Mavzu: Etika Reja



Yüklə 16,56 Kb.
tarix12.06.2023
ölçüsü16,56 Kb.
#128892
etika


Mavzu: Etika
Reja:

  1. Etika haqidagi tushunchalar

  2. Etika faning rivojlanish tarixi

  3. Etika oldidagi qator global muamolar



Etika (yun. ἠθική [φιλοσοφία] - "axloq falsafasi", yun. ἤθος (ētos) - "odat") shaxs yoki jamiyat odatlarini, axloq normalarini oʻrganuvchi hamda belgilovchi falsafiy tadqiqotdir. U "toʻgʻri"-"notoʻgʻri", "yaxshi"-"yomon" tushunchalarini tahlil qiladi. Etika meta-etika (etika konseptlari), normativ etika (etik qiymatlarni belgilash) va amaliy etika (etik qiymatlarni ishlatish) boʻlimlaridan iborat.
Etika (yun. yegpoz — xulq, odat) — axloq va uning shaxs hamda jamiyat hayotidagi oʻrnini oʻrganuvchi falsafiy fan. E. axloqshunoslikning falsafiynazariy muammolarini va axloqqa doir didaktikamaliy asarlarni oʻz ichiga oladi. U insoniyat oʻz tajribasi orqali erishgan donishmandlik namunalarini hikoyatlar, hikmatlar, naqllar, maqollar tarzida bayon etadi, kishilarga axloqning mohiyatini tushuntirib, falsafiy xulosalar chiqaradi, ularga axloqiy qonunqoidalarni oʻrgatadi.
E.ning quyidagi mezoniy tushunchalari — kategoriyalari bor: fazilat va illat, yaxshilik va yomonlik, halollik, rostgoʻylik, kamtarlik, adolat, burch, vijdon, nomus, ideal, baxt, hayotning maʼnosi va boshqalar Axloq inson va jamiyat hayotining barcha (shaxsiy, jamoaviy, kasbiy va h.k.) jabhalarini qamrab olganligi tufayli uni oʻrganuvchi E. barcha fanlar bilan aloqador. Ayniqsa, uning maʼnaviyat tizimidagi fanlarga taʼsiri katta. E.ning estetika bilan bogʻliqligi sanʼat vositasida roʻy beradi; har bir sanʼat asarida axloqning dolzarb muammolari koʻtariladi, sanʼatkor oʻz davri axloqiy darajasini va unga munosabatini badiiy qiyofalar orqali bevosita yoxud bilvosita aks ettiradi. Demak, estetika oʻrganayotgan har bir badiiy asar ayni paytda E. nuqtai nazaridan ham tadqiq etilayotgan boʻladi. E.ning dinshunoslik bilan munosabati har ikkala fanning axloqiy mezonlar muammosini hal etishga qaratilgani bilan bogʻliq. Bunda din — vosita, axloq — maqsad tarzida namoyon boʻladi. Har bir dinning muqaddas kitobi xudoning bandalarini ham eʼtiqodiy, ham axloqiy insonlar qilib tarbiyalashga yoʻnaltirilgan. Shuningdek, komil inson muammosi har ikkala fan uchun umumiy hisoblanadi; farq shundaki, E. bu muammoga zamonaviy tarbiya nuktai nazaridan yondashadi. E. huquqshunoslik bilan chambarchas bogʻliq; koʻp hollarda axloqiy va huquqiy meʼyorlar mohiyatan bir xil boʻladi, ular faqat yondashuvda — sanksiyalarning joriy etilishidagi usul orqali farqlanadi. Shunga koʻra, axloqni jamoatchilik asosidagi huquq, huquqni esa qonuniylashtirilgan axloq deb atash mumkin. E.ning huquqshunos odobi deb atalgan maxsus sohasi ham mavjud. E. oʻzining nazariy va ayniqsa, amaliy jihatlari bilan ped. fanining asosi hisoblanadi; taʼlim tizimidagi taʼlimtarbiya oʻzini har qadamda axloqiy tarbiya sifatida namoyon qiladi. Shuningdek, E. psixologiya, sotsiologiya, siyosatshunoslik, ekologiya kabi qator fanlar bilan ham mustahkam aloqador, ular muammolarini hal qilishda axloqiy nuqtai nazar, axloqshunoslik nazariyalari muhim ahamiyatga ega.
E.ga doir dastlabki tushunchalar shumerliklarning "Me" qonunlar majmuida uchraydi. Undagi "namlul" tushunchasi insonparvarlik, ezgulik maʼnolarini anglatgan. Bobil podshosi Xammurapi qonunlarida, "Pxatoten oʻgitlari", "Misr mayyitlar kitobi", Avesto kabi qadimiy yodgorliklarda axloqiy tamoyillar va meʼyorlar qonunlar, eʼtiqodiy daʼvatlar shaklida berilgan; Hindistonning "Manuqonunlari", "Dhammapada", "Patanjali" kabi yodgorliklarida esa pandnoma va hikmat usuli ustuvor. qadimiy Xitoy daochidonishmandlari insonni tabiatning bir qismi sifatida olib qaraydilar va uning vazifasi fazilat yoʻlidan borish ekanini, barcha yovuzliklar, baxtsizliklar insonning tabiat joriy etgan qonunlardan chekinishi oqibati ekanini taʼkidlaydilar. Konfutsiy va uning izdoshlari fazilat egasi boʻlishni urf-odatlarga soʻzsiz boʻysunishda koʻradilar. qadimiy Sharqdagi, xususan, Misr va Hindistondagi axloqiy gʻoyalar, qarashlar antik davr estetikasiga ilmiynazariy asos boʻldi; yunon mutafakkirlari Sokrat va Platon qarashlarida ilohiylik axloqning asosi, insonga axloqiylik azaldan berilganligi taʼkidlansa, Aristotel inson kamolotga bilish faoliyati, voqelikka faol munosabati orqali, hirsu ehtiroslar ustidan hukmronlik qila olishi tufayli erishadi, deydi. Sitseron, Seneka, Epiktet singari qadimiy Rim axloqshunoslarining qarashlarida esa qullik, erk, hayotning maʼnosi, baxt muammolari oʻrtaga tashlanadi. Oʻrta asrlar E.sida qadimgi Sharq mutafakkirlari (Roziy, Forobiy, Ibn Sino, Ibn Rushd) asarlari va fikhiy tasavvufiy yoʻnalishlarda Abu Lays Samarqandiy, Gʻazzoliy, Rumiy, Aziziddin Nasafiy, Navoiy, Koshifiy tomonidan yozilgan kitoblar E. taraqqiyotiga katta hissa boʻlib qoʻshildi; Uygʻonish davri faylasuflari oʻz axloqiy qarashlarida ulardan samarali foydalandilar (Valla, Monten). Bu taʼsirni yangi davr axloqshunosligida ham yaqqol sezish mumkin; Gobbs, Spinoza, Gelvetsiy, Golbax, Russo kabi maʼrifatchilar axloqning shaxs va jamiyat hayotidagi oʻrniga, demokratik oʻzgarishlarning axloqiy ildizlariga eʼtiborni qaratdilar. Bu davrda nemis mumtoz axloqshunosligi alohida ahamiyatga ega boʻddi; u bir tomondan ratsional nazariyalarni (Kant, Shiller, Fixte, Shelling , Gegel, Feyerbax), 2tomondan, noratsional qarashlarni (Kyerkegor, Shopengauer, Nitsshe) oʻrtaga tashladi; Kant burchga asoslangan imperativ (qatʼiy amr) gʻoyasini ilgari surdi, Gegel axloqning miqyosiyligini, huquqning asosi, jamiyatning qoni va joni ekanini, Feyerbax axloqiy xattiharakatlarda hissiyotning , ayniqsa, muhabbat hissining ahamiyatini taʼkidladilar. Noratsional yoʻnalish tarafdorlari insonni tushunchalar (aql) yordamida bilish mumkin emasligini, yovuzlikning ezgulikdan gʻolib kelayotganligi axloqsizlikni axloqiy niqob bilan berkitishga doimiy urinish bilan bogʻliqligiga, inson ixtiyor iskanjasida, manfaat va hukmronlik yoʻlida hech narsadan toymaydigan jonzotga aylanib borayotganiga diqqatni qaratdilar. 19-asrning 2-yarmi — 20-asr boshlaridagi rus mumtoz axloqshunosligi axloqiylikni diniylik bilan yaxlitlikda olib qaradi (V.Solovyov, F.Dostoyevskiy, N.Berdyayev, B.Visheslavsev), ezgulik bilan yovuzlikning dialektik aloqadorligi masalasini oʻrtaga tashladi. Etik tafakkurlar tarixida axloq tabiati haqidagi turli taʼlimotlar vujudga kelgan (q. gedonizmevdemonizmutilitarizm). Hozirgi paytda gʻayrizoʻravonlik axloqshunosligi (Gandi, King , Sharp, Guseynov) muhim ahamiyatga ega. U yovuzlikka qarshi zoʻravonlik ishlatmasdan kurashishni tavsiya etadi — terror qilish, qon toʻkish, isyon koʻtarish bilan emas, muhabbat, kechirimlilik, yuksak axloqiylik, ezgu ixtiyor va iroda vositasida ish tutish lozim. Shuningdek, bugungi kunda hayotga ehtirom yoki universal E. (A.Shveyser), yangi tasavvuf E.si (M.Qutqu, M.Joʻshon) insoniyat oldiga dolzarb axlokiy vazifalarni qoʻymoqda. Hayotga ehtirom insondan mavjudlikdagi har bir jonzotga — oʻsimlikka ham, hayvonlarga ham oʻz hayoti kabi oliy qadriyat deb qarashni talab etsa, yangi tasavvuf axloqshunosligi industrial jamiyatda nafsga qarshi kurashishning muhimligini isbotlab beradi.
Endilikda E. oldida qator global muammolar turibdi; insoniyat hozir noosfera (texnikaviy muhit)da yashab, biosfera (biologik muhit)dan tobora uzoqlashib bormoqda, inson tafakkuri vujudga keltirgan fantexnika taraqqiyoti endilikda insonning oʻziga, uning mavjudligiga qarshi xavf sifatida ham maydonga chiqmoqda: atom, vodorod, neytron bombalarning , yadroviy kallakli ballistik raketalarning yaratilishi, olamiy okeanning , yer osti va yer usti suvlarining zaharlanishi kabi hodisalar ekologik tozalikdan ham koʻra axloqiy poklikni talab qilmoqda. Klonlashtirish, bir inson aʼzosini boshqa insonga koʻchirib oʻtkazish, evtanaziya (bemorning oʻz oʻlimini.tezlashtirish toʻgʻrisidagi iltimosini qondirish) va boshqalar muammolar ham axloqiy aralashuvga muhtoj.
Oʻzbek milliy E.si boshqa falsafiy fanlar kabi mintaqaviy tabiatga ega boʻlib, uning ildizlari Avestot borib taqaladi. Avestoda ilgari surilgan 3 fazilat — ezgu fikr, ezgu soʻz, ezgu amal yaxlitligidan iborat axloqiy gʻoya barcha davrlar oʻzbek E.si uchun umumiy tadqiqiy asos boʻlib keldi. Tasavvufiy E.da mazkur yaxlitlik 4 fazilat yaxlitligi (ezgu fikr, ezgu soʻz, ezgu amal va maʼrifat) shaklida namoyon boʻldi (Aziziddin Nasafiy, Koshifiy). Naqshbandiya tariqati axloqshunosligida esa asosiy eʼtibor insonning zamon va makondagi roliga, axloqiy xattiharakatning zamon ehtiyojlarini hisobga olishi, ilohiy va insoniy fazilatlarning uygʻunligi masalasiga qaratildi (Bahouddin Yaaqshband, Alisher Navoiy). Oʻrta asrlar oʻzbek E.sida nazariy fikrlar bilan pandnoma usulidagi hikoyatlar omuxtaligi koʻzga tashlanadi (Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Yassaviy, Poshshoxoja). Bu jihatdan temuriylar davridagi pandnomalar, ayniqsa, Navoiyning "Mahbub ulqulub" asari noyob hisoblanadi. Keyingi davrlardagi eng eʼtiborli pandnoma Gulxaniyshsht "Zarbulmasal" asaridir. Jadidchilik harakati davrida axloqshunoslikka eʼtibor yanada kuchaydi; jadidlar milliy ozodlikka erishish yoʻlini xalq axloqiy darajasini va maʼrifatni yuksaltirishda koʻrdilar; Anbar Otinning "Qarolar falsafasi", Avloniyshtg "Turkiy Guliston yoxud axloq", Fitratnit "Najot yoʻli", "Oila" asarlarida shaxs axloqiy hayotining jamiyat taraqqiyotiga taʼsiri, yangicha turmush tarzining axloqiylik bilan bogʻliqligi masalalari koʻtarildi. Axloqiylikni sinfiylik va partiyaviylik kabi tamoyillarga boʻysundirgan shoʻrolar davri E.si soxta fan sifatida oʻz vazifasini oʻtay olmadi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan soʻng , kechmish axloqiy qadriyatlari, anʼanaviy urf-odatlar, milliy va axloqiy tamoyil hamda meʼyorlar jamiyatda oʻz oʻrnini egallagach, E. fani ham taraqqiyot yoʻliga kirdi, E. tarixi va nazariyasiga doir yirik tadqiqotlar eʼlon qilindi (Y.Jumaboyev, E.Yusupov). Oʻzbekiston milliy untida etika va estetika kafedrasi mavjud; barcha oliy oʻquv yurtlarida E. fani oʻqitiladi. Hozirgi paytda olimlar (X.Shayxova, A.Sher, F.Zagritdinova, M.Mahmud va boshqalar) E. tarixi va nazariyasining dolzarb muammolariga doir yangi tadqiqotlar olib bormoqda.
Yüklə 16,56 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin