PAXTAKOR – Xorazm viloyati Gurlan, Xonqa va Qo‘shko‘pir tumanlaridagi mahalla nomlaridan biri. Ushbu termin “paxta yetishtiruvchi, paxta teruvchi” ma’nosini ifodalab, mazkur hudud faqatgina paxta yetishtirishga mo‘ljallanganligini bildiradi. Bunday nom respublikamizning ko‘plab hududlarida uchrashi va ko‘p sonli aholi punktlari nomi ekanligini ta’kidlash lozim.
QATARIQ – mahalla. Xorazm viloyati Gurlan tumani. Mazkur termin yuzasidan mahalliy aholi quyidagi ta’rifni beradi: qator ma’nosini beruvchi qat hamda ariq gidronimi asosida hosil qilingan nomni mahalla nomiga ko‘chirish orqali paydo bo‘lgan nomdir, deydi. Bizningcha, u qator so‘zi bilan bog‘liq emas, balki kat so‘zining dialektal ko‘rinishi bo‘lib, forscha kat – “qishloq”, “istehkom”, “qo‘rg‘on”, “uy”, “aholi punkti” ma’nolarini ifodalab, ariq so‘zining qo‘shilishi natijasida, katariq – qishloq yoki aholi punkti arig‘i ma’nosini ifodalaydi.
SAFARNIYOZKALONTAR – qishloq, Xorazm viloyatining Gurlan tumani. Kalontar yoki bobo – ko‘plab hunarmandlar mahallalaridagi saylanadigan oqsoqol, qabila boshlig‘i. Safarniyoz – atoqli ot, ism.
SAXTIYON – qishloq. Xorazm viloyati Gurlan tumani, Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani. Saxtiyon – Orolbo‘yi ko‘chmanchi o‘zbek qabilalaridan birining nomi. Saxtiyon terisining o‘zbekcha nomlanishi – saxtiyon ushbu tilga olingan qabila nomi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. L.S.Tolstova saxtiyan toponimini qadimiy davlat hisoblangan Sug‘diyona nomi bilan bog‘laydi.
SOVUNCHI – Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi mahallaning qadimiy nomlaridan biridir. Mazkur hududda yashovchi kishilar qadimda sovun ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishgan va shuning uchun ham shu nom bilan atalgan.
TOZAYORGAN – mahalla. Xorazm viloyati Gurlan tumani. Mazkur termin Gurlan shevasidagi yangi ma’nosini ifodalovchi "toza" va "yormoq" fe’li sifatdosh shaklining qo‘shilishidan hosil qilingan nom bo‘lib, XX asrning boshlarida ushbu hududdan yangi ariq qazilib, mahalliy aholi suv bilan ta’minlangan va shuning uchun ham Xorazm shevasiga xos bo‘lgan so‘z bilan atalgan. Mazkur o‘rinda ham toza so‘zi yangi ma’nosini ifodalayadi.