Andijon qishloq xojaligi va agrotexnologiyalar institut
Agrobiznes va raqamli iqtisodiyot fakulteti
_____________ talabasi
______________________________ning
Falsafa fanidan
MUSTAQIL ISHI
Falsafa tarixida inson mohiyatiga oid qarashlar
Reja:
1.Falsafa tarixida inson mohiyatiga oid qarashlar tasnifi. Insonning kelib chiqishi haqidagi nazariyalar. Yaratish nazariyasi. Insonning tabiiy-tarixiy kelib chiqishi haqidagi nazariya. Antropogenez haqidagi hozirgi zamon fani. Antropogenez nazariyasi fanlararo tadqiqotlar sohasi sifatida. Antropogenezning hozirgi zamon ilmiy manzarasi. Antik falsafada inson. O‘rta asr falsafasida inson.
2. Falsafiy antropologiyaning vujudga kelishi va rivojlanishi. Insonga nisbatan biologizatorlik va sotsiologizatorlik konsepsiyalari. Falsafaiy antropologiya va elitologiyaning uyg‘unligi. Individ, Shaxs. Shaxs va jamiyat. Individ, individuallik va sub’ekt. Shaxs. Shaxs va jamiyat.Ongning kelib chiqishi va mohiyati. Ongning tuzilishi, shakllari va funksiyalari.
3. Hayotning ma’nosi va unda insonning vazifasi. Evgenika va bioetika.
Hayotni tark etish bosqichlari. Suitsid, parasuitsid, evtanaziya va uning shakllari,
esxatologiyaning mohiyati. Insonning olamdagi o‘rni.
Falsafa tarixida inson muammosi.
Falsafa tarixida insonga murojaat etmagan, inson moddiy va ma’naviy borlig‘ining turli tomonlarini bevosita yoki bilvosita tahlil qilmagan faylasuf yoki falsafiy yo‘nalishni topish deyarli mumkin emas. Aksariyat falsafiy va diniy tizimlar katta olam yoki makrokosmga zid o‘laroq, insonga mikrokosm yoki kichik Koinot sifatida qarab, uni butun olamni tushunish kaliti deb hisoblaganlar. Faylasuflar inson sirining tagiga yetish borliq jumbog‘ining tagiga yetish bilan barobar ekanligini qayta-qayta anglab yetganlar. Zero Forobiy aytganidek -”Odamlar o‘zlarining xos xususiyatlariga va tabiiy ehtiyojlariga ko‘ra jamiyat tuzadilar. Ularning harakat va fe’llarini dastavval bora-bora odatlarga aylanadigan tabiiy qobiliyatlar belgilaydi”1. O‘z-o‘zingni angla va shu orqali dunyoni anglaysan. Dunyoni insonning teran qatlamlariga kirmasdan sirtdan bilishga bo‘lgan barcha urinishlar narsalar haqida faqat yuzaki tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Insondan sirtga qarab yuradigan bo‘lsak, narsalar mohiyatini hech anglay olmaymiz, zero bu mohiyat insonning o‘zida mujassamlashgan.
Bu fikr qadimgi mutafakkirlargayoq yaxshi ma’lum bo‘lgan. Unga turli ko‘rinishlarda Sharqda ham, yunon-rim falsafiy an’anasida ham duch kelish mumkin. Xususan, antik davrda Delfidagi Apollon ibodatxonasiga kiraverishda ustunga o‘yib yozilgan, rivoyatlarga qaraganda Suqrot takrorlashni yaxshi ko‘rgan «O‘z-o‘zingni angla», degan ibora ayniqsa mashhur bo‘lgan. Ajablanarlisi shundaki, oradan ikki yarim ming yil vaqt o‘tgach, hozir ham bu fikr o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. U nafaqat narsalar dunyosini, balki inson borlig‘ining mohiyatini, inson va ijtimoiy munosabatlarning asl tabiatini tushunishga harakat qilayotgan har bir odam uchun o‘z-o‘zini anglashga chorlovchi fikr bo‘lib qolmoqda. Buni faqat shu bilan izohlash mumkinki, ayni holda har bir yangi avlod o‘z davri hamda tabiiy-ilmiy va falsafiy tasavvurlarning tegishli darajasi nuqtai nazaridan yechishga harakat qiladigan o‘ta murakkab, «boqiy» falsafiy masalalardan biri to‘g‘risida so‘z yuritiladi.
