Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida nizom



Yüklə 26,47 Kb.
tarix02.01.2022
ölçüsü26,47 Kb.
#35494
Мактаб низоми
17 – Ma`ruza Reanimasiya asoslari. Reja Reanimatsiya haqida tu, 2 (1)

Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida
NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasida umumiy o‘rta ta’limni tashkil etish va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining (keyingi o‘rinlarda — umumta’lim muassasasi) faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilaydi.

Mazkur Nizom talablari barcha umumta’lim muassasalariga nisbatan tatbiq etiladi.


2. Umumiy o‘rta ta’limning muddati 9 yil bo‘lib, uzluksiz ta’lim tizimining majburiy mustaqil turi hisoblanadi hamda O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida»gi qonunlariga va mazkur Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Umumta’lim muassasalari o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga, ushbu Nizomga, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, shuningdek o‘z ustavlariga amal qiladi.
4. Umumta’lim muassasasi yuridik shaxs hisoblanadi va o‘z ustaviga, mustaqil balansiga, shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga (davlat ta’lim muassasalari uchun), bank hisob raqamlariga, o‘z nomi ko‘rsatilgan muhrga (davlat umumta’lim muassasalarining muhrida O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushiriladi), shtampga va blankalarga ega bo‘ladi.
5. Umumta’lim muassasasining ustavi belgilangan tartibda tasdiqlanadi va umumta’lim muassasasi mahalliy davlat hokimiyati organida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Umumta’lim muassasalarining namunaviy ustavi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
6. Davlat umumta’lim muassasalarida umumiy o‘rta ta’lim olish bepul amalga oshiriladi.
7. Umumta’lim muassasasida ta’lim olish tilini tanlash O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Umumiy o‘rta ta’limning maqsadi va vazifalari
8. Davlat ta’lim standartlariga muvofiq har bir shaxsning ta’lim va tarbiya olishdagi konstitutsiyaviy huquqini ro‘yobga chiqarish umumiy o‘rta ta’limning maqsadi hisoblanadi.
Umumiy o‘rta ta’lim o‘quvchilarga bilimlarning zarur hajmini beradi, mustaqil fikrlash, tashkilotchilik qobiliyati va amaliy tajriba ko‘nikmalarini rivojlantiradi, dastlabki tarzda kasbga yo‘naltirishga va ta’limning navbatdagi bosqichini tanlashga yordam beradi.
9. Umumiy o‘rta ta’limning vazifalari quyidagilardan iborat:
o‘quvchilar tomonidan muntazam bilimlar olinishini ta’minlash, ularda bilim olish ehtiyojini rivojlantirish, bazaviy o‘quv, ilmiy va umummadaniy bilimlarni shakllantirish;
o‘quvchilarda milliy hamda umumbashariy qadriyatlarni uyg‘unlashtirish asosida yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarni tarbiyalash, o‘z Vataniga va xalqiga sodiq fuqaroni shakllantirish;
ta’limning uzluksizligini va izchilligini, umumta’lim muassasalari o‘quv dasturlarining o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quv dasturlari bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlash;
ta’lim-tarbiya jarayoniga o‘qitishning zamonaviy va innovatsion pedagogik uslublarini hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali ta’lim sifatini oshirish;
o‘quvchilarning individual ijobiy xususiyatlarini aniqlash, qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, ularning yuksak darajada ta’lim-tarbiya olishlari, ijodiy imkoniyatlarini shakllantirish va rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratib berish;
mehnat qilish va mustaqil ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish, o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini ongli ravishda tanlash va kasbiy ta’lim dasturlarini o‘zlashtirishda ko‘maklashish.
10. Umumta’lim muassasalari umumiy o‘rta ta’limning maqsad va vazifalarini amalga oshirish uchun zarur tashkiliy, o‘quv-uslubiy, moddiy-texnik va psixologik-pedagogik shart-sharoitlarni yaratib beradi.
3-bob. Umumiy o‘rta ta’limni tashkil etish
11. Umumiy o‘rta ta’lim boshlang‘ich ta’lim (I — IV sinflar) hamda umumiy o‘rta ta’lim (I — IX sinflar) bosqichlaridan iborat bo‘lib, kunduzgi ta’lim shaklida amalga oshiriladi.
12. Boshlang‘ich ta’lim o‘quvchilarda o‘qish, yozish, sanash, o‘quv faoliyatining asosiy malaka va ko‘nikmalari, ijodiy fikrlash xislatlari, o‘zini o‘zi nazorat qilish, nutq va xulq-atvor madaniyati, shaxsiy gigiena va sog‘lom turmush tarzi asoslarini egallashni ta’minlashga yo‘naltiriladi.
13. Umumiy o‘rta ta’lim muntazam va tizimli bilimlar olinishini, keng dunyoqarash hamda ijodiy mustaqil fikrlash shakllantirilishini, o‘quvchining barkamol shaxs sifatida kamol topishini, uning qiziqishlari va ijodiy qobiliyatlarining rivojlantirilishini ta’minlaydi.
Umumiy o‘rta ta’lim umumta’lim muassasasi bitiruvchilariga yo‘nalishni ixtiyoriy tanlash asosida ta’limni o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida davom ettirish huquqini beradi.
14. Umumiy o‘rta ta’lim mazmuni o‘quv rejasi davlat va maktab komponentlardan iborat bo‘ladi.
Davlat komponentlari umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standarti bilan belgilanadi va o‘quvchilarning o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida bilimlar asoslarini yanada puxta o‘rganish va kasb-hunar egallashi uchun yetarli bo‘lgan zaruriy darajani belgilaydi.
Maktab komponentlari o‘quvchining ehtiyojlari va qobiliyatlaridan, maktabning moddiy-texnik va kadrlar bilan ta’minlanganlik darajasidan kelib chiqib belgilanadi.
15. Umumta’lim muassasalarining quyidagi turlari tashkil etilishi mumkin:
boshlang‘ich maktab (o‘qitish muddati 4 yil: I — IV sinflar);
umumiy o‘rta ta’lim maktabi (o‘qitish muddati 9 yil: I — IX sinflar);
ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan maktab (o‘qitish muddati 9 yil: I — IX sinflar);
ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan maktab-internat (o‘qitish muddati 5 yil: V — IX sinflar);
futbol bo‘yicha ixtisoslashtirilgan maktab-internat (o‘qitish muddati 5 yil: V — IX sinflar);
jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab (maktab-internat) (o‘qitish muddati 9 (10) yil: I — IX (X) sinflar);
sanatoriy turidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internat (o‘qitish muddati 9 yil: I — IX sinflar);
alohida sharoitlarda ta’minlash, tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab (o‘qitish muddati zaruriyatga ko‘ra).
Ta’lim turlarining uzviyligini ta’minlash maqsadida o‘quv-tarbiya majmualari tashkil etilishi mumkin.
16. Davolash-profilaktika muassasalarida statsionar sharoitda uzoq muddat davolanishga muhtoj bolalarga bevosita muassasaning o‘zida umumiy o‘rta ta’lim berish tashkil etiladi.
Davolash-profilaktika muassasalarida statsionar sharoitda uzoq muddat davolanishga muhtoj bolalarga umumiy o‘rta ta’lim berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
17. Umumta’lim muassasalarida iqtidorli bolalarni izlash, tanlab olish va ularni ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalarida (sinflarida) o‘qitish bo‘yicha aniq maqsadli ishlar amalga oshiriladi.
18. Ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan maktab (maktab-internat), futbol bo‘yicha ixtisoslashtirilgan maktab-internat, jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab (maktab-internat), sanatoriy turidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internat, alohida sharoitlarda ta’minlash, tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablarni tashkil etish tartibi va ular faoliyatining alohida xususiyatlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
19. Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan, alohida sharoitlarda yoxud uzoq muddat davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalarning ta’lim olishlari quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabda (maktab-internatda);
sanatoriy turidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatda;
inklyuziv (uyg‘unlashgan) sharoitda yashash joylaridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida;
uyda yakka tartibda;
davolash-profilaktika muassasalarida statsionar sharoitda.
20. Olis (tog‘li, cho‘lli) aholi punktlarida yashovchi maktab yoshidagi bolalarning umumiy o‘rta ta’lim olishlarini tashkil etish maqsadida tegishli tuman (shahar) hokimliklarining qarori asosida umumta’lim muassasalarining filiallari tashkil etiladi.
Umumta’lim muassasalarining filiallarida o‘quvchilar soni 100 nafargacha bo‘ladi.
Boshqa umumta’lim muassasalariga yaqinligi hamda moddiy-texnik bazasining holatidan kelib chiqib, tuman (shahar) xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limlari (keyingi o‘rinlarda — xalq ta’limi boshqaruv organlari) hamda tuman (shahar) hokimliklari moliya bo‘limlarining takliflariga ko‘ra, tegishli tuman (shahar) hokimliklarining qarorlari asosida o‘quvchilarining soni 180 nafargacha bo‘lgan umumta’lim muassasalari ham filiallarga aylantirilishi mumkin.
21. Zaruriyatga ko‘ra, umumta’lim muassasalarida o‘quvchilarning yashashi va ovqatlanishi uchun lozim darajadagi shart-sharoitlar yaratiladi.
22. O‘quvchilarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning (keyingi o‘rinlarda — ota-onalar) ehtiyojidan kelib chiqib, bolalarning ta’lim-tarbiyasiga ko‘maklashish maqsadida umumta’lim muassasalarida kuni uzaytirilgan guruhlar tashkil etilishi mumkin.
Kuni uzaytirilgan guruhlarning faoliyat ko‘rsatish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
23. Yangi o‘quv yilida umumta’lim muassasasida tashkil etiladigan sinflar soni muassasaning xarajatlar smetasida nazarda tutilgan ko‘rsatkichlarga to‘g‘ri kelmagan hollarda, hududiy xalq ta’limi boshqaruv organlari va tuman (shahar) hokimliklari moliya bo‘limlarining roziligi bilan qo‘shimcha sinflar tashkil etiladi.
4-bob. O‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish va uning mazmuni
24. O‘quv yili umumta’lim muassasalarida 2 sentyabrdan kelgusi yilning 25 mayiga qadar davom etadi va to‘rtta chorakka bo‘linadi.
25. O‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etishda quyidagi muddatlarga amal qilinadi:
o‘quv yilining davomiyligi — 34 hafta (I sinflar uchun 33 hafta);
o‘quv haftasining davomiyligi — 6 kun (pedagogik kengashning qaroriga ko‘ra I sinflar uchun 5 kun);
dars mashg‘ulotining davomiyligi — 45 daqiqa;
dars mashg‘ulotlari oralig‘idagi tanaffusning davomiyligi — 5 — 10 daqiqa (o‘quv kuni o‘rtasidagi tanaffusning davomiyligi — 15 — 30 daqiqa).
Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida bayram (ishlanmaydigan) kuni deb belgilangan kunlarda dars mashg‘ulotlari o‘tkazilmaydi.
Bayram (ishlanmaydigan) kunlariga to‘g‘ri kelib qolgan dars mashg‘ulotlarining mavzulari o‘quv dasturlarini ixchamlashtirgan holda keyingi dars mashg‘ulotlarida o‘tkaziladi.
26. O‘quv yili davomidagi ta’tillarning muddatlari quyidagicha belgilanadi:
kuzgi ta’til — 4 noyabrdan boshlab 6 kalendar kun;
qishki ta’til — 28 dekabrdan boshlab 14 kalendar kun;
bahorgi ta’til — 21 martdan boshlab 7 kalendar kun;
yozgi ta’til — oxirgi bosqichli nazorat sinovi o‘tkazilgan kundan (bosqichli nazorat o‘tkazilmaydigan sinflar uchun o‘quv yili tugagan kundan keyingi kundan) boshlab 1 sentyabrgacha.
Ta’tilning oxirgi kuni bayram (ishlanmaydigan) kunga to‘g‘ri kelib qolgan taqdirda, dars mashg‘ulotlari keyingi ish kunidan boshlab davom ettiriladi.
I sinf o‘quvchilari uchun fevral oyi davomida qo‘shimcha bir haftalik ta’til belgilanadi.
27. Umumta’lim muassasalarida yozgi ta’til kunlari kunduzgi oromgohlar va maydonchalar tashkil etilishi mumkin.
28. Belgilangan me’yorlar bo‘yicha tegishli maydonga ega bo‘lgan umumta’lim muassasasining sinflari to‘liqligi 35 nafardan ortib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Namunaviy loyihalar bo‘yicha qurilmagan, moslashtirilgan binolarda joylashgan, o‘quvchilar soni yetarli bo‘lmagan umumta’lim muassasalarida, olis (tog‘li, cho‘lli) aholi punktlarida joylashgan umumta’lim muassasalarida, shuningdek o‘zbek tilida o‘qitilmaydigan umumta’lim muassasalarida o‘quvchilar soni sinflarni to‘ldirishning o‘ziga xos shart-sharoitlaridan kelib chiqib, hududiy xalq ta’limi boshqaruv organlari va tuman (shahar) hokimliklarining moliya bo‘limlari bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Kam komplektli umumta’lim muassasalarida (filiallarda) boshlang‘ich sinf o‘quvchilari quyidagi hollarda bitta sinfga birlashtirilishi mumkin:
o‘quvchilar soni 8 nafargacha bo‘lgan I — IV sinflar;
o‘quvchilar soni 12 nafargacha bo‘lgan uchta boshlang‘ich sinf;
o‘quvchilar soni 24 nafargacha bo‘lgan ikkita boshlang‘ich sinf (I va III, II va IV sinflar).
29. Malakali o‘qituvchilar yetarli bo‘lgan quyidagi hollarda sinfdagi o‘quvchilarni ikki guruhga bo‘lib o‘qitishga ruxsat etiladi:
o‘quvchilar soni 25 nafar va undan ziyod bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining I — IX sinflarida «Chet tili» fani, ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ixtisoslashgan fanlar, V — IX sinflarda «Informatika» va «Mehnat ta’limi», VIII — IX sinflarda «Jismoniy tarbiya», ta’lim tili o‘zbek tili bo‘lmagan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining II — IX sinflarida «O‘zbek tili» fani hamda ta’lim tili rus tili bo‘lmagan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining II — IX sinflarida «Rus tili» fani bo‘yicha.
30. Umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
31. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiyaviy ishlar umumiy o‘rta ta’limning tayanch o‘quv rejasi va umumiy o‘rta ta’lim dasturi asosida amalga oshiriladi.
32. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan davlat ta’lim standartlari asosida yangi o‘quv yili uchun o‘quv reja va unga tushuntirish xati ishlab chiqiladi hamda har yili 1 iyunga qadar umumta’lim muassasalariga yetkazish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalariga yuboriladi.
33. O‘quvchilarning sifatli bilim olishini va ularni umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlariga mos holda o‘qitish natijalarini nazorat qilishni ta’minlash maqsadida umumta’lim muassasalarida quyidagi nazorat turlari olib boriladi:
joriy nazorat — o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini muntazam ravishda nazorat qilish uchun so‘rovlar, nazorat ishlari yoki testlar ko‘rinishida o‘tkaziladi;
oraliq nazorat — chorak yakunida o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini baholash uchun o‘quv dasturining bir qismi tugaganda amalga oshiriladi va u yozma nazorat ishi yoki testlar ko‘rinishida olib boriladi;
bosqichli nazorat — o‘quv yili tugaganda og‘zaki, yozma imtihon hamda test sinovlari ko‘rinishida amalga oshirilib, unga asosan o‘quvchining yakuniy bahosi, reytingi aniqlanadi va o‘quvchini keyingi sinfga o‘tkazishga qaror qilinadi;
yakuniy nazorat — umumiy o‘rta ta’lim tugaganidan so‘ng yakuniy davlat attestatsiyasi shaklida o‘tkaziladi.
«Chet tili» fanidan o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi xalqaro baholash tizimi asosida aniqlanishi mumkin.
Umumta’lim muassasasi o‘quvchilarining bilimlari sifatini nazorat qilishning reyting tizimi to‘g‘risidagi nizom O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan belgilanadi.
34. Umumta’lim muassasalarining V — IX sinf o‘quvchilari tegishli fanlardan bosqichli nazoratlarni muvaffaqiyatli topshirganlaridan so‘ng keyingi sinfga o‘tkaziladi.
35. Tibbiy-maslahat komissiyasining xulosasi va umumta’lim muassasasining pedagogik kengashi qarori bilan o‘quvchilar yakuniy davlat attestatsiyasi va bosqichli nazoratdan ozod etilishi mumkin.
O‘quvchilarga sinfdan sinfga ko‘chirish imtihonlari va yakuniy davlat attestatsiyasidan ozod bo‘lish huquqini beruvchi kasalliklar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
O‘quvchilarning xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari hamda boshqa ko‘rik-tanlovlardagi ishtiroki yakuniy davlat attestatsiyasi va bosqichli nazorat muddatlariga to‘g‘ri kelib qolgan taqdirda, ular tegishli yakuniy davlat attestatsiyasi va bosqichli nazoratlardan ozod etiladi.
Ularning bilimlarini yakuniy baholash va reytingini aniqlash yillik baholar asosida amalga oshiriladi.
36. Umumta’lim muassasasini tugatgan bitiruvchilarga davlat namunasidagi umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnoma, VIII — IX sinflardagi o‘qishi davrida faqat a’lo ko‘rsatkichlarga va namunali xulqqa ega bo‘lgan, yakuniy davlat attestatsiyasini muvaffaqiyatli topshirgan bitiruvchilarga esa a’lo darajali shahodatnoma beriladi.
Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomaning davlat namunasini tasdiqlash va uni berish tartibini belgilash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
37. Davlat ta’lim standartlari doirasida umumiy o‘rta ta’lim dasturlarini mustaqil o‘zlashtirgan o‘quvchilarga eksternat tartibida yakuniy davlat attestatsiyasini topshirish huquqi beriladi. Yakuniy davlat attestatsiyasini eksternat tartibida muvaffaqiyatli topshirgan bitiruvchilarga davlat namunasidagi shahodatnoma beriladi.
Eksternat to‘g‘risidagi nizom O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
38. Umumta’lim muassasalaridagi o‘quv-tarbiya jarayoni bilan bog‘liq boshqa masalalar (dars jadvalini shakllantirish, haftalik o‘quv yuklama) umumiy o‘rta ta’limning davlat standartiga asosan ishlab chiqilgan o‘quv rejaga muvofiq belgilanadi.
5-bob. Umumta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish
39. Maktab yoshidagi bolalarni umumiy o‘rta ta’limga qamrab olish tuman (shahar) hokimliklarining qarori bilan umumta’lim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) doirasida umumta’lim muassasasi pedagog xodimlari tomonidan bolalarni birma-bir (uyma-uy) ro‘yxatga olish orqali amalga oshiriladi.
40. Umumta’lim muassasalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va hududiy xalq ta’limi boshqaruv organlari maktab yoshidagi bolalarni umumiy o‘rta ta’limga, umumta’lim muassasasi bitiruvchilarini o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga to‘liq qamrab olish, o‘quvchilarning darslarga qatnashish holati yuzasidan monitoring olib borish va uning natijasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘radi.
41. Umumta’lim muassasasi rahbariyati mazkur muassasaga biriktirilgan hududdagi maktab yoshidagi bolalarni o‘z vaqtida umumta’lim muassasasiga o‘qishga jalb qilish uchun mas’ul hisoblanadi.
Maktab yoshidagi bolalarni umumta’lim muassasasiga jalb etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadi.
42. Umumta’lim muassasalarining I sinfiga 6-7 yoshli bolalar tibbiy xulosaga muvofiq qabul qilinadi.
Tegishli yilning 31 avgustiga qadar 6,5 yoshga to‘lmagan, I sinfda o‘qish istagini bildirgan bolalarning ota-onalari bilan umumta’lim muassasasining pedagog xodimlari va psixologi tomonidan bolani maktabda o‘qishga jismonan va ruhan tayyorlash bo‘yicha tushuntirish ishlari olib boradi.
Maktab yoshidagi bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Xalq ta’limi vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
43. Bolalarni umumta’lim muassasasining I sinfiga qabul qilish uchun ularning ota-onalari tomonidan quyidagi hujjatlar topshiriladi:
ota-onalar tomonidan umumta’lim muassasasi direktori nomiga ariza;
ota-onalarning fuqarolik pasporti (fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi) nusxasi (doimiy propiskasi yoki turgan joyi bo‘yicha hisobga olinganligi haqidagi qayd yozuvi ko‘rsatilgan holda);
bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi;
bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnoma;
bolaning 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 4 dona rangli fotosurati;
44. Bolalar umumta’lim muassasasining I sinfiga tayyorgarlik darajasidan qat’i nazar, tanlovsiz qabul qilinadi, musiqa va san’atga ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari bundan mustasno.
45. Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseylari hamda musiqa va san’atga ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalariga o‘quvchilarni qabul qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
46. O‘qishga qabul qilinayotgan bolalarning ota-onalari umumta’lim muassasasi ustavi, ichki tartib-qoidalari va ta’lim-tarbiya jarayonini tartibga soluvchi boshqa hujjatlar bilan tanishtirilishi lozim.
Umumta’lim muassasasida hujjatlarni yuritish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
47. Umumta’lim muassasasi rahbariyati har yili iyun — avgust oylarida o‘qishga qabul qilish ishlarini tashkil etish uchun zarur choralarni ko‘radi.
48. Xorijiy fuqarolarni umumta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
49. Ota-onalar farzandlarini o‘quv yili davomida yoki u tugaganidan keyin bir sinfdan boshqa sinfga yoki bir umumta’lim muassasasidan boshqasiga o‘tkazish huquqiga ega.
O‘quvchilarni sinfdan sinfga, bir umumta’lim muassasasidan boshqasiga o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadi.
6-bob. O‘quvchilar sog‘lig‘ini muhofaza qilish
50. O‘quvchilarga tibbiy xizmat ko‘rsatish umumta’lim muassasalariga tibbiyot muassasalari tomonidan biriktirilgan tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
Tibbiyot xodimlari maktab rahbariyati va pedagog xodimlar bilan bir qatorda davolash-profilaktika tadbirlarini tashkil etish, sanitariya normalari, qoidalari va gigiena normativlariga rioya qilish, ovqatlanish rejimi va sifatiga, o‘quvchilarni tibbiy ko‘rikni o‘tkazish va sog‘lomlashtirish uchun mas’uldirlar.
51. Umumta’lim muassasasi rahbariyati tomonidan tibbiyot xodimlarining faoliyat olib borishi uchun zarur shart-sharoitlar (maxsus joy, mebel va tibbiy jihozlar, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan dori-darmonlar) yaratib beriladi.
52. Umumta’lim muassasasi o‘quvchilarini har yilgi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
53. Umumta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonini psixologik jihatdan ta’minlash psixologlar tomonidan amalga oshiriladi.
54. Og‘zaki nutq nuqsonlari va tovush talaffuzida kamchiliklari bo‘lgan o‘quvchilarga korreksion-logopedik yordam berish maqsadida umumta’lim muassasasida o‘qituvchi-logopedlar (defektologlar) faoliyat yuritadigan logopediya shoxobchasi tashkil etilishi mumkin.
Logopediya shoxobchasining tashkil etilishi va faoliyat ko‘rsatish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadi.
7-bob. Pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish
55. Tegishli ma’lumoti, kasb tayyorgarligi bor va yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan shaxslar pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega.
Pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish sud hukmiga asosan man etilgan shaxslarning umumta’lim muassasalarida bu faoliyat bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
56. Pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, kasb mahoratining raqobatbardosh darajada saqlab turilishi xalq ta’limi boshqaruvi organlari tomonidan tashkil etiladi va nazorat qilinadi.
57. Umumta’lim muassasasi pedagogik jamoa a’zolari o‘qitish yo‘nalishlari (tabiiy, aniq, gumanitar, ijtimoiy va boshqa fanlar) bo‘yicha uslubiy birlashmalarga birlashadilar.
58. Umumta’lim muassasalari o‘qituvchilarining (o‘quv fanlari va soatlari bo‘yicha) vazifasini vaqtincha bajarib turish tartibi hamda xodimlarining sinfdan tashqari faoliyatini tartibga solish O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadi.
59. Umumta’lim muassasasi rahbariyati o‘qituvchilarning obro‘-e’tibori va ijtimoiy maqomini, ularning mas’uliyati va kasb mahoratini oshirish bo‘yicha aniq yo‘nalishli ishlarni amalga oshiradi, ularning tizimli ravishda malaka oshirishlari va o‘z ustida ishlashlari, ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot kommunikatsiya texnologiyalari, shuningdek yangi o‘quv dasturlari joriy etilishi uchun shart-sharoitlar yaratadi.
8-bob. Umumiy o‘rta ta’limni boshqarish
60. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi umumiy o‘rta ta’limni boshqarish bo‘yicha maxsus vakolat berilgan organ hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari, xalq ta’limi boshqaruv organlari hamda boshqa tashkilotlar tashkil etadi.
Hududiy xalq ta’limi boshqaruv organlari ikki tomonlama — O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga hamda tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, Toshkent shahar, viloyatlar va tuman (shahar) hokimliklariga bo‘ysunadi.
61. Vazirlik va idoralar tizimidagi umumta’lim muassasalari bevosita tegishli vazirlik va idoraga bo‘ysunadi.
62. Vazirlik va idoralar tizimidagi umumta’lim muassasalari ularni joylashtirish uchun tegishli bino, moddiy-texnik baza (mebel, o‘quv-laboratoriya jihozlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sport anjomlari va boshqalar) hamda malakali rahbar xodimlar va pedagoglar mavjud bo‘lganda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq tashkil etiladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari tizimidagi umumta’lim muassasalari mintaqalarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ehtiyojlariga muvofiqligi ta’minlangan holda, ularni joylashtirish uchun tegishli bino, moddiy-texnik baza (mebel, o‘quv-laboratoriya jihozlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sport anjomlari va boshqalar) hamda malakali rahbar xodimlar va pedagoglar mavjud bo‘lganda, tegishlicha viloyat yoki tuman (shahar) hokimliklarining qaroriga muvofiq tashkil etiladi.
Nodavlat ta’lim muassasalari muassis (ta’sischi) tomonidan tashkil etiladi va qonun hujjatlariga muvofiq beriladigan litsenziya asosida faoliyat yuritadi.
63. Umumta’lim muassasasiga bevosita rahbarlik tegishli xalq ta’limi boshqaruv organi tomonidan tayinlangan direktor tomonidan amalga oshiriladi.
Umumta’lim muassasasi direktori muassasaning tashkiliy-huquqiy, o‘quv-tarbiyaviy, ma’naviy-ma’rifiy va moliyaviy-xo‘jalik faoliyatining tashkil etilishiga bevosita mas’ul hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Umumta’lim muassasasi direktori har chorakda kamida bir marta o‘z faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni tegishli fuqarolar yig‘iniga taqdim etadi.
(63-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 fevraldagi 134-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.02.2018 y., 09/18/134/0809-son)
64. Nodavlat ta’lim muassasalaridagi hamda idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar, barcha davlat umumta’lim muassasalaridagi o‘quv-tarbiya jarayoniga uslubiy rahbarlik O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari va xalq ta’limi boshqaruv organlari tomonidan amalga oshiriladi.
65. Umumta’lim muassasalarida pedagogik va metodik kengashlar tuziladi. Umumta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonini takomillashtirish, uning moddiy-texnik bazani mustahkamlash va faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish, ta’lim jarayoni ishtirokchilarining o‘zaro hamkorligini kuchaytirish maqsadida vasiylik kengashlari tuzilishi mumkin. Pedagogik, metodik va vasiylik kengashlarining faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tartibga solinadi.
66. Pedagogik kengash umumta’lim muassasasida o‘quv-tarbiya jarayonining tashkil etilishida oliy boshqaruv organi hisoblanadi.
67. Umumta’lim muassasasida qonun hujjatlariga muvofiq o‘quvchilarning jamoat birlashmalari faoliyat ko‘rsatadi.
68. Umumta’lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish va akkreditatsiya qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
69. Umumta’lim muassasasining rahbar va pedagog xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifalari berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
9-bob. Moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minoti
70. Davlat umumta’lim muassasasining faoliyatini moliyalashtirish belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan va tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq amalga oshiriladi.
71. Davlat umumta’lim muassasasiga byudjetdan tashqari qo‘shimcha mablag‘larni jalb etish byudjetdan moliyalashtirish kamaytirishga olib kelmasligi lozim.
72. Umumta’lim muassasasi o‘z ustavida belgilangan maqsadlarga muvofiq tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin.
73. Davlat umumta’lim muassasalari faoliyatini moliyalashtirish quyidagi manbalar hisobidan amalga oshiriladi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;
umumta’lim muassasasining tadbirkorlik faoliyatidan, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan shartnoma asosida pulli xizmat ko‘rsatish, bino va inshootlarni, jihoz va anjomlarni ijaraga berishdan olingan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning qonun bilan taqiqlanmagan homiylik xayriyalari, mahalliy hamda xalqaro tashkilotlarning grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
74. Davlat umumta’lim muassasalari shtatidagi xodimlar soni umumta’lim muassasalarining namunaviy shtatlariga muvofiq belgilanadi.
Davlat umumta’lim muassasalarining namunaviy shtatlari O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
75. Umumta’lim muassasasida o‘quvchilarga davlat ta’lim standartlari doirasida bepul umumiy o‘rta ta’lim berilishidan tashqari, qo‘shimcha (shu jumladan pulli) ta’lim xizmatlari ko‘rsatilishi mumkin.
Ota-onalarning istaklariga ko‘ra, umumta’lim muassasalarida pulli xizmat asosida 5-6 yoshli bolalarni umumiy o‘rta ta’limga tayyorlov guruhlari ham tashkil etilishi mumkin.
76. Qonun hujjatlarida taqiqlanmagan faoliyatdan olingan daromad hisobiga sotib olingan mol-mulk umumta’lim muassasasining mol-mulki tarkibiga kiritiladi.
77. Umumta’lim muassasasining mol-mulki va pul mablag‘lari sarflanishi uchun bevosita uning rahbari javobgar hisoblanadi.
78. Umumta’lim muassasasi tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq moliyaviy va statistik hisobot yuritiladi.
79. Umumta’lim muassasasi xodimlarini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish hamda ish haqiga ustamalar qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
80. Umumta’lim muassasalarining moddiy-texnik ta’minoti va kadrlar bilan ta’minlanishi belgilangan normativlarga muvofiq ehtiyojlar asosida amalga oshiriladi.
10-bob. Yakuniy qoidalar
81. Umumta’lim muassasalari va xalq ta’limi boshqaruv organlarining xalqaro hamkorligi xalqaro shartnomalar asosida xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan pedagogik axborot va tajriba almashish, pedagog xodimlarning malaka oshirishi hamda stajirovka o‘tashi shaklida amalga oshiriladi.
82. Umumta’lim muassasalari o‘quvchilarning ota-onalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, boshqa ta’lim muassasalari va nodavlat notijorat tashkilotlar bilan uzviy aloqada faoliyat ko‘rsatadi.
83. Umumta’lim muassasalarida ularning ish faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan tashkilotlar, jumladan, siyosiy partiyalar va harakatlar tashkil etilishiga va faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
84. Umumta’lim muassasasini qayta tashkil etish yoki tugatish qonun talablariga muvofiq o‘quv yili yakunida muassis (ta’sischi) tomonidan amalga oshiriladi.
Tugatilgan umumta’lim muassasasi muassisi (ta’sischisi) o‘quvchilarni ota-onalarning roziligi bilan boshqa umumta’lim muassasalariga o‘tkazish mas’uliyatini oladi.
85. Umumta’lim muassasasi tugatilgan taqdirda uning pul mablag‘lari va mol-mulkidan, uning majburiyatlarini qoplash bo‘yicha to‘lovlar chegirilgan holda, qonun hujjatlariga va umumta’lim muassasasi ustaviga muvofiq foydalaniladi.
Yüklə 26,47 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2022
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə