Farg‘ona tong otguncha Muxtorjon Murtazoyev



Yüklə 329,96 Kb.
tarix28.04.2023
ölçüsü329,96 Kb.
#104158
bastakorlar Muxtorjon Murtazoyev


Farg‘ona tong otguncha
Muxtorjon Murtazoyev1 1909-yil 5-mayda Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahriga yaqin bo‘lgan Nursux qishlog‘ida, ziyolilar oilasida tug‘ilgan. Yosh Muxtorjon ota-onasidan yosh judo bo‘ladi. Tog‘asi Matmusa aka tarbiyasida voyaga yetadi. Tog‘asi Nursuxning mashhur ashulachilaridan biri bo‘lib, o‘z jiyani Muxtorjonga xalq yo‘llariga mansub
bo‘lgan qo‘shiq va ashulalarni o‘rgatadi. So‘ngra, davrining taniqli san’atkori Mahram Shodiyev yosh Muxtorjonni o‘z ta’limiga olib, 1924-yili Yaypan qishlog‘idagi bolalar internatiga o‘qishga joylaydi. Sozandalik san’atini mashhur san’atkorlar Muydinxon aka Najmiddinov, Ahmadjon Umrzoqov, Qodirjon Hamdamovlardan o‘rganadi.
1930-yildan boshlab, viloyat temiryo‘lchilar klubida tashkil etilgan san’atkorlar guruhida musiqa rahbari lavozimida ish faoliyatini boshlaydi. 1936-yildan Qo‘qon musiqali drama teatrida jo‘rnavoz bo‘lib ishlaydi. Ijodiy jamoada ishlash jarayonida u o‘zining bastakorlik faoliyatini ham boshlaydi. «Kanalimga keling» (Chustiy), «E, go‘zal, obod elim» (Charxiy) kabi ilk qo‘shiqlarini yaratadi.
1942-yili Toshkent viloyati (Muqimiy nomidagi) Yangiyo‘l musiqali drama teatriga ishga qabul qilinadi. Teatr jamoasiga zamonaning eng yetuk ustozlari jalb qilingan edi. Ular qatorida xalq hofizlari Jo‘raxon Sultonov, Ma’murjon Uzoqov, Saidjon Kalonov, Yunus Rajabiy, Usta Ro‘zimat Isaboyev, Komiljon Jabborov, G‘anijon Toshmatov, Ortiqxo‘ja Imomxo‘jayev, shoirlardan Habibiy domla, Sobir Abdulla, Chustiy, bosh dirijor Fazliddin Shamsiddinov, Yetim Bobojonov, musiqa rahbari taniqli bastakor, ustoz To‘xtasin Jalilov edi. Muxtorjon Murtazoyev ustozlari bilan hamkorlik jarayonida o‘zbek musiqiy merosini, ilmini o‘rganadi. Umri davomida musiqa hamda teatr jamoalari bilan birga faoliyat olib boradi. Atoqli kompozitorlardan musiqa nazariy jihatlarini o‘rganadi, jumladan, atoqli rus kompozitorlari M.Gnesin, B.Arapovlardan bastakorlik ilmini qunt bilan o‘zlashtiradi. Davrining dongdor san’atkorlari Jalolxon Oxunov, Tavakkal Qodirov, Yorqinoy Hotamova kabilar bila birga faoliyat olib boradi. Teatrda qo‘yilgan spektakllarga musiqa tanlash va bastalash bilan birga zamon xonandalari uchun bir qator ashulalar yaratadi.
Muxtorjon Murtazoyev ijrochilik san’atini mukammal egallagan va o‘ziga xos ustozlik, bastakorlik tomonlari bilan boyitgan san’at arbobidir. 20-yillarning oxiridan boshlab Muxtorjon Murtazoyev mumtoz ijrochilik an’analarini o‘z davrining usta san’atkorlaridan o‘rganadi. Avvaliga hofizlar Akbar Haydarov, Turg‘un Karimovlar bilan hamkorlik qiladi. Keyinchalik Madumar hofizdan xonandalik sirlarini, Umarjon hofizdan skripkada chalishni o‘zlashtiradi. U avvaliga o‘z shogirdlari bilan birga musiqali spektakllarni sahnalashtirib, xalq merosidan foydalanib, kuy va ashulalar bilan bezab keldi. «Ichkarida», «Arshin mol-olon» musiqali dramalari shular qatoridandir. Bu sohada Muxtorjon Murtazoyevning ilk ishi atoqli san’atkor Ahmadjon Umrzoqov yordamida yozgan asari, Abdulla Qodiriyning «Hamma dalaga» va «Uchinchi ko‘klam» inssenirovkalariga musiqa yaratish bo‘ldi. Shundan so‘ng u «Xolisxon» spektaklining birinchi variantiga musiqa yozadi. Spektakldagi «Ko‘z yetmas baland tog‘lar», «Sabo» ariyalari bastakorning muvaffaqiyatlaridan biri edi.
Muxtorjon Murtazoyev ko‘proq mumtoz shoirlar ijodiga murojaat etib, «Barnolig‘ingizdan», «Vafodorlar», «Malohat», «Sunbullaringdan», «O‘rgilay», Navoiy g‘azaliga «O‘n sakkiz yoshingdadur» muhammasi, Muqimiy g‘azaliga «Yor bo‘lsin» muhammasi, «Shaxlolaringmu» kabi bir qator asl asarlar yaratadi.
Bastakor o‘zining amaliyotida katta ashula ijrochiligiga alohida e’tibor bergan va o‘zlashtirgan hamda ustozlar bilan ijro etgan. Bu uning bastakorlik faoliyatida asosiy omil vazifasi sifatida muhrlanadi va ijodkor yaratgan ashulalarning deyarli barchasi katta ashulaga xos xususiyatlar bilan sug‘orilganligini ko‘rish mumkin. Buni, ayniqsa, bastakorning mumtoz musiqa yo‘lida yaratgan asarlarida yaqqol ko‘rish mumkin. Jumladan, bastakorning Haziniy so‘ziga «Farg‘ona tong otguncha», Kamtar so‘ziga «Tamanno», Miskin so‘ziga «Bizni tashlab», Hamza so‘ziga bitgan «Bir ishva bilan» kabi ashulalarini keltirish mumkin. Bu asarlar o‘zbek musiqa merosidan alohida o‘rin egallagan. Asarlarning mumtozligi, o‘ziga xosligi, so‘z va ohangning mutanosibligi, o‘lchov-ritmik jihatdan bir-biriga uyg‘un ekanligi bilan usullar jozibasi mavjudligi, ijrochi imkoniyatlarini ochib berishiga imkon yaratadigan xususiyatlar bilan sug‘orilganligi va sirli ijro asosi mavjudligi, ularning Muxtorjon Murtazoyev ekanligini ko‘rsatib turadi. Bu bastakorlik uslubiga xos xususiyatlardir va ularning barchasini katta ashulaning usullar tobeligidagi jozibali ko‘rinishi desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Shuning uchun bastakor ijodiyotining originalligini e’tirof etish va zamonaviy musiqa ijodiyotida o‘ziga xos ta’sir manbayi mavjudligini ham qayd etish lozim bo‘ladi.
Bu jihatlar uning barcha ashulalarida mavjud. Jumladan, «Farg‘ona tong otguncha» ashulasi bastakorning shoh asarlaridan biridir. Asar mumtoz shoir Haziniyning «Tong otguncha» radifli g‘azali asosida yaratilgan. Asar musiqa shakllarining ashula janriga xosligi bilan ajralib turadi va tabiatan katta ashula shakli va xususiyatiga mosdir. Shu bois uning umumiy ko‘rinishdagi shakli ham katta ashulaga xos nokvadrat tuzilishga ega ekanligi bilan yaqqol namoyon bo‘ladi. 8-misol:
Asar katta ashula uslubida yozilganligi sabab undagi erkinlik o‘lchov-ritmga asoslanishini e’tirof etish lozimdir. Erkinlikka, odatda, usulga tayangan holda qo‘shimcha taktlar hisobiga erishiladi. Ashula asarning asosiy mazmunini beruvchi cholg‘u daromad bilan boshlanadi.
Ko‘rinib turibdiki, cholg‘u muqaddima boshlang‘ich xatni ham mazmunan, ham shaklan tayyorlab beradi va asarning asosiy g‘oyasini, lad tizimini, tovush qatori va asosiy turg‘un pardalarini tasdiqlab, ifodalab beradi.
Avvaliga asar turli usullarda ijro etilgan. Ular orasida ommabop shakli quyidagichadir: 9-misol. Tong otguncha asarining ommalashgan usuli:Asarning ahamiyatli tomoni avj tizimidadir. Avj asarning eng yuqori pardalarida ijro etiladi. Uning ustiga katta ashulaga xos bir nafasda talqin etilishi bilan ham ajralib turadi. Bastakorning uslubiga xoslik tomoni, yuqori avjdan so‘ng kichik avjning badihali ko‘rinishi orqali reprizaga o‘tishida namoyon bo‘ladi.
Xuddi shunday holatni «Bizni tashlab» ashulasi namunasida ham ko‘rish mumkin. 10-misol:

«Tamanno» ashulasida bastakorning betakror uslubi o‘zini namoyon etgan. Bu asarga bastakor o‘zgacha yondashsa-da, asosiy g‘oyani, shaklni va mazmun rivojini oldingi asarlariga xos tarkiblashtirganining guvohi bo‘lamiz. Asar dastlab Kamtar Otaboyev muhammasiga bastalangan. Keyinchalik amaliyotda Haydar


Yahyoyev so‘zi bilan ijro etish rasm bo‘ldi.
Asar 4/4 takt o‘lchovi asosida yozilgan. Usuli quyidagicha:
Tonalligi fis-moll frigiy ladiga mosdir. Asar zamonaviy ashula shakliga xos bo‘lgan 8 taktli cholg‘u muqaddima bilan boshlanadi. Cholg‘u muqaddima asarning asosiy ohang g‘oyasidan tuzgan. 11-misol:
Bastakorning ijodidagi eng fundamental asar «Tong otguncha» katta ashula tamoyillari asosida yaratilgan. Shu bilan birga «Tong otguncha»dagi kuy-ohang majmuyi, o‘lchov-ritmik asosi, lad tarkibiy jihatlari uning keyingi yaratgan asarlariga bosh mezon bo‘lib xizmat qilgan.
Muxtorjon Murtazoyevning bastakorlik ijodi faoliyati davomida amaliyot bilan bevosita bog‘liq holda qaror topgan. Davr talabi doirasida va musiqiy meros an’analari hamda vohaviy xususiyatlar negizida rang-barang janrlar hisobiga rivojlangan. Bu, avvalo, XX asrda o‘zbek musiqa an’analariga kirib kelgan musiqali drama janriga xos qo‘shiq va ashulalar namunasidir. Ikkinchidan, vohaga xos katta ashulaning janrlik jihatlaridan oqilona foydalanish hisobiga ishlangan original ashulalardir. Tarkibiy, shakliy, mavzuiy va uning rivoj tizimining maqom yo‘llariga xos holda ijod etilishi bastakor ijodiy mahsulining musiqa merosidagi o‘rnini belgilab berdi.


1


Yüklə 329,96 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin