Axborot xavfsizligiga tahdid manbalari Bugun dunyo siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy qadriyatlar sohasida globallashuv tomon yuz burayotgan bir paytda har bir davlat o‘zining milliy manfaatlarini ta’minlashga, o‘z negizlaridan uzoqlashib ketmaslik va jahon sahnidagi boshqa qudratli ob’ektlar ta’siriga tushib qolmaslikka intilmoqda. Chunki globallashuvning ilmiy-texnik taraqqiyot bilan birga kechayotgani, ham davlat darajasida, ham shaxs darajasida tashqi dunyo bilan aloqalarning kengayib borishi mamlakatning axborot infratuzilmasiga nisbatan regional va global tahdidlarning ortib borishiga sabab bo‘lmoqda. Axborot teexnologiyalarining jadal sur’atlar bilan rivojlanishi, ijtimoiy jarayonning globallashuvi, informatsion telekommunikatsiyalar sohasida inqilobiy o‘zgarishlarning amalga oshishi insoniyat jamiyatida qator muammolarni keltirib chiqardi. Jumladan, kompyuter tizimlarining yaratilishi va axborot tarmoqlarining paydo bo‘lishi axborot tizimlari va tarmoqlarining xavfsizligi muammosini yuzaga keltirdi.”13 Axborot xavfsizligining mohiyati – himoya ob’ektlarining optimal holati, uning xatar manbalari va xususiyatlari aniqlanganligi bilan belgilanadi. Shu bilan birga xavfsizlikni ta’minlash yo‘llari va usullari masalasiga aniqlik kirtilishi talab etiladi. Undan keyin bu boradagi chora-tadbirlarni yo‘lga qo‘yishning tashkiliy va tarkibiy jihatlari tahlil qilinishi kerak. Axborot xavfsizligi muammolarining yechimi uchun foydalaniladigan tashkiliy choratadbirlar va tartiblar axborot tizimlarini yo‘naltirishda va loyihalarning barcha bosqichlarida hal qilinadi. Ular orasida eng muhimi – himoyalanayotgan axborot tizimi joylashgan ob’ektni qo‘riqlashdir. Shundan kelib chiqqan holda avvalo axborot xavfsizligi sohasidagi himoyaga muhtoj asosiy ob’ektlarni belgilab olsak. Bu borada birinchi o‘rinda turadigan kategoriya shubhasiz, ijtimoiy ongdir. Chunki ijtimoiy ong doimiy ravishda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari hamda turli axborot manbalari ta’sirida bo‘lishi bilan xususiyatli. Bundan tashqari omma birgina elektorat sifatida namoyon bo‘lish bilan cheklanmaydi. Ya’ni ijtimoiy ongga hokimiyat uchun kurash olib borayotgan doiralardan tashqari ham ko‘plab ta’sir o‘tkazishni istovchi kuchlar mavjud. Axborot tizimining ijtimoiy ongdan boshqa ob’ektlari: - siyosiy qarorlar qabul qilish tizimi. Mazkur sohada ko‘p narsa vaqtida yetkazilgan va ishonchli axborotga bog‘liq. - jamoatchilik fikrini shakllantirish tizimi; - saqlash shakllari qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, davlat siri, olish cheklangan tijorat siri va boshqa oshkor qilib bo‘lmaydigan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan axborot mahsulotlari; - har xil daraja va ko‘rsatkichli axborot tizimlarini o‘z ichiga olgan, axborot mahsulotlarini qayta ishlash, tarqatish, ulardan foydalanish tizimlari, axborot resurslari, axborot texnologiyalari; - axborotni yig‘ish, qayta ishlash, saqlash va uzatishning tartib va jarayonlari; - fuqarolar, yuridik shaxslar va davlatning axborot olish, tarqatish va foydalanish, yashirin axborotlarni hamda intellektual mulkni himoya qilish huquqi; - axborotni yig‘ish, qayta ishlash, tahlil qilish, saqlash, uzatish markazlarini, vositalarini, texnologiyalarini, jumladan, axborot almashish tarmoqlari ish faoliyatini ta’minlash mexanizmlari. “Axborot xavfsizligiga tahdid manbalari tasodifiy va oldindan ko‘zlangan bo‘lishi mumkin.”14 Dastur ta’minotidagi kamchiliklar, texnik vositalarning nosozligi, malakaning yetishmasligi yoki foydalanuvchining xatolari tasodifiy tahdidlar hisoblanadi. Oldindan ko‘zlangan tahdidlar esa axborot zahiralariga zarar yetkazish maqsadida atayin amalga oshiriladi. Ular faol(aktiv) va nofaol(passiv) bo‘ladi. Nofaol tahdidlarga axborot zahiralaridan ularning vazifalariga ta’sir ko‘rsatmagan holda ruxsat berilmagan foydalanishga bo‘lgan intilishlar kiradi. Texnik va dastur vositalariga, axborot zahiralariga ta’sir qilish yo‘li bilan tizimning mo‘tadil faoliyatini buzishga qaratilgan tahdidlar faol tahdidlar hisoblanadi. Tajribadan ma’lumki, xavfni bartaraf etishning eng oson yo‘li, shu xavfni oldindan aniqlab, unga qarshi ehtiyot choralarini qo‘llash hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, axborot xavfsizligini ta’minlash borasida ham sohaga nisbatan potensial tahdid manbalarini aniqlash va himoya choralarini qo‘llash birlamchi vazifalardan hisoblanadi. Axborot xavfsizligiga tahdid manbalari ichki va tashqi manbalarga bo‘linadi.15 Mutaxassislarning e’tirof etishicha, axborot xavfsizligining dolzarb muammoga aylanishiga asosan tashqi manbalar sabab bo‘lgan. Chunki, bugun zamonaviy dunyoga egalik qilish uchun kurashning asosiy vositasi sifatida axborot tilga olinmoqda. Bunday vaziyatda axborot texnologiyalari va axborot boshqaruvi yuksak darajada taraqqiy etgan davlatlar o‘zidagi bu ustunlikdan ijtimoiy ongga ta’sir ko‘rsatish yo‘lida foydalanishdan tom a’noda manfaatdor hisoblanadi. Axborot xavfsizligiga tahdidning tashqi manbalari: - chet el josuslik va maxsus xizmatlarining faoliyati; - chet el ommaviy axborot va global kommunikatsiya vositalari; - xalqaro guruhlar, tuzilmalar va alohida shaxslarning noqonuniy harakatlari;
- axborot tarqatish va foydalanish bo‘yicha xorijiy davlatlar siyosatining amalga oshirilishi; - tabiiy ofatlar va fojealar. Axborot xavfsizligiga tahdidning ichki manbalari: - siyosiy, iqtisodiy va jamoat tashkilotlarining, alohida shaxslar va guruhlarning axborot to‘plash, tarqatish va foydalanish sohasidagi noqonuniy faoliyatlari; - axborot sohasida fuqarolar va tashkilotlar huquqlarining buzilishiga olib keluvchi davlat tizimlarining qonuniy harakatlari va ko‘zda tutilmagan xatolari; - axborot tizimlarining dasturiy-texnik vositalarining bazaviy texnologiyalarini yaratish, sinash va ishlab chiqarish bo‘yicha mahalliy sanoatning talab darajasida emasligi. Axborot makoning vujudga kelishi nafaqat uni bo‘lib olish, balki unda kechayotgan jarayonlarni nazorat qilish va boshqarishni hoxlovchi tomonlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Bu guruhlarning kurash vositasi ham aynan axborot qurolidir. Tahlilchilar axborot quroli deganda odamlarga ruhiy ta’sir ko‘rsatadigan va ularning ustidan nazorat qilish imkonini beruvchi vositalarni, kompyuter viruslarini, mantiqiy bomba, telekommunikatsiya tarmoqlarida axborot almashinuvini bostiruvchi moslamalarni, davlat va harbiy sohalarni boshqarishda axborotlarni soxtalashtirish kabi harakatlarni nazarda tutishadi. Axborot xavsizligiga nisbatan tahdidlarning asosiy ta’sir vositasi bir martalik tashviqot aksiyalari, uzoq muddatli targ‘ibot kampaniyalari, mafkuraviy tazyiq, madaniy ekspansiya, axborot blokadasi kabi ruhiy-informatsion ta’sir vositalari hisoblanadi. Ruhiy-informatsion ta’sir asosan quyidagi usullar orqali amalga oshiriladi: - diskreditatsiya – voqeaning ahamiyatini pasaytirib berish; - dezinformatsiya – axborotning ma’nosini o‘zgartirgan holda taqdim etish; - tuhmat; - e’tiborni chalg‘itish; - faktlarni manfaat uchun buzib talqin qilish. Ruhiy-informatsion ta’sir ommaviy axborot va global kommunikatsiya vositalari orqali amalga oshiriladi hamda davlatning ichki siyosatiga ishonchsizlik uyg‘otish, ichki ijtimoiysiyosiy vaziyatni beqarorlashtirish, muxolif kayfiyatlarni qo‘zg‘otish, hattoki isyonga undash kabi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Globallashgan axborot maydonida ruhiy-informatsion ta’sir vositalarini to‘liq cheklash yoki nazorat qilish imkonsiz. Demokratik boshqaruv, fikrlar xilma-xilligi bunga yo‘l qo‘ymaydi. Aslida tarqatilayotgan har bir axborot qayta-qayta tekshirilgan bo‘lishi kerak. Ammo reallik bu sarobni amalga oshirishga yo‘l qo‘ymaydi. Shuning uchun muammoning boshqa yechimlarini izlagan ma’qul. Ya’ni: Birinchidan, tashqi tahdid kuchlariga nisbatan munosabatni shakllantirish. Ikkinchidan, fuqarolarning bilimini va tahlil qilish mahoratini o‘stirish lozim. Toki ularning o‘zi oqni qoradan ajratib olish imkoniyatiga ega bo‘lsin. Uchinchidan, axborot oqimida jamiyat va davlat manfaatlariga mos bo‘lgan axborotni odamlar tezroq qabul qiladigan va ishonadigan darajaga olib chiqish. Agar bu vazifa yetarli darajada amalga oshirilsa, salbiy axborotlarning ijtimoiy ongga ta’siri keskin tushib ketadi. To‘rtinchidan, milliy OAVga ishonchni oshirish. Chunki, axborot xavfsizligini ta’minlashning eng muhim shartlari jamiyatda axborot taqchilligini bartaraf etish masalasi bilan bog‘liq. Agar aholi mahalliy OAVga ishonmasa, ularni asosiy axborot manbai sifatida qabul qilmasa, boshqa manbalarni izlashi tabiiy. Beshinchidan, axborot boshqaruvi va texnologiyalari sohasini malakali kadrlar bilan ta’minlash. Rivojlanayotgan mamlakatlarning xalqaro hamjamiyatga integratsiyalashuvining kuchayishi ulardan global axborot maydonida o‘z imijini yaratishni talab qilmoqda. Chunki globallashuv inson hayotini qanchalik shiddatkor qilmasin, har bir millatning o‘ziga xosligi, milliy qadriyat va an’analariga sodiqligi, umuman, uning millat sifatida o‘zligini saqlab qolishiga jiddiy tahdid solmoqda. Shuning uchun ham axborot xavfsizligini ta’minlash muammolari bugun nafaqat rivojlanayotgan, balki dunyoning yetakchi davlatlarida ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Negaki, axborot qurollari rivojlanib borayotgan bir paytda, uni cheklash, tartibga solish yoki nazorat qilish bo‘yicha hech qanday xalqaro normalar ishlab chiqilmagan. Bunday vaziyatda har bir davlat o‘zining jahonda tutgan o‘rni, maqsad-intilishlari va milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda axborot xavfsizligini ta’minlash, axborot xurujlaridan saqlanish va ularga qarshi kurashish masalasida o‘zicha ish olib bormoqda. Binobarin, mamlakatning barqaror rivojlanishi, jamiyatni bunyodkorlik yo‘lida birlashtirish, xalq ishonchi va xotirjamligini saqlashda axborot sohasidagi xavfsizlikni ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Masalaning yana bir muhim tomoni shundaki, har qanday rivojlanayotgan mamlakatda islohotlarning samarasi, taraqqiyot natijalarining qay darajada ko‘zga tashlanishi ham ko‘p jihatdan ushbu yurtda shakllangan mafkura va aholi tomonidan hukumatning faol qo‘llabquvvatlanishi bilan bog‘liq. Demak, bu jarayon ham jamiyatdagi axborot tizimlarining optimal darajada faoliyat yuritishini talab etadi.