2. Xorazm viloyatining tashkil topishi
Xorazm viloyati — Oʻzbekiston Respublikasi tarkibidagi viloyat. 1925-yil fevraldan 1938-yil yanvargacha Xorazm okrugi, 1938-yil 15-yanvarda viloyat maqomiga oʻtkazilgan. Umumiy maydoni — 6,05 ming kvadrat kilometr.
Xorazm soʻzi birinchi marta zardushtiylarning muqaddas kitobi „Avesto“da tilga olingan. Qadimgi xorazm tilidan tarjima qilingan Xorazm „pastlikdagi yer“, „oziq-ovqatli yer“ degan maʼnoni bildirgan degan fikrlar ham bor.
Miloddan avvalgi 8-asrda xorazmliklar tomonidan asos solingan Markaziy Osiyodagi eng qadimiy davlatlardan biri tashkil topdi. Bu yerda massagetlar, saklar, apasaklar, oslar, daxlar va boshqalar qabilalari ham yashagan.
12-asrda Oʻrta Osiyoda qudratli Xorazmshohlar davlati tashkil topdi. U oʻzining eng gullab-yashnagan choʻqqisiga 13-asr boshlarida Alauddin Muhammad II davrida erishgan. Ammo imperiyaning gullagan davri uzoq davom etmadi va u moʻgʻullar bosqinidan natijasida Xorazmshohlar davlati quladi.
1920-yil fevral oyida Xiva xonligining vorisi sifatida Xorazm Xalq Sovet Respublikasi tashkil topdi. Hukmdor rasman taxtdan voz kechgach, 1920-yil 26-aprelda Birinchi Xorazm Qurultoyi (yigʻilishi) eʼlon qilindi. 1923-yil 30-oktabrda XXSR Xorazm Sotsialistik Sovet Respublikasiga aylantirildi.
Oʻrta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish munosabati bilan Xorazm SSR tugatilishini eʼlon qildi. Xorazm SSRning oʻzbeklar yashaydigan 23 ta tumani yangidan tashkil qilingan Oʻzbekiston SSR tarkibiga Xorazm viloyati qilib kiritildi.
U 1924-yilning kuzigacha, uning hududi Oʻzbekiston SSR (Xorazm viloyati tarkibida), Turkmaniston SSR va Qoraqalpogʻiston Muxtoriyati oʻrtasida boʻlingangacha mavjud edi. 1925—1930-yillarda va 1932—1938-yillarda Xorazm tumani tashkil etilgan. 1938-yil 15-yanvarda alohida viloyat sifatida tashkil topdi.
Xorazm algebra va algoritm asoschisi Muhammad bin Muso Al Xorazmiy va shar shaklidagi yer xaritasini yaratgan Abu Rayxon Beruniy hamda boshqa olim va arboblarning vatani hisoblanadi. 2003-yilda Xorazm viloyati Jaloliddin Manguberdi ordeni bilan taqdirlangan
Xorazm viloyatida 56 ta shahar tipidagi aholi punktlari bor. 2020-yil mart oyida Hazorasp tumanining sharqiy qismidan yangi Tuproqqalʼa tumani tashkil etildi.
Viloyat aholisi 1 930 747 kishi, taxminan 60 foizi qishloq joylarda yashaydi. Hududlar kesimidagi aholi soni:
Urganch tumani — 205 480 kishi,
Hazorasp tumani — 198 657 kishi,
Xonqa tumani — 191 620 kishi,
Qoʻshkoʻpir tumani — 176 059 kishi,
Shovot tumani — 174 352 kishi,
Bogʻot tumani — 169 486 kishi,
Gurlan tumani — 151 950 kishi,
Xiva tumani — 149 698 kishi,
Urganch shahri — 146 709 kishi ,
Yangiariq tumani — 118 925 kishi,
Xiva shahri — 95 246 kishi,
Yangibozor tumani — 89 427 kishi,
Tuproqqal’a tumani — 56 558 kishi.
Aholisining etnik tarkibi Qadimda Xorazmda yashovchi oʻzbek qabilalari bir necha etnik guruhlar boʻlib, ular Abulgʻoziy Bahodirxon (1643-1664) tomonidan 4 guruh (toʻp)ga boʻlingan. Har bir guruhga 2 qabila (birinchi guruhga uygʻur va nayman, ikkinchisiga qoʻngʻirot va qiyot, uchinchisiga nukuz va mangʻit, toʻrtinchisiga qangʻli va qipchoqlar) birlashtirilgan. Shuningdek, bir necha qabila qoldiqlari (jaloyir, kenagas, doʻrmon, yuz, ming, shix, qatagʻon) va ayrim etnik guruhlar (alieli, xoʻjaeli va sayidlar) mavjud boʻlgan. Amudaryodan suv oladigan kanallar va sugʻoriladigan yerlarning katta qismi shu qabila va urugʻlarga taqsimlab berilgan va ular asta-sekin oʻtroqlashib, dehqonchilik bilan shugʻullanganlar. Qolgan guruhlar Xorazmda juda kam boʻlib (bular qoʻngʻirotlar va boshqalar) viloyatning Gurlan va Shovot tumanlari, mangʻitlar Gurlan tumani va Shovot tumani (AnbarManaq)da, qiyotlar Shovot tumanida, qipchoqlar Urganch, Shovot va Qoʻshkoʻpir tumanlari, doʻrmonlar Urganch va Shovot (Anbar Manaq) tumanlarida, xidireli Urganch va Xivada, toma Xonqa va Bogʻot tumanlarida joylashgan.
Viloyatda 32 ta xorijiy investitsiyali qoʻshma korxona faoliyat yuritadi. Ular budjeti 1997-yilda 301,7 million AQSh dollarini tashkil etdi. Viloyat iqtisodiyoti paxtani qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatiga asoslangan. Koʻp sonli paxta tozalash zavodlari, neft qazib oladigan va ipak yigiradigan fabrikalar, toʻqimachilik va vinochilik korxonalari va hokazolar. Shuningdek, qurilish materiallarini ishlab chiqarish taraqqiy etgan. Xiva gilam fabrikasida tayyorlangan gilamlar butun dunyoga mashhur.
Mashinasozlik va toʻqimachilik tarmoqlari rivojlanib bormoqda. Mahalliy qishloq xoʻjaligining asosiy yoʻnalishi — albatta, paxtadir. Boshoqlilar, ayniqsa, guruch yetishtirish soʻnggi bir necha yilda keskin oshdi. Shuningdek, koʻplab bogʻ va uzumzorlar, qovun va qovoq plantatsiyalari bor, kartoshka dalalari butun viloyatni qamrab olgan. Shakar tozalash zavodi qurilishi rejalashtirilmoqda. Viloyat iqtisodiy jihatdan oʻsishga tayyor.
Mazkur sohalarga eʼtibor qaratilsa, quyidagilarga erishish ehtimol qilinmoqda:
Paxta, ipak xom ashyosi va boshqa mahalliy zaxiralardan foydalanadigan mavjud korxonalarni taʼmirlash, texnik zamonaviylashtirish va kengaytirish. Paxta tolasini qayta ishlash jarayonini yaxshilash va oshirish, ip, gazlama, paxta yigiruv ipi va gilamlar tayyorlash va eksport qilish zarur.
Mavjud oziq-ovqat sanoati tarmoqlarini yangilash va yangilarini, ayniqsa, mevalar, uzum, sabzavot, qovun va qovoq bilan bogʻliq korxonalarni tashkil etish. Goʻsht-sut mahsulotlariga asoslangan korxonalar kengaytirilishi kerak.
Oʻrab-joylash uskunalarini ishlab chiqarish. Idish materialarining yetishmasligi — eksportga moʻljallangan tomat pastasi, oʻsimlik yogʻi, turli turdagi jem va marmeladlar ishlab chiqarish yoʻlida jiddiy toʻsiq boʻlmoqda. Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun viloyatga xorijiy investitsiyalar koʻrinishida qariyb 52,1 million AQSh dollari zarur.
Xorazm viloyati temiryoʻllari umumiy uzunligi 130 km dan ortiq. Viloyat Rossiyaning Yevropa qismi va Kavkaz bilan temiryoʻl orqali bogʻlangan. Yoʻllarning umumiy uzunligi — 2 300 km, shoh koʻchalar 2 000 km masofaga yastangan. Viloyat aviareyslari Xorazmni butun Markaziy Osiyo, shuningdek, Rossiya mintaqalarining katta qismi va MDH bilan birlashtiradi. Xiva — xalqaro sayyohlikning katta markazi. 1997-yilda Xiva oʻzining 2500-yilligini nishonladi. Xiva atrofida sayyohlikni yanada rivojlantirish uchun koʻp ishlar qilindi.
Iqlimi keskin kontinental, oʻrtamiyona sovuq qish va quruq issiq yoz boʻladi. Viloyat choʻl zonasida, Xorazm vohasining gʻarbiy qismida, oʻrtacha 100 m balandlikda joylashgan. Relyefi pasttekislikdan iborat. Amudaryo qadimgi deltasining bir qismi boʻlib, daryo yotqiziqlaridan tashkil topgan. Qoraqum choʻliga tutashgan gʻarbiy va janubi-gʻarbiy qismi qum bilan qoplangan. Foydali qazilmalardan ohaktosh, qum, gil va boshqa qurilish materiallari bor. Qishi moʻtadil sovuq, qor kam yogʻadi, yanvarning oʻrtacha temperaturasi −5°, eng past temperatura −32°. Yozi issiq, quruq, iyulning oʻrtacha temperaturasi 30°, eng yuqori temperatura 47°. Vegetatsiya davri 200-210 kun. Yiliga 78-79 mm yogʻin tushadi, asosan, mart-aprel oylarida yogʻadi. Shimoliy va shimoli-sharqiy shamollar esadi. Yagona daryosi — Amudaryo viloyat hududida keng vodiy boʻylab oqadi, qirgʻoqlari past, shu sababli toshqin boʻlib turadi. Toshqinga qarshi dambalar qurilgan. Amudaryo suvidan yirik kanallar yerdamida ekinlarni sugʻorishda foydalaniladi. Viloyat janubida mayda shoʻr koʻl, botqoqlik va shoʻrxok koʻp. Tuproqlari Amudaryoning allyuvial yotqiziqlaridan tashkil topgan. Daryo vodiysida oʻtloqi va oʻtloqi-botqoq tuproqlar, gʻarbida qumliklar uchraydi. Sugʻoriladigan yerlarda, asosan, boʻz tuproq boʻlib, kuchli shoʻrlangan. Viloyat hududining asosiy qismi haydaladigan yerlar. Amudaryo qirgʻoqlaridagi toʻqayzorlarda terak, tol, jiyda, yulgʻun, kandir, qumliklarda saksovul va boshqa oʻsimliklar oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan, asosan, kemiruvchilar, sudraluvchilar, toʻqayzorlarda toʻqay mushugi, chiyaboʻri; qushlardan toʻrgʻay, oʻrdaklar, kulrang gʻoz, oqqush, birqozon, baliqchi, dehqonchumchuq, qizilishton, zargʻaldoq va boshqalar bor. Suv havzalarida ondatra va nutriya iqlimlashtirilgan.
Aholisi, asosan, oʻzbeklar (96,3 %), shuningdek, turkman, rus, qozoq, tatar, koreys, qoraqalpoq va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km² ga 231,6 kishi. Shaharliklar 321,7 ming kishi, qishloq aholisi 1091 ming kishi (2004).
Xorazm viloyati iqtisodiyotida qishloq xoʻjaligi bilan birga sanoat ham salmoqli oʻrinni egallaydi. Paxta tolasi, kalava ip, gilam, oziq-ovqat mahsulotlari, mashina uskunalari eksport qilinadi. Viloyatda paxta tozalash sanoati rivojlangan (barcha tuman markazlari va Urganch shahrida paxta tozalash zavodlari bor).
Gurlan, Bogʻot, Xonqa, Urganch, Xiva va Hazoraspda toʻqimachilik, pillachilik, tikuvchilik; Xivada gilam fabrikasi, „Xiva gilami“ aksiyadorlik jamiyati ishlab turibdi. Faoliyat koʻrsatayotgan jami korxona va tashkilotlar 13748 ta. Mikrofirmalar soni 11340 dan ziyod (2004).
Qishloq xoʻjaligi asosini paxtachilik va gʻallachilik tashkil etadi. Polizchilik, sabzavotchilik, bogʻdorchilik, chorvachilik, pillachilik ham rivojlangan. Shirkat, ijapa va xususiy fermer, dehqon xoʻjaliklari, aksiyadorlik jamiyatlari faoliyat koʻrsatadi. Viloyatda jami ekin maydoni 232,1 ming ga, shundan 129,4 ming ga qishloq xojaligi shirkatlari (69 ming ga yer xususiy fermerlar, 33,7 ming gektar yer dehqon xoʻjaliklari)ga tegishli. Umumiy yer fondining 38,4 % haydaladi, 18,2 % yaylov, oʻtloq, 1,3% bogʻ va tokzor; oʻrmon va changalzorlar 9,6 % ni, tutzorlar 0,9 %ni tashkil etadi.
Jami ekin maydonining 102,3 ming gektariga paxta, 86 ming gektariga don, 3 ming gektariga kartoshka, 9 ming gektariga sabzavot ekiladi (2003). Don (asosan, bugʻdoy, sholi) yetishtiriladigan maydonlar kengaydi. Xorazm viloyati mamlakatda sholi yetishtirish boʻyicha 1oʻrinda turadi.
Viloyat xususiy va jamoa xoʻjaliklarida 492,3 ming qoramol (shu jumladan, 202,1 ming sigir), 247,1 ming qoʻy va echki, 1437,6 ming parranda boqiladi. 6500 dan ziyod fermer xoʻjaligi chorvachilikka ixtisoslashgan. Urganch, Xiva parrandachilik fabrikalari faoliyat koʻrsatadi. Xorazm viloyatida Paxtachilik ilmiy tadqiqot stansiyasining paxtachilik-bedachilik zonal kompleks tajriba styasi (Urganch shahrida), Qoraqum ilmiy tadqiqot stansiyasi, paxta navlarini tajriba qilish uchastkasi (Xiva tumanida), mevali daraxtzorlar koʻchatzori, oʻrmon koʻchatzori (Urganch tumanida) va boshqa bor.
Xorazm musiqiy hayoti Xorazm vohasida qadimgidan yashab kelayotgan xalqlarning turmush tarzida muhim oʻrin egallagan. Qadimgi Xorazm hududidagi Qoʻyqirilgan qalʼa, Tuproqqalʼa, Qirqqiz qalʼa kabi istehkomlardan topilgan va asl nomlari saqlanmagan torli (dutorsimon, changkanora, arfaga oʻxshash), damli (nay, mizmar), zarbli (daf va nogʻoraga oʻxshash) cholgʻu sozlarni ushlagan ayol va erkaklar tasvirlari tushirilgan tangalar va ganch haykalchalar bu voha musiqa sanʼatining ildizlari juda qadimgi ekanligidan dalolat beradi. VIII asr boshidagi arablar istilosi oqibatida Qadimgi Xorazm madaniyati va sanʼati xarobalikka yuz tutib, islom madaniyatining yangi anʼanalari taraqqiy eta boshladi. Xorazmiy, Beruniy, Abu Abdullo ibn Yusuf Xorazmiy (X asr) va boshqa olimlarning qomusiy asarlarini musiqaga bagʻishlangan qismlarida musiqani hisob ilmining tarkibiy boʻlagi va uni inson ruhiyatiga taʼsiri taʼriflanadi.
„Mafotix ululum“ asarida oʻsha davrdagi mavjud cholgʻular: ud, changkanora, qanun, tanbur, mizmar, argʻanun, nay, surnaylarning nomlari keltirilgan. Oʻsha davrda Gurganjda cholgʻu asboblar yasovchi ustalar mahallasi boʻlgan.
Xorazm viloyatida 16 ta bolalar musiqa maktabi (shulardan 3 tasi sanʼat maktabi), musiqa bilim yurti, filarmoniya, viloyat teleradiokompaniyasi qoshidagi maqomchilar ansambli faoliyat koʻrsatadi.
Xorazm viloyatida xalq amaliy sanʼati va hunarmandchilik, ayniqsa, Xiva, Hazorasp va Xonqa shaharlarida qadimdan taraqqiy etgan. Yogʻoch oʻymakorligi, zargarlik, kandakorlik, gilamchilik, kulolchilik va boshqa rivojlangan. Xiva gilamchilik fabrikasi, „Xiva sopoli“ aksiyadorlik jamiyati va boshqa ishlab turibdi. Oʻzbekiston xalq rassomi A. Boltayev, xalq naqqoshlari va yogʻoch oʻymakor ustalari O. Polvonov, R. Masharipov, S. Bogʻbekov, mashhur kulol, koshinkor usta R. Matchonov va boshqalarning nomlari mashhur.
Viloyatda 6269 oʻrinli 36 kasalxona va 211 tibbiy muassasalarda 3882 vrach (har 10 ming kishiga 27,1 vrach), 13337 oʻrta tibbiy xodim ishlaydi. Davlat dasturiga asosan, viloyatda Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazining viloyat boʻlimi va barcha tuman markaziy kasalxonalari qoshida uning boʻlinmalari tashkil etilgan hamda zaruriy tibbiy va texnik jihozlar bilan taʼminlangan. Xorazm viloyatida 4010 oʻrinli 20 sanatoriy faoliyat koʻrsatadi.
Xorazmdagi xalq ogʻzaki ijodining yana bir turi xalfachilikdir. Xalfalar (folklorda) repertuarida xalq dostonlari, rang-barang xalq qoʻshiqlari, mumtoz shoirlarning ashulabop gʻazallari asosiy oʻrin olgan. XIX-XX asrning 2-yarmida Xorazmda Xonimjon xalfa, Onajon xalfa, Onabibi kori (Ojiza), Shukurjon xalfa, Sharifa xalfa, Joni xalfa, Bibijon xalfa, Durxonim xalfa, Kish xalfa, Guljon kori, Oysha kulol xalfa, Yoqut xalfa Vafoyeva, Sharifa noʻgʻay Otasheva, Ugʻil Noʻgʻay Quryozova, Yoqut xalfa Seytniyazova va boshqalarning nomlari xalq orasida tanilgan edi. Xalfachilik sanʼati anʼanalari Xorazm yosh ijrochilari tomonidan keyingi davrlarda ham davom ettirilmoqda.
XX asrda Xorazm adabiyotshunosligida Mugʻanniy, Suhanvar, Umar Qurboniy, Qalandar Qurboniy, M. Abdullayev, Egam Rahim, Ahmad Bobojon, Ayyomiy, Rahim Bekniyoz, Doʻstjon Matjon va boshqalarning nazm va nasriy asarlarida maʼrifatchilik gʻoyalari oʻz aksini topgan.
Xorazm (Xiva)da Muhammad Rahimxon Feruz tashabbusi bilan 1874-yilda Turkistonda ilk bor toshbosma ochilgan. Toshbosmada ilk matbaachilik faoliyatini birinchi oʻzbek matbaachisi Otajon Abdalov boshlagan. Ushbu toshbosma faoliyati keyinroq, 1920-yildan „Inqilob quyoshi“ gazetasi, 1939-yildan „Xorazm haqiqati“, 1941-yildan „Xorezmskaya pravda“ gazetalarining tashkil qilinishiga zamin yaratgan.
Xorazm viloyatida 1874 - 1924 yillarda faoliyat koʻrsatgan matbaachilik anʼanalari 1991-yilda qayta tiklandi. „Xorazm“ nashriyoti ishga tushirilib, darsliklar, kitoblar nashr etish yoʻlga qoʻyildi. „Xorazm tarixi“ (1995), „Hazorasp tarixi“, „Xonqa tarixi“ (1995-1998), „Avestoning yaratilishi“ (2001), „Maʼmun akademiyasi“ (toʻplam, 2003) kabi kitoblar chop etildi.
Xorazm viloyatida birinchi radioeshittirishlar 1936-yildan boshlangan. Viloyat radiosi oyiga 31 soatlik hajmda eshittirishlar beradi. Telekoʻrsatuvlar 1961-yildan olib boriladi. Mahalliy koʻrsatuvlar, 1979-yildan rangli tasvirda (oʻzbek va rus tillarida), haftasiga 15 soat hajmda namoyish qilinadi.
Dostları ilə paylaş: |