Reja: Hissiyot haqida tushuncha



Yüklə 42,56 Kb.
səhifə1/2
tarix21.06.2022
ölçüsü42,56 Kb.
#61953
  1   2
11-мавзу Хиссиёт


11 - MAVZU: XISSIYOT


Reja:
Hissiyot haqida tushuncha
Hissiyotning nerv-fiziologik asoslari
Inson va hayvonlardagi emotsiyalar
Hissiy holatlarning ifodalanishi
Hislarni kechirish shakllari
YUksak hislar
Tayanch iboralar: dinamik, stereotip, depressiya, astenik hislar, affekt, apatiya, ambivalentlik holati.
Hissiyot haqida tushuncha

Odam tashqi muhitdagi turli-tuman narsa va hodisalarni idrok qilar ekan, hech vaqt bu narsalarga batamom befarq bo‘lmaydi. Odamning aks ettirish jarayoni doimo faol xarakterga egadir. Aks ettirish jarayoni quyidagilarni qamrab oladi:


a) shaxsning ehtiyojni qondirish imkoniyatiga egaligini;
b) qondirishga yordam beradigan yoki qarshilik ko‘rsatadigan ob’ektlarga sub’ekt sifatida qatnashishi;
v) uni harakat qildiruvchi bilimga intiltiruvchi munosabatlar va hokazo.
CHunki odam atrofidagi har turli narsalarni idrok qilib aks ettirar ekan, bu narsalarga nisbatan ma’lum munosabatda bo‘ladi. Masalan, bizga ayrim narsalar yoqsa, ya’ni kayfiyatimizni ko‘tarib yuborsa, boshqa bir narsalar yoqmaydi va kayfiyatimizni buzib, dilimizni xira qiladi. Ba’zi bir ovqatni odam juda ham yoqtiradi, boshqa bir ovqatni esa mutlaqo ko‘rgisi kelmaydi yoki ayrim odamlar bizga xush keladi yoki boshqa bir odamlar esa noxush keladi. Umuman odam atrofidagi hamma narsalarga nisbatan munosabatda bo‘ladi va uning munosabatlari ham aks ettiriladi.
Kishilar idrok qilayotgan, ko‘rayotgan, eshitayotgan, bajarayotgan, o‘ylayotgan, orzu qiladigan narsalarga befarq bo‘lmaydilar. Bir xil predmetlar, shaxslar, xarakterlar, voqealar bizni quvontiradi, boshqalari xafa qiladi yana boshqalari g‘azab, nafratimizni uyg‘otadi. Biz xavf ostida qolganimizda qo‘rquvni his qilamiz, dushman ustidan g‘alaba qozonish yoki qiyinchilikni engish zavq uyg‘otadi.
Hissiyot bizning tuyg‘ularimizning o‘ziga xos aks ettirish jarayoni bo‘lib, bunda narsa va hodisalarni aks ettirish jarayonida bizda tug‘iladigan ichki kechinmalar va munosabatlar aks ettiriladi. Demak, hissiyotlar o‘z- o‘zidan yuzaga kelmasdan, tashqi olamdagi narsa va hodisalarning ta’siri bilan bog‘liq ravishda yuzaga keladi.
Emotsiya – shaxsning voqelikka o‘z munosabatini his qilishidan kelib chiqadigan, uning ehtiyoj va qiziqishlari bilan bog‘liq bo‘lgan yoqimli yoki yoqimsiz kechinmalaridir. Keltirilgan ta’riflardan ko‘rinadiki, hissiyot tushunchasi emotsiyaga nisbatan kengroq tushuncha bo‘lib, shaxsning kundalik hayoti, turmush tarzidagi barcha jabhalarni qamrab oladi.
Hissiyotlar o‘zining yuzaga kelishi nuqtai nazaridan odamning ehtiyojlari, qiziqishlari va intilishlari bilan bog‘liq bo‘ladi. Masalan, odamning organik ehtiyojlarini qondirishi bilan bog‘liq bo‘lgan hissiyotlar odamda rohatlanish, qanoatlanish tuyg‘usini yuzaga keltiradi. Organik hissiyotlarni qondira olmaslik odamning ruhini tushirib, kayfiyatini buzib, azoblanish, toqatsizlanish hissiga sabab bo‘ladi.
Hissiyot odamda sodir bo‘layotgan hodisa va narsalardan shaxs sifatidagi odam uchun ahamiyatli bo‘lganlari haqida darak beruvchi signallar tizimi hisoblanadi. Mazkur holda sezgi a’zolariga ta’sir qiluvchi cheksiz miqdordagi qo‘zg‘ovchilardan aniq bo‘lib ajraladi, ba’zilari bir-birlari bilan qo‘shilib ketadi va paydo bo‘lgan hissiyot bilan birlashib ketadi. Natijada taassurot uyg‘otib, biror hissiy nom bilan ifodalangan xotira obrazlari tariqasida saqlanib qoladi. Buni fiziologik jihatdan shunday tushuntirish mumkin: ma’lum qo‘zg‘atuvchilar tirik mavjudotlar uchun xotirjamlik haqida darak beruvchiga aylanadi. Hissiy kechinmalar esa insonning shaxsiy tajribasida tarkib topadigan reflekslar tizimini mustahkamlash sifatida namoyon bo‘ladi. Hissiyotning mana shu darak beruvchilik vazifasi psixologiyada hissiyotning impressiv tomoni deb ataladi. Impressiv so‘zi lotincha taassurot degan ma’noni anglatadi.
I.P.Pavlov tirik mavjudotlarning atrofimizdagi muhitga moslashuvida hosil qiladigan buziladigan dinamik streotiplar orqali biror hissiyot va emotsional kechinmalarning ijobiy va salbiy sifatlarini tushuntirib beradi.
Dinamik stereotip deganda tashqi qaytarilish natijasida hosil qilingan shartli reflekslar, nerv bog‘lanishlarining barqaror tizimi tushuniladi. Har turli qiyinchiliklar va qarshiliklarga duch kelishi natijasida dinamik stereotiplarning «o‘zgarishi» salbiy emotsional holatni yuzaga keltiradi. Hissiyot bu uning kechirilishining turli shakllari faqat darak vazifasini emas, balki boshqaruvchilik funksiyasini ham bajaradi. Emotsiya harakatlari juda ko‘p tana o‘zgarishlarida ifodalanadi. Odam organizmidagi o‘zgarishlar kechirilayotgan hissiyotning ob’ektiv ko‘rsatkichi hisoblanadi. Moslashish xarakteriga oid bo‘lgan, ya’ni ovozning o‘zgarishi, mimika, imo-ishora, organizmda sodir bo‘ladigan jarayonning qayta o‘zgarishidan iborat ixtiyorsiz va ongli harakatlar psixologiyada emotsional harakatlarning ekspressiv tomoni deb ataladi.
Hissiyotlar odatda juft-juft bo‘lib uchraydi. Masalan, yoqimli- yoqimsiz, xush-noxush, xursand-xafa, g‘azab-muhabbat, nafrat kabi ana shunday hissiyotlar sub’ektiv xarakterga ega bo‘ladilar, lekin ularning tashqi ifodasi ham bo‘ladi. Masalan, hushchaqchaq odam bilan g‘amgin odamning yuz ifodasini ko‘z oldimizga keltirib ko‘rish mumkin. Aynan mazkur jarayon psixologiyada ambivalentlik yoki ikki taraflamalik deb ataladi. Ambivalentlik – lotincha har tomonlama kuchga ega ma’nosini anglatib kishining bir ob’ektning o‘ziga nisbatan bir vaqtning o‘zida paydo bo‘ladigan bir-biriga qarama – qarshi emotsional irodaviy holatdir.
Hissiyotda ambivalentlik bu rohatlanish va azoblanishni birga qo‘shilib va biri ikkinchisiga o‘tib ketmaydigan emas, balki bunda birga bo‘lish kechiriladigan hissiyotning zarur xarakterli sifatlaridan birini tashkil qiladi. Masalan, rashk hissida muhabbat va nafrat.

Hissiyotning nerv-fiziologik asoslari


Hissiyot boshqa hamma psixik jarayonlar kabi bosh miya po‘sti qismining faoliyati bilan bog‘liqdir. Bosh miya hissiyotlarning kuchini va barqarorligini idora qilib turadi. Hissiyotlar boshqa bilish jarayonlaridan farqli bosh miya po‘stining faoliyatidan tashqari organizmning ichki a’zolari faoliyati bilan ham bog‘liqdir, boshqacha qilib aytganda hissiyotlar vegetativ nerv tizimining faoliyati bilan ham bog‘liqdir. CHunonchi, odam qattiq uyalgan paytida qizarib ketadi, qattiq qo‘rqqan paytida esa rangi o‘chib, qaltirab ketadi, xattoki odamning ovozida ham o‘zgarish paydo bo‘ladi. Ana shunday hissiy holat yuz bergan paytda odamning yuragi tez ura boshlaydi, nafas olishi ham tezlashadi.


Demak, odam ma’lum hissiy holatni boshdan kechirayotgan paytda uning qon aylanish tizimi, nafas olish organlari nutq apparatlari ichki sekretsiya bezlari ham qatnashadi. Masalan, materialni yaxshi bilmaydigan talaba imtihon topshirayotganda terlab ketadi, tomog‘iga nimadir tiqilib, gapini gapira olmay qoladi. Odamda qattiq qo‘rqish paytida «YUragi orqaga tortib ketdi», «Sovuq ter bosib ketdi» kabi iboralarning ishlatilishi hissiyot paytida odamning ichki a’zolarining ishtirok etishidan dalolat beradi.
Juda ko‘p hissiy holatlar bosh miyaning yaqin po‘stloq osti qismlarining oralig‘i bilan ham bog‘liqdir. Masalan, ko‘rish tepaligi deb ataluvchi qism ayrim hislarni ifodalaydigan ixtiyorsiz harakatlarning markazi hisoblanadi.
Odamda uchraydigan yuksak ma’naviy hissiyotlar ham o‘zining nerv-fiziologik asosiga ega bo‘lishi kerak (chunonchi intellektual, ahloqiy, estetik hissiyotlar). Bu jihatdan akademik I.P.Pavlovning dinamik streotip haqidagi ta’limoti juda katta ahamiyatga egadir. Bu haqda akademik I.P.Pavlov shunday deb yozgan edi: «Menimcha, ko‘pincha odatdagi turmush tartibining o‘zgargan paytlarida odat bo‘lib, qolgan birorta mashg‘ulot yaqin kishidan judo bo‘lganda, aqliy iztirob chog‘ida kechiriladigan og‘ir hissiyotlarning fiziologik asosi xuddi eski dinamik streotipning o‘zgarishi, uning yo‘qolishi va yangi dinamik streotipning qat’iylik bilan hosil bo‘lishidan iborat bo‘lsa kerak».
Ayrim murakkab hissiyotlarning asosida dinamik streotipning yotishi yaqqol ko‘rinadi. Masalan, estetik hissiyotni oladigan bo‘lsak, biron yoqimli ko‘ydan lazzatlanish, yoki biron mashhur rassomning ishlagan ajoyib suratlarini tomosha qilib, rohatlanish estetik hissiyot hisoblanadi. Agar bu hissiyotlarning nerv-fiziologik asoslarini tahlil qiladigan bo‘lsak, quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin. Masalan, bizga juda yoqadigan kuy boshqa millat odamiga yoqmasligi mumkin. Bunda ajablanishga hech qanday o‘rin yo‘q. Biz yoshlikdan boshlab mazkur kuyni bir necha yuz marotalab eshitib borishimiz natijasida ana shu kuyga nisbatan deyarli buzib bo‘lmaydigan nihoyatda murakkab dinamik streotip yuzaga keladi. Ana shuning uchun ayrim kuylar bizga yoqadi, ayrimlari esa yoqmaydi. Suratlar masalasiga kelganda shuni aytish kerakki, qadimgi klassik asarlar ularning ishlanish uslubi realligi bizni hayratda qoldirib zavq tug‘diradi. Aksincha, hozirgi rassomlar tomonidan ishlangan rasmlar odamda qandaydir noxush hissiyotni tug‘diradi. Demak, uzoq yillar davomida yuzaga keladigan dinamik streotiplar ayrim murakkab hisni tashkil qiladi.
SHunday qilib, hissiyot vegetativ nerv tizimi orqali boshqariladigan ichki a’zo faoliyati bilan bog‘liq bo‘lsa ham bari bir bosh miya po‘sti orqali idora qilinadi. CHunki akademik I.V.Pavlovning fikricha, odamning butun a’zoyi badanida bo‘ladigan har qanday hodisalarning hammasini bosh miya po‘sti qismidagi neyronlar idora qiladi. Ana shu jihatdan olganda hissiyotning nerv-fiziologik asosi bosh miya po‘sti bilan bog‘liq.

Inson va hayvonlardagi emotsiyalar


Odam his-tuyg‘ulari bilan hayvon hissiyotlari o‘rtasida juda katta farq bo‘ladi. Odamda juda ko‘p miqdorda his-tuyg‘ular borki, bunday hissiyotlar hayvonlarda uchramaydi. SHuning uchun ham odam ham xayvon uchun umumiy bo‘lgan g‘azablanish, qo‘rqish, jinsiy hissiyot, qiziquvchanlik, xursandchilik, g‘amginlik emotsiyalari hayvonlarda sifat jihatidan farq qiladi. Insoniy emotsiyalar «insoniylashtirilgan» ijtimoiy sharoit bilan bog‘liq holda namoyon bo‘ladi. Emotsiyalarning «insoniylashuvi» shunday namoyon bo‘ladiki, ichdan kechadigan hissiyotlar mazmuni, juda boy va murakkabdir. Odamlar bilan mehnat, siyosat, madaniyati, oilaviy hayot o‘rtasida paydo bo‘lgan munosabatlarning ko‘pligi, sof insoniy hissiyotlarning paydo bo‘lishiga olib keladi. Ular bolalarga odob bilan javob berishni, suhbatdoshiga ochiq ko‘ngillik bilan jilmayish, keksalar va nogironlarga hurmat bilan joy berishni o‘rgatdi. Odam o‘z hissiyotlarini o‘zi boshqaradi. Ba’zi kishilar emotsiyalarini yashirish niyatida qarama-qarshi emotsiyalarni ifodalaydilar. Masalan, qayg‘urish yoki qattiq og‘riq paytida kulimsirash, kulgilari kelgan paytda yuzlarini jiddiy, o‘ychan holga keltira oladilar. Lekin o‘zining imo- ishoralari va mimikalarini boshqara olishga qaraganda nafas olish, qon aylanish va ovqat hazm qilish tizimidagi o‘zgarishlarni ushlab qolish juda qiyin bo‘ladi. Odam xayajonlangan paytda bir maromda nafas ola biladi, ko‘z yoshlarini ushlab qola oladi, lekin rangini o‘zgartirish yoki qizartirishga qodir emas. Ammo emotsiyalarni paydo qiluvchi narsalardan o‘zini chalg‘itishi mumkin.


Hissiy holatlarning ifodalanishi


Hissiy holatlarning ifodalanishi birinchidan, ifodali harakatlar (yuz ifodasi, qo‘l, oyoq harakatlari), ikkinchidan organizmdagi turli hodisalarni, ya’ni ichki a’zolar faoliyatining va holatining o‘zgarishida, uchinchidan tabiatda, ya’ni organizm qon tarkibidagi va boshqa suyuqliklardagi kimyoviy o‘zgarishlarni, shuning bilan birga modda almashinuvida bo‘ladigan o‘zgarishlarni o‘z tarkibiga oladi.


His-tuyg‘ularning tashqi ifodasiga yuz ifodasi, imo-ishora, vajohat va qaddu-qomatning o‘zgarishi, ayiruv, tashqi chiqaruv bezlarining faoliyati (so‘lak, ter ajralishi) va ayrim harakatlar xususiyatlaridagi o‘zgarishlarni kiritish mumkin. Bunga nutqning faol o‘zgarishlari, «ovoz mimikasi» va gaplar tarkibining sintaksis o‘zgarishi, «tutilmasdan gapirish», yoki alohida «silliqlik» hamda «ifodalilik»ning yuzaga kelishi nihoyat hissiyot o‘zining to‘la qisman ifodasini topadigan xatti-harakatlarga taalluqlidir. Kishining emotsional kechinmalari vaqtida nutqining tezligi o‘zgaradi. Ko‘pincha nutqning sintaksis tuzilishi buziladi, tezligi va ahamiyati o‘zgaradi. O‘tkazilgan tekshirishlar shuni ko‘rsatadiki, g‘amginlik va ma’yuslik hislarini ifodalovchi kishining ovozi beixtiyor pasayib ketadi, so‘zlashgan kishining tovushi ham bo‘linib-bo‘linib chiqadi.
Hislarni kechirish shakllari

Hissiyot kechinmalari turli holatlarda turlicha tezlik bilan paydo bo‘ladi. Ba’zan hissiyot to‘satdan, darhol paydo bo‘ladi. Masalan, kishi birdan xursand bo‘lib ketadi, darhol g‘azabga keladi, achchiqlanadi va hokozo. Lekin ba’zan shu hissiyotlar o‘zi dafa’tan qo‘zg‘almaydi, balki asta-sekin tug‘ila boshlaydi. SHunday hissiy kechinmalarning qay darajada tez paydo bo‘lmasligini belgilash qiyin yoki butunlay bilib bo‘lmaydi. Emotsional kechinmalarning kuchi turlicha bo‘lishi mumkin. Hissiyotlarni kuchi avvalo yoqimli va yoqimsiz tuyg‘ularning naqadar kuchli bo‘lishidadir. Hissiyotning kuchi shu hissiyotni shaxsning naqadar ehtiros bilan kechirilganligi bilan belgilanadi.


Hissiyotning qo‘zg‘alish xususiyatlari paydo bo‘lish yo‘lini kuchi va barqarorligi bir qancha sabablarga bog‘liqdir. Atrof-muhitning holati shu paytdagi ehtiyojlarning kuchi shu xislat tuzilishiga sabab bo‘lgan hodisalarning shaxsiy va ijtimoiy ahamiyatini anglashi, odamning dunyoqarashi, bu xislat qanday vaziyatda paydo bo‘lishi va o‘tmishi hamda shaxsning individual xususiyatlariga bog‘liqdir. Hislarning ayni vaqtda naqadar tez kuchli va barqaror bo‘lishiga ko‘ra his-tuyg‘ularning quyidagi turlari farqlanadi: hissiy ton, emotsiyalar, affekt, stress, kayfiyat va boshqalar.
Hissiy ton. Hissiyot ko‘pincha faqat hissiy tus sifatidagi ruhiy jarayonlarning o‘ziga xos tomoni tariqasida namoyon bo‘ladi. YOqimli suhbatdosh, kulguli voqea, yoqimsiz hid, zerikarli kitob, ko‘ngildagi mashg‘ulot, hushchaqchaq sayohat, og‘ir ish kabilar. Ko‘pincha emotsiyalar o‘zining ta’sirchanligi bilan bir-biridan ajralib turishiga qaramay, bunday sifatni hissiy holatlar stenik (yunoncha so‘zdan olingan bo‘lib, kuch degan ma’noni anglatadi) xususiyatli deyiladi. Bunda emotsiyalar dadil xatti-harakatlarga, mantiqiy mulohazalarga, nisbiy izlanishlarga kuch quvvat, qanoat bag‘ishlaydi. Masalan, xursandchilikdan shaxs «parvoz qiladi», «yulduzni narvonsiz oladi», kimlargadir xolis yordam qilishga shoshadi. Faollik qilib, tinchimaslik uning sifatiga aylanadi. Q.Turg‘unov lug‘atida stenik hisga quyidagi ta’riflar uchraydi: stenik hislar – shaxsning hayot faoliyatini kuch-g‘ayratining orttiradigan barcha bilish jarayonlarini faollashtiradigan ijobiy hissiyot turi. Aksariyat hollarda xushxabar, muvaffaqiyat shaxsda stenik xususiyatli emotsiyalarni vujudga keltiradi.
Ba’zi hollarda emotsiyalar o‘zining sustligi, motorli, kuchsizligi bilan tavsiflanadi. Bunday hissiy holat astenik (yunoncha so‘zdan olingan bo‘lib, kuchsizlik, zaiflik ma’nosini bildiradi) deb atashadi. Bunday hissiyot insonni bo‘shashtiradi, uni xayolga cho‘mdiradi, xayolparast qilib qo‘yadi. SHu sababdan favqulotda shaxsdagi befoyda emotsional kechinmaga, uyalish, vijdon azobi, andisha esa qo‘rqoqlikka aylanib qolishi xavfi kuchli.
Kayfiyat tushunchasiga psixologik manbalarda turli nuqtai nazardan yondashilgan taqdirda ham mazmunan ular bir xillikni anglatadi. Jumladan K.Turg‘unov lug‘atida shaxsning kuchsiz yoki o‘rtacha kuchga ega bo‘lgan nisbatan barqaror umumiy emotsional holati, A.V.Petrovskiyning “Umumiy psixologiya” darsligida kayfiyatlar ancha vaqt davomida kishining butun xatti-harakatiga tus berib turadigan umumiy hissiy holatini ifoda etadi, deb ta’kidlanadi. Professor E.G‘oziev fikricha, kayfiyat shaxsning ruhiy jarayonlariga muayyan vaqt davomida tus berib turuvchi emotsional holatdir.
Kayfiyat, ya’ni odamning xursand yoki g‘amgin kayfiyati hech vaqt sababsiz maydonga kelmaydi. Odam bajarayotgan biror ishning mavaffaqiyatli tugashi yoki imtihondan yaxshi o‘tish- yaxshi tetik kayfiyatni yuzaga keltiradi. Qilayotgan ishingizni oldinga yurmasligi yoki ishga berilgan yomon baho odamda ma’yuslik, kuchiga ishonmaslik kayfiyatini tug‘diradi.
Kayfiyatning xush yoki noxush bo‘lishi, birinchi navbatda odamning sihat-salomatligi bilan ham bog‘liqdir. Masalan, ichimiz qattiq og‘rib turgan vaqtda kayfiyat chog‘ bo‘lmaydi.
Affekt tushunchasiga berilgan ta’riflarga asosiy e’tiborni qaratadigan bo‘lsak bu ham shaxsning kuchli emotsional holatlari bilan bog‘liqdir. K.Turg‘unovning lug‘atida aytilishicha, affekt tez va kuchli paydo bo‘lib, shiddat bilan o‘tadigan qisqa muddatli emotsional holatdir. A.V.Petrovskiyning “Umumiy psixologiya” darsligida affekt haddan ziyod tez kechishi bilan miyada paydo bo‘luvchi, shaxsni tez qamrab oluvchi, jiddiy o‘zgarishlarni yuzaga keltiruvchi jarayonlar ustidan irodaviy nazorat buzilishiga etaklovchi organizm a’zolari funksiyasini izdan chiqaruvchi emotsional jarayonlarga aytiladi. M.Vohidov darsligida affekt to‘satdan tez paydo bo‘lib, tez orada o‘tib ketadigan nihoyatda kuchli hissiy holat sifatida e’tirof etiladi.
Affekt lotincha so‘z bo‘lib, ruhiy hayajon ehtiros degan ma’noni anglatadi. Affektlar ko‘pincha to‘satdan paydo bo‘ladi va ba’zan bir necha minut davom etadi. Affekt holatida kishini ongini tasavvur qilish, fikr qilish qobiliyati torayadi, susayib qoladi. Affektlar vaqtida odamning harakatlari kutilmagan tarzda portlash singari birdaniga boshlanib ketadi. Ba’zan affektlar tormozlanish holati tarzida namoyon bo‘ladi va bunday holatda organizm bo‘shashib, harakatsiz bo‘lib va shalvirab qoladi. Bunday holat ko‘pincha odam birdaniga qo‘rqqanida, to‘satdan quvonganida va shu kabi holatlarda o‘zini yo‘qotib qo‘yish ko‘rinishida namoyon bo‘ladi.
Stress tushunchasining mazmuni mohiyati borasida qator ta’riflar uchraydi. Jumladan, A.V.Petrovskiy tomonidan stress–ffektiv holatga yaqin turadigan, lekin boshdan kechirilishining davomiyligiga ko‘ra kayfiyatlarga yaqin bo‘lgan his-tuyg‘ularni boshdan kechirilishining alohida shaklidir, deb ta’rif beriladi. Profssor E.G‘ozievning umumiy psixologiya kitobida yozilishicha, stress-og‘ir jismoniy va murakkab aqliy yuklamalar ishlarning me’yoridan oshib, ketib xavfli vaziyatlar tug‘ilganida, zaruriy chora-tadbirlarni zudlik bilan topishga intilganda vujudga keladigan hissiy zo‘riqishlar sifatida ko‘rsatiladi.
Stress – inson organizmini haddan tashqari zo‘riqish natijasida paydo bo‘ladigan tanglik jarayonidir.
Stress ko‘rinishiga qarab ikki turga ajratiladi:
Konstruktiv – biz turidagi (ko‘pchilik orasida);
Destruktiv – men turidagi (yakka shaxs o‘zi bilan) kechadigan jarayon.

YUksak hislar


Hissiy jarayonlarning har xil shakllari normal odamda alohida, yakka holda mavjud bo‘lmaydi. YUzlab va minglab kechirilayotgan emotsiyalar, affektlar, kayfiyatlarda aniq yashaydigan umumlashtirilgan hislar yuksak hislar deyiladi. YUksak hislar o‘z tarkibiga birinchi soddaroq ko‘rinishdagi turli hislarni oladi.


Inson faoliyatining qaysi bir turi, yoki qaysi bir sohasi, hislarni qaysi birining asosiy ekanligiga qarab, yuksak hislarning muhim turlari: praksik , axloqiy, intellektual, estetik turlari ajratiladi.
Praksik hislar. Inson amaliy hayotining istalgan sohasi maqsadga muvofiq aqliy faoliyatiga, shaxsning ularga nisbatan muayyan munosabatda bo‘lish sohasiga aylanib qoladi. Bu birinchi navbatda biror maqsadni anglabgina qolmay, uni e’tirof etadigan yoki inkor qiladigan maqsadlarga erishish yo‘llarini baholaydigan ta’sir qilish usullari va ko‘lamlarini ma’qullaydigan va ma’qullamaydigan, ularni to‘g‘ri tanlanganligiga shubhalanadigan, nihoyat muvaffaqiyat yoki muvaffaqiyatsizlik hissini kechiradigan mehnat faoliyatida kuzatiladi. Mehnat inson hayotining asosi bo‘lib, insonning mehnatga bo‘lgan hissiy munosabati yuksak hislar orasida muhim o‘rinni egallaydi,
Mehnat faoliyatida shaxs:
Biror maqsadni anglaydi.
Uni e’tirof qiladi yoki inkor etadi.
Maksadga erishish yullarini baholaydi.
Uni tadbiq etish usullari va qurol vositalarini ma’kullaydi yoki ma’qullamaydi.
Ularning tanlanganligiga shubhalanadi.
Inson muvaffaqiyat yoki muvaffaqiyatsizlik hissini kechiradi va hokazo.
Ahloqiy hislar odamning boshqa kishilarga, jamoa va o‘zining ijtimoiy burchlariga bo‘lgan munosabatlarida ifodalanadi. Inson bu hislarni kechirar ekan, ma’lum ahloqqa, ya’ni ijtimoiy ahloq-qoidalari va normalari majmuiga asoslanib, boshqa kishilarning xatti-harakatlariga yoki ruhiy hususiyatlariga hamda o‘zining xatti-harakatlariga baho beradi.
SHaxsning etakchi ahloqiy hislaridan biri bu burch hissidir. Bu his odam yashab va ishlab turgan tor doiradagi jamoa (oila, maktab, ishlab chiqarish, korxona) manfaatlari nuqtai nazaridan turib, harakat qilish lozimligini anglaganda ham kechiriladi. Odam o‘zining ijtimoiy burchlari nimalardan iborat ekanligini bilib va tushunibgina qolmay, balki ularni bajarish zarurligini ichdan his qilib qayg‘uradi. Kishilar hayoti va faoliyatida o‘zaro yordamlashish, hamjihatlik, intilish va manfaatlar birligiga asoslangan o‘rtoqlik munosabatlari yuzaga keladi.
O‘rtoqlik munosabatlarining yuksak cho‘qqisi do‘stlik hissida namoyon bo‘ladi. Do‘stlik hissi o‘rtog‘iga mehribonlikda uni ko‘rish u bilan gaplashish o‘z fikr hislari bilan o‘rtoqlashishda namoyon bo‘ladi. Haqiqiy do‘stlik hissi do‘stga nisbatan yuksak talabchanlik bilan bog‘liqdir. Xato va kamchiliklarni tuzatishga ham yordam berish, do‘stlikka yaqin bo‘lgan muhim ahloqiy his muhabbat hissidir. Muhabbat jamiyatda nikoh va oilaning ahloqiy psixologik asosi hisoblanadi.
Agar odamning jamiyatdagi xatti-harakatlari ahloq normalariga mutlaqo zid bo‘lsa, odam vijdon azobiga uchraydi. Vijdon azobi murakkab hissiy holatdir. Mobodo odam biror ahloqsiz harakat qilib, vijdon azobiga uchrasa, undan qutilishi juda qiyin bo‘ladi. CHunki vijdon azobiga uchragan odam jamiyat oldida o‘zining nohaqligini biladi va o‘zini-o‘zi so‘roq qila boshlaydi. SHuning uchun odam o‘zidan-o‘zi qochib qutila olmagandek, vijdon azobidan ham hech qachon qochib keta olmaydi.
Ma’lumki, vijdon azobi kishining qalbida chuqur ichki kurash hissini tug‘diradi. O‘z xatti-harakatida ahloq tamoyillariga amal qilmagan, uyati ham vijdoni bo‘lmagan kishilarni «vijdonsiz» odamlar deyiladi. Kishi yomon bir ish qilib qo‘yganligi bu kishining o‘ziga munosib emasligini, anglashi bir tomondan vijdonini qiynaydi, vijdon azobiga soladi, ikkinchi tomondan ahloq talablariga xilof ish qilish bilan boshqalardan malomatga qolishni, ularni o‘rniga nisbatan salbiy xislat paydo qilishni ham tushunadi. Masalan, mazkur jarayonga quyidagi misolni keltirib o‘tish joiz. AQSH prezidenti R. Trumen 1945 yili 6 avgustda YAponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga atom bombasini tashlashga buyruq bergan edi. Amerikaning birinchi darajali uchuvchisi Mayor Klod Izerli Xirosimaga atom bombasini tashlab 300 000 kishini yostig‘ini quritishda ishtirok etdi. Atom bombasi zarbidan o‘lgan yosh bolalarni qariyalarni, xotin-qizlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Izerli vataniga qaytganda “Xirosima qahramoni”ni sifatida uni tantana bilan kutib olishadi.
Izerlini vijdon azobi kundan kunga battarroq qiynay boshladi. U vijdonini tinchitmoq uchun nafaqadan, hamma mukofatlardan voz kechdi, o‘ziga berilgan ordenlarni qaytarib bermoqchi bo‘ldi. Pul to‘plab Xirosimaga yordam yubordi. Ammo vijdon azobi hamon uni ezardi, ta’qib qilardi, kechalari uxlolmasdan o‘zini o‘zi o‘ldirishga urinib ko‘rardi. Ammo natija chiqmadi, zora qamasalar, deb jinoyat qildi. Nihoyat Klod Izerli aqldan ozibdi, deb uni jinnixonaga yotqizdilar.
Estetik hislar ham yuksak ahloqiy hislardan hisoblanadi. Estetik his deganda biz go‘zallikni idrok qilish, go‘zallikdan zavqlanish va go‘zallik yaratishga intilishni tushunamiz. Estetik hissiyot hamma odamlarga xos bo‘lgan hissiyotdir. Atrofdagi tabiat manzaralari estetik hissiyotlarimizning birinchi manbai hisoblanadi. Masalan, bahor faslidagi tog‘ manzaralari yaylovlarda qo‘y va qo‘zichoqlarning o‘tlab yurishlari, baland qorli qoyalarni uzoqlardan mag‘rur turishlari odamda estetik lazzatlanish hissini tug‘diradi yoki xuddi dengizdek ko‘z ilg‘amaydigan ko‘m-ko‘k paxtazorlar uzoqlarda chiroyli bo‘lib ko‘rinib turgan dala tepaliklari odamda qandaydir ko‘tarinki ruh tug‘diradi.
Odamlar hayotning turli faktlariga va ularning san’atini aks ettirishiga qandaydir go‘zallik yoki xunuklik fojiali yoki kulguli, oliyjanoblik va razillik, nozik yoki dag‘al hodisalar sifatida munosabatda bo‘ladilar. Bu hislar tegishli baholarda estetik didlarda namoyon bo‘ladi va o‘ziga xos badiiy lazzatlanish holatida kechiriladi.
Estetik hissiyotlarning manbalari juda ko‘p va xilma-xildir. Masalan, tabiat manzaralaridan lazzatlanishdan tashqari tasviriy san’at asarlari, badiiy-adabiy asarlar, muzika va xaykaltaroshlik, arxitektura va me’morchilik ishlari ham odamda estetik hisni tug‘diradi. Bundan tashqari odamlarning o‘zaro bir-birlari bilan bo‘lgan munosabat va muomalalari ham estetik hissiyotlarning manbalari bo‘la oladi. Odamning kiyinishi, uyining tutishi, qanday jihozlanish, boshqalar bilan muomalasi ham estetik hislarimizning manbai bo‘la oladi. Masalan; dag‘al gaplashadigan kishidan odam nafratlanadi, aksincha muomalali, gapni o‘rinli va madaniyatli qilib gapiradigan kishidan odam zavqlanadi. SHunday odamlarga taqlid qilgisi keladi. Umuman odamning estetik hissiyotlari ko‘p manbalarga ega bo‘lgan murakkab hissiyotlardandir.
Intellektual hissiyotlar ham o‘z mohiyati jihatidan ahloqiy hissiyotlarga yaqin bo‘lgan hissiyotlardir. Intellektual hissiyotlar odamning bilish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan hissiyotlar bo‘lib, biror narsadan hayron qolish, hayratda qolish, shubhalanish kabi holatlarda ifodalanadi. Intellektual hissiyotlarga dastavval ajablanishni kiritish mumkin.



Yüklə 42,56 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin