Muxammadieva Mohinur Yaxshibaevnaning falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirishning tashkiliy-huquqiy masalalari”, 12.00.12 – Korrupsiya muammolari (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/Yu522.
Ilmiy rahbar: Xojiev Erkin Tuyg‘unovich, yuridik fanlar nomzodi, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, DSc.31/31.12.2020.Yu.67.01.
Rasmiy opponentlar: Ismoilov Baxodir Islamovich, yuridik fanlar doktori, professor; Narimonov Begzod Abduvalievich, yu.f.f.d. (PhD), dotsent.
Etakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish jarayoniga jamoatchilik, ilmiy tashkilotlar va mustaqil ekspertlarni keng jalb qilish tartibiga oid taklif ishlab chiqilgan;
qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqishning barcha bosqichlarida, ayniqsa, ushbu loyihalarni qonunchilik tashabbusi sub’ektiga kiritish, muhim siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy dasturlar ishlab chiqish jarayonida nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari ishtirok etishi hamda qonunchilik ijrosi ustidan monitoring olib borish mexanizmlarini takomillashtirish huquqiy asoslantirilgan;
nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarida kadrlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni davlat fuqarolik xizmatiga tayyorlash orqali kadrlar zaxirasini shakllantirish choralarini ko‘rish bo‘yicha takliflar asoslab berilgan;
davlat boshqaruvi organlarida korrupsiyaviy omillarni bartaraf qilish maqsadida qonunchilikka korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida vakolatli davlat organlariga axborot berish hamda korrupsiyaga qarshi kraudsorsing vositalarni qo‘llashni kiritish asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlari rolini oshirishga oid tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 22 oktyabrdagi “Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5263-son qarorining 2-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2023 yil 25 yanvardagi 12/15-20-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish jarayoniga jamoatchilik, ilmiy tashkilotlar va mustaqil ekspertlarni keng jalb qilish tartibini belgilashga xizmat qilgan;
qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqishning barcha bosqichlarida, ayniqsa, ushbu loyihalarni qonunchilik tashabbusi sub’ektiga kiritish tartibini takomillashtirishga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 4 martdagi “2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-6181-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ning 19 va 21-bandlarini ishlab chiqishga xizmat qilgan (Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2021 yil 14 dekabrdagi 12/21-54-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi muhim siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy dasturlar ishlab chiqilishida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirok etishi hamda qonunchilik ijrosi ustidan monitoring olib borish mexanizmlarini takomillashtirishga ko‘maklashgan;
davlat xizmati kadrlari zaxirasini shakllantirish mezonlariga oid takliflardan Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 18 yanvardagi 23-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”ning 4-bob 9-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (Vazirlar Mahkamasining Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2021 yil 14 dekabrdagi
12/21-54-son dalolatnomasi). Ushbu taklif nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarida kadrlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni davlat fuqarolik xizmatiga tayyorlash ishida samarali ko‘maklashgan;
davlat organlarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etishga oid takliflardan “Davlat boshqaruvi organlarida korrupsiyaviy omillarni bartaraf qilish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini tayyorlashda foydalanilgan (Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2022 yil 20 yanvardagi 03-06/196-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning qabul qilinishi korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida davlat organlariga axborot berish, korrupsiyaga qarshi kraudsorsing vositalarni qo‘llashga doir normalarni shakllantirishga xizmat qilgan.