NAZARIY QISM Issiqlik almashinish jarayonlari neft va gazni qayta ishlash hamda kimyo sanoatida asosiy jarayonlardan biri hisoblanadi. Chunki ushbu tarmoqlarning asosan hamma korxonalarida issiqlik almashinish apparatlari qo`llaniladi. Bu qurilmalar tuzilishi, ishlash printsipi va ularda jarayonning tashkil qilinishiga qarab bir nechta sinflarga bo`linadi. Ulardan biri «quvur ichida quvur» rusumidagi issiqlik almashinish qurilmasidir.
Bu qurilma katta diametrli tashqi quvur va konsentrik holda joylashgan ichki quvurdan iborat. Bir-biri bilan issiqlik almashinayotgan muhitlarning birtasi ichki quvurdan harakat qilsa, quvurlararo bo`shliqdan esa ikkinchi muhit harakat qiladi. Issiqlik ichki quvurning devori orqali bir muhitdan ikkinchisiga o`tkaziladi. Ichki quvurning va quvurlararo bo`shliqning ko`ndalang kesimlari kichik bo`lganligi sababli kichik sarflarda ham issiqlik tashuvchi agentlardan katta tezliklar bilan o`tkazish mumkin. Shuning uchun bunday isitkichlarda yuqori ko`rsatkichli issiqlik o`tkazish koeffitsientiga erishish imkoniyati bo`ladi.
Qurilmaning massa birligiga to`g`ri keladigan issiqlik miqdori qobiq quvurli, zmeyevikli va g`ilofli isitkichlarga nisbatan yuqori bo`ladi. Bundan tashqari issiqlik tashuvchi agentlarning tezligi katta bo`lgani uchun quvurlarning yuzasida har xil iflosliklar hosil bo`lmaydi.
Bu qurilmaning konstruktiv tuzilishining soddaligi va tayyorlashning osonligi, sababli ishlab chiqarish hajmi kichik bo`lgan korxonalar uchun juda qulay hisoblanadi.
TAJRIBA ISHINING MAQSADI 1. Issiqlik almashinish qurilmasida issiqlik o`tkazish koeffitsientini aniqlash;
2. Issiqlik o`tkazish koeffitsientiga oqim rejimi ta`sirini aniqlash;
3. Issiqlik almashinish qurilmasining uzunligi bo`yicha temperatura taqsimoti qonuniyatini tajriba yo`li bilan aniqlash.