nlashtirish sharoitida har bir xo‘jalik yurituvchi
subyekt biror-bir mahsulot (ish, xizmat)lar ishlab chiqarishni tashkil
qilishi uchun unda asosan to‘rt xil resurs mujassam bo‘lishi lozim.
Bunday resurslar tarkibiga:
● Moddiy resurslar.
● Moliyaviy resurslar.
● Mehnat resurslari.
● Tadbirkorlik resursi va boshqalar kiradi.
Mazkur resurslar tarkibida bugungi kunda eng asosiylaridan biri bu
moddiy resurslar bo‘lib, ularning tarkibida ham muhimlaridan biri asosiy vositalar hisoblanadi. Chunki keyingi yillarda asosiy vositalar
bahosini muntazam oshib borishi va ularga qilinadigan xarajatlar
mahsulot tannarxining asosini tashkil qilayotganligi ham ushbu
vositalarni tahlil qilib borishni taqozo etmoqda.
Asosiy fondlar (vositalar) ishlab chiqarishning muhim omili sifatida
qaralib, ular vositasida bevosita mehnat predmetlari va mehnat kuchlari
birikuvida mahsulotlar ishlab chiqariladi, ishlar bajariladi va xizmatlar
ko‘rsatiladi.
Asosiy vositalar deb ishlab chiqarish siklida bir necha bor qatnashib
o‘zining qiymatini yaratilayotgan mahsulotlarga qisman-qisman o‘tkazuvchi hamda jismoniy shaklini saqlab qoluvchi mehnat vositalariga
aytiladi.
Asosiy fondlar yoki vositalarni tarkiblashda jahon va respublika
hisob belgiloviga muvofiq quyidagi ikkita jihat mezon sifatida olingan.
Birinchisi, ularning qiymat ifodasi, ikkinchisi – xizmat muddati. Asosiy vositalarning qiymat ifodasi uning kam baholi va tez
eskiruvchi buyumlardan farqlanish chegarasini xarakterlaydi. Bu ifoda
5-sonli BHMS bilan ish haqi minimumining 50 barobarida qilib
belgilangan. Asosiy vositalarning xizmat muddati ularning bir yildan
ortiq muddat xizmat qilishini xarakterlaydi.
Xizmat muddati bir yildan ortiq bo‘lgan, lekin qiymat jihatdan
qat’iy chegaradan oshmaydigan qiymatliklar, shuningdek, qiymatliklar,
xo‘jalik inventarlarining ayrim turlari asosiy vositalar qatoriga
kiritilmaydi. Bu qator bevosita kam baholi va tez eskiruvchi buyumlari
tarkibida hisobga olinadi.
Asosiy vositalar va ularning tahlili to‘g‘risida bir qator iqtisodchi
olimlar o‘zlarining fikrlarini bildirib o‘tishgan. Jumladan, T.Shog‘iyosovning «Kompleks iqtisodiy tahlil» nomli darsligida quyidagicha
mualliflik yondoshuvi aks ettirilgan: «Asosiy vositalar, deb moddiy
ishlab chiqarish sohasida hamda noishlab chiqarish sohasida uzoq vaqt
mobaynida (bir yildan ortiq) ishlatiladigan, shuningdek, ijaraga berish
uchun ham foydalaniladigan moddiy aktivlar ( 5-son BHMA 7-bandi)ga
aytiladi.
Asosiy vositalar korxonaning ishlab chiqarish jarayonida muhim
o‘rin tutadi, ular birgalikda korxona tayanadigan ishlab chiqarish –
texnika bazasini tashkil etadi va korxonaning ishlab chiqarish quvvatini
baholash mezoni hisoblanadi.
Asosiy vositalar va korxonaning ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish natijasida barcha texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari
bo‘yicha yuqori darajaga erishiladi, jumladan, mahsulot hajmi mehnat
unumdorligi o‘sishi tufayli ortadi, uning tannarxi pasayadi. Eksport
hajmining ortishi, mahsulotning raqobatbardoshligi korxonani zamonaviy ilg‘or texnika bilan ta’minlanishiga, investitsiya hajmiga ko‘p
jihatdan bog‘liq».
1
Asosiy vositalar tahlilida korxonaning asosiy vositalar bilan qurollanish darajasiga, ularning texnik holati va harakat ko‘rsatkichlariga,
samaradorlik ko‘rsatkichlari, dinamikasi va holatiga baho beriladi.
Asosiy vositalar bilan ta’minlanish deyilganda korxonaning biznesrejasiga yoki o‘tgan yillarga nisbatan asosiy fondlar bilan qurollanishi
darajasi tushuniladi. Shuningdek, asosiy vositalarning tarkibi, turi
bo‘yicha o‘zgarishlariga baho beriladi. Tahlil etishda asosiy
vositalarning holat va harakat ko‘rsatkichlariga muhim e’tibor qaratiladiBu orqali bevosita asosiy vositalarning eskirish darajasi, yaroqlilik
darajasi, kirim va chiqimi ko‘rsatkichlariga baho beriladi.
Asosiy vositalarning unumini o‘rganish asosida mahsulot ishlab
chiqarishda ularning samaradorlik ko‘rsatkichlariga baho beriladi.
Asosiy vositalarning samaradorlik ko‘rsatkichlarini omilli tahlili asosida
mahsulot ishlab chiqarish hajmini yoki fondlar samarasini oshirish
yuzasidan ichki imkoniyatlarning mavjudligi o‘rganiladi va tahlil
yakunida korxonada asosiy fondlardan foydalanishga va ularning
samaradorligini oshirish yuzasidan muhim iqtisodiy yo‘nalishlar belgilanadi. Korxonaning asosiy vositalari, ularning holati, harakati va
samarasiga iqtisodiy tashxis qo‘yiladi.
Mamlakatimizdagi investitsiya muhitini yaxshilash va xorijiy
sarmoyalarni jalb etish jarayonlariga bozor islohatlarini chuqurlashtirish,
iqtisodiyotni erkinlashtirish va mulk huquqini himoya qilishni mustahkamlash chora-tadbirlari ta’siri yuqori bo‘lmoqda. Investitsiyalarning
moliyalashtirish manbalari orasida korxonaning xususiy mablag‘lari
hamda to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning ulushi ortgan holda,
davlat budjeti va bankning markazlashgan kreditlari hissasi keyingi
yillarda qisqarib bormoqda.
Ayniqsa, asosiy kapitalga investitsiyalar oqimining qayta taqsimlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan sanoat va infratuzilma tarmoqlarining
rivojlanishi iqtisodiy o‘sishga katta ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu holat asosiy
kapitalga investitsiyalarni iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha tarkibining
o‘zgarishiga olib kelmoqda.
Yurtboshimiz I.A.Karimov ta’kidlaganidek «Xorijiy investitsiyalarni jalb etmay, ayniqsa yetakchi tarmoqlarda chet el sarmoyasi
ishtirokini kengaytirmay turib, iqtisodiyotimizda tarkibiy o‘zgarishlarni
amalga oshirish va modernizatsiyalash, korxonalarimizni zamonaviy
texnika bilan qayta jihozlash hamda raqobatga bardoshli mahsulot ishlab
chiqarishni yo‘lga qo‘yish mumkin emas».
1
Iqtisodiy islohotlarning hozirgi bosqichida xorijiy investitsiyalar,
ayniqsa, to‘g‘ridan to‘g‘ri xususiy chet el investitsiyalari uchun qator
imtiyozlar berilgan. Zero, bu borada Prezidentimiz shunday degan edi.
«To‘g‘ridan to‘g‘ri kelayotgan sarmoyalar oqimi har bir kishi, umuman,
jamiyat hayoti uchun suv va havodek zarur».
2
2005-yilning ikkinchi yarmidan boshlab, to‘g‘ridan to‘g‘ri xususiyxorijiy investitsiyalar jalb qilinish hajmiga qarab, ularni safarbar etadigan iqtisodiyot tarmoqlari korxonalari asosiy faoliyati bo‘yicha daromad
(foyda) solig‘i, mulk solig‘i, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va
hududlarni obodonlashtirish solig‘i, mikrofirma va kichik korxonalar
uchun belgilangan yagona soliq to‘lashdan, shuningdek, Respublika yo‘l
jamg‘armasiga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etilgan.
Asosiy vositalarni tahlil etishda korxonaning asosiy vositalar bilan
ta’minlanishi, asosiy vositalar harakati, texnik holati, ulardan unumli
foydalanish ko‘rsatkichlari va ishga solinmagan imkoniyatlari aniqlanadi.
Asosiy vositalar tahlili bir necha yo‘nalishlarda olib boriladi va
asosiy vositalarning tuzilishi, dinamikasi, ulardan hamda uzoq muddatli
investitsiyalardan samarali foydalanish ko‘rsatkichlariga asoslangan
holda tahlil natijalariga ko‘ra baho beriladi.
Iqtisodiyotni modernizatsiya qilish sharoitida xo‘jalik yurituvchi
subyektlarning asosiy vositalar bilan ta’minlanganligini o‘rganishda
moliyaviy tahlilning eng asosiy vazifalari bo‘lib quyidagilar hisoblanadi:
● xo‘jalik subyektlarining asosiy vositalar bilan yetarli darajada
ta’minlanganlik holatiga baho berish;
● asosiy vositalarning tarkibi, tuzilishi va dinamik o‘zgarishlariga
baho berish;
● korxonaning asosiy vositalar bilan ta’minlanganlik holatini yaxshilash bo‘yicha mavjud imkoniyatlarni aniqlash va ularga baho berish;
● asosiy vositalarning texnik holatiga baho berish;
● asosiy vositalarning harakat ko‘rsatkichlarini o‘rganish va ularga
baho berish;
● asosiy vositalardan samarali foydalanganlik darajalariga baho
berish;
● xodimlarning asosiy vositalar bilan qurollanganlik darajalariga
baho berish;
● asosiy vositalar samaradorligini oshirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlarni ko‘rsatib berish va hokazo.
Bugungi iqtisodiyotni modernizatsiya qilish sharoitida korxonalarning asosiy vositalarini tahlil etishda asosiy axborot manbalari
bo‘lib quyidagilar hisoblanadi:
√ korxonaning biznes-reja ma’lumotlariAsosiy vosita (fond)larning tarkibi, tuzilishi va dinamikasi
tahlili, ularning aktiv va passiv qismlari nisbati
Iqtisodiyotni modernizatsiya qilish sharoitida har bir vositani
ma’lum bir xususiyatlari bo‘yicha tasniflash va tarkibiy joylashtirib
chiqish mumkin bo‘ladi. Xususan, korxonalarning asosiy vositalarini
ham ma’lum bir xususiyatlari bo‘yicha tasniflab va ularni tahlil qilib
chiqish maqsadga muvofiq sanaladi. Bugungi kunda asosiy vositalarni
quyidagi xususiyatlari bo‘yicha tasniflashimiz mumkin:
1. Asosiy vositalarning korxonaning ishlab chiqarish jarayonida
qatnashuviga qarab:
- aktiv asosiy vositalar;
- passiv asosiy vositalar.
2. Asosiy vositalarni ma’lum tarmoqlarga bo‘ysunuviga qarab:
- sanoat ishlab chiqarish asosiy vositalari;
- boshqa tarmoq asosiy vositalari;
- noishlab chiqarish asosiy vositalari.
3. Asosiy vositalarning foydalanish jarayonidagi qatnashuviga
qarab:
- foydalanishdagi asosiy vositalar;
- foydalanishdan olib qo‘yilgan (konservatsiya qilingan) asosiy
fondlar.
4. Asosiy vositalarning turlarga ajratilishi bo‘yicha:
- yer;
- binolar;
- inshootlar;
- uzatish moslamalari;
- hisoblash texnikasi va kompyuterlar;
- mashina va uskunalar; - transport vositalari;
- asbob-uskunalar;
- xo‘jalik jihozlari;
- ishlab chiqarish inventarlari;
- ishchi va mahsuldor hayvonlar;
- ko‘p yillik ekinlar va boshqa asosiy vositalar.
5. Mulkiy egaligiga qarab:
- o‘ziga tegishli asosiy vositalar;
- ijaraga olingan asosiy vositalar.
Bundan tashqari asosiy vositalarning yana boshqa bir xususiyatlari
bo‘yicha ham tasniflash mumkin.
Hozirgi sharoitda korxonalarda asosiy vositalarning barcha turlarini
kerakli nisbatda va tarkibda bo‘lishini ta’minlash maqsadga muvofiq.
Ya’ni sanoat ishlab chiqarishi, yordamchi tarmoqlar yoki ijtimoiymaishiy sohalarda bo‘lmasin, barcha asosiy vositalar kerakli xizmatni
bajaradi.
Tahlil asosiy vositalarning tarkibi, tuzilishi va dinamikasini o‘rganishdan boshlanadi. Yil davomida asosiy vositalar tarkibida o‘zgarishlar
ro‘y beradi. Shu bois ular tarkibidagi strukturaviy o‘zgarishlarni atroflicha tahlil etish lozim.
Asosiy vositalar har bir turining jami asosiy vositalarda tutgan
ulushi uning strukturasini ifodalaydi. Struktura ishlab chiqarishning
xususiyati, xarakteri, ixtisoslashuv darajasi, texnologiyasiga bog‘liq.
Strukturani tahlil etishda asosiy vositalarni aktiv va passiv qismlari
nisbatiga e’tibor qaratiladi. Ishlab chiqarish hajmi asosiy vositalarning
aktiv qismiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Ularning passiv qismi esa, faqat
ishlab chiqarish uchun sharoit yaratadi xolos.
Iqtisodiyotga oid adabiyotlarda asosiy vositalarning aktiv qismi
to‘g‘risida aniq bir to‘xtamga kelinmagan. Bir guruh iqtisodchilar bino
va inshootlardan tashqari jami asosiy vositalarni, ikkinchi guruhdagilar
mashina va uskunalar, transport vositalarini aktiv qismga kiritadilar.
Bino va inshootlar asosiy vositalarning passiv qismiga kirsa ham, ammo
elektr quvvati, neftni qayta ishlash, gaz va boshqa sohalarda inshootlar
aktiv qism tarkibiga kiradi. Demak, asosiy vositalarning aktiv qismiga
mashina va uskunalar, kompyuter jihozlari va hisoblash texnikasi,
transport vositalarini kiritish mumkin. Aktiv qismining yuqori bo‘lishi
fond progressivligini ifodalaydi.
Bugungi kunda mehnat qurollarini jalb etishning yangi shakllari,
masalan, lizing va ijaraning boshqa shakllaridan keng foydalanilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi «Fuqarolik kodeksi»ning 587-moddasi lizing
shartnomasini quyidagicha sharhlaydi: «Lizing shartnomasi bo‘yicha bir
taraf – lizing beruvchi (ijaraga beruvchi) boshqa taraf – lizing oluvchi
(ijarachi)ning topshirig‘i bo‘yicha uchunchi taraf – sotuvchi bilan undan
lizing oluvchi uchun mol-mulkni xarid qilish uchun bitimga kirishish
majburiyatini o‘z zimmasiga oladi, lizing oluvchi esa buning uchun
lizing beruvchiga lizing to‘lovlarini to‘lash majburiyatini o‘z zimmasiga
oladi».
Asosiy vositalar harakati to‘g‘risidagi hisobot (3-sonli shakl)da
konservatsiya qilingan asosiy vositalar, uzoq muddatli ijara (lizing)ga
olingan asosiy vositalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ifodalinishi asosiy
vositalarni kompleks iqtisodiy tahlil etish obyektini yanada kengaytiradi.
Xo‘jalik yurituvchi subyekt va firmalarda asosiy vositalar hisobini
yuritishni soddalashtirish maqsadida ular muayyan tasnif ko‘rsatkichlari
orqali guruhlarga bo‘linadi. Asosiy vositalarni guruhlarga bo‘lishning
tasnif belgilari quyidagilardir:
– bajaradigan vazifasiga ko‘ra;
– obyektlarda foydalanish darajasiga ko‘ra;
– natural-moddiy tarkibiga ko‘ra.
Asosiy vositalar bajaradigan vazifasiga ko‘ra ishlab chiqarish va
noishlab chiqarish vositalariga bo‘linadi. Ishlab chiqarish asosiy
vositalari bevosita moddiy ne’matlarni yaratishda ishtirok etadigan
vositalar. Noishlab chiqarish asosiy vositalari guruhiga uy-joy hamda
kommunal-xo‘jalik, maishiy xizmat, sog‘liqni saqlash, ta’lim va
boshqalarning asosiy vositalari kiritiladi.
Ishlab chiqarish va xo‘jalik faoliyatida asosiy vositalar obyektlardan
foydalanish darajasiga ko‘ra quyidagi guruhlarga bo‘linadi:
Asosiy vositalarning bunday guruhlanishi ulardan foydalanish
samaradorligini baholash, eskirgan vositalarni almashtirish, keraksiz
asosiy vositalarni boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektga berish yoki
sotish to‘g‘risida qaror qabul qilish, shuningdek, ularning eskirishini
to‘g‘ri hisob-kitob qilish uchun zarur.
Asosiy vositalar natural-moddiy tarkibiga ko‘ra quyidagi guruhlarga
bo‘linadi (-chizma)
Yer amaldagi qonunchilikka binoan xo‘alik yurituvchi subyektga
mulk tarzida berilgan yer maydonidir. O‘zbekiston Respublikasi «Yer
kodeksi»ning 17-moddasiga binoan, «Yuridik shaxslar «Yer kodeksi» va
boshqa qonun hujjatlariga muvofiq doimiy egalik qilish, doimiy
foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish, ijaraga olish va mulk
huquqi asosida yer uchastkalariga ega bo‘lishlari mumkin». Yerning
qiymatiga uni xarid qilishda ko‘chmas mulk agentlariga to‘lanadigan
komission to‘lovlar, advokatlar xizmati uchun haq, xarid qilishdagi soliq
to‘lovlari, drenaj qiymati, yerni tozalash va boshqa xarajatlar qo‘shiladi.
Yerni obodonlashtirish bo‘yicha kapital xarajatlar tarkibiga yerning
unumdorligini oshirish, avtomobil va boshqa transport turlariga to‘xtash
joylarini barpo etish hamda shunga o‘xshash boshqa xarajatlar kiradi.
Binolarga ishlab chiqarish korpuslari, sexlar, ustaxonalar, boshqarma binosi, omborxonalar, turar-joy binolari va boshqa ishlab chiqarish,
ma’muriy-xo‘jalik va ijtimoiy-maishiy maqsadlardagi obyektlar, shunindek, ulardan to‘g‘ri foydalanish zarur bo‘lgan jami kommunikatsiya
vositalari (isitish, yoritish, shamollatish, suv-gaz ta’minoti tizimi, ichki
telefon va signalizatsiya vositalari, lift xo‘jaligi) kiradi.
Inshootlarga mehnat jarayoni va uning natijalarini o‘zgartirmagan
holda ishlab chiqarish jarayonlarining texnikaviy yoki umumiy
vazifalarini bajarishga xizmat qiladigan obyektlar (neft va gaz quduqlari,
shaxta yo‘llari, avtomobil yo‘llari, ko‘priklar, estakadalar, suv omborlari
va boshqalar) kiradi.
Uzatuvchi moslamalarga mashina-dvigateldan ish mashinalariga
elektr, issiqlik, mexaniq energiyani uzatishga, shuningdek, suyuq va
gazsimon moddalarni bir obyektdan boshqa obyektga yetkazib berishga
xizmat qiladigan qurilmalar (elektr uzatish yo‘llari, quvur yo‘llari,
issiqlik va gaz tarmog‘i hamda boshqalar) kiradi.
Mashina va jihozlar asosiy vositalarning eng asosiy turi hisoblanadi
va o‘z navbatida quyidagi guruhlardan tarkib topadi:
♦ kuch mashina va jihozlari elektr va issiqlik energiyasini ishlab
chiqaradigan yoki uni mexaniq harakat energiyasiga aylantirib beradigan
generator-mashinalar, divigatel mashinalar (qozonxonalar, bug‘
dvigatellari, turbinalar, kuch transformatorlari va boshqalar)dir;
♦ ish mashinalari va jihozlari mehnat predmetlariga mexanik,
termik, kimyoviy yoki boshqa yo‘sinda texnologik ishlov berishga, ularni ishlab chiqarish jarayonida qo‘zg‘atish, qazib olish, eritish, tayyorlashga xizmat qiladigan qurilmalar (stanoklar, apparatlar, agregatlar)dir;
♦ o‘lchov va rostlash asboblari hamda qurilmalari va laboratoriya
jihozlari
foydalaniladigan
texnika
ishidagi
turli
parametr
(ko‘rsatkich)larni o‘lchash, ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarish,
xomashyo, TMZlar va tayyor mahsulotlar sifatini tekshirish, namlik
darajasi, shovqin ta’siri va boshqalarni o‘lchashda ishlatiladi. Ularga
monometrlar, tarozilar, mikroskoplar, dispetcherlik nazorati va boshqalar kiradi;
♦ hisoblash texnikasi ma’lumotlarni elektron hisoblash mashinalarida qayta ishlaydigan vositalardir. Ularga kompyuterlar, printerlar va
boshqa kompyuter vositalari kiradi.;
♦ boshqa mashina va jihozlarga yuqorida sanab o‘tilmagan mashina
va jihozlar (o‘t o‘chirish va boshqa maxsus mashinalar) kiradi.
Transport vositalari kishilar hamda yuk va turli maqsadlardagi
narsalarni tashishga mo‘ljallangan harakat vositalari (temir yo‘l, suv,
avtomobil, kommunal transporti va muhim neft quvur yo‘llari)dir.
Asbob va uskunalar qo‘l mehnati jarayonida ishlatiladigan yoki ish
qismlarini kuchaytirish, oshirish uchun mashinaga biriktiriladigan
vositalar (elektro-drellar, vibratorlar)dir.
Ishlab chiqarish inventarlari ishlab chiqarish jarayonini yengillashtirishda ishlatiladi. Ularning tarkibiga bak, konteyner, inventar, idishlar
kiradi.
Xo‘jalik inventari idora (ofis) ishlarini va xo‘jalikni yuritishda zarur
bo‘lgan narsalardir.
Ish hayvonlari va mahsuldor chorva har bir yetilgan mol (ot, ho‘kiz,
sigir)lar bo‘lib, alohida inventar obyekti sifatida hisobda aks ettiriladi.
Ko‘p yillik daraxtlar alohida xiyobon, park, bog‘dagi miqdori va
yoshidan qat’iy nazar ekilgan daraxtlar guruhidir.
Boshqa asosiy vositalarga kutubxona vositalari, ijaraga olingan
asosiy vositalar, konservatsiyadagi asosiy vositalar va boshqalar kiradi.
«Asosiy vositalar» nomli 5-son BHMSga binoan asosiy vositalar
quyidagi baholarda baholanadi:
y vositalarning baholanishi.
Dastlabki qiymat – aktivni xarid qilishda haqiqatda to‘langan pul
mablag‘lari yoki uni barpo etishda amalga oshirilgan haqiqi
xarajatlardir. Xarid qilishning haqiqiy qiymati asosiy vositani xarid
qilish va uni ishlatish uchun tayyor holga keltirishda qilingan barcha
xarajatlarni, ya’ni: xarid narxi, yuridik yig‘imlar va boshqa xarajatlarni
o‘z ichiga oladi. Tashkilot tekinga olgan asosiy vositalarning dastlabki
qiymati ekspert yo‘li bilan bozor narxida baholangan qiymat bo‘yicha
tan olinadi. Tekinga olingan asosiy vositani kirim qilingan sanada amal
qilgan narx asosida joriy bozor qiymati shakllantiriladi. Amaldagi narx
to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham hujjatlar va ekspert yo‘li bilan
tasdiqlanishi kerak.
Sotish qiymati asosiy vositalarni bitim paytida manfaatdor taraflar
o‘rtasida ayirboshlash mumkin bo‘lgan summa.
Asosiy vositani pulga xarid qilinsa, uning qiymati kontraktda
ikkilamchi bozorda faol ishlayotgan shu singari aktivda aniqlangan
bozor narxi bo‘yicha ko‘rsatilishi mumkin.
Asosiy vositani xo‘jalik yurituvchi subyektning o‘zi tomonidan
yaratilgan va uni yaratish chiqimlarini aniq belgilash mumkin bo‘lgan
hollarda asosiy vosita haqiqiy tannarx bo‘yicha aks ettiriladi.
Ba’zi vaqtlarda asosiy vositalarni qayta baholashga ehtiyoj tug‘iladi.
Asosiy vositalarni qayta baholaganda asosiy vositaning butun zanjiri
qayta baholanishi kerak. Qayta baholash natijasida asosiy vositaning
balans qiymati ko‘paygan holda ushbu ko‘payish avvalgi bahodan
oshadigan summada 8510-»Aktivlarni qayta baholash bo‘yicha
tuzatishlar» schotining kreditida aks ettirilishi lozim.
Qayta baholash natijasida asosiy vositaning balans qiymati
kamaygan bo‘lsa, bu kamayish avvalgi bahodan oshadigan summada
xarajat sifatida tan olinadi.
Asosiy vositalarning tarkibi, ularning tuzilishini o‘rganish bilan bir
qatorda dinamik o‘zgarishlariga ham baho berib boriladi. Dinamik
o‘zgarishlar asosida korxonada asosiy vositalarning yillar bo‘yicha
mutlaq va nisbiy o‘zgarishlariga baho beriladi.
Quyidagi jadval ma’lumotlari asosida esa korxonaning asosiy
vositalari tarkibiga, tuzilishiga va dinamikasiga baho berish mumkin
bo‘ladi.
Jadval ma’lumotlariga asoslanib, biz tahlil qilayotgan xo‘jalik subyektida, o‘rganilayotgan davrda o‘tgan yilga nisbatan jami ishlab
chiqarishdagi asosiy vositalar hajmi 14122 ming so‘mga ko‘payganligini
ko‘rishimiz mumkin. Mazkur korxonadagi asosiy vositalarning asosiy
salmog‘ini yer, bino hamda mashina va jihozlar tashkil etgan. Ushbu
asosiy vositalar jami vositalarning 80-85 % ini tashkil qilmoqda. Joriy
yilda korxonadagi asosiy vositalardan mashina va jihozlarning qiymati
8774 ming so‘mga, transport vositalarining qiymati 5712 ming so‘mga,
uzatish moslamalarining qiymati 969 ming so‘mga ko‘paygan bo‘lsa,
binoning qiymati 860 ming so‘mga, inshoot 54 ming so‘mga va boshqa
asosiy vositalar 663 ming so‘mga kamaygan.
109-jadval
Xo‘jalik yurituvchi subyektning asosiy vositalari tarkibi, tuzilishi va
dinamik o‘zgarishlari tahlili
Joriy yilda mashina va jihozlarning qiymati o‘sganligi korxonaning
ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytiradi. Chunki mashina va jihozlar to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlab chiqarishda qatnashadigan vositalar
qatoriga kiradi.
Umuman olganda korxonada asosiy vositalarning dinamik o‘sishi
kuzatilgan bo‘lib, bu korxonada asosiy vositalarning bosqichma-bosqich
yangilanayotganligidan dalolatdir.
Quyidagi ma’lumotlar asosida asosiy vositalarning dinamik
o‘zgarishlariga baho berish mumkin.
110-jadval
Xo‘jalik yurituvchi subyektda asosiy vositalarning so‘nggi besh
yillikdagi dinamik o‘zgarishlari tahlili
Korxonada asosiy vositalarning dinamik o‘zgarishi quyidagicha
bo‘lgan. Joriy davr oxiriga kelib asosiy vositalarning o‘sishi bazis
davriga nisbatan 14,38 %ni tashkil etgan. Eng yuqori o‘sish suratiga
ham korxona 2011-yilda erishgan. Shuningdek, oldingi yilga nisbatan
o‘sishda esa eng yuqori o‘sish sur’ati 2009-yilga to‘g‘ri kelmoqda, ya’ni
ushbu yilda asosiy vositalar qiymati oldingi yilga nisbatan 8,73 % ga
o‘sgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, korxona so‘nggi paytlarda asosiy
e’tiborni eskirgan asosiy fondlarni hisobdan chiqarishga va ularni yangi
fondlar bilan almashtirishga qaratmoqda.
Asosiy vositalarni aktiv va passiv fondlarga tarkiblashda asosiy jihat
ularning mahsulot ishlab chiqarishdagi bevosita ishtirokiga qaratiladi.
Aktiv asosiy vositalar, deb mahsulot ishlab chiqarishda bevosita va
bilvosita qatnashuvchi asosiy vositalarga aytiladi.
Ishlab chiqarish uchun sharoit yaratib beruvchi asosiy vositalar esa
passiv asosiy fondlar sifatida qaralib, ularning tarkibiga bevosita binolar,
inshootlar, yerlar (qishloq xo‘jaligi korxonalaridan tashqari) qiymati va
hokazo. kiritiladi.
Tahlil etishda jami asosiy vositalar tarkibida ularning salmoq
darajalariga baho beriladi va o‘zgarishlari o‘rganiladi.
Biz tahlil qilayotgan xo‘jalik subyektida hisobot davrida jami
180222 ming so‘mlik asosiy vositasi bo‘lib, shundan, 45,88 % aktiv
asosiy vositalar va qolgan 54,12 % passiv asosiy vositalar bo‘lib
hisoblanadi. Joriy yilda o‘tgan yilga nisbatan bevosita ishlab chiqarishdaishtirok etadigan, ya’ni aktiv asosiy vositalar salmog‘i 2,67 %ga
ortganligini ijobiy baholash lozim bo‘ladi. Bunga mos ravishda passiv
asosiy vositalar salmog‘i esa 2,67 %ga pasaygan. Asosiy vositalarning
o‘tgan yilga nisbatan mutlaq o‘zgarishi +14122 ming so‘mni yoki 8,5
foiz (14122/166100* 100)ni tashkil etgan. Tahlil etishda jami asosiy
vositalar tarkibida ularning salmoq darajalariga baho beriladi va
o‘zgarishlari o‘rganiladi. Asosiy vositalar tarkibiga quyidagi mezonlarga bir vaqtning o‘zida javob beradigan moddiy aktivlar kiritiladi:
a) bir yildan ortiq xizmat muddati;
b) bir birlik (to‘plam) uchun qiymati O‘zbekiston Respublikasida (xarid paytida) belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdorining ellik baravaridan ortiq bo‘lgan buyumlar.
Korxona rahbari hisobot yilida buyumlarni asosiy vositalar tarkibida hisobga olish uchun ular qiymatining eng kam chegarasini belgilash huquqiga ega.
Xizmat muddati va qiymatidan qat’iy nazar, quyidagilar asosiy vositalar tarkibiga kiritilmaydi:
a) maxsus asboblar va moslamalar (muayyan buyumlarni seriyalab va ommaviy ishlab chiqarish yoki yakka tartibdagi buyurtmani tayyorlash uchun mo‘ljallangan maqsadli vazifadagi asboblar va moslamalar);
b) maxsus va sanitariya kiyimlari, maxsus poyabzal;
v) ko‘rpa-to‘shaklar;
g) kanselyariya ashyolari (kalkulyatorlar, stol jihozlari va hokazo);
d) oshxona inventari, shuningdek oshxona choyshablari;
e) barpo etish xarajatlari qurilish-montaj ishlarining tannarxiga kiritiladigan vaqtinchalik (notitul) inshooatlar, moslamalar va qurilmalar;
j) foydalanish muddati bir yildan kam bo‘lgan almashtiriladigan uskunalar;
z) ovlash qurollari (trallar, yoyma to‘rlar, to‘rlar, jihozlar, merejlar va hokazo).
Asosiy vositalar tarkibida qonun hujjatlariga muvofiq korxona mulkiga topshirilgan yer uchastkalari ham hisobga olinadi.
Ko‘p yillik ko‘chatlarga, yerni tubdan yaxshilashga, ijaraga olingan asosiy vositalar obyektlariga kapital qo‘yilmalar har yili butun ishlar majmui yakunlangan sanadan qat’iy nazar, hisobot yilida foydalanishga qabul qilingan asosiy vositalarga tegishli xarajatlar summasida asosiy vositalar tarkibiga kiritiladi.
5. Asosiy vositalarning buxgalteriya hisobi birligi bo‘lib inventar obyekti hisoblanadi. Asosiy vositalarning inventar obyekti sifatida barcha qurilmalari va jihozlariga ega bo‘lgan obyekt yoki muayyan mustaqil vazifalarni bajarish uchun mo‘ljallangan alohida konstruktiv asosdagi buyum yoxud butun bir yaxlitlikni ifodalovchi va muayyan ishlarni bajarish uchun mo‘ljallangan konstruktiv jamlangan buyumlarning alohida majmui tan olinadi. Konstruktiv jamlangan buyumlarning majmui — umumiy moslamalarga va jihozlarga, umumiy boshqaruvga ega, bir poydevorda qurilgan, natijada majmuaga kiruvchi har bir buyum o‘z vazifasini mustaqil ravishda emas, balki faqatgina majmua tarkibida bajara oladigan bir yoki turli maqsadlarga mo‘ljallangan bitta yoki bir nechta buyumlardir.
Bitta asosiy vositada turlicha foydali foydalanish muddatiga ega bir nechta mustaqil obyektlar mavjud bo‘lganda, har bir bunday obyekt buxgalteriya hisobida alohida mustaqil inventar obyekt sifatida tan olinadi.
Ikki yoki undan ortiq korxona mulki bo‘lgan asosiy vositalar har bir korxona tomonidan asosiy vositalar tarkibida uning umumiy mulkdagi ulushiga mutanosib tarzda aks ettiriladi.
6. Asosiy vositalar aktiv sifatida tan olinadi, agar:
a) korxonaga kelgusida aktiv bilan bog‘liq iqtisodiy naf kelib tushishiga ishonch bo‘lsa;
b) aktiv qiymatini aniq baholash mumkin bo‘lsa.
1
Dostları ilə paylaş: |