Tarixga boshqa ko‘p sonli iboralar ham ma’lum bo‘lib, ular vaqt, madaniyat va diniy e’tiqoddan qat’iy nazar, “inson” barcha davrlarda butun dunyo mutafakkirlarining diqqat markazida bo‘lgani va hozir ham shunday ekanligi, tayanch nuqtasi va hatto bilish mezoni bo‘lib xizmat qilishidan dalolat beradi. Xususan, qadimgi xitoy faylasufi Lao szi fikriga ko‘ra, «boshqalarni biluvchi – oqil, o‘zini biluvchi – donishmanddir». Protagorning: «Inson barcha narsalar mezonidir», degan fikri ham juda mashhur. «Tangri saltanati bizning ichimizdadir», deb o‘rgatgan Iso Masih. Buddaviylarning: «O‘zligingga nazar tashla, sen Buddasan», degan chorlovi ham yuqoridagi fikr bilan hamohangdir. Islomda «Kimki o‘zini bilsa, u o‘z Allohni ham bilgaydir», deyiladi.
Demak, inson o‘zini dunyodan oldinroq va ko‘proq biladi, ayni shu sababli u dunyoni o‘zidan keyin va o‘zi orqali anglab yetadi. Falsafa dunyoni inson orqali ichdan bilishdir, fan esa insondan tashqaridagi dunyoni yuzaki bilish demakdir. Insonda mutlaq borliq, insondan tashqarida esa – nisbiy borliq namoyon bo‘ladi.
Antik davrdan boshlab insonga bo‘lgan qiziqish dam kuchayib, dam ma’lum vaqt pasayib turgan, lekin hech qachon yo‘qolmagan. «Inson nima?», degan savol bugungi kunda ham avvalgidek jahon falsafasidagi o‘ta muhim masalalardan biri bo‘lib qolmoqda, insoniyatning eng o‘tkir aql-zakovat sohiblari e’tiboridan tushmay va ayni vaqtda o‘zining uzil-kesil, umumiy e’tirof etilgan yechimini topmay kelmoqda.
Inson har safar mutafakkirlar diqqat markazidan o‘rin olar ekan, uning mohiyatini yangi tarixiy sharoitda va yangicha nuqtai nazardan anglab yetishga harakat qilib, uni qayta va qayta yangidan kashf etganlar. Pirovardida, falsafa fanida insondan murakkabroq va ziddiyatliroq predmet yo‘q, desak, hech mubolag‘a bo‘lmaydi.
Inson barcha yaxshi fazilatlarni o‘zida mujassamlashtirgan o‘ziga xos, betakror va barkamol mavjudot – cheksiz mikrokosm sifatida ham, inson tabiatining norasoligi va buzuqligi tufayli halokatga mahkum bo‘lgan tabiat xatosi sifatida ham, Xudo yaratgan banda sifatida ham, boshqa odamlar faoliyatining mahsuli sifatida ham talqin qilinadi. Xususan, Sharq mutafakkiri A.Beruniy jahon fanida birinchi marta inson va tabiat, odam va olam o‘rtasidagi munosabatlarni dunyoviy fan nuqtai nazaridan o‘rganadi. U “odamlar tuzilishining rang, surat, tabiat va axloqda turlicha bo‘lishi faqatgina nasablarining turlichaligidan emas, balki tuproq, suv, havo va yerning, odam yashaydigan joylarning turlichaligi hamdir. Tillarning turlicha bo‘lishiga sabab odamlarning guruhlarga ajralib ketishi, bir-biridan uzoq turishi, ularning har birida turli hoxishlarni ifodalash uchun zarur bo‘lgan so‘zlarga ehtiyoj tug‘ilishidir. Uzoq zamonlar o‘tishi bilan bu iboralar ko‘payib, yodda saqlangan va takrorlanish natijasida tarkib topib, tartibga tushgan”2, deb hisoblaydi. Demak, Beruniy fikricha, insonning fe’l-atvori va ma’naviy qarashlari surati va siyrati bevosita tabiiy muhit ta’sirida shakllanadi. Zero, aynan shu tabiiy muhit, geografik sharoit xalqlar, millatlar shakllanishining muhim asosi bo‘la oladi. “Inson o‘z tabiatiga ko‘ra murakkab tanaga egadir. Insonning tanasi bir-biriga qarama-qarshi qismlardan iborat bo‘lib, bu qismlar tobelik kuchi asosida birlashgan”3. Beruniy fikricha, hamma odamlarda o‘zaro bir-biriga o‘xshash va ayni paytda farq qilib turadigan jihatlar mavjud. Ibn Sino, “Inson boshqa barcha hayvonot olamidan so‘zi, tili va aqli, tafakkur qilishi bilan farq qiladi. Inson aqli turli fanlarni o‘rganish yordamida boyiydi”4, deb hisoblaydi. Forobiy fikricha, inson o‘z tabiatiga ko‘ra hayotini tartibga keltirish, mustahkamlash va takomillashtirish uchun boshqa insonlarga muhtoj bo‘ladi. Yakka holda hech kim bunnig uddasidan chiqa olmaydi. “Inson shunday maxluqotki, u faqat jamiyatda o‘z ehtiyojlarini qondirishi va oliy ma’naviy darajaga ko‘tarilishi mumkin”5. Inson o‘z hayotining me’mori, ijodkori bo‘lmog‘i, o‘zida fozila xislatlar, iste’dodlarni tarbiyalashi lozim. Bunga esa u jamiyatda yashab faoliyat ko‘rsatgandagina erishadi. Inson ijtimoiy mavjudod. Yolg‘izlik uzlat uni qashshoqlashtiradi, insoniy qiyofasini va baxtga olib boradigan iste’dodini yo‘qotadi. Ibn Xaldun, insonga ijtimoiy voqelik sifatida qaraydi. Undan ijtimoiy mohiyat izlaydi. Inson jonzot sifatida ezgulik va yovuzlik olamidir. Shunga ko‘ra, u umrining har daqiqasida yovuzlikdan ko‘ra ezgulikka, yomonlikdan ko‘ra yaxshilikka, nafratdan ko‘ra muhabbatga intilib yashashga mahkum etilgan aql sohibi, bebaho ne’matdir.
Inson barcha ijtimoiy munosabatlar majmuidir, degan fikr insonga mexanistik nuqtai nazardan yondashgan Ma’rifat davri mutafakkirlari, xususan «Inson-mashina» deb nomlangan asar muallifi fransuz J.Lametri (1709-1751) ilgari surgan g‘oyalar bilan to‘qnashadi.
Boshqa bir mashhur fransuz faylasufi – R.Dekart (1596-1650) asarlarida inson mohiyati masalasiga nisbatan butunlay o‘zgacha yondashuvga duch kelamiz. U «inson fikrlovchi narsadir», deb hisoblaydi.
Atoqli fransuz faylasufi va teologi P.T. de Sharden (1881-1955). «Inson, u uzoq vaqt o‘ylaganidek, dunyoning statik markazi emas, balki evolyusiyaning o‘ziga va cho‘qqisi bo‘lib, bu ancha go‘zalroqdir»6, deb qayd etadi
Unga zid o‘laroq, A.Shopengauer (1788-1860) inson nuqsonli mavjudot ekanligini ta’kidlaydi, uni «tabiat xalturasi» deb ataydi.
Fransuz yozuvchisi va faylasufi J.P.Sartr (1905-1980) bu fikrni butunlay rad etadi. Uning fikricha, inson kelajakka qarab intiladi va shu tariqa o‘zini o‘zi yaratadi. U «Inson – odamzot kelajagidir», deb ta’kidlaydi.
XIX asrdan boshlab Yevropa falsafiy tafakkuri F.Shelling, A.Shopengauer, M.Shtirner, S.Kerkegor, F.Nisshe, N.Berdyaev, A.Bergson kabi faylasuflarning sa’y-harakatlari bilan inson mavjudligini individual va tarixiy muayyanlashtirish sari yuz burdi. Hayot, sezgilar, xohish-iroda, irratsionallik tushunchalari maxsus falsafiy tahlil predmetiga aylandi va keyinchalik ekzistensializm, intuitivizm va personalizm falsafasida rivojlantirildi.
Xususan, ekzistensializm nuqtai nazaridan ob’ektiv dunyo – bu avvalo «inson borlig‘i» bo‘lib, insondan tashqarida dunyo haqida biron-bir gap aytish mumkin emas. Inson borlig‘i to‘g‘risida so‘z yuritish o‘rinli bo‘ladi, chunki inson borliq xususida savollar beradi, uning mazmunini tashkil etgan holda uni boshdan kechiradi, anglab yetadi.
Inson muammosiga qisqacha tarixiy-falsafiy nazar tashlash XX asr boshiga kelib falsafada bilimning yangi mustaqil sohasi – inson haqidagi ta’limot, ya’ni falsafiy antropologiya vujudga kelishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganini ko‘rsatadi.
2.
Falsafiy antropologiyaning vujudga kelishi va rivojlanishi.
Falsafiy antropologiyaning vujudga kelishi va rivojlanishi.
Yunoncha sophia – donishmandlik, anthropos – inson va logos – ta’limot so‘zlaridan kelib chiqqan «falsafiy antropologiya» atamasi etimologik jihatdan inson haqidagi falsafiy ta’limotni anglatadi. Falsafiy antropologiya insonning alohida borliq manbai sifatida kelib chiqishi, tadrijiy rivojlanishi va mavjudligining o‘ziga xos xususiyatlariga doir falsafiy qarashlarni aks ettiradi.
Yuqorida qayd etilganidek, inson haqidagi falsafiy ta’limotlar qadimda vujudga kelgan va butun falsafa tarixi orqali o‘tadi. Konfutsiy, Suqrot, Geraklit, stoiklar, kiniklar, Avgustin, Foma, Forobiy, Ibn Sino, A.Navoiy, A.Jomiy, Dekart, Russo, Kant, Feyerbax, Nisshe va boshqalar insonning falsafiy, nazariy obrazini yaratib, falsafiy antropologiya falsafiy bilimning mustaqil bo‘limi sifatida vujudga kelishi uchun zamin hozirladi.
Shu ma’noda falsafiy antropologiyaning ilk ildizlariga XVIII asr fransuz materialistlarining asarlarida duch kelish mumkin. Ammo I.Kant, shuningdek, insonning mohiyati muammosini falsafaning «birdan-bir, universal va oliy» predmeti darajasiga ko‘taruvchi antropologik tamoyillarni falsafaga kiritgan va asoslab bergan Feyerbax sa’y-harakatlari bilan falsafiy antropologiya mustaqil falsafiy fan sifatida shakllana boshladi.
Falsafiy antropologiya XX asrning 20-yillarida asosan M.Sheler, A.Gelen, X.Plesner asarlari ta’sirida uzil-kesil vujudga keldi. Xususan, M.Shelerning «Insonning kosmosdagi o‘rni» asarida inson haqida fundamental fan yaratish lozimligi qayd etiladi va uni falsafiy bilish dasturi taklif qilinadi. Muallif fikriga ko‘ra, insonni yaxlit falsafiy bilish inson borlig‘ining turli jabhalariga nisbatan olingan muayyan ilmiy natijalar bilan birikishi lozim.
M.Sheler falsafiy antropologiya insonning yaxlit konsepsiyasini yaratib, uni muayyan ilmiy, falsafiy va diniy jihatdan anglab yetishda birlashtiruvchi rol o‘ynashi lozim, deb hisoblaydi. U «Falsafiy antropologiyaning vazifasi insonning barcha o‘ziga xos monopoliyalari, ishlari va amallari: til, vijdon, asboblar, qurol, davlat, rahbarlik, mif, din, fan... inson borlig‘ining asosiy strukturasidan qanday kelib chiqishini aniq ko‘rsatib berishdan iboratdir»15, deb qayd etadi.
Falsafiy antropologiya fanining mohiyati. Inson haqidagi bilimlarni birlashtirish lozimligi xususida Shelerdan oldinroq ham so‘z yuritilgan edi. XIX asr o‘rtalariga kelib inson o‘ta murakkab struktura ekanligi, uni faqat falsafa yoki boshqa biron-bir muayyan fan metodlari bilan to‘la anglab yetish mumkin emasligi, ya’ni inson jamuljam holda aniq bilim predmeti bo‘la olmasligi aniq-ravshan bo‘lib qoldi. Shuningdek, ayrim tabiiy fanlar, har biri o‘z sohasida, vaqt o‘tishi bilan umumiyroq xulosalarga kelishni talab etuvchi salmoqli material to‘pladi.
Bunday umumlashtirishga ehtiyoj Darvinning evolyusion nazariyasi paydo bo‘lishi bilan ayniqsa bo‘rtib ko‘rina boshladi. Bu nazariya insonga oid tabiiy-ilmiy tadqiqotlarga kuchli turtki berdi, shuningdek materialistik falsafiy konsepsiyalar rivojlanishi uchun qo‘shimcha asos bo‘lib xizmat qildi.
Mazkur yondashuv tarafdorlari inson ko‘p o‘lchovli va muttasil o‘zgaruvchi mavjudot ekanligidan kelib chiqadi. Garchi uning muhim xususiyatlari ming yillar mobaynida o‘zgarishsiz qolayotgan bo‘lsa-da, ular insonning mohiyatini to‘la namoyon etmaydi. Bu yondashuv tarafdorlari inson o‘z oldiga yangi va yangi jumboqlar qo‘yayotgan, tashqi dunyoni, o‘zining undagi o‘rnini aniqlashga harakat qilayotgan, atrof muhitni o‘rganish orqali uni o‘z ixtiyoriga ko‘ra o‘zgartiradigan faol asos sifatida amal qiladigan mikrokosm hisoblanishiga ham e’tiborni qaratmoqdalar.
Insonnning bioijtimoiy mohiyati.
Falsafiy antropologiya yechadigan muhim muammolar orasida inson biologik va ijtimoiy mohiyatining o‘zaro nisbati to‘g‘risidagi masala alohida o‘rin egallaydi. Inson jonli tabiatning bir qismi, shuningdek biologik evolyusiya mahsuli ekanligi hozirgi zamon tabiatshunosligi fanida nafaqat olimlar va mutaxassislar, balki ma’rifatli odamlarning keng doirasi uchun ham aniq-ravshan va deyarli shak-shubhasiz dalilga aylandi. Har bir inson o‘z biologik xususiyatlari: genetik kodi, vazni, bo‘yi, mijozi, terisi va sochining rangi, yashash muddati va shu kabilarga ko‘ra betakrordir. Biroq ayni vaqtda inson ijtimoiy mavjudot ekanligi, uning o‘ziga xosligi va betakrorligi odamzotning ijtimoiy tabiati, u kamol topgan, ta’lim-tarbiya olgan, madaniy va axloqiy qadriyatlar va mo‘ljallarni o‘zlashtirgan ijtimoiy muhit bilan belgilanishi ham shak-shubhasizdir.
Ayni shu sababli inson individi nafaqat biologik, balki ijtimoiy mavjudot sifatida ham o‘ziga xos xususiyat kasb etadi. Boshqacha aytganda, insonning kamol topishi jamiyatda va faqat jamiyatda yuz beradi.
Insonni tushunishda dualizm va monizm. Odamlar o‘rtasidagi biologik va ijtimoiy farqlarni va ularni betakrorligini tan olishdan inson tabiatining yaxlitligini tushunishga nisbatan ikki muhim yondashuv: dualistik va monistik yondashuvlar kelib chiqadi.
Qadim zamonlarda vujudga kelgan insonga nisbatan dualistik yondashuv shundan iboratki, odamzot, bir tomondan, moddiy organizmdan, boshqa tomondan esa – mustaqil mohiyat sanaladigan va bu organizmni boshqaradigan nomoddiy jondan tashkil topgan mavjudot sifatida qaraladi. Bu yondashuv, masalan, boqiy g‘oyalar dunyosida yashaydigan o‘lmas jon inson tug‘ilayotgan paytda uning tanasiga xuddi zindonga tushgandek kirib o‘rnashadi, uning o‘limidan keyin esa vujudni tark etib, yana g‘oyalar dunyosiga qayta, deb hisoblagan Platon falsafasida ayniqsa bo‘rtib namoyon bo‘ladi. Jonlarning o‘lmasligi g‘oyasi Sharq falsafiy an’anasiga ham xosdir.
Hozirgi olimlarning aksariyati qo‘llab-quvvatlaydigan inson talqinining monistik konsepsiyasi inson ruhiyati, uning tuyg‘ulari, fikrlari, emotsiyalari va kayfiyati inson organizmining tarkibiy qismi sanalgan bosh miya nerv hujayralari hayot faoliyatining mahsulidan o‘zga narsa emas, degan tushunchadan kelib chiqadi. Bu yondashuv tarafdorlarining fikriga ko‘ra, ruhiy hodisalar qandaydir nomoddiy asosga ega, deb hisoblash uchun yetarli dalillar mavjud emas, shu sababli ruhiyat tabiatini tushuntirishda inson organizmida yuz beradigan moddiy jarayonlar chegarasidan chetga chiqishning hojati yo‘q.
Shunday qilib, tavsiflangan muammo inson o‘z tabiatiga ko‘ra faqat biologik mavjudotmi yoki faqat ijtimoiy mavjudotmi, degan masala bilan bog‘lanmaydi. U, hech shubhasiz, ham biologik, ham ijtimoiy mavjudotdir.
Ammo bu ikki asosning o‘zaro nisbati qanday, ularning biri ikkinchisidan ustunroqmi va inson mohiyatini nima belgilaydi – bu qizg‘in bahs-munozaralar predmetidir. Mazkur masalalar hanuzgacha o‘zining uzil-kesil yechimini topgani yo‘q, hozirda mavjud turli biologik, psixologik va falsafiy maktablar bu savollarga har xil javoblar beradi.
Yuqorida zikr etilgan muammoning yechimiga nisbatan mavjud yondashuvlar orasida insonning bioijtimoiy tabiatini tushunishga nisbatan qarama-qarshi nuqtai nazarlar ifodasi sanalgan biologizatorlik va sotsiologizatorlik konsepsiyalari alohida o‘rin egallaydi. Bunda ularning har biri boshqasini butunlay rad etmaydi, ammo insonning muayyan bir (biologik yoki ijtimoiy) tabiatini ustunroq qo‘yadi yoki hatto mutlaqlashtiradi.
Biologizatorlik konsepsiyalarining tarafdorlari insonni uning tabiiy, biologik asosidan kelib chiqib tushuntirishga harakat qiladi. XVIII asr oxirida jamiyat hayotiga ayrim odamlarning o‘z mavjudligi uchun kurash maydoni sifatida qarashni taklif qilgan T.Maltus nazariyasini bunday tushuntirishga bo‘lgan birinchi jiddiy urinish deb hisoblash mumkin. Maltus fikricha, bu kurashda kuchlilar g‘olib chiqadi, kuchsizlar esa halok bo‘lishga mahkumdir. Mazkur kurashga tabiiy omillar turtki beradi. Xususan, aholi soni geometrik progressiya bo‘yicha ko‘payib boradi, tirikchilik vositalari esa faqat arifmetik progressiya bo‘yicha o‘sadi, bu esa muqarrar tarzda ocharchilik, epidemiyalar, urushlar va boshqa ijtimoiy tangliklarga olib keladi. Mazkur omillarga Maltus kuchlilarning yashab qolishini ta’minlovchi ijtimoiy munosabatlarning «tabiiy», muqarrar va hatto zarur tartibga solish vositalari sifatida qaraydi.
Demografik muammolarning yechilmagani, shuningdek ular XX asrda yanada keskinroq tus olishi shunga sabab bo‘ldiki, Maltus g‘oyalari neomaltuzchilar deb nomlangan o‘z davomchilarini topdi va topishda davom etmoqda.
Biologizatorlik yondashuvlari XIX va XX asrlar chegarasida Darvinning tabiiy tanlanish haqidagi ta’limotini mutlaqlashtirib, nafaqat insonning kelib chiqishi, balki uning mohiyatini, pirovard natijada esa – butun ijtimoiy munosabatlar tabiatini tushuntirishga harakat qilgan sotsial-darvinistlarga ham xosdir. Hozirgi zamonda bu yo‘nalishni odamlarga ham, hayvonlarga ham teng darajada xos bo‘lgan irsiyatga urg‘u beruvchi sotsiobiologiya davom ettirmoqda. Sotsiobiologlar fikriga ko‘ra, inson xulq-atvori ham, hayvon xulq-atvori ham irsiy omillar bilan belgilanadi va hech kim o‘z irsiyati ta’sirini – u xoh yaxshi bo‘lsin, xoh yomon – yengishga qodir emas.
Inson tabiati xususida shunga o‘xshash qarashlarga ayrim odamlarning boshqa odamlardan ustunligini faqat ularning «oliy» yoki «past» irqqa mansublik belgisiga ko‘ra e’lon qiluvchi irqchilik konsepsiyalarida ham duch kelish mumkin. Bu, xususan, «irqiy tozalik» uchun kurash olib borgan va «irqiy tanlanish»ni amalga oshirish g‘oyasini faol ilgari surgan fashistik mafkurada ayniqsa bo‘rtib namoyon bo‘ladi. Irqiy tanlanish g‘oyalari zamirida asosan XIX asr oxiri – XX asr boshlarida keng tarqalgan «inson irsiyatining oliy sifati»ga qanday vositalar bilan va qay tarzda erishish mumkinligi haqidagi ta’limot – yevgenika yotadi.
XX asr boshlarida bu ta’limot shu darajada keng tarqaldiki, ayrim mamlakatlarda davlat siyosati bilan uzviy bog‘landi. Xususan, 1920-1930-yillarda Daniya, Shvesiya va Norvegiyada jamiyatda tabiiy tanlanishni ijtimoiy mustahkamlovchi irqiy qonunlar qabul qilindi.
Sotsiologizatorlik konsepsiyalari inson tabiatini ijtimoiy munosabatlarda ko‘rishga harakat qiladilar. Bunda ular ba’zan nafaqat insonning ijtimoiy asosini uning biologik asosiga qarama-qarshi qo‘yadilar, balki so‘nggi zikr etilgan asosni hayvoniy va hattoki tuban, shu bois jiddiy e’tiborga loyiq emas, deb hisoblaydilar. Asosiy e’tibor ijtimoiy munosabatlar tahliliga va individ, shaxsning shakllanishida jamiyat qanday rol o‘ynashini aniqlashga qaratiladi. Pirovardda ijtimoiy asos individual asosga qaraganda ustunroq ahamiyat kasb etadi, uni o‘ziga bo‘ysundiradi va qamrab oladi. Mazkur yondashuv total ijtimoiy tizimlarga va ularni asoslashga harakat qiluvchi falsafiy ta’limotlarga, xususan, Platon falsafasiga ayniqsa xosdir. Umuman olganda, bu individualizm va kollektivizm muammosidir.
4. Hayotning ma’nosi va unda insonning vazifasi.
Insonning mohiyati. Insonning mohiyatini tushunishga harakat qilish jarayonida u nafaqat tashqi, balki ichki, pinhona xususiyatlarga ham ega ekanligini, ular jamuljam holda insonning individ, individuallik, shaxs kabi tushunchalarda aks etadigan muayyan obrazini shakllantirishini ham hisobga olish lozim. Boshqacha aytganda, insonning mohiyatini uning ichki va tashqi borlig‘i birligida, uning dunyoga faol munosabatida izlash kerak.
Shunday qilib, individ muayyan insonning umumiy obrazi sifatida amal qilsa, individuallik uni muayyan o‘ziga xos xususiyatlar sohibi sifatida tavsiflaydi,«shaxs» tushunchasiga esa yanada torroq ma’no yuklanadi, chunki ayni holda inson uning barcha ijtimoiy sifatlari bilan jamuljam holda olinadiki, bu faqat ijtimoiy munosabatlarning u yoki bu tizimini nazarda tutgan holda shaxs to‘g‘risida so‘z yuritish imkonini beradi. Ya’ni keng talqindagi «individ» va «individuallik» tushunchalari nafaqat insonga nisbatan, balki individual xususiyatlarga ega bo‘lgan ayrim tirik mavjudot, hayvonga nisbatan ham tatbiq etilishi mumkin. «Shaxs» tushunchasi esa doim ijtimoiy mavjudot sifatidagi inson bilangina bog‘liq bo‘lib, faqat shu ma’noda, ayrim insonni uning jamiyatdagi o‘rni, «ijtimoiy qiyofasi» nuqtai nazaridan tavsiflaydi.
Kezi kelganda yana shuni ham ta’kidlab o‘tish lozimki, har qanday shaxs zamirida oqilona faoliyat yotuvchi ongli-ixtiyoriy faollik tavsiflanadi. Shuningdek inson yangi moddiy va ma’naviy boyliklar yaratib, o‘z ijodiy imkoniyatlarini izchil ro‘yobga chiqarish orqali shaxs sifatida namoyon bo‘ladi.
Hozirgi zamon fanida shaxsning shakllanishiga ta’sir ko‘rsatuvchi uch muhim omil: irsiyat, madaniy muhit va yashash sharoiti farqlanadi. Bu omillar o‘zaro ta’sirga kirishishi natijasida inson shaxs sifatida o‘ziga xos xususiyatlar majmui: tegishli ehtiyojlar, qiziqishlar, qobiliyatlar, maqsadlar, mo‘ljallar, ma’naviyat va shu kabilarga ega bo‘ladi. Insonning mazkur betakror individual xususiyatlari asosan u yashayotgan muhitdagi ijtimoiy va madaniy shart-sharoitlar ta’sirida shakllanadiki, bu shaxsning shakllanishi va kamol topishida jamiyat juda muhim rol o‘ynashini qayd etish imkonini beradi. Ayni vaqtda shaxs umumiy e’tirof etilgan me’yorlarga muvofiq yoki ularga zid shakllanishi va kamol topishi mumkin. Bu ma’noda ijobiy shaxslar to‘g‘risida ham, salbiy shaxslar to‘g‘risida ham so‘z yuritish mumkin.
Hozirgi zamonda aksariyat olimlar va faylasuflar inson evolyusiyasidagi ijobiy jarayonlarni va ijtimoiy o‘zgarishlar imkoniyatlarini ijtimoiy munosabatlarning insonparvarlashuvi, odamlar ongidan umuminsoniy me’yorlar mustahkam o‘rin olishi bilan bog‘lamoqdalar. Bunda inson o‘zining butun umri mobaynida, bir tomondan, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishga harakat qilib, boshqa tomondan esa – o‘zini qurshagan ijtimoiy va tabiiy muhit ta’sirini his etib, yaxlit bir butun hodisa sifatida, uzluksiz tadrijiy rivojlanishini e’tiborga olish lozim. Boshqacha aytganda, o‘zining kamol topish jarayonida u doim ham sub’ekt, ham ob’ekt hisoblanadiki, bu shaxsning o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi va hayot mazmunini izlashi bilan bog‘liq bo‘lgan yana bir muhim falsafiy muammo yuzaga kelishini belgilaydi.
Dostları ilə paylaş: |