Valyuta munosabatlari - tashqi savdo, iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlik, xorijga kredit hamda qarzlarni berish va olish, valyuta va valyuta aktivlarini sotib olish bilan bog`liq bitimlarni amalga oshirishda ishtirok etadigan, valyuta bilan bog`liq munosabatlardir.
Xalqaro valyuta munosabatlarining davlat tomonidan shakllantiriladigan huquqiy-tashkiliy shakli valyuta tizimi deyiladi. Milliy, hududiy va jahon valyuta tizimlarini alohida ajratib ko`rsatish mumkin. Milliy valyuta tizimi deganda ma`lum davlatni, boshqa davlatlar bilan pulli hisob-kitoblarini amalga oshirishda qo`llaydigan usullari, instrumentlari va milliy organlarining umumiy yig`indisi tushuniladi.
Jahon valyuta tizimining rivojlanish bosqichlari
Jahon valyuta tizimining rivojlanish bosqichlari
Jahon valyuta tizimi - bu, alohida olingan milliy iqtisodiyotni jahon xo`jaligi bilan bog`lovchi mexanizmdir.
Jahon valyuta tizimining asosiy maqsadi - eksport va import uchun to`lovlarni, tovar, kapital, xizmatlar va boshqa faoliyat turlarini amalga oshirishda xalqaro hisob-kitoblarni tashkil etish orqali samarali vositachilik qilish, shuningdek, xalqaro mehnat taqsimotini rivojlantirish uchun, mamlakatlar o`rtasidagi munosabatlarda qulay muhitni yaratishdan iborat.
Jahon valyuta tizimi xalqaro pul munosabatlari tashkil topishining tarixiy shakli bo`lib, u davlatlararo shartnomalar orqali mustahkamlangan.