Fan-texnika rivojlangan hozirgi zamonning muhim ekologik vazifalari.
Darsning maqsadi: Ekologiya fani, uning hayotga kirib kelishi, talabalarda, ularning qaysi mutaxassislikni egallashlaridan qat'iy nazar ekologik malakaning zarurligi va bu malakaning kundalik hayotga tatbiq etish zaruriyati to`g`risida tushuncha berish ekologiyaning bo`limlari va tarmoqlanishi to`g`risida tushuncha berishi, ma'lumot berish.
Ekologiya fani, uning predmeti va vazifalari Ma'lumki, keyingi paytlarda kundalik turmushimizda «ekologiya» so`zi tez-tez uchraydi. Buning sababi atrof-muhit holatining o`zimiz ya'ni insonlar tomonidan noqulay holatga keltirilganligida. Shuning uchun ham bu atama ko`pincha «Jamiyat», «Inson», «Atrof-muhit», «Salomatlik» kabi so`zlar orasida tez-tez qo`llaniladi. Zeroki «Tabiat» va «Jamiyat» o`zaro dialektik birlikda bo`lib, ular doimo bir-biriga ta'sir o`tkazib keladi. Bizni o`rab turgan barcha tabiiy ne'matlar – qumligu-mo`zliklar, o`rmonu-dashtlar, tog`u-toshlar, havoyu-suvlar, xullas, barchasi o`zaro o`zviy bog`lik bo`lib, bir-birini muvozanatda saqlaydi. Tabiatning biror bir yerida, biror-bir jabhasida sodir bo`ladigan o`zgarishlar tabiiy muvozanatga ta'sir etmay qolmaydi. Bunday muvozanatni saqlab turish hayotning ekologik qonun-qoidalarini o`rganishni talab qiladi.
Sirasini aytganda ekologik tushunchaning ildizi tarixan chuqur ketgan bo`lib, antik davrga borib taqaladi. Hayvon va o`simliklarining Yer yuzida tarqalishi va ular hayotining tashqi muhit bilan bog`lanishlari to`g`risidagi ekologik ma'lumotlar eramizdan avval yashab o`tgan grek faylasuflari Gerakmit, Aristotel va Teofrastlar tomonidan to`plangan. Ammo «ekologiya» atamasi fanga kechroq kirib keldi. Uni birinchi marta nemis olimi E. Gekkel 1866 yilda o`zining «Organizmlarning umumiy morfologiyasi» asarida qo`llab, u ekologiyani tirik organizmlar bilan ular yashaydigan muhit o`rtasidagi munosabatlarni o`rganuvchi fan deb qabul qildi.
Ekologiya so`zi grekcha bo`lib, «oykos» - uy, yashash joyi, «logos» - fan demakdir. Bu so`zlarni keng ma'noda tushunish zarur. Atamaning fanga kiritilishidan hozirgacha o`tgan davr mobaynida uni turli mutaxassislar turlicha izohlab kelmoqdalar. Rus olimi akademik S. Shvarts: men ekologiya fani to`g`risida yuz xil fikr aytishim mumkin va ularning barchasi ozmi-ko`pmi to`g`ri bo`lib chiqadi, degan edi.
Darhaqiqat bu tushunchani kengaytirishda, ekologiya fanining shakllanishi va rivojlanishida ko`pgina olimlar hissa qo`shdilar. Ingliz olimlaridan CH. Elton populyatsion ekologiya nazariyasini yaratgan bo`lsa, rus olimi V.N. Sukachev biogeotsenozlar tushunchasini asosladi. Shuningdek rus olimlaridan K.F. Rulye zoobiologiya faniga, A.N. Beketov esa fitogeografiya faniga asos soldi. Ekologiya fani tarixida ayniqsa CH. Darvinning evolyutsion ta'limoti hamda akademik V. I. Vernadskiyning biosfera to`g`risidagi ta'limoti tub burilish yasadi.
Shunday qilib, ekologiya fani to`g`risidagi tasavvurlar tobora kengayib bordi. Xulosa qilib aytganda ekologiya biologiya fanlarining rivojlanishidan kelib chiqqan yangi tarmoq bo`lib, u biologik makrotizimlar ya'ni populyatsiyalar va biotsenozlar darajasidagi organizmlarning bir-birilari bilan va atrof muhit bilan bog`lanishlari to`g`risidagi fandir. Uning predmeti–bunday bog`lanishlarning zamon va makonga qarab o`zgarib borishni o`rganish ya'ni atrof muhitdagi tabiiy muvozanatni monitoring qilishdan iboratdir.
Ekologiya fanining vazifalari uning ma'nosi singari keng bo`lib, Yer yuzidagi tiriklik jarayonlarining qanday kechayotganligini o`rganib borish, fan va texnika rivojlangan hozirgi sharoitda industrial jamiyat kishisining tabiatga ta'sirini o`rganish va uni boshqarishdan iborat. Bu vazifani bajarish uchun ekologik meyorlashtirish tizimini yaratish zarur. Ekologik meyorlashtirish-bu atrof muhitga antropogen ta'sirning yo`l qo`yilishi mumkin bo`lib meyorini belgilashdir. Mazkur nazariyani rus olimi S. Shvarts ishlab chiqib, qo`llash uchun taklif qilgan. Ekologik meyorlashtirilishning yo`lga qo`yilishi yashash muhitidagi tabiiy muvozanatni saqlab qolib, inson uchun noqulay ekologik vaziyat vujudga kelishining oldini oladi.
Ma'lumki, kishilik jamiyatining rivojlanishi bilan atrof muhitga antropogen omillarining ta'siri kuchayib ketdi. Ayniqsa keyingi yillarda bunday ta'sir biosfera chegarasidan chiqib, koinotgacha yetib bordi va muhitning ekologik tozaligini saqlash dunyo miqyosidagi global masalaga aylandi. Shunga ko`ra ekologiya fani vazifalarining doirasi ham yanada kengaydi. Buni ekologiyaning boshqa fanlar bilan bog`likligida ham ko`rsa bo`ladi.