Ma’ruzaning maqsadi: Kursantlarni axborot xavfsizligining umumiy tushunchalarini o‘rgatish;
Kursantlarda ochiq axborot tizimida axborot oqimini qabul qilishda samarali psixologik himoyalashi (o‘z-o‘zini himoyalashda) uchun mahorat va bilimni shakllantirish;
Mavzuning boshqa mavzu va fanlar bilan aloqadorligi Ma’ruzaning mavzusi “Informatika” va “Psixologiya” fanlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ushbu fanlardan etarli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishini talab etiladi.
Fanni o‘qitilishi quyidagi fanlar bilimlariga asoslanadi: “Axborot xavfsizligi psixologiyasi” fani “Umumiy psixologiya”, “Siyosatshunoslik”, “Tarbiyaviy ishlar uslubiyoti”, “Pedagogik psixologiya”, “Sotsiologiya”, “Pedagogik texnologiyalar va pedagogik mahorat” kabi fanlar bilan o’zaro bog’liq bo’lib, bevosita va bilvosita aloqada bo’ladi.
Reja:
Ochiq axborot tizimlarida xavfsizlik muammolari.
Kursning predmeti, maqsadi va vazifasi.
Axborot-psixologik xavfsizlik kursining asosiy tushunchalari.
1. Ochiq axborot tizimlarida xavfsizlik muammolari. Tezkor taraqqiyot odatiy tamoyillar qatori vaqt va makon mutanosibligiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Barcha faoliyat jarayonlarida yangicha yondashuv va rivojlanish strategiyalarining shakllanishi insonlar va mintaqalarning yakkalikdan yaxlitlikka yuz burishiga olib keldi. Bu esa o‘z navbatida “odamlarni ma’lum bir manfaatlarga xizmat qiladigan, olis-yaqin manbalardan tarqaladigan, turli ma’no-mazmundagi axborot bosimlarining doimiy ta’siri ostida yashashga majbur qilmoqda”1
Bugungi kunda axborot juda keng tarqalgan har taraflama va rang-barang ma’nolarda tushuniladi. U ishtirok etmagan bilim sohasini topish qiyin. Axborotga quyidagicha ta’rif berish mumkin. Axborot manbalari va taqdim etilish shaklidan qat’i nazar, shaxslar, predmetlar, faktlar, voqealar, hodisalar va jarayonlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar majmui.
Jahon tajribasidan ma’lumki, davlat axborot infrastrukturasining rivojlanishi jamiyat va davlatning hamma jabhalarini, jumladan, odamlarning dunyoqarashini va ularning mehnat, ijtimoiy va siyosiy hayotda ishtirok etishi shartlarini o‘zgartirib, jamiyat rivojlanishini tezlashtiradi. Har xil axborot texnologiyalari, avtomatlashtirilgan tizimlar va ma’lumotlar bazasi davlat tuzilmalari, iqtisodiyot va mamlakat mudofaasini boshqarishning ajralmas qismi bo‘lib qolgan.
Boshqa mahsulotlarga o‘xshab axborot ham o‘z foydalanuvchilariga, xaridorlariga xizmat qiladi. Shuning uchun ham u ma’lum bir mijozlariga ega. Axborot qabul qiluvchilar va ishlab chiqarish talablariga javob beradigan xususiyatlariga ega bo‘lishi lozim. Mijozlar nuqtai nazariga ko‘ra, foydalanilayotgan axborotning sifati qo‘shimcha moliyaviy va ma’naviy samara berishi kerak. Kuzatuvchilar nuqtai nazariga ko‘ra axborot muhim tijorat sirining saqlanishi, ishlab chiqarish bozorida tovarlarni sotish va xizmat ko‘rsatishda, omadli raqobatlashishga imkon berishi kerak. Bu tabiiyki, sir saqlanishi kerak bo‘lgan axborotni himoya qilishga ta’sir ko‘rsatishni talab etadi.
Insoniyat axborot oqimi tobora tezlashgan, yer kurrasi aholisi kayfiyati, ruhiyati, maqsad va intilishlari, qolaversa, butun tafakkur tarzini o‘zgartirishga qodir bo‘lgan axborot texnologiyasi vujudga kelgan bir davrda yashamoqda. Bu hozirgi zamon tamaddunining o‘ziga xos yutug‘i bo‘lib, xalqlar, mamlakatlar, davlatlar o‘zaro munosabatlarini tobora yaqinlashtirishga, jahon ijtimoiy-siyosiy jarayonlarini boshqarishga, dunyoviy kayfiyat, dunyoviy ruhiyat va maslakning vujudga kelishiga xizmat qiladigan mo‘jizakor hodisadir.
Biroq tamaddunning ana shunday ulkan, keng miqyosli va serqirra yutug‘idan kim qanday maqsadlarda foydalanayapti? Uning beqiyos va qudratli kuchi nimalarga ishlatilayapti? - degan haqli savol ham muammoga aylanmoqda2.
Salbiy maqsadni ko‘zlab foydalanilgan axborotlar zararli oqibatlarni keltirib chiqaradi. Bular jamiyatga, davlatga, shaxsga qaratilgan bo‘lishi ehtimoli mavjud.
Tig‘iz axborotlashgan jamiyatda «shaxs-jamiyat-davlat» aloqadorligi, ularning o‘zaro uzviyligi va yaxlitligini ta’minlash bir-muncha qiyinlashadi. Chunki axborot oqimi tezlashgani va axborotlar girdobida yashash kabi murakkab, ziddiyatli vaziyatning yuzaga kelishi bevosita shaxs tafakkurining, inson dunyoqarashining keskin o‘zgarishiga sabab bo‘lmoqda.
Bugungi kunda, rivojlangan texnika davrida turli xil ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalari orqali tez va oson topish mumkin. Jumladan, buzg‘unchilik, tajovuzkorlik, noaxloqiy xulqni shakllantiruvchi ma’lumotlar ham anchagina. Ayniqsa, bunday manbalar o‘sib kelayotgan yosh avlodlar ongiga ta’sir ko‘rsatayotganligi achinarli holdir.
Axborot orqali yuzaga kelgan psixologik mojarolar sharoitida davlat axborot siyosatining vazifasi jamiyatni salbiy axborot-psixologik xurujdan ishonchli saqlash, qat’iy himoya qilish mexanizmini yaratish bilan belgilanadi.
Har bir yangi axborot-psixologik mojaro himoya qilinayotgan jamiyat uchun yangi tahdidlarni keltirib chiqarishi ham mumkin. Demak, tahdid qancha ko‘p bo‘lsa, qo‘rquv, hadik va ishonchsizlik shuncha ko‘payadi. Ana shunday ma’naviy, ruhiy, ijtimoiy vaziyatdan kelib chiqib, jamiyat kayfiyatini muvofiqlashtirib, yo‘naltirib, boshqarib turish muhim ahamiyat kasb etadi.
Jamiyatni boshqarish, hozirgi zamon me’yorlari asosida kishilik taraqqiyotini ta’minlashning yangi usul va uslublarini qidirib topish zarur. Jumladan, siyosiy-huquqiy, tashkiliy-iqtisodiy, ijtimoiy-psixologik va axborot tizimini boshqarish kabi qator, bir-biriga uzviy bog‘liq bo‘lgan yo‘nalishlarda boshqaruvning eng maqbul uslubini topish, bevosita hokimiyat va unga ishonch, jamiyat va davlat taraqqiyotini ta’minlashda fuqarolar yakdilligi, ma’naviy va g‘oyaviy jihatdan birligini ta’minlash taqozo etiladi. Ommaviy axborot vositalari ta’siridagi buzg‘unchi yoki ongni zararlovchi g‘oyalarning oldini olish faqat yosh avlodning ta’lim - tarbiyasiga e’tiborni kengaytirish va to‘g‘ri tashkil etish hamda sifatli ta’sirni kuchaytirishdan iborat. Bunda, albatta, pedagoglar, psixologlar, jamoatchilik, ota-ona kabi bolaga mas’ul shaxslarning bilim saviyasi va hayotiy tajribalari ahamiyatlidir.