Jumayeva gulruhning a. Qahhorning asarlarida nutq va notiqlik masalalari mavzusidagi



Yüklə 422,16 Kb.
tarix02.01.2022
ölçüsü422,16 Kb.
#46308
növüReferat
A.Qahhor asarlarida nutq va notiqlik referat


O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O’RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI BUXORO DAVLAT UNIVERSITETI

9-1 BTU S-19 guruh talabasi

JUMAYEVA GULRUHNING

A.QAHHORNING ASARLARIDA NUTQ VA NOTIQLIK MASALALARI MAVZUSIDAGI




REFERAT

REJA:


1. Kirish: Nutq odobi va nutq madaniyati fani haqida;

2. Asosiy qism:

a) Abdulla Qahhor hayoti va ijodi haqida;

b) Uning bitta asari;

c) Asarda qo’llangan sintaktik figuralar: troplar, vulgarizmlar, varvarizmlar, shevaga xos so’zlar

3. Xulosa (asarning badiiy va tarbiyaviy ahamiyati);

KIRISH


Nutq madaniyati nima? Ana shu savolga javob berish ushbu mavzuning asosiy maqsadi sanaladi. Savolga javoblarni bu sohaning mutaxassislari bo’lgan olimlarning asarlaridan topamiz. Masalan, S.I.Ojegov: «Yuqori nutq madaniyati nima? Yuqori nutq madaniyati – bu o’z fikrlarini til vositalari bilan to’g’ri, aniq va ta’sirchan qilib bera olishdir. To’g’ri nutq deb esa hozirgi adabiy til me’yorlariga rioya qilib tuzilgan nutqqa aytiladi. Ammo yuqori nutq madaniyati faqatgina me’yorga rioya qilishdangina iborat emas. U fikrni ifodalashning aniq vositasini izlash bilan birga, birmuncha ta’sirchan va maqsadga muvofiq vositalarni topish uquvini ham o’z ichiga oladi». L.I.Skvorsov: « «Nutq madaniyati» tushunchasi bir tomondan nutqning adabiy til me’yorlariga mos kelish darajasini bildirsa, ikkinchi tomondan, tilshunoslik fanining madaniyat quroli bo’lgan adabiy tilni mukammallashtirish maqsadida me’yorlashtirish muammolari bilan shug’ullanuvchi sohasidir» Ma’lum bo’ladiki, nutq madaniyati, agar masalaga til nuqtai nazardan qaraladigan bo’lsa, bu, eng avvalo, nutqning to’g’riligi demakdir. Ikkinchidan esa, u uslubiy jihatdan silliq bo’lishi kerak, ya’ni unda noaniqlikka, ikkima’nolilikka, uzundan-uzoqlikka yo’l qo’yilmasligi, qisqalik, soddalik va aniqlik bu nutqning asosiy o’lchovi bo’lishi lozim. Keng ma’noda esa nutq madaniyati nutqiy ta’sirchanlikni, ijodiy yorqinlikni, o’tkirlik va obrazlilikni ifoda etadi. Shu sohaning yirik bilimdoni prof. E.Begmatovning qayd etishicha, ma’naviyatimiz tarixida «nutq odobi» deb yuritib kelingan qoidalar uning ko’hna tarixga ega ekanligidan dalolat beradi. XX asrning 20-30-yillarida boshlangan «… «til qurilishi» nomi bilan atalgan ulkan lingvistik va sosial madaniy tadbirlar o’z ichiga o’sha davr tillari rivoji uchun eng zaruriy, hayotiy masalalarni qamragan edi. Chunonchi, yangi adabiy til uchun dialektal bazani belgilash, yozuvsiz tillar uchun alfavit yaratish, ba’zi noqulay alifbolarni boshqa ilg’orroq hisoblangan alfavit bilan almashtirish, adabiy tilning imlo prinsiplarini ishlash, orfografiyadagi kamchiliklarni tugatish, adabiy tilning morfologik va leksik normasidagi ikkilanish va barqarorlikni ilmiy asosda bartaraf etish, hali deyarli qo’l urilmagan juda ko’p

xalqlarning adabiy tillarini o’rganish va ularning grammatikasini yaratish, millatlarning o’z ona tillarida o’quv-o’qituv ishlarini olib borishlariga imkoniyat yaratish, milliy adabiy tillarning o’z ilmiy terminologiyasini yaratish, milliy tillardagi tarixiy-madaniy yodgorliklarni o’rganish, ularning yangi yozuv grafikalarini tuzish va boshqalar. Demak, yuqorida ta’kidlaganimizdek, nutq madaniyati bilan shug’ullanish o’zbek tilshunosligi fani taraqqiyotining barcha bosqichlarida o’rtaga qo’yib kelingan. Ammo uning alohida soha sifatida o’rganish obyekti qilib olinishi keyingi o’n yilliklarning mahsulidir. Olib borilgan tadqiqotlar natijasida tilshunosligimizda nutq madaniyati alohida fan sifatida nazariy asosga qo’yildi, ilmiy o’rganish usullari ishlab chiqildi, u bilan aloqador bo’lgan tushunchalarga, jumladan «til madaniyati» tushunchasiga aloqadorlik masalasi hal etildi. Bu sohaga bag’ishlab yozilgan ishlarda tushunchaning ta’rifiga oid yana quyidagi izohlarga duch kelamiz: « a) nutq madaniyati bir tilda to’g’ri so’zlash va yozishdir; b) nutq madaniyati fikrni sodda, aniq va tushunarli ifodalashdir; v) nutq madaniyati tilning tasviriy va obrazli vositalaridan unumli, o’z o’rnida foydalana bilishdir; g) nutq madaniyati nutqning qisqaligi, ixchamligi, aniqligi, milliyligidir; d) nutq madaniyati nutqning sodda, barcha uchun tushunarli bo’lishidir…» Til madaniyati tushunchasi nutq madaniyati sohasida til sistemasining o’zini, masalan, o’zbek adabiy tilining vosita va imkoniyatlarini, «madaniylashtirishni» ko’zda tutadi. Demak, til madaniyati termini bilan ataluvchi tushuncha til sistemasining madaniylik darajasini, ya’ni uning qanchalik ishlanganligi, normalanganligini ko’rsatadi»]. Aytilganlardan anglashilayaptiki, garchi til madaniyati va nutq madaniyatitushunchalari tilshunoslik atamasi sifatida bir-birlaridan farqlansa ham, aslida ularning birini ikkinchisidan ajratib bo’lmaydigan, biri ikkinchisini taqozo qiladigan tushunchalardir. Nutq madaniyati aniq ma’noda til birliklarini nutq jarayonida qo’llashning me’yori, maqsadga muvofiqligini anglatsa ham, umumiy ma’noda ma’lum millatning umumtil madaniyati doirasida qaraladi. To’g’ri, nutq

lingvistik va ekstralingvistik omillarni o’z ichiga oladigan murakkab jarayon bo’lib, u mantiq, psixologiya, pedagogika, etika, estetika masalalari bilan ham bog’liq. Ammo nutq uchun tilning birinchi darajada turishini hyech kim inkor etmaydi va u har bir millatning madaniyatini o’zida aks ettiradi. Navbatdagi gap til madaniyati va nutq madaniyati tushunchalarining huquq sohasida amal qilishi xususida. Huquqiy soha va yurisprudensiya amaliyotda tilga katta ehtiyoj sezadigan yo’nalish hisoblanadi. Bu, ayniqsa, keyingi o’n yillikda alohida ahamiyat kasb etdi. Chunki mustaqilligini qo’lga kiritgan O’zbekiston Respublikasi o’z taraqqiyoti va rivojlanishining yangi bosqichida huquqiy-demokratik tamoyillarga asoslangan fuqarolik jamiyati qurish yo’lidan bormoqda. Ijtimoiy hayotning barcha yo’nalishlarida qonun ustuvorligini ta’minlanishi asosiy vazifa qilib qo’yilmoqda. Ustuvorlik ma’lum ma’noda bu qonunlar va ularning ijrosi bilan bog’liq bo’lgan hujjatlarning mukammal bo’lishini taqozo qiladi. Bu mukammallik esa, o’z navbatida, ularni O’zbekiston xalqi va davlati manfaatini himoya qiluvchi huquqiy asos bilan birga, ularning til jihatdan ham puxta bo’lishni keltirib chiqaradi. Muhtaram Prezidentimiz I.A.Karimov asos solgan mamlakatimiz taraqqiyotining besh tamoyilidan biri – qonun ustuvorligini ta’min etish o’z navbatida huquqiy madaniyat va savodxonlikka oid qator masalalarni belgilab berdiki, tilni o’rganmasdan turib ularni hal qilib bo’lmaydi. Huquqiy, yuridik tilning o’ziga xos xususiyatlarini, uning umumxalq madaniyati, huquqiy madaniyat doirasida amal qilish imkoniyatlarini chuqur o’rganish bu soha mutaxassislarining bilim va malakasi, ma’naviyati va madaniyatining yanada yuksak bo’lishiga ko’maklashadi. Ammo bugungi kunda o’zbek nutqi madaniyatini yuqori darajaga ko’tarish uchun olib borayotgan ishlarimiz talablar darajasida deb ayta olmaymiz. Mavjud kamchiliklar tildan huquq sohasida foydalanishni ham qiyinlashtirmoqda. Davlat hokimiyati tomonidan begilanadigan va qo’riqlana-digan, jamiyatda kishilarning o’zaro munosabatlarini tartibga soladigan qonun-qoidalar, normalar

majmui hisoblanadigan huquqqa (O’zbek tilining izohli lug’ati, II tom. – M., 1981, 714-bet) oid hujjatlar o’zbek davlatchiligining barcha davrlarida mavjud bo’lgan va zamonlar silsilasida takomillashib borgan. Ularning shakllanish jarayoni yozuv taraqqiyoti bilan chambarchas bo’lib, huquqiy hujjatlarning mukammalligi ma’lum darajada ana shu yozuv va til madaniyatining takomiliga bog’liq bo’lgan. O’zbek davlatchiligi tarixida huquqning mukammal tizimi yaratilgan. Bu haqda «Avesto», Burhoniddin Marg’inoniyning «Al hidoya» hamda «Temur tuzuklari» kabi manbalardan ko’plab ma’lumotlar olish mumkin. Jumladan, tariximizda musulmon huquqi bo’lgan. Uning asosiy manbalari Qur’on, sunna, ijmo, qiyos bo’lgan. Fiqh – musulmon huquqini, sunna – hadislar ko’rinishidagi huquqiy prinsiplarni, ijmo - qonunshunos olimlarning umumiy fikrlarini, qiyos – Qur’on va sunnada berilmagan biror huquqiy masala ulardagi shunga o’xshash masala bo’yicha berilgan ko’rsatmaga qarab taqqos yo’li bilan sharhlashni o’zida mujassam etgan. Binobarin, ularning ham biri umumiy va o’ziga xos til va uslubda shakllangan. O’zbek tilining o’ziga xos xususiyatlari, nozik qirralari hisobga olinmagan. Matn, o’zbekcha bo’lishidan qat’iy nazar, gaplar ruscha qoliplarga solingan, g’aliz va tushunarsiz so’z va so’z birikmalari tarkibi oshib ketgan» Mustaqillik tufayli nafaqat yuridik hujjatlarni o’zbek tilida yaratish, balki matnni o’zbekcha fikrlash zaruriyati va, ayni paytda, imkoniyati vujudga keldi. Buning ustiga, yuridik tilga qo’yiladigan g’oyatda muhim bir talab mavjud. U hamma foydalana oladigan, tushunarli, ommaviy til bo’lishi lozim. Masalaning murakkabligi ham ana shunda. Huquqiy-me’yoriy hujjatlar matnidan bir vaqtning o’zida ham mukammallik, ham ommaviylikni da’vo qilishimiz uning yaratuvchilaridan qanchalik bilim va mahorat talab etishini ko’rsatadi. Nutq madaniyati deyilganda faqat uning og’zaki shaklini tushunish kerak emas. Yozma nutq madaniyati bundan ham mas’uliyatlidir. Tilda barqarorlikni ta’min etadigan yozuvning huquqiy matnlar shakllanishi, an’anaviylik va turg’unlik mazmuni kasb etishida ahamiyati katta. Uning yordamida nafaqat

matnlar keyingi davrga yetkaziladi, balki yozma ko’nikmalar ham shakllanadi. Umumxalq tili elementlaridan, yuridik terminologik tizimdan foydalanish yo’llari, fikrni qisqa jumlalarda ifodalash usullari aynan ana shu yozma matn tufayli takomillashib boradi. U ma’lum ma’noda keyingi yoziladigan matnlar uchun namuna vazifasini o’taydi. Shuning uchun ham yuridik yozma nutq madaniyatini takomillashtirish nutq madaniyati tizimida alohida mavqyega ega. Endi bir necha og’iz gap yuristning muomala madaniyati xususida. O’zbek xalqi dunyoda o’z ma’naviyati va madaniyati mavjud bo’lgan turkiy xalqlarning biri sifatida tildan foydalanishda ham qadimiy an’analari, odat va ko’nikmalariga ega. Zero, ana shu ana’ana va odatlar har bir xalqning o’zligini ko’rsata oladigan belgilar sanaladi. O’zining boy tarixi va o’tmishi, havas qilsa va namuna olsa arzigulik ma’naviy-madaniy merosiga ega bo’lgan o’zbek xalqining muloqot an’analari nafaqat mazmunan, balki shaklan ham rang-barangdir. Sharq ma’naviyatining tarkibiy qismi bo’lgan bu muloqot o’zbeklar bilan yonma-yon yashab kelayotgan boshqa xalqlar madaniyati bilan uyg’un, ayni paytda, o’ziga xosdir. Kishilarning yoshiga qarab hurmat bildirish va shunga yarasha muomalada bo’lish, suhbat jarayonidagi samimiyatga, suhbatdoshga yon berishga harakat qilish, yoshlarning qariyalarga, ayollarning erlariga yoki erlarning ayollariga, farzandlarning otaonalariga, obro’li kishilarga, rahbarlarga bo’lgan izzat-hurmatning, mezbonning mehmonga bo’lgan ehtiromining avvalo muloqot jarayonida aks etishi ana shu o’ziga xosliklar sanaladi. O’zbek xalqining vakili, shu bilan birga, uning faxri sanaladigan huquqshunos ham muloqot jarayonida bu umuminsoniy va umummilliy fazilatlar va qadriyatlardan yiroq bo’la olmaydi. Bu masalaning umumiy tomoni. Xususiy jihati shundan iboratki, huquqshunoslarning aksariyat qismi davlatning huquqiy organlarida, ta’lim-tarbiya jarayonida faol qatnashib kelayotgan kishilar hisoblanishadi. Binobarin, ular xalq bilan mustahkam aloqadorlikda bo’lgan insonlardir. Hukumat va huquqiy organlar vakili, ta’lim-tarbiya va targ’ibot ishlarining faol ishtirokchisi bo’lishning o’ziyoq ular mas’uliyatining qay darajada

bo’lishi lozimligini aytib turibdi. Ana shu mas’uliyat o’z navbatida muomala mas’uliyatini ham keltirib chiqaradi. Huquqshunoslar - ichki ishlarda xizmat qiladigan nozirdan tortib prokurorgacha, huquqshunos-talabalardan tortib ularning murabbiylarigacha hamisha xalqning kuzatuvida bo’ladi, ko’pchilik ularga havas qilishadi va namuna olishadi. O’z navbatida ular ham ana shu hurmat-e’tiborga va ishonchga loyiq bo’lishlari lozim. Bu gaplar bevosita muomala madaniyatiga ham tegishlidir. Oddiy suhbat bo’ladimi, tergov va sud jarayoni bo’ladimi, tildan foydalanish hamisha odob doirasida bo’lmog’i zarur. Bu o’rinda masalaning murakkabligi shundaki, hamma advokatlar ham haligacha sobiq tizim davridagi tazyiq ruhiyatidan tamomila ozod bo’lgan emaslar. Ularning boshqa bir qismida esa malakaviy mahorat yetishmaydi. Manfaatlar to’qnashuvi jarayoni esa himoya san’atini mukammal egallashni taqozo qiladi. Yana shunday holatlar ham bo’lib qoladiki, himoyachi qonunni yaxshi biladigan kishi sifatida sudlanuvchining aybini tan oladi. Shunday paytda ham insonparvarlik nuqtai nazaridan advokat o’z nutqini ayblanuvchi yoki sudlanuvchining javobgarligini yengillashtiruvchi holatlarga qaratishi lozim bo’ladi. Nutqning tozaligiga e’tibor berish, unda chet so’zlarni o’rinsiz ishlatishga yo’l qo’ymaslik, ortiqcha – parazit so’zlarni, shtamplarni ishlatmaslik hamda nutqni shirinso’zlik bilan, yoqimli ohangda, ravon talaffuz etishga harakat qilish, mujmallikdan qochish ham fazilat sanaladi. «Asosiy fikrni ovozni past-baland qilish, ohangni o’zgar-tirish, imo-ishora, qaytarish bilan mohirona uqdirish zarur. – deb ta’kidlashadi risola mualliflari. - Notiqning fikri ham, imo-ishorasi ham, nutqi ham bir qolipda bo’lmasligi lozim. Ma’ruzaning jonlanishiga, tinglovchilarning diqqatini tortishga ko’maklashadigan ta’riflar, taqqoslashlar, maqol va matallar, qochiriq so’zlar, ba’zi hollarda hazil-mutoiba gaplarni qo’shishdan qo’rqmaslik kerak. Lekin ularni suiiste’mol qilish bilan ma’ruza materialiga putur yetkazish yaramaydi» Nutq so’zlanayotgan paytda notiqning o’zini to’g’ri tuta bilishi, oddiylik va tabiiylikka harakat qilishi, doimo o’zini kuzatib borishi, ortiqcha harakatlarga yo’l qo’ymasligi, hatto kiyinishda ham kamtarlik ustuvor bo’lishi kabi jihatlar ham

muhimdir. Tinglovchilardan tushgan savollarga ham mumkin qadar qisqa va aniq javob berishga harakat qilish lozim. Yana shu narsani ham ta’kidlash joizki, har bir nutq alohida shaxs bilimi va dunyoqarashining, tildan xabardorligi va mahoratining mahsuli sanaladi. Shuning uchun ham notiqlik – individuallik, o’ziga xoslik sifatida baholanib, hamma uchun yagona andozalarni belgilab qo’yish mumkin emas. Ammo yuqoridagi kabi, umumiy ma’nodagi, yo’nalish xarakteridagi tavsiyalar ham zarar qilmaydi. G.Sarkisyans notiqlikning boshqa kasbdagi kishilar uchun zarurligini inkor etmagan holda yurist uchun nihoyatda zarur ekanligini ta’kidlaydi. «Hozir mustaqil O’zbekistonda huquqiy davlat qurishga qat’iy yo’l tutilgan, jamiyatimiz hayotning barcha sohalarida, shu jumladan adliya va odil sudlov sohasida ham, umumjahon demokratiyasi tiklanayotgan sharoitda respublikamiz huquqshunoslari bo’lmish olimlar oldida ham, amaliyotchilar oldida ham o’ta mas’uliyatli va murakkab vazifalar turibdi» Til har qanday jamiyatning aloqa vositasi sanalar ekan, u yurist faoliyatida ham nihoyatda kuchli quroldir. Ammo muhim noyob boylikning ahamiyatini hyech kimga chaqiriqlar, shiorlar, da’vatlar bilan uqtirib bo’lmaydi. Faqatgina o’z Vatanini, millatini, ona tilisini, shu bilan birga, o’z kasbini sevgan kishigina buni boshqalardan ko’ra avvalroq anglay olishi va undan unumli foydalana olishi mumkin. O`zbek adabiy tilining asoschisi Alisher Navoiy turkiy tilda go`zal nutq tuzishning bayroqdori sifatida o`zbek tili boyliklarini namoyon etuvchi mashhur asarlar yaratdi. Navoiyning sa`y-harakatlari tufayli XV asrda o`zbek tili olamga dong’i ketadigan adabiy asarlar yaratishga qodir til ekanligini isbotladi. Bobur, Ogahiy, Komil Xorazmiy, Munis, Mashrab, Maxmur, Gulxaniy, Nodira, Uvaysiy, Muqimiy, Furqat, Avaz O`tar, Fitrat, Behbudiy, So`fizoda kabi mutafakkir shoir va yozuvchilarning asarlarida Navoiy boshlab bergan o`zbek mumtoz adabiy tili me`yorlari mukammalashib bordi.

ASOSIY QISM a. Abdulla Qahhorning hayoti va ijodi. Abdulla Qahhor XX asr o`zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan va xalqning muhabbatini, hurmatini qozongan iste’dodli yozuvchilardan biridir. Abdulla Qahhor 1907 yilning 17 sentyabr kuni hozirgi O`zbekistonning Qo`qon shahrida (ba’zi ma’lumotlarga qaraganda – Tojikistonning Asht tumanida) temirchi usta oilasida dunyoga kelgan. U oilada tug`ilgan o`n boladan tirik qolgan yagona farzand edi. Abdullaning bolalik yillari qashshoqlik va darbadarlikda o`tadi. Uning oilasi yaxshiroq hayot ilinjida Farg`ona vodiysi bo`ylab qishloqmaqishloq ko`chib yuradi. Oqibatda Abdulla “Ko`chmanchi”, “Kelgindi” singari haqoratli laqablar oladiki, bu uning xotirasida bir umrga muhrlanib qoladi. Avval Abdulla qishloqdagi diniy maktabda savodsiz Valixon so`fi degan domla qo`lida o`qiydi. Domlaning savodsizligidan g`azablangan otasi uni 1917 yil Oktyabridan keyin ochilgan yangi maktabga o`qishga beradi. Bu maktabda ancha yaxshi bilim olgan Abdulla 20-yillar boshida o`qishni Qo`qondagi texnikumda davom ettiradi. Xuddi shu vaqtda, ya’ni 20-yillar boshida Abdulla adabiyot sohasida ilk mashqlar qila boshlaydi va ularni Toshkentdagi gazeta, jurnallarga yuboradi. Ulardan biri, ya’ni “Oy kuyganda” she’ri “Mushtum” jurnalining 1924 yilgi 8-sonida bosilib chiqadi. Abdullaning matbuotda e’lon qilingan mana shu birinchi she’riyoq unda ijod qilishga qandaydir iste’dod borligidan, ya’ni adabiyot vositalari orqali muayyan g`oyani ifodalashga qodirligidan dalolat bergan edi. Unda ma’rifatparvarlik g`oyasi adabiyotning birinchi unsuri bo`lgan badiiy timsollar vositasida ifodalangan edi. Abdullada iste’dod kurtaklari nish urayotganligi shunda ko`rinardiki, she’rda “ma’rifat” so`zi biron marta ham ishlatilmagani holda, odamlar ilmli bo`lsalar, tabiat hodisalarining mohiyatini to`g`ri tushunishlari va ular oldida behudaga talvasaga tushmasliklari haqidagi g`oya ilgari surilgan edi. “Oy kuyganda” she’ri bilan Abdulla Qahhor ijodining birinchi bosqichi boshlanadi. Mazkur izlanishlar va mashqlar bosqichi qariyb o`n yil davom etadi. Bu davrda Abdulla avvalo taxallus izlaydi va 20-yillarda yozgan ko`plab hikoyalarini, sakkizta she’rini, ellikta felyetonini “Norin shilpiq”, “Mavlon kufir”,

“Gulyor”, “Erkaboy” singari imzolar bilan e’lon qiladi. Ijodning ilk bosqichi, asosan, izlanishlardan iboratligi shu bilan belgilanar ediki, bu davrda Abdulla yozgan “Ikki qonun”, “Yosh qizlar o`gay ota qo`lida” singari hikoyalar, felyetonlar va she’rlar g`oyaviy-badiiy jihatdan juda nochor hamda zaif edi. Buni juda yaxshi fahmlagan Abdulla so`ngroq mazkur asarlarining ko`pchiligini keyingi ko`p jildlik kitoblariga kiritmagan edi. Shu bilan birga ijodning ilk bosqichidagi mashqlar muayyan ijobiy samaralar ham bergan edi. Ulardan biri Abdulla Qahhorning 1929 yilda e’lon qilingan “Boshsiz odam” hikoyasi bo`lib, mazkur asar muallifning inson xarakterini, ruhiy dunyosini teran tahlil qila bilish mahorati yetilib borayotganligidan guvohlik beradi. Bu davrda Abdulla Qahhor Toshkentdagi O`rta Osiyo Davlat universitetida o`qir edi. Izlanish davrining samaralari sifatida uning 1932 yilda “Qishloq hukm ostida”, 1933 yilda “Olam yasharadir” va “Qotilning tug`ilishi” singari kitoblari bosilib chiqadi. Mazkur kitoblar mashqlar bosqichining o`ziga xos yakuni sifatida maydonga kelgan deb hisoblash mumkin, chunki 1934 yildan Abdulla Qahhor yuqoridagi to`plamlardagi izlanishlarning nochor samaralaridan keskin farq qiluvchi asarlar yarata boshlaydi. 1934 yili Abdulla Qahhor “Maston”, “Ko`r ko`zning ochilishi” singari asarlarini e’lon qilib, hikoyada hayotni realistik tasvirlash prinsiplari ijodida uzil-kesil qaror topganligini isbotlagan edi. Shunga ko`ra mazkur asarlar va “O`g`ri”, “Mayiz yemagan xotin” kabi hikoyalari bilan Abdulla Qahhor ijodining ikkinchi bosqichi, ya’ni chinakam realistik asarlar yaratish pallasi boshlangan deb hisoblash mumkin. Bu hikoyalarning bir guruhida (“O`g`ri, “Dahshat”) Abdulla Qahhor o`tmishdagi mehnatkash xalq hayotining fojiaviy manzaralarini gavdalantirgan bo`lsa, ikkinchi guruhida (“Mayiz yemagan xotin”, “Qanotsiz chittak”, “Bashorat”) 30-yillar turmushidagi ijtimoiy nobopliklarni, axloqiy tubanlik, ma’naviy qashshoqlik singari illatlarni hajv olovi bilan kuydirishga intilgan. 30-yillarning o`rtalaridan Abdulla Qahhor ijodida yangi bosqich boshlanganligi yana shu bilan belgilanar ediki, bu davrda u o`zbek nasrida yozuvchi Abdulla Qodiriyning “O`tgan kunlar” asaridan keyin ikkinchi cho`qqi

hisoblanuvchi “Sarob” romanini e’lon qiladi. Romanda Abdulla Qahhorning inson ruhiyatini chuqur tahlil qila bilish mahorati nihoyatda ortganligi yaqqol sezilib turardi. Insoniy xarakterlarning teran psixologik tahlili vositasida Abdulla Qahhor o`sha davrda bizning mamlakatimizda millat taqdiri, ravnaqi, baxti uchun kurashganlar dahshatli fojiaga uchraganligini ochib bergan edi. Shu yo`l bilan romanda millatparvarlik g`oyasi tasdiq etilgan edi. Faqat adabiy tanqidchilik roman mag`ziga yashiringan bu haqiqatni endi-endi anglab yetmoqda. Urushdan keyin Abdulla Qahhor bizning adabiyotimizda keng quloch yozgan konfliktsizlik “nazariya”si ta’siriga berilib, “Kartina”, “Hamqishloqlar” singari hikoyalar va “Qo`shchinor chiroqlari” romanini yozib, ularda o`sha davrdagi xarob o`zbek qishlog`i manzaralarini sun’iy ravishda ancha yaltiratib, go`zallashtirib aks ettiradi. Xuddi shunday tasvirning tamg`asi yozuvchining O`zbekistondan uzoq-uzoqlarga mashhur bo`lgan “Shohi so`zana” (1951) komediyasida ham o`z muhrini qoldirgan edi. Endi o`zlashtirilayotgan Mirzacho`l yerlari gulistondek qilib ko`rsatilgan bo`lsa-da, bu asar juda kulgili, qiziqarli sahnalarga boyligi, esda qoladigan insoniy xarakterlarga egaligi bilan yozuvchining komediyanavislik sohasida dadil qadam qo`yganligidan guvohlik berar edi. Balki shu kabi fazilatlari tufayli bu asar jahonning ko`plab sahnalarida qo`yilgan va sobiq ittifoqning Davlat mukofotiga sazovor bo`lgandir. Dramaturgiya sohasidagi ilk muvaffaqiyatdan ruhlangan Abdulla Qahhor 1954 yilda “Og`riq tishlar” nomli navbatdagi komediyasini e’lon qiladi. Bu asar yozuvchi ijodida uchinchi davr, ya’ni yetuklik pallasi boshlanganligidan dalolat berar edi, chunki unda balki o`zbek adabiyotida ilk bor sosializmning illatlari, ya’ni rahbarlikning nomukammalligi, axloqiy qashshoqlik, ma’naviy tubanlik, iqtisodiy notenglik singari nuqsonlar haqida hajviyot vositalari orqali ayon ko`rinib turgan haqiqat ifodalangan edi. Abdulla Qahhorning “Tobutdan tovush” (1962), “Ayajonlarim” (1967) kabi komediyalarida ham sosializmning yuqoridagi singari illatlariga nisbatan mahorat bilan hajv o`ti yo`naltirilgan bo`lib, bu hol uning o`sha davr adabiyotida hukmron sosialistik realizm metodining temir qoliplarini sekinsekin yorib chiqishga intila boshlaganligidan guvohlik beradi.

Faoliyatining yetuklik bosqichida adib nasr sohasida ham unumli ijod qilib, “Ming bir jon”, “Mahalla” kabi hikoyalar, “Sinchalak”, “O`tmishdan ertaklar”, “Muhabbat” singari qissalar va ko`plab adabiy-tanqidiy maqolalar yaratdiki, ularning ayrimlari adabiyotimizda sezilarli hodisa bo`lib qoldi. Xususan, “O`tmishdan ertaklar” qissasi yozuvchining bolaligi o`tgan davr hayoti manzaralarini shafqatsiz realistik bo`yoqlarda gavdalantirganligi sababli kitobxonlar e’tiborini qozondi va respublikaning Hamza nomidagi mukofoti bilan taqdirlandi. Ayon bo`ladiki, O`zbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor o`zidan yuzlab hikoyalar, beshta qissa, ikki roman va to`rtta komediya qoldirdi hamda ularning ayrimlarida yuksak iste’dod sohibi ekanligini namoyon qildi. Uning eng yaxshi asarlari o`zbek realistik nasri va dramaturgiyasi taraqqiyotiga qo`shilgan o`ziga xos hissa bo`lib qoldi. b. Uning hikoyasi BEMOR (O‘tmishdan) Osmon yiroq, er qattiq. Maqol

Sotiboldining xotini og‘rib qoldi. Sotiboldi kasalni o‘qitdi — bo‘lmadi, tabibga ko‘rsatdi. Tabib qon oldi. Betobning ko‘zi tinib, boshi aylanadigan bo‘lib qoldi. Baxshi o‘qidi. Allaqanday bir xotin kelib tolning xipchini bilan savaladi, tovuq so‘yib qonladi... Bularning hammasi, albatta, pul bilan bo‘ladi. Bunday vaqtlarda yo‘g‘on cho‘ziladi, ingichka uziladi. Shaharda bitta doktorxona bor. Bu doktorxona to‘g‘risida Sotiboldining bilgani shu: salqin, tinch parkda, daraxtlar ichiga ko‘milgan baland va chiroyli oq imorat; shisha qabzali kul rang eshigida qo‘ng‘iroq tugmasi bor. Chigit po‘choq va kunjara bilan savdo qiladigan xo‘jayini Abdug‘aniboy omborda qulab ketgan

qoplar ostida qolib o‘ladigan bo‘lganida bu doktorxonaga bormay Simga* ketgan edi. Doktorxona deganda Sotiboldining ko‘z oldiga izvosh va oq podshoning surati solingan 25 so‘mlik pul kelar edi. Bemor og‘irlashdi. Sotiboldi xo‘jayinining oldiga arzga bordi, ammo bu borishdan muddaosi nima ekanini aniq bilmas edi. Abdug‘aniboy uning so‘zini eshitib ko‘p afsuslandi, qo‘lidan kelsa hozir uning xotinini oyoqqa bostirib berishga tayyor ekanini bildirdi, keyin so‘radi: — Devonai Bahovaddinga hech narsa ko‘tardingmi? G‘avsul-a’zamga-chi? Sotiboldi ketdi. Bemorning oldidan jilmaslik va shu bilan birga tirikchilik uchun xonaki bir kasb qilishga majbur bo‘ldi — har xil savatchalar to‘qishni o‘rgandi. U ertadankechgacha oftobshuvoqda gavronlar ichiga ko‘milib savat to‘qiydi. To‘rt yashar qizchasi qo‘liga ro‘molcha olib, onasining yuzini karaxt, nimjon, xira pashshalardan qo‘riydi; ba’zan, qo‘lida ro‘molcha, mukka tushib uxlab qoladi. Hammayoq jim. Faqat pasha g‘ing‘illaydi, bemor inqillaydi; har zamon yaqin-yiroqdan gadoy tovushi eshitiladi: "Hey do‘st, shaydullo banomi ollo, sadaqa raddi balo, baqavli rasuli xudo..." Bir kechasi bemor juda azob tortdi. U har ingraganda Sotiboldi chakkasiga burov solingan kishiday talvasaga tushar edi. Qo‘shnisi bir kampirni chaqirdi. Kampir bemorning to‘zigan sochlarini tuzatdi, u yoq-bu yog‘ini siladi, so‘ngra... o‘tirib yig‘ladi. – Begunoh go‘dakning saharda qilgan duosi ijobat bo‘ladi, uyg‘oting qizingizni! - dedi. Bola anchagacha uyqu g‘ashligi bilan yig‘ladi, keyin otasining g‘azabidan, onasining ahvolidan qo‘rqib, kampir o‘rgatgancha duo qildi: – Xudoyo ayamdi daydiga davo beygin... Bemor kundan-kun battar, oxiri o‘sal bo‘ldi. "Ko‘ngilga armon bo‘lmasin" deb "chilyosin" ham qildirishga to‘g‘ri keldi. Sotiboldi to‘qigan savatchalarini ulgurji oladigan baqqoldan yigirma tanga qarz ko‘tardi. "Chilyosin"dan bemor tetik chiqqanday bo‘ldi; shu kechasi hatto ko‘zini ochib, qizchasini yoniga tortdi va pichirladi:

– Xudo qizimning saharlari qilgan duosini dargohiga qabul qildi. Dadasi, endi tuzukman, qizimni saharlari uyg‘otmang. Yana ko‘zini yumdi, shu yumganicha qaytib ochmadi—saharga borib uzildi. Sotiboldi qizchasini o‘lik yonidan olib, boshqa yoqqa yotqizayotganda qizcha uyg‘ondi va ko‘zini ochmasdan odatdagicha duo qildi: – Xudoyo ayamdi daydiga davo beygin... 1936

c. Asarda qo’llanilgan sintaktik figuralar

Abdulla Qahhorning bu hikoyasida quyidagi sintaktik figuralardan foydalangan:

Metaforalar: salqin, tinch parkda, daraxtlar ichiga ko‘milgan baland va chiroyli oq imorat, shisha qabzali kul rang eshik Toponimlar: Sim — hozirgi Farg‘ona shahri, Devonai Bahovaddin, G‘avsul-a’zam Metonimiyalar: Devonai Bahovaddinga hech narsa ko‘tardingmi? G‘avsula’zamga-chi? Aforizmlar: Osmon yiroq, er qattiq, yo‘g‘on cho‘ziladi, ingichka uziladi, Hey do‘st, shaydullo banomi ollo, sadaqa raddi balo, baqavli rasuli xudo

O’xshatishlar: chakkasiga burov solingan kishiday, tetik chiqqanday Frazeologik birliklar: Xudoyo ayamdi daydiga davo beygin, ko’z yummoq, ko’z oldiga keltirmoq, o’sal bo’lmoq, ko’zi tinmoq, boshi aylanmoq, ko‘ngilga armon bo‘lmasin, joni uzilmoq kabilar. Arxaik so’zlar: baqqol, oftobshuvoq, gavronlar, tabib, baxshi. Istorizmlar: izvosh va oq podshoning surati solingan 25 so‘mlik pul

XULOSA

“Adabiyot ko’ngil ishi, ilhom samarasi,-deydi A.Qahhor o’zining “Suhbat” degan maqolasida.-To’yg’usiz, ilhomsiz yozilgan asar changlanmagan gulga o’xshaydi-meva tugmaydi. Ko’ngil rozi bo’lgan asargina kitobxonning ko’ngliga yo’l topadi, kitobxonning ko’nglida meva tugadi. Adabiyotimizda ilhomsiz yozilib, kitobxonning ko’ngliga yo’l topolmagan, topa olmayotgan, demak adabiyotdan benom-nishon ketgan, ketadigan asarlar oz emas.

A.Qahhor ilhomsiz yozilib, kitobxon ko’ngliga yo’l topolmayotgan badiiy asarlar haqida fikr yuritar ekan, eng avvalo o’zining ijodidagi ko’ngli to’lmagan ba’zi-bir hikoyalarini misolga olib, ularning kamchiliklari haqida bahs yuritadi, bu bilan yozuvchini kitobxon nigohi oldida beburd qiladigan illatlardan ogoh qiladi. A.Qahhor har bir asar ilhom bilan yozilishini ta’kidlarkan, ilhomning makoni esa xalqning dilida - majburiyat emas, zaruriyat, xohishga aylangan mehnatning shavkati, baxtiyor odamning qahqahasida, jabrdiyda ko’z yoshida, oshiq va ma’shuqlarning ko’zlari va so’zlarida, odamda mehr va g’azab uyg’otadigan hodisa va voqyealarning mag’zida bo’lishini istaydi.

Shuning uchun ham A.Qahhor 1965 yil prozasi haqida fikr-mulohazalar bildirar ekan, eng avvalo badiiy mahorat chiroyli iboralar, chiroyli ifodalar, ayniqsa voqyealar, kulgili yoki qayg’uli holatlar topish emas, xalqqa aytadigan gapi naqadar muhim, naqadar katta, naqadar zarur bo’lsa, kitobxonning qalbiga olib kiradigan pishiq obrazlar yaratilishini, uning kitobxonning qalbiga olib kiradigan badiiy obrazlari ham shu qadar kuchli bo’lishini uqtiradi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

1. Qudratov T. Nutq madaniyati asoslari. T., 1993. 2. Nusratullo Atoullo o`g’li Jumaxo`ja. Istiqlol va ona tilimiz. T., 1998. 3. Qilichev B., Qilichev B.E. Nutq madaniyati va uslubiyat asoslari. Buxoro, 2002. 4. Hikmatlar xazinasi. T., 1977.



Abdulla Qahhor asarlari: 1. Asarlar. U jildlik. T., G`.G`ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1987-1989. Abdulla Qahhor ijodi haqida: 1. Sharafiddinov O. Abdulla Qahhor. T., “Yosh gvardiya”, 1988. 2. Sharafiddinov O. Ijodni anglash baxti. T., “Sharq”, 2004. – B. 274 – 348. 3. Qo`shjonov M., Normatov U. Mahorat sirlari. T., Badiiy adabiyot nashriyoti, 1968. 4. Qo`shjonov M. Abdulla Qahhor mahorati. T., G`.G`ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1988. 5. “Abdulla Qahhor zamondoshlari xotirasida”. T., G`.G`ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1987. 6. Qahhorova K. Chorak asr hamnafas. T., “Yosh gvardiya”, 1986. 7. Sanjar Sodiq. So`z san’ati jozibasi. T., “O`zbekiston”, 1996. 8. Umurov H.I. Saylanma. To`rt jildlik. 2-jild.T., “Fan”, 2007. – B. 13 – 27. 9. Karimov N. XX asr o`zbek adabiyoti manzaralari. – T., “O`zbekiston”, 2008. B. 329 – 339. 10. Soliyev A. Abdulla Qahhor dramaturgiyasi va hayot haqiqati. “Ilmiy tadqiqotlar axborotnomasi” jurnali. SamDU, 2007. 2-son. B. 49 – 52.
Yüklə 422,16 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin