«O‘z b e k X al q og‘ z ak I i j od i»N



Yüklə 82,65 Kb.
səhifə1/8
tarix06.03.2023
ölçüsü82,65 Kb.
#86796
  1   2   3   4   5   6   7   8
1. Marosim folklor va uning turlari


MUNDARIJA
I BOB. MUSTAQILLIK DAVRIDA «O‘ZBEK XALQ OG‘ZAKI IJODI»NI O‘RGANISHNING YETAKCHI MASALALARI.

    1. Mustaqillik va xalq ijodining o‘rganilishi masalalari, folklor – milliy ma’naviyatimizning asoslaridan biri sifatida.

    2. Folklor atamasi, yetakchi xususiyatlari, tur va janrlari.

II BOB. O‘ZBEK MAROSIM FOLKLORINING JANRLAR TARKIBI VA BADIIYATI

    1. Marosim folklori va uning turlari.

    2. Mavsumiy va oilaviy marosimlar.


I BOB. MUSTAQILLIK DAVRIDA «O‘ZBEK XALQ OG‘ZAKI IJODI»NI O‘RGANISHNING YETAKCHI MASALALARI.

    1. Mustaqillik va xalq ijodining o‘rganilishi folklor milliy ma’naviyatimizning asoslaridan biri sifatida.

Ma’naviyat kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolgan tushuncha emas, u asrlardan buyon xalqimiz bilan birga yashab, birga taraqqiy etib kelayotgan buyuk bir qadriyatdir. Inson dunyoga kelgan kunidan boshlab, to hayotining eng so‘nggi lahzasigacha o‘zi mansub xalqning qadriyatlari, an’analari ichida ulg‘ayadi, kamol topadi. Hatto o‘zini folklorga begona deb bilgan, bu atama ta’rifidan mutlaqo yiroq bo‘lgan kishi shu an’analar ichida ulg‘aygan, uning ongi, shuuri shu qadim an’analari ta’sirida shakllangan bo‘ladi.
Har bir sohaning o‘z tarixi bo‘lganidan, folklorshunoslik borasidagi izlanishlarning ham o‘z ildizlari mavjud. Bu izlanishlar ildizi olis o‘tmishga borib taqaladi. Mahmud Koshg‘ariy zamonidan to bugungi kungacha xalq og‘zaki ijodi haqida nimaiki aytilgan, yozilgan bo‘lsa bularning bari o‘zbek xalq og‘zaki ijodini o‘rganishga o‘zining munosib ulushini qo‘shgan.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishish ostonasida birinchi Prezidentimiz tomonidan ko‘plab hayotbaxsh farmonlar bilan bir qatorda, o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi va Navro‘z bayramini qayta tiklanishi xalqimizning ma’naviy hayotida katta iz qoldirdi. Shubhasiz, aytish mumkinki, bugun mamlakatimiz iqtisodiy, madaniy sohada nimaiki yutuqlarga, yuksalishlarga erishgan bo‘lsa, ana shu sa’yi harakatlarning alohida o‘rni bor. Zero, til millat tafakkurini shakllantiruvchi bir mezondir. Til va tafakkur bir biriga bog‘liq jarayon. Millatning til ravnaqi, shubhasiz, uning badiiy asarlarida namoyon bo‘ladi. Xalq og‘zaki ijodi ana shunday tafakkurni shakllantiruvchi asosiy mezonlardan biri hisoblanadi.
Folklor turli davrlarda turlicha o‘rganilgan, turlicha yondoshuvlar bo‘lgan, biroq mustaqillikdan keyin u tom ma’noda yangicha mazmun va mohiyat kasb etdi.
«Alpomish» dostonining ming yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlandi, «O‘zbekiston xalq baxshisi» unvoni joriy etildi. Bu esa milliy manaviyatimizning asoslaridan biri bo‘lgan xalq ijodining yuksalishiga xizmat qildi.
«Alpomish» dostoni millatimizning o‘zligini namoyon etadigan, avlodlardan-avlodlarga o‘tib kelayotgan qahra-monlik qo‘shig‘idir, – deb yozadi birinchi Prezidentimiz Islom Karimov o‘zining «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» kitobida. – Agarki, xalqimizning qadimiy va shonli tarixi tuganmas doston bo‘lsa, «Alpomish» ana shu dostonning shoh bayti, desak, to‘g‘ri bo‘ladi».1 Bu nafaqat
«Alpomish» dostoniga, balki, butun folklor asariga, milliy-ma’naviyatimizga berilgan yuksak bahodir. Shuning uchun ham mustaqillikka erishganimizdan keyin folklor milliy ma’naviyatimizni shakllantiruvchi asosiy omillardan biri sifatida o‘rganib kelinmoqda.
Mustaqillik davridan oldin folklor asarlari o‘rganilmaganmi, nashr etilmaganmi degan haqli savol tug‘ilishi tabiiy. O‘rganilgan, tadqiq etilgan va nashr ham etilgan. Biroq, bu nashrlar mukammal nashrlar emasdi. Ularda ko‘plab qisqartirishlar, buzib talqin qilinishlarga yo‘l qo‘yilgandi. Birgina misol: «Rustamxon» dostonining folklor arxivida saqlanyotgan qo‘lyozmasida Sultonxonning farzandli bo‘lish oldidan tush ko‘rgani shunday tasvirlanadi: «Sultonxon ul kecha yotib tush ko‘rdi. U tushida shunday ayon bo‘ldi. Bu Xudoy bergan farzanding, Qurudum mamlakatiga safar qilsang, o‘n to‘rt jil deganda borib kelsang shu bolang turadi, bo‘lmasa nobud bo‘ladi» (Hodi Zarifov nomidagi folklor arxivi. Qo‘lyozma, inv. № 112, 6–7-betlar.).
Bu tush motivi Sultonxonning Qurudum mamlakatiga safarga chiqishining sababini hamda tug‘ilayotgan farzand Rustamning oddiy farzand emas, ilohiyot bilan bog‘liqligini ko‘rsatuvchi muhim bir jihatdir. Aytish mumkinki, doston ana tush motivi bilan boshlanadi va doston so‘ngidagi voqealar shu tush bilan bog‘liq holda kechadi. Biroq «Rustamxon» dostonining 1965-yilgi va 1985-yilgi nashrlarida bu motiv tushirib qoldirilgan. Oqibatda Sultonxonning safarga chiqishi ham noayon bo‘lib qoladi. Yoxud qo‘lyozmada: Ko‘rolmaysan, bildim yolg‘iz qo‘zingdi, Kelgin sarson opa, endi birga jilayik, – deya Ximchaoyim Xuroyimga murojaat qiladi. Bu murojaatda
«Sarson, sargordan, ya’ni ovvora bo‘lgan opa, kelgin, birga yig‘laylik», - deyilyapti. Nashrda esa oxirgi misra: «Kelgin, chopson, opa, endi birga yig‘laylik» – tarzida berilganki, oqibatda chopson so‘zining misradagi ma’nosi noaniq bo‘lib qolgan. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. «Alpomish» dostonidagi poyga epizodini eslang. Mustaqillikdan oldinggi yillardagi nashrlarda «bog‘langan band»dan Rajabxo‘ja pirning yordamida xalos bo‘lgan Qorajonga qarata aytilgan:
Dam bu damdir o‘zga damni dam dema,
Qoldim deb Qorajon, sira g‘am yema, – so‘zlari «Otning aytayotgan so‘zi» tarzda berilgan edi.
Folklorni tadqiq etish borasida mafkuraviy tazyiq va chegaralanishlar ta’siri yaqqol sezilib turadi. Shuning uchun mustaqillik davri folklorshunosligi tamomila bir yangi folklorshunoslikdir. Bugungi kunda ham faol ijod qilib kelayotgan T.Mirzayev, O.Safarov, O.Madayev, M.Jo‘rayev, Sh.Turdimov, J. Eshonqulov kabi folklorshunos olimlarning izlanishlarini alohida ta’kidlab o‘tish joiz.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan «O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari»ning 100 jildligi nashr etish yo‘lga qo‘yildi. Bu loyihaning amalga oshishi shubhasiz mamlakatimiz ma’naviy hayotida ulkan voqea bo‘ladi.
Bugungi kunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kitobxonlikka, umuman ma’naviyat masalalariga alohida e’tibor qaratmoqdalar. Zero, ma’naviyat masalalari hamma davrda eng dolzarb mavzulardan biri bo‘lib kelgan. XX asr boshida ma’rifatparvar jadidchilar til, adabiyot va tarbiya masalasi o‘z davri uchun muhimligini urg‘ulashgan. Bu bejizga emas, millatning mavjudligi, erkinligi, ozodligi, taraqqiyoti uning tilidan, tafakkuri – ma’anaviyatidan boshlanadi.
Biz bugun global jamiyatda yashayapmiz. Tilimizga, madaniyatimizga, o‘zligimizga bo‘layotgan ma’naviy tahdid ko‘lami ham globaldir.
Biz har qancha ma’naviyat to‘g‘risida qayg‘urmaylik, jon koyitmaylik, bizni qurshab turgan muhit ommaviy madaniyat ta’siri ostida ekan, bolalarimiz tili va tafakkuri shu madaniyat ostida shakllanayotgan ekan bizning qilayotgan barcha urinishlarimiz o‘z samarasini bermaydi. Shu ma’noda bugungi folklorni o‘rganish masalalari alohida ahamiyat kasb etadi.
Inson ma’naviyatini yuksaltirishda folklorning o‘rni haqida gap ketar ekan, aslida bu jarayon bolaning tug‘ilishidan boshlanadi. Momolarimiz, onalarimiz aytgan allalar, erkalamalar, aytimlar, topishmoqlar, tez aytishlar, ertak va qo‘shiqlar bolaning tili, dunyoqarashining shakllanishiga xizmat qiladi. Xalq o‘yinlari esa bolaning ham aqlan, ham jismonan ulg‘ayishi uchun muhim omillardan biridir. Bola ana shu qadim an’ana va qadriyatlar ichida voyaga yetadi, biroq bugungi global jamiyatda ulg‘aygani sari go‘yo bu muhitga begona bo‘la boshlaydi. Bu begonalik eng, avvalo, har qadamda o‘z ta’sir kuchini ko‘rsatayotgan ommaviy madaniyat ta’siridan boshlanadi. Bularning barchasi ma’naviyat ravnaqiga emas, aksiga xizmat qiladi. Bu muammolarni bartaraf etish uchun esa, ta’lim jarayonining barcha bo‘g‘inlarida, maktabgacha ta’limdan to oliy o‘quv yurtida til o‘qitishda, o‘rganishda folklorga va yana folklorga qaytib ish ko‘rish lozim bo‘ladi.
Xalqning til boyligi birinchi galda uning folkorida namoyon bo‘ladi. Biror bir xalqning qanday xalqligini bilish uchun uning folklorini o‘rganish zarur. Folklorda xalqning til imkoniyatlari, mushohada tarzi, ijodiy quvvati aks etgan bo‘ladi.
Og‘zakilik, variantlilik folklorning o‘ziga xos xususiyati bo‘lib u xalq ijodi namunalari bevosita jonli ijro jarayoni bilan bog‘liq ekanligini namoyon etadi, ya’ni folklor asarlariga turg‘unlik xos emas, u har galgi ijroda o‘zgaradi, yangilanadi, bu esa badiiy til imkoniyatlarining yuksak namoyishi demakdir. Shuning uchun aytish mumkinki, folklor – shunchaki so‘z san’ati namunasigina emas, balki xalqning til zaxirasi, tushuncha va tafakkur tarzini bor bo‘y basti bilan o‘zida aks ettirgan, olis o‘tmishdan to bugungi kungacha jonli holatda xalqning o‘zi bilan birga yashab kelayotgan doimiy harakatdagi tarixi va madaniyati hamdir.
Folklor asarlarida birinchi navbatda mifologik tafakkurdan poetik tafakkurga o‘tish jarayoni aks etgan ekan, demak til tarixini o‘rganishda xalq ijodi namunlariga suyanib ish ko‘rish lozim bo‘ladi. Tildagi hech bir so‘z o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi, u zarurat tufayli tarixiy taraqqiyot jarayonida yuzaga keladi va yoki o‘zlashadi. Qachonlardir mifologik tasavvurni ifodalagan so‘z keyinchalik o‘zining asl ma’nosini unutib yoki dastlabki ma’no qatlami xiralashib, keyingi ma’no qatlamini yuzaga keltiradi. Bizdagi mavjud ertak, doston, qo‘shiq va boshqa janrlar tahlilidan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, folklor asarlarida ko‘proq xalqimizning samoviy jismlar, o‘simliklar olami va hayvonot dunyosi bilan bog‘liq eng qadimgi tasavvurlari o‘z ifodasini topgan. Bu tasavvurlar tilimizdagi ko‘plab so‘zlarning kirib kelishiga, obrazli badiiy tafakkur tarzining shakllanishiga zamin yaratgan.
O‘zbek tilidagi «Bo‘ri» so‘zi bugun qaysidir o‘rinda salbiy ma’nodagi so‘z sifatida, ko‘chma ma’nosida ishlatiladi. Biroq dostonlarimizda doimiy ravishda keladigan «Chopinganda bo‘riday» misralari, jonli tildagi «Bo‘rimi, tulki» iborasi «Bo‘ri» so‘zining yuzaga kelish ildizlari qadimiy, totemistik tasavvurlar bilan bog‘liq ekanini urg‘ulaydi.
Alloma Hodi Zarifov «Folklor asarlarining ilmiy va badiiy qiymati ularning lug‘at boyligi bilan belgilanadi» degan edi. Xalq dostonlari o‘zbek tili tarixining serqatlamliligini va bo‘yoqdorligini o‘zida to‘la mujassam etadi. Shuning uchun xalq dostonlarning tilini tadqiq etish bir tomondan til tarixining qadimiy ildizlari haqida kengroq ma’lumot bersa, ikkinchi tomondan hozirgi zamon o‘zbek adabiy tilini to‘laqonli o‘rganishda, uni boyitishda asosiy omillardan biri bo‘lib xizmat qiladi.
Baxshilarimizning xalq tili imkoniyatlaridan unumli foydalanishi, har galgi ijroda bu badiiy til tovlanishi, uning yangicha mazmun va mohiyat kasb etishi epik ijodning o‘ziga xos xususiyatidir. Chunki, xalq og‘zaki ijodi og‘zaki ijro etilgani uchun emas, balki og‘zaki ijro jarayonida yuzaga keladigan san’at asari bo‘lgani uchun ham dolzarb ahamiyat kasb etadi. Bu esa jonli ijro jarayonini, ya’ni epik ijod tilini bilmasdan turib uning badiiyati haqida so‘z yuritib bo‘lmasligini ko‘rsatadi.
O‘zbek tili ijod namunalarida tilimizning dialektologiyasi, leksikologiyasiga oid juda ko‘p qimmatli so‘z va iboralar mavjud. Bu so‘z va iboralarni, ayniqsa xalq ijodining gultoji hisoblangan dostonlarimiz tilini o‘rganish nafaqat o‘zbek tili, balki umumturkiy til uchun ham muhim ahamiyatga ega. Shunday ekan, dostonlarimiz tili nafaqat folklorshunoslarimiz uchun, balki tilshunoslarimiz, barcha til o‘rganuvchilar uchun ulkan manba va tadqiqot obyekti bo‘la oladi.
Folklor asarlari leksikasini tadqiq qilar ekanmiz, biz unda hozirda iste’molda bo‘lgan sheva va arxaik so‘zlar bilan bir qatorda bugungi kunda qadimiy ma’nosi o‘zgargan yoki unutilgan so‘zlarni ham ko‘plab uchratamiz. Demak, adabiy til leksikasining shakllanishi, rivojlanish va o‘zgarish bosqichlarining xususiyatlarini aniqlashda epik ijod namunalari alohida o‘rin tutadi. Ulardagi qadimiy so‘z va birikmalarning lug‘atini o‘rganish nafaqat folklorshunoslik, balki tilshunoslik oldidagi eng dolzarb vazifalardan biridir.
Tilni o‘rgatishda folklor asarlarining janriy xususiyatlaridan kelib chiqib yondashish talab etiladi. Doston, ertak kabi yirik epik janrlar til taraqqiyotida qanchalik muhim o‘rin tutsa, qo‘shiqlar, maqol, matallar kabi eng kichik janrlar ham birdek qimmatli va ahamiyatlidir.
Folklorning yozma adabiyotga ta’siri, umuman so‘z san’ati haqida gap ketar ekan, folklor ko‘plab san’atlarning ibtidosi ekanini, badiiy ijod, musiqa, raqs va tasviriy san’at ildizlari folklor bilan chambarchas bog‘liq ekanligini ta’kidlab o‘tish joiz. Qaysiki ijodkor folklor an’analari ichida yashagan, uni o‘ziga singdirgan bo‘lsa, o‘sha ijodkorning asari til jihatdan ham, badiiylik nuqtai nazaridan ham ancha mukammal ekanligi kuzatiladi. Zero, milliy ong va tafakkurning shakllanishida badiiy asarning o‘rni beqiyosdir. Yuksak saviyada ijro etilgan yoxud yozilgan har qanday badiiy asar bu, eng avvalo, til hodisasidir. Ona tilning eng go‘zal jihatlarini, nozik tovlanishlarini namoyish eta olgan asargina mukammal asar hisoblanadi. Har bir tilning o‘ziga xos milliy fazilatlari va go‘zalliklari bo‘ladi. Ana shu fazilatlar va go‘zalliklarni faqat yuksak saviyadagi asarlargina namoyish eta oladi. Bunday asarda til yana bir bor yangilanadi, u yana bir yuksak pog‘onaga ko‘tariladi. Bunday asar tafakkurni yangilaydi, tilga mehr uyg‘otadi, tilimizni har xil buzilishlardan asraydi.
Xulosa qilib, aytganda, bugungi yoshlarni komil inson qilib tarbiyalashda, ma’naviyatini yuksaltirishda ko‘plab usullar, vositalar, metodlar mavjud. Biroq bu usul va metodlar, birinchi navbatda, so‘z san’atining ibtidosi sanalgan folklor namunalariga suyanilgan holda amalga oshirilsa, yanada samarali va ta’sirchan bo‘ladi.
Xalqimizning milliy taraqqiyotida, ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviy yuksalishida folklor, umuman badiiy so‘z san’ati hamisha tayanch nuqta bo‘lib kelgan. Zero, folklor bu millatning quvvati, tirikligi va buyukligidir.
Bugungi global jamiyatda davlat chegaralari qo‘riqlangani, muhofaza etilgani kabi millat tili va tafakkuri, estetik didi ham xuddi shunday asrab avaylanishga, qattiq himoyaga muhtojdir.



Yüklə 82,65 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin