Ta'limga qo'yiladigan zamonaviy talablar



Yüklə 104 Kb.
səhifə1/6
tarix28.12.2021
ölçüsü104 Kb.
#48096
  1   2   3   4   5   6
1443936954 61673


TA'LIMGA QO'YILADIGAN ZAMONAVIY TALABLAR

Reja:



  1. Pedagogika fanining ob’ekti, predmeti va tuzilishi.

  2. Pedagogik tizimlarning ilmiy metodologik asoslari, manbalari, tasniflash asoslari.

  3. Asosiy ta’limiy kontseptsiyalar va yondoshuvlar.

  4. Falsafiy antropologiya pedagogik tadqiqotlarning metodologik asosi va pedagogik antropologiya va uning qoidalari.

Pedagogika fanining ob`ekti asosan maktab o`quvchilaridir, predmeti esa o`quvchilarga berilayotgan ta`lim-tarbiya nazariyasi va amaliyotidir

Pedagogika ta`lim-tarbiya maqsadini jamiyat talablariga va o`quvchilarning yosh hususiyatlariga qarab mazmunan o`rganib borishni taqozo etadi, tarbiyaning tarkibiy qismlarini va ular o`rtasidagi bog’lanishlarni ochib beradi. Shu asnoda ta`lim va tarbiya sohasidagi tajribalarni umumlashtiradi, tarbiyaning kelgusidagi rivojlanish istiqbollarini, yo`llarini ko`rsatib beradi.

Pedagogika faniga tavsif berilganda «ta`lim», «tarbiya», hamda «ma`lumot» degan so`zlarni ishlatdik. Bu so`zlar o`zaro bog’langan bo`lib, bir-birini to`ldiradi. Ularni pedagogikaning asosiy kategoriya-tushunchalari deb nomlaymiz. Bulardan tashqari «o`quvchi», «o`qituvchi», «metod», «intizom», «jamoa», «irsiyat», «muhit», «direktor» kabi tushuncha-nomlar mavjudki, bu haqida mavzular yuzasidan fikr yuritilganda alohida to`xtaymiz.

Tarbiya tarixini o`rganar ekanmiz, u juda qadimiy jarayon ekanligini insoniyat butun hayoti davomida tarbiya bilan Shug’ullanganligiga ishonch hosil qilamiz. Tarbiya jarayonida ajdodlarimiz tarbiyaviy ta`sirning samarali yo`l, metodlari va manbalarini qidirib hayotga tadbiq qila boshlaganlar, buning natijasida tarbiya haqidagi g’oyalar, nazariya va tavsiyalar paydo bo`la boshlagan. Bu pedagogika fanining paydo bo`lishiga sabab bo`ldi. Jahon mutafakkirlari o`zlarining pedagogik g’oyalari bilan fanning rivojlanishiga hissa qo`shdilar. Bu jarayonda o`zbek mutafakkirlarining jahon pedagogikasi tarixiga qo`shgan hissalari cheksizdir. Tarbiya haqidagi g’oyalar eramizdan oldingi VI asrda shakllanganligi haqida ma`lumotlar mavjud. Keyingi davrlarda pedagogik g’oyalarning shakllanishida zardushtiylik ta`limoti, uning muqaddas kitobi «Avesto»da qimmatli fikrlar talqin etilgan. Kishilik tarixida islom ta`limotining tarbiya haqidagi g’oyalarining shakllanishida ahamiyati cheksizdir. Qur`oni Karim va hadisi-shariflarda musulmon ahlining dunyoqarashi, falsafasi, ma`naviyati, axloqi, e`tiqodi, har tomonlama barkamolligi kabi insoniy sifatlarni shakllantirish yo`llari bayon qilingan.

Tarbiya haqidagi g’oyalarning rivojlanishida Imom Buxoriy, At-Termiziy, Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino, Abu Rayxon Beruniy, Yusuf Xos Xojib, Axmad Yassaviy, Naqshbandiy, Navoiy, Behbudiy, Abdulla Avloniy va boshqalarning xizmatlari kattadir.

Prezidentimiz aytganlaridek: «Fuqarolar endi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarning ishtirokchisi, bajaruvchisi emas, balki bunyodkori va tashkilotchisidir». Bunday yangicha yondashishlar pedagogika fanining ob`ekti va predmetini kengaytirdi. Endilikda pedagogika fanining ob`ekti faqat ta`lim-tarbiya jarayonining nazariy, metodologik amaliy ta`minlovchi emas, balki komil inson shakllanishi, rivojlanishini ta`minlaydigan keng sohalarni o`z ichiga oladi. Shuning uchun, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturida»gi milliy modelida shaxs kadrlar tayyorlash tizimining bosh ob`ekti va sub`ekti sifatida qaraladi. Bundan tashqari pedagogika fani oldiga yangicha fikrlaydigan, yangicha tafakkur, milliy mafkuraga ega komil insonni shakllantirish vazifalari qo`yildi.

Pedagogika fanining metodologiyasida, mazmunida, tarbiya nazariyasida, ta`limning tashkiliy shakllarida, komillik darajasi, sifatlarini aniqlashda katta islohiy o`zgarishlar bo`ldi. Bu o`zgarishlar yangi pedagogik texnologiyalarda o`z aksini topishi lozim.

Pedagogikaning asosiy kategoriyalari



Pedagogika ta`lim-tarbiya maqsadini jamiyat talablariga va o`quvchilarning yosh hususiyatlariga qarab mazmunan o`zgarib borishini o`rgatadi, mukammal inson tarbiyasining tarkibiy qismlarini va ular o`rtasidagi aloqa va bog’lanishlarni ochib beradi. Shu asnoda ta`lim va tarbiya sohasidagi tajribalarni umumlashtiradi, tarbiyaning kelgusidagi rivojlanish istiqbollarini, yo`llarini ko`rsatib beradi.

Pedagogika maktab, kollej va akademik litseylar va maktabdan tashqari muassasalari xodimlarini ham nazariy, ilg’or tajribalar bilan qurollantiradi. Ota-onalarga yoshlarni to`g’ri tarbiya qilish, o`qitishdagi mahoratini yanada takomillashtirish yo`lida amaliy tavsiyalar beradi.

Tarbiya - o`sib kelayotgan avlodlarda hosil qilingan bilimlar asosida aqliy kamoloti va dunyoqarashini, insoniy e`tiqod, burch va mas`uliyatni jamiyatimiz kishilariga xos bo`lgan axloqiy fazilatlarni yaratishdagi maqsadni ifodalaydi. Tarbiya bola tug’ilganidan boshlab umrining oxirigacha davom etadigan jarayondir. Shu sababli, tarbiya so`zi ko`p vaqtlarda ta`lim, ma`lumot jarayonlariga kiradigan ishlarning mazmunini ham anglatadi. Tarbiya-ta`lim va ma`lumot natijalarini o`zida aks ettiradi.

Ta`lim-maxsus tayyorlangan kishilar rahbarligida o`tkaziladigan, o`quvchilarni bilim, ko`nikma va malakalar bilan qurollantiradigan, bilish qobiliyatlarini o`stiradigan, ularning dunyoqarashini tarkib toptiradigan jarayondir.

Agar tarbiya bola tug’ilganidan boshlab, umrining oxirigacha oilada, maktabda va jamoatchilik ta`sirida shakllansa, ta`lim chegaralangan (masalan: sinf xonasi, laboratoriya xonalar) joyda tashkil etiladi. O`qituvchi-tarbiyachi rahbarligida muayyan belgilangan vaqtda olib boriladi.

Ma`lumot ta`lim-tarbiya natijasida olingan va tizimlashtirilgan bilim, hosil qilingan ko`nikma va malakalar hamda shakllangan dunyoqarashlar majmuidir.

Ta`lim, tarbiya va ma`lumot uyg’unlashgan yagona jarayon bo`lib, o`qituvchi-tarbiyachi ularning shakllanishida yetakchilik qiladi. O`qituvchi maktabda dars berar ekan, o`quvchilarni fan olami yangiliklaridan xabardor qiladi, ma`lumotli qilishni maqsad qilib qo`yadi, ayni paytda ularda insoniy sifatlarni shakllantiradi, tarbiyalaydi.

Pedagog o`quvchilarning aqliy, axloqiy, jismoniy, estetik, mehnatsevarlik kabi fazilatlarini tarbiyalash uchun, ularning kundalik xatti-harakat va fe`l-atvorlariga doimo ta`sir ko`rsatadi.



Ijtimoiy hayot tajribasining ko`rsatishicha, agar inson o`z shaxsiy manfaatini ko`zlab o`qisa, o`rgansa, o`z ustida tinmay qunt bilan shug’ullansa, u oliy ma`lumot olishi mumkin. Lekin haqiqiy mukammal kamolot egasi bo`lishi uchun u ta`lim va ma`lumotdan tashqari, yuksak insoniy fazilatlar asosida tarbiyalangan bo`lishi shart. Ana shu fazilatlarga ega bo`lgan odamni tarbiya ko`rgan odam deyiladi.

Pedagogika fanining ilmiy – tadqiqot metodlari



Har qanday fan o`zining ilmiy-tadqiqot metodlariga ega. Bu metodlari orqali o`z mazmunini boyitib, yangilab boradi.

Hayotda va ob`ektiv dunyoni bilish nazariyasida nimani o`rgatish va qanday o`rgatish kerak, kimni va qanday tarbiyalash lozim degan masalalar mavjud bo`lib, ular o`zaro bog’liqdir.

Nima qilish kerak va qanday amalga oshirish lozim degan muammolar o`rtasida dialektik birlik mavjuddir.

Pedagogika o`z mazmunini boyitish va yangilash maqsadida mavjud pedagogik hodisa va jarayonlarni uning maqsadi va vazifalariga muvofiq keladigan metodlari bilan o`rganadi. Shu ma`noda pedagogikaning ilmiy-tadqiqot metodlari deganimizda yosh avlodni tarbiyalash, bilimli qilish va o`qitishning real jarayonlariga xos bo`lgan ichki aloqa va munosabatlarni tekshirish, bilish metodlari, uslublari va vositalari majmuini tushunamiz.

Pedagogika o`qitish, bilim berish, tarbiyalash jarayonlarini va ularning mohiyatini quyidagicha o`rganish-bilishni nazarda tutadi:

1) ularning umumiy aloqasi, bir-birini taqozo etishi va o`zaro ta`sir jarayonida bolalarni o`qitish va tarbiyalash, fan, madaniyat, ahloq va san`at, ta`lim va tarbiyaning qayerda amalga oshirilishidan qat`iy nazar uzviy aloqada bo`lishi;

2) ularning to`xtovsiz harakati, o`zgarishi va taraqqiy etish jarayonida vujudga keladigan o`qitish va tarbiyalash vazifalari, metodlarining o`zgarishi, hamma bolalarni bir xil andozada o`qitish va tarbiyalash mumkin emasligi;

3) bolalarning o`sishida ularning o`ziga xos hususiyatlarini hisobga olish, aqliy va hulqiy faoliyat, so`z va ish birligi mezonlariga tayanish;

4) bolalar kamolotiga ta`sir etuvchi an`ana, urf-odatlar, ular o`rtasidagi tafovutlarni bilish, aniqlash asosida yaxshi bilan yomon, eskilik bilan yangilik, o`rtasida yuz beradigan nizolarni hisobga olish, o`zaro tanqid va hokazo;

Pedagogikaning ilmiy-tadqiqot metodlari qanchalik mukammal, aqlga muvofiq, to`g’ri tanlansa ta`lim-tarbiya mazmunni yangilash va takomillashtirish shu darajada yaxshilanadi, pedagogika fani ham boyib boradi.

Hozirgacha mavjud va ishlab chiqilgan quyidagi ilmiy tadqiqot metodlariga tayanib fikr yuritsa bo`ladi: 1) kuzatish metodi; 2) suhbat metodi; 3) bolalar ijodini o`rganish metodi; 4) test, so`rovnomalar metodi; 5) maktab hujjatlarini tahlil qilish metodi; 6) eksperiment-tajriba sinov metodi; 7) statistika ma`lumotlarini tahlil qilish metodi; 8) matematika-kibernetika metodi;

Kuzatish metodi



Pedagogikaning kuzatish metodi ta`lim-tarbiya jarayonlarining amaldagi holati bilan tanishtiradi, ularning oqibat natijalarini bilishga yordam beradi va shu asnoda yaratilgan yangi kashfiyotlar uchun dalillar, omillar yig’ish imkonini tug’diradi. Bu metodni qo`llanish jarayoni ancha murakkab bo`lib, nazarda tutilgan maqsad qanday amalga oshayotganligini aniqlash, o`qituvchi va o`quvchilarning o`zaro aloqalari, individual farqlarini qiyoslash uchun ham qo`llaniladi.

Tajribalarning ko`rsatishicha, maqsad asosidagi kuzatuv ma`lum reja asosida yig’ilgan dalillarni haqiqiy tahlil qilish, qiyoslash asosida tashkil etilsagina samarali bo`ladi.

Kuzatishlar faqat oddiy hodisalarni kuzatish, ayrim dalillarni yig’ish, hisobga olish, aniqlash uchungina emas, balki ta`lim-tarbiya jarayonini yaxshilash va mukammallashtirish maqsadida amalga oshiriladi.

Odatda pedagogik kuzatish orqali o`quvchilarning fanlarni o`zlashtirishlari, ularning xulq-atvori va muomalalaridagi o`zgarishlarni hisobga olish va tegishli ta`limiy-tarbiyaviy ta`sir ko`rsatish yo`llarini belgilash uchun qo`llaniladi.

Ilmiy kuzatishlar esa nafaqat o`quvchilarning tabiiy faoliyatini, balki ularning ilmiy dunyoqarashlarini shakllanishi, fikrlash jarayoni kuchi, xulosalar chiqarishdagi faolliklarini aniqlaydi, ularni tahlil etadi va tegishli xulosalar chiqarishga imkoniyat tug’diradi. Bunday kuzatishlar pedagogika fani mazmuninining boyishiga sabab bo`ladi.

Suhbat metodi



Ta`lim-tarbiya jarayonini yaxshilash yoki yaratilgan ilmiy farazlarning qanchalik to`g’ri ekanligini aniqlash maqsadida suhbat metodidan foydalaniladi. Odatda, suhbat metodi maktab o`qituvchilar va o`quvchilar jamoasi bilan, ota-ona va keng jamoatchilik bilan yakka va guruhli tartibda ish olib borilganda qo`llaniladi. Bunda suhbat metodini tadbiq etishdan oldin maqsadli reja tuziladi, amalga oshirish yo`llari belgilanadi, natijalar tahlil qilinadi va tegishli xulosa chiqariladi. Shuningdek, tadqiqotchining suhbat olib borish va uni kerakli tomonga yo`naltira olishni bilishi, suhbatdoshining ruhiy holatiga qarab suhbat ohangini moslashtira bilishi g’oyat muhimdir. Bunda:

1) suhbat uchun oldindan savol tuzish;

2) vaqti va o`tkazish joyini belgilash;

3) suhbat ishtirokchilarining soni va kasblaridan xabardor bo`lishi;

4) suhbat uchun qulay sharoit va erkin gaplashish imkonini yaratish;

5) mahmadona va bachkana bo`lmaslik;

6)suhbatdoshning kimligini, harakter hususiyatini esdan chiqarmaslik;

7) suhbat natijalarini zudlik bilan tahlil qilish, qiyoslash, tegishli xulosa chiqarish, lozim bo`lsa qo`shimchalar kiritish va maktab hayotiga tadbiq etish pedagogik jihatdan qimmatlidir.

Bolalar ijodini o`rganish metodi



Pedagogik tadqiqot metodlari ichida bolalar ijodini tabiiy holatda o`rganish va ilmiy xulosalar chiqarish metodi mavjud. Bunda maktab o`quvchilarning o`ziga xos individual tartibdagi faoliyatlariga doir ma`lumotlar tahlil qilinadi, xulosalar chiqariladi. Maqsad O`zbekiston yoshlarining tipik obrazlari va ularda ijobiy xislatlarni shakllantirishdir. Shu sababli yoshlarning turli yozma daftarlari, tutgan kundaliklari, yozgan xatlari, she`r va hikoyalari, hayotiy rejalari, insholari, turli yozma hisobotlari bolalar ijodini o`rganish uchun manba bo`lib xizmat qiladi.

Oqibatda, maktab o`quvchilari orasidan etishib chiqayotgan qobiliyatli, iste`dodli yoshlarni ertaroq aniqlash, ularning iste`dodlarining namoyon bo`lishi uchun reja va sharoitlar yaratish imkoni yaratiladi. Odatda, bolalar ijodini o`rganish manbai ko`p bo`lib, ular: fan olimpiadalari, mavzular bo`yicha konkurslar, maktablar bo`yicha ko`rgazmalar, musobaqalar, ekskursiyalar va sayllar va hokazo.

Test, so`rovnomalar metodi

Pedagogik ilmiy-tadqiqot metodlari ichida yetakchi metod so`rovnoma va test savollardan foydalanishdir. So`rovnoma-anketa (fransuzcha "tekshirish" ma`nosini bildiradi) metodi qo`llanilganda yaratilgan ilmiy farazning yangiligini bilish, aniqlash, o`quvchilarning yakka yoki guruhli fikrlarini, qarashlarini, qanday kasblarga qiziqishlarini, kelajak orzu-istaklarini bilish va tegishli xulosalar chiqarish, tavsiyalar berish maqsadida o`tkaziladi.

O`zbekiston, ta`bir joiz bo`lsa Markaziy Osiyoda birinchi bo`lib test metodini maktab, oliy va o`rta maxsus ta`lim tizimiga tadbiq etdi. Test sinovlaridan ko`zlangan maqsad oz vaqt ichida o`quvchilarning bilimlarini yoppasiga aniqlash, baholashdir.

Bunda test savollarini qanchalik aniqlik va aql bilan, fikrlash jarayoniga zarar tegmaydigan qilib tuzish ahamiyatli ekanligini nazarda tutish lozim. Test savollarining o`rni va ularni mazmunan rang-barang qilib tuzilishi, o`quvchilarning mustaqil fikrlarini o`stiradi, kelajakni real baholash imkonini beradi.

Maktab hujjatlarini tahlil qilish metodi



Respublikamiz rahbariyatining xalq ta`limi yuzasidan qabul qilingan qaror va yo`l-yo`riqlari asosida maktabda bajarilgan va bajarilayotgan ta`lim-tarbiya ishlarini yuritilgan hujjatlar orqali aniqlash metodi ham mavjuddir.

Maktab hujjatlarini tekshirish orqali o`qituvchilar va o`quvchilar jamoasi, ularning pedagogik faoliyati haqida aniq ma`lumotlar olinadi.

Umuman, maktab hujjatlari deyilganda; o`qituvchi va o`quvchilarning soni va sifati; o`quvchilarning shaxsiy hujjatlari, sinf jurnallari, kundalik daftarlari, buyruq daftarlari, pedagoglar kengashining qarorlari daftari, maktabning rejadagi pul hisobi va uning sarflanishiga doir hujjatlar, turli inventarlar daftari va boshqalar tushuniladi.

Maktab hujjatlarini tahlil qilishda o`quvchilarning umumiy miqdori, uning o`sishi yoki kamayish sabablari tavsifi, o`quvchilarning fanlar bo`yicha o`zlashtirish darajasiga, sinfda qolishning oldini olish, rag’batlantirish va jazolash choralari, turlariga, maktabning moddiy bazasiga e`tibor beriladi.

Ularni tahlil qilish, hisobotlarni ko`zdan kechirish, to`g’ri yoki noto`g’riligini aniqlash, o`quvchilar faolliklarining o`sishi bilan taqqoslash,ilg’or pedagogik tajribalarning umumlashtirilishi va joriy etilishi va nihoyat, o`qituvchi-tarbiyachilarning ilmiy-pedagogik faoliyatlarini tekshirish, tegishli chora, tadbirlar belgilash maqsadida o`tkaziladi.

Eksperiment-tajriba sinov metodi

"Eksperiment"so`zi lotincha "sinab ko`rish", "tajriba qilib ko`rish" ma`nosini anglatadi.

Odatda eksperimental-tajriba ishlari ta`lim-tarbiya jarayoniga aloqador ilmiy faraz yoki amaliy ishlarning tadbiqi jarayonlarini tekshirish, aniqlash maqsadida o`tkaziladi. Bunda ham ilmiy farazlarning didaktik yoki amaliy ahamiyatiga e`tibor beriladi.

O`tkaziladigan tajriba ishlari ta`lim va tarbiya o`rtasidagi qonuniy aloqalarni aniqlash, natijalarni hisobga olish asosida yangi metodlarni tadbiq etishga, ta`lim-tarbiya samaraligini oshirishga qaratiladi. Shuningdek, ta`lim-tarbiya jarayonining borishini, tuzilishi va natijalarini oldindan ko`ra bilish imkoniyatini beradi.

Eksperiment metodi sharoitga qarab 3 xilda o`tkaziladi:



  1. tabiiy eksperiment;

  2. laboratoriya eksperimenti;

  3. amaliy tajriba.

Pedagogik eksperiment o`z mazmuniga ko`ra didaktik, tarbiyaviy, maktabshunoslik muammolari yuzasidan o`tkaziladi.

Pedagogik eksperiment tajriba ishlarini o`tkazishda quyidagi talablar mavjud:

1) ishning aniq, ilmiy jihatdan asoslangan farazini aniqlash va kutilishi lozim bo`lgan natija uchun reja belgilash lozim.

2) ilmiy ish yoki pedagogik faoliyat uchun aniq ob`ekt belgilash, amalga oshirish borasida qo`shimcha metodlarni aniqlash.

3) tajriba ishi o`tkazish vaqtini va muddatini belgilash.

4) tajriba uchun lozim bo`lgan asbob-uskuna va boshqa hokazolarning tayyor turishi;

  1. eksperiment natijalarini zudlik bilan tahlil qilish va tegishli xulosa chiqarish va tavsiyalar berish kerak.

Statistika ma`lumotlarini tahlil qilish metodi

Pedagogik tadqiqot statistika ma`lumotlarisiz, ularning tahlilisiz o`zligini namoyon eta olmaydi. Chunki nafaqat ilmiy izlanishlar borasidagi, balki xalq ta`limi sohasidagi, jumladan, ajratilgan mablag’larning oshirilishi, xalq ta`limi muassasalarinng doimo o`sib borishi, darslik va o`quv qo`llanmalari, xo`jalik shartnomalari va ulardan tushayotgan mablag’larni statistika metodi orqali aniqlanadi.

Respublikamizning deyarli barcha ta`lim-tarbiya muassasalari statistika ma`lumotlari bilan qurollangan, kelajak rivojlanish rejalariga ega.

Respublikamizning mustaqil bo`lguniga qadar statistika sohasidagi chalkashliklar, atayin ortirib, qo`shib yozishlar xalq ta`limi tizimida ham mavjud edi. Ularning nazorati bo`shligi va ob`ektiv emasligi xalq ta`limi sohasidagi chuqur islohot o`tkazilishiga olib keldi. Demak, statistik ma`lumot aniq, hayotiy bo`lsa bajarilayotgan ta`lim-tarbiya yoki ilmiy tadqiqotning qimmati yuqori bo`ladi.
Pedagogikaning boshqa fanlar bilan aloqasi va pedagogika fanlari tizimi

Pedagogika fani yakka holda mukammallikka erisha olmaydi. U ham boshqa fanlar kabi ijtimoiy fan yutuqlaridan foydalanadi va mazmunan boyib boradi. Hozirgi kunimizda umumbashariyat tomonidan yaratilgan bilimlar va kelajak haqida ma`lumot beruvchi nazariyalar ma`lum darajada pedagogika fani uchun manba bo`lib xizmat qiladi. Boshqa fanlar kabi pedagogika har bir insonning ijtimoiy kamolotiga xizmat qiladi.

Tabiat va jamiyatning rivojlanishi qonuniyatlari to`g’risidagi ma`lumotlarga asoslanadi va o`zi ham ijtimoiy fan sifatida rivojlanib boradi. Shu sababli u falsafa, tarix, iqtisod, psixologiya, sotsiologiya, etika va estetika kabi fanlar bilan uzviy aloqadadir.

Ma`lumki, har bir o`qituvchi-tarbiyachi, o`quvchi o`z ona yurti tarixini bilishi, vatanparvar bo`lishi lozim. Ta`lim-tarbiya tarixi, pedagogika tarixi fanidan xabardor bo`lmay turib, o`qituvchilik qilishi mumkin emas. Pedagogika nazariyasini chuqurroq anglash uchun uning o`tmishdagi taraqiyotini bilish kerak. Masalan, pedagogika tarixi o`tmishda ta`lim-tarbiya borasida qanday kurashlar bo`lgani va qanday qilib ijobiy yoki salbiy yakunlangani, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sharoitlarning o`zgarishi tufayli pedagogik g’oyalar, tarbiya muassasalaridagi ishlarning mazmuni va metodlari qanday o`zgarib borganini, tarixda ijod etgan olimlarning pedagogik g’oyalari va ularning faoliyatlari bilan tanishtiradi.

O`qituvchi-tarbiyachi o`quvchilarga bilim berish, ma`lumotli qilish, tarbiyalash maqsadida unga tizimli ta`sir ko`rsatadi. Bunda psixologiya va ijtimoiy omillarga asoslanadi. Ya`ni ko`rsatilayotgan ta`sirning samarasini bilish uchun pedagog o`quvchining sezgi, idroki, tasavvur, diqat va tafakkur, fikrlash jarayonining qanday kechayotganini bilishi va ularga asoslanib ta`sir ko`rsatish rejasini belgilaydi.

Demak, pedagogika fani psixologiya va sotsiologiya kabi fanlar bilan ham uzviy bog’langandir. Ma`lum ma`noda o`qituvchilarga xizmat qiladigan psixologiya turkumidagi fanlarni ham pedagogik fanlar tizimiga kiritish mumkin.

Etika va estetika fanlari pedagogikaning tarbiya nazariyasi bo`limi bo`yicha ma`lumot beradi. Bu fan o`quvchining xulqi, odobi me`yorlarini aniqlash, belgilash hamda go`zallikni chin ma`noda tushuntirish, o`quvchi ongida hayotning jozibali, nafis qirralariga bevosita rag’bat uyg’otish borasida pedagogika fani bilan aloqadadir. Fanlarni o`qitish yo`llari ham pedagogika fanining didaktika bo`limiga aloqador. Chunki har qanday fanni o`qitish metodi shu fanning mazmuni, tizimini o`quvchilar tomonidan o`zlashtirib olinishiga xizmat qiladi. Chunonchi, pedagogika fani bolalar anatomiyasi, fiziologiyasi, bolalar gigiyenasi va bolalar kasalliklari kabi fanlar bilan ham mustahkam aloqada. Bu fanlar bir-biriga chambarchas bog’liqdir. Pedagogika fani ob`ekti yil sayin kengayib bormoqda, natijada uning tarmoqlari ham bir necha guruhlarga ajralmoqda. Ular pedagogika fanlari tizimini tashkil etadi.

Ma`lumki, turli sohada bilim oluvchi o`quvchilarni o`qitish va tarbiyalashning nazariy hamda amaliy tomonlarini yolg’iz pedagogika fanining o`zi mufassal yoritib bera olmaydi. Pedagogika fani tarmoqlari mazkur muammolarni ijobiy hal etishda muhim omil hisoblanadi.

Hozirgi vaqtda pedagogika bir nechta tarmoqlarga bo`lingan. Jumladan, umumiy pedagogika (maktab yoshidagi o`quvchilarni tarbiyalash va o`qitish haqida bahs yuritadi), maktabgacha tarbiya pedagogikasi (maktabgacha yoshdagi bolalarni tarbiyalash muammolari bilan shug’ullanadi), madaniy-oqartuv pedagogikasi (madaniy-ma`rifiy ishlarni boshqarish muammolarini o`rganadi), harbiy pedagogika (armiya sardorlari va o`quvchilarini vatanimizning shon-sharafi va or-nomusi uchun yetuk kurashchi, harbiy qurol-yarog’lardan samarali foydalana oladigan yoshlarni tarbiyalash yo`nalishida) kabi tizim-tarmoqlari mavjuddir.

Pedagogika faqat sog’lom o`quvchilarning ta`lim-tarbiyasi bilangina emas, balki shaxsida qusuri bor bolalar ta`lim- tarbiyasi bilan ham shug’ullanadi. Bunday tarmoqlarni maxsus pedagogika tizimiga oligofrenopedagogika (aqliy jihatdan orqada qolgan bolalarga ta`lim-tarbiya berish), tiflopedagogika (ko`zi ojiz bolalarni tarbiyalash), surdopedagogika (kar-soqov bolalarni tarbiyalash) kabi fanlar kiradi.

O`zbekiston mustaqilikka erishgandan so`ng o`z tarixini, jumladan pedagogika tarixini o`rganish uchun keng yo`l ochildi. O`tmishdagi pedagogik tafakkur daholarining shuhratini tiklash, ularning g’oyalarini hayotga tadbiq etishdek ulug’ ishlar amalga oshirilmoqda. Darhaqiqat, ota-bobolarimiz yosh avlodni komil inson qilib tarbiyalashga alohida e`tibor berganlar. Yurtboshimiz I.A.Karimov ta`kidlaganidek: «Islom dini-bu ota bobolarimiz dini, u biz uchun ham iymon, ham axloq, ham ma`rifat ekanligini unutmaylik, Olloh qalbimizda, yuragimizda».




Yüklə 104 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin