N. B. Ataboyeva, Sh. Saboxiddinova (Toshkent, O‘zbekiston)



Yüklə 345,13 Kb.
tarix02.01.2022
ölçüsü345,13 Kb.
#40385
Атабоева Сабоҳиддинова


N.B.Ataboyeva, Sh.Saboxiddinova

(Toshkent, O‘zbekiston)
O‘SMIRLIK DAVRIDA AVTONOMIYANI NAMOYON BO‘LISHINING PSIXOLOGIK XUSUSIYATLARI
Shaxs individualligi, tashkilotchiligi, mustaqilligi kabi qadriyatlar tizimida o‘zgarishlar bo‘layotgan zamonaviy ijtimoiy madaniy jamiyatda shaxs avtonmiyasiga e’tibor kuchaymoqda. O‘smirlik davri shaxs taraqqiyotidagi muhim va intensiv o‘zgarishlar bo‘ladigan davrdir. Bu davrdagi miqdoriy o‘zgarishlar ijtimoiy moslashuvni taminlaydi. Xususan, avtonomiyani rivojlanishi o‘smirda ota-ona bilan munosabatlarida mustaqillikni, o‘z-o‘ziga ishonchni, o‘z tanlovi asosida harakatlanish kabi jihatlar shakllanadi.

“Avtonomiya” tushunchasi psixoanalitik yondashuv (A.Freyd, M.Maler, P.Blos, E.Erikson), bog‘liqlik nazariyasi (Dj.Boulbi, M.Eynsvort, P.Krittenden) E.Dessi va R.Raynaning o‘z-o‘zini determinatsiyalash yondashuvlar talqinida o‘rganiladi. Zamonaviy xorijiy tadqiqotlarda avtonomiyani ota-ona bilan munosabatlarni uzoqlashuvi, ota-onalari bilan emotsional munosabatlarni o‘zgarishi, ijtimoiy munosabatlarni o‘zgarishi, shaxslararo munosabatlarda individuallikka intilish, ijtimoiy moslashuv, o‘smirning axloqiy-qadriyatlar darajasidagi etuklik jihati bilan bog‘liq.

Zamonaviy manbalarda avtonomiya tushunchasiga yagona ta’rif keltirilmagan. «Avtonomiya yirik nazariyalari va yagona barqaror ta’rifi bo‘lmagan fenomenlardan biridir». Aksariyat hollarda avtonomiya tushunchasi «mujassamlashagan tushuncha» sifatida qaralib, serqirra mazmun kasb etadi. «Bir xil tadqiqotlarda avtonomiya mustaqillik, malaka kompetentligi sifatida, boshqa tadqiqotlarda tashabbuskorlik va maqsadga intiluvchanlik qobiliyati, uchinchi tadqiqotlarda – irodaviy o‘z-o‘zini boshqarish, to‘rtinchi tadqiqotlarda – individuallikka intilish, beshinchi turdagi tadqiqotlarda shaxslararo munosabatlardagi mustaqillik, emotsional aloqalardagi emansipatsiya va nihoyat oltinchi turdagi tadqiqotlarda shaxsiy qiziqish va erkinlik asosida harakatlanish tariqasida o‘rganilgan”ligini xorij olimlari ta’kidlab o‘tadilar. “Avtonomiya” tushunchasiga sinonim tushuncha sifatida rus psixologlarining tadqiqotlarida (L.S.Vigotskiy, D.B.Elkonin, L.I.Bojovich, G.A.Sukerman va boshqalar) “mustaqillik”, xorij psixologlarining tadqiqotlarida (P.Blos) “individuatsiya”, (A.Bandura) “o‘z-o‘zini tasdiqlash”, (E.Desi, R.Rayn) “o‘z-o‘zini rivojlantirish” tushunchalari qo‘llanilgan.

G‘arb mamlakatlarida avtonomiya tushunchasini tadqiq etish Anna Freyd nomi bilan bog‘liq bo‘lib, ushbu tushunchaning mohiyati ota-onaning nazoratidan uzoqlashishga intilish bilan belgilanadi[2, s 75].

M.Maler go‘dak va onaning ikki tomonlama munosabatlarining rivojlanishini o‘rganish vaqtida “Men” va ob’ektlarni o‘zaro ajratib olish natijasida yuzaga kelgan mustaqillikni “indiviuatsiyani ajralib chiqishi” deb nomlagan. Ushbu nazariyaga ko‘ra avtonomiya ichki psixik jarayon sifatida tushunilib, “Men”ning sekin-asta ajaralib chiqishi bilan xarakterlanadi va go‘daklik davrida individning shaxsga aylanishidagi muhim jarayondir.

Avtonomiya tushunchasi murakkab tuzilishga ega bo‘lgan tushuncha sifatida XX asrning 60 yillarini oxiri va 70 yillarining boshida fanga kirib kelgan va har bir yosh davriga oid jihatlari tadqiq qilina boshlangan.

1970 yillarning o‘rtalarida E.Grinberg va A.S.Sorenson tomonidan avtonomiya shaxsning o‘ziga ishonchi sifatida tadqiq qilingan.

Shaxs avtonomiyasining shaklllanish mexanizmini o‘rganishga oid manbalar turlicha bo‘lishiga qaramay aksariyat psixologlar avtonomiyaning tuzilishida yagona to‘xtamga kelishgan. Dj.Xoffman shaxs avtonomiyasining 4 komponentini ajratib ko‘rsatgan: funksional, emotsional, konfliktologik qadriyatlar. Ushbu model ko‘pgina tadqiqotlar uchun asos bo‘lib xizmat qilgan hozirgi kunda esa to‘rt komponentlilik nazariyasi ko‘proq qo‘llaniladi. Unga ko‘ra, avtonomiya emotsional, xulq-atvor, kognitiv va qadriyatli komponentlardan iborat [1c, 214].

Emotsional komponent o‘zgalar hissiyotlariga bog‘liq bo‘lmagan ravishda o‘z hissiy kechinmalarini namoyon etishdir. Qolaversa, bu o‘z hissiy kechinmalarini aniqlashtirish, differensiatsiyalash va nutqda ifodalash imkonini beradi. Aytish joizki, bu erda gap emotsional baholash va boshqalarning fikridan mustasno ravishda o‘z emotsiyalarini baholashdagi mustaqillik haqida ketmoqda. Emotsional komponentning rivojlanishi o‘z-o‘zini boshqarish, o‘z-o‘zini rivojlantirish va o‘z-o‘zini baholash, o‘zini va vaziyatni baholash mezonlarini tanlash erkinligi bilan birga kechadi. O‘smirlik davridagi emotsional avtonomiyani rivojlanishi ota-ona-bola munosabatlaridagi hamkorlikni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligi, bola ijtimoiy moslashuvi bilan bog‘liq.

Kognitiv komponent fikriy masalalarni hal etishdagi mustaqilliq bilan belgilanadi. U yoki bu topshiriqlarni hal etish usul, texnikasini mustaqil tanlash kognitiv komponentning asosini tashkil etadi. Kognitiv komponentning shakllanishi shaxsda o‘ziga ishonch o‘z-o‘zini boshqarish, o‘z hayotini boshqarishga ishonch, o‘z-o‘ziga baho, reallikka tanqidiy qarash va intellektual salohiyatni rivojlanishiga olib keladi.

Xulq-atvor avtonomiyasi shaxsiy qarorlarga asoslangan faollik, funksional mustaqillik, ya’ni o‘z xulk-atvorini boshqarish va nazorat qilish demakdir. Avtonomiyaning xulq-atvor komponenti – o‘smirning amaliy va shaxsiy ishlarini ota-onasining yordamisiz mustaqil amalda bajarishida namoyon bo‘ladi. Mustaqillikning ortishi ota-ona nazoratini susaytirib boradi. Katta o‘smir yoshidagilar xulq-atvor avtonomiyasi shakllanib bo‘lgan bo‘ladi: ular o‘z vaqtini o‘zi taqsimlaydi, mustaqil ravishda do‘st tanlaydi va boshqa tanlovlarni amalga oshiradi. O‘smirlik davridagi shaxs o‘zgalar tomonidan nazorat kilinishini istamaydi. Bir tomondan bu guruhiy bosimga qarshi chiqish bo‘lsa ikkinchi tomondan mustaqil harakatlanish orqali qo‘llab –quvvatlanishga erishishdir. Xulq-atvor avtonomiyasini shakllanishi oilaviy munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligiga bog‘liq (Dj.Xoffman, D.Rays va boshqalar).

Avtonomiyaning qadriyatli komponenti shaxs qadriyatlari va tamoyillarining, qolaversa, shaxsiy e’tiqodning anglanishi bilan bog‘liq. Ushbu komponent o‘smir va ota-ona qadriyatlar tizimida farq bo‘lgandagina namoyon bo‘ladi. Biroq bu o‘ta tor tushuncha. Chunki, ota-ona va o‘smirning qarashlari, dunyoqarashi va qadriyatlari mutlaqo bir-biriga mos bo‘lishi mumkin. Lekin shunga qaramay o‘smir avtonomiyasi juda yuqori bo‘lishi mumkin, sababi o‘smir oiladagi an’anaviy qadriyatlarni mukammal o‘zlashtirgan bo‘lsa, u ushbu qarashlarni birovniki emas, balki mutlaqo o‘zining qadriyatlar tizimi deb idrok kilishi mumkin. Aksincha, o‘smir oilaviy qadriyatlarga butunlay qarshi bo‘lsa – bu psixologik tobelikning bir ko‘rinishi bo‘lgan negativizm bo‘lishi mumkin. Qadriyatli avtonomiyaning shakllanishi oilaviy an’analar, qarashlar, qadriyatlar, ota-ona-bola munosabatlari tizimi bilan bog‘liqdir. Qadriyatli komponent o‘smirning axloqiy etukligi rivojlanishi va ijtimoiy ta’sir mexanizmlari (ijtimoiy meyor, ustanovka, ijtimoiy sanksiya kabilar) zamirida ko‘rib chiqiladi.

Avtonomiya zamonamizni asosiy tamoyili bo‘lib, insoniyatni oldida turgan eng qiyin masalani hal etish kerak. Shuningdek, insoning ijtimoiylashuvi uchun individni tashqi muhitga moslashishidir. Insonni avtonomiyalanishi loyihasi g‘arbni individuallashishi modernizatsiyasi ham sharqni jamoalashishi ijtimoiy markazlashishi hisoblanadi[3, c 211].

Psixologiya fanining muhim sohalaridan biri bo‘lmish yosh psixologiyasi fani bevosita inson psixologiyasining namoyon bo‘lishi va rivojlanishini turli yoshlarda qanday kechish xususiyatlari, qonuniyatlari, mexanizmlarini o‘rganadi. Psixologik xususiyatlarni namoyon bo‘lishining yosh xususiyatlari o‘rganilar ekan, shuni nazarda tutish kerakki, yosh psixologiyasida turli yosh davrlari bir-biridan sezilarli farqlanadi. Bular: chaqaloqlik, ilk bolalik, maktabgacha ta’lim yoshi, kichik maktab yoshi, o‘smirlik, ilk yoshlik, yoshlik, etuklik va keksalik davrlaridir. Bu davrlarning har biri o‘ziga xos xususiyatlarga, sifatlarga ega bo‘lib, ular bir-biridan odamning xronologik yosh ko‘rsatkichlarigagina emas, balki shu davrda inson ruhiyatida kechadigan hodisalar, ro‘y beradigan o‘zgarishlar, uning ruhiyatidagi umumiy qonuniyatlarga ko‘ra ham farqlanadi.

Biz o‘smirlik davri psixologiyasi haqida to‘xtalib o‘tamiz. O‘smirlik davri insonni bolalikdan - yoshlikka o‘tuvchi va o‘z navbatida boshqa davrlardan o‘zining nisbatan keskinroq, murakkabroq kechishi bilan farqlanib turuvchi davrdir. Bu davr taxminan bolalarning 5-8-sinflarda o‘qish paytlariga to‘g‘ri keladi va 11-12 yoshdan 14-15 yoshgacha bo‘lgan davr oralig‘ida kechadi. Ayrim bolalarda bu davr 1-2 yil ertaroq yoki kechroq kuzatilishi ham mumkin. O‘smirlik davri ayrim maxsus psixologik adabiyotlarda “o‘tish davri”, “og‘ir davr”, “inqiroz davri” kabi nomlar bilan ham ataladi. Bu davrning “og‘irligi”, “keskinligi”, “murakkabligi” nimalar bilan asoslanadi?

O‘smirlik davrining og‘ir, murakkab davr ekanligi ko‘plab psixologik, fiziologik, ijtimoiy omillar bilan bog‘liq. Bu davrda rivojlanishning barcha jihatlari: jismoniy, aqliy, axloqiy, ijtimoiy va shu kabilarning mazmun mohiyati ham o‘zgaradi. Bu davrda o‘smir hayotida, uning ruhiyati, organizmining fiziologik holatlarida, uning ijtimoiy holatida jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Aksariyat holatlarda ularda bir-biriga qarama- qarshi bo‘lgan turli xil an’analar kuzatiladi. Bu davrga kelib bola endi “bola” emas va shu bilan birga hali “katta” ham emas. Uning o‘z-o‘ziga va atrofdagilarga nisbatan bo‘lgan munosabatlari butunlay boshqacha xarakter kashf etib boradi. Uning qiziqishlari tizimi, ijtimoiy yo‘nalganligi qaytadan shakllanadi, o‘z-o‘zini anglashi, baholashi, qadriyatlari o‘zgaradi. Uning uchun o‘z “Men”i va shu “Men”ning ahamiyati ortadi[3, c 129].

O‘smir organizmida ro‘y beradigan o‘zgarishlar shundan iboratki, bola rivojlanishining ayni shu davrida biologik, fiziologik etukligi borasida tub o‘zgarishlar amalga oshadi. Fiziologik rivojlanish va jinsiy balog‘atga etish jarayonining yangi bosqichi boshlanadi. Jinsiy balog‘atga etish va jismoniy rivojlanishdagi o‘sish o‘smir ruhiyatida yangi psixologik tuzilishlarning yuzaga kelishida muhim ahamiyatga ega. Birinchidan, bu o‘smir uchun juda sezilarli bo‘lgan o‘zgarishlar bo‘lib, ular o‘smirning katta bo‘lganini his qilishining yuzaga kelishining ob’ektiv manbasi bo‘lib xizmat qiladi (uning asosida o‘smir o‘zining kattalarga o‘xshashligini his qiladi). Ikkinchidan, jinsiy balog‘atga etish boshqa jins vakiliga qiziqishni rivojlantiradi, yangi kechinma, hissiyot, tuyg‘ularni yuzaga keltiradi. O‘smirning ichki bandligi va yangi taassurotlar, kechinmalarga munosabati darajasi ularning o‘smir hayotidagi o‘rni keng ijtimoiy sharoitlar bilan, o‘smir hayotining konkret individual sharoitlari, uning tarbiyasi va muloqoti xususiyatlari bilan belgilanadi[1, c 157].

O‘smirlik davrining xarakterli xususiyatlaridan yana biri - bu davrda o‘smirlarda kuzatiladigan o‘smirlik avtonomiyasi holatidir. O‘smirlik avtonomiyasining huquqiy avtonomiya, emotsional avtonomiya, makoniy avtonomiya kabi turlari farqlanadi.

Ma’lumki, bola dunyoga kelgan kundan boshlab kimningdir qaramog‘iga muhtoj bo‘ladi. Ota-onasi va boshqa yaqinlari uni oziqlantiradi, kiyintiradi, tarbiyalaydi va bolani muntazam nazorat ostadi tutadi. Ular bolani har tomonlama qo‘llab-quvvatlab turadilar va bola bunday qo‘llab- quvvatlash, daldalarga muhtojlik his etib turadi. O‘smirlik davrida esa bola o‘z hayotini, xavfsizligini ta’minlash borasida nisbatan mustaqillikka erishadi. Endi u o‘zini o‘zi himoya qila olishi, lozim bo‘lsa o‘zi o‘z imkoniyatlari darajasida mehnat qilib, etarli darajada daromad qilishi, o‘z ehtiyojlarini mustaqil ravishda o‘zi qondira olishi mumkin bo‘ladi.

Yuqorida keltirib o‘tilgan huquqiy avtonomiya ayni vaqtda bola o‘smirlik yoshiga etishi bilan unga qator huquqiy imkoniyatlar berilishi bilan xarakterlanadi. Bu davrda bola yuridik shaxs hisoblanib, ovoz berish huquqiga ega bo‘ladi. Mabodo bu davrda o‘smir ota-onasi ajralib ketgudek bo‘lsa, bu holatda o‘smirning qaerda va kim bilan qolishi bola xohishiga qarab hal etiladi. Shuningdek bola bu davrda o‘z imkoniyatidan kelib chiqqan holda rasmiy ravishda jismoniy mehnat bilan shug‘ullanishi ham mumkin. Lozim bo‘lsa ulardan o‘z xatti-harakati, qiliqlari uchun javob berishi ham talab qilinadi. Shu kabi huquqiy imkoniyatlarga ega bo‘lish va bundan o‘smirning xabardorligi uning huquqiy avtonomiyasining yuzaga kelishini ta’minlaydi. Bunday avtonomiyaga ega bo‘lish o‘smirda o‘z xatti- harakati uchun javobgarlik, mas’uliyatlilik hissini yuzaga keltiradi. O‘smirlik avtonomiyalaridan yana biri-emotsional avtonomiyadir.



Ma’lumki bola dunyoga kelgan ondan boshlab u onasi va atrofidagilarning emotsional, hissiy qo‘llab-quvvatlashiga, mehr-muhabbatini namoyon qilishiga, erkalashiga ehtiyoj his qiladi. Shuning uchun ham ilk bolalik yoshidagi, maktabgacha va kichik maktab yoshidagi bolalarni suyub, erkalab ularni quchib, boshini silab, yoqimli gaplar va muomala bilan ularga hissiy yaqinlik namoyon qilinsa, ular bundan quvonib, xursand bo‘ladilar va erkalayotgan shaxsga nisbatan talpinadilar. Buni yosh bolalarning onasiga suykalishi, ularning pinjiga suqilishi, ularga erkalanishi hollarida kuzatishimiz mumkin. Shuningdek, bolalar o‘z tengdoshlari bilan bo‘ladigan o‘zaro munosabatlarida nizo-tortishuvlarga duch kelganida va ayniqsa tengdoshlaridan “jabrlanganda”, “engila boshlaganidan”, ota-onasidan va atrofidagi yaqinlaridan emotsional dalda, hissiy qo‘llab-quvvatlash kutadi va bu borada ularga murojaat qiladi. Agar o‘z vaqtida shu hissiy daldani ola olsa, o‘zini erkin, tetik, g‘olib his qiladi va ular bilan quvonib yuradi. O‘zining kichkinagina hayotida duch kelgan “muammolari”ni hal qilishda kattalar yordamiga muhtojlikni his qiladi, ulardan muntazam foydalanishga intiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Абрамова Г.С. Возрастная психология. Учеб. пособи для вузов М.: Академический проект. Альма Матер, 2005. – 698с.

  2. Фещенко Е.К. Возрастно-половые особенности самооценки волевых качеств. – СПб.: Питер, 1999. – 142с.

  3. Шаповаленко И.В. Возрастная психология (Психология развития и возрастная психология): учебник для студентов вузов. Шаповаленко И.В. – М.: Гордарики, 2007. – 344с.

Yüklə 345,13 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin