Ona tilim jonu dilim



Yüklə 80,53 Kb.
tarix05.12.2023
ölçüsü80,53 Kb.
#172814
ONA TILIM жону дилим


ONA TILIM - JONU DILIM
1989-yil 21-oktabrda “Davlat tili haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, 1993-yil 2-sentabrda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. “Davlat tili haqida”gi qonunning qabul qilinganligiga bu yil 20 yil to‘ldi. O‘tgan shu davrda ona tilimizning yanada sayqallanishi, badiiyligi, tarixiyligi va dunyo miqyosida ahamiyati hamda nufuzini oshirishga qaratilgan qator madaniy, ma’naviy-ma’rifiy, mafkuraviy ijo, izlanishlar, ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Pirovard natijada, bugungi kunda jahondagi ko‘plab mamlakatlar xalqlari davlatimiz ramzlari — O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i, gerbi, davlat madhiyasi qatorida o‘zbek tiliga ham hurmat bilan qarab, nafis va boy til sifatida yuksak baho berib kelmoqdalar.
Har yili 21-oktabr kuni mamlakatimizda til bayrami sifatida keng nishonlanishi an’anaga aylanib qolgan. Chunki, mamlakatimizda ona tilimizni yanada rivojlantirish va takomillashtirish, uning milliy ruhini oshirish, madaniyat va san’atni yuksak pog‘onalarga ko‘tarish, shuningdek, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish sohasida qabul qilingan Davlat dasturi ijrosini ta’minlashdek, ustuvor yo‘nalishdagi vazifalarni bajarish tom ma’noda kundalik hayotimizga tobora singib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi 621-II son Qonuni asosida mazkur qonunning ijro muddati 2005-yil 1-sentabrdan 2010-yil 1-sentabrgacha uzaytirilgan.
O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi va uning tizimidagi aksiyadorlik kompaniyalari, jamiyatlar, korxona, tashkilot va muassasalar ta’sischiligida tashkil etilgan «Aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi jamoat fondi» faoliyatida ham yuqorida ko‘rsatilgan qonunlarning ijrosini ta’minlash yuzasidan qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan tub islohotlarning markazida iqtisodiy islohotlar bilan bir qatorda ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy va huquqiy islohotlar turganligi o‘z samarasini bermoqda. Ayniqsa, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida, bozor iqtisodiyoti munosabatlarining tobora shakllanishida, inson tafakkurining o‘zgarishida fan, ta’lim, madaniyat, ma’naviyat va ma’rifat, shuningdek, o‘zbek tili va til madaniyatining rivojlanishi xalqimizning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan tarixiy urf-odatlari, udumlari, an’analari, tartib-qoidalar, turmush tarzi va azaliy qadriyatlarining asosiy mezoni sifatida namoyon bo‘lib kelmoqda.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, huquqiy davlatchilikka asos solindi. Huquqiy davlatchilikning asosini fuqarolik jamiyati tashkil etadi. Fuqarolik jamiyati esa, huquqiy munosabatlardan tashkil topadi. O‘z haq-huquqini bilgan, uni qonuniy yo‘l bilan talab etadigan, himoya qiladigan huquqiy ma’rifati yuqori bo‘lgan xalqning istiqboli porloq, hayoti farovondir. Shu bois ham istiqlolning dastlabki yillaridayoq, davlatimiz rahbari Islom Karimov: «…aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibot ishlarini jonlantirmoq, aholining o‘z haq-huquqlarini bilishi, tanishi va amaliyotda qo‘llash uchun huquqiy targ‘ibot ishlarini keng yo‘lga qo‘ymoq ayni muddaodir» — deb ta’kidlagan edi.
E’tirof qilinganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlarning pirovard maqsadi — inson huquqlari va manfaatlari to‘la-to‘kis ta’minlanadigan fuqarolik jamiyatiga asoslangan huquqiy davlat barpo etishdan iboratdir. Jamiyatimizda, eng avvalo, inson manfaatlarini ifodalovchi, ta’minlovchi va himoya qiluvchi huquqiy davlat qurish jarayoni amalga oshirilmoqda.
Insoniyat tarixida tilga doimo katta e’tibor berib kelingan. XX asr oxirida tilga ijtimoiy hodisa sifatida qarash g‘oyasi keng yoyildi. Bu bejiz emas. Chunki jahondagi ko‘pgina mamlakatlar o‘z mustaqilligiga erishib, milliy tillar davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega bo‘ldi.
1989-yil 21-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi sessiyasining muhokamasidan so‘ng o‘zbek tili davlat tili deb e’lon qilindi va bu tarixiy hodisa mustaqillikdan ikki yil oldin ro‘y berdi. Bu ulug‘ maqsadga erishish va tarixiy voqelikning ro‘yobga chiqarilishida muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov bevosita rahbarlik qilganlar.
1992-yil 7-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi sessiyasida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida o‘zbek tili davlat tili maqomiga ega ekanligi mustahkamlab qo‘yildi. Yurtboshimiz aytganlaridek, «Shu tariqa o‘zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi, Konstitutsiyasi qatorida turadigan qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollardan biriga aylandi».
Mustaqillik-yillarida o‘zbek tilining jamiyatimizning barcha sohalarida keng qo‘llanilayotganligi, xalqaro miqyosda kompyuter va internetda foydalanilayotgani ham ijodiyot va idoraviy ish yuritishda o‘z samarasini berib kelmoqda. O‘zbek tili xalqaro miqyosda keng va faol muloqot vositasiga aylanib, uning xorijiy davlatlar rahbarlari bilan olib borilayotgan muzokara va uchrashuvlarda, yuksak darajadagi rasmiy tadbirlarda qo‘llanilayotganligi barchamizda g‘urur-iftixor tuyg‘usini uyg‘otishini davlatimiz rahbari Islom Karimov o‘zining «Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch» nomli asarida alohida ta’kidlab o‘tganlar.
Prezidentimiz Islom Karimovning ushbu asarida: «…o‘zlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar o‘rtasidagi ruhiy-ma’naviy bog‘liqlik til orqali namoyon bo‘ladi. Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga til orqali, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili — bu millatning ruhidir» — deya ta’kidlab o‘tilgan.
Nafaqat mamlakatimizda, hattoki xorijiy mamlakatlarda adabiyot va san’at yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan taniqli tilshunos olimlar, turkiy tillarning boyligi va xususiyatlari, jumladan, o‘zbek tilining jahon tillari orasida eng go‘zal va nafis til ekanligi, tarixiyligi bilan ajralib turishi haqida ko‘p yozganlar. Turli anjumanlarda ona tilimizning boy til ekanligi haqida odilona-xolisona fikrlar bildirganlar.
Mirzo Ulug‘bekning «Tarixi arba’ ulus» (To‘rt ulus tarixi») kitobida quyidagilar bayon etilgan, ya’ni: Sulton Muhammad O‘zbekxon o‘zining el ulusi bilan ilohiy saodat va fazilatga yetishgach, hazrati Sayid Otaning g‘ayb ishorati va ollohning inoyati bilan ularning barchasini Movarounnahr diyori sari olib keldi. Hazrati Sayd Otaga quloq solishdan bo‘yin tovlaganlar bu saodatdan bebahra holda u yerda (Dashti Qipchoqda) qoldilar va «qalmoq» degan nomga mansub bo‘ldilarki, buning ma’nosi «qolgan» demakdir. Hazrati Sayd hamda Sulton Muhammad O‘zbekxon bilan hamrohlikda Movarounnahrga kelgan kishilardan: «Bu kelgan kishilar kim?» deb so‘rardilar. Ularning sardori va podshohi O‘zbekxon bo‘lgani uchun ularni «o‘zbek» deb atadilar. Shu sababli o‘sha zamondan boshlab Movarounnahrga kelgan kishilar «o‘zbek» deb atala boshlandi.
XVI asr boshlarida Shayboniyxon boshchiligidagi qavmlarning Movarounnahrga kirib kelishi bilan mahalliy aholi tarkibida «o‘zbek»larning nufuzi yanada ortgan va asta-sekin bu nom turkiy aholining umumiy nomiga aylangan. Bu esa turkiy tilning tobora kengayishi va nufuzi oshib borishiga keng imkoniyat yaratib bergan.
Tilshunos olimlarning fikriga ko‘ra, turkiy tillar eramizning IV asrida uch guruhga bo‘lingan hamda qarluq, qipchoq, o‘g‘uz guruhlari vujudga kelgan. Bular orasida eng qadimgi yozuv tili qarluq guruhi zaminida shakllangan azaliy o‘zbek tilidir. Tarixda eng ko‘p adabiy va ilmiy asarlar ham shu tilda ijod qilingan. Lutfiy, Sakkokiy, Navoiy, Bobur singari so‘z ustalari ijodi bilan bu til yanada sayqallangan va rivojlangan.
Taniqli rus tarixchisi A.P.Grigoryev shunday deb yozgan: «O‘sha paytda (XIII-XIV asrlar) Oltin O‘rdada so‘zlashuv va yozuv tili sifatida qipchoq lahjasi qo‘llanilgan bo‘lsada, rasmiy yozishmalar va adabiy matnlarda Chig‘atoy lahjasi, ya’ni eski o‘zbek tili qo‘llanilgan».
Xulosa qilib aytganda, Oltin O‘rdaning rasmiy va adabiy tili turk tilining Chig‘atoy lahjasi, ya’ni o‘zbek mumtoz adabiy tili bo‘lgan. Ajdod va avlodlarimizning asrlar osha say’-harakati bilan ona tili — o‘zbek tilida samarali ijod qilib, tilni qadrlab, adabiy tilni rivojlantirib, boshqa el-ulus, millat va elatlar o‘rtasida keng mushohada qilish hamda o‘zaro muloqot o‘rnatib, til madaniyatining ta’sirchanligi va nufuzini oshirib kelganlar.
Ma’rifatparvar va zabardast adibimiz Abdulla Avloniy: «Har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadurgan oynai hayoti til va adabiyotidir. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur»- degan aniq va teran fikrlarni bayon etganda naqadar haq edi.
Abdulla Avloniyning ona tili va adabiyotni buzish, boshqa tillar bilan aralashtirib, mazmun-mohiyatini o‘zgartirish, pirovard natijada, bir tilning boshqa tildan ustun turishiga, tilning ruhiyatini buzishga qaratilgan har qanday urinish va zid harakatlarga qarshi chiqqanligi quyidagi purma’no so‘zlarida yaqqol isbotlanadi. «Zig‘ir yog‘i solub, moshkichiri kabi qilub, aralash-quralash qilmak tilning ruhini buzadir. Bobolarimizga etishg‘on va yaragan muqaddas til, adabiyot bizga hech kamlik qilmas. Dunyoning lazzati sodiq do‘stlar ila suhbat qilmoqdan iborat».
Ushbu dalillar shundan dalolat beradiki, ajdod va avlodlarimiz tomonidan yaratilgan o‘zbek tili asrlar osha rivojlanib, turkiy tillik millat va elatlar orasida keng tarqalib, yanada sayqallashib, yuksak madaniy tilga aylanganligi va o‘zining tarixiyligi bilan ham ahamiyatlidir.
Darhaqiqat, mustaqillik arafasida o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish masalasida juda qizg‘in, ba’zida keskin, murosasiz bahs-tortishuvlar bo‘lganini Prezidentimiz Islom Karimovning «Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch» asarida ifodalangan va yana bir bor yodimizga soladi.
«O‘shanda ayrim siyosiy guruhlar O‘zbekiston sharoitiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan, bir-biriga butunlay zid va qarama-qarshi fikrlarni olg‘a surgan, shuning hisobidan o‘ziga obro‘ topish, odamlarni ortidan ergashtirishga uringan edi. Nega deganda, til bilan bog‘liq muammolar orqali milliy tuyg‘ularni ro‘kach qilib, ulardan g‘arazli maqsadlarda foydalanish mumkin, — deb yozadi Yurtboshimiz. — Ana shunday qaltis va murakkab vaziyatda ehtirosga berilganimizda, hushyorlikni yo‘qotganimizda uchqundan o‘t chiqib ketishi hech gap emasdi».
Ma’rifatparvar va donishmand tilshunos olimlarimizning o‘zbek tilining naqadar boy til ekanligi haqidagi purma’no fikrlari hayotimizda isbotlangan. Shu bois, o‘zbek tili — ona tilimizga Asosiy qomusimizda davlat tili maqomi berilganligi shu elning fuqarosi sifatida har birimizga milliy g‘urur va iftixor baxsh etadi.
«O‘zbek tilim — ona tilim — dunyoda eng go‘zal, jarangdor va boy tilim». «Dil idroki — til javhari, uni izhor etmak, til ila jarangdor so‘zdir». — deb ta’riflasak, ona tilimizga va til madaniyatimizga to‘g‘ri baho bergan bo‘lamiz. Rossiyalik tilshunos olima, professor A. M. Kozlyanina «O‘zbek tili nafis va musiqa ohangiday jarangdor» — deb tan olganligi va yuksak baho berganligi bejiz emas, albatta.
Kitobda tilshunoslik fanini rivojlantirish uchun, ayniqsa, tilning jamiyatda tutgan o‘rni, qo‘llanishi va rivojlanishi uchun zarur omillar hamda tilning insonlar ma’naviyati, madaniyati, urf-odati, mentaliteti bilan bog‘liq etnolingvistik va psixolingvistik jihatlarini chuqur o‘rganishga undovchi da’vatlar bor. Yurtboshimiz o‘z asarida shunday yozadi: «Biz ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan bebaho boylikning vorislari sifatida ona tilimizni asrab-avaylashimiz, uni boyitish, nufuzini yanada oshirish ustida doimo ishlashimiz zarur. Ayniqsa, fundamental fanlar, zamonaviy kommunikatsiya va axborot texnologiyalari, bank-moliya tizimi kabi o‘ta muhim sohalarda ona tilimizning qo‘llanish doirasini kengaytirish, etimologik va qiyosiy lug‘atlar nashr etish, zarur atama va iboralar, tushuncha hamda kategoriyalarni ishlab chiqish, bir so‘z bilan aytganda, o‘zbek tilini ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish milliy o‘zlikni, Vatan tuyg‘usini anglashdek ezgu maqsadlarga xizmat qilishi shubhasiz».
Prezitdentimiz o‘zbek tili asrlar davomida arab yozuvi asosida rivojlanib kelgani va 1929-yilda ma’rifatparvar ziyolilarimizning say’-harakatlari bilan lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosi ishlab chiqilib, o‘n yil mobaynida qo‘llanganini, biroq sobiq sho‘ro siyosati tufayli bu ijobiy tajriba nihoyasiga yetmay qolganini kuyunib yozadilar.
Mustaqillik sharofati bilan 1993-yil 2-sentabrda «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Bu huquqiy tadbir, o‘zbek tilining xalqaro doirasidagi obro‘-e’tibori va nufuzini yuksaltirish, Vatanimizning jahon kommunikatsiya tizimiga bog‘lanishini ta’minlash, chet tillar va axborot texnologiyalarini puxta egallash uchun qulay sharoitlar yaratib berdi. Hozirgi kunda yurtimizda maktablarda, litsey va kollejlarda, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida, ya’ni ta’limning barcha bosqichlarida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi qo‘llanilmoqda. Endilikda bu yozuvda darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, gazeta-jurnallar, reklama va e’lonlar nashr etilmoqda. Shu bilan birga, mamlakatimiz aholisining ko‘pmillatli ekani e’tiborga olinib, ayrim milliy guruhlar tilida kirill yozuvi qo‘llanishi uchun imkoniyat yaratildi va bu hozir erkin ravishda amalga oshirilmoqda.
Tilning ahamiyati va rivojlanishi xususida muhtaram Prezidentimiz shunday deb yozadilar: «Ayni vaqtda til madaniyatini oshirish borasida hali ko‘p ish qilishimiz zarur. Ayniqsa, ba’zan rasmiy muloqotlarda ham adabiy til qoidalariga rioya qilmaslik, faqat ma’lum bir hudud doirasida ishlatiladigan sheva elementlarini qo‘shib gapirish holatlari uchrab turishi bu masalalarning hali-hanuz dolzarb bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi».
Haqiqatdan ham, til madaniyati, adabiy til va shevalar munosabati, adabiy talaffuz va stilistik mezonlar haqida nazariy hamda amaliy tadqiqotlar olib borish, o‘zbek adabiy talaffuzi lug‘atini tuzish zarurligi ta’kidlangan. O‘zbek tilida har xil matnlar tuzish tartib-qoidalari chuqur izohlangan ilmiy asarlar, nasr va nazm tiliga doir tadqiqotlar olib borish, turli hajmdagi izohli, sinonim, antonim, paronim, omonimlar va imlo lug‘atlari hamda qo‘llanmalar tuzish til madaniyatini yuksaltirishda katta ahamiyatga egadir.
Turkiy tillarning boyligi va xususiyatlari haqida tilshunos olimlarning qator ilmiy izlanish va tadqiqotlari mavjud. Zero, bizga noyob, talaffuz tuzilishi ancha sodda (6 unli, 23 undosh), so‘zlari ko‘p ma’noli, Yurtboshimiz yozganlaridek, ba’zilarini «boshqa tillarga aynan tarjima qilishning o‘zi mushkul bir muammo» bo‘lgan boy til in’om etilgan.
Darhaqiqat, «Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch» kitobida keltirilgan «mehr-oqibat», «mehr-muhabbat», «mehr-shafqat», «qadr-qimmat» iboralari davlatimiz rahbarining boshqa bir asarlarida keltirilgan «andisha» so‘zi teran, keng va ko‘p ma’noliligi bilan ajralib turadi.
Prezidentimizning ushbu kitobida aniq izohlanganidek, «ezgu odatimizga aylanib ketgan «mehr-oqibat» tushunchasini oladigan bo‘lsak, uning juda teran, tarixiy, milliy, diniy ildizlari borligini ko‘rish mumkin. Bu tushunchalar «asrlar mobaynida elu yurtimizning dunyoqarashi, ma’naviy hayotning negizi sifatida vujudga kelgan, ongu-shuurimizdan chuqur joy olgan buyuk qadriyatlarning amaliy ifodasidir».
Hurmatli Prezidentimizning ushbu asarini o‘qigan har kishi unda davlat tili va uning turli jihatlariga doir bildirilgan ilg‘or fikrlarning mag‘zini chaqib, uning haqligiga ishonch hosil qiladi. Yurtimizdagi turli joy va ko‘chalarning o‘z tarixiy nomlarini xalqimizning xohish-irodasi bilan qayta tiklanishi zarurligiga e’tibor qaratilgan. Yurtboshimiz shunday yozadilar: «O‘zbek nomini, o‘zbek ilm-fani va madaniyatini, bir so‘z bilan ayt-ganda, xalqimizning yuksak salohiyatini, uning buyuk ishlarga qodir ekanini dunyoga namoyish qilishda yurtimiz zaminidan yetishib chiqqan yuzlab ulug‘ zotlar fidoyilik namunalarini ko‘rsatib kelgan. Bunday insonlar hozir ham ko‘plab topiladi va bundan keyin ham ularning saflari kengayib boraveradi». Darhaqiqat, buyuk olimu fozillarimiz haqida faqat yurtimizda emas, balki xorijda nashr etilgan turli qomuslar, lug‘atlar, tarixiy asarlar va qo‘llanmalarda teran ijobiy fikrlar bayon etilgan.
Prezidentimiz Islom Karimovning yuqoridagi asarida mamlakatimizning til siyosati va madaniyati, umuman, tilimizdagi so‘z va iboralarning tarixiy negizi hamda serma’noligi bilan ajralib turishi, o‘zbek tilini davlat tili sifatida yanada rivojlantirish zarurligi xususida muhim fikr-mulohazalar, qimmatli tavsiyalar berilgan. O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi tomonidan «Davlat tili haqida»gi va «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi qonunlarning ijrosini ta’minlash, shuningdek, Davlat dasturida belgilangan tadbirlarning bosqichma-bosqich bajarilishini ta’minlash maqsadida qator ahamiyatga molik ishlar bajarib kelinmoqda.
Ushbu qonunlarning ijrosi bo‘yicha sohada amalga oshirilgan tadbirlar, bajarilgan ishlar darajasi muntazam o‘rganilib, sohadagi barcha aksiyadorlik kompaniyalari, jamiyatlar, korxona, tashkilot va muassasalarda yuqoridagi qonunlarning ijrosini og‘ishmay bajarish, sohadagi barcha xodimlarni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini o‘rganib, o‘zlashtirishlari uchun o‘quv kurslari tashkil qilish, xodimlarni korxona hisobidan bepul o‘qitish, ayniqsa, rusiyzabon xodimlarga o‘z ona tilida muloqot qilish hamda davlat tilini erkin va mukammal o‘rganib, o‘zlashtirishlari uchun muntazam o‘quv mashg‘ulotlari olib borish, ularning yangicha sharoitlarda ish faoliyatlarini davom ettirishlari uchun qulayliklar yaratib berish, shuningdek, joylarda ish yuritish, hujjatshunoslik va idoraviy yozishmalarni davlat tilida olib borish, har yili 21-oktabr kuni til bayrami tadbirlarini o‘tkazish kabi qator ijobiy ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
«Davlat tili haqida»gi va «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi qonunlarning ijrosini hamda Davlat dasturida belgilangan tadbirlarning bosqichma-bosqich bajarilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining o‘ndan ziyod buyruqlari chiqarilgan hamda tizimdagi barcha aksiyadorlik kompaniyalari, jamiyatlar, korxona, tashkilot va muassasalarga ijro qilish uchun o‘z vaqtida yetkazib berilgan.
Aloqa va axborotlashtirish sohasidagi aksiyadorlik kompaniyalari, jamiyatlari, korxona, tashkilot, muassasalar va ularning hududiy tuzilmalari qatorida Jamoat fondi hamda Muzeylar direksiyasi unitar korxonasida mehnat qilayotgan xodimlarni 2010-yil 1-sentabrga qadar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini mukammal darajada o‘rganib, o‘zlashtirishlari va yangi sharoitlarda hech qanday to‘sqinliklarsiz, til muammosisiz ishlay oladigan darajada tayyorlab borish, buning uchun Davlat dasturida hamda Agentlik Ishchi komissiyasining 2007-2010 yillarga mo‘ljallangan Reja-dasturida belgilangan tadbirlarni og‘ishmay amalga oshirish va tayyorgarlik ishlarini nihoyasiga yetkazish uchun keng ko‘lamli ishlar bajarilmoqda.
Shu jumladan, «Aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi jamoat fondi» hamda uning tizimidagi Muzeylar direksiyasi unitar korxonasi hamda aloqa sohasi tarixini yaratish, sohaning rivojlanishi va taraqqiyoti bosqichlarini namoyon etuvchi maskan — «Aloqa tarixi muzeyi» binosining barcha zallariga o‘rnatilgan axborot va ma’lumotlar, ayniqsa, ko‘rgazma zaliga joylashtirilgan asori-atiqa eksponatlar, muzeybop materiallar, texnika vositalari, uskuna va jihozlar namunalari, turli davrda ishlab chiqilgan hamda qo‘llanilgan telegraf uzatish apparatlari, telefon, radio, televizor apparatlari va boshqa asboblar, o‘lchagich apparatlari, xorijiy kompaniyalar tomonidan turli davrda ishlab chiqilgan mobil telefon apparatlari namunalari, O‘zbekiston markalari, pochta aloqasida ishlatilgan texnika vositalar, buyum va jihozlar telekommunikatsiya sohasida qo‘llanilgan kabel namunalari, moslamalar, mexanizmlar, buyumlar, ashyo va kolleksiyalarning qisqacha ta’rifi yozilgan ustxatlar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida va ingliz tilida tayyorlangan hamda muzeyga tashrif buyuruvchilarning qiynalmasdan o‘qib, tanishishlari uchun qulayliklar yaratishga e’tibor qaratilmoqda.
«Aloqa tarixi muzeyi» ekspozitsiya zallariga o‘rnatilgan eksponatlar, ashyo va kolleksiyalarning ta’rifi va tushunchasi haqida tayyorlangan ustxatlardagi yozuvlar o‘zbek va ingliz tillarida yozilganligi, barcha ma’lumot va axborotlar ham lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida tayyorlanib, muzey binosining ko‘rinarli joylariga o‘rnatilganligi ushbu muzeyning yanada jozibador, ko‘rkam va betakror ko‘rinishi va nufuzini oshiradi, albatta.
Zarur bo‘lgan texnika vositalari va uskunalar bilan jihozlangan muzeyning katta va kichik majlislar zalida turli madaniy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, yig‘ilishlar, konferensiyalar, xalqaro anjumanlar ham o‘zbek tili — davlat tilida hamda xalqaro — ingliz tilida o‘tkazish uchun barcha zarur texnik sharoitlar va qulayliklar yaratishga e’tibor qaratiladi.
«Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini respublikamiz ijtimoiy hayotida tatbiq etish muddati 2010-yil 1-sentabrga qadar uzaytirilganligi sababli Jamoat fondi hamda Muzeylar direksiyasi unitar korxonasida ish yuritish va hujjatlar tayyorlashni bosqichma-bosqich lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tkazilishi, ya’ni hujjatshunoslik, ish yuritish va idoraviy yozishmalar asl o‘zbek tilida olib borish uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘rib borish barchamizning sharafli burchimizdir.
Ishonchimiz komilki, o‘zbek tili va madaniyati jahon sivilizatsiyasida yanada ravnaq topib, uning purma’noligi, jozibadorligi, talaffuzi ohangli musiqaday jarangdorligi bilan jahon ahlini o‘ziga rom qila oladigan xalqaro til darajasiga ko‘tariladi va dunyo xalqlari bu tilni sevib o‘rganib, samimiy hurmat qiladilar.
Yüklə 80,53 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin