Til va qadriyat munosabati



Yüklə 15,31 Kb.
tarix02.01.2022
ölçüsü15,31 Kb.
#43576
Hujjat (16)


TIL VA QADRIYAT MUNOSABATI

Dunyo tilshunosligi tilda xalq tasavvurlari va dunyoqarashining aks etishi masalasiga hamisha qiziqib kelgan. Shu boisdan fanimizning har bir bosqichida bu masalaga doir qator tadqiqot ishlari olib borilgan va bu muammo bilan tilshunoslikning alohida yo‘nalishlari shug‘ullangan. Zamonaning xarakteristikasi bo‘lgan globallashuv xalqlarning o‘ziga xosligiga muayyan ta’sir o‘tkazib kelayotgani turli soha olimlari tomonidan qayd etiladi.

Mamlakatimiz tilshunosligida ham tilning milliy madaniyat va ma’naviyatni o‘z birliklarida saqlash hamda namoyon qilishi muammolari markaziy o‘rinni egallamoqda. Bunda til, milliy madaniyat, millat mentaliteti, milliy dunyoqarash va ma’naviyat yaxlitlikda talqin qilinadi. Bugungi kunda «…ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, ushbu jarayonda iqtidorli yoshlar ishtirokini, ijodiy g‘oya va ishlanmalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash» [5. 137-bet] ga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, tilning ichki imkoniyatlarini egallash, milliy ma’naviyatni takomillashtirish va uni yoshlar ongiga singdirishda alohida ahamiyatli ekanligini ko‘rsatadi.

Til umumbashariy va umuminsoniy qadriyatga daxldor bo‘lsa, milliy til milliy qadriyat, tilning lahja va shevalari etnik qadriyat ifodalovchisi sifatida mavjud.

Tilning qadriyatlar tizimi bilan munosabati tilshunoslik sohasidagi eng chigal va murakkab masalalardan biri hisoblanadi.

Til qadriyatmi, qadriyat ifodalovchisimi degan savollarning qo‘yilishi va unga nisbatan javoblarning turlichaligi va ko‘p hollarda, birining ikkinchisiga ziddiyatli mohiyatga egaligi ham ana shu holatlar bilan bog‘liqdir. “Til madaniyat fenomeni sifatida madaniy o‘zini o‘zi tashkil etish vositalariga ega bo‘lib, u to‘g‘ri lisoniy muloqot o‘rnatish uchun xizmat qiladi. Og‘zaki tillarda nutq so‘zlashning folklor qoidalari mavjud bo‘lib, barcha xalqlar orasida deyarli bir xil tarzda nutq haqidagi maqollarda shakllanadi. …tartibga solishning vositalari tashkil etuvchi sifatida tilning o‘z tarkibiga kiradi va aloqa madaniyatini ta’minlaydi.”[1. 23-24-bet].

Ko‘p asrlardan beri til va madaniyat, til va qadriyat munosabati muammosi kun tartibidan tushmay kelayotir. Muammo bugungi kunda kun tartibida bor bo‘yi bilan namoyon bo‘ldi va munozaralar maydoniga aylandi. Muammoga uch yo‘nalishda qaralmoqda:

1) qadriyat va til o‘zida butun-qism munosabatini aks ettiradi;

2) til qadriyatning ifodalovchisidir;

3) til qadriyatning unsuri ham, shakli ham emas.

E.Sepir madaniyatni jamiyatning xatti-harakati va o‘y-fikri, tilni esa uning qanday fikrlashi deb biladi [2. 193-bet]. N.I.Tolstoyning fikricha, madaniyat va til o‘rtasidagi munosabatga butun va uning qismi o‘rtasidagi munosabat sifatida qarash mumkin. Adabiy til yoki folklor tili haqida gap ketganda, til madaniyat komponenti yoki madaniyat quroli (bular bir narsa emas) sifatida qabul qilinadi. Biroq til bir paytning o‘zida butun bir madaniyatga nisbatan ham avtonomdir, shuning uchun uni madaniyatdan alohida (doim shunday) yoki teng ma’noli va teng huquqli fenomen singari madaniyat bilan qiyoslab o‘rganish mumkin bo‘ladi” [3. 16-bet]. Ammo har qanday til sohibi shu til mansub millat, etnos madaniyatining ham sohibi sifatida e’tirof etiladi. Shu asosda aytish mumkinki, til har qanday holda ham, o‘z sohibining milliy-mental mansubligini ko‘rsata olar ekan, muayyan madaniy muhitda tegishli lisoniy muhit ham mavjud ekan, demak, til va qadriyat, til va madaniyat munosabati makoniy va zamoniy umumiylik asosida o‘zaro bog‘lanadi.

Tilning qadriyatlar bilan bog‘liqligini bir necha ko‘rinishlarda tushunish mumkin:

a) til asosida qadriyatlar xususida axborot olinadi;

b) til qadriyatlar haqidagi bilimlarni o‘zida saqlaydi.

“Til kishilarning eng muhim aloqa vositasi” jumlasida tilning ijtimoiy mohiyati, uning vazifasi to‘la o‘z ifodasini topganligi barchaga ayondir. Til oddiy aloqa vositasi bo‘lmasdan, balki kishilarning eng muhum aloqa vositasi hamdir. Darhaqiqat, kishilar o‘zaro aloqada turli vositalardan foydalanadilar. Ammo bular ichida til eng muhim vositadir. Til faqat kishilargagina xos, u faqat kishilar aloqasi uchun xizmat qiladi.

Til ijtimoiy hodisa bo‘lib, u inson hayotida nihoyatda muhim o‘rin egallay-digan hodisadir. Kishining butun hayoti til bilan bog‘langan bo‘lib, til yordamida kishilar o‘zaro fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shu bilan birga, inson tili nihoyat darajada murakkab, bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan sifatlarni o‘ziga mujassamlashtirgan hodisadir. Til birliklaridan foydalanish ko‘p hollarda nolisoniy ijtimoiy-ruhiy (sotsial-psixik) tomonlar bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli, tilni ijtimoiy hodisa sifatida o‘rganuvchi sotsial tilshunoslikdan (ijtimoiy tilshunoslikdan) farqli o‘laroq, lisoniy birliklarning nutqda yashash shart-sharoitlarini o‘rganuvchi maxsus fan lingvistikaning yangi sohasi sotsiolingvistika shakllanganligi bejiz emas.

Zamonaviy tilshunoslik nuqtayi nazaridan sotsiolingvistika quyidagi ma’nolarda ishlatiladi:

1) Til va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro munosabat, ya’ni jamiyat hayoti va rivojlanishida tilning roli va aksincha, tilning rivojlanishida jamiyatning ahamiyati.

2) Tilda millatning ijtimoiy guruhlanishi munosabati bilan bo‘ladigan farqlar.

Sotsiolingvistika faqat tilshunoslik va jamiyatshunoslik fanlari orasidagi munosabatlarni emas, balki, falsafani, ijtimoiy psixologiya va etnografiyaga oid sohalarni ham qamrab oladi.

Har bir shaxs muloqot jarayoniga kirishar ekan fikrini, his-tuyg‘usini, munosabatini yozma yoki og‘zaki shaklda bayon etish jarayonida uning oldida maqsad turadi. Bu maqsad so‘zlashuvchining boshqalar uni tushunishi, anglashidan iboratdir. So‘zlovchi va tinglovchining bir-birini tushunishi va anglashi faqat ular uchun umumiy asos mavjud bo‘lganidagina amalga oshishi mumkin. Shuning uchun lison qanchalik ijtimoiy, so‘zlovchi va tinglovchi uchun umumiy, majburiy bo‘lsa, nutq ham ular uchun shunday umumiy va ijtimoiy bo‘ladi. Ammo lisoniy tizimda ayni bir xil mazmun va munosabatni ifodalashni yuzlab omillari mavjud.

Masalan, onaning o‘z o‘g‘liga bergan maslahatini ko‘raylik:



Ona: – Qachongacha shundoq yurasan, o‘g‘lim? Ko‘chaga chiqolmaydigan bo‘lib qoldim-ku? Kimni ko‘rsam: “To‘y qachon?” deydi. Tavba bir zamonlar xotin olish desa, yigitlar o‘zini tomdan tashlardi. Endi bo‘lsa, uylanish desa zahrasi ketadi hammasining. Nima, boshi oltin, oyog‘i kumushdan olasanmi? Hamma xotin bir xotinda! Ana, Xolposhning kelini. Tinchitdi-qo‘ydi. Sho‘rlik kuni kecha qo‘li kosov, sochi supurgi bo‘lib yuruvdi. Hozir ko‘rsang, havasing keladi. Qaynonasini oq yuvib-oq tarab qo‘yibdi, baraka topkur kelin!

Men ham keksayib qoldim kundan kunga nari ketayapman. Bu qishdan chiqamanmi-yo‘qmi, Xudo biladi. To‘yingni ko‘rsam, o‘z qo‘lim bilan egangga topshirsam, deymanda! Silkinib-silkinib xizmatimni qilsa, ko‘chadan kelganingda osh-ovqatingni tayyorlab tursa, kiyimingni dazmolsiz qoldirmasa, bo‘ldi-da! Haliyam bo‘lsa, o‘sha tog‘angning qizidan qolma! Nima qilibdi, qumriday qiz. Hushdan kammi, aqldan kammi? Buning ustiga doktor bo‘lsa! Mening yotarim bor, turarim bor, nima qilsa ham o‘zingniki. Ot tepkisini ot ko‘taradi. Kecha tag‘in kelib ketdi, boyaqish. Bilaman, senda ko‘ngli bor shu qizning. [4. 107-bet] Xulosa sifatida aytish mumkinki, til va qadriyat munosabatida qo‘llanadigan til birliklari mohiyatini ular amal qiladigan muloqot muhiti, qo‘llanish zamirida yotgan sotsial-madaniy va lisoniy omillar mushtarakligida, lingvomadaniy aspektda tahlil qilish va shu asosda tadqiqotlarni “til o‘zida” tamoyili asosidagi muhitdan olib chiqib, muloqot madaniyati yuksalishi uchun xizmat qildirish muhim nazariy va amaliy ahamiyat kasb etadi.
Yüklə 15,31 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin