I LM – FAN TA’LIMDA INNOVATSION YONDASHUVLAR, MUAMMOLAR, TAKLIF VA YECHIMLAR
info@bestarticle.uz
https://sites.google.com/view/imxu/
|
BEST ARTICLE RESPUBLIKA ILMIY – ONLAYN KONFERENSIYASI 2022
|
MAQSUD SHAYXZODA SHE’RIYATIGA BIR NAZAR
Toshkеnt davlat transport univеrsitеti
Avtomabil yo‘llari muhandisligi YMAE-1 guruh talabasi
To’rayev Mirfayz Mehmonali o‘g‘li
Annotation: maqolada dramaturg, adabiyotshunos olim, tanqidchi, publitsist, tarjimon, noshir, murabbiy, jamoat arbobi shuning bilan birga otashnafas shoir Maqsud Shayxzodaning ayrim she’rlari haqida fikr va mulohazalar berilgan.
Keywords: My comrades, Republic, Ghafur Ghulam, revolutionary ideals, "Truth of the East", "Chigatay".
Annotatsiya: the article gives opinions and comments on some poems of the playwright, literary scholar, critic, publicist, translator, publisher, coach, public figure as well as the fiery poet Maqsud Shaykhzoda.
Kalit so‘zlar: Undoshlarim, Jumhuriyat, “Sharq haqiqati”, “Chig‘atoy”.
Do‘stlar, yaxshilarni avaylab saqlang!
“Salom” degan so‘zning salmog‘in oqlang.
O‘lganda yuz soat yig‘lab turgandan,
Uni tirigida bir soat yo‘qlang!
(“Yaxshilar qadri”)
O‘zbekiston xalq shoiri Turob To‘la: “Ulug‘ insonlar yulduzlar yanglig‘ yonib dunyoga keladilar. Butun umrlari mobaynida yonib va dunyoni yoritib yashaydilar. Yonib turib so‘nadilar. Ammo, ular nuri vafotlaridan keyin ham uzoq yillar mobaynida taralib, kishilar qalbi va shuuriga ma’rifat va ma’naviyat yog‘dularini, ezgulikning kamalak ranglarini tarqatib turadi. Maqsud Shayxzoda o‘zbek va ozarbayjon xalqlarining shunday o‘lmas siymolardan biri edi. Bunday siymolar o‘lmaydilar, ular biz bilan, kelgusi avlodlar bilan yashashda davom etadilar”.
Ha, haqiqatdan ham bu ta’rif Maqsud Shayxzoda siymosiga berilgan buyuk bahodir.
Maqsud Shayxzoda nafaqat dramaturg, adabiyotshunos olim, tanqidchi, publitsist, tarjimon, noshir, murabbiy, jamoat arbobi shuning bilan birga otashnafas shoir hamdir. Maqsud Shayxzodaning dastlabki she’riy to‘plami 1932-yilda “Loyiq soqchi” nomi bilan nashr etilgan. 1932-yilda “O‘n she’r”, 1933-yilda “Undoshlarim”, 1934-yilda “Uchinchi kitob”,1935-yilda “Jumhuriyat” “O‘n ikki”, 1937-yilda “Yangi devon”, 1942-yilda “Kurash nechun”, 1943-yilda “Ko‘ngil deydiki…”, 1947-yilda “O‘n besh yilning daftari”, 1948-yilda “Yurt she’rlari”, 1949-yilda “Olqishlarim”, 1961-yilda “Yillar va yo‘llar”, 1964-yilda “She’rlar” va boshqa she’riy to‘plamlari nashr etilgan.
Ozarbayjon xalq yozuvchisi Mirzo Ibrohimov Maqsud Shayxzoda haqida shunday deydi: “O‘zbek adabiyotining buyuk namoyandalari – G‘afur G‘ulom va Oybek kabi otashnafas san’atkorlar safida ijod qilgan Maqsud Shayxzoda zuvalasi she’riyat shu’lasi bilan yorilgan kuychi edi. Uning asarlarida buyuk inqilobiy ideallar, jo‘shqin vatanparvarlik tuyg‘ulari, chinakam ijodiy hissiyotlar bilan yashagan yoniq qalbning gulduros aks sadosi mujassam topgan”. Shayxzodaning dastlabki ijodiga nazar tashlasak, qisman elliginchi yillardagi ayrim she’rlarida ozarbayjon she’riyatiga xos ohanglar ustuvorlik qilgan. Ammo Shayxzoda o‘zbek mumtoz va zamonaviy she’riyatining tili va uslubini egallagani sayin uning she’rlarida o‘zbekona musiqiy ravonlik kuchaya bordi. Shayxzoda voqelikka faol munosabatda bo‘lishga intilib, xalq va mamlakat hayotida ro‘y bergan muhim voqealarni tasvirlashga, mehnat va kurash qahramonlari obrazini yaratishga alohida e’tibor berdi Shayxzoda she’riy ijodida, asosan, zamonaviy mavzularda qalam tebratdi, dramaturgiyasida esa, tarixiy o‘tmishga teran nazar tashlab, undagi zamonaviy muammolarni yoritishga yordam beruvchi siymolar va voqealarga yangi badiiy hayot bag‘ishladi. U umrining so‘nggi yillarida Beruniy to‘g‘risida so‘nggi sahna asarini yozdi. Shayxzoda xalqimizning yana bir ulug‘ farzandi Mirzo Ulug‘bek haqidagi fojeasini yozishga kirishdi. Dastlab buyuk olim va sarkarda, davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek haqidagi tarixiy manbalarni sinchiklab o‘rgandi. 1960 yil tarixiy drama yozib tugallandi va 1961 yil sahna yuzini ko‘rdi. Dramadagi rollarni davrning eng mashhur aktyorlari o‘ynagan edi. Bu drama Shayxzodaga misli ko‘rilmagan shuhrat keltirgan edi.
Shoir ijodiy biografiyasida “Toshkentnoma” dostoni alohida o‘rin tutadi. Bu asarni unga eng og‘ir kunlarida boshpana va panoh bo‘lgan shahri azimga bo‘lgan muhabbati o‘laroq yaratilgan desak yanglishmagan bo‘lamiz
Ijod karvonining uzoq yo‘lini –
Aziz yo‘ldoshlar-la o‘toldim, yurdim.
Yo‘q, men taqdirimdan emasman xafa,
Shoirlik unvoni baxtimdan tuhfa!...
Ko‘chat ko‘chib kelib ekilgan tuproq
Uning vatanidir deyish to‘g‘riroq.
Bu shahar she’rimning tiniq chashmasi.
Yashadim o‘ttiz yil bunda chamasi.
Maqsud Shayxzoda “xalqimizning mehnat qahramonligi, kurash va jang, ozodlik va do‘stlik, baxt va alam, yurtning go‘zal manzaralari va insonning ma’naviy jamoli mening qalamimga oshno, dilimga mazmun bo‘lib keldi” deb ta’kidlagan edi. Shoirning bu fazilatlari, eng avvalo, hayotdagi, voqelikdagi va odamlarimizning ruhiy olamidagi o‘zgarishlar, holatlarni ifodalashga qodir yangi, betakror obrazlaridir. Shoir she’rlaridagi obrazlar bir-biri bilan uzviy bog‘langan bo‘lib, insoniyat tarixi yaxlitdir va doim olg‘a qarab harakat qiladi, bu insoniyat karvonini – kemani to‘xtatib bo‘lmaydi, u insoniyat orzusi – baxt-saodat manzili sari harakat qiladi. Shoirning o‘zi “Inson umri cheklangan muhlatli daftar”, demak bu daftarni foydali, ezgu ishlar – “yozuvlar” bilan to‘ldirish lozim deydi.
“Qo‘llar” she’rida qo‘llarda insonning borlig‘ini, uning ichki olamining muhrini ko‘radi. Uningcha, “g‘oyat shafqatli, hayotbaxsh qo‘llar” ham “ayovsiz, yovuz, go‘r kabi sovuq, tanbal” qo‘llar ham bor, qisqasi, har bir qo‘l “yurakning navkarlaridir”, yurak neni buyursa, qo‘l shuni ijro etadi.
Bu qo‘llar, qo‘llar,
Qo‘llarni qaysi bir ta’rif ma’qullar?
Daraxt belgilaydi ko‘lankasini,
Qo‘llar ham qo‘llaydi o‘z egasini,
Buyruqni bajarmoq qo‘l hunaridir,
Ha, qo‘llar – yurakning navkarlaridir.
Maqsud Shayxzoda hayotining so‘nggi yillarida e’lon qilgan tarjimai holida shunday so‘zlarni yozgan: “Men agar kitobxonlarimga, hali alifboni egallamasdan oldin she’r yaratganman, deb aytsam, ular balki mening bu gapimni yo hazil, yoki kinoyaviy ma’noda bir mubolag‘adur, deb talqin qilishlari mumkin. Ammo bu chin gap. Mening otam rahmatlik (o‘z zamonasining ilg‘or ziyolisi, doktor) odatda bolalarga she’r o‘qib berar va keyin ayrim so‘zlarni aytib berib, shu so‘zga mos qofiya topishni bizlardan talab qilar edi. Qofiya ham vazn ohangiga qulog‘im o‘rganib ketib, men besh 6 yasharligimda 8 - 10 misradan iborat bir masal to‘qiganim esimda. Albatta, muayyan fikr va syujetdan holi bo‘lgan bu “masal” bo‘ri bilan olmaxon haqida to‘qilgan edi. Har qalay, she’rga muhabbat umrimning ilk yillaridan boshlab qonimga, qalbimga, fikrimga singib ketganini jur’at bilan ayta olaman”. Demak, Maqsud Shayxzodadagi she’riy iste’dod kurtaklari yoshligidan una boshlagan. “Sharq haqiqati” gazetasida qisqa muddat ishlaganiga qaramay, u xuddi shu davrda o‘zbek tilini qunt bilan o‘rganadi. Uning 1929 yili o‘zbek tilida yozilgan birinchi she’ri “Traktor” sarlavhasi bilan gazeta sahifalarida e’lon qilindi. U shu vaqtdan boshlab umrining so‘nggi soniyasiga qadar o‘zbek adabiyotining ravnaqi yo‘lida ter to‘kib, adabiyotimiz xazinasini o‘ziga xos shayxona jo‘shqin she’r va dostonlar, drama va tarjimalar, publitsistik va adabiy-tanqidiy maqolalar bilan boyitdi.
Maqsud Shayxzoda Hamid Olimjon, Oybek, G‘afur G‘ulom, Uyg‘un, Yashin, Abdulla Qahhor kabi o‘z do‘stlari, safdoshlari ijodini o‘z she’rlarida madh etdi. Ayniqsa do‘sti G‘afur G‘ulomning o‘limi uni juda kuchli g‘amga cho‘ktirdi va G‘afur G‘ulomga atab “G‘afurga xat” nomli she’rini yozdi.
Yo‘q, o‘rtoqjon, yo‘q, do‘stim, shoiri a’zam,
“Chig‘atoy”da ko‘milib ketmading hech ham.
Adresingni angladim, adresing ma’lum:
Adresing yuraklarning aynan to‘rida.
She’rga qo‘l tegizma, yo‘qol, ey o‘lim!
Shoirning soyasidir yotgan go‘rida.
G‘afur, bayting zarb bo‘lib million dilga
So‘zing ko‘char masaldek tillardan-tilga.
Maqsud Shayxzoda va G‘afur G‘ulom o‘rtasidagi inoq do‘stlik munosabatlarini shu misralaridan ham anglasa bo‘ladi. Nafaqat bu she’rda balki bir necha she’rlarida G‘afur G‘ulom nomini yodga oladi, bu bilan u chin ma’noda haqiqiy do‘st jonkuyar insondir. G‘afur G‘ulom bilan birgalikdagi qirq yillik qadrdonligi, birga chekkan zahmatlariyu, quvonchlarini she’rga soladi.
“Xayr!” demay ketganing ne deganing u?
“Tez qayturman bemuhlat!” deganingmi u?
“O‘lim asli o‘tkinchi bir hodisa-yu,
Hayot mangu bir holat!” deganingmi u?
Qaydan seni qidiray, adresing qayer?
Kimdan seni so‘rayin? Odamlar ne der?
Mangu elda esdalik bo‘lsin deb mendan,
Borib yetgay bu xatim senga daf’atan.
Oh, qardoshim, og‘ajon, piri barkamol,
Qirq yillik bir daftardir xotira, xayol.
Eh-he, ne-ne kunlarni kechirdik birga,
Nahot, ular barchasi cho‘kdi qabrga?
Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, ikki buyuk xalqning - o‘zbek va ozarbayjon xalqlarining ulug‘ shoiri, dramaturgi, adabiyotshunos olimi va tarjimoni Maqsud Shayxzodaning “...qimmatbaho duru gavharlar bilan to‘la oltin sandig‘i...” avlodlar xotirasida abadiy yashaydi. Zero, yurtboshimiz ta’kidlaganidek: “Xalqimiz shuni yaxshi bilishi kerak: oldimizda uzoq va mashaqqatli yo‘l turibdi. Barchamiz jipslashib, tinimsiz o‘qib-o‘rgansak, ishimizni mukammal va unumli bajarsak, zamonaviy bilimlarni egallab, o‘zimizni ayamasdan oldinga intilsak, albatta, hayotimiz va jamiyatimiz o‘zgaradi”.
Adabiyotlar:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi.Toshkent. O‘zbekiston nashriyoti. 25.01.2020
Naim Karimov. Maqsud Shayxzoda. Ma’rifiy-biografik roman “SHarq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi. Bosh tahririyati. Toshkent – 2009 yil.
Ozod Sharaffiddinov. Ijodni anglash baxti.Toshkent 2004 yil
Quronov Dilmurod. “Adabiyot nazariyasi asoslari”. Toshkent – 2018yil.
Dostları ilə paylaş: |