Reja: ”Sharq yulduzi” jurnalida e’lon qilingan romanlar tahlili



Yüklə 142,5 Kb.
səhifə1/7
tarix01.06.2022
ölçüsü142,5 Kb.
#60344
  1   2   3   4   5   6   7
Sharq yulduzi” jurnalida 2011-2020 yillarda chop etilgan hikoyalar biografiyasini tuzish.


Reja:
1.”Sharq yulduzi” jurnalida e’lon qilingan romanlar tahlili.
2. “Yoshlik” jurnalida e’lon qilingan qissalar tahlili.
3.”Kitob dunyosi” gazetasida e’lon qilingan qissalar tahlili.
6.Abdulla Qodiriyning “O’tkan kunlar” romani atrofida munozaralar.

1.”Sharq yulduzi” jurnalida e’lon qilingan romanlar tahlili.
Asad Dilmurod asar strukturasini loyihalashda bundan 15 yil oldin aytgan quyidagi fikrlariga amal qilgan: “Adabiyot tili – ramziy til, timsoliy til. Majoziy yo‘sin bilan so‘zlaganda, badiiy ijod tanlangan mavzu mohiyatini, aniqrog‘i, ruh dramasini chukurroq ochadi. Adabiyot majoz tili bilan so‘zlay boshlasa, ruhiyat dramasini, inson qalbini teranroq ochish uchun keng imkoniyatlarga ega bo‘ladi”. Odatda, bu usulda hikoya qilingan asarlarda o‘tmish bilan bugun, fano bilan baqo, xayolot va reallik, zamon va makon bir nuqtada – personaj ongida birlashadi va bir paytning o‘zida harakatlanaveradi. “Rang va mehvar” romanida shunday struktural markazni Komron Vali obrazi bajaradi. O‘quvchi uning qalb dramasi orqali ijtimoiy hayotda, ayniqsa, tasviriy san’at sohasida ro‘y berayotgan tartibsizliklar, korchalonlik kabi illatlardan xabardor bo‘ladi.
Menimcha, “Rang va mehvar”ni iste’dodli yozuvchi Asad Dilmurodning jahon adabiyotiga xos ong oqimi an’analarini ijodiy davom ettirish yo‘lida olib borayotgan navbatdagi eksperimenti deb qabul qilish o‘rinlidir.
“Go‘ro‘g‘li” – talay hikoya va qissalari bilan tanilgan Nazar Eshonqulning birinchi romani hisoblanadi. Muallifning izohlashicha, asar o‘tgan asrning 90-yillarida yozib tugallangan. Roman “insonning tirikligi va mavjudligini tan olmagan, insoniylik sha’ni va g‘ururini xo‘rlash va haqoratlash evaziga yashagan o‘sha mustabid tuzum” suratini akslantiradi. “Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi” dostonidan epigraf qilib olingan “Aytsam yetgaymikan, enajon, zorim, Yurakda g‘amim ko‘p, ichda zanglarim” satr­lari yozuvchining g‘oyaviy niyatini tushunish uchun kalit vazifasini bajaradi. Arz qiluvchining “enajoni” – mustabid sho‘ro jamiyati allaqachon qarib, kar va ko‘r holiga kelganligi tufayli “bola”sining zorini eshitishga, g‘amiga davo topib, ichidagi zang­larini artishga qurbi yetmay qolganligi uchun arzini hech kim tinglamaydi, tinglashni istamaydi ham. Natijada, yuragida to‘plangan g‘amlar zanglab, Nazar Eshonqulni ham ma’nan, ham jismonan o‘lim sari yetaklaydi. U boshidan kechirgan voqealar “hukmni so‘zsiz bajarish kerak. Topshiriqni bajarish biz uchun qonun” bo‘lgan sho‘ro davri siyosatining badiiy ko‘zgusidir. Shu qonun hukm surgan jamiyatda Nazar Eshonqulning eng katta xatosi – o‘zi uchun “shart bo‘lmagan narsani (ya’ni o‘zining tirik ekanligini – Y.S.) isbotlashga” uringanligidir. Ha, chindan ham “Hamma narsa inson uchun, insonning baxt-saodati uchun” degan soxta shior bilan xalqini aldagan Sho‘ro hukumati uchun tiriklar emas, “O‘lik jonlar” kerak edi. Nazar Eshonqul bilan qabriston go‘rkovi o‘rtasidagi dialogda romanning yana bir yashirin g‘oyasi yuz ochadi: “Sizning eng katta xatongiz shart bo‘lmagan narsani isbotlamoqchi bo‘lganingizda! – dedi go‘rkov bamaylixotir. – Siz kurashni noto‘g‘ri tanladingiz! Muhimi, siz men tirikman deb da’vo qilgansiz, barcha dalillar sizga qarshi edi, natijada, sizning da’vongiz isbot etilmadi. Siz tirikman deb nimaga erishdingiz?”
Roman tom ma’noda absurd g‘oyasiga – yashashda ma’ni yo‘q degan fikr asosiga qurilgan. Xuddi yumaloq toshni tepalikka olib chiqib, o‘zining haqligini isbotlashga urinayotgan Sizif singari N. ham mahkamalarga tinimsiz qatnab tirikligini isbotlamoqchi bo‘ladi. Bundan umidvor, biroq u mansub bo‘lgan jamiyat odamning haqligini tan olgisi kelmaydi. Asarni o‘qir ekanmiz, xayolimizga beixtiyor F.Kafkaning “Jarayon” romani keladi. Qahramonlar ismining bosh harf bilan belgilanishidan tortib, ularning yoshigacha, o‘z gunohsizligini isbotlash uchun yugurib-elishlarigacha, ammo haq ekanligini amalda isbotlay olmay, ruhan azoblanib, o‘lib ketishlarigacha bir-biriga o‘xshaydi.
O‘tgan yili ikkita biografik roman yaratildi. Bular N.Karimovning “Mirtemir” va O.Hayitning “Arosatlar oroli” deb atalgan asarlari bo‘lib, ular o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor. Ma’rifiy-biografik roman yaratishda katta tajribaga ega bo‘lgan professor Naim Karimov (olimning Cho‘lpon, H.Olimjon, M.Shayxzoda haqidagi romanlarini eslang) o‘zbek adabiyotining eng sadoqatli, eng xokisor vakili Mirtemirning monumental qiyofasini ham adabiyotshunos, ham tarixchi, ham etnograf, ham psixolog sifatida mukammal chizib bera oladi. Biroq O.Hayitning asari to‘g‘risida iliq fikr bildirishdan ojizmiz. Gap shundaki, yozuvchi yoshligidan ko‘p qiyinchilik, yaxshi va yomon odamlarni ko‘rgan, harbiy xizmatni o‘tab kelgan 24-25 yoshdagi jurnalist Qodirjonning hayot yo‘lini aks ettirishni niyat qilgan. Aslida, u boshidan kechirgan voqealar shu qadar o‘tkinchi, shu qadar nomuhimki, ular oldida dovdirab qolgan Qodirjonning ahvoliga achinib ketasiz. Bu asar shunchaki voqealar bayonidan iborat bo‘lib qolgan.
Ma’lumki, mustaqillikka erishganimizdan keyin tariximizga munosabat tubdan o‘zgardi. Shu paytgacha qora bo‘yoq bilan chaplangan tarix sahifalaridan nur va haqiqatni izlashga e’tibor kuchaydi. Dostonlar, dramalar, qissa va hikoyalardan tashqari har yili tarixiy mavzuda yozilgan talay romanlar dunyoga kelayotganligi ana shu sa’y-harakatning samarasidir. Shunga qaramay, hali xalqimiz tarixida “ochilmagan qo‘riq”lar juda ko‘p va ular o‘zlashtirilishini intizorlik bilan kutib turibdi.
Ana shunday ochilmagan qo‘riqlardan biri – Turkiston o‘lkasining Shayx ul-mashoyixi bo‘lgan ulug‘ zot Xoja Ahmad Yassaviy hazratlarining faoliyati edi. Adib Sa’dulla Siyoev o‘tgan yili chorak asr davomida izlanib, nihoyasiga yetkazgan “Ahmad Yassaviy” nomli roman-dilogiyasini o‘quvchilar hukmiga havola qildi. Aslida, ushbu romanning birinchi kitobi yangi asr boshlarida “Yassaviyning so‘nggi safari” nomi bilan e’lon qilingandi. Shundan so‘ng ikkinchi kitob ustida adib o‘n yildan ortiq ishladi. “Ona yurt shamollari” deb nomlangan ikkinchi kitob haj safariga ketayotgan hazratning yo‘l-yo‘lakay sadoqatli muridi Sulton Sanjar hukmronlik qilayotgan Marv mamlakati aholisini o‘lat balosidan qutqargach, haj savobini olgani haqidagi ilohiy ishora tufayli Turkistonga qaytishidan boshlanadi.

Umuman, ikkinchi kitobda Xoja Ahmad Yassaviyning ma’naviy-ruhiy, ma’rifiy-ijodiy faoliyati doirasini birmuncha kengaytirish imkoniyatlari mavjudligi sezilib turibdi. Biroq muallif ulardan foydalanishni istamagandek taassurot qoladi.


Taniqli yozuvchi Nurali Qobul so‘nggi yillarda ko‘proq tarixga murojaat qilib, uning shonli sahifalarini badiiy obrazlar vositasida shavq bilan hikoya qilishga kirishdi. Bu borada adib qisqa muddatda ikkita roman yaratdi. Yozuvchining “Taxt tagidagi zindon” romani bundan atigi ikki yil avval e’lon qilingan “Buyuk Turon amiri yoxud aql va qilich” romanining mantiqiy davomi bo‘lib, ular bir-birini to‘ldiradi. “Taxt tagidagi zindon”da ulug‘ Amirning xiyonatkor va ikkiyuzlamachi To‘xtamishxon bilan olib borgan muhorabasi ifodalangan. Romanning jurnal sahifalarida e’lon qilingan atigi 4 bobi (2, 3, 4, 5) ga tayanib, muallifning g‘oyaviy niyati haqida tugal xulosa chiqarish qiyin. Bu haqda roman to‘la bosilib chiqqandan so‘ng fikr yuritish o‘rinlidir.
Taniqli adib Komil Avaz “Sozanda” romanida asosiy e’tiborini Xorazm qo‘shiqchiligi tarixi, uning bardavom bo‘lishiga munosib hissa qo‘shgan xalq hofizlarining faoliyatini aks ettirishga qaratadi. Roman ma’nan poklanish vositasi va ruhiyat ozuqasi bo‘lgan soz va ilohiy kasb egasi sozanda haqidadir. Bu niyatini ifodalash uchun adib Xorazm tarixining XX asr boshidan 50-yillargacha bo‘lgan eng murakkab davrini qalamga olgan. Voqealar markazida polvon, sozanda va xonanda, pokiza niyatli Qutlug‘murod, shaxsiy manfaatiga erishish yo‘lida har qanday razillikdan qaytmaydigan Matmurod hofiz (Matti mutrik), qat’iyatli ustoz Abdirim bangi, go‘zal va ishonuvchan qiz Qamarsulton hamda uning ota-onalari obrazlari turadi.
Xuddi shunday tarixnavislikka berilib ketish qusuri H.Sattoriyning “Sog‘inch” romanida ham uchraydi. Roman bayonida axborot haddan ziyod ko‘payib, o‘quvchini zeriktirish darajasiga yetadi. Ayrim o‘rinlarda badiiy tasvirdan ko‘ra ilmiy tafakkur ustun kelganligi sezilib qolgan. Eng muhimi, romanda voqealar rivojiga turtki beruvchi, qahramonlarni harakatga keltiruvchi jiddiy konflikt, ko‘zga yarq etib tashlanadigan xarakter uchramaydi.
B.Xudoyberganovning “Ayol armoni” romani oliy o‘quv yurtini tamomlab, oilasiga qaytgan uch qizning uch xil taqdiri orqali qizlik sha’ni, nomusini asrash baxt va milliy qadriyat degan fikr asosiga qurilgan. Tursunoy bilan Shahlo o‘ylamay bosgan qaltis qadamlari tufayli bir umr armonda yashaydilar. Farangiz esa sabr-toqat bilan “tosh kelsa – kemirib, suv kelsa – simirib”, yomonlarning ham tahsiniga sazovor bo‘ladi. Har uchovining qismatida oiladagi muhit, ayniqsa, ona asosiy rol o‘ynaganligiga alohida urg‘u beriladi.
Xullas, 2012-yilda yaratilgan romanlar voqelikni bayon qilish va obrazlar talqiniga ko‘ra an’anaviy hamda noan’anaviy usullarda bitilgani ularning shak­lan va mazmunan yangilanib borayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, muhim ijtimoiy-ma’naviy muammolarni ko‘tarish, ularni yirik xarakterlar vositasida o‘quvchilar shuuriga singdirish san’atkorlar oldidagi muhim vazifa bo‘lib qolayotganligini unutmasligimiz lozim.

Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 3-son.





Yüklə 142,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin