1 2 3
1.2. TEMPERAMENT TIPLARI VA XARAKTER XUSUSIYaTLARINING O’QUVChILARDA ShAKLLANIShI
I.P.Pavlov temperamentni quyidagicha ta’riflaydi. «Har bir ayrim kishining va shuningdek, har bir ayrim hayvonning ham eng umumiy xarakteristikasidir, har bir individning butun faoliyatlariga muayyan qiyofa beradigan nerv sistemasining asosiy xarakteristikasidir». (Polnoye sobraniye sochineniy, III tom, 2-kitob, 103-bet).
Temperament, psixologik jihatdan olganda, kishidagi hissiyotning qo’zg’alishlarida va kishidagi umumiy harakatchanlikda ko’rinadigan individual xususiyatdir.
Har qaysi kishidagi hissiyotning qo’zg’alish tezligi, kuchi va barqarorligi har hil bo’ladi. Bir hil odamlarning hissiyoti tez, kuchli qo’zg’aladi va barqaror bo’ladi. Ba’zi kishilarda esa bunday qo’zg’alish sust, zaif bo’lib, uzoqqa bormaydi. Temperamentning bunday xususiyatlari kishidagi hissiyotning qo’zg’alishlari bilan birga, organizmning atrofdagi muhit ta’siriga javoban ko’rsatadigan ixtiyorsiz reaksiyalarida ayniqsa yaqqol ko’rinadi. Bu xususiyatlar tashqi tomondan kishining mimikalarida, pantomimikalarida, har hil beixtiyor ish-harakat va imo-ishoralarida ko’rinib turadi. Kishi hissiyotining bunday qo’zg’aluvchanlik xususiyatlari diqqatning kuchi va barqarorligida, iroda sifatlarida, aqliy jarayonlar, jumladan, nutq tezligida aks etadi. Mana shunday ixtiyorsiz faollikning qanday yuz berishiga qarab, bir hil odamlarni «tez», «betoqat», «serg’ayrat», «jo’shqin» deymiz. Ba’zilarini esa «sustkash», «lapashang» va hokazolar deb yuritamiz. Bu hildagi individual xususiyatlardan kishining temperamenti (mijozi) tarkib topadi.
Ayrim temperamentlarning alomatlari kishining bolalik chog’larida yaqqol namoyon bo’ladi.
Har bir kishining o’z temperamenti bo’ladi. Lekin har qaysi odamning temperamentlarida mana shunday individual tafovutlar bo’lishi bilan birga, bu temperamentlarning umumiy, o’xshash belgi va alomatlari ham bo’ladi. Hamma hilma-hil temperamentlarni mana shunday umumiy belgilariga qarab ajratish, ya’ni klassifikasiya qilish mumkin.
Barcha temperamentlarni qadimdan to’rt tipga: 1) xolerik, 2) sangvinik, 3) melanxolik va 4) flegmatik temperamentga ajratish rasm bo’lgan.
Xolerik temperament – hissiyotning tez va kuchli qo’zg’aluvchanligi, barqaror bo’lishi bilan farq qiladi. Xolerik temperamentli kishilarning hissiyotlari ularning imo-ishoralarida, mimikalarida, harakatlari va nutqlarida yaqqol ko’rinib turadi. Xoleriklar qizg’inlik va tajanglikka moyil bo’ladilar. Bunday temperamentli kishilar chaqqon, umuman harakatchan, serg’ayrat va har doim urinuvchan bo’ladilar.
Bu hil temperamentli bolalar serg’ayrat bo’ladilar. Ular bir ishga tez kirishadigan va boshlagan ishini oxiriga yetkazadigan bo’ladilar. Ular ko’pchilik bilan jamoa o’yinlar o’tkazishni sevadilar va bunday o’yinlarni ko’pincha o’zlari boshlab, oxirigacha aktiv qatnashadilar. Xolerik temperamentli bolalar arazchan, serjahl va tajang bo’ladilar. Bir narsadan xafa bo’lsalar, bu xafalik ularda uzoq saqlanadi. Ulardagi kayfiyat ancha barqaror va davomli bo’ladi.
Sangvinik temperament– hissiyotning tez, kuchli qo’zg’aluvchanligi, lekin beqaror bo’lishi bilan farq qiladi. Sangvinik temperamentli kishilarning kayfiyati tez-tez o’zgarib, bir kayfiyat o’ziga teskari bo’lgan ikkinchi bir kayfiyat bilan tez almashib turmog’i mumkin. Sangviniklardagi psixik jarayonlar, xoleriklardagi singari, tez o’tadi. Bu hil temperamentli kishilar ildam, chaqqon, serharakat va jo’shqin bo’ladilar. Sangvinik temperamentli kishilar tevarak-atrofdagi voqyealardan tez ta’sirlanadilar va muvaffaqiyatsizliklar hamda ko’ngilsiz hodisalar uncha qattiq xafa qilmaydi. Ular ko’p ishga tez va g’ayrat bilan kirishadigan bo’ladilar, lekin ishdan tez soviydilar. Bir zayldagi ishlarni uzoq davomli sur’atda bajarishga moyil bo’lmaydilar.
Sangvinik temperamentli bolalar juda serharakat, ildam va chaqqon bo’ladilar. Ular har qanday ishga qatnashish uchun doim tayyor bo’ladilar. Ko’pincha, bir qancha vazifalarni birdaniga bo’yinlariga oladilar. Lekin, har bir ishga ishtiyoq bilan tez kirishganliklari singari, boshlagan ishdan tez qaytishlari ham mumkin. Sangviniklar chin ko’ngildan va’dalar berishlari, lekin, ko’pincha, va’dani unutib, uni bajarmasliklari ham mumkin. Bu hil temperamentli bolalar o’yinlarga tez va zavq bilan kirishadilar, lekin o’yin davomida, o’z rollarini tez-tez o’zgartirib turishga moyil bo’ladilar. Ularning darrov xafa bo’lishlari va yig’lashlari mumkin, lekin ular hafalikni tez unutadigan bo’ladilar. Ularning yig’isi kulgi bilan tez almashadi.
Melanxolik temperament – hissiyotning sekin, lekin kuchli qo’zg’aluvchanligi va barqaror bo’lishi bilan farq qiladi. Melanxoliklar barqaror, davomli bir kayfiyatga moyil bo’ladilar, lekin hissiyotlarining tashqi ifodasi juda zaif bo’ladi. Melanxolik temperamentli odamlar sustkash bo’ladilar. Melanxolik temperamentli odam ishga birdan kirishmasligi mumkin, lekin bir kirishsa, boshlagan ishni oxiriga yetkazmay qo’ymaydi.
Bunday temperamentli bolalar mo’min-qobil, yuvosh bo’ladilar, ko’pincha, birov savol bilan murojaat qilsa, uyalib, tortinib javob beradilar. Ularni darrov xafa yoki xursand qilish yengil emas, lekin bir narsadan xafa bo’lsalar, bu xafalik uzoq davom etadi, barqaror bo’ladi. Ular bir ishga yoki o’yinga tez yopishib kirishmaydilar, lekin qandaydir ish yoki bir o’yin boshlasalar, bunda chidam va matonat ko’rsatadilar.
Flegmatik temperament – hissiyotning juda sekin, kuchsiz qo’zg’alishi va uzoq davom etmasligi bilan farq qiladi. Flegmatik temperamentli kishilar hissiyotlarining tashqi ifodasi kuchsiz bo’ladi. Bu hil temperamentli odamlarni xursand qilish, xafa qilish yoki g’azablantirish ancha qiyin.
Flegmatiklarning psixik jarayonlari sust bo’ladi. Bu hil temperamentli odamlar nihoyat og’ir, yuvosh, bosiq, harakatlari salmoqli bo’ladi. Agar bir faoliyatga kirishsalar, uni qat’iyat bilan davom ettiradilar.
Flegmatik temperamentli bolalar yuvosh, mo’min qobil bo’ladi. Ular ko’pchilikka ham aralashadigan, tortinchoq va hyech kimga tegmaydigan, birovni ranjitmaydigan bo’ladilar. Agar birov ular bilan urish chiqarmoqchi bo’lsa, o’zlarini chetga olishga harakat qiladilar. Ular shovqin-suronli, harakatli o’yinlarga moyil bo’lmaydilar. Bu hil temperamentli bolalar jizzaki bo’lmaydilar va odatda ular o’yin-kulgilarga moyil emaslar.
Flegmatik temperamentli kishilar (bolalar) tashabbus ko’rsatishga moyil bo’lmaydilar, lekin ular faoliyatini yo’lga qo’yilsa, ancha qunt bilan ish ko’radilar, yaxshi o’qib ketishlari mumkin.
Har qaysi odam temperamentini batamom bir tip doirasigagina «sig’dirib» bo’lmaydi albatta. Tip tushunchasining o’zi faqat bir-birlariga o’xshash bir guruh odamlarnigina o’z ichiga olishligini nazarda tutadi. Har qaysi odam temperamentida o’ziga xos individual xususiyatlari bo’ladi, bu xususiyatlarni batamom muayyan bir temperament tipiga kiritib bo’lmaydi. Bu xususiyatlar ayni individual xususiyatlardir, ya’ni shu shaxsning o’zigagina xos xususiyatdir. Ko’pchilik odamlarda bir tip temperament alomatlari ikkinchi bir tip temperament alomatlari bilan qo’shilgan bo’lishini ko’ramiz; chunonchi, xolerik temperamentli kishida melanxolik yoki flegmatik temperament alomatlari bo’lishi, sangvinik temperamentli kishida xolerik va flegmatik temperament alomatlari bo’lishi mumkin va hokazo.
Odamlarni faqat ularda qaysi temperament belgilari ustun bo’lsa, shunga qarab, ma’lum bir temperament tipiga kiritish mumkin.
2. Temperamentning fiziologik asoslari
Temperament haqidagi ta’limot dastlab qadimgi (bizning eramizdan oldingi 460–356 yillarda yashagan) grek olimi Gippokrat tomonidan yaratilgan. Uning ta’limotiga muvofiq sur’atda, keyinchalik «temperament» termini ham ishlatiladigan bo’ldi, shuningdek, hamma to’rt tip temperament nomlari o’rnashib qoldi.
Gippokrat ta’limotiga muvofiq, odamlarning temperament jihatdan turlicha bo’lishi, ularning organizmidagi suyuqliklarning (hiltlarning) turlicha nisbatda bo’lishi bilan bog’liqdir. Gippokrat fikricha, odam tanasida to’rt hil suyuqlik (hilt) bordir. Chunonchi, o’t yoki safro (grekcha sholye), qon (latincha sandus), (qora o’t- grekcha melanhole) va balg’am (grekcha rhlegma) bordir. Bu suyuqliklarning har biri o’z xususiyatiga ega bo’lib, ularning o’z vazifasi, ishi bordir. Chunonchi, o’tning xususiyati – quruqlikdir. Uning ishi – organizmdagi quruqlikni saqlab turish, ya’ni badanni quruq tutishdir. Qonning xususiyati – issiqlikdir. Uning ishi – organizmni isitib turishdir. Qora o’tning xususiyati – namlikdir. Uning ishi badan namligini saqlab turish, uning namligini tutib turishdir. Balg’am (shilimshiq modda)ning xususiyati sovuqlikdir. Uning ishi – badanni sovitib turishdir. Gippokrat fikriga muvofiq, har qaysi odamda shu to’rt hildagi suyuqlikdan biri ko’proq bo’lib, ustun turadi. Bu aralashma (latincha tyemperamentum) lardan qaysi biri ustun bo’lishiga qarab, odamlar temperament jihatdan har hil bo’ladilar. Xoleriklarda sariq o’t ustun; sangviniklarda – qon; melanxoliklarda – qora o’t; flegmatiklarda esa balg’am (shilimshiq modda) ustun bo’ladi deb ko’rsatadi.
Gippokratning mana shu to’rt hil moddalar aralashmasp to’g’risidagi ta’limotidan kelib chiqqan temperament so’zi qadimgi zamonlardan beri hozirgacha saqlanib kelmoqda.
Temperament xususiyatlarining ilmiy sabablari I.P.Pavlovning yuksak nerv faoliyat tiplari haqidagi ta’limotida ochib berildi. I.P.Pavlov yuksak nerv faoliyat turlari deganda hayvon bilan odam nerv sistemasining faoliyatidagi eng muhim xususiyatlarning chatishuvini tushunar edi.
I.P.Pavlov itlar ustida ko’p tajribalar o’tkazib, reflekslarni tekshirishi natijasida, hayvonlar nerv sistemasining a) qo’zg’alish va tormozlanishning kuchiga, b) bu jarayonlarning muvozanatiga va v) ularning ildamlik darajasiga qarab bir-biridan farq qilishini aniqladi.
I.P.Pavlov ajratishicha, nerv sistemasining kuchi hujayralardagi fiziologik moddalarning zapas miqdori bilan belgilanadi.
Kuchli tipdagi nerv sistemasida bunday zapas ko’p miqdorda bo’lib, kuchsiz tipda ozdir.
Nerv sistemasining kuchi qo’zg’alish jarayoniga ham, shuningdek, tormozlanish jarayoniga ham tegishlidir. Nerv sistemasining kuchi, avvalo, kuchli qo’zg’ovchilarga «bardosh» bera olish qobiliyatida ko’rinadi.
Nerv jarayonlari kuchining ahamiyati shundan ravshan ko’rinib turadiki,– deydi I.P.Pavlov,– atrofdagi muhitda odatdan tashqari, favqulodda hodisalar, zo’r kuchga ega bo’lgan qo’zg’ovchilar ma’lum darajada tez-tez voqye bo’lib turadi, shu bilan birga, tabiiy ravishda, ko’pincha, bu qo’zg’ovchilarning ta’sirini boshqalarning talabiga va shuningdek, undan ham qudratli bo’lgan tashqi sharoitning talabiga muvofiq bosmoq, to’xtatib turmoq zaruriyati tug’iladi. Nerv hujayralari esa o’z faoliyatining bunday haddan tashqari zo’riqishiga bardosh berishi kerak».Nerv sistemasidagi muvozanat, I. P. Pavlov ta’limotiga muvofiq, nerv sistemasining qo’zg’alish va tormozlanish jarayonlarining kuch darajasini teng baravar holda tutib tura bilish qobiliyatida ko’rinadi. Qo’zg’alish va tormozlanish baravar darajada kuchli yoki kuchsiz bo’lganda, nerv sistemasida muvozanat bo’ladi. Shu jarayonlardan biri kuchliroq yoka kuchsizroq bo’lsa, nerv sistemasida muvozanat bo’lmaydi.
Nerv sistemasining ildamligi (labilligi) miya po’stining biron qismidagi qo’zg’alishning tormozlanishi bilan yoki, aksincha, tormozlanishning qo’zg’alish bilan naqadar yengil almashinishidan iborat. I. P. Pavlov nerv sistemasining bu xususiyatiga ayniqsa katta ahamiyat bergan edi. «Ravshanki, eng muhimi ildamlikdir,– deydi u,– hayot o’zi deganicha qila beradi, hamma sharoitni o’zgartirib yuboradi, u juda ham o’zgaruvchan, kimki sergaklik bilan bu o’zgarishlarni darrov payqab ola bilsa, ya’ni ildam esga ola biladigan nerv sistemasi bo’lsa, o’sha yutadi». («Pavlovskiye sredы», II tom, 244-bet).
Yuqorida ko’rsatilgan belgilariga qarab, nerv sistemasining quyidagi to’rt asosiy tiplarini ajratiladiki, bular, I. P. Pavlov fikricha, Gippokratning to’rtta temperament tipiga to’g’ri keladi:
a) kuchli muvozanatli va epchil tip. Serharakat tip. Bu tip sangvinik temperament asosini tashkil etadi.
b) kuchli, muvozanatli inert (sustkash) tip og’ir vazmin tip. Flegmatik temeperamentning asosini tashkil etadi.
v) kuchli, lekin muvozanatsiz, ya’ni qo’zg’alish tormozlanishdan ustun chiqadigan, qizg’in, jo’shqin, tip. Bu–xolerik temperamentning asosini tashkil etadi.
g) kuchsiz tip. Melanxolik temperamentning asosini tashkil etadi.
I. P. Pavlov nerv faoliyatinnng bunday tiplari odamlarga ham xos deb hisoblaydi. «Hayvonlar nerv sistema tiplarini klassifikasiyalashning elementar fiziologik asoslariga suyanib turib, deydi I. P. Pavlov ana shu tiplarni ko’pchilik odamlarga nisbatan ham qabul qilish lozim».
Shunday qilib, temperament, I. P. Pavlov ta’limotiga muvofiq, yuksak nerv faoliyat tiplarining kishi hulkida namoyon bo’lishidan iboratdir.
3. Temperamentning o’zgarishi
Ammo temperament haqida bayon qilingan bu fikrlardan odam temperamentining barcha xususiyatlari albatta nerv sistemasining tuzilish xususiyatlari bilan qat’iy ravishda belgilanadi va o’zgarmaydi, degan xulosa chiqarish yaramaydi. Nerv sistemasining ma’lum bir tipi faqat shaxsda ma’lum sifatlarga moyillik vujudga keltiradi, unga zamin hozirlaydi, xolos. Temperamentga xos bo’lgan xususiyatlarni kishi o’z irodasi, istagi bilan o’zi o’stira oladi, birmuncha yo’qota yoki o’zgartira oladi. Kishi temperamenti xususiyatlaridagi bunday o’zgarishlar kishining shaxsiy istagi bilangina vujudga kelib qolmay, balki, kishining hayot tajribasi jarayonida, atrof-tevarakdagi muhit ta’siri, asosan tarbiya ta’siri ostida ham vujudga keladi.
Nerv faoliyatining o’zi qandaydir o’zgarmaydigan bir narsa emasligini I.P..Pavlov takror-takror o’qtirib o’tgan. U nerv sistemasining faoliyati «turmush beradigan tarbiya ta’siri bilan» o’zgarishi mumkin, va bir shaklga kirgan nerv faoliyati» faqat tug’ma nerv sistema tipi bilangina belgilanmasdan, balki organizm hayotining butun tarixi bilan ham belgilanadi deb hisobladi.
«Odam bilan hayvonning hatti-harakati, deydi I. P, Pavlov,–faqat nerv sistemasining tug’ma xususiyatlarigagina bog’liq bo’lib qolmay, balki organizmning individual hayotida unga doim ko’rsatilgan va ko’rsatilayotgan ta’sirlarga ham bog’liqdir, ya’ni, keng ma’noda olganda, doimiy tarbiya yoki o’rgatishga bog’liqdir. Buning sababi shuki, nerv sistemasining yuqorida ko’rsatilgan xossalari bilan bir qatorda, uning eng muhim xossasi bo’lgan eng yuksak plastikligi ham to’xtovsiz kor qilib turadi. Demak, agar gap nerv sistemasining tabiiy tipi to’g’risida borar ekan, u vaqtda tug’ilgan kunidan boshlab mana shu organizmga ta’sir etgan va hozirgi vaqtda ham ta’sir etib turgan hamma ta’sirlarni hisobga olmoq kerak».(Polnoye sobraniye sochineniy, III tom, 2-kitob, 269-bet).
Kishining temperamenti o’zicha ayrim ravishda namoyon bo’lmaydi, u kishining xarakteri tarkibiga kiradi
Dostları ilə paylaş: |