Ma’ruza mashg‘uloti materiallari 1-mavzu. Fuqarolik jamiyati fanining predmeti, obekti, maqsad va vazifalari



Yüklə 113,33 Kb.
tarix02.01.2022
ölçüsü113,33 Kb.
#35240
ruza matni


Ma’ruza mashg‘uloti materiallari

1-MAVZU. FUQAROLIK JAMIYATI FANINING PREDMETI, OBEKTI, MAQSAD VA VAZIFALARI

Ma’ruza rejasi:

1. Fuqarolik jamiyati fanining predmeti va ob’ekti.

2. Fuqarolik jamiyati fanining tushunchalari, qonuniyatlari va boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlar bilan o‘zaro bog‘liqligi.

3. Fuqarolik jamiyati - taraqqiyotning yuqori bosqichi.

Tayanch so‘zlar: fuqaro, fuqarolik jamiyati, davlat, davlat hokimiyati, fuqarolik jamniyati, demokratik davlat, huquqiy davlat, siyosiy institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari, fuqarolarning huquq va erkinligi, inson huquqlari.

Fuqarolik jamiyati fanining predmeti va ob’ekti.

O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish islohotlari jarayonida jahondagi turli mamlakatlarda shu kabi jamiyat asoslarining yaratilish tajribasi, bu sohadagi islohotlarning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va huquqiy asoslarining shakllantirilishi, ularga doir nazariy ishlanmalarni o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki, fuqarolik jamiyatining bu insoniyat uchun muhim bo‘lgan ijobiy jihatlari (tamoyillari va va yashash muhiti) o‘tish davrini o‘z boshidan kechirayotgan mamlakatlarda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash va huquqiy davlat sari rivojlanish sari intilishiga doir islohotlarida muhim tajriba sifatida namoyon bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, fuqarolik jamiyatiga doir fanni oliy ta’lim tizimida o‘qitish muhim dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Shuning uchun ham Fuqarolik jamiyati fani jahonda bir necha minglab yillar davomida yig‘ilgan umuminsoniy qadriyatlarni hozirgi umuminsoniy va demokratik qadriyatlar ilan uyg‘un holda o‘rganishi va ulardan xulosalar chiqarishi tufayli yosh avlodni shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi. Bu fan insoniyatning eng so‘ngi taraqqiyot bosqichi va insoniy birligi to‘g‘risidagi ta’limotlarni hozirgi davr bilan mustahkam bog‘liqlik holida o‘rganadi, isonni jamiyat qonuniyatlari va qadriyatlari asosida yashashga undaydi, bu yo‘ldan inson manfaatdorligini asoslaaydi. Bu jarayonda Fuqarolik jamiyati fani boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlar bilan hamkorlik qiladi. Umuman olganda, bu fan insonni hozirgi davrning so‘nggi sivilizatsiyasi – fuqarolik jamiyatining rivojlanish qonuniyatlari, tamoyillari va uning shaxsni kamolga yetkazishdagi roliga doir bilimlar bilan qurollantiradi.

Hozirgi davrga kelib dunyodagi rivojlangan mamlakatlarda fuqarolik jamiyatining qurilganligi, mazkur jamiyat siyosiy instituti sifatida huquqiy davlat bunyod etilganligi, bu kabi jamiyat va davlatlar muhitida inson va uning faoliyati uchun erkinlik yaratilishi, inson huquqlarini himoyalashning miqyosi nihoyatda keng ekanligi kabi omillar demokratiya qurish yo‘lidan ketayotgan davlatlarni qiziqtimoqda. Shuning uchun ham o‘tish davrida yashayotgan mamlakatlar siyosiy elitasi fuqarolik jamiyatini nafaqat ijtimoiy model sifatida, balki uni ta’lim tizimiga joriy etish asnosida yosh avlodni shakllantirish omili sifatida ham e’tirof etmoqda.

O‘zbekiston davlati mustaqillikka erishganidan keyin bozor iqtisodiyoti munosabatlariga asoslangan mustaqil fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat barpo etish, inson manfaatlarini qondirish, ular huquq va erkinliklarini ta’minlash, jamiyatda qonun ustuvorligiga erishish asnosida barcha fuqarolarning qonun oldida tengligiga va adolat prinslarini amal qilishiga erishish kabi ezguliklarga asoslanadigan muhitni yaratish uchun fuqarolik jamiyati qurishni asosiy strategik maqsad sifatida e’lon qildi.

Shuning uchun ham birinchi Prezident I.A.Karimov mustaqillikning ilk davridayoq «bizning bosh strategik maqsadimiz qat’iy va o‘zgarmas bo‘lib, bozor iqtisodiyotiga asoslangan erkin demokratik davlat barpo etish, fuqarolik jamiyatining mustahkam poydevorini shakllantirishdan iborat»1 degan g‘oyani ilgari surgan edi.

2016 yilning so‘nggi choragidadan boshlab mamlakatimizga davlat rahbari sifatida o‘z faoliyatini boshlagan Sh.M.Mirziyoev mamlakatda fuqarolik jamiyatini rivojlanishi uchun muhim kuch-qudrat manbai-“Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan g‘oyani ilgari surishi, unga monand bo‘lgan huquqiy asoslar va jiddiy o‘zgarishlarni amalga oshirishi natijasida O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati qurish islohotlari avj oldi, unga nisbatan xalqimizning ishonchi yuksala boshladi. U Prezidentlikni bajarish uchun kirishgan dastlabki kundayoq quyidagi konseptual g‘oyani ilgari surdi: “Mustaqil taraqqiyot yillarida Konstitutsiyamiz yurtimizda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni qurish, xalqimiz uchun tinch, obod va farovon hayot barpo etish, O‘zbekistonning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda”2.

“Fuqarolik jamiyati” tushunchasi – insoniyatning bir necha asrlar mobaynida shakllangan tafakkurlash mahsuli bo‘lib, u inson huquqlari va erkinliklarining ta’min darajasining naqadar yuksalganligi darajasi mezoni sifatida namoyon bo‘ldi. Fuqarolik jamiyatining poydevori va asoslarini yaratish uchun avvalombor u haqdagi g‘oyalarning genezisini va rivojlanishini bilishga zarurat tug‘iladi. Fuqarolik jamiyatini shakllanishi uchun uning asoslari (iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, ma’naviy) yaratilishi lozim. Fuqarolik jamiyatining asoslari quyidagilardan iborat:

iqtisodiy asos - shaxs va jamiyat manfaatlarining umumiyligiga asoslangan mulk shakllarining xilma-xilligi, iqtisodiy plyuralizm, ko‘p ukladlilik, erkin bozor munosabatlari; jamiyatning har bir a’zosini o‘z mulkiga ega, u bu mulkni o‘z xohishi bilan tasarruf eta olish erkinligining mavjudligi, bu mulkdan foydalanish va uni sarflash huquqiga ega bo‘lishi, xususiy mulk daxlsizligi, har bir shaxsning davlat tomonidan kafolatlangan tadbirkorlik, mexnat va iste’mol faoliyati erkinligi bilan ta’minlanganligi.

ijtimoiy-siyosiy asos-fuqarolik jamiyati qurilayotgan davlatning mustaqil va suveren ekanligi, iqtisodiy va siyosiy hokimiyatlarning bir-biridan ajratilganligi; fuqarolarning o‘z maqsadlarini himoya qilish maqsadida ma’lum nodavlat tashkilotlarga birlashgan bo‘lishi, hokimyatni uchga bo‘lini prinsipi amalda o‘z aksni topganligi, hokimiyatlarni turli markazlar, guruhlar yoki shaxslar qo‘lida to‘planib qolmasligi; siyosiy plyuralizmning mavjudligi; davlat hokimiyati vakolati funksiyalarining sekin-asta sekinlik bilan quyi vakillik organlari va o‘zini o‘zi boshqarish organlariga berib borilishi;

huquqiy asosi-jamiyatda insonning yashashi va rivojlanishi uchun muhim zarurat bo‘lgan erkinlik, tenglik, adolat qadriyatlarining qaror topganligi, shaxslar va fuqarolar o‘rtasida o‘zaro tenglikning ta’minlanganligi, ularning huquq va erkinliklarini davlat tomonidan to‘liq ravishda e’tirof etilishi; adolat prinsiplariga amal qilinishi; bir shaxsning erkinligi ikkinchi shaxsning erkinligiga daxl etsa, uning erkinligi shu yerda to‘xtalishi, davlat, jamiyat va shaxs manfaatlari o‘zaro mushtarkligining shakllanishi;

ma’naviy asos-insonlar o‘z qadr-qimmatini har qanday tajovuzlardan himoya qila olish qobiliyatini shakllanganligi, xalqning jamiyat qadriyatlari himoya qila olish salohiyatining mavjudligi, vijdon erkinligining amal qilishi, jamiyatda ahloqiy me’yorlarga amal qilish urf-odatlarining shakllanganligi, biron-bir mafkuraning yakka hokimlik qilishga urinishlarining cheklab qo‘yilganligi, fuqarolarning ma’naviy va ijtimoiy jarayonlarda bevosita va bilvosita ishtirok etishlari uchun barcha shart-sharoitlarning mavjudligi, har bir fuqaroning o‘z mustaqil fikrlashi va qarashiga ega ekanligini namoyon qilish uchun barcha sharoitlarning mavjud ekanligi, ma’naviy jarayonlarni faqat jamiyat va fuqarolar tomonidan amalga oshirilishi, har bir fuqaroning qanday dunyoqarash yoki dinga kirishi uning o‘zi tomonidan hal etilishi, diniy erkinlik, barcha dinlar va mafkuralarning o‘zaro hamkorlikda yashashlari uchun zarur bo‘lgan shart-sharoitlarning yaratilganligi.

Umuman olganda “fuqarolik jamiyati” atamasi turli xorijiy adabiyotlarda umumiy mohiyatga ega, shu bilan birga, har bir mamlakatning milliy an’anlarini ham uyg‘unlashtiradigan tushuncha bo‘lib, u hozirgi davrdagi talqinlarda jamiyatning muayyan shakli (holati va xususiyati)ni, uning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va huquqiy tabiatini, rivojlanish darajasini ifodalaydi. Fuqarolik jamiyatini shakllantirish masalalari doimo davlatni takomillashtirish, huquq va qonunning rolini yuksaltirish muammolari hal etish bilan chambarchas tarzda o‘zaro bog‘likdir.

Ba’zi olimlarning fikricha, fuqarolik jamniyati-bu «eng avvalo, fuqarolik jamiyatidir. Chinakam demokratiyaning oliy mazmuni-shaxslararo, millatlararo, davlat va ijtimoiy-siyosiy munosabatlarni uyg‘unlantirishdan iborat. Bunda inson va jamiyat, jamiyat va davlat hokimiyati tinch-totuv yashaydi».Fuqarolarning davlat hayotida ishtirok etishi jarayoni ancha kuchayib bormoqda va siyosiy partiyalar, nohukumat tashkilotlar faoliyatida, hayotning barcha jabhalari, shu jumladan inson huquqlari sohasida ham organlar va mansabdor shaxslar faoliyatining ijtimoiy nazoratini hamkorlikda amalga oshirishga qaratilgan ommaviy axborot vositalarining faollashuvida o‘z aksini topmoqda.

Fuqarolik jamiyati-bu, ijtimoiy-siyosiy masalalarni hal etishda faol qatnashadigan, davlatning bedodligi va aralashuviga yo‘l qo‘ymaydigan huquq hukmron bo‘lgan, fuqarolar va davlat hamkorlik asosida ishlaydigan ongli individlar jamiyatidir. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida fuqarolik jamiyatiga ta’rif berilmagan bo‘lsa-da, unda fuqarolik institutlarini tashkil etish va ular faoliyatining huquqiy asoslari e’tirof etilgan, ularning davlat bilan o‘zaro hamkorligi prinsiplari belgilangan3.

Fuqarolik jamiyati fanining predmeti sifatida fuqarolik jamiyatining shakllanishi, rivojlanishi, har bir milliy davlatda fuqarolik jamiyati qaror topishining umumiy, o‘ziga xos qonuniyatlarini va tamoyillari o‘rganiladi. Fuqarolik jamiyati fanining predmeti – kishilik tarixida insonlarning o‘zaro munosabatlari natijasida yuksak jamiyatga doir qadriyatlar va tuzilmaviy unsurlarning shakllanishi, ularning rivojlanib borishi natijasida ideal jamiyatda insonlar o‘zaro aloqalarining qonuniyatlarini shakllanishi, ri4vojlangan mamlakatlarda uzoq tarixiy rivojlanish natijasi o‘laroq shakllangan yuksak insoniy birlik – fuqarolik jamiyatining institutlari hisoblanadi.

Fuqarolik jamiyati fanining ob’ekti – bu insoniy jamiyatning oddiydan murakkabga, o‘zini o‘zi takroran yaratib turadigan insoniy birlikka o‘sib o‘tishi, va nihoyat, rivojlangan mamlakatlarda shakllangan fuqarolik jamiyati va uning institutlari hisoblanadi. Xususan, mazkur Fuqarolik jamiyati o‘quv qo‘llanmasining ob’ekti – ana shu tarixiy voqeliklarga uyg‘un tarzda O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati unsurlariga doir g‘oyalarning rivojlanishi, mustaqillik davriga kelib fuqarolik jamiyati institutlarining rivojlanishi, undagi tamoyillarning rivojlangan davlatlar bilan qiyosiy tahlillari hisoblanadi.

Fanni o‘qitishdan maqsad - talaba yoshlar ongida fuqarolik jamiyatiga doir tasavvurlarni singdirish, ularda jamiyatni rivojlantirishga doir mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish, Vatanga sadoqat his-tuyg‘ularini yuksaltirish kabilardan iboratdir.

Fanning vazifalari quyidagilardan iborat:

-jahon tajribasi va milliy voqeliklarni o‘rganish asnosida fuqarolik jamiyatiga doir klassik va zamonaviy konsepsiyalar mazmun-mohiyatini ochib berish;

-talabalarga fuqarolik jamiyatiga doir tushunchalarni tahlil qilishda, unga doir nazariyalarni o‘rganishda har tomonlama ko‘maklashish, ularning jamiyatga doir qarashlarini boyitish;

-fuqarolik jamiyati qurish islohotlarida shaxsning rolini ochib berish asnosida talabalarda shaxsiy fuqarolik nuqtai nazarlarni shakllantirishga yordamlashish;

-talabalar ongiga fuqarolik jamiyati qurish jarayonida paydo bo‘ladigan muammolar va ularning yechimlariga doir bilimlarni singdirish;

-talabalarga fuqarolik jamiyatiga doir nazariy ishlanmalarni tahlil qilish ko‘nikmalarini shakllantirishlarida ularga har tomonlama ko‘mklashish;

-taraqqiyotning “O‘zbek modeli” va fuqarolik jamiyatini barpo etishning ilmiy-metodologik asoslariga doir bilimlarni o‘zlashtirishlariga ko‘maklashish;

-talabalarga huquqiy davlat vafuqarolik jamiyatining asosiy belgilari va o‘zaro ta’sir etish mexanizmlariga doirtushunchalar, bilimlar berish;

-fuqarolik jamiyatini barpo etishning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, ma’naviy asoslarini ochib berish;

-fuqarolik jamiyatining iqtisodiy tayanchi –davlat va xususiy mulkchilik, tadbirkorlik va fermerlikni rivojlantirishga doir bilimlar berish;

-talabalar ongini fuqarolik jamiyatining ma’rifiy va ruhiy asosi – milliy ma’naviyatni tiklash va uni rivojlantirishga doir bilimlar bilan boyitish;

“Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyilining mazmun-mohiyatini tushuntirish;

-“Adolat – qonun ustuvorligida” tamoyilining mohiyati va ahamiyatiga doir bilimlar berish;

-Inson manfaatlarining hamma narsadan ustunligi;

-Harakatlar strategiyasida fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga doir konseptual maqsadlarning mazmun-mohiyati;

-Prezidentning “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qiladi” degan g‘oyasini ahamiyatini ochib berish;

-saylov huquqi erkinligi - fuqarolik jamiyatining muhim mezoni ekanligini asoslash;

-fuqarolik jamiyati institutlari rivojlanishida jahon tajribasining o‘rnini ochib berish;

-ijtimoiy innovatsiyalarning fuqarolik jamiyati shakllanishi va rivojlanishiga ta’siri to‘g‘risida bilimlar berish;

-siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa sohalarni erkinlashtirish islohotlarini fuqarolik jamiyatini rivojlantirishdagi ahamiyatini ochib berish;

-jamiyatda fuqarolar manfaatlari muvozanatini ta’minlash masalasi haqida tushunchalar berish;

-fuqarolarning moddiy farovonliginioshirish bo‘yicha “xalq boy bo‘lsa, davlat boy bo‘ladi” tamoyilining mohiyatini tushuntirish;

-fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda siyosiy partiyalarning o‘rni va ahamiyatini ko‘rsatib berish;

-nodavlat notijorat tashkilotlarining fuqarolik jamiyati instituti sifatidagi o‘rnini ochib berish;

-ommaviy axborot vositalarini erkinlashtirishga doir bilimlar berish;

-fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yoritib berish;

-ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida;

-jamoatchilik nazorati va davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlanish masalalarini yoritish;

-yoshlarda faol fuqarolik pozitsiyalarini shakllantirish mexanizmlariga doir bilimlar berish.

Fuqarolik jamiyati fanini talabalar tomonidan o‘zlashtirish jarayonida ularda quyidagi bilim, ko‘nikma shakllantirish mo‘ljallanadi:

-Fuqarolik jamiyati to‘g‘risida nazariy bilimlar va ularning O‘zbekistondagi islohotlar jarayonida amal qilishi, namoyon bo‘lishining o‘ziga xos jihatlari to‘g‘risida; talabalarda fuqarolik jamiyatiga doir nazariy bilimlar va ko‘nikmalar; rivojlangan davlatlarda fuqarolik jamiyatining shakllanish va rivojlanishi tajribalari; fuqarolik jamiyati institutlarining rivojlanishi va faoliyat yuritishi to‘g‘risida; o‘tmish, bugun va kelajak voqealarini baholashda ilmiy bilishning turli uslublaridan foydalanish; fuqarolik jamiyatini rivojlanishiga uyg‘un ravishda davlat boshqaruv organlarini demokratlashtirish va modernizatsiyalash jarayonlari; davlat hokimiyati organlari tizimi va fuqarolik jamiyati o‘zaro munosabatlari; fuqarolik jamiyati institutlari va davlat boshqaruvining o‘ziga xos jihatlari; fuqarolik jamiyati qurish islohotlarining mazmun-mohiyatiga doir muayyan bilimlarga ega bo‘lishi;

-fuqarolik jamiyat qurishning milliy va umuminsoniy demokratik tamoyillarini; fuqarolik jamiyat qurishga doir ilg‘or tajriba va usullarni; rivojlangan davlatlarda mamlakatni demokratlashtirish va modernizatsiyalashning asosiy tamoyillari hamda ularning “O‘zbek modeli” tamoyillari bilan qiyosiy tahlilini amalga oshirishni; fuqarolik jamiyatini qurishning huquqiy asoslarini; taraqqiyotning “O‘zbek modeli” tamoyillari mohiyatini bilishi va ulardan erkin ravishda foydalana olishi, O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasining mazmun-mohiyatini bilishi va uni amalga oshirish jarayonida ishtirok etishga moyillik tuyg‘ularini uyg‘otish;

-markazlashgan rejali iqtisodiyot va ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotining bir-biridan farqli tomonlarini anglab yetish; mamlakatni demokratlashtirish va bozor iqtisodiyotiga o‘tishining inqilobiy va tadrijiy (evolyusion) yo‘llarining yutuq va kamchiliklarini baholay olish; mulkni davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirish va bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o‘tishning mohiyati va bosqichlari; mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash, kuchli ijtimoiy siyosatning mohiyatini anglab yetish, ularni amalda qo‘llay olish ko‘nikmalariga ega bo‘lishi;

-talabalarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyatini anglagan holda o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ulardan samarali tarzda foydalanish; “O‘zbek modeli” asosida erishilgan natijalarni bilish va ularni aholi o‘rtasida targ‘ib etish; Harakatlar strategiyasi vazifalarini amalga oshirish, unga doir islohotlarning mohiyatini o‘zlashtirish, mamlakatda fuqarolik jamiyatini qurish jarayoniga doir o‘z mustaqil munosabatlarini bildira olish qobiliyatini egallash; mamlakatimizning jahon integratsiyasiga kirib borish jarayonlari, bu sohadagi yutuqlarni erkin tahlil qila olish malakalariga ega bo‘lishi ko‘zda tutiladi.

2. Fuqarolik jamiyati fanining qonuniyatlari, tushunchalari va boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlar bilan o‘zaro bog‘liqligi

Barcha fanlar qatori Fuqarolik jamiyati fanining ham o‘ziga hos qonuniyatlari, tushunchalari mavjud. Fuqarolik jamiyatining shakllanishi va rivojlanishi to‘g‘risidagi umume’tirof etilgan qonuniyatlarni 2 guruhga ajratish mumkin.

1-guruh. Fuqarolik jamiyatining shakllanishi va rivojlanishiga doir umume’tirof etilgan qonuniyatlar.

-mulkiy munosabatlarning qaror topishi va rivojlanishi;

-inson haq-huquqlari va erkinliklarining real va amalda ta’minlanishi;

-davlat hokimiyati boshqaruv organlarining nomarkazlashuvi;

-jamiyatning plyuralistik g‘oyalar asosida rivojlanishining ustuvorligi;

-fuqarolarning davlat boshqaruviga oid qarorlarni qabul qilishda ta’siri va mavqeining oshib borishi;

-fuqarolik jamiyati intitutlarining ijtimoiy hayotidagi mavqeining oshib borishi;

-fuqaroviylik va fuqaro faolligining jamiyat hayotiga ta’sirini kuchayib borishi va b.q.

2-guruh. Har bir mamlakatlarning milliy va tarixiy rivojlanishidagi o‘ziga xos jihatlarini xisobga oladigan qonuniyatlar.

-o‘rta mulkdorlar qatlamining shakllanishi;

-o‘z-o‘zini boshqarish institutlarining jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va rolining oshib borishi;

-ijtimoiy himoyaning manzilli tashkil etilishi va amalga oshirilishi;

-ma’naviy yetuklikka erishish imkoniyatlarinning oshirib borishi va yoshlarning bunyodkor kuchga aylanishi va b.q.

Fanning asosiy tushunchalari: fuqaro, fuqarolik jamiyati, davlat, huquqiy davlat, siyosiy institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari, fuqarolarning huquq va erkinligi, inson huquqlari, jamiyatining ijtimoiy tuzilmasi, jamiyatining iqtisodiy asoslari, demokratik institutlar, qonun ustuvorligi, saylov, saylov huquqi, fuqaroviylik, fuqaroviy faollik, yurt tinchligi, vatan ravnaqi daxldorlik hissi, ommaviy axborot vositalarini erkinlashtirish, o‘zini-o‘zi boshqarish, Millatlar va konfessiyalararo totuvlik, bag‘rikenglik jamoatchilik nazorati, davlat organlari faoliyatining ochiqligi, ijtimoiy sheriklik kabilardir.

Fuqarolik jamiyati fanini o‘qitish jarayonida ilmiylik, tarixiylik, mantiqiylik, tizimlilik, qiyosiy tahlil metodlaridan foydalaniladi.

Ilmiylik-fuqarolik jamiyati to‘g‘risidagi g‘oyalar, nazariyalar, zamonaviy konsepsiyalarni tahlil qilish asosida uning metodologik nazariy asoslarini ko‘rsatish.

Tarixiylik-fuqarolik jamiyatining shakllanishining tarixiy bosqichlari, ularning o‘ziga xos xususiyatlarini tahlil qilgan holda jahon tajribasida erishilgan yutuqlardan foydalanish asosida tahlil etish.

Mantiqiylik-fuqarolik jamiyati shakllanishining genezisidan to bugungi holatigacha bo‘lgan jihatlarini (asosiy belgilari, omillari, tamoyillari, funksiyalari) uzviylik asosida tahlil qilish.

Tizimlilik-fuqarolik jamiyatini bir butun tizim sifatida va har bir belgilarning paydo bo‘lishi, rivojlanishi va tizimdagi o‘rni va rolini aniqlash.

Qiyosiy tahlil-fuqarolik jamiyati shakllanish va rivojlanish tajribalarini solishtirish, har bir davlatdagi o‘ziga xos jihatlarini ko‘rsatish.

Fuqarolik jamiyati fani bakalavriat bosqichi o‘quv rejasidagi O‘zbekiston tarixi, Falsafa, Milliy g‘oya, Iqtisodiyot nazariyasi, Dinshunoslik kabi fanlar bilan o‘zaro bog‘liqdir. Bu fanlarda fuqarolik jamiyati shakllanishi va rivojlanishining turli yo‘nalishlaridagi holati, qonuniyatlari, tamoyillari o‘rganiladi. Fuqarolik jamiyati fanning o‘ziga xosligi shundan iboratki, u jamiyatni rivojlanib boruvchi bir butun yaxlit tizim va tizimning tarkibiy qismlari sifatida o‘rganadi. Ijtimoiy fanlarning xulosalari asosida fuqarolik jamiyati fani jamiyat taraqqiyoti qonuniyatlarini umumlashtiruvchi funksiyani bajaradi.

Fuqarolik jamiyati fanining metodologik funksiyasi ijtimoiy fanlarning rivojlanishi ijtimoiy jarayonlarni o‘rganishning umumiy yo‘nalishlarini belgilashda, ishlab chiqilgan me’yorlarning dasturil amal sifatida foydalanishda yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Fuqarolik jamiyati fanining prognostik (bashorat qilish) funksiyasi jamiyatning rivojlanish istiqibollarini oldindan ko‘rishga inson huquqlari va erkinliklarining namoyon bo‘lishida ko‘rinadi. Jamiyatning har bir fuqarosi o‘z kasbi-kori va ixtisosligidan qa’tiy nazar jamiyat rivojlanishi to‘g‘risidagi bilimlari chuqur egallashi orqaligina yon atrofida ro‘y berayotgan voqea hodisalarning kelib chiqish sabablari va oqibatlarini bilishi, ularni boshqarishda bevosita yoki bilvosita ishtirok etish, bunyodkor kuchga aylanishi mumkin.

Ijtimoiy-siyosiy fanlarda “fuqarolik jamiyati” va “davlat” tushunchalari uzoq davrlar bir-biridan unchalik farqlanmay keldi, ular aynan bir mazmundagi tushunchalar sifatida ishlatildi. Biroq, XVII asr o‘rtalaridan boshlab, jamiyatning turli jabhalarini tabaqalashishi, nodavlat o‘zini o‘zi boshqarish unsurlarini shakllanishi, ba’zi fuqarolarning o‘z huquq va erkinliklarini qo‘lga kiritishi, erkin fikrlaydigan va mustaqil individni shakllanishi jarayoni ijtimoiy taraqqiyotning ikki tamoyilini yuzaga keltirdi. Ular endi fan ob’ekti sifatida o‘rganila boshlandi.

Davlatda hokimiyatning uchga bo‘linish prinsipini asoslanishi, siyosiy partiyalar, manfaatlar guruhlari (kasaba uyushmalari, ommaviy axborot vositalari va h.k.) paydo bo‘lishi bilan jamiyat hayoti mazmuni endi faqat davlat hokimiyati bilan cheklanib qolmaslikni taqozo etdi. Jamiyat boshqaruvi dunyosiga yangi ishtirokchi institutlar kirib kela boshladi, ular siyosiy qarorlar qabul qilish, fuqarolik jamiyati strategiyasini ishlab chiqish, shaxs faoliyatining umumiy maqsad va mazmunini shakllantirish jarayoniga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsata boshladi.

Fuqarolik jamiyati tushunchasi absolyutizm rejimi ag‘darilganidan so‘ng shakllangan yangi hayotni, ya’ni fuqarolarning shaxsiy hayotini davlat tazyiqidan xalos etishni aks ettira boshladi. Fuqarolik jamiyati unsurlari davlatning jamiyatdagi nodavlat ijtimoiy tuzilmalaridan ajralishi, nodavlat ijtimoiy munosabatlarning nisbatan mustaqillikka erishishi natijasi o‘laroq paydo bo‘ldi. Fuqarolik jamiyati shakllanishi va rivojlanishi jarayoniga monand ravishda huquqiy davlat shakllana boshladi.

Fuqarolik jamiyati kategoriyasi tarixan insoniyat rivojlanishining shunday bir alohida yo‘nalishini aks ettiradiki, u har bir davrning o‘ziga xos fikrlaydigan mutafakkirining oqilonalik, erkinlik, farovonlik va adolat hukm suruvchi ideal jamiyat modelini yaratishga intilishi bilan tavsiflanadi. Davlat, oila, qabila, millat tushunchalari, diniy va boshqa birliklardan farq qiluvchi fuqarolik jamiyati kategoriyasi, yuqorida qayd etib o‘tganimizdek, XVIII-XIX asrlarga kelib o‘rganila boshlandi.

Yevropa va Shimoliy Amerika mamlakatlarida fuqarolik jamiyatining shakllanishi yangi davrda boshlandi. Olimlar va mutaxassislar fikriga ko‘ra, fuqarolik jamiyatining rivojlanishini uch bosqichga ajratish mumkin. Bunda bir bosqichdan keyingi bosqichga o‘tishda jamiyat va davlat tuzumida yuz bergan katta o‘zgarishlar, ijtimoiy va siyosiy tangliklar, ommaviy harakatlar, ijtimoiy qatlamlar va sinflarning to‘qnashuvlari, jamiyat mafkurasida tub o‘zgarishlarning ro‘y berib turishi an’anaga aylandi.

Birinchi bosqich shartli ravishda XVI-XVII asrlarni o‘z ichiga oladi. Bu davrda fuqarolik jamiyatining iqtisodiy, siyosiy va mafkuraviy asoslari yaratildi. Ular jumlasiga sanoat va savdoning rivojlanishi, ishlab chiqarish turlarining ixtisoslashuvi, mehnat taqsimotining teranlashuvi, tovar-pul munosabatlarining rivojlanishi kiritish mumkin. Shuningdek, yagona markazlashgan davlatlarning tashkil topishi bilan feodal tarqoqlik davrida mavjud bo‘lgan tengsizlik, huquqsizliklarga barham berishga e’tibor berila boshlandi.

Ikkinchi bosqich XVIII asr oxiridan XIX asr oxirigacha davom etdi. Bu davrda eng rivojlangan mamlakatlarda umumiy yuridik tenglik va erkinlik, shuningdek iqtisodiy erkinlik va shaxsiy tashabbusga asoslangan dastlabki kapitalizm ko‘rinishidagi fuqarolik jamiyati shakllandi.

Uchinchi bosqich (XIX asr oxiri va undan keyingi davr) vertikal feodal tuzilmalar o‘rnini erkin odamlarning huquqiy tengligi va o‘zaro bitimlariga asoslangan gorizontal munosabatlar egallagani bilan tavsiflanadi. Insoniyatning ko‘p asrlik tarixida barcha odamlar, ijtimoiy kelib chiqishi va mavqeidan qat’i nazar, jamiyat hayotining huquqiy jihatdan teng ishtirokchilari deb e’tirof etilishi muhim ijtimoiy ahamiyat kasb etdi. Ular har kimga o‘zini erkin xohish-irodaga ega bo‘lgan, o‘z harakatlari va ularning huquqiy oqibatlari uchun o‘zi javob berishga qodir shaxs sifatida namoyon etish imkoniyatini beruvchi qonunlar bilan e’tirof etilgan qator huquqlar va erkinliklarga ega bo‘la boshladi.

Fuqarolik jamiyatining hayotda yuzaga kelishiga Huquqlar haqidagi bill (Angliya, 1689 y.; AQSh, 1791 y.) yoki Inson va fuqaro huquqlari deklaratsiyasi (Fransiya, 1789 y.) kabi inson huquq va erkinliklarini himoyalovchi huquqiy aktlarning qabul qilinishi muhim ahamiyat kasb etdi. Fuqarolik jamiyati – o‘z shaxsi, ijodiy tashabbusini erkin namoyon etuvchi teng huquqli odamlar jamiyati, ortiqcha ta’qiqlar va ortiqcha ma’muriy tartibga solishlardan holi bo‘lgan teng imkoniyatlar jamiyati sifatida shakllandi.

Fuqarolik jamiyatining davlatdan ajralishi aynan ijtimoiy tabaqalar o‘rtasidagi tengsizlikni tugatish va ijtimoiy munosabatlarni davlat tasarrufidan chiqarish jarayoni hosilasi o‘laroq yuz berdi. Bu jarayonga butun aholi nomidan ish ko‘rishga asoslangan vakillik davlat organlarining shakllanishi asos bo‘ldi.

Natijada odamlarning huquqiy o‘zaro tengligi ularga huquq va erkinliklar berish vositasida, ya’ni qonunlarda belgilab qo‘yish yo‘li bilan tan olindi. Tabaqaviy tengsizlik o‘rnini egallagan umumiy huquqiy tenglik shaxsning mutlaqo yangi ijtimoiy holatini belgilab berdi. Endi individlar, ularning ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, erkin hamda ijtimoiy hayotning to‘laqonli ishtirokchilari, deb e’tirof etildi.

3.Fuqarolik jamiyati - taraqqiyotning yuqori bosqichi

“Fuqarolik jamiyati” va “huquqiy davlat” tushunchalari XVIII asrda paydo bo‘lgan. Odamlar hayoti va faoliyatining ikki tomoni: ularning shaxsiy manfaatlari, tashabbusi, ixtiyoriy faoliyati jabhasi va odamlar xulq-atvorlarini davlatning xohish-irodasiga bo‘ysunuvchi xalq hokimiyati jabhasi shu tushunchalarda o‘z ifodasini topdi.

Fuqarolik jamiyati – ochiq ijtimoiy tuzilma. Unda so‘z erkinligi, shu jumladan, tanqid qilish erkinligi, oshkoralik, har xil axborotlar olish erkinligi, har bir hududga erkin kirish va chiqish huquqi, boshqa mamlakatlar bilan keng miqyosda, doimiy asosda axborot, ta’lim texnologiyalari almashinuvi, chet davlatlar va jamoat tashkilotlari bilan madaniy va ilmiy hamkorlik, xalqaro huquq prinsiplari va normalariga muvofiq xalqaro xorijiy birlashmalar faoliyatiga ko‘maklashish ta’minlanadi. U umumiy insonparvarlik tamoyillariga sodiq bo‘lib, dunyo miqyosidagi shunday tuzilmalar bilan o‘zaro aloqa qilish uchun ochiqdir.

Fuqarolik jamiyati – murakkab tarkibli va plyuralistik tizim. Tabiiyki, har qanday ijtimoiy organizm tizimning muayyan xossalari majmuiga ega bo‘ladi, biroq fuqarolik jamiyatiga ularning to‘liqligi, barqarorligi va samaraliligi xosdir. Rang-barang ijtimoiy shakllar va institutlar (kasaba uyushmalari, partiyalar, birlashmalar, tadbirkorlar, klublar va h.k.)ning mavjudligi individlarning turli tuman ehtiyojlari va manfaatlarini ifodalash va ro‘yobga chiqarish, odamzotning barcha qobiliyatlarini namoyon etish imkonini beradi.

Fuqarolik jamiyati – o‘zini o‘zi rivojlantiruvchi va o‘zini o‘zi boshqaruvchi tizim. Individlar har xil tashkilotlarga birlashib, bir-biri bilan rang-barang munosabatlar o‘rnatib, o‘zlarining ba’zan qarama-qarshi, ba’zan umumiy manfaatlarini ro‘yobga chiqarib, jamiyat siyosiy hokimiyati kuchiga ega bo‘lgan davlatning aralashuvisiz uyg‘un va izchil rivojlanishini ta’minlaydi. Fuqarolik jamiyati davlatdan mustaqil ravishda o‘zini o‘zi rivojlantirishning ichki manbalariga egadir.

Fuqarolik jamiyati – huquqiy davlat bilan uyg‘unlikda yashaydi. Bu yerda inson va fuqaroning tabiiy va o‘zlashtirilgan huquqlarini tan olish, ta’minlash va himoya qilish ularni bir-biriga bog‘lovchi omil sifatida amal qiladi.

Fuqarolik jamiyatining asosiy unsuri ayrim shaxs bo‘lsa, fuqarolik jamiyati institutlari, tashkilotlar, guruhlar va hokazolar uni shakllantiruvchi omillardir. Ular shaxsning manfaatlari, maqsadlari, niyatlari va boshqa ehtiyojlarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashadi. Shu sababli iqtisodiy va siyosiy hokimiyatni bir-biridan ajratish - haqiqiy fuqarolik jamiyatining yuzaga kelishi va qaror topishining bosh omili hisoblanadi. Iqtisodiy hokimiyat bilan siyosiy hokimiyat qo‘shilganida muqarrar tarzda iqtisodiy hokimiyatning bir markaz, bir odam yoki shaxslar guruhi qo‘lida jamlanishi yuz beradi. Agar siyosiy va iqtisodiy hokimiyatlar turli markazlar, boshqa-boshqa qo‘llarda jamlansa, ular bir-birini cheklab turadi.

Fuqarolik jamiyati hokimiyatning oqilonaligi va odilonaligi, shaxs erkinligi va farovonligi haqidagi g‘oyalarning huquqiy ustunligi, huquq va qonunning birligi, davlat hokimiyatining turli tarmoqlari faoliyatini huquqiy chegaralash g‘oyalari bilan mushtarakdir.

Huquqiy davlatni fuqarolik jamiyati rivojlanishining natijasi va uning o‘zini o‘zi yanada takomillashtirishi omili, deb hisoblash mumkin. Huquqiy davlatchilikning shakllanish jarayoni, hech shubhasiz, ancha uzoq davr davom etadi. U fuqarolik jamiyati shakllanishi bilan birga takomillashib bordi. Har bir davlatda bo‘lganidek, huquqiy davlat hokimiyatining suverenligi ham mamlakat ichida uning barcha fuqarolarga va ular tashkil etuvchi nodavlat tashkilotlariga nisbatan ustunligida va undan tashqarida davlatning tashqi siyosatni yuritish, boshqa davlatlar bilan munosabatlar o‘rnatishda va mustaqilligida namoyon bo‘ladi.

Yetuk fuqarolik jamiyatisiz huquqiy davlat qurish mumkin emas. Chunki, ongli va erkin fuqarolargina kishilik jamiyatining eng oqilona shakllarini yaratishga qodirdir. Shunday qilib, fuqarolik jamiyati erkin individ va davlat xohish-irodasi o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘in hisoblansa, davlatning vazifasi parchalanish, tartibsizlik, tanglik, tanazzul kabilarga qarshi ish ko‘rish, erkin shaxsning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratib berishdan iboratdir.

Huquqiy davlat – bu shunday bir davlat hokimiyatdirki, u huquq normalariga binoan va ular doirasida ish ko‘radi, bu normalarni buzish, bekor qilish yoki cheklashga jur’at etmaydi, fuqarolar va ularning birlashmalarining uzviy tabiiy-tarixiy huquqlarini e’tirof etadi.

Totalitar davlatda xavfsizlikni ta’minlash huquqiy tartibotni muhofaza qilish, odamlar xulq-atvorini davlat belgilagan huquqiy qoidalarga muvofiqligini ta’minlash faoliyatidan iborat bo‘ladi, davlat hokimiyatiga tatbiqan xavfsizlikni davlat xavfsizligi va fuqarolik jamiyati xavfsizligiga ajratish yuz bermaydi.

Fuqarolik jamiyatining xavfsizligi (jamoat xavfsizligi) quyidagi ko‘rsatkichlar bilan tavsiflanadi:

-ijtimoiy adolat;

-davlat bilan o‘zaro munosabatlarda fuqarolarning va umuman jamiyatning huquqlarini e’tirof etilishi;

- qonuniylik tartibi;

- fuqarolarning iqtisodiy farovonligi;

- demokratik plyuralizm;

- jamiyatning ochiqligi;

- fuqarolik jamiyatining shaklan milliy, mazmunan umuminsoniyligi.

Fuqarolik jamiyatining yuzaga kelishi inson huquqlari va fuqaro huquqlarining farqlanishini belgilab berdi. Inson huquqlarini fuqarolik jamiyati, fuqaro huquqlarini – davlat ta’minlaydi. Ikkala holatda ham shaxs huquqlari to‘g‘rsida so‘z yuritiladi, biroq birinchi holatda ayrim inson sifatidagi shaxsning yashash, erkinlik huquqlari nazarda tutilsa, ikkinchi holatda – uning siyosiy huquqlari nazarda tutiladi.

Inson huquqlari va fuqaro huquqlari o‘rtasidagi farq muayyan asoslarga ega bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:

1)inson huquqlari davlat tomonidan e’tirof etilgani va qonun yo‘li bilan mustahkamlanganidan, ularning egasi - inson u yoki bu davlatga mansubligidan qat’i nazar mavjud bo‘lishi mumkin. Fuqaro huquqlari esa mazkur shaxs qarashli bo‘lgan davlat tomonidan himoya qilinadi;

2)dunyoda hali anchagina odamlar umuman fuqarolik maqomiga ega emas (fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar - apatridlar). Binobarin, ular rasmiy darajada fuqaro huquqlariga emas, balki inson huquqlariga egadirlar. Fuqarolik jamiyatining vazifasi ijtimoiy hayotning rivojlanishini ta’minlashdan iboratdir. Shu sababli, uning asosiy tarkibiy qismlarining vazifalari qatoriga bu jarayon normal kechishi uchun shart-sharoit yaratib beruvchi institutlar faoliyati tashkil etadi.

Fuqarolik jamiyatining asosiy qadriyatlarini oila, mulk, shaxs, erkinlik, huquq, ma’naviyat, tartib, davlatchilik kabilar tashkil etadi. Bunda hammani majburiy tartibda mulkdorlarga aylantirish nazarda tutilmaydi – ularning ko‘pchiligi buni xohlamaydi, biroq bunday imkoniyat har kim uchun saqlanishi lozim. Mulk har doim shaxs va butun jamiyat erkinligining bosh omili sifatida amal qiladi. Mulkka nisbatan hurmat mavjud bo‘lmagan joyda shaxsga nisbatan hurmat ham mavjud bo‘lmaydi.

Fuqarolik jamiyati tuzilmalari “yuqoridan” turib emas, balki “quyidan” - fuqarolarning tashabbusi bilan, ixtiyoriy asosda, tabiiyki, muassislarning manfaatlari, qiziqishlari va moyilliklariga muvofiq tuziladi. Ularning erkinligi davlat tuzilmalariga qaram emaslikda, ichki qoidalar bilan nazarda tutilgan vazifalarni hal qilishga qaratilgan o‘zini o‘zi boshqarish faoliyatida namoyon bo‘ladi.

Fuqarolik jamiyatining asosiy belgilari mavjud bo‘lib ular quyidagilardir:

- erkin individlar uyushmasi;

-o‘zaro hamkorlikka asoslangan ijtimoiy tuzilma;

-murakkab tuzilishga ega bo‘lgan plyuratilstik tizim;

-o‘zini o‘zi rivojlantiradigan va o‘zini o‘zi boshqaradigan nodavlat tuzilmalarning mavjudligi.

Fuqarolik jamiyatining eng muhim omillari:

1) iqtisodiy erkinlik, mulk shakllarining rang-barangligi, bozor munosabatlari;

2) inson va fuqaroning tabiiy huquqlarini so‘zsiz e’tirof etish va himoya qilish;

3) hokimiyatning qonuniyligi va demokratik xususiyati;

4) qonun va odil sud oldida hammaning tengligi, har bir shaxsning yuridik jihatdan ishonchli himoyalanganligi;

5) hokimiyatning uchga bo‘linishi va hokimiyatlarning o‘zaro aloqasi prinsipiga asoslangan huquqiy davlat;

6) siyosiy va mafkuraviy plyuralizm, konstruktiv muxolifatning mavjudligi;

7) so‘z va matbuot erkinligi, ommaviy axborot vositalarining mustaqilligi;

8) fuqarolarning shaxsiy hayotiga davlatning aralashmasligi, ularning o‘zaro majburiyatlari va burchlari;

9) sinfiy va milliy totuvlik, ijtimoiy sherikchilik;

10) odamlarning o‘zlariga munosib turmush darajasini ta’minlovchi samarali ijtimoiy siyosat.

Fuqarolik jamiyati qator tamoyillarga tayangan holda faoliyat ko‘rsatadi. Jumladan:

siyosiy sohada hamma odamlarning huquq va erkinliklarining tengligi;

butun jahon hamjamiyatida yuridik kuchga ega bo‘lgan qonunlar asosida fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlangan huquqiy himoya;

individlarning mulkka ega bo‘lish va halol mehnati uchun adolatli haq olish huquqiga asoslangan iqtisodiy mustaqil ekanligi;

qonun bilan kafolatlangan fuqarolarning manfaatlari, kasbiy belgilari bo‘yicha davlatdan va siyosiy partiyalardan mustaqil ijtimoiy birlashmalarga birlashish imkoniyatlari;

siyosiy partiya va fuqarolik harakatlarini tashkil etishda fuqarolarning erkinligi;

fuqarolarni erkin, madaniyatli, ma’naviy va ijtimoiy faol, jamiyat a’zolarini qonun oldida ma’suliyatli qilib shakllantiradigan fan, madaniyat, ta’lim va tarbiya uchun zaruriy moddiy va boshqa shart-sharoitlarni yaratish;

faqat qonun bilan cheklangan davlat senzurasidan tashqari erkin aoliyat yuritadigan OAV yaratish va faoliyat yuritish erkinligi;

davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi munosabatlarni barqarorlashtiradigan mexanizmning (konsensusning) mavjudligi, hamda fuqarolik jamiyati xavfsizligini davlat organlari tomonidan ta’minlanishi. Bu mexanizm, rasmiy bo‘ladimi, norasmiy bo‘ladimi, u o‘z ichiga qonuniy aktlarni, xalq vakillarini demokratik saylov yo‘li bilan hokimiyatning, o‘z-o‘zini boshqarishning turli organlari kabilar vositasida tayinlash kabilarni oladi.

Iqtisodiy sohada fuqarolik jamiyat asosini ko‘p ukladli iqtisod, mulkning turli shakllari va boshqariladigan bozor munosabatlari tashkil etadi; Huquqiy sohada esa – hokimiyat boshqaruvi vakolatlarini markazda yig‘ilib qolmasligi, hokimiyatlar bo‘linishi, siyosiy plyuralizm, fuqarolarning davlat va jamoat ishlarida ishtirok etishlari, qonun ustivorligi, hammaning ular oldida tengligi; ma’naviy sohada - yagona mafkura va dunyoqarashning yakka hokimligini mavjud emasligi, vijdon erkinligi, madaniylik, yuqori ma’anaviyat va axloq tashkil etadi.

Fuqarolik jamiyati shaxs erkinligisiz yashamaydi. Erkinlik me’yoriy ko‘rinishga ega bo‘lgani uchun, bunday shunday xulosa kelib chiqadiki, bir tomondan inson erkinlikka uning normativ talablariga bo‘ysunish qobiliyati natijasida ega bo‘ladi, boshqa tomondan, shaxs erkinligi borlig‘ining tashqi shakli - bu erkinlikning chegaralarini belgilovchi ijtimoiy me’yorlar mavjudligini anglatadi. Va faqatgina, jamiyat uchun yoki insonning o‘zi uchun eng muhim ahamiyatga ega, eng asosiy hisoblangan sohalardagina davlatning o‘zi erkinlikning o‘lchovini, me’yorini belgilab beradi. Bu esa huquqiy me’yorlar, qonunlar, konstitutsiya yordamida amalga oshiriladi.

Bunda huquq va erkinliklarning o‘zi, jumladan, bir tomondan, konstitutsiyaviyligi, ikkinchi tomondan, fuqarolik jamiyatining rivojlanganlik darajasi bilan, shuningdek uning iqtisodiy, ijtimoiy, ijtimoiy-siyosiy uyushganligining yetukligi darajasi bilan belgilanadi. Boshqa tomondan qaraganda, inson va fuqaroning huquq hamda erkinligining to‘liqligi, ularning kafolatlanganligi darajasi, ularni hayotdagi izchilligi fuqarolik jamiyatining haqiqiy erkinlik va ijtimoiy adolatli jamiyat sifatida muhim tavsiflarini namoyon etadi. Demak, faqat fuqarolik jamiyati sharoitidagina inson va fuqaro huquqlari har tomonlama ro‘yobga chiqadi. Shu tariqa fuqarolik jamiyati qator muhim funksiyalarni bajaradi:

1. Qonun ustuvorligi asosida u insonning va fuqarolarning shaxsiy xayot sohasini davlat va boshqa siyosiy tuzilmalarning asoslanmagan qat’iy muvofiqlashtirishidan himoya qilishni ta’minlaydi.

2. Fuqarolik jamiyati uyushmalari asosida ijtimoiy (jamoatchilik) o‘zini – o‘zi boshqarish mexanizmlari yaratiladi va rivojlantiriladi.

3. Fuqarolik jamiyati davlatning demokratik organlarini, uning barcha siyosiy tizimini shakllanishi va sodda ko‘rinishga keltirishiga ko‘mak beradi; bunda u turli vositalardan foydalanadi: saylov kampaniyalari va referendumlar, norozilik yoki bu yoki u talablarini qo‘llab-quvvatlash aksiyalarida, u yoki bu masaladar bo‘yicha jamiyatni shakllantirishda faol ishtirok etish kabilar.

4. Fuqarolik jamiyatining institutlari va tashkilotlari o‘z e’tiborini insonlarning huquq va erkinliklarini amalda kafolatlashni va davlat va jamoat ishlarida teng ishtirokini ta’minlashga qaratadi.

5. Fuqarolik jamiyati o‘z a’zolariga nisbatan ijtimoiy nazorat funksiyalarini bajaradi: u davlatdan mustaqil ravishda vosita va sanksiyalar berishga ega bo‘lishi mumkinki, ularning yordamida u individlarning jamoa talablariga rioya qilishlariga majburlashi, fuqarolarning ijtimoiylashuvini va tarbiyalanishini ta’minlashi mumkin.

6. Fuqarolik jamiyati kommunikatsiyaviy vazifani bajaradi. Bu jamiyat davlat organlariga fuqarolarning aniq manfaatlari haqida axbortlar berib turadi, bu manfaatlarni amalga oshirish esa faqat davlat organlariga tegishlidir.

7. Fuqarolik jamiyati o‘z institutlari va tashkilotlari vositasida barqarorlashtiruvchilik vazifasini bajaradi. U davlat faoliyatida tang holatlar yuz bergapnida unga yordam beradi, jamiyat hayotini yashashini ta’minlaydigan mustahkam tuzilmalarini yaratadi.

Ma’lumki, Vatanimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng bozor iqtisodiyotiga asoslangan erkin demokratik davlat barpo etish, fuqarolik jamiyatining mustahkam poydevorini shakllantirish bosh strategik maqsad sifatida belgilandi. Shu kabi jamiyatgina O‘zbekiston xalqining munosib turmushini, huquq va erkinliklarini kafolatlashi, milliy an’analar va ma’naviyatimizni qayta tiklashi, shaxs sifatida insonning ma’naviy-axloqiy kamol topishini ta’minlay olishi e’tirof etildi.

Fuqarolik jamiyatini shakllantirishning asosiy mezonlaridan biri -bu uning huquqiy negizini yaratishdan iborat bo‘lganligi bois, birinchi navbatda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolik jamiyatining huquqiy poydevorini o‘rnatishga, uning asosiy qoida va talablarini huquqiy jihatdan mustahkamlovchi huquqiy normalarining o‘z ifodasini topishiga alohida e’tibor berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolik jamiyatining asosiy qoida va talablarini aks ettiruvchi prinsipial ahamiyatga ega bo‘lgan normalar sifatida davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilishi, davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’ul ekanligi (2-modda), xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbai hisoblanishi (7-modda), O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi - hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslanishi (11-modda), O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanishi, hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emasligi (12-modda)5 kabi fuqarolik jamiyatining asosiy prinsiplari yuridik jihatdan mustahkamlangandir.

Mustaqillik davrida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha Konstitutsiyamizda qayd etilgan asosiy prinsiplar va normalar asosida davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish, sud-huquq tizimini isloh etish, axborot sohasini isloh qilish, axborot va so‘z erkinligini ta’minlash, saylov huquqi erkinligini ta’minlash, fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirish va rivojlantirish, demokratik bozor islohotlarini va iqtisodiyotni liberallashtirishni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha tadrijiy islohotlar amalga oshirildi.

O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati asoslariini yaratish va rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni fuqarolik jamiyati shakllanishi va rivojlanishini uch bosqichga bo‘linadi:

Birinchi bosqich o‘z ichiga 1991-2000 yillarni qamrab oladi. Bu davrda, birinchi navbatdafuqarolik jamiyatining asoslari yaratildi.

Ikkinchi bosqich 2000-2010 yillarda mamlakatni demokratlashtirish va modernizatsiyalash bo‘yicha faol jarayonlar davom ettirildi.

Uchinchi bosqich 2011-2016 yillar. Bu davrda fuqarolik jamiyati qurishga doir huquqiy asoslar rivojlantirildi, fuqarolik jamiyatining ijtimoiy tayanchi – o‘rta ijtimoiy qatlam yanada mustahkamlandi.

To‘rtinchi bosqich 2017 yilda boshlanib, fuqarolik jamiyatini shakllantirishning amaliy jihatlarini namoyon bo‘lishi bilan xarakterlanadi. Bu davrda fuqarolik jamiyati qurish g‘oyalari “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” va “O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi”da yanada rivojlantirilib, bu sohadagi tub burilish davrini boshlab berdi. Bu bosqichda fuqarolik jamiyati shiddat bilan rivojlanib, o‘zini har tomonlama namoyon eta boshladi. Bu davrda Prezident Sh.Mirziyoev tomonidan olib borilayotgan islohotlar mazmuni yangi bosqich boshlanganidan dalolat bermoqda.

Hozirgi davrda fuqarolik jamiti tushunchasiga turli xil darajada ta’riflar berilmoqda. Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti tomonidan fuqarolik jamiyatiga quyidagicha ta’rif berilgan: “Fuqarolik jamiyati – bu qonun ustuvorligi qiladigan; inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoyalashnita’minlanadigan, shaxsning rivojlanishi va o‘zligini namoyon qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan; aholinig keng qatlamlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanidigan mustaqil qva barqaror institutlar amal qiladigan ijtimoiy makondir”.

AQShning taniqli olimlari M.Edvards va Dj.Gaventa fikricha, “fuqarolik jamiyati o‘ta ziddiyatli xarakterga egadir. Hozirga qadar uning mohiyatini umumiy tarzda ifodalash shakllanmagan. Ular «fuqarolik jamiyati» tushunchasini keng jihatlarga egaligiga o‘z e’tiborlarini qaratib, bu «jamiyat kengliklarida kishilar o‘zlarining foyda olish yoki siyosiy hokimiyat bilan bog‘liq bo‘lmagan umumiy manfaatlarini himoya qilish uchun birlashadilar». Fuqarolik jamiyatining tashkilotlari - bular mazkur jamiyat kengliklarida harakat qiluvchi barcha guruhlardir: uyushmalar, siyosiy partiyalar, hamjamiyatlar, nohukumat tashkilotlar. Fuqarolik jamiyatining tashkilotlari ba’zan muammolarning yechimlarini izlash, shuningdek, o‘zaro turli tuman ixtiloflarga kirishish asosida faoliyat yuritadilar6.

Fuqarolik jamiyatining shakllanishi va rivojlanishi bo‘yicha qo‘yidagi xulosalar chiqarish mumkin:

-fuqarolik jamiyatining shakillanishi uzoq davom etib kelayotgan murakkab tarixiy jarayondir. Fuqarolik jamiyatining ba’zi bir unsurlari qadimgi Yunoniston va Rimda namoyon bo‘ldi, Yangi davrda esa uning ba’zi shakllanish unsurlari kashf etildi, xozirgi davrda esa uning bir butun tizim sifatidagi tasavvurlar shakllandi;

- fuqarolik jamiyati g‘oyasi insoniyatning antik davrdan buyon davom etib kelayotgan tafakkurlashi mahsulidir. Avestoda, Qadimgi yunon faylasuflari fikrlarida, O‘rta asr Sharq mutafakkirlarining qarashlarida, Uyg‘onish va Reformatsiya davri g‘oyalari va bugun XXI asr jahon xamjamiyati tomonidan umuminsoniy ijtimoiy madaniy qadriyatlar sifatida e’tirof etildi. Ma’lumki, har qanday fan, o‘z mohiyatiga ko‘ra umumbashariydir. Dunyoning barcha xalqlari o‘zining katta-kichikligidan qat’iy nazar fuqarolik jamiyati nazariyasiga o‘zlarining hissalarni qo‘shdi. Shu nuqtai nazardan fuqarolik jamiyatining shakllanishi va rivojlanishi to‘g‘risidagi g‘oyalar qarashlarga bir yoqlama yondashish uni ularni kamsitish mumkin emas;

-fuqarolik jamiyatining xususiyatlari, belgilari, tamoyillari har qanday ijtimoiy tuzimda mavjuddir, biroq ularning rivojlanish darajasi turli xilda bo‘lishi mumkin.

-fuqarolik jamiyatining shakllanish jarayonlari xolati ijtimoiy hayotning va davlat hokimiyati boshqaruvining demokratlashib borishi bilan birgalikda kechadi.

-fuqarolik jamiyatining shakllanishi huquqiy davlatchilikning shakllanish jarayoni bilan uyg‘unlikda takomillashib boradi.

-har bir davlatda fuqarolik jamiyatining shakllanishi va rivojlanishi o‘ziga xos milliy mental xususiyatlarga bog‘liq holda, shaklan milliy modellarda namoyon bo‘lishi mumkin;

-hozirgi davrdagi dunyodagi biron-bir mamlakat fuqarolik jamiyati eng so‘ngi yetuklik bosqichiga erisha olgani yo‘q va uni takomillashtirish uzuluksiz davom etadigan jarayondir.

Nazorat savollari:

1. Fuqarolik jamiyati fanining predmeti va ob’ekti deganda nimani tushunasiz?

2. Fuqarolik jamiyati fanini asosiy vazifalari nimalardan iborat?

3.Fuqarolik jamiyati fanining asosiy tushunchalari mazmuni to‘g‘risida qanday tasavvurlarga egasiz?

4.Fuqarolik jamiyati shakllanishining asosiy bosqichlarini yoritib bering.

5. Fuqarolik jamiyatining asosiy belgilari nimalarda namoyon bo‘ladi?

Test savollari:

Fuqarolik jamiyati fanining predmeti qaysi javobda to‘g‘ri ko‘rsatilgan?

A.Fuqarolik jamiyati ijtimoiy sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni.

V.Davlatning tashqi siyosatini.

S.Fuqarolik jamiyatida inson huquq va erkinliklari himoya qilinadi.

D.Fuqarolik jamiyatining shakllanish va rivojlanish qonuniyatlarini.

O‘zbekistonda “Fuqarolik jamiyati” fanini o‘qitish qachon ta’lim tizimiga kiritildi?

A. 2016 yilda

V. 2000 yilda

S. 2015 yilda

D. 1991 yilda

Fuqarolik jamiyati tushunchasi qaysi javobda to‘g‘ri ko‘rsatilgan?

A. Kishilik jamiyatining asrlar mobaynida shakllangan tafakkur mahsuli bo‘lib inson huquqlari va erkinliklarining holati bilan belgilanadigan ijtimoiy tizimdir.

V. Kishilik jamiyatining asrlar mobaynida shakllangan iqtisodiy faoliyatining mahsuli bo‘lib, davlatning rivojlanish darajasini belgilaydigan munosabatdir.

S. Qadimgi davrdan shakllanib kelayotgan huquqiy munosabatlaridir.

D. Jamiyatning ijtimoiy munosabatlari tizimidir.

Fuqarolik jamiyatining shakllanish bosqichlarini ko‘rsating?

A. IX –XV, XVI-XIX asrlar.

V. IX –XV, XVI-XIX, XX asrdan hozirgi kungach.

S. XV-XVI, XVII-XIX asrlar.

D. XVI-XVII, XVIII-XIX, XX asrdan hozirgi kungacha.

Fuqarolik jamiyati shakllanishi asoslari qaysi javobda to‘g‘riko‘rsatilgan?

A. Huquqiy, ma’naviy.

V. Ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy, huquqiy.

S. Iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy.

D. Iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, ma’naviy.

2-MAVZU. FUQAROLIK JAMIYATI G‘OYALARI EVOLYUSIYASI

REJA:

1.Qadimgi va O‘rta asrlar ijtimoiy fikrlar taraqqiyotida fuqarolik jamiyatiga doir g‘oyalar.



2.Yangi va eng yangi davrda fuqarolik jamiyati to‘g‘risidagi nazariyalar.

3.Fuqarolik jamiyati to‘g‘risidagi zamonaviy konsepsiyalar.

Tayanch so‘zlar: g‘oya, nazariya, konsepsiya, fuqarolik jamiyati, demokratik davlat, adolatli jamiyat,fuqarolik jamiyatining antik, mumtoz va zamonaviy paradigmalari.

1.Qadimgi va O‘rta asrlar ijtimoiy fikrlar taraqqiyotida fuqarolik jamiyatiga doir g‘oyalar

“Fuqarolik jamiyati” tushunchasi – kishilik jamiyatining asrlar mobaynida shakllangan tafakkurlash mahsulidir. Fuqarolik jamiyatining poydevorini yaratish va uni amalda shakllantirish uchun avvalo u haqdagi g‘oyalar genezisini bilishga zarurat tug‘iladi. Bu ularning ijobiy jihatlarini muayyan jamiyatga nisbatan tatbiq etish imkonini beradi.

Insoniyat taraqqiyotining barcha davrlarida fuqarolik jamiyatini qurish eng ezgu g‘oya sifatida yashadi. Unga erishish uchun turli darajadagi nazariy qarashlar ilgari surilgan. Bir guruh olimlar fuqarolik jamiyatini qurish g‘oyasi G‘arb tamadduni mahsuli sifatida amaliyotga tadbiq etilmoqda deb hisoblasa, boshqalari Sharq mamlakatlari mutafakkirlari ijodida bu masalaga oqilona yondashuv uch ming yil ilgari shakllangan, degan qarashni ilgai surmoqda. Albatta, dastlab ijtimoiy taraqqiyotning ma’lum davrlarida Sharq mamlakatlari fozil jamiyatga doir nazariyalarni yaratishda yetakchilik qildi.

Fuqarolik jamiyati va uning tushunchalari dastlab Markaziy Osiyo ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy hayotining yorqin namunasi “Avesto” muqaddas kitobida keltirilgan. “Avesto”ning bosh g‘oyasi “ezgu fikr, ezgu maqsad, ezgu amal” ekanligi har qanday jamiyat va insonlararo munosabatlarning ma’naviy asosi ekanligidan dalolatdir.

Avestoning “Yasna”, “Yasht”, “Vis parad” va “Vendidod” qismlarida oila va jamoada berilgan so‘zdan yoki qasamdan voz kechish, odamlar o‘rtasida tuzilgan ahdnomani buzish katta gunoh ekanligio‘z ifodasini topgan. Xususan, “O Spitama, shartnomani buzuvchi kishi butun mamlakatni buzadi, shu bilan birga Artaga tegishli barcha mulku mollarga putur yetkazadi”. “O Spitama, ahdingni buzma...” g‘oyalari davlatlar siyosiy tizimininghuquqiy asosi, adolat manbai bo‘lib, ular Rim huquqidan ham qadimiyroqdir. Avestodagi fuqarolik jamiyatiga xos bu unsur - erkak va ayolning teng huquqliligi, oilaning barqarorligini ta’minlash g‘oyasi hozirgi davrda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.

Fuqarolik jamiyati konsepsiyasining Yevropacha an’anasi ildizlari antik antik davrdan oziqlanadi. Mazkur an’ananing mazmun-mohiyati nafaqat siyosiy, balki shaxsni ijtimoiy-axloqiy nuqtai nazardan baholash bilan bog‘liq edi. Bunga misol tariqasida Platon, Aristotel, Sitseron kabi mutafakkirlarning qarashlarini keltirish mumkin.

Fuqarolik jamiyati unsurlariga oid antik konseptual ta’limotda jamiyat va davlat fenomenlarining o‘zaro uzviyligi qadimgi yunon falsafasining muhim xususiyatlaridan biri hisoblanadi. Xususan, Platonning (mil. av. 427–347 yy.) “Davlat” asarida fuqarolarning shaxsiy va ijtimoiy hayotini bir-biridan ajratib qarashning o‘zi emas, balki ijtimoiy sohani hozirgidek zamonaviy talqinda, siyosiy faollik sifatida talqin etilgan. Bunda jamiyat hayotining siyosiy jihatlari fuqarolik jamiyati tizimining umumiy tavsifi sifatida talqin etiladi.

Fuqarolik jamiyati unsurlariga doir g‘oyalarning keyingi rivoji Platonning shogirdi Aristotel (mil. av. 384–322 yy.) tomonidan amalga oshirildi.. Ustozi kabi Aristotel ham eng mukammal jamiyat g‘oyasini ishlab chiqishga o‘z diqqat e’tiborini qaratdi. Biroq, uning qarashidagi fuqarolik jamiyati g‘oyalari tarkibi ancha o‘zgacha nazariy jihatlardan tashkil topadi. Uni ko‘proq ijtimoiy transformatsiyalashuv emas, balki ko‘proq davlat tuzilmasidagi (siyosiy) o‘zgarishlar qiziqtiradi. Shu bilan birga, Aristotel o‘zining nazariy ishlanmalarida Platonga xos bo‘lgan davlat haqidagi mavhum g‘oyalarga tayanishni emas, balki voqe’likda mavjud bo‘lgan turli boshqaruv usulllarini solishtirish, ularni qiyosiy tahlil qilishga kirishadi. Natijada uning davlat va jamiyatga taalluqli qarashlari oldingi mutakkirlar qarashlaridan aniqroq va ravshanroq bo‘lganligi ko‘zga tashlanadi.

Platondan farqli o‘laroq, Aristotel jamiyatdagi fuqarolarning xususiy mulkka egalik qilishini e’tirof etadi. Chunki, mulkka egalik inson tabiatiga xos xususiyat bo‘lib,u odamlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning o‘zagini tashkil etadi. Aristotel mulk huquqining fuqarolar farovonligi, davlat va uning boshqaruvining xavfsiz kechishi, qonunchilik hokimiyati faoliyatida fuqarolarning ishtiroki, lavozimlarni egallash jarayonlari va o‘z vazifalarini bajarishlari, ularning sud organlari ishidagi rolini atroflicha sinchiklab o‘rgandi. Huquqni Aristotel adolat mezoni, deb hisobladi va unga ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi va ayni vaqtda ularni muhofaza qiluvchi institut sifatida qaradi. Aristotel fikricha, siyosiy boshqaruv – bu odamlarning emas, balki qonunlarning boshqaruvidir: hattoki, eng yaxshi hukmdorlar ham tuyg‘ular va hissiyotga beriluvchan bo‘ladi, qonun esa “oqilona tafakkur”dir.

Qadimgi rim mutafakkiri Mark Tuliy Sitseron (mil. av. 106-43 yy.) ham jamiyat va davlat (respublika)ni bir-biridan ajratmaydi, ularni birgalikda tahlil etadi. U davlatni umumiy manfaatlar bilan o‘zaro bir-birlariga bog‘langan odamlar majmui sifatida tasavvur qiladi, davlat xalqning umumiy mulki hisoblanadi. Davlat odamlar birgalikda yashashga tabiiy ehtiyoj sezgani tufayli paydo bo‘ladi. Uning fikricha, davlatning vazifasi mulkni muhofaza qilishdan iboratdir. Davlat ayni shu maqsadda tashkil etiladi. Sitseron fikricha, uchta boshqaruv shakli (monarxiya, aristokratiya va demokratiya) unsurlarini o‘zida mujassamlashtirgan aralash davlat eng ideal davlatdir. Faqat shunday davlatda har bir jamiyat a’zosining manfaatlarini qondirish va u davlatni boshqarishda shaxsan ishtirok etishi ta’minlanadi. “Davlatning mustahkamligi va fuqarolarning huquqiy tengligi” bunday davlat tuzumining muhim fazilati deb hisoblaydi. Sitseronning “Davlat haqida” va “Qonunlar haqida” asarlari davlat va huquq muammolariga bag‘ishlandi. Davlat Sitseron talqinida qadimgi yunon mutafakkirlarining konsepsiyalaridagi kabi davlatning barcha erkin a’zolarining umummanfaati ifodasi sifatidagina emas, balki bu a’zolarning o‘zaro bir-birlari bilan kelishilgan huquqiy munosabatlari majmui, muayyan huquqiy tuzilma, “umumiy huquqiy tartibot” sifatida namoyon bo‘ladi.

Sitseron davlat tushunchasiga birinchilardan bo‘lib huquqiy tus beradi, bu ta’limot keyinchalik juda ko‘p mutafakkirlar, shu jumladan “huquqiy davlat” g‘oyasining hozirgi davrdagi tarafdorlari tomonidan ham e’tirof etildi. Sitseron konsepsiyasiga binoan, “fuqarolik jamiyati” g‘oyasi klassik ahamiyat kasb etdi, shu bilan birga, u o‘z navbatida yangi davrda shakllangan nazariy qarashlarga asos bo‘ldi. Ko‘pchlik ekspertlarning fikricha, aynan Sitseronning ijtimoiy-siyosiy ta’limotida “fuqarolik jamiyati” o‘zining tushuncha sifatidagi asoslariga ega bo‘ldi.

Fuqarolik jamiyatini unsurlariga doir g‘oyalar Markaziy Osiyo mutafakkirlari ijodida ham chuqur o‘rganildi. Darhaqiqat, Markaziy Osiyo uyg‘onish davri IX-XV asrlarda davlatni boshqarish va adolatli jamiyat qurish, davlat rahbari va xizmatchilarining faoliyat darajalari tasniflari, ijtimoiy mas’uliyati mezonlarining nazariy jihatlari haqidagi g‘oyalar Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, Yusuf Xos Hojib, Nizomulmulk, Amir Temur, Alisher Navoiy va boshqalar ijodida keng tahlil qilingan.

Xususan, Abu Nasr al-Forobiyning (870–950 yy.) “Fozil odamlar shahri qarashlari” va “Davlat arbobining aforizmlari” asarlarida sharqona siyosiy-huquqiy va ijtimoiy fikr tarixining muhim jihatlari - ijtimoiy tizim, siyosat, davlat va hukumat haqidagi nazariyalar rivojlantirildi. Forobiy fikricha, adolatli jamiyat qurish uchun uni mudofaa qilish va oqilona boshqarish usulini bilish, odamlarga yovuzlikdan saqlanish va ezgulikka intilish yo‘llarini ko‘rsatish lozim. U davlat rahbarining boshqaruv mahorati tufayli umumiy baxtga erishish yo‘li topiladi, deb hisoblaydi. Adolatli davlatni ma’rifatli hukmdor boshqarishi, u ma’naviyatli va adolat yetakchisi bo‘lishi, o‘z fazilatlari bilan o‘ziga qo‘yilgan barcha talablarga javob berishi lozim. Bu borada Forobiy “Fuqarolarning o‘zlaridan saylangan rahbar yoki boshliqlar hokimi mutloq bo‘lmaydi. Ular odamlar ichidan ko‘tarilgan, sinalgan, eng oliyjanob, rahbarlikka loyiq kishilar bo‘ladilar. Shuning uchun bunday rahbarlar o‘z saylovchilarini to‘la ozodlikka chiqaradilar, ularni tashqi dushmandan muhofaza qiladilar”7, deb davlat hokimiyatini jamiyatga bog‘liq hola tahlil etadi, boshqaruv bilan bog‘liq axloqiy va madaniy qadriyatlarni tizimlashtiradi

Sharq uyg‘onish davrining allomasi Abu Rayhon Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Hindiston” va boshqa asarlarida adolatli jamiyat va uning amal qilishi asoslarini shakllantirish haqidagi g‘oyalarni ilgari surdi. Uning fikricha, jamiyatning paydo bo‘lishiga odamlarning o‘zaro hamkorligi, birga yashashga ehtiyoji va intilishlari sabab bo‘ladi. Adolatli jamiyatni qurish axloqiy qadriyatlarga tayanishi va shu asosda rivojlantirilishi lozim.. Davlat rahbarining asosiy vazifasi aholining turli qatlamlari, kuchlilar va kuchsizlar o‘rtasidagi siyosiy va huquqiy adolat mezonlarini o‘rnatishdadir. Uuning fikricha, bu holatga ideal ijtimoiy tuzilmani qurish orqali erishiladi.

Abu Ali ibn Sino (980–1037 yy.) fikricha ijtimoiy munosabatlar odamlar o‘rtasidagi tafovut va tengliksizlik natijasidir. Hususan, Ibn Sino “iqtisodiy va ijtimoiy hamda shaxsiy xususiyatlarga ko‘ra tengliksizlik – inson ijtimoiy faolligi sababi hisoblanadi” deb ta’kidlaydi. Ideal davlat qurish esa jamiyat a’zolarining ma’naviy-axloqiy ravnaqi bilan bog‘liqdir. Uning fikricha, ma’naviy axloqiy qadriyatlarning yuksak qadrlanishi nafaqat har tomonlama farovonlikni, balki jamiyatda adolat va barqarorlikni ham ta’minlaydi.

Bu davrda Sharqda ijtimoiy adolat, ma’rifat va tenglik nafaqat nazariy me’yor, balki amaliy hayot me’yori, ijtimoiy-siyosiy muammolar yechimini topish va jamoa bo‘lib yashashning asosi sifatida tushunildi, fozil jamiyatni (fuqarolik jamiyatining ilk loyihasini) shakllantirishning ma’rifatli yo‘li tanlangan bo‘lsa, Yevropa ijtimoiy-siyosiy tafakkurida esa xristianlik dogmatikasi hukmronlik qilib, jamiyatni diniy va dunyoviy manfaatlar o‘rtasida kurashlar tufayli “diniy” ta’limot asosida namoyon bo‘ldi.

Mutafakkir Yusuf Xos Hojib o‘zining “Qutadg‘u bilig” dostonida davlatni boshqarish amallari, qoidalari va siyosiy-axloqiy munosabatlarni jamiyatda qaror toptirishga e’tibor qaratdi8. U davlat boshqaruvi va xizmatini tashkil etish turlarini hamda uning turli darajalarga muvofiq sifatlarini tasniflaydi. Jumladan, “Shohlikka da’vogarlar onadan ajib bir iste’dod bilan tug‘iladilar va ular darhol yaxshi-yomonni ajratish fitratiga ega bo‘ladilar. Bundaylarga Xudo idrok, farosat va yumshoq bir ko‘ngil ato etadi, qolaversa yaxshi ish yuritish uquvi bilan ham siylaydi»9 deb ta’kidlaydi.

Adolatli davlat boshqaruvi, uning mukammal nazariy asoslarini yaratish borasida ulkan ilmiy meros qoldirgan o‘rta asrlar mutafakkiri, davlat arbobi Nizomulmulkning “Siyosatnoma” asari muhim manba hisoblanadi. U mansabdorlarni axloqiy fazilatlariga qarab tanlash, adolat va insofni oyoq osti qiladigan kishilarni davlat ishlariga aralashtirmaslikni, davlatni boshqarishni kengash bilan olib borish, boshqaruv faoliyatlarini muntazam nazorat qilish, itoat, ijro va uning sifati to‘g‘risidagi qarashlari hozirgi davrda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Ayniqsa, Nizomulmulkning “ko‘pchilik bo‘lib qabul qilingan tadbir eng savobli bo‘ladi va shunday yo‘l tutish kerak”10 degan fikri ajdodlarimizning davlat qurilishining adolatli tartibotlariga katta e’tibor berganligidan dalolatdir.

Ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotning ma’naviy asoslarini o‘rganishda O‘rta Osiyoda vujudga kelgan tasavvufchilik oqimining ahamiyati ham alohida muhim o‘rin tutadi. Tasavvuf garchi islom bag‘rida ildiz otib, Qur’on va Hadislar hikmatidan oziqlangan, ko‘p hollarda shariat ahkomiga suyangan bo‘lsada, u rasmiy diniy aqidaparastlik va mutaassiblikka hamda hokim tabaqalarning ayshu-ishratlarga g‘arb bo‘lgan turmush tarzi, talonchilik va manfaatparastlikka zid o‘laroq, mehnatkash xalq noroziligini ifodaladi. Tasavvuf ta’limoti asosida adolat, haqiqat, to‘g‘rilik, mehr-shafqat, insof, iymon, e’tiqod, ilm, mehnatsevarlik, vatanparvarlik kabi umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ibot qiluvchi futuvvatga asoslangan bir qancha diniy, siyosiy oqimlar paydo bo‘ldi. Ular jamiyatning axloqsiz unsurlariga g‘oyaviy kuch sifatida qarshi qo‘yildi.

Ijtimoiy-siyosiy tafakkur rivoji va huquqiy davlat va adolatli jamiyatining asosiy sharti – qonun ustuvorligi tamoyilini amaliyotda qo‘llash tajribasini Sharqning buyuk davlat arbobi va sarkardasi Amir Temur (1336–1405 yy.) boy ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy merosi misolida ko‘rish mumkin. Uning tuzuklarida davlat tizimi, uni idora qilish uslublari va vositalari, undagi turli lavozim-vazifalar darajasi, tabaqalarning toifalanishi, harbiy qo‘shinlarning tashkil etilishi, jang olib borish mahoratlari, davlat xizmatchilari rag‘batini tashkil etish omillari, adolatli soliq turlarining joriy etilishi, mamlakatni obodonlashtirish tadbirlari milliy davlatchilikning yuksak madaniy va huquqiy darajada shakllantirishga erishganligidan dalolat beradi. “Har mamlakatning yaxshi kishilariga men ham yaxshilik qildim, nafsi yomonlar, buzuqlar va axloqsiz odamlarni mamlakatiimdan quvib chiqardim. Pastkash va razil odamlarga o‘zlariga loyiq ishlar topshirdim hamda hadlaridan oshishlariga yo‘l qo‘ymadim. Ulug‘larini va sharaf-e’tiborli kishilarni hurmatlab, martabalarini oshirdim. Har mamlakatda adolat eshigini ochdim, zulmu sitam yo‘lini to‘sdim»11.

Ma’lumki, fuqarolik jamiyatining unsurlaridan biri – bu jamiyat hayotiyligini va samaradorligini ta’minlovchi kuch - qonun ustuvorligidir. Shu jihatdan, Sohibqiron Amir Temurning quyidagi so‘zlari hozirgi zamon bilan hamnafasdir: “Tajriba, - deb yozadi u, menga shuni ko‘rsatdiki, din va qonunga tayanmagan hukumat, o‘zining buyuk qudratini uzoq vaqt saqlab tura olmaydi. Uni har qanday yovuz kishi kirishi mumkin bo‘lgan na tomi, na eshigi, na panjaralari bor uyga o‘xshatish mumkin. Shuning uchun men o‘z saltanatimni islom arkonlari va boshqaruvda o‘zim qat’iy amal qiluvchi qonunlar asosida qurdim”12.

Shu nuqtai nazardan, muvafaqiyatli boshqaruv qonuniyatiga ko‘ra, Amir Temur rahbarning adolatga tayanib ish ko‘rishini talab etgan. Uning fikricha, “Rahbar uchun barcha ishlarda adolatga amal qilishi kerak: u sotilmaydigan va fazilat egasi bo‘lgan odamni vazirlikka tayinlashi lozim, chunki adolatli vazirning o‘zi mahdud-rahbar qilgan adolatsizliklarni to‘g‘rilashi mumkin, ammo vazirning o‘zi shunday bo‘lsa, halokat yaqindir”13. Sohibqiron fikricha, davlat boshqaruvida yana bir muhim qonuniyat – qonun ustuvorligidir: “Qat’iy tartib va qonunlarga amal qilishim baxt-saodatim kaliti bo‘ldi”. U asosiy qonunlar sifatida diniy ahkomlarni va ular asosida yozilgan fikrlarni bildi. Ko‘rinib turibdiki, Amir Temur adolatli va fozil boshqaruvga asoslangan jamiyat qurishga muhim e’tibor bergan.

Komil insonlar yashaydigan jamiyat haqidagi g‘oyalar Alisher Navoiyning (1441–1501 yy.) siyosiy va adabiy faoliyati asosi bo‘ldi. Navoiy ideal ijtimoiy-iqtisodiy tuzum haqidagi qarashlarini o‘zining “Saddi Iskandariy”, “Mahbub ul-qulub”, “Payg‘ambarlar va donolar tarixi” va boshqa asarlarida alqin etdi. Ijtimoiy-iqtisodiy tuzum muammolari faqat adolatli hukmdor boshqarayotgan va qonun ustuvor bo‘lgan mamlakatda o‘z yechimini topishi mumkin. Shunday qilib, A.Navoiyfikricha, adolat va qonun ijtimoiy taraqqiyotning asosi hisoblanadi. Uning konsepiyasida hukmdor shaxsi alohida ahamiyat kasb etadi. Fazilatli va ideal shaxs haqida mulohaza yuritar ekan, Navoiy o‘ziga xos insonparvarlik nazariyasini yaratdi. Bu nazariyada mutafakkir, bir tomondan, hukumdor va bog‘bonni, boshqa tomondan, davlat va bog‘ni bir-biriga solishtiradi. Unga ko‘ra, agar bog‘bon aqlli va mehnatsevar bo‘lsa, uning bog‘i gullab-yashnaydi. Huddi shu tariqa, agar mamlakatning aqlli, dono, adolatli, xalqi uchun qayg‘uradigan va uni sevadigan hukmdori bo‘lsa, u rivojlanadi va farovonlashadi.

Navoiy nazariyotchi va amaliyotchi sifatida davlat siyosatining adolatli asoslari va uning ma’naviy mezonlarini rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi. Ayniqsa, uning adolatsizlik va zulm davlatni tanazzulga, jamiyatni jaholatga olib kelishi to‘g‘risidagi qarashlari g‘oyatda ahamiyatlidir: “...davlat ishi bilan mashg‘ul bo‘lgan mansabdorlik chog‘larimda ko‘ngil mulkini turli odamlarning hujumi bulg‘aladi. Goh amirlik o‘rnida o‘tirdim va hukumat mahkamasida xalqning arz-dodini so‘rdim va goh podshoh yonida vazirlik qildim va menga umidvor nazar bilan qarab turgan elga muruvvat ko‘rsatdim”14 deb yozadi. Adolatli jamiyat shakllanishining asosiy omili sifatida Navoiy insoniy fazilatlar - adolatlilik, rahmdillik, mehnatsevarlik, rostgo‘ylik, vatanparvarlik, vijdonlilik, insonparvarlik va jasoratni kabilarni namuna sifatida keltiradi.

Antik davr va o‘rta asr Sharq allomalarining fuqarolik jamiyatigi oid konseptual-nazpriy merosi va nazariy ishlanmalari hozirgi davrga qadar o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Ular qoldirgan ilmiy meros fuqarolik jamiyati tamoyillarining rivojlanishi, insoniy birlik sifatida jamiyat tarixiy taraqqiyotining muhim omillari sifatida hozirgi fuqarolik jamiyati qurish g‘oyalarini to‘ldirmoqda.

2.Yangi va eng yangi davrda fuqarolik jamiyati to‘g‘risidagi nazariyalar

Fuqarolik jamiyatining dastlabki turli tarixiy qiyofalarining ifodasi Yevropa va O‘rta yer dengizi an’analari asosida Uyg‘onish davridagi Italiya shahar-davlatlarida namoyon bo‘ldi.. Bunda fuqarolik jamiyati shahar boshqaruvi tizimi doirasidagi, muayyan shahar hududidagi ijtimoiy munosabatlarning tizimi sifatida ifodalanadi.

Yevropa jamiyatshunos olimlari fuqarolik jamiyatining yana bir tarixiy ildizini - olmon madaniy doirasi ta’siridagi kontinental-yevropa an’analariga bog‘laydi. Ular erkin fuqaroning paydo bo‘lishi, birinchilardan bo‘lib o‘zaro birlashgan hunarmandlar va savdogarlar gildiyasi – o‘zlarini feodallardan himoyalovchi va shaharlar boshqaruviga ham ta’sir qilish kuchiga ega bo‘lgan dastlabki assotsiatsiyalar tashkil topishi sabab bo‘lgan, deb hisoblaydi.

Fuqarolik jamiyatining yana bir ildizi yoki uning zamonaviy tushunchasini shakllanishida liberal ingliz-amerikan an’analari muhim ahamiyat kasb etdi. Olimlar unga nisbatan turlicha fikr bildiradi. Masalan, fuqarolik jamiyati tabiiy huquq va erkinlik asosida mulkka egalik qilish bilan bog‘likligiga doir g‘oyani Jon Lokk, modernizatsiya va o‘z-o‘zini boshqarishni fuqarolik jamiyatining muhim tarkibiy qismi sifatidagi g‘oyani Adam Smit, minimal davlat konsepsiyasini A.Fergyuson, fuqarolik jamiyati va zaruriy yovuzlik sifatidagi davlatning o‘ta chegaralangan roli haqidagi g‘oyani Tomas Peyn, amerikacha demokratiya tahlili g‘oyasini Aleksis de Tokvil, davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni belgilab bergan va fuqarolik jamiyatini davlatdan mustaqil bo‘lishi kerakligi g‘oyasini ilgari surgan Jon Styuart Mill kabi olimlarni misol tariqasida ko‘rsatish mumkin.

Fuqarolik jamiyati g‘oyasiga turlicha tarixiy va metodologik yondashuvlar va sharhlarni butunlay inkor etmagan holda, yangi davrda fuqarolik jamiyatini nazariy konseptuallashuvi jarayoniga katta hissa qo‘shgan, Uyg‘onish davrining mashhur olimlardan biri Nikkolo Makiavelli (1469–1527 y.) pragmatik va tajribaviy ijtimoiy fanga asos soldi. Fuqarolik jamiyati Makiavelli uchun sinfiy, partiyaviy qarama-qarshi qiziqishlar majmuidir. Unga ko‘ra, fuqarolik jamiyati xalqdan axloqiy asoslarni – ezgulik va fazilatni, ijtimoiy manfaatdorlikni, shuningdek respublika tuzilmasi manfaatlari oldida burchni his qilishni va jasoratli bo‘lishni talab qiladi. Boshqacha qilib aytganda, u erkin individlar uchun munosib birlashmadir. Davlatni himoya qilish uchun hukmdor qo‘lidagi barcha vositalarni ishga solishi kerak bo‘ladi: yolg‘on, shafqatsizlik, hattoki urush ham bundan mustasno emas. Davlat manfaatlari unda birlamchi ahamiyatni kasb etadi. Makiavelli davlatning mutlaqo mustaqilligini talab qilgan. U cherkovga qarama-qarshi g‘oya – davlatning dunyoviyligi tarafdori bo‘lgan. Makiavelli davlat boshqaruvining o‘ziga xos siyosiy mahorat ko‘rsatish uslubi maktabini yaratdi Unga muvofiq davlat hech qanday ahloqiy normalar bilan hisoblashmay, “maqsad har qanday vositani oqlaydi” degan tamoyili asosida axloqiy qadriyatlardan chekinishini oqlab chiqdi..

Lekin, Makiavellining bu salbiy jihatlari fuqarolik jamiyati va davlat masalalarini rivojlanish kun tartibiga qo‘yganligi bilan yuvilib ketdi. Uning g‘oyalari ortidan qator faylasuflar fuqarolik jamiyati konsepsiyasini yanada boyitishga harakat qildi. Xususan, “So‘z erkinligi haqida” (Djon Milton), “Leviafan” (Tomas Gobbs), “Davlat boshqaruvi haqida ikki traktat” (Jon Lokk), “Qonunlar ruhi haqida” (Monteske), “Ijtimoiy kelishuv haqida” (Jan-Jak Russo), “Ilohiy-siyosiy traktat” (Benedikt Spinoza), “Fuqarolik jamiyati tarixi haqida xatlar” (Anri Fergyuson) kabi asarlarda fuqarolik jamiyati nazariyalari shakllandi. Mazkur asarlar u yoki bu darajada inson hayotining o‘ziga xos shakli sifatidagi fuqarolik jamiyati muammollarini ilgari surishi bilan birga shaxs va davlat o‘zaro munosabatlari, fuqarolik jamiyatining asosiy sub’ekti bo‘lgan fuqaroning butun salohiyatini yuzaga chiqarish uchun zarur bo‘lgan yangi sababiyatlar dalillar sifatida ochib berildi.

Yangi davrning eng muhim siyosiy hodisalaridan biri - bu “fuqarolik jamiyati” g‘oyasi o‘z tadriji davomida bir qancha konsepsiya va talqinlarni vujudga keltirdi. Biroq, u ko‘pincha “davlat” hodisasiga nisbatan qarama-qarshi qo‘yildi. Fuqarolik jamiyatining liberal talqinlari T.Gobbs, J.Lokk va Sh.Monteske asarlarida namoyon bo‘ldi. Ular fuqarolik jamiyati tushunchasi sifatida insoniyatning tarixiy taraqqiyotini aks ettirishga, insonning ibtidoiy usullardan taraqqiy topgan turmush tarziga o‘tishini ifodaladi. Inson davlat va tamaddundan bexabar “yovvoyi”, “tabiiy” holatda uzluksiz urushlar hamda o‘zaro dushmanlik holatida rivojlanib boradi. Bunda tartib-intizom va fuqarolik munosabatlarini ifodalagan rivojlangan jamiyat bilan tabiiy holatdagi sodda (yoki qaysidir ma’noda johil) jamiyatlar bir-birlariga qarama-qarshi qo‘yiladi.

Tabiat va insonning jilovlanmagan tabiiy ehtiroslari emas, balki komillik, ya’ni insonning ongli ravishda jamoaviy hayot kechirishga qodirligi jamiyat va inson hayotining tabiiy ibtidosi hisoblanadi. Fuqarolik jamiyati insonning oziq-ovqat, ust-bosh, boshpanaga bo‘lgan asosiy ehtiyojlarini qondirish sharoiti sifatida qabul qilinadi. Insonning kundalik ehtiyojlari qondiriladigan turli (iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy) sohalarning bir-biridan ajralishi va erkinlashuvi jarayoni fuqarolik jamiyati paydo bo‘lishiga olib keladi. Ma’lumki, insoniyat rivojlanishining ilk davrida kichik guruhlardan iborat qabilalar (uyushmalar) paydo bo‘lib, ular birgalikda oziq-ovqet topish, uy qurish, dushmanlardan himoyalanish, yovvoyi hayvonlardan, tabiiy ofatlardan saqlanish maqsadida birlashadi. Ushbu uyushmalar oila, urug‘, qabila doirasida tashkil topgan bo‘lib, ularni bir butun yaxlit holdagi manfaat, ya’ni tabiatning tirik bir bo‘lagi sifatida yashab qolish zaruriyati asosida birlashadi.

Ijtimoiy ishlab chiqarish va mehnat taqsimotining yuksalishi natijasida insonlarning uyushmasi miqdoriy jihatdan o‘sib boradi, ular funksional jihatdan rang-baranglashadi va barqarorlashadi. Umumiy manfaat jamiyat a’zolarini bog‘lab turuvchi qudratli kuchga aylanadi. Shunga qaramasdan, jamiyatning barcha a’zolari fuqarolik jamiyatini ifoda etgan uyushmalarga a’zo bo‘lishlari shart bo‘lmagan, ya’ni, mustaqil holda yashash imkoniyati ham mavjud bo‘ladi. Xususiy mulk va sinflarining paydo bo‘lishi bilan jamiyatda tabaqalanish yuz berib, umumiy manfaatlar xususiy, va guruhiy manfaatlarga ajrala boshlaydi.

Ingliz ma’rifatchisi va faylasufi Jon Lokk (1632-1704 yy.) haqli ravishda huquqiy davlatning atoqli mafkurachilaridan biri hisoblanadi. U o‘z g‘oyalarini “Davlatni boshqarish haqida ikki traktat” asarida bayon etdi. Uning ta’limotida odamlarning tabiiy holati, fuqarolik jamiyatining shakllanishi va davlatning tashkil topishi muammolari aniqlashtirildi. Lokk huquqiy davlatning bosh unsuri bo‘lgan hokimiyatning uchga bo‘linishi nazariyasining asoschisi hisoblanadi.

Lokkning xususiy mulk nazariyasi mehnat bilan uzviy bog‘liqdir. U odamlar asosan o‘z mol-mulkidan tinch va xavfsiz foydalanish maqsadida jamiyatga qo‘shiladi. Bunda mazkur jamiyatda qabul qilingan qonunlar ularning asosiy quroli va vositasi bo‘lib xizmat qiladi, deb hisoblaydi. Fuqarolik jamiyatiga birlashish – bu qulay, tinch va farovon hayot kechirish, o‘z mol-mulkidan xotirjam tarzda foydalanish va o‘zini mazkur jamiyat a’zosi bo‘lmagan odamlarga qaraganda xavfsizroq his qilish uchun boshqalar bilan kelishish demakdir. Liberalizm asoschisi Jon Lokk birinchi bo‘lib shaxsni jamiyat va davlatdan, erkinlikni – boshqa qadriyatlardan ustun qo‘ydi. U erkinlikni u davlatning aralashuvidan xoli holat sifatida tushundi.

Lokk o‘zining “Fuqarolik boshqaruvi haqidagi ikkinchi traktat” deb nomlangan asarida har qanday odam uchun tabiiy (ya’ni sodda, johil, ibtidoiy - muallif izohi) holatni inkor etgan holda fuqarolik jamiyati talablari darajasiga yetish uchun yagona yo‘l – bu boshqalar bilan kelishgan holda ijtimoiy birlikka qo‘shilish yoki birlashishdan iborat ekanligi g‘oyasini ilgari suradi15.

Fuqarolik jamiyati tushunchasining liberal talqini, yuqorida aytib o‘tganimizdek, Tomas Gobbs va Jon Lokk davrida yaratilgan. Ular “fuqarolik jamiyati» tushunchasini kishilik jamiyatining tarixiy rivojlanishi, insonning tabiiy mavjudlikdan ma’rifatli hayot tarziga o‘tishini aks ettirishni ifodalaydigan tushuncha sifatida ilmiy muomalaga olib kirdi.

Tomas Gobbs ijtimoiy holatga davlat mavjud bo‘lgan holda erishish mumkin deb hisobladi. U davlat bo‘lmagan joyda urush, qo‘rquv, qashshoqlik, yolg‘izlik, yovvoyilik, jaholat bo‘lishini, davlat hukm surgan joyda oqilonalik, xavfsizlik, boylik, tartib, bilim va olijanoblik hukm surishini dalillar bilan isbotlab beradi.

Tomas Gobbs antik davr mutafakkirlariga (Platon, Aristotelga) ergashib, jamiyat va davlat tushunchalarini bir-biriga tenglashtiradi. U davlat, fuqarolik jamiyati va fuqaroviy shaxs tushunchalari o‘rtasiga tenglik belgisini qo‘yadi. Biroq, ayni vaqtda, u agar davlat fuqarolardan iborat bo‘ladi deyilsa, bu har qanday fuqaro ham davlat hisoblanishini anglatmasligini qayd etadi. Muayyan xo‘jalik, savdo va tijorat ishlarini olib borish uchun a’zolari hamjamiyat (ya’ni, davlat) xohish-irodasiga to‘la bo‘ysunmagan birlashmalar, kompaniyalar, ya’ni “fuqaroviy shaxslar” tashkil etilishi mumkin. Ayni vaqtda, bunday fuqaroviy shaxslar (yoki shirkatlar) faqat qonunlarga bo‘ysunadi. Mazkur mantiqiy holatni “fuqarolik jamiyati” tushunchasiga nisbatan ham tatbiq etish mumkin.

Fransuz mutafakkiri J.-J.Russo qarashlarining asosida ijtimoiy shartnoma nazariyasi yotgan bo‘lib, unda inson, jamiyat va davlat munosabatlari atroflicha tahlil etiladi. Russo o‘z davrida ro‘y bergan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jarayonlarni tahlil qilar ekan, kishilar o‘z salohiyatlarini birlashtirgan holda hukmron sinfga qarshi tura olishlari mumkinligini, ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish mumkinligiga alohida urg‘u beradi.

Uning fikricha, kishilar tabiiy holatda yashab qolishlariga qarshi ta’sir kuchli bo‘lganligi tufayli ular o‘z hayot tarzlarini o‘zgartirishga majburdirlar. Ular yangi kuchni vujudga keltira olmas ekan, faqatgina mavjud kuchni birlashtirish va yo‘naltirish bilan o‘zlarini saqlab qolish, boshqalar bilan birlashgan holda umummanfaat yo‘lida harakat qilishi mumkin bo‘lgan kuchlar birligini hosil qilishlari mumkin.

Ayni vaqtda, Russo bunday birlashgan kuchni hosil qilish uchun o‘z foydasidan jamoa manfaati yo‘lida voz kechgan insonning eng asosiy boyligi bo‘lgan erkinlikni qanday saqlab qolishi haqida ham bosh qotiradi. Bunga javob topar ekan, “uyushmaning shunday shaklini topish kerakki, unda mujassaam bo‘lgan qudrat uyushma a’zolarining shaxsi va mulkini himoyalashi va asrashi, shu tufayli barcha bilan birlashgan har bir kishi ko‘pchilikka bo‘ysunadi va ayni vaqtda, ilgarigidek erkin bo‘lib qolaveradi. Ijtimoiy shartnoma bajaradigan asossiy vazifa ana shudir”, deya o‘z fikrini yakunlaydi16.

Russoning g‘oyalari ijtimoiy shartnoma natijasida ijtimoiy birlik qay tarzda shakllanishiga qaratildi. “Agar har birimiz o‘z shaxsiyatimiz va bor kuchimizni umumjamoa va uning oliy irodasiga topshirar ekanmiz, natijada barchamiz uchun har birimiz yagona butunlikning ajralmas qismiga aylanamiz”17.

Fuqarolik jamiyatini chuqur talqin etgan mashhur olimlardan biri Sh.L. de Monteskedir (1689-1755 yy.). Uning asosiy g‘oyalaridan biri -hokimiyatning uchga bo‘linishi prinsipidir. U o‘zining “Qonunlar ruhi” nomli asarida davlatni fuqarolik jamiyati sharoitida fuqarolarning o‘zaro adovatlarini bartaraf etishga qaratilgan jamaotchilik kelishuvining natijasi sifatida ko‘rib chiqadi. U ushbu ikki tushunchaga aniqlik kiritadi va ularning har ikkisining o‘ziga xos qonunlari (fuqarolik va davlat) bo‘lib, o‘zining ta’sir doirasiga egadir. Demak, fuqarolik jamiyati fuqarolarning o‘zaro munosabatlarini boshqarsa (shu bilan birga xususiy mulkka egalik qilishni), davlat esa insonlarning siyosiy huquqlari va erkinligini ta’minlaydi. Bu borada u o‘zining yuqorida qayd etilgan asarida quyidagilarni yozadi: “Fuqaro uchun erkinlik o‘z xavfsizligi borasida ishonchga asoslangan ruhiy xotirjamlikdir. Bunday xotirjamlikka erishish uchun shunday boshqaruv bo‘lishi kerakki, bu holatda bir fuqaro boshqa fuqarodan qo‘rqmasin18. Fuqarolik jamiyati sharoitida qonunlarning hayotda amal qilishiga urg‘u bergan olim “men biror mamlakatga borsam, u yerda yaxshi qonunlar mavjudligi bilan emas, balki qonunlarga qanday itoat etilayotganligi bilan qiziqaman...”, deb yozgan edi19.

Davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi munosabatlar shartnoma asosiga quriladi. O‘z mohiyatiga ko‘ra bu munosabatlar taraqqiy topgan, negaki, davlat va fuqarolik jamiyati birgalikda, individlarning hayot-faoliyatini ta’minlash va insonning asosiy ehtiyojlarini qondirish uchun shart-sharoit yaratadi. Davlat insonlarning asosiy huquqlarini himoyalaydi, hokimiyat yordamida tabiiy dushmanlikni chegaralaydi, o‘z yaqinlari va qondoshlari hayotiga nisbatan bo‘ladigan tahdidlarni, o‘z moddiy boyligidan xavotirlikni bartaraf etadi; fuqarolik jamiyati bo‘lsa hokimiyatni jilovlab turadi.

Fuqarolik jamiyati to‘g‘risidagi A.Fergyussonning qarashlari ham juda muhimligi bilan ajralib turadi. Ko‘pchilik olimlar fikricha, “fuqarolik jamiyati” tushunchasini dastlab A.Fergyusson qo‘llagan. Unga ko‘ra “shaxslarning baxti fuqarolik jamiyatining asosiy maqsadidir: a’zolarining har biri baxtsiz bo‘lgan jamiyat qanday farovonlikka erisha oladi?”20. Jamiyatning baxtini diniy nuqtai nazardan talqin etishda uning diniy tahsil olganligi ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Uning fuqarolik jamiyati borasidagi asosiy qarashlari 1767 yilda yozilgan “Fuqarolik jamiyatining tarixiy tajribasi” deb nomlangan asarida mujassamlashgan bo‘lib, unda o‘sha vaqtda shakllangan jamiyat - ya’ni tijoriy munosabatlarga asoslangan jamiyat axloqiy nuqtai nazardan tanqid qilindi21.

Fergyusson fikricha, insonning jamoa bo‘lib yashashga bo‘lgan azaliy moyilligi uning qo‘pol yoki sodda holatdan chiqib, tamadduniy rivojlanganligini namoyon etadi. Ayni vaqtda, bu taraqqiyot insonning axloqiy xususiyatlari takomiliga mos kelmaydi, bu yerda ijtimoiy jarayonda o‘ziga xos tarzda orqaga chekinish kuzatiladi. Tamadduniy jarayon ijtimoiy munosabatlar va institutlarni qoliplashtirish, millatlarning boyligini ko‘paytirish bilan odamlarni jamiyatdan ajralishiga imkon yaratadi, ular fuqarolik hissini yo‘qotishadi. Bunday teskari harakat korrupsiyaga olib keladi.

Fegryusson o‘z ta’limotida insonning axloqiy qarashlarini birinchi o‘ringa olib chiqadi. U J.-J.Russoning tabiiy holat borasidagi fikrlariga qarshi chiqar ekan, insonning jamiyat ichida tug‘ilishi va jamiyat ichida qolishi to‘g‘risidagi Sh.Monteske fikriga to‘liq qo‘shiladi. U insondagi xudbinlikni qoralar ekan, o‘ta xudbin inson ijtimoiy faoliyat yuritishi mumkin emasligini ta’kidlaydi.

Ommaviy faoliyat yuritish insonga xos bo‘lgan eng ulug‘ xususiyat bo‘lib, insoniyat baxti eng ulug‘ maqsad, jamiyat ichida yashash qobiliyati eng ulug‘ qobiliyatdir. Fergyussonga ko‘ra inson faoliyatining ikki turi mavjud: egoistik (xudbinlik) va ijtimoiy. Birinchisi yopiqlik, raqobat va dushmanlik hissiga yaqin bo‘lsa, ikkinchisi jamiyat ichida yashash, insonlarni birlashtirishga xizmat qiladi.

Inson jamiyat a’zosi sifatida bir butunlikning qismi bo‘lib, aslida u o‘ziga tegishli emas. U jamiyat farovonligi yo‘liga to‘sqinlik qiladigan har qanday erkinlik va baxtdan voz kechishi kerak18. Ko‘rinib turganidek, A.Fergyusson fuqarolik jamiyatiga erishishda jamiyatning taraqqiy topganligi emas, balki insonning axloqiy tarbiyasi muhim o‘rin tutishiga e’tibor qaratmoqda.

Fuqarolik jamiyatini tahlil qilishga nisbatan boshqa bir yondashuvni G.Gegel (1770-1831 y.y.) taklif etgantedi. U fuqarolik jamiyatiga o‘z kundalik ehtiyojlarini mehnat yordamida qondiruvchi individlar majmui deb qaraydi. Uning fikriga ko‘ra, fuqarolik jamiyatining negizini xususiy mulk tashkil etadi. G.Gegel fikricha, tarixiy jarayonni harakatlantiruvchi kuch sifatida fuqarolik jamiyati emas, balki davlat namoyon bo‘ladi, u barcha fazilatlarni o‘zida mujassamlashtiradi, inson shaxsi, umumiy siyosiy, moddiy va ma’naviy asoslarning jamuljam ifodasi hisoblanadi. Davlat insonni har xil tasodiflardan himoya qiladi, adolatni ta’minlaydi, umumiy manfaatlarni ro‘yobga chiqaradi.

Davlat, oila, qabila, millat, diniy va boshqa birliklardan farqlanuvchi “fuqarolik jamiyati2 kategoriyasi XVIII-XIX asrlarda tadqiqot predmetiga aylandi. G.Gegel o‘zining “Huquq falsafasi” asarida fuqarolik jamiyati tushunchasini atroflicha o‘rgandi va unga shaxslarning ehtiyoji va mehnat taqsimoti tizimi, adliya (huquqiy muassasalar va huquqiy tartibot), tashqi tartib (politsiya va korporatsiyalar) orqali aloqalari (munosabatlarga kirishishi) sifatida ta’rif berdi22. O‘sha davr jamiyati va davlatiga nisbatan G.Gegelning qarashlari eskirganligiga qaramay, uning fuqarolik jamiyatining davlatga nisbatan mustaqil bo‘lgan shaxsiy manfaatlar jabhasi, ijtimoiy tuzum, mehnat taqsimoti va mulk shakllariga bog‘liq ekanligi haqidagi fikrlari ijtimoiy fanlarning rivojlanish yo‘lida tashlangan muhim qadam bo‘ldi.

G.Gegel fikricha, fuqarolik jamiyati – bu, avvalo, xususiy mulkka asoslangan ehtiyojlar tizimi, shuningdek, din, oila, tabaqalar, davlat qurilishi, huquq, axloq, burch, madaniyat, maorif, qonunlar va ulardan kelib chiquvchi sub’ektlarning o‘zaro yuridik aloqalaridir. Tabiiy, “nomadaniy” holatdan “odamlar fuqarolik jamiyatiga kirishlari lozim, chunki faqat shu jamiyatda huquqiy munosabatlar haqiqiy xususiyat kasb etadi”.23 Ayni vaqtda Gegel bunday jamiyat faqat “hozirgi dunyoda” mavjud bo‘lishi mumkinligini qayd etadi. Boshqacha aytganda, fuqarolik jamiyati yovvoyilik, qoloqlik, ma’rifatsizlikka qarshi qo‘yiladi.

G.Gegel fuqarolik jamiyati oiladan boshlanib to davlatga qadar dialektik harakatlanuvchi alohida bosqich - uzoq tarixiy davr davomida o‘rta asrdan to yangi davrgacha transformatsiyalashib kelgan tushunchadir. U fuqarolik jamiyati va davlatni aralashtirib yuboruvchi o‘sha davrda hukmron bo‘lgan tabiiy huquq nazariyasini tanqid qiladi. Uning fikricha, ijtimoiylik xususiyatiga asoslanuvchi fuqarolik jamiyati, oilaning axloqiy va davlatning ommaviy hayotidan mutlaqo farqlanadi. U adolatli qonunlar va odil sudlarni fuqarolik jamiyatining tarkibiy qismlari, deb hisoblaydi.

Fuqarolik jamiyatini o‘z mehnati bilan kundalik ehtiyojlarini qondiradigan individlarning majmuasi sifatida tasavvur etgan Gegelning yondashuvi o‘zgacha bir an’anani namoyon etdi. Unga ko‘ra xususiy mulk fuqarolik jamiyatining negizini tashkil etadi. Kishilar, avvalo xususiy manfaatlarga asoslangan holda harakat qiladi, ammo ular bir-birlari bilan bog‘liq bo‘lganliklari tufayli ular o‘rtasida ijtimoiy aloqa o‘rnatiladi. Fuqarolik jamiyati xususiy mulkka asoslangan ijtimoiy tuzilma sifatida bozor munosabatlari tizimini, oila va davlat orasida joylashgan jamiyatning hayotiyligini, fuqarolik huquqlarini ta’minlaydigan oraliq shaklini ifoda etadi24.

G.Gegel fuqarolik jamiyatiga ta’rif berar ekan, unda xususiy mulkning birlamchiligiga alohida urg‘u beradi. Unga ko‘ra, avvalo, xususiy mulkchilikka asoslangan ehtiyojlar tizimi, shuningdek, din, ijtimoiy qatlamlar, oila, axloq, burch, madaniyat, ta’lim, qonunlar fuqarolik jamiyatini tashkil etadi15.

Asli irlandiyalik bo‘lgan ingliz mutafakkiri, davlat arbobi Edmund Byork (1729-1797 yy.) konservatizm mafkurasining haqiqiy asoschisi hisoblanadi. Byorkning siyosiy risolasi - “Fransuz inqilobi haqida o‘ylar” (1790 yilda yozilgan) asari konservatizm mafkurasining mohiyati va o‘ziga xosligini ochib berdi.

Byorkning fikricha, jamiyatning me’yordagidek faoliyat olib borishida an’analar, axloq hamda odatlar, did va insonlar ehtiyojlarining tarixiy rivojlanish jarayonida o‘zgarib boradi. Uning fikricha, jamiyatda mavjud munosabatlar umuman boshqa yo‘l bilan o‘rnatiladi: oila qurish, qarindoshlik munosabatlari, biror millatga mansublik orqali amalga oshiriladi. Byork tarixiylik asosida faoliyat yuritadigan siyosiy institutlar legitimlikni ta’minlashlari mumkin, u yoki bu institutning uzoq mavjud bo‘lishi xalqning xarakteri va e’tiqodiga mos kelishiga bog‘liq bo‘lib, aynan shu narsa fuqarolik jamiyati uchun ham zarur, deb yozgan edi.

Fuqarolik jamiyati rivoji ajdodlar an’analariga bog‘liq bo‘lib, agar u tarixiy doiradan chiqib ketsa, u butun ijtimoiy organizmning halokatiga olib keladi. O‘tmishni asrash - kelajak avlodning axloqiy burchidir. Byorkga ko‘ra siyosiy tizim va jamiyat faoliyati bir butunlik holida barqaror va doimiy harakatda bo‘lishi kerak. Ushbu holat tadrijiy jarayonlarga hamohang ravishda davlatning siyosiy hamda ijtimoiy institutlarini xalqning xarakteri va axloqiga moslashishini anglatadi. E.Byork siyosatda tarixning rolini o‘rganishga asosiy diqqatini qaratdi. Unga ko‘ra, tarix siyosatni belgilashda asosiy manba hisoblandi. Oila, jamoa va cherkov kabi ijtimoiy institutlar tarixiy qadr-qimmatga egadir. Ma’rifatparvarlik davrida bir qator mahalliy an’analarning unutilishi ro‘y berdi. Shuning uchun Byork o‘z davrining ijtimoiy-siyosiy qarashlarini an’analar va tarixiy amaliyotga qaratishga harakat qildi.

E.Byork ko‘plab ijtimoiy-siyosiy hodisalar, inson tabiati, fuqarolik jamiyati va siyosiy hokimiyatga nisbatan yangicha yondashuvlarga asos soldi. Xalqlarning taqdirini tarixiy an’analar bilan bog‘liq ekanligini asoslab berdi.

Davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar jamiyatning komilligiga bog‘liq: agar fuqarolik jamiyati sodda va tarqoq bo‘lsa, davlat uning “tashqi ko‘rinishi”ni ifoda etadi, xolos. Jamiyat johil bo‘lsa, davlat fuqarolik jamiyatini barbod etgan holda o‘z hokimiyatini mutlaqlashtirish yo‘lidan borishi mumkin. G‘arb tajribasidan ma’lum bo‘lishicha, komillikka yetgan fuqarolik jamiyati sharoitida davlat jamiyat bilan o‘z munosabatlarini muvozanatlashga majbur bo‘ladi.

Davlat insonni turli tasodiflardan himoyalagan holda adolatni ta’minlaydi va umumiy manfaatlarni amalga oshiradi. Fuqarolik jamiyati va shaxs davlatga bo‘ysundirilgan. Zero, aynan davlat alohida guruhlar va individlar hayotiga mazmun bag‘ishlagan holda ularni bir butunlikka jamlaydi. Ayni vaqtda, keng qamrovli davlatning mavjudligi xavfli bo‘lib, u fuqarolik jamiyatini “yutib” yuborgan holda fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlashga intilmaydi.

Fuqarolik jamiyatini konseptual tushunishga Immanuil Kant (1724–1804 y.y.) ham katta hissa qo‘shdi. Kant fuqarolik jamiyatini butun insoniyat uyi, deb bildi. Bu jamiyatda har bir inson hatti-harakati oliy axloqiy qonun – qat’iy imperativ bilan belgilanadi. Uning fikricha, fuqarolik jamiyati mavjud qonunlar doirasida hech kim tomonidan cheklanmaydigan intilish, tamoyillarining erkinlik bilan uyg‘unligi, boshqacha aytganda, fuqarolarga mos bo‘lgan jamiyatdir.

Ijtimoiy hayotga oid turli sohalarning vujudga kelishi individ faoliyatining rang-baranglashuvi va ijtimoiy munosabatlarning murakkablashuvi jarayonini ifoda etadi. Ijtimoiy aloqalarning turlichaligi hokimiyatga tobe bo‘lmagan va boshqa individlar bilan ongli ravishda, oqilona munosabatlar o‘rnatishga qodir fuqarolik ongiga ega bo‘lgan mustaqil shaxsning shakllanishi natijasi hisoblanadi.

Kantning fikricha, mutlaq monarxiya fuqarolik jamiyati bilan umuman mutanosib bo‘la olmaydi va u fuqarolarning erkin boshqaruvi shakliga mos kelmaydi. Bundan tashqari, u xususiy mulk mustaqil individning namoyon bo‘lishi jarayoni negizida yotishini, aynan xususiy mulk inson siyosiy mustaqilligi va erkinligining iqtisodiy asosi ekanligini uqtiradi25.

Emmanuil Kant o‘zining “Butunjahon fuqarolikda umumiy tarix g‘oyasi” asarida fuqarolik jamiyati sifatida davlat tuzilishini butun insoniyat ongiga qanday qilib singdirish mumkin, degan muammolarni qo‘yadi. Buning maqsadga muvofiqligini tabiatning o‘zi taqozo etadi. Chunki, aynan shunday jamiyatda uning fuqarolariga buyuk erkinlik beriladi va bunda ziddiyatlar ham mavjud bo‘lishi mumkin. Har qalay, erkinlikni aniq ta’riflash va uni boshqalarniki bilan o‘zaro mutanosibligini ta’minlash, insoniyatning barcha sir-sinoatini ochib berish tabiatning eng oliy maqsadidir14.

Ijtimoiy fanlarda uzoq vaqtlardan beri davlat va fuqarolik jamiyati bir-biridpan ajratilmasdan, yaxlit yoki sinonim tarzida qo‘llanilib kelindi. Biroq, jamiyatdagi turli sohalar bir-biridan ajralib, davlatning qattiq nazoratidan ozod bo‘la boshladi, o‘z huquq va erkinliklariga ega bo‘lgan mustaqil shaxs alohida ahamiyat kasb eta boshlagan davr - ya’ni XVII asrga kelib tarixiy taraqqiyotdagi ikki tamoyilni muvozanatlashtirish dolzarb ahamiyatga ega bo‘ldi. Bir tarafdan, shaxsning mustaqillik va erkinlikka intilishi, natijada ijtimoiy taraqqiyotda tartibsizlik va ixtiyoriy jarayonlarning kuchayishi ijtimoiy fanlarda fuqarolik jamiyati tushunchasini ifoda etgan bo‘lsa, ikkinchi tarafdan ijtimoiy munosabatlarda muntazam murakkablashib boruvchi tartibsizliklar, nizolarni bartaraf etish va tartibga solish, butunlikni saqlash davlat tushunchasini ifoda etdi. Davlat va fuqarolik jamiyati ko‘pgina hollarda bir-biriga qerama qarshi qo‘yildi. Shuningdek, ijtimoiy fanlardagi talqinga binoan, fuqarolik jamiyati hokimiyatga aloqador bo‘lmagan aloqalar va tuzilmalarning ko‘p pog‘onali va murakkab tizimi, degan qarashlar ham shakllandi.

3. Fuqarolik jamiyati to‘g‘risidagi zamonaviy konsepsiyalar.

XX asrga kelib jamiyat tizimidagi o‘zgarishlar – erkin bozor iqtisodiyoti, parlamentar demokratiya va huquqiy davlat, ijtimoiy va siyosiy sohalar o‘rtasidagi bo‘linish jarayonlari fuqarolik jamiyatini tushunishda yangi yondoshuv va konsepsiyalarining paydo bo‘lishiga olib keldi.

Formatsion yondashuv

Sivilizatsion yondashuv

Modernizatsiyaviy yondashuv

Fuqarolik jamiyati tushunchasi kapitalistik tizimga bog‘lanadi va keng (ya’ni jamiyatning shakli sifatida) va tor (ya’ni iqtisodiy va siyosiy munosabatlar o‘ratsidagi shakllanadigan muayan ijtimoiy tashkilotlar majmuasi sifatida) ma’nolarda tushuniladi.

Fuqarolik jamiyatini sivilizatsiya tarraqqiyoti kontekstida ko‘rib chiqadi. Uning nazariy asoslarini O.Shpengler, A.Toynbi va P.Sorokin asrarlarida yaratilgan. Ularga qaraganda, fuqarolik jamiyati boshqa ijtimoiy shakllardan avvalo yuksak sivilizatsiya darajasi bilan ajralib turadi. Uning asosiy me’zoni sifatida esa insogn, uning erkinligi, rivojlanish va ijodiylik imkoniyatlari, shuningdek boshqa insonlar bilan tinchlik v totuvlikda yashash qobiliyatlari tan olinadi

Modernizatsiya konsepsiyalarida (A. Turen, Yu. Xabermas, E. Giddens, Z. Bauman va b.) fuqarolik jamiyati a’anaviy jamiyat urnini egallagan yoki zamonaviy jamiyatga xos bo‘lgan belgilarni shakllantiradigan jamiyati tushuniladi.

Rasm 2.1. Fuqarolik jamiyatining zamonaviy konsepsiyalarining asosiy yondashuvlari:

XX asr boshlaridan fuqarolik jamiyati sohasida amalga oshirilgan tadqiqotlar “fuqarolik jamiyati” kategoriyasini funksional tavsiflarini tushunish murakkablashdi. Buning sababi fuqarolik jamiyati tushunchasini tadqiq etishda fuqarolarning ijtimoiy hayotida dolzarb talablarini aks ettiruvchi yangi mezonlarning kiritilganligida bo‘ldi. Shu tariqa, fuqarolik jamiyati haqidagi tasavvurlar rivojini tizimlashtirish quyidagi shakllarda yuz berdi: birinchidan, ularning ijtimoiy-falsafiy asoslari tasniflari bilan, ikkinchidan, mafkuraviy asoslarning xususiyatlariga ko‘ra, uchinchidan, fuqarolik jamiyatining sof ilmiy konsepsiyalarini aniqlash bilan belgilandi.

Biroq, fuqarolik jamiyati modeli dastlabki tayanch ijtimoiy-falsafiy nazariyalar va konsepsiyalarini ikki guruhga bo‘lish rusumga kirdi:

- formatsion va sivilizatsion yondashuvlar;

- modernizatsiya va postmodernizm konsepsiyasi.

Yuqoridagilarni hisobga olgan holda fuqarolik jamiyatining quyidagi g‘oyaviy-falsafiy doktrinalari ishlab chiqildi:

- “byurokratik davlat sotsializmi doktrinasi”;

- “avtoritar davlat kapitalizmi doktrinasi”;

- “demokratik sotsializm doktrinasi”;

- liberal-demokratik (“bozor demokratiyasi”).

Byurokratik davlat sotsializmi uchun fuqarolik jamiyati – bu burjua, kapitalistik jamiyat, u xususiy mulkka va yollanma mehnatga asoslanadi. Byurokratik-davlat sotsializmi tarafdorlari fuqarolik jamiyatini ijtimoiy notenglik va jamiyatda kuchayib borayotgan keskinlik sababi, deb biladi.

Avtoritar-davlat kapitalizmi fuqarolik jamiyatini xususiy biznes, oilaviy-qarindoshlik va boshqa nodavlat munosabatlar sohasi bo‘lib, u o‘zida kapitalistik davlatning ijtimoiy-iqtisodiy bazasini mujassam qiladi, deb hisoblaydi.

Demokratik sotsializm konsepsiyasi tarafdorlariga ko‘ra fuqarolik jamiyati – bu ijtimoiy-siyosiy tashkilotlar va institutlar majmui, u demokratik davlat bilan birga ijtimoiy (iqtisodiy, siyosiy va hokazo) demokratiya asosini tashkil qiladi.

“Bozor demokratiyasi” nazariyotchilari fuqarolik jamiyatini bozor demokratiyasi jamiyatiga o‘xshash insoniy birlik deb biladi. Ular fikricha, fuqarolik jamiyati iqtisodiy jamiyat bo‘lib, iqtisodiy hayotni boshqarish imkoniyatlarida cheklangan va ular ijtimoiy birlashmalar va harakatlar tomonidan nazorat qilinadi.

Shunday qilib, fuqarolik jamiyati g‘oyasining qayta jonlanishida jamiyatni davlatlashtirishga, jamiyat hayotida davlat roli va ta’sirining favqulodda o‘sishiga qarshi qarashlar ham shakllandi. Ch.Teylor, E.Arato, R.Dvorkin va boshqa tadqiqotchilardan iborat bo‘lgan o‘ziga xos normativ diskurs ham shakllandi26. Shuningdek, jamiyatning nodavlat sohasining ijtimoiy-siyosiy faolligi va o‘z-o‘zini tashkillashtirishning ahamiyati bog‘liq bo‘lgan muhim quyidagi konsepsiyalar ham shakllandi:

- liberal an’ana konsepsiyasi;

- amerikancha kommunitarizm konsepsiyasi;

- yevropacha neokonservatizm konsepsiyasi;

- post-markscha konsepsiya.

Fuqarolik jamiyatining liberal an’ana g‘oyasi umuman olganda yangilik emas. Fuqarolik jamiyati haqidagi dastlabki tasavvurlar mumtoz ingliz liberalizmi davridayoq ishlab chiqilgan edi.

Fuqarolik jamiyati konsepsiyasining amerikacha madaniy va tarixiy o‘zgaida “respublikachilik” g‘oyasi yotadi. U XX asrdagi o‘zini o‘zi boshqarish va o‘zini o‘zi ijtimoiy uyushtirishga asoslangan teng huquqli fuqarolar tomonidan tashkil etilgan amerika kommunalari, ya’ni lokal birlashmalarining uyg‘un va faollikdagi ijtimoiy-siyosiy hayoti haqidagi tasavvurlarga asoslandi.


Avtoritar-burjua doktrinasi

(“davlat kapitalizmi” doktrinasi)



Liberal-demokratik doktrina (“bozor demokratiyasi” doktrinasi)



Fuqarolik jamiyati zamonaviy konsepsiyasi-ning mafkuraviy modellari



Avtoritar-sotsialistik doktrina (“davlat byurokratik sotsializmi” doktrinasi)

Sotsial-demokratik doktrina (“demokratik sotsializm” va “sotsialistik fuqarolik jamiyati” konsepsiyasi)


Mazkur kommunalar o‘zini o‘zi uyushtirishi o‘ziga xos fuqarolik jamiyati turi sifatida qo‘llab-quvvatlangan. Bu haqda batafsil axborotlar A. de Tokvil asarlarida keltirilgan. Bunda demokratik madaniyat kommunal o‘zaro hamkorlik va sherikchilik, shuningdek xristian axloq qadriyatlarining yuqori darajada namoyon bo‘lishi bilan boshqalardan farqlanadi. Shu bilan birga, bu kommunitaristik loyihalarga binoan jamoaviy qadriyatlar individual qadriyatlardan ustun bo‘lib, individlar o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitida o‘z qiziqishlarini uyushma qiziqishlariga bo‘ysundirishga tayyor turadi27.

Turli manbalar tahlili shuni ko‘rsatadiki, mumtoz marksizm zamonaviy diskursning alohida konseptual yo‘nalishi sifatida fuqarolik jamiyatini kelib chiqishini, jamiyatning feodal-aristokratik va paternalistik tizimi o‘rniga kommersiya kapitalizmi davridagi iqtisodiy partikulyarizm bilan bog‘laydi. Biroq, Marks unda individual erkinlik va avtonomiyani emas, sinfiy jamiyatda ob’ektiv mavjud bo‘lgan notenglikni, erksizlik va ijtimoiy-iqtisodiy begonalashuvni berkitib turuvchi niqobni, ya’ni, uning tashqi shaklini ko‘rgan, xolos28.

Keyinroq postmarksistik loyiha doirasidagi nazariyotchilar, fuqarolik jamiyati g‘oyasini qaytadan ko‘rib chiqishga urindi. Shu tariqa, postmarksistik tushunishga binoan, u quyidagicha asoslanadi: fuqarolik jamiyati “oxirgi vaqtlarda paydo bo‘layotgan, jamiyatning erkin ehtiyoriy assotsiatsiyalari, shuningdek, huquqiy va ommaviy institutlari doirasida yuzaga kelgan jamoaviylikning nomumtoz shakllari, nafaqat davlat tizimi doirasidan, balki kapitalistik bozor iqtisodiyoti chegarasidan ham chiqib ketayotgan ijtimoiy birliklar”dir29. Bu kabi qarash markazida, birinchidan, davlat-byurokratik mashinasining “umumiy manfaatlar davlati” sharoitida, ta’sir doirasining kengayib borishi, ikkinchidan, transmilliy korporatsiyalar va globallashuv davrining markazlashgan iqtisodiyotini jamiyatga xavf tug‘dirishi g‘oyasi turadi.

Fuqarolik jamiyatining zamonaviy konsepsiyalarini tahlil etish shuni ko‘rsatadiki, ularda mazkur fenomenning ontologik va gnoseologik jihatlariga nisbatan ijtimoiy qarashlarning xilma-xilligini ko‘ramiz. Shuni ta’kidlash o‘rinliki, fuqarolik jamiyatining zamonaviy konsepsiyalari ijtimoiy muammolar tahlilining tizimli mezonlarini ishlab chiqqanligi va ilmiy hamjamiyat oldiga muhim va zaruriy konseptual va amaliy yechimlarni talab qilayotgan yangi masalalarni ko‘ndalang qilib qo‘yganligi muhim ahamiyat kasb etadi. XX asr nafaqat texnik taraqqiyot, balki tizimli fikrlashning shakllanishi va hukmronligi davri bo‘lganligini ham nazardan qochirmaslik lozim.


Yevropa neokonservatizmi

Liberal an’analar



Fuqarolik jamiyati zamonaviy konsepsiyalari



Postmarksizm

Amerika kommunitarizmi


Aynan shu davrdan boshlab fuqarolik jamiyati ijtimoiy borliqning tizimli tahlili ob’ekti sifatida o‘rganila boshlanadi. Bu albatta, bugun olimlar va faylasuflarga zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jarayonlarni nafaqat modellashtirish imkoniyatini beradi, balki, ularning istqboli haqida aniq tasavvurlarni shakllantiradi. Hozirgi davrga kelib ham fuqarolik jamiyatini o‘rganish masalalarida qator muammolar o‘z yechimni topgani yo‘q: fuqarolik jamiyatining davlat va jamiyat dixotomiyasi yoki o‘zaro sherikligining chegarasi, fuqarolik jamiyati institutlarining individ shaxsiy hayotiga dahl qilishi chegarasi qaerda, fuqarolik jamiyatini tushunishning tayanch asoslari, fuqarolik jamiyatini tushunishning universal yondashuvlari hali takomillashmaganligi kabilarni keltirish mumkin.

Shu bilan birga, fuqarolik jamiyati haqidagi g‘oyalar va tasavvurlar genezisi mazkur fenomenni antik va o‘rta asrlarda – davlat manfaatlari, va albatta, turli xususiy manfaatlar ustuvorligi ostida talqiq etilganligidan dalolat beradi. Antik va o‘rta asrlar olimlari ijodida davlat instituti jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarni boshqarib turgan bosh institut sanalgan. Mazkur jihat insoniyat rivojining dastlabki bosqichida, davlat va jamiyat o‘zaro hamkorligi va dixotomiyasi borasidagi konsepsiyalar yo‘qligining asosiy sababi hisoblanadi.

Fuqarolik jamiyati konseptual diskursining antik paradigmasi – bu fuqaroning ijtimoiy boshqaruv sohasidagi roli va o‘rnini aniqlashdan iborat bo‘ldi. Agar ulardan ba’zilari, fuqarolar davlatdan muayyan darajada avtonomdir (Aristotel) degan g‘oyani ilgari surgan bo‘lsa, boshqalari davlat boshliqlarini fuqaro va jamiyat hayotini muvofiqlashtirishga qilishga da’vat etgan (Platon). Ularning har biri imkoni boricha ideal davlat qurilmasini ishlab chiqishga harakat qildi. Aynan shu jihat fuqarolik jamiyatiga doir keyingi konseptual ishlanmalarini turli talqinlarii va yondashuvlarni keltirib chiqardi.

O‘rta asr mutafakkirlarining antik davr olimlaridan farqi shundaki, ular ijtimoiy munosabatlarni davlat va jamiyat munosabatlari, shuningdek ilohiy tavsifga ega, degan qarashlar nuqtai nazaridan talqin etadi. Antik falsafa esa ijtimoiy munosabatlarni turli ranglarda ko‘rib chiqadi, shu nuqtai nazardan fuqarolik jamiyatining diniy paradigmasi o‘rta asrlarda shakllana boshlagan deyishga asos beradi.

Sharq mutafakkirlarining fuqarolik jamiyatini konseptual tushunishidagi o‘ziga xos jihatlar - ularning mazkur fenomenga oid talqinlari insoniy fazilat, ma’rifat va o‘zaro mas’uliyat tushunchalari orqali amalga oshirilganligidadir. Bunda ijtimoiy-falsafiy fikr o‘z diqqatini davlat boshqaruvchilari va jamiyat a’zolari o‘rtasidagi munosabatlarning axloqiy-estetik jihatlariga qaratdi.

Yangi davrda jamiyatdagi davlat roli masalasini yangicha anglash boshlanadi: agar antik davr va o‘rta asrlarda ijtimoiy-falsafiy fikr davlat ustuvorligiga qaratilgan bo‘lsa, bu davrga kelib, mazkur nisbatda inson (fuqaro) fenomeni, o‘z huquqlari, ehtiyoji va manfaatlari bilan birgalikda ustuvor ahamiyat kasb eta boshladi. Davlat faqat mana shu manfaatlarni mavjud bo‘lgan qonuniy tizim doirasida amalga oshirilishini ta’minlovchi institut sifatida gavdalana boshlandi.

Yangi davr ijtimoiy-falsafiy tafakkurining asosiy yutug‘i - bu davlat va jamiyat tushunchalarini bir-biridan ajratganligida, uning natijasida fuqarolik jamiyatini tushunishda klassik paradigmaning shakllanishiga asos bo‘lganligida ko‘rindi. Bu o‘z navbatida, “davlat – fuqarolik jamiyat” dixotomiyasi kuzatiladigan konsepsiyalarning shakllanishiga olib keldi. Dastlab yangi davr mutafakkirlari davlat va jamiyat manfaatlarini turlicha bo‘lishiga o‘z diqqat-e’tiborini qaratdi. Bunda davlat qonun ustuvorligiga tayansa, jamiyat esa xususiy mulkka tayanishi g‘oyasi ilgari surildi. Fuqarolik jamiyati haqidagi konseptual diskursning asosiy muammolari sifatida davlatning roli va davlat hamda jamiyat o‘zaro munosabatlarining mezonlari qanday (axloqiy ideal va amaldagi siyosat nisbati mezonlari) bo‘ladi? degan savol paydo bo‘ldi.

Fuqarolik jamiyati fenomenining konseptual jihatdan qayta tushunishda kuzatilgan jiddiy o‘zgarishlar yuz berganiga qaramay, ilmiy nuqtai nazarlarni o‘rganish asosida yangi davr mutafakkirlarining qarashlari g‘oyaviy asoslardan mahrum emasligi aniqlandi. Bu holat esa o‘z navbatida, fuqarolik jamiyati mazmun va mohiyatini tushunishda sub’ektivizmning kuchayishiga olib keldi. Bu jarayondagi yana bir kamchilik sifatida davlat va jamiyat o‘rtasidagi chegaralarning hanuzgacha aniq tarzda belgilanmaganligi masalasini hal etilmaganligi bo‘lib, bu masalani hal etilmaganligi bu sohada ilmiy tadqiqot ishlarini samarali bo‘lishiga ma’lum darajada to‘sqinlik qiladi.

Fuqarolik jamiyatini o‘rganishda zamonaviy ijtimoiy-falsafiy tafakurning muhim yutug‘i - bu sohani o‘rganishing yangi ilmiy yondashuvi sifatida tizimli paradigmaning shakllanishi hisoblanadi. O‘z navbatida, bu holat fuqarolik jamiyatining me’yoriy jihatlardan idrok etishdan uni tabora transformatsiyalashib borayotgan fuqarolik jamiyatining zamonaviy konseptual diskursining turli yo‘nalishlarini o‘rganishda empirik tahlil qilishga ustuvorlik berish tamoyillarini kuchaytirdi.

AQSh olimi Immanuel Moris Vallerstayn (1930 y.da tug‘ilgan) fikricha, fuqarolik jamiyatini shakllanishi uchun kuchli davlat bo‘lishi zarur, chunki bu kabi davlatning qo‘llab-quvvatlashisiz fuqarolik jamiyati rivojlana olmaydi. Ma’lumki, fuqarolik jamiyati davlat bilan bilvosita siyosiy munosabatlarga kirishish, davlat tomonidan qonuniylashish asosida fuqarolarning jamiyatdagi keng ishtiroki asosida yashaydi.

Fuqarolik jamiyati insoniy sivilizatsiyaning eng yuqori cho‘qqisi bo‘lgani holda, u liberal davlatlarni shakllanishi uchun shart-sharoitlar yaratib berdi. Shuningdek, fuqarolik jamiyati davlat tomonidan yashirin yoki oshkora tus oladigan halokatli zo‘ravonlikni to‘xtatib qolish, yoki, pastdan bo‘ladigan xavfli va sinfiy o‘zboshimchaliklarni bostirishning omili sifatida ham namoyon bo‘ldi. Ammo davlat tanazzulga yuz tutgani sari fuqarolik jamiyati muqarrar ravishda tarqoqlikka yuz tutishga moyil bo‘lib boradi, deb xulosa chiqargan edi I.Vallerstayn30.

Kelib chiqishi vengr bo‘lgan iqtisodchi va faylasuf, Sasseks universiteti professori (Buyuk Britaniya) Ishtvan Messarosh (1930 yilda tug‘ilgan) “Begonalashishning marksizm nazariyasi” nomli kitobida fuqarolik jamiyati faqat xristian olamida o‘zining mukammal darajasiga erishadi, deb yozdi. Xristianlik dini sharoitida fuqarolik jamiyati o‘zini davlat hayotidan musavo tutadi, bunda insonni xudbin sifatida namoyon bo‘lishiga sharoit tug‘iladi, va u yolg‘izlik va qarama-qarshi kuchlar dunyosida ko‘zga ko‘rinmay ketadi. J.-J.Russo va A.Fergyusonni tanqid qilgan I.Messarosh uchun fuqarolik jamiyati – bu xususiy mulk tayanchi, xudbinlik zarurati va pul ustunligi bilan ifodalanadigan qullikning zamonaviy shaklidir.

D.Markush (1934 yilda tug‘ilgan) sotsial-liberalizm va g‘arb sotsial-demokratiyasi dunyoqarashini qabul qilgan, shuningdek bozor iqtisodiyoti va huquqiy davlat prinsiplarini himoya qildi (U “Ehtiyojlardan ustun diktatura” kitobini 1983 yilda taniqli olim A.Xeller bilan hammualliflikda yozgan). U bu kitobida Sharqiy Yevropa mamlakatlarining G‘arbiy Yevropa bilan yaqinlashuvi iqtisodiy muammolarni hal etishga yordam bermaydi, balki, ular fuqarolik jamiyati konsepsiyasini obro‘sizlantiradi, aql-zakovat egalari bilan oddiy aholi o‘rtasida tengsizlikni murakkablashtiradi, ma’naviy keskinlikni kuchaytiradi, o‘rtada katta tafovutlarni yuzaga keltiradi, deb yozgan edi.

Kelib chiqishi nemis, AQShda yashagan faylasuf, Frankfurt maktabining yirik bir vakili Gerbert Markuze (1898-1979 yy.) jamoa va shaxs psixologiyasini o‘rganishga e’tibor qaratgani holda jamiyat qanday tarzda shaxsni o‘zgartirishi mumkinligi to‘g‘risida tadqiqot olib boradi. U “Bir o‘lchamli odam” kitobida inson uchun jamiyat sinfiylikni yuzaga keltiradi, unda niqoblangan yangicha totalitarizm hukm suradi, insonlar bir yoqlama fikrlay boshlaydi, ommaviy axborot vositalari har bir shaxs ongiga yolg‘on va keraksiz axborotlarni tiqishtiradi, deb yozadi. “Hukmronlik va muvofiqlashtirish tizimini qamrab olgan texnika taraqqiyoti, - deb yozadi G.Markuze, - zohiran tizimga qarshi kuchlarni yarashtiradigan, aslida esa istiqbolda og‘ir mehnat va hukmronlikdan ozod bo‘lish yo‘lidagi har qanday intilishlarning negizini yo‘q qiladigan hayot (va hokimiyat) shakllarini yaratadi. Ayni paytda, siyosiy hokimiyat mashinalashtirilgan ishlab chiqarish va texnikaviy qayta tashkil qilish jarayoni ustidan o‘z hukmronligini o‘rnatib, o‘z mavqeni mustahkamlab boradi. Rivojlangan va rivojlanayotgan sanoatlashgan jamiyatdagi hukumatlar o‘z o‘rnini sanoatlashgan taraqqiyot ega bo‘lgan texnikaviy, ilmiy va mexanik samaradorlikni oshirish, undan foydalanish hamda safarbar etish vositasida saqlab turishi mumkin”. Uning fikricha, “kapitalizmni rivojlantirishning yuqori bosqichida jamiyat cheklangan plyuralizm tizimidan iborat bo‘lib, undagi institutlar shaxs ustidan hukmronlik qilishni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shunday bo‘lsa-da, boshqariladigan shaxs uchun plyuralistik ma’muriyatchilik jamiyatdagi ommaviy ma’muriyatchilikdan afzalroqdir. Bir institut insonni boshqasidan himoya qilishi, bir tashkilot ikkinchisining ta’sirini yumshatishi mumkin. Qonun hokimiyati cheklangan bo‘lsa-da, qonundan ustun yoki uni e’tiborga olmaydigan hokimiyatdan ko‘ra ishonchliroqdir...”. “Har qanday holatda, - deb yozadi G.Markuze, - markazlashgan hokimiyat va to‘g‘ridan-to‘g‘ri demokratiyaning o‘zaro birlashishi rivojlanish darajasiga monand ravishda cheksiz juz’iy o‘zgarishlarda o‘zini namoyon qilib turadi”31.

Amerikalik sotsiolog va publitsist, axborot jamiyati nazariyasi asoschisi Deniel Bell uchun (1919-2011 yy.) sanoatlashuvdan keyingi jamiyatga hokimiyatga meritokratiya32, ya’ni aql-zakovat egalik qiladigan “professionallar” va “aql-zakovatli kishilar jamiyati”dir. “Sanoatlashuvdan keyingi jamiyat, - deb yozadi D.Bell, - vakillari siyosiy darajada maslahatchilar, ekspert yoki texnokratlardan iborat bo‘lgan intellektual sinfning paydo bo‘lishini nazarda tutadi”. Fuqarolik jamiyati ichida intellektual tabaqalashuv ro‘y beradi. Bunday tabaqada aqliy mehnatga nisbatan salohiyati past odamlar jamiyatning eng quyi pog‘onasida qolib ketadi. Bundan tashqari, axborotning nihoyatda ustuvor ahamiyat kasb etishi fuqarolik jamiyati uchun o‘ziga xos xususiyatga aylanadi. D.Bellning fikricha, jamiyatni axborot bilan ta’minlash siyosatda ishtirok etishga qobil bo‘lgan boshqaruv tizimi samaradorligini yetarli darajada ta’minlaydigan “vakolatli fuqaro” konsepsiyasiga mosdir.

Amerikalik sotsiolog va futurolog, sanoatlashuvdan keyingi jamiyat konsepsiyasi mualliflaridan biri Elvin (Olvin) Toffler (1928 yilda tugilgan) fikricha, “yaqin kelajakda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan institutlarda diniy va shunga o‘xshash guruhlar, global korporatsiyalar, atrof-muhit va inson huquqlarini himoya qilish harakatlari va boshqa shakldagi fuqarolik jamiyatlari qay darajada ifodalanadi?” degan savolni o‘rtaga tashlaydi33. Hozirgi davrda o‘zini ichida mustaqil davlatni saqlab qolishga urinayotgan jamiyat ommaviy kompyuterlashtirilmasligi darkor. “Fuqarolik jamiyatining faoliyat yuritishi uchun keragidan ortiq narsalarni majburan qabul qildirishga va tuzumni abadiylashtirishga qaratilgan tartibotlar bema’nilikdan boshqa narsa emas”, - deb yozadi E.Toffler. Hokimiyat - bu insonlar o‘rtasidagi har qanday o‘zaro munosabatlarning muqarrar yuz beradigan jihatidir, hukmdorlar yoki xalqning odamlar faoliyati, fe’l-atvori, ongi va fikriga keskin hamda keng ko‘lamli ta’sir ko‘rsatish, ularning taqdirini boshqarish qobiliyati va imkoniyatidir. Bizni kelajakda hokimiyat uchun global kurashlar kutmoqda, ammo uning asosini zo‘ravonlik yoki pul emas, balki zamonaviy bilimlar tashkil qiladi.

AQSh olimi Frensis Fukuyama fuqarolik jamiyati to‘grisida fikr yuritib, quyidagi fikrni bildiradi: “demokratik institutlar sog‘lom fuqarolik jamiyatiga suyangani kabi, fuqarolik jamiyati ham o‘z navbatida, madaniy darajada o‘z o‘tmishdoshlari va shart-sharoitlariga ega bo‘ladi”. Zamonaviy demokratik davlatda fuqarolik jamiyatining an’anaviy siyosiy hamda iqtisodiy liberal doktrinaga xos bo‘lgan tarqoq shaxsiyaparast shaxslarni tenglashtirishi yoki cheklashga qodirligi uning ahamiyati va madaniyati darajasini belgilab beradi. Olimning fikricha, haqiqiy kurash aynan fuqarolik jamiyati va madaniyat darajasi o‘rtasida ro‘y beradi34.

Hozirgi davrdagi mashhur siyosatshunos va faylasuflaridan biri Lari Zidentopning fikricha, (1936 yilda tug‘ilgan), ma’naviy tenglikka doir xristian ta’limoti Yevropada fuqarolik jamiyatini yaratdi. Islom dini ham xristianlik singari universiallik xususiyatiga egadir. Ammo, Islom dini faqat Allohga itoat etishda tenglikka e’tibor qaratsa, xristianlik Alloh oldidagi teng erkinlikni targ‘ib qiladi.

L.Zidentop “hokimiyatning nisbiy ochiqligi, uni deyarli hech narsani o‘zgartirmaydigan rasmiyatchilikka asoslangan o‘zaro bir-birini tiyib turish va muvozanat tizimi”ni tanqid qiladi. Fransiya davlat modeli nisbatan boshqa mamlakatlarga nisbatan oson eksport qilinishi mumkin, negaki, u kamroq cheklovlar bilan qarorlar qabul qilishning markazlashgan mexanizmini faqat rasmiylashtirishga qaratilgan. Mazkur modelning mazmun-mohiyati – bu hokimiyatdir”. L.Zidentopning fikricha, bu borada “hokimiyatni bo‘lib-bo‘lib joylashtiradigan, bir-birini o‘zaro tiyib turish va muvoznatda faoliyat yuritish tizimiga ega bo‘lgan muxtor Yevropa vakillik demokratiyasi hozirgi davrda muhim ahamiyatga molik masalaga aylanishi lozim”.

Germaniyalik taniqli sotsiolog va faylasuf, Myunxen universiteti va London iqtisodiyot maktabi professori, “releksiv modernizatsiya” va “tavakkalchilik jamiyati” konsepsiyasi muallifi Ulrix Bek (1944 yilda tug‘ilgan) o‘rta sinf bilan fuqarolik jamiyatining o‘zini o‘zi tashkil etishining o‘zaro uzviy bog‘liqligi haqida so‘z yuritib521 shunday deb yozadi: “Faqat uy-joyi, doimiy ishonchli ishi va kelajagi moddiy ta’minlanadigan odamlargina demokratik qadriyatlarni o‘zlashtirish va demokratiyaga hayot bag‘ishlashga qodir fuqarolar hisoblanadi”35.

Zamonaviy tranzitologiyaning (o‘tish davri nazariyasi) yirik vakili, amerikalik iqtisodchi, Garvard xalqaro taraqqiyot instituti direktori, Garvard Universitetining irofessori Jeffri Saks fuqarolik jamiyatining shakllanishi uchun asosiy sabablar – bu jug‘rofiy joylashuv xususiyatlari yoki qandaydir tarkibiy sharoitlar emas, balki, sobiq SSSR parchalanganidan keyin paydo bo‘lgan qator davlatlar, xususan, Rossiyaning chuqur tizimli inqirozidir, , debta’kidlaydi.

D.Saks fuqarolik jamiyatini shakllantirish uchun yuqori sifatli ta’lim, sog‘liqni saqlash va yaxshi ovqatlanishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kuchli va samarali dasturlar zarurligini yoqlaydi. Uning fikricha, bularning barchasi – dastlab Skandinaviya davlatlari o‘zlashtirgan “sotsial demokratiya” falsafasining dohiyona g‘oyasini amalga oshirish natijasidir. Bu g‘oya ham oddiy, ham kuchlidir: barcha odamlar yaxshi yashash imkoniyatiga ega bo‘lishga munosibdir va jamiyat ularning har biriga bu g‘oyani ro‘yobga chiqarishga yordam berishi lozim. Eng muhimi – jamiyat oilalar sog‘lom bo‘lishi, to‘yib ovqatlanishi va o‘qimishli bolalarni voyaga yetkazishi uchun ularga yordam berish kerak. Kiritilgan ko‘plab yirik ijtimoiy investitsiyalar va badavlat odamlar bo‘yin tovlamasdan to‘laydigan katta hajmdagi soliqlar hisobidan moliyalashtirish

AQSh olimi S.Xantington “demokratlashtirish g‘arblashtirish bilan ziddiyatga kirishadi”, deb o‘z fikrni ilgari surib, u quyidagilarni yozadi, - demokratiya, o‘z mohiyatiga ko‘ra, kosmopolitlashuvga36 emas, balki mahalliy manfaatlarni himoya qiladigan jarayon hisoblanadi. G‘arb olamiga mansub bo‘lmagan jamiyatlardagi siyosatchilar g‘arbona g‘oyalarga xayrixoh ekanini ochiq namoyish qilgan takdirda saylovlarda g‘olib chiqmaydi. Saylovoldi poygalari, odatda, ularni eng ommaviy milliy qadriyatlarga murojaat qilishga majbur etadi va bu narsalar etnik, milliy va diniy masalalar bilan chambarchas bog‘liqdir.

“Amerikalik odam davlat qurilishi muammolari borasida o‘ylaganida, uning diqqat-e’tibori boshqaruv organlari va hokimiyatni mustahkamlashga emas, balki hokimiyatni cheklash va taqsimlashga qaratiladi”, deb yozadi S.Xantington. AQSh jamiyati boshqaruv tizimini ishlab chiqishga buyurtma olgan holda, u konstitutsiya, huquqiy qonunlar loyihalari, hokimiyatning bo‘linishi, nazorat etish va o‘zaro muvozanatlar tizimi, federalizm, doimiy saylovlar, partiyalararo kurashlar kabi - davlat hokimiyatini cheklashning ajoyib vositalarini taklif qiladi. Mashhur ingliz faylasufi Djon Lokk bilan bog‘liq bo‘lgan lokkcha siyosiy falsafaga sodiq bu amerikalik olim shu qadar davlatga qarshi chiqadiki, go‘yoki davlat uning uchun hokimiyatni cheklash vositasidir. Hokimiyat va tuzumni imkon qadar darajada mustahkamlaydigan siyosiy tizimni ishlab chiqish zarur bo‘lganda S.Xantington qarashlari keraksiz safsataga aylanadi. U butun hayotida bitta qolipdagi qarashga amal qildi: davlat tizimi erkin va adolatli saylovlarga asoslanishi kerak. S.Xantington hokimiyat va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi o‘zaro munosabat haqida quyidagilarni yozadi: “Qo‘shma Shtatlarda hokimiyat arxitektorlari inson his etish mumkin bo‘lgan, ammo ko‘zga ko‘rinmaydigan kuchni yaratishi lozim. Hokimiyat panada turganda kuchli bo‘ladi, quyosh nurlari paydo bo‘lganida esa g‘oyib bo‘ladi”.

Umuman, hozirgi zamon ilg‘or demokratik mamlakatlar jamiyatshunos olimlarining fuqarolik jamiyati to‘g‘risidagi nazariy qarashlari bir tizimga keltirilsa, u holda fuqarolik jamiyati bu - jamiyatdagi iqtisodiy, ijtimoiy, oilaviy, milliy, ma’naviy, axloqiy, diniy, ishlab chiqarish, shaxsiy va nodavlat munosabatlar majmuasi bo‘lib, erkin individlar, ixtiyoriy ravishda shakllangan tashkilotlar va fuqarolarning turli organlar taziyqlari, aralashishlari yoki bir qolipga solishlaridan qonunlar vositasida himoyalangan jamiyatidir, unda ular o‘zligini namoyon qila olishlari uchun barcha imkoniyatlarga ega bo‘ladilar.

Nazorat savollari:

1. Fuqarolik jamiyati g‘oyasining kelib chiqishi tarixiy shart-sharoitlari nimalardan iborat edi?

2. X–XII asrlarda Markaziy Osiyo mutaffakirlarining ta’limotlaridagi adolatli jamiyati haqidagi qarashlarni izohlang?

3. Yangi davrda fuqarolik jamiyatining yangi talqinlari va ularning o‘ziga xos xususiyatlari haqida fikr yuriting?

4. Jadidchilik xarakatining g‘oyaviy me’rosida fuqarolik jamiyati haqidagi konseptual qarashlarni sharhlang?

5. Fuqarolik jamiyati haqidagi zamonaviy konseptual masalalarning g‘oyaviy va mental xususiyatlarini ochib bering?

Test savollari:

1. “Mamlakat boshqaruvida to‘rt qoidaga amal qilish kerak: mashvarat, muhokama, qat’iy qaror, tadbirkorlik, ogohlik va ehtiyotkorlikka” degan fikrni qaysi alloma ilgari surgan?

A. Amir Temur

V. Abu Ali ibn Sino

S. Abu Rayxon Beruniy

D. Abu Nasr Farobiy

2. “Hukumat boshlig‘ining asosiy vazifasi etib aholining turli qatlamlari, kuchlilar va kuchsizlar o‘rtasida siyosiy va huquqiy adolat mezonini o‘rnatish” deb kim ta’kidlaydi?

A. Amir Temur

V. Abu Ali ibn Sino

S. Abu Rayxon Beruniy

D. Abu Nasr Farobiy

3. Qaysi davrdan boshlab fuqarolik jamiyati g‘oyasi demokratiya rivojlanishi bilan chambarchas bog‘lanib kelmoqda?

A. antik davrda

V. o‘rta asrlarda

S. yangi davrda

D. XX asr boshlarida

4. Yangi davrda Yevropadagi fuqarolik jamiyati konsepsiyasi shaklanish necha an’anaridan iborat?

A. ikki V. Uch S. to‘rt D. besh

5. “Davlat – fuqarolik jamiyat” dixotomiyasi kuzatiluvchi konsepsiyalar qaysi davrda shakllangan?

A. antik davrda

V. o‘rta asrlarda

S. yangi davrda

D. XX asr boshlarida

3-MAVZU: QONUN USTUVORLIGI - FUQAROLIK JAMIYATINING MUHIM OMILI

Qonun ustuvorligi tushunchasi va uning mohiyati.

Qonun ustuvorligini ta’minlovchi asosiy shartlar.

Jinoiy jazolarni liberallashtirish – qonun ustuvorligining muhim sharti.

Qonun ustuvorligi tamoyilining O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati qurilishidagi ahamiyati.

Qonun ustuvorligi inson huquq va erkinliklari kafolati

Tayanch so‘zlar:O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonun ustuvorligi, huquq va erkinliklari, jinoiy jazolarni liberallashtirish, huquqiy ong va madaniyat, huquqiy davlat, hokimiyat tarmoqlari, saylov, saylov huquqi, adolat, sud-huquq tizimi.

Qonun ustuvorligi tushunchasi va uning mohiyati

Demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish – O‘zbekistonning pirovard maqsadidir. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov ta’kidlab o‘tganidek: “Biz shunchaki fuqarolik jamniyati emas, demokratik odil jamiyat qurmoqchimiz... Adolat va haqiqat g‘oyasi ijtimoiy hayotimizning barcha sohalarini qamrab olmog‘i darkor. Adolat va haqiqat g‘oyasi qonunchilik faoliyatimizning zamini, bosh yo‘nalishi bo‘lmog‘i shart”37.

Darhaqiqat, adolat tushunchasi bilan qonun ustuvorligi tushunchasi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, qabul qilinayotgan qonunlarimiz zamirida adolat yotishi darkor. Adolatga asoslangan qonunlarning hayotga tatbiq etilishi adolatning tantana qilishiga olib keladi.

Fuqarolik jamniyatining eng muhim belgilaridan biri - jamiyat a’zolarining qonun oldida tengligining, Konstitutsiya va qonunlarning tengligining ta’minlanganligidir. Shuningdek, Konstitutsiya va qonunlarning pirovard maqsadi inson, uning huquq va erkinliklarini ta’minlashdan iborat bo‘lmog‘i lozim.

“Qonun ustuvorligini ta’minlash, shaxs, oila, jamiyat va davlatning huquq va manfaatlari muhofazasini kuchaytirish, aholining huquqiy madaniyati va huquqiy ongini oshirish, fuqarolarni qonunga bo‘ysunish va hurmat ruhida tarbiyalash – bu rivojlangan bozor iqtisodiyotiga asoslangan chinakam demokratik, huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyati qurishning nafaqat maqsadi, balki uning vositasi, eng muhim sharti hisoblanadi”38. Huquqiy davlatning muhim belgisi – jamiyat hayotida chinakam qonun ustuvorligini ta’minlash - har qanday davlat uchun, xususan huquqiy davlat qurish yo‘lidan borayotgan O‘zbekiston uchun ham juda muhimdir.

Qonun ustuvorligining mohiyati O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining III bob, 15- va 16-moddalarida belgilab qo‘yilgan. Konstitutsiyaning 15-moddasiga muvofiq, “O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarning ustunligi so‘zsiz tan olinadi.

Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko‘radilar” deyilgan.

Qonun ustuvorligi tushunchasining mohiyati Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning bir qator asarlarida chuqur tahlil qilingan.

“Qonun ustuvorligi – huquqiy davlatning asosiy prinsipidir. U hayotning barcha sohalarida qonunning qat’iyan hukmronligini nazarda tutadi. Hech bir davlat organi, hech bir xo‘jalik yurituvchi va ijtimoiy siyosiy tashkilot, hech bir mansabdor shaxs, hech bir kishi qonunga bo‘ysunish majburiyatidan xalos bo‘lishi mumkin emas. Qonun oldida hamma barobardir. Qonunning ustuvorligi shuni bildiradiki, asosiy ijtimoiy eng avvalo, iqtisodiy munosabatlar faqat qonun bilan tartibga solinadi, uning barcha qatnashchilari esa hech bir istisnosiz huquq va normalarni buzganligi uchun javobgar bo‘ladi”39, - deb ta’riflaydi, -O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.Karimov.

Qonun ustuvorligi - fuqarolik jamniyati barpo etishning asosi bo‘lib hisoblanadi. Shu bilan birga, adolat mezoni hisoblanadi. Chunki, qonun ustuvorligi ta’minlansagina adolat qaror topadi, insonlar millati, tili, urf-odati, an’anasi, qadriyatlari, diniy e’tiqodi, jinsi, ijtimoiy ahvoli kabilarda tenglikka erishadilar. U mamlakat iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy hayotida barqarorlik ta’minlanishining asosi hisoblanadi. Qonun oyoq osti qilingan mamlakatda talon-torojlik, tengsizlik, adolatsizlik, zo‘ravonlik va boshqa bir qator salbiy holatlar yuzaga keladi. Ana shuning uchun ham qonun ustuvorligi umuminsoniy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan. Qonun bilan yashashni millat vakillarining dunyoqarashiga aylanishiga erishish, milliy rivojlanishning muhim yo‘nalishini tashkil qiladi.

Qonunning ustuvorligi har qanday davlat va jamiyat hayotining muqaddas tamoyillaridan biridir. Qonunga og‘ishmay itoat etilgan jamiyatdagina demokratiya qaror topadi va yanada mustahkamlanadi. Qolaversa, barcha demokratik institutlar, inson huquqi va erkinliklari qonun vositasi bilan joriy etiladi. Qonunda xalqning irodasi, xohish va istaklari, manfaat va intilishlari o‘zining ifodasini topadi. Qonunga itoatkorlik – bu yuksak madaniyatlilik, ma’naviyatlilik, ma’rifatlilik belgisidir. Qonunga itoatkorlikni insonning unga ko‘r-ko‘rona bo‘ysunishi ma’nosida tushunmaslik lozim. Qonunning maqsad va vazifalarini, ma’nosi-yu, insonparvarlik ahamiyatini ongli ravishda tushunib olish, unga ixtiyoriy rioya qilishga va uning asosida faoliyat yuritishga yordam beradi.

Qonunlarga qat’iy rioya etilishi jinoyatchilikning oldini olishning, qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslikning zarur shartlaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Qonunning kuchi, obro‘si, ta’siri, amaliy ahamiyati hayotda uning halol, haqiqiy, odilona tatbiq etilishidadir. Agar qonun ijrochilari burchlari va mas’uliyatlariga xolisona odilona yondashib, to‘g‘ri yo‘ldan toymay Vatan, davlat manfaati va taqdirini o‘zlari uchun oliy maqsad deb hisoblab qonunlarni turmushga adolatli qo‘llasalar, bundan davlat va jamiyat ham, xalq ham naf ko‘radi.

“Qonun – ijrosi bilan kuchli” – degan iboraga urg‘u beradigan bo‘lsak, demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatida qonunlarni ijro etishda halollik va adolat asosida ish yuritish mutasaddilar uchun asosiy maqsad, jamiyat, xalq va Vatan oldidagi buyuk insoniy burch, yuksak mas’uliyat bo‘lmog‘i lozim.

Shunisi diqqatga sazovorki, mamlakatda bozor munosabatlariga o‘tishning O‘zbekiston Birinchi Prezidenti I. Karimov tomonidan e’lon qilingan besh prinsipi orasida qonunning hamma narsadan ustun bo‘lishi va qonunga itoatkorlik prinsipi alohida o‘rin tutadi. “Chinakam fuqarolik jamniyatida Prezident ham, oddiy fuqaro ham qonunga rioya etadi. Boshqa iloji yo‘q”40.

Fuqarolik jamniyatida qonun ustuvorligi tamoyilining ahamiyati juda muhimdir. Chunki Birinchi Prezidentmiz I.A. Karimov aytganlaridek, «huquqiy davlatning quroli ham, ko‘zi ham, o‘zi ham, qalqoni ham - qonundir»41.

Fuqarolik jamniyatida qonun ustuvorligi avvalambor demokratiyaga xos bo‘lgan xususiyatlarni amalga oshirishni ta’minlaydi, ya’ni boshqacha qilib aytganda, qonun belgilagan har bir narsa majburiy yoki ta’qiqlov xarakteriga ega va ushbu qoida jamiyatda istiqomat qiluvchi barcha shaxslarga taalluqlidir. Ya’ni bu yerdan shunday tushuncha vujudga keladi, barcha qonun oldida barobardir.

Qonun ustuvorligining ahamiyati haqida so‘z yuritar ekanmiz, avvalambor, xalqning manfaatlari, jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlar, davlat ishini tashkil etish va shunga o‘xshash boshqa masalalarda muhim ahamiyatga ega.

Qonun ustuvorligiga erishish uchun avvalambor ularni qabul qilish jarayonida puxta va mukammal qilib, jamiyatda kelajakda uzoq vaqt o‘z foydasini bera oladigan darajada ishlab chiqish lozim. Bundan tashqari qonunlarni qabul qilish jarayonida shuni e’tiborga olish lozimki, ya’ni jamiyat, xalq ushbu qonunga ehtiyoj sezayaptimi yoki yo‘qmi. Aynan shu masala ham qabul qilinadigan qonunning hayotda qay darajada jamiyatga naf keltirishi keltirmasligini belgilab beradi.

Qonun ustuvor bo‘lgan jamiyatda noroziliklar ham bo‘lmaydi, chunki barcha soha vakillari qonun asosida faoliyat yuritar ekan norozilik va tushunmovchilikning o‘zi bo‘lmaydi. Qonunlarning ustuvorligi jamiyatdagi barcha fuqarolar uchun shu jumladan, davlat xizmatida ishlovchi shaxslar uchun, shuningdek jamiyatdagi barcha sohalarga taalluqli bo‘lganligi uning yanada mukammal tus olishigi olib keladi. Qonun ustuvorligi haqida so‘z yuritganda uning ustuvorligini ta’minlovchi davlat organlari haqida ham unutmasligimiz lozim. Chunki qonun qabul qilinishining o‘zi bu uning jamiyatda o‘z-o‘zidan ustuvor xususiyatga ega degani emas, buning uchun davlat organlarining bu borada hizmatlari va mehnatlari talab etiladi.

Qolaversa, qonunlarga itoat qilishda, uning ijrosini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan kishilar har doim oddiy fuqarolarga “etalon” bo‘lishlari lozim bo‘ladi. Ular tomonidan qonunlarning buzilishiga qaratilgan har bir kichik xatti-harakatlar nafaqat umumiy taraqqiyotga, shuningdek fuqarolarning hokimiyatga ishonchining barbod bo‘lishiga olib keladi. Shu ma’noda ham qonun ustuvorligini ta’minlashda fuqaroga qaraganda uning ijrosi uchun mas’ul bo‘lganlar ko‘proq yetakchilik qilishlari talab etiladi. Qonunlarning har qanday shaxs, guruh, siyosiy kuchlar yoxud ijtimoiy tabaqalar manfaatlaridan ustun bo‘lishini real ta’minlash orqaligina demokratiyani rivojlantirish, uning jamiyatda amal qilishiga erishish mumkin bo‘ladi. Uning amal qilishi har ikkala hokimiyat va fuqaro manfaatlariga mos keladi.

2.Qonun ustuvorligini ta’minlovchi asosiy shartlar.

Huquqiy demokratiyaga asoslangan jamiyatda qonun ustuvorligi prinsipini ta’minlovchi asosiy shartlar quyidagilardan iborat.

Birinchidan, hokimiyatlar bo‘linishi prinsipining real joriy etilganligi. Bu prinsipga ko‘ra qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati bo‘g‘inlari o‘zlarining Konstitutsiyada va qonunda belgilangan vakolatlari doirasida faoliyat yuritadilar.

Konstitutsiya va qonunlarga nafaqat fuqarolar, uni qo‘llovchi davlat idoralari va mansabdor shaxslar ham, shuningdek, qonunlarni yaratuvchi hokimiyat organi ham itoat etishga majbur. Hokimiyatlarning oqilona taqsimlanishi davlat tuzilmalarining samarali ishlashi, suiste’mollarning bartaraf etilishi, inson huquq va erkinliklari amalda ta’minlanishi, umuman, demokratiya va qonun ustuvorligining muhim garovidir.

Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 93-moddasining birinchi bandiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiya va qonunlariga rioya etilishining kafilidir. Prezident o‘z farmonlari va huquqiy qarorlari bilan Konstitutsiyaviytamoyillarning qonunlarda mustahkamlangan qoidalarining hayotga to‘la joriy etilishi uchun yo‘l ochadi, tegishli huquqiy mexanizmlarni yaratadi. Prezidentning o‘zi qonunlarga qat’iy amal qilishi bilan davlat idoralari va mutasaddi shaxslar uchun ibrat, namuna ko‘rsatib, ularni ham Konstitutsiya va qonunlarga og‘ishmay rioya etishga safarbar etadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2002 yilning 4 yanvarida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini o‘rganishni tashkil etish to‘g‘risida” farmoyish qabul qilinganligi jamiyatda aholining huquqiy bilimdonligi va madaniyatini oshirish bilan birga Konstitutsiyaning mavqei va nufuzini ko‘tarishga qaratilgan siyosiy-huquqiy tadbirdir.

Uchinchidan, joriy qonunlar va barcha normativ huquqiy aktlar Konstitutsiyaga tamomila mos va unga muvofiq yaratilishi lozim. Bu esa mamlakatda qonuniylik va huquqiy tartibot, taraqqiyot va barqarorlik hukm surishiga olib keladi.

Asosiy qonunimizning 16-moddasi ikkinchi bandida “Birorta ham qonun yoki boshqa normativ huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas” deb qat’iy qilib belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi ana shu muhim Konstitutsiyaviy-huquqiy prinsipiga rioya etishni ta’minlashga intilib kelmoqda.

Konstitutsiyaning ustuvorligini ta’minlash uchun alohida muhofaza mexanizmi bo‘lishini taqozo etadi. Bunday mexanizmning asosiy va markaziy bo‘g‘inini – Konstitutsiyaviy sud tashkil etadi. Konstitutsiyaviy sud o‘z vazifalarini bajarishda mustaqildir va o‘z faoliyatida faqat Konstitutsiya normalari hamda qoidalariga amal qiladi. Uning zimmasiga qonun chiqaruvchi, hukumat va davlat hokimiyati mahalliy organlarining qarorlari Konstitutsiyaga qanchalik mosligiga doir ishlarni nazorat qilish vazifasi yuklatilgan. Konstitutsiyaga sodiqlik, mustaqillik, oshkoralik va sudyalar huquqlari-ning tengligi Konstitutsiyaviy sud faoliyatining asosiy prinsiplaridir.

To‘rtinchidan, qonun ustuvorligini ta’minlovchi va mustahkamlovchi vositalardan biri kodekslashtirishdir. Kodekslar huquq tarmog‘ining bosh qonuni sifatida Konstitutsiya prinsiplarini rivojlantirish yo‘lida yaratiladi va ular konstitutsiya, konstitutsiyaviy qonunlardan keyingi maqeni egallaydi. Kodekslar o‘zining mantiqiy mukammalligi, pishiqligi, ichki barqarorligi huquqiy qoidalarga amal qilganligi tufayli kodeks normalari hayotda o‘zining amalini oson topadi.

Beshinchidan, qonun ustuvorligini ta’minlashning asosiy omillarini quyidagicha e’tirof etish mumkin:

qonun chiqaruvchi jarayonni muttasil demokratlashtirib borish – insonparvar, adolatli xalqchil qonunlar yaratilishining garovidir;

qonunning sifatini mukammallashtirish, uning ichki mexanizmi puxta, yuridik texnika nuqtai nazaridan benuqson bo‘lishiga erishish;

qonunchilikni isloh qilish va takomillashtirishda “qonunda ta’qiqlanmagan hamma narsaga ruxsat beriladi” (fuqarolar uchun). “Faqat qonunda mustahkamlangan narsalargagina ruxsat beriladi” (mansabdor shaxslar va davlat idoralari uchun) degan prinsipga qat’iy amal qilinishiga erishish;

qonunchilik faoliyatining yaqin yillar va istiqbolga mo‘ljallangan strategiyasini hamda qonun ustuvorligini ta’minlash konsepsiyasini yaratish;

qonunlar amal qilishining ijtimoiy mexanizmiga e’tibor qaratish. Bu sohadagi ijtimoiy omillar (ta’sir etuvchi kuchlar, vositalar) ni sinchiklab o‘rganish;

aholining huquqiy madaniyati va savodxonligini oshirish.

Oltinchidan, qonun osti, idoraviy normativ hujjatlarga havolalar, ya’ni ilovalar (shior va deklaratsiyalar tarzidagi normalar) ko‘p bo‘lishining oldini olish zarur. Bunday ilovalar haddan ziyod ko‘p bo‘lishi keyinchalik amaliyotda qonun chetda qolib, uning o‘rnini idoraviy hujjat egallab olishi bilan qonun ustuvorligiga ziyon yetishi xavfini keltirib chiqaradi.

Yettinchidan, qonunlarning barqaror va ustuvor bo‘lishiga erishish. Ularga tez-tez qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish, pirovard natijada qonunning ahamiyati va nufuzi tushib ketishiga olib keladi.

Sakkizinchidan, jinoiy jazolarni liberallashtirish qonun ustuvorligini ta’minlashning muhim sharti bo‘lib hisoblanadiki, biz mavzuni bayon qilish jarayonida bunga alohida to‘xtalamiz.

To‘qqizinchidan, Konstitutsiya va qonunlarning ustuvorligini ta’minlashda prokuror nazoratining roli katta. Prokurorlik nazorati faoliyatida qo‘llaniladigan taqdimnoma, amrnoma, ogohnoma, qaror va arizalarning sifati va ta’sirchanligining yanada yuqori bo‘lishida 2001 yil 29 avgustda qabul qilingan yangi tahrirdagi “Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonunda ko‘zda tutilgan qonuniylik, odillik, mustaqillik va oshkoralik prinsiplari huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Bundan maqsad, xalqimiz ham, prokuratura xodimlari ham ushbu tamoyillarni aniq tasavvur etishlari kerak. Holbuki, fuqarolar har bir prokuratura xodimidan ushbu tamoyillarni ro‘yobga chiqarishni talab qilish huquqiga ega. Prokurorlik nazorati olib borayotgan prokurorlar esa o‘z faoliyatida shu prinsiplarga og‘ishmay rioya etishi shart.

Shunday qilib, O‘zbekistonda huquqiy davlat barpo etish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish maqsadida Konstitutsiya va qonunlarning ustuvorligini ta’minlash uchun kompleks tashkiliy huquqiy kafolatlar yaratildi. Albatta, konstitutsiyaviy huquqiy kafolatlar va yuridik mexanizmlarni muttasil takomillashtirib, ularning samaradorligini oshirib borish lozim. Shu o‘rinda Konstitutsiya va qonunlar ustuvorligini ta’minlashning iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy-axloqiy, ruhiy kafolatlari ham mavjudligini esdan chiqarmaslik lozim.

3.Jinoiy jazolarni liberallashtirish – qonun ustuvorligining muhim sharti.

Mustaqillikka erishgandan keyin Birinchi Prezident Islom Karimov tomonidan insonparvarlik, adolatparvarlik g‘oyalariga asoslangan jinoyat, jinoyat protsessual qonunlarini takomillashtirishga, jinoiy jazolarni liberallashtirishga qaratilgan bir qator qonun loyihalari Oliy Majlisga kiritildi. Ularning qabul qilinishi esa mamlakatimiz ijtimoiy hayotida o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

Ayniqsa, jinoiy jazolarni liberallashtirish borasida jinoiy jazo tizimidan o‘lim jazosini chiqarib tashlash borasidagi say’-harakatlar muhim o‘rin tutadi. Sud-huquq tizimini liberallashtirish to‘g‘risida Prezidentimiz “Sud-huquq tizimini liberallashtirish borasida biz hal etishimiz lozim bo‘lgan yana bir masala – bu jazolash tizimidan o‘lim jazosini chiqarib tashlashdir”42 deganda aynan shu harakatlarni nazarda tutgan edi.

Ma’lumki, 1995 yilgacha amal qilgan Jinoyat Kodeksida 33 ta jinoyatga o‘lim jazosi qo‘llanilar edi. Keyingi Jinoyat Kodeksida esa ularning
13 tasi saqlanib qoldi, ya’ni 20 ta turdagi jinoyatdan o‘lim jazosi olib tashlandi. Jumladan, ayollar, oltmish yoshdan oshgan erkaklar va voyaga yetmaganlarga nisbatan bu jazo qo‘llanilmaydi. Shuningdek, o‘lim jazosi avf etish tartibida yigirma besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan almashtirilishi mumkin (JK ning 51-moddasi).

Ana shu ustuvor vazifadan kelib chiqib, 1998 yilda Jinoyat Kodeksidagi 5 ta moddadan o‘lim jazosi olib tashlandi. 2001 yilda yana to‘rtta moddaga jazo qisqartirildi. 2004 yilda esa bu jazo bor-yo‘g‘i ikkita, ya’ni aybni og‘irlashtiruvchi holatda qasddan odam o‘ldirish va terrorizm jinoyatlari uchun tatbiq etiladigan bo‘ldi. Bular mamlakatimizning xalqaro huquq sub’ekti sifatida xalqaro hujjatlarga zikr etilgan majburiyatlarni so‘zsiz bajarishga inti-layotganining amaldagi isbotidir. Hozirgi kunda 100 ga yaqin davlatning qonunchiligida o‘lim jazosi bekor qilingan. Jumladan, Shvesiya va Finlandiya 1972 yilda, Germaniya1949 yilda, Fransiya 1981 yilda, 1990 yillardan boshlab Irlandiya, Vengriya, Ruminiya, Chexiya, Slovakiya, Shveysariya, Gresiya, Polsha, Moldova, Italiya, Ispaniya davlatlari o‘lim jazosidan voz kechgan. Bundan tashqari, 30 dan ortiq davlatning qonunchiligida o‘lim jazosi mavjud bo‘lsada, amaliyotda qo‘llanilmaydi.

O‘lim jazosini bekor qilish o‘ta murakkab masala bo‘lib hisoblanishini Birinchi Prezident Islom Karimov ta’kidlab, “Birinchi navbatda aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish lozim, chunki bugungi kunda ularning ko‘pchiligi, o‘lim jazosining bekor qilinishiga qarshi. Ikkinchidan, o‘lim jazosi o‘rniga umrbod yoki uzoq muddatli jazoni o‘tashga hukm qilinadigan shaxslar uchun tegishli joylar qurish kerak”, degan fikrga alohida e’tibor qaratish lozim. O‘lim jazosini bekor qilish masalasini aholiga tushuntirib berish ham anchagina murakkab jarayon bo‘lib, bu ishga huquqshunoslar, mutaxassislar, siyosatshunos, psixolog va boshqa ko‘pgina mutaxassislar jalb qilinishi lozim. Shuningdek, Prezidentimiz yuqorida ta’kidlaganidek, o‘lim jazosi o‘rniga sud tomonidan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan mahbuslar jazosi alohida koloniyada o‘tashi lozim bo‘lganligi sababli ularni saqlash bilan bog‘liq jazoni o‘tash muassasasini qurib bitkazish uchun byudjetdan tegishli mablag‘ ajratilishi va binoni tayyorlash ham ma’lum muddat talab etadi. Shu sababli ham davlatimiz rahbari o‘lim jazosini bekor qilish bilan bog‘liq barcha tashkiliy-huquqiy jarayonlar 2-3 yil ichida amalga oshirish mumkinligini bildiradi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, inson hayoti dunyodagi eng oliy qadriyat hisoblanadi. Zero, hayot har bir insonga bir marotaba beriladi, shuning uchun ham undan mahrum etishga hech kim qodir emas, degan tushunchani barchaning ongiga singdirish lozim. Shu bois barcha islohotlar va qonunlar inson manfaatlariga xizmat qilishini nazarda tutsak, o‘lim jarayonining jazo tizimidan olib tashlanishi har tomonlama adolatlidir.

Binobarin, davlatimiz rahbarining 2005 yil 1 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosini bekor qilish to‘g‘risida”gi Farmoni mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ustuvor qadriyat sifatida mustahkamlash yo‘lida qo‘yilgan navbatdagi xayrli qadam bo‘ldi.

2001 yil 29 avgustda qabul qilingan “Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining jinoyat, Jinoyat protsessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun bilan jinoyatlarni tasniflash, yengillashtirish ma’nosida takomillashtirildi, yarashtiruv instituti joriy etildi. Jinoyat kodeksida o‘lim jazosini nazarda tutuvchi moddalar soni keskin kamaytirildi, mol-mulkni musodara qilish jinoiy jazo sifatida bekor qilindi va shu kabi inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qator chora-tadbirlar qo‘llanildi.

Yurtboshimiz tomonidan “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi”ning e’lon qilinishi esa bu boradagi islohotlarning yangi bosqichni boshlab berdi.

Mazkur konsepsiyaning ikkinchiustuvor yo‘nalishi sud-huquq tizimini isloh etishga bag‘ishlangan bo‘lib, bu borada ham tizimda bir qator islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, Odil sudlovning yangi tizimi shakllantirildi va sudlar ixtisoslashtirildi.

Shular qatorida Advokatura instituti ham isloh etildi.O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar Palatasi tashkil etildi. Advokatlarga qo‘yiladigan kvalifikatsion talablari va advokatlik faoliyatiga ta’sir o‘tkazishga qaratilgan harakatlar uchun javobgarlik kuchaytirildi.

Mamlakatimizda mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlarning barchasi qonun ustuvorligi – fuqarolik jamiyatini shakllantirishning asosiy tamoyillaridan biri ekanligining yorqin dalilidir.

4.Qonun ustuvorligi tamoyilining O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati qurilishidagi ahamiyati.

Qonun ustuvorligini ta’minlash fuqarolik jamniyatini shakllantirishning asosiy vazifasi bo‘lib hisoblanadi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, avvalo qonunlar fuqarolarning bevosita yoki bilvosita ishtiroki bilan ishlab chiqiladi, ularning xohish va irodasini o‘zida aks ettiradi. Ammo ko‘pgina qabul qilingan qonunlar real hayotga joriy qilinmasdan qog‘ozda qolib ketadi. Sababi, birinchidan, qonunni qabul qilish davridagi jamiyat taraqqiyoti darajasi bilan uni amalga oshirish imkoniyati o‘rtasidagi nomutanosiblikning mavjudligi. Ikkinchidan, qonunlarni yaratishdagi mahorat va salohiyatning (professionalizm) yetishmasligidir. Uchinchidan, fuqarolarning ham qonunlardan to‘la foydalanishga salohiyati yetarli darajada bo‘lmasligi. Ammo, nima bo‘lganda ham qabul qilingan qonunlarga amal qilish hayotiy zaruriyat hisoblanadi. Chunki, u nafaqat, huquqlar tizimi bilan, shuningdek mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy-ma’rifiy hayoti bilan bog‘liqdir. Ularni o‘zida ifodalagan qonunlarning “ishonmasligi” yoki poymol qilinishi mavjud ekan, jamiyat hayotida ijobiy o‘zgarishlar sodir bo‘lmaydi.

Mamlakat va fuqarolar manfaatlarining uyg‘un holatda amalga oshuvining asosiy mexanizmi qonunlar oldida oddiy fuqarodan tortib eng yuqori lavozimni egallab turgan amaldorlarga barobarligi, ularning qonunlarga so‘zsiz itoat qilishi hisoblanadi. Bu tamoyilni shakllantirish O‘zbekistonda qurilayotgan fuqarolik jamniyatining asosiy vazifasi sifatida qaralmoqda.

Qonun ustuvorligiga xilof ish qilish va unga mensimay qarash, mansabdor shaxslar tomonidan qonunlarning oyoq osti qilinishi, ulardan g‘arazli maqsadlarda foydalanish qonunlarni obro‘sizlantiradi, davlat va jamiyatning ma’naviy asoslariga putur yetkazadi, xalqning noroziligiga, haqqoniy e’tirozlariga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, fuqarolarning davlat tuzilmalari bilan munosabatlari jarayonida qonunlarga rioya etilishi yoki rioya etilmasligi fuqaro – davlat munosabatlarining butun bir tizimdagi ijtimoiy adolat qoidalarining holatini belgilab beradi.

Shu o‘rinda mahalliy hokimiyat vakillari to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tish zarur deb o‘ylaymiz. Zero, islohotlarni amalga oshirishda, joylarda adolat qoidalarini o‘rnatishda ularning o‘rni katta bo‘lishi zarur. Buning o‘rniga mahalliy hokimiyat vakillari, hatto hokimlar tomonidan inson huquqlarini buzish holatlari, afsuski sodir etilmoqda.

Prezidentimiz ikkinchi chaqiriq Oliy Majlisining to‘qqizinchi sessiyasida “Adolat - qonun ustuvorligida degan hayotiy tamoyilga qat’iy amal qilib yashash g‘oyasi ham fuqarolik jamiyatini shakllantirishning asosiy yo‘nalishlaridan birini tashkil etadi” – deb ko‘rsatgan edi. Lekin qonunlarga itoat qilishda, uning ijrosini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan kishilar har doim oddiy fuqarolarga “etalon” bo‘lishlari lozim bo‘ladi. Ular tomonidan qonunlarning buzilishiga qaratilgan har bir kichik xatti-harakatlar nafaqat umumiy taraqqiyotga, shuningdek fuqarolarning hokimiyatga ishonchining barbod bo‘lishiga olib keladi. Shu ma’noda ham qonun ustuvorligini ta’minlashda fuqaroga qaraganda uning ijrosi uchun mas’ul bo‘lganlardan ko‘proq yetakchilik qilishlari talab etiladi. Qonunlarning har qanday shaxs, guruh, siyosiy kuchlar yoki ijtimoiy tabaqalar manfaatlaridan ustun bo‘lishini real ta’minlash orqaligina demokratiyani rivojlantirish, uning jamiyatda amal qilishiga erishish mumkin bo‘ladi. Uning amal qilishi har ikkala hokimiyat va fuqaro manfaatlariga mos keladi.

Xulosa qilib aytganda, qonun ustuvorligi quyidagi uch holatda o‘zining to‘liq ifodasini topadi.

Birinchidan, qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa normativ huquqiy hujjatlar adolat prinsipiga, inson huquqi va manfaatlaridan kelib chiqib, ijtimoiy jihatdan asoslangan bo‘lishi kerak.

Ikkinchidan, barcha qonunlar va boshqa normativ huquqiy hujjatlar talabi barcha davlat organlari, mansabdor shaxslar, nodavlat tashkilotlari va fuqarolar tomonidan qat’iy bajarilishi shart43.

Uchinchidan, barcha normativ-huquqiy hujjatlar Konstitutsiya va qonunlarga mos bo‘lishi shart.

Demak, fuqarolik jamniyatining muhim tamoyili bo‘lgan qonun ustuvorligi mamlakatimizda barpo etilayotgan fuqarolik jamiyati qurishning asosidir.

5.Qonun ustuvorligi inson huquq va erkinliklari kafolati

Istiqlol tufayli mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida yuz bergan keng qamrovli o‘zgarishlar yurtimizda yangi demokratik qadriyatlar ildiz otganini, inson huquqlari va uning erkini ta’minlashga qaratilgan huquqiy-demokratik davlat va fuqarolik jamiyatiga xos zamonaviy tuzilmalar shakllangani bilan xarakterlanadi.

Albatta, erkin va adolatli jamiyat qurish uchun qonunga tayanishimiz va qonun ustuvorligiga erishishimiz lozimdir. Chunki har qanday davlatning qudratli va mustahkam bo‘lishi, xalqining tinch va farovon hayoti amaldagi qonunlarning ustuvorligiga bog‘liqdir.

Shunday qilib, huquq - davlat tomonidan belgilanadigan yoki ruxsat etiladigan va uning kuchi bilan himoya qilinadigan umummajburiy hulq-atvor qoidalari tizimidir. Huquq ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi regulyator bo‘lib, uning ushbu xususiyati ijtimoiy munosabatlar bilan bo‘ladigan muntazam aloqadorligini ta’minlaydi.

Erkinlik – insonga qonun bilan ruxsat etilgan u yoki bu harakatni amalga oshirishi va hayot uchun zarur bo‘lgan ne’matlardan foydalanishda ijtimoiy to‘siqlarning bo‘lmasligi tushuniladi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi — jamiyat tayanchi va yurtimiz taraqqiyotining huquqiy kafolati, davlatimiz mustaqilligining yorqin ramzi, ko‘p millatli xalqimiz xohish-irodasining qonuniy ifodasi hisoblanadi. Konstitutsiyaning X bob 43-46 moddalari inson huquq va erkinliklariga bag‘ishlangan bo‘lib, davlat fuqarolarining Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquq va erkinliklarni ta’minlashi, har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan taqdim etilgan «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»da ham bu masalaga alohida e’tibor qaratilib, yurtimizda huquqiy davlat asoslarini tobora takomillashtirish va aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish hal qiluvchi vazifa bo‘lib qolishi ta’kidlangan. Zero, jamiyatning demokratiya yo‘lidan jadal rivojlanishi va bu boradagi islohotlarning samarasi ko‘p jihatdan odamlarning huquqiy ongi va madaniyati darajasiga bog‘liq. Odamlarning huquqiy ongi va madaniyati davlatimiz rahbarining 2011 yil 23 avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq vazirlik zimmasiga aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, davlat organlari, jamoat birlashmalarining huquqiy targ‘ibot va ma’rifat sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish vazifalari yuklatilgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 23 iyuldagi qarori asosida tasdiqlangan Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘yicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha idoralararo kengash to‘g‘risidagi nizom bu boradagi faoliyatni tartibga solishda muhim huquqiy asos bo‘ladi. Avvalambor odamlarning huquqiy ongi va madaniyati shakllantirishda insonlarga o‘zlarining huquq va burchlarini, o‘zlari yashab turgan joyda o‘rnatilgan qonunlarga asosan ularning shaxsiy va fuqarolik huquq va burchlari kafolatlab qo‘yilgan asosiy qonun, ya’ni konstitutsiya va uning normalari tanishtirilishi kerak.

Buni mazkur hujjatning birinchi moddasidan to oxirgi moddasigacha inson huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, vatan ravnaqi hamda jamiyat taraqqiyotiga xizmat qilib kelayotgan umumbashariy g‘oyalar singdirilganida ham ko‘rish mumkin. Asosiy qonunimizda buyuk ne’matlar orasida eng ulug‘i - “inson uchun” degan g‘oya ilgari surilib, uni ulug‘lash, uning erkin kamol topishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish o‘z aksini topgan. Boshqacha aytganda, “fuqaro - jamiyat - davlat” o‘rtasidagi izchil hamkorlikning huquqiy yechimi asoslab berilgan.

Demokratik davlatda jamiyat a’zolarining huquq va erkinliklari kafolati doimiy harakatdagi mexanizmga o‘xshashi lozim. Konstitutsiyaning 19-moddasida “hech kim sud qarorisiz fuqarolarni huquq va erkinliklaridan mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga haqli emas”ligi belgilab qo‘yilganki, bu qoida huquqbuzar kim bo‘lishidan qat’i nazar, javobgarlikka tortish mumkinligini bildiradi. Kafolat tizimida iqtisodiy omilga keng o‘rin berilgan. Chunki iqtisodiy hayot qanchalik farovon bo‘lsa, huquqning amaldagi kafolat darajasi ham shunchalik yuqori bo‘ladi.

Bugungi Asosiy qonunimizda esa davlat ham, jamiyat ham, avvalo, inson manfaatlariga xizmat qilishi, uning haq-huquqlarini himoya etishi ustuvor tamoyil sifatida aniq belgilab qo‘yilgan. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Biz boshlagan islohotlarimizning pirovard maqsadi bitta - adolatli jamiyat barpo etish. Islohot islohot uchun emas, avvalo inson uchun, inson manfaatlarini ta’minlash uchun”. O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini barpo etish sharoitida inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasidagi konstitutsiyaviy kafolatlar tizimini hayotga tatbiq etishga qaratilgan islohotlar jamiyatning shu maqsad yo‘lidagi vazifalariga to‘liq mos kelmoqda, inson huquqlarini kafolatlovchi milliy mexanizm yaratilmoqda. Inson huquq hamda erkinliklarini ta’minlovchi va kafolatlovchi davlat organlari tizimi tashkil etilib, ixtisoslashgan nodavlat tashkilotlarining paydo bo‘lishiga ko‘maklashmoqda. Hozirgi paytda insonning huquq hamda erkinliklarini ta’minlash mexanizmini yanada takomillashtirish maqsadida inson va fuqaro huquq hamda erkinliklarining kafolatlari to‘g‘risida qonun qabul qilish maqsadga muvofiqdir. Inson huquqlari g‘oyasi milliy parlamentimiz faoliyatida doimiy o‘rin egallashi darkor. Har qanday qonun ishlab chiqilayotgan va muhokama etilayotgan paytda insonning asosiy huquqlariga qanchalik mos kelishiga alohida e’tibor qaratish zarur. Ana shu prinsiplarga og‘ishmay rioya etilgan taqdirdagina chinakam fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat barpo etish mumkin.

Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezident I.Karimov: “...Qadimgi dunyoning buyuk donishmandlari “Nimaiki qonuniy bo‘lsa, u – adolatlidir”, deb ta’kidlaganlari bejiz emas. Ular shu tariqa aynan qonun adolat manbai va mezoni ekanini uqtirganlar, desak, har tomonlama o‘rinli bo‘ladi. Va aksincha, agar qonun bajarilmasa, qonunda bir narsa yozilib, hayotda hammasi boshqacha bo‘lsa, odamlarning Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda muhrlab qo‘yilgan adolat va demokratiya normalariga nisbatan har qanday ishonchi yo‘qoladi. Bunday holat barchamizga ayon. Qonun va qonun ustuvorligi bo‘lmagan joyda avvalo uning o‘rnini korrupsiya degan balo egallaydi”, - deb ta’kidlaydi44.

Shuningdek, Gellap Instituti (AQSh) ijtimoiy fikrni o‘rganish markazi tomonidan «qonuniy tartiblarga itoat qilish indeksi» bo‘yicha «Siz o‘zingiz yashayotgan shahar yoki tumandagi mahalliy politsiyaga ishonasizmi?», «Siz o‘zingiz yashayotgan shahar yoki tumanda kechasi xavf-xatardan qo‘rqmasdan yolg‘iz yura olasizmi?» va «Oxirgi o‘n ikki oyda siz va oila a’zolaringizning pul va mol-mulki o‘g‘irlangan holat sodir bo‘lganmi?» savollari ostida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 141 mamlakat orasida 2 (ijobiy) o‘rinni egallagani tahsinga sazovordir45.

Nazorat savollari:

Qonun ustuvorligi tushunchasi va uning mohiyati nima?

Qonun ustuvorligini ta’minlovchi asosiy shartlar nimalardan iborat?

Fuqarolik jamiyati rivojida qonun ustuvorligi qanday ahamiyat kasb etadi?

“Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi”ning sud-huquq tizimini isloh etish yo‘nalishi bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirildi?



Qonun ustuvorligi inson huquq va erkinliklari kafolati

1Karimov I.A. Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot – pirovard maqsadimiz. -T.: O‘zbekiston. 2000. 8-jild. -B-331.

2Mirziyoyev Sh.M. Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta’minlash – yurt taraqqiyoti va xalq farovonligining garovi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruza. //Milliy taraqqiyot yo‘limizni qat’iyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga ko‘taramiz. -T.: O‘zbekiston NMIU, 2017.-B.102-103..

3Fuqarolik jamiyati:yutuqlar, muammolar, istiqbollar. T.: Akademiya. 2007.

4

5O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. -T.: O‘zbekiston, 2016. -B.4-6.

6 Edvars M., Gaventa Dj. Globalьnaya grajdanskaya initsiativa.//Grajdanskoe obщestvo i pravo. -M., Referativ. byull., № 1(47), 2003. -M.: RAGS, 2003. 50-53-betlar.

7Abu Nosir Forobiy.Fozil odamlar shahri.-T.:A.Qodiriy nashriyoti,1993.-B.190.

8Yusuf Xos Xojib Qutadg‘u bilig.-T.: Fan, 1971.-B.329.

9O‘sha asar.-B.329.

10Nizomulmulk. Siyosatnoma. T.:Adolat,1997.-B.98.

11Amir Temur tuzuklari.-T.:G‘ofur G‘ulom nashriyoti,1996.-B.24.

12O‘sha asar.-B.81.

13O‘sha asar.- B.83.

14 Alisher Navoiy. Mahbub ul- Qulub.–T.: Fofur Fulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti1983.-B-12.

15Gobbs T. Izbrannыe proizvedeniya. V 2-x tomax. T.2. M.1956.-S.137.

16Russo J.J. Ob obщestvennom dogovore. Traktatы / Per. s fr. -M.:“KANON-press”,“Kuchkovo pole”, 1998.-S.39.

17Russo J.J. O‘sha asar. –B.40.

18Russo J.J. O‘sha asar. –B.40.

19Monteskьe Sh.L. Izbrannыe proizvedeniya. O zakonax, v ix otnosheniyax k razlichnыm suщestvam.-M.,1955. -S.122.

20Fergyuson A. Opыt istorii grajdanskogo obщestva / Per. s angl. Pod red. M.A.Abramova.-M.,2000.-S.107.

21Fergyusson A. Opыt istorii grajdanskogo obщestva / Per. s angl. I.I.Myurberg. Pod red. M.A.Abramova. - M.: ROSSPEN, 2000.-S.4-10.

22Qarang: Gegelь G.V.F. Filosofiya prava. – M.: Mыslь, 1990.–S.227.

23 Gegelь G. Rabotы raznыx let. Tom 2.-M.:1973.–S.50.

24Gegelь GV.F. Filosofiya prava.-M.Mыslь,1990.-S.228.

25Muxaev R.T.Politologiya.-M.:Prospekt,2010.-S.240 s.

26 Goncharov D. Normativnaya diskussiya o grajdanskom obщestve: osnovnыe napravleniya. Moskva. 2010. S. 86

27 Walzer M. Concept of Civil Society – Walzer M., ed. Toward a Global Civil Society. Providence RI: Berghahn Books1995.-R.122.

28 Baker G. Civil Society and Democratic Theory: Alternative Voices. 2002.-R.91.

29 Arato A. Civil Society Against the State: Poland, 1980-81.–Telos, 1981.-R.47.

30 Vallerstayn I. Kones znakomogo mira: Sotsiologiya XXIveka. M.: Logos, 2003. 368-s.

31 Markuze G. Eros i sivilizatsiya.-M.,1999.-S.43-47.

32Meritokrа́tiya (“munosiblar yoki loyiqlar hokimiyati”, lotincha. meritus - munosib va yunoncha κρατος - hokimiyat, boshqarish) – rahbarlik mansablarini ijtimoiy holati yoki kelib chiqishi yoki moliyaviy ahvoli qanday bo‘lishidan qat’iy nazar aqlli va dono odamlar egallashi lozim.

33 Toffler E. Metamorfozы vlasti.-M.:OOO «Izdatelьstvo AST», 2002..-T.2.-S.566.

34 Fukuyama F. Kones istorii i poslednыy chelovek.-M.:Ermak,AST,2005.-S.46.

35 Bek U.Chto takoe globalizatsiya? -M.:Progress-Traditsiya,2001.-S.115.

36Kosmopolit [yunon. kosmopolites dunyo fuqarosi] – vatanparvarlik hissidan mahrum odam, o‘z vatani manfaatlaridan uzilgan inson, o‘z xalqiga begona, o‘zini biron-bir millat va xalqqa taalluqli emasman, deb fikrlaydigan kishi.

37Karimov I.A. Vatan sajdagoh kabi muqaddasdir. 3-jild. –T.: O‘zbekiston, 1996. 10-b.

38 Karimov I.A. Xavfsizlik va tinchlik uchun kurashmoq kerak. 10-jild. –T.: O‘zbekiston, 2002, 28-b.

39 Karimov I.A. O‘zbekiston milliy istiqlol, iqtisod, siyosat, mafkura. 1-jild. –T.: O‘zbekiston, 1996. -B.321.

40 Karimov I.A. “Yangi uy qurmay turib, eskisini buzmang”. –T.: O‘zbekiston, 1993, 22-b.

41X. Boboev, 3. G‘ofurov, 3. Islomov. "Milliy istiklol mafkurasi va taraqqiyot". –T.: Yangi asr avlodi, 2001. 115-b.

42 Karimov I.A. Bizning bosh maqsadimiz – jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni modernizatsiya va isloh etishdir. –T.: O‘zbekiston, 2005.

43O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. bet

44 Xalq so‘zi. №236 (6419). 2015 yil 6 dekabrь.

45 Xalq so‘zi. №236 (6419). 2015 yil 6 dekabrь.

Yüklə 113,33 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin