Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish huquqiy holatining tushunchasi va xususiyatlari.
Reja:
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish
2 Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish
Hayvonot dunyosi - tabiat boyliklarining bir qismi bo`lib, jamiyatda, inson hayotida katta ekologik ahamiyatga ega.
Hayvonot dunyosining iqtisodiy ahamiyati nuqtai nazaridan muhim tabiiy resurs, oziq-ovqat mahsulotlari, sanoatbop, texnikaviy va dorivor xom ashyo hamda boshqa moddiy boyliklar olish manbai ekanligi ma'lum. Shunday ekan uni huquqiy ekologik muhofaza qilish juda zarurdir. Bu ishda mamlakatimiz qonunlari, O`zbekiston fuqarolarini hayvonot dunyosiga sohibkorona va insoniy munosabatda bo`lish ruhida tarbiyalashga, bu bebaho dunyoni muhofaza qilish hamda samarali va oqilona foydalanishga yordam bermog`i lozim.
Chunki, hayvonlarning O`zbekiston faunasiga xos bo`lgan talaygina turlari yo`qolib ketish arafasida turibdi, ayrimlari (qulon, turon yo`lbarsi, ola-bula sirtlon va boshqalari) esa butunlay yo`qolib ketdi. Shu boisdan ham noyob va yo`qolib borayotgan hayvonlarni huquqiy ekologik asosda muhofaza qilish katta ahamiyatga ega.
Hayvonot dunyosi yer yuzining hamma joyida mavjud. Quruqlikda yashovchi hayvonlar butun hayvonlar turining 93 foizini, suv hayvonlari esa 7 foizini tashkil etadi. Umuman olganda, yer yuzida yashovchi hayvonlar turi xatto o`simliklar turiga qaraganda 4 baravar ko`p bo`lib, taxminan 2 milliondan ortiqroqdir.
Shuni alohida qayd etish lozimki, butun jonivorlarning 75 foizi hasharotlarga to`g`ri keladi. Hasharotlardan keyin malyuskalar turadi (8,8 foiz), ulardan keyin jamiki umurtqalilar turadi (qushlar, baliqlar, quruqda-suvda yashovchilar, sut emizuvchilar). Umurtqalilar 35600 tur bo`lib, bularning yarmi baliqlardir. Sut emizuvchilar esa umurtqalilarning 0,1 qismini tashkil qiladi.
Ma'lumotlarga ko`ra, keyingi 100-150 yil mobaynida hayvonlarning ko`plab turlari yo`qotilib yuborildi. Masalan, 1800 yilgacha sut emizuvchilarning 33 turi, qushlarning 30 turi yo`q qilingan bo`lsa, undan keyingi 100 yilda 73 tur sut emizuvchi, 120 tur qushlar batamom yo`qolgan. Keyingi 50 yilda esa hayvonot dunyosining undan ham qo`proq vakillari o`q qilib yuborilgan.
O`rta Osiyo regioni o`z hayvonot va o`simlik olamining xilma-xilligi va boyligi bilan ajralib turadi. Masalan, O`zbekistonda 650 dan ortiq umurtqali hayvonlar, shu jumladan sut emizuvchilar - 99 tur, qushlar - 410 tur, sudralib yuruvchilar - 57 tur, suvda va quruqlikda yashovchilarning - 3 turi uchraydi.
Ammo, shunisi achinarliki, O`zbekiston "Qizil kitobi"ga umurtqali hayvonlarning nodir va yo`qolib ketish xavfi ostida bo`lgan jami 63 turi va kenja turi kiritilgan bo`lib, ular orasida 22 tur sut emizuvchi hayvon, 31 tur qush, 5 tur sudralib yuruvchi hayvon va 5 tur baliq bor.
O`zbekiston Respublikasida mustaqillikka erishgandan so`ng, iqtisodiy, ekologik, geografik va milliy xususiyatlarni hisobga olib bir qator yangi qonunlar qabul qilindi.
Shuni alohida ta'kidlash joizki, hayvonot dunyosini muhofaza qilish xususiyati shundan iboratki, ular asosan tabiatning barcha obyektlari, boyliklari faoliyatining ma'lum mutanosiblikda saqlanishi bilan bog`liq.
Oliy Majlisning e'tiborli faoliyatida qabul qilingan, "Tabiatni muhofaza qilish" (1992 y.), "Suv va suvdan foydalanish" (1993 y.), "Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar" (1993 y.), "Yer osti boyliklari to`g`risida"gi (1994 y.), "Atmosfera havosini muhofaza qilish" (1996 y.), "O`simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish" (1997 y.), "Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish" (1997 y.), "Yer Kodeksi" (1998 y.), "O`rmon to`g`risida"gi (1999 y.) bir qator O`zbekiston Respublikasining qonunlari respublikamizda ekologik holatni yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Jumladan respublikamizdagi mavjud hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish maqsadida, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1997 yil 26 dekabrdagi sessiyasida qabul qilingan "Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida"gi qonuni katta ahamiyatga ega.
Ushbu qonun quruqlikda, suvda, atmosferada va tuproqda tabiiy erkinlik holatida yashaydigan, O`zbekiston Respublikasi hududida doimiy yoki vaqtincha turadigan yovvoyi hayvonlarni, shuningdek ilmiy yoki tabiatni muhofaza qilish maqsadlarida yarim erkin sharoitida yoki sun'iy yaratilgan yashash muhitida boqilayotgan hayvonot dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Qoraqalpog`iston Respublikasida hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi munosabatlar Qoraqalpog`iston Respublikasi qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
Agar O`zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risidagi qonun hujjatlaridagidan boshqacha qoidalar belgilangan bo`lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo`llaniladi.
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risidagi qonun hujjatlarining vazifasi hayvonot dunyosining yashash sharoitlarini ta'minlash, ularning xilma-xil turlarini hamda tabiiy galalari butligini va yashash muhitini saqlash maqsadida hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish, uni tiklash va takror yetishtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Mazkur "Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida"gi qonunning 3-moddasida "Hayvonot dunyosiga nisbatan mulkdorlik" masalasi ko`rsatilgan. Jumladan unga asosan:
Hayvonot dunyosi davlat mulki - umummilliy boylik bo`lib, undan oqilona foydalanilishi lozim va u davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
Shunday ekan, hayvonot dunyosi obyektlariga nimalar kirishini bilib olish zarur. Ushbu qonunning 4-moddasida quyidagicha ta'riflangan.
Hayvonot dunyosi obyektlari quyidagilardan iborat:
kelib chiqishi hayvonlarga mansub bo`lgan organizmlar - sut emizuvchilar, parrandalar, sudralib yuruvchi hayvonlar, ham quruqlikda, ham suvda yashovchi hayvonlar, baliqlar, umurtqasizlar va ularning populyatsiyalari;
yovvoyi hayvonlardan tashkil topadigan tabiiy hayvon galalari yoki ularning har qanday tudalari;
yovvoyi hayvonlarning kamyob yoki yo`qolib ketish xavfi ostida bo`lgan turlari;
yovvoyi hayvonlar yashash faoliyatining mahsulotlari.
Ta'kidlash o`rinliki, amaliyotda har doim ham hayvonot dunyosini muhofaza qilishga, undan oqilona estetik maqsadda foydalanishga e'tibor berilmaydi. Shuning uchun ham hayvonot dunyosini muhofaza qilishning quyidagi tadbirlarini amalga oshirish maqsadga muvofiqdir. Ushbu holat qonunning 30-moddasida quyidagicha ko`rsatilgan.
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish:
hayvonot dunyosi obyektlarini muhofaza qilish, ulardan oqilona foydalanish va ularni takror yetishtirish qoidalari va normalarini belgilash;
hayvonot dunyosidan foydalanishda cheklashlar va taqiqlar belgilash;
hayvonot dunyosidan o`zboshimchalik bilan foydalanishning va undan foydalanish borasida belgilangan tartibni boshqacha buzishlarning oldini olish;
hayvonlarning yashash muhiti, ularning urchishi shart-sharoitlari va ko`chib yurish yo`llari muhofaza qilinishini tashkil etish;
xo`jalik va boshqa faoliyatni amalga oshirish, transport vositalaridan foydalanish paytida hayvonlar nobud bo`lishining oldini olish;
alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar barpo etish;
kamyob va yo`qolib ketish xavfi ostida turgan hayvon turlarini tutqunlikda urchitish;
hayvonlar kasallikka chalinganda, ularning tabiiy ofatlar va boshqa sabablar oqibatida nobud bo`lishi xavfi tug`ilganda ularga yordam berish;
hayvonot dunyosini muhofaza qilish tadbirlarini asoslashga qaratilgan ilmiy-tadqiqotlarni tashkil etish;
hayvonot dunyosini muhofaza qilish bo`yicha boshqa tadbirlarni o`tkazish yo`li bilan amalga oshiriladi.
Hayvonot dunyosidan foydalanuvchi subyektlar yuridik va jismoniy shaxslar, fuqarolar hamda jamoa birlashmalari hayvonot dunyosini hamda uning yashash muhitini muhofaza qilish sohasida ham e'tiborli huquq va majburiyatlarni amalga oshirishlari zarur. Jumladan fuqarolar va jamoat birlashmalari:
hayvonot dunyosini va uning yashash muhitini muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshiradilar;
hayvonot dunyosini muhofaza qilish sohasidagi davlat dasturlari ruyobga chiqarilishiga ko`maklashadilar;
ekologiya sohasida jamoatchilik ekspertizasini o`tkazadilar;
jamoatchilik nazoratini amalga oshiradilar;
hayvonot dunyosini muhofaza qilish sohasidagi axborotni qonun xujjatlarida belgilangan tartibda oladilar;
hayvonot dunyosiga va uning yashash muhitiga yetkazilgan zararni qoplash masalasini qo`yadilar;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquq va majburiyatlarni amalga oshiradilar.
Shu bilan birga hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasida davlat boshqaruvini olib borilishi ham katta ahamiyatga ega.
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O`zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish ko`mitasi, O`zbekiston Respublikasi Davlat o`rmon ko`mitasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ularning vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
Zero, hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish ustidan davlat nazoratini olib borish ham ushbu muammo bilan bog`liq ko`pgina masalalarni hal etishga yordam beradi.
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish ustidan davlat nazorati mahalliy davlat hokimiyati organlari, O`zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat ko`mitasi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish ustidan irodaviy, ishlab chiqarish va jamoatchilik nazorati qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Dostları ilə paylaş: |