Iqtisodiy tafakkur taraqqiyotida ajdodlarimiz xizmatlari Amir Temur to‘g‘risida yozilgan asarlarni va ularni yaratgan mualliflarni shartli ravishda ikki guruhga bo‘lish mumkin. Birinchisi Amir Temurni Movorounnahr xalqining xoloskori, yaratuvchi, bunyodkor shaxs sifatida ko‘klarga ko‘taradi, uning jamiyat oldidagi xizmatlarini yuksak baholaydi. Ikkinchisi uning jamiyat rivojlanishidagi rolini kamsitib, zabt etuvchi, tajovuzkor, vayronkor shaxs sifatida tasvirlashga urg‘u beradi. Masalaning qiziq tomoni shundaki, har ikkala tomon ham o‘z nuqtai nazarlarini rad etib bo‘lmaydigan tarixiy faktlar bilan dalillaydi. Shu bois asli haqiqat kim tomonda, degan savolga javob topish muhim ahamiyat kasb etadi. Bizningcha, ushbu savolga adolatli javobning ildizini iqtisodiy manfaatlar tugunida axtarish kerak.
Fikrimizcha, AmirTemurni boshqa mamlakatlar hududlarini egallab olishga undagan shart-sharoitlarni va uning asl sabablarni aniqlashtirish juda muhimdir. Sohibqironing Movorounnahrni istilochilar istibdodidan ozod qilishga qadar bo‘lgan barcha harakatlarini iqtisodiy mustaqillikka erishish, yurtda tinchlik o‘rnatishga qaratilgan buyuk xizmat sifatida baholash adolatdan. Lekin apponentlar mamlakat mustaqillikka erishgandan keyin bo‘lgan boshqa mamlakatlarga yurishlarni qoralaydilar.
Amir Temurning boshqa yurtlarga nisbatan tajovuzkor harakatlarining asosiy sababi nimada edi: bosib olingan hududlarning aholisini tushkunlikka mahkum etish, shunchaki siyosiy iroda va shon-sharafga intilish yoki boshqa bizga malum bo‘lmagan har qanday istak va rag‘batlarmi? Bizningcha, Buyuk Temurni Morounnahr mustaqillikka erishgach, bunday harakatlarga undagan asosiy rag‘bat – bu mamlakatning iqtisodiy manfaatlari edi. Aynan ana shu manfaatlar yo‘lida Amir Temur iqtisodiyotda ko‘lam samarasini yuzaga keltirishi shart edi. Ko‘lam samarasiga erishish Movorounnahr hududini kengaytirishni taqazo etdi. Shu sababli Amir Temur Eron, Iroq, Afg‘oniston, Shimoliy Hindiston, Kavkazorti, Misr, Turkiya, Oltin O‘rda hududlariga g‘alabali yurishlarni amalga oshirdi. Ko‘plab amalga oshirilgan harbiy yurishlar natijasida u Osiyoning katta hududi va Kavkazning bir qismini o‘z ichiga olgan ulkan saltanatni barpo qildi. Bularning barchasi Movarounnahrdagi feodal tarqoqlikka barham berdi, hududda ishlab chiqaruvchi kuchlarning, tovar-pul munosabatlari, savdo, hunarmandchilik va umuman iqtisodiyotni rivojlanishi, ishlab chiqarishni ixtisoslashtirish va mehnat taqsimotini takomillashtirish uchun eng yaxshi sharoitlar mavjud bo‘lgan yirik markazlashgan davlat yaratildi. Shu zaylda Amir Temur saltanatida ko‘lam samarasi yuzaga keldi va undan iqtisodiy taraqqiyot yo‘lida unumli foydalanish uchun real shart-sharoit vujudga keldi. Amir Temur Imperiyasiga birlashgan mamlakatlarda yaratilgan tovar va xizmatlarning yalpi umumiy hajmi, ushbu mamlakatlar alohida mustaqil davlat sifatida yakka harakat qilganda yaratishi mumkin bo‘lgan umumiy mahsulot hajmidan sezilarli darajada ko‘p edi. Bizning ushbu mantiqiy xulosamizni tasdiqlovchi aniq raqamlar yo‘q, albatta. Lekin saltanat hududida ko‘lam samarasining ta’siri ostida savdo-sotiq ishlarining rivojlanib ketgganligini, mahsulot turlarining ko‘payganligini va hajmining oshganligini, raqobat muhitining kuchayganligini, tashqi aloqalarning kengayligini dalillovchi ma’lumotlar bor.
Xulosa qilib aytganda, Amir Temurning yirik markazlashgan davlatni bunyod etishga qaratilgan tinimsiz mehnatlari saltanat tarkibiga qo‘shimcha ravishda kiritilgan mamlakatlarning iqtisodiy taraqqiyotiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Tarixda ukmdorning yanada kengroq mulohazalari ma’lum bo‘lib, bu uni doimiy harbiy yurishlarga undagan bo‘lishi ham mumkin: "Butun yer yuzida ikkita shoh bo‘lishi mumkin emas". Qanday bo‘lmasin, Temur falsafasining mohiyati dunyoda iqtisodiy resurslarga egalik qilish maqsadida bir-biri bilan raqobatlashuvchi ikki shoh bo‘lmasligi kerak. O‘shanda yer yuzida tinchlik va osoyishtalik hukm suradi, insoniyatni bir necha marta yo‘q qilib yuborishi mumkin bo‘lgan qurol-yarog‘ poygasi ham butkul barham topadi.
Amir Temurning ko‘lam samarasini yuzaga keltirishga qaratilgan ushbu o‘ylari va intilishlari o‘zining yakunini topganda, ehtimol insoniyat dunyo miqyosidagi yagona markazlashgan davlat ostida birlashishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lar edi. Tasavvurimizga erkinlik berib, faraz qilaylik, dunyo bo‘yicha bitta davlat, bitta poytaxt va bitta demokratiya yo‘li bilan saylangan hukmdor bo‘lsa, dunyoning barcha mamlakatlari xalqlarining farovonligi uchun teng darajada g‘amxo‘rlik ko‘rsatilsa, yadro halokati xavfidan xolos bo‘lgan dunyoning barcha mamlakatlari xalqlari qanchalik baxtli bo‘lishini ko‘z oldimizga keltirishimiz mumkin. Afsuski, Sohibqiron qalbining sirlari biz uchun jumboq bo‘lib qoldi, uning istaklari oxirigacha amalga oshmadi va insoniyat bunday noyob tajribani sinab ko‘rish baxtidan mahrum bo‘ldi.
Yuqorida boshlagan fikrimizning mantig‘ini davom ettirsak, Amir Timurning saltanatni kengaytirish yo‘lida boshqa mamlakatlarga harbiy yurishlarini vayronkorlikka yo‘nish, uni tajovuzkorlikda ayblash adolat tarozisining buzilishiga sabab bo‘ladi. Bar’aks, o‘zining iqtisodiy tafakkuri bilan butun dunyo miqyosida ko‘lam samarasini vujudga keltirish, kishilik jamiyatini qirg‘inbarot urush va behuda qon to‘kish azob-uqubatlaridan batamom qutqarish payida bo‘lgan Amir Temurni mamlakatlar o‘rtasidagi nizo va ziddiyatlarni batamom bartaraf etish, dunyoda tinchlik va osoyishtalikni qaror toptirish g‘oyasining bunyodkori sifatida talqin etishga barcha asoslarimiz bor. Tezisimizning to‘g‘riligini bitta tarixiy fakt bilan izohlamoqchimiz. Manbalarning guvohlik berishicha, Amir Temur harbiy yurish qilib borgan yurt ahli Imperiya tarkibiga qo‘shilishni tinch yo‘l bilan ixtiyor qilsa, hukmdor ushbu yurt xalqiga nisbatan juda yaxshi munosabatda bo‘lgan, yurtni obodonlashtirish va tinchlik-osoyishtalik ishlariga yordam ko‘rsatgan. Xulosa qilib aytganda, Sohibqiron saltanatni kengaytirish muammolarini hal qilganda, o‘zga mamlakatlarni vayron qilish maqsadida emas, balki Imperiyaning iqtisodiy manfaatlaridan kelib chiqqan holda ish tutgan.