AXBOROT XAVFSIZLIGINI TA’MINLASHDA MEDIA VA AXBOROT SAVODXONLIGINING AHAMIYATI 1. axborot jarayonlarning globallashuvi 2. Axborot xavfsizligiga tahdid manbalari Tezkor taraqqiyot odatiy tamoyillar qatori vaqt va makon mutanosibligiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Barcha faoliyat jarayonlarida yangicha yondashuv va rivojlanish strategiyalarining shakllanishi insonlar va mintaqalarning yakkalikdan yaxlitlikka yuz burishiga olib keldi. Bu esa o‘z navbatida “odamlarni ma’lum bir manfaatlarga xizmat qiladigan, olis-yaqin manbalardan tarqaladigan, turli ma’no-mazmundagi axborot bosimlarining doimiy ta’siri ostida yashashga majbur qilmoqda.”3 Bunday holat ayniqsa, globallashuv va jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuv kuchaygan davrda yaqqolroq namoyon bo‘lmoqda. Rivojlanish darajasidan qat’iy nazar har bir davlatga kirib borayotgan globallashuv jarayonlari insoniyat yutuqlari bilan bir qatorda o‘ziga xos muammolarni ham olib kirishi tabiiy. Ma’lumki, globallashuvning asosiy belgilaridan biri milliy chegaralarning axborot yuzasidan o‘z ahamiyatini yo‘qotib borishidir. Har qanday mintaqani iqtisodiy, axborot va xavfsizlik jihatidan jahon hududining ajralmas bo‘lagiga aylantirgan bu jarayon har bir millat oldiga o‘zligini saqlab qolish, davlatlar uchun esa manfaatlar to‘qnashuvida o‘z o‘rnini topish masalasini ko‘ndalang qo‘ymoqda. Millatni millat, davlatni davlat sifatida saqlanib qolishida mamlakatning iqtisodiy-siyosiy qudrati bilan bir qatorda uning global axborot maydonidagi o‘z manfaatlarini himoya qilishi, turli axborot xurujlariga qarshi tura olishi, bir so‘z bilan aytganda, axborot xavfsizligining qay darajada ta’minlangani ham muhim ahamiyat kasb etadi. Jahon sahnida o‘zining yetarli mavqeiga hali ega bo‘lmagan, xalqaro siyosatga ta’sir etishning keng imkoniyatlarini qo‘lga kiritib ulgurmagan, endi rivojlanib kelayotgan davlatlar uchun bu masala ayniqsa dolzarbdir. Chunki aynan o‘tish davrida axborot xurujlari, ijtimoiy ongni egallab olishga qaratilgan tajovuzlar, mamlakatning axborot boshqaruvini izdan chiqarishga urinishlar doimiy va xatarli tahdid bo‘lib kelgan. Hayotning barcha sohalarida strategik resurs, hal qiluvchi vosita va pirovard maqsadga aylangan axborot bugun dunyoni boshqarmoqda desak mubolag‘a bo‘lmas. Kuch-qudrat manbai to‘g‘risida Sharqning “Kuch – adolatda”, G‘arbning esa “Bilim – bu kuch” kabi naqllari globallashgan zamonning bir nuqtasida kesishib, “Kuch –axborotda” degan umumiy bir qonuniyatni shakllantirdi. Vaqtida axborotga ega bo‘lgan, axborotga ta’sir qilish imkonini topgan hammadan qudratlidir. Boshqacha aytganda bugun odamlar ongini boshqarish, ijtimoiy guruh, millat, elat, hattoki butun bir xalqlarni bo‘ysundirish, davlatlarning siyosiy jarayonlariga ta’sir ko‘rsatish uchun eng universal vosita sifatida axborot va kommunikatsion vositalar e’tirof etilmoqda. Global axborot oqimlari shiddat bilan hududiy chegaralarni parchalab tashlayotgan bir paytda millat, mamlakat va davlat manfaatlari ko‘p jihatdan aynan axborot sohasidagi xavfsizlik bilan bog‘liq bo‘lib qoldi. Shuning uchun ham axborot makoniga ta’sir etish dolzarb intilishlardan biriga aylanmoqda. Bugun kurashning bosh maydoni axborot hududi, asosiy maqsad esa yer yoki boylik emas, balki inson ongini egallashdir. Axborot makoni asosiy nishonga aylangan ekan, demak uni himoya qilish, informatsion ta’sir va xurujlarga qarshi tura olishning ham ahamiyati ayni paytda juda muhim. Masalaning yana bir ahamiyatli tomonini alohida ta’kidlash lozim: axborot xavfsizligi milliy xavfsizlikning salmoqli bo‘lagi va jamiyat barqarorligining muhim omillaridan biri hisoblanadi. Shiddatkor globallashuv davrida voqelik hech nima, aloqa esa hamma narsa, sivilizatsiyaning taqdiri axborot yetkazib berish tezligiga bog‘liq. Zero, “hozirgi zamonni tavsiflovchi muhim yo‘nalishlardan biri – axborot jarayonlarning globallashuvidir.”4 Axborot va axborot texnologiyalari asrida davlatlar, qit’alar o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy to‘siqlarni bartaraf etishga qodir yagona axborot makoni shakllanmoqda.
Demak, avvalo axborot tushunchasining o‘ziga ta’rif bersak. Tor ma’noda “axborot bu taqdim etilish shaklidan qat’iy nazar, kishilar, narsalar, faktlar, voqea-hodisalar va jarayonlar haqidagi ma’lumotlardir”. Axborot makoni (“Information Space”) deganda esa axborot resurslarining, tashkiliy tizimlarning (ma’lumotni saqlash, qayta ishlash, uzatish va tarqatish institutlari) hamda shaxs, davlat va jamiyat faol ishtirok etadigan axborot vositalarining hamjihatligi tushuniladi. Keng miqyosda mazkur fikr, shuningdek, axboriy jamiyat tushunchasi bilan ham uzviy bog‘liqdir. Turli xil ma’lumotlarni erkin oladigan, hech qanday to‘siqlarsiz o‘zlashtiradigan va erkin OAViga ega jamiyat axboriy jamiyat tushunchasini o‘zida ifoda etadi. Axborotlar boshqa mahsulot turlaridan farqli ravishda bir qator o‘ziga xos xususiyatlarga ega: 1. Axborot zahiralari mutlaqo bitmas-tuganmasdir. Jamiyatning rivojlanishi va axborotga bo‘lgan talabining ortib borishi uni kamaytirmaydi, aksincha o‘stiradi. 2. Axborotdan foydalanishning imkoniyati yo‘qolmaydi, balki saqlanadi. 3. Axborotni zamonaviy kommunikatsiya vositalari orqali bir zumda istalgan joyga yetkazish mumkin. Ahamiyatlisi, bu jarayon ko‘p vaqt yoki muayyan mexanizm talab etmaydi. 4. Axborot mazmuni vaqt o‘tishi bilan eskirmaydi, tarixiy fakt bo‘lib qolaveradi. 5. Axborot zahiralari mustaqil emas, faqat boshqa zahiralar bilan birlashgan holda haraktlanuvchi kuch sifatida namoyon bo‘ladi. Axborotning bunday xususiyatlari uning mulk sifatidagi qiymatini oshiradi hamda uni olish, tasarruf etish va turli maqsadlar yo‘lida foydalanish istagini kuchaytiradi. Ma’lumki, amaldagi qonunchiligimizga asosan olish imkoniyatiga ko‘ra axborotlar quyidagicha farqlandi: 1. Fuqarolik muomalasidagi axborotlar. 2. Ommaviy axborotlar. 3. Olish imkoniyati cheklangan axborotlar. Fuqarolik muomalasidagi axborotlar muayyan shaxslarga tegishli personal ma’lumotlar hisoblanadi. Bunday axborotga ega shaxs uni o‘z hoxishiga ko‘ra tasarruf qiladi, ya’ni bu axborotni olish imkoni va tartibini, amaldagi qonun hujjatlari doirasida, uning o‘zi belgilaydi. Shunisi e’tiborliki, “jamiyatda aylanayotgan axborotlarning katta qismini aynan personal axborotlar tashkil etadi.”5 Omma uchun mo‘ljallangan, bevosita qonunchilik talablariga muvofiq hujjatlashtirilgan ma’lumotlar ommaviy axborotlar majmui hisoblanadi. Davlat, jamiyat manfaatlari yoki egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida qonun hujjatlariga muvofiq foydalanish cheklangan ma’lumotlar olish imkoniyati cheklangan axborotlar toifasiga kiradi. Axborotlarning bunday tasnifini keltirish axborot xavfsizligi tushunchasini shaxs, jamiyat va davlat manfaatlari doirasida asoslash imkonini beradi. Endi bevosita xavfsizlik tushunchasi xususida to‘xtalsak. Xavfsizlik bu barcha himoya ob’ektlarining tashqi va ichki xatarlardan holi bo‘lgan optimal darajadagi holatidir. “Xavfsizlik ta’minlanish jihatidan milliy, mintaqaviy va xalqaro bo‘lishi mumkin.”6 Milliy xavfsizlik muayyan mamlakatning milliy qadriyatlari, manfaatlari, turmush tarziga, umuman suveren rivojlanishiga nisbatan real tashqi yoki ichki xatarlar mavjud bo‘lmagan yoki yo‘q qilingan holat hisoblanadi. Mintaqaviy xavfsizlik deganda, hududdagi davlat va xalqlarga urush yoki boshqa xatarlar mavjud bo‘lmagan barqaror vaziyat tushuniladi. Global yoki xalqaro xavfsizlik esa, xalqaro munosabatlar jarayonida turli nizolar, ziddiyatlar va boshqa tahdidlarning oldi olingan holatdir.
Ta’minlanish sohasiga ko‘ra xavfsizlik harbiy, siyosiy, iqtisodiy, ekologik, gumanitar, informatsion kabi turlarga ajratiladi. “Undan tashqari xavfsizlik shaxsga, jamiyatga va davlatga tegishli bo‘lishi mumkin.”7 Ma’lumki, yangi asrda jamiyat oldida turgan eng dolzarb masalalardan biri - axborotlashtirish dasturini amalga oshirish va ilg‘or axborot texnologiyalarini joriy etish; jahon axborot integratsiyasiga qo‘shilishning eng asosiy vazifalaridan biri esa jamiyatning axborot resurslari zahirasini oshirish va inson faoliyatida ulardan foydalanish sifatini yuksaltirish hisoblanadi. Jahon axborot resurslarining geometrik o‘sishi, yuqori axborot tizimlari va texnologiyalarining jadal rivojlanishi munosabati bilan, zamonaviy axborotlashgan jamiyatda global tarmoqlarning ulkan afzalliklaridan foydalanish barobarida ulardagi axborot resurslarini himoya qilish bo‘yicha o‘ziga xos muammolarni ham yechishga to‘g‘ri kelmoqda. Shu boisdan ham axborotning maxfiyligi va butunligini ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lgan barcha ishlarni amalga oshirish uchun samarali vositalarni yaratish va qo‘llash bugungi kunning muhim masalalaridan biriga aylangan. Axborotni saqlash, qayta ishlash va uzatish jarayonida zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanishning yo‘lga qo‘yilishi, kompyuter tarmoqlari orqali axborotni qabul qilib olish va uzatishda aloqa vositalaridan foydalanishning keng joriy etilishi hamda axborotlashtirishning jadal taraqqiyoti axborot uzatish tizimlarini, xususan axborotlarni tasodifiy yoki oldindan ko‘zlangan tahdidlardan, ruxsat etilmagan foydalanishlardan, o‘chirib tashlashdan saqlash yoki himoyalangan axborotlarni madifikatsiya qilish, ya’ni axborot xavfsizligini ta’minlash muammosini keltirib chiqardi. Shuning uchun ham axborot xavsizligi avvalo axborot texnologiyalari tizimlarining xavfsizligi, muayyan shaxs, tashkilot yoki davlat idorasiga tegishli axborotlarning daxlsizligi, ya’ni ma’lumotlar bazasidagi axborotlarning kompyuter viruslari hamda turli xurujlardan himoya qilinganligi bilan bog‘liq. Demak “axborot xavