ISH BORISHINI JIHOZLASH. -Har bir talaba pala-partish ishlash, e`tiborsizlik, asboblar bilan yaqindan tanish bo`lmaslik, kislota va ishqorlarning xossalarini hamda xavfsizlik texnikasi qoidalarini yaxshi bilmaslik ko`ngilsiz hodisalarga sabab bo`lishini bilib olishi zarur. Shuning uchun mashg`ulotlarning birinchi kunidanoq har qaysi talaba xavfsizlik texnikasi qoidalari bilan tanishib chiqishi va unga qat`iy rioya qilishi kerak.
-Amaliy mashg`ulot bajariladigan asosiy joy ish stolidir. Ish stoli doimo toza bo`lishi kerak. Faqat qunt bilan to`g`ri ishlagandagina ish muvaffaqiyatli chiqadi, ishga diqqatsizlik bilan qarash esa bajariladigan ish natijalari xato chiqishiga sabab bo`ladi.
-Ishlayotganda shoshmaslik, reaktivlarni to`kmaslik va sachratmaslik lozim. Agar ish vaqtida konsentrlangan kislota yoki ishqor eritmalari to`kilsa, darhol laborantga aytish kerak. Kislotalar va ishqorlar to`kilgan joyni ehtiyot bo`lib, tezda artish va suv bilan yuvish, so`ngra kislota to`kilgan joyni soda eritmasi bilan, ishqor to`kilgan joyni esa sirka kislotasining 5% li eritmasi bilan neytrallash kerak.
-Reaktiv solingan probirkalarni bir shtativdan ikkinchi shtativga o`tkazmang va probirkalardagi pipetkalardan olib ikkinchisiga solmang, chunki bunda ham ish tartibi buziladi, reaktivlar ifloslanadi. Umumiy foydalanish uchun qo`yilgan reaktiv va asboblarni turgan joyidan o`z stolingizga olib bormang.
-Shisha sinig`i, qog`oz, gugurt cho`pi, ishlatilgan metallarni va shunga o`xshash narsalarni rakovinaga tashlamasdan uning tagiga qo`yilgan maxsus idishga tashlang. Shuningdek, ishlatilgan eritma va cho`kmalarni ham stol ustiga maxsus idishda qo`ying.
-Tajribani to`g`ri bajarish uchun reaktivlarni ko`rsatilagn miqdorda olish lozim. Distillangan suv, spirt (spirt lampadagi), gaz va elektr energiyani tejab sarflash kerak. Metallarni tejash uchun reaksiyaga kirishmay qolgan metall bo`lakchalarini suv bilan yuvib, maxsus qo`yilgan idishga yig`ish kerak. Tartib va ozodalikni ish joyidagina emas, balki laboratoriyada ham saqlash lozim.