Ma’lumki, har bir sohada – sanoatning ishlab chiqarish sohalarida, fan va texnika sohasida, maishiy xizmat ko‘rsatish sohasida amalga oshirilayotgan barcha ishlar, ishlab chiqarilayotga mahsulotlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar, hammasi standartlar asosida amalga oshiriladi. Deyarli, barcha sohada o‘lchashlar amalga oshirilishini biz yaxshi bilamiz. Hozirgi vaqtda o‘lchashlarsiz hayotni tasavvur qilish qiyin. O‘lchash jarayonida berilgan birliklarida kattalikning sonli qiymatini aniqlaymiz va uni qabul qilingan shartli yordamida ifodalaymiz. O‘chash natijasida olingan kattalikning sonli qiymatini ifodalash va qayd etish ishlari ham maxsus standartga asoslangan bo‘lishi kerak.Bu standart - Oz‘DST 8.012:2004 “O‘zbekiston Respublikasining о‘lchashlar birliligini ta’minlash davlat tizimi. Kattaliklar birliklari” davlat standartidir. Ushbu standart О‘zbekiston Respublikasida qо‘llaniladigan kattaliklar birliklarini, jumladan fizikaviy kattaliklar birliklarini, ularning nomlarini, xalqaro belgilanishiga mos belgilarini, ta’riflarini va shu birliklarning qo‘llanish qoidalarini belgilab beradi.
Ammo ushbu standart, muayyan kattaliklarni о‘lchash natijalari ko‘rilmaydigan va qo‘llanilmaydigan ilmiy-tadqiqotlarda va ularning natijalarini nashr etishda qo‘llaniladigan kattaliklar birliklarini, shartli shkalalar bo‘yicha baholanadigan kattaliklar birliklarini, shuningdek (GOST 8.430 bo‘yicha) belgilar to‘plami chegaralangan chop etuvchi qurilmalar uchun fizikaviy kattaliklar birliklarining belgilashlarini belgilamaydi.
Standartda Xalqaro birliklar tizimi (SI) ning asosiy va hosilaviy birliklari; SI tizimining maxsus nom va belgilanishga ega bo‘lgan hosilaviy birliklari; SI tizimiga kirmaydigan tizimdan tashqari birliklar, ularning ta’riflari, belgilanishi va ularning tizimdagi asosiy birliklar bilan bog‘liqligi; Xalqaro birliklar tizimi birliklarini o‘nli karrali va ulushli birliklarining nomlari va belgilarini hosil silish qoidalari; birliklar belgilarini yozish qoidalari berilgan.
Standartda berilgan 1-jadval “Xalkaro birliklar tizimining (SI) asosiy birliklari” deb nomlangan bo‘lib, unda SI tizimining asosiy kattaliklari, ularning o‘lchamligi, birliklari va ularning xalqaro miqyosdagi belgilanishi, birliklarning ta’riflari keltirilgan. Misol uchun, kattalik – uzunlik, o‘lchamligi – L, birligi: nomi – metr, xalqaro belgisi - m , ta’rifi: metr - bu yorug‘lik 1/299792458 s vaqt oralig‘ida vakuumda bosib o‘tadigan masofa [XVII UTBKX) (1983 y.), 1-qaror].
Har bir yetuk mutaxassis ushbu standart bilan tanishgan holda, o‘lchash jarayonida kattaliklar va ularning sonli qiymatlarini ifodalashda, kattaliklarning ulushli va karrali qiymatlarini ko‘rsatishda, o‘lchash natijalarini qayd etishda mazkur standartda belgilangan qonun-qoidalarga, talablarga rioya etishlari lozim.