabiat resurslari monitoringi hamda ekologik ekspertiza ekologik nazorat bilan chambarchas bog`liq, ammo ular bir xil bo`lmagan funksiyalardir. Ular ham maxsus vazifalarni bajarishga yo`naltirilgan, «o`z obyektlari»ga ega bo`lgan hamda maxsus shakl va usullarda amalga oshiriladigan davlat funksiyasining shakllaridir.
Davlatning ekologik funksiyasini amalga oshirish shakllari sifatida ekologik monitoring, ekologik nazorat va ekologik ekspertiza katta ahamiyatga ega bo`lib, davlatning ekologik funksiyasini mustahkamlashga hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga va ularni muhofaza qilishga yordam beradi. Bu esa, o`z navbatida, davlatning ekologik siyosatini yanada mustahkamlaydi.

Yüklə 89 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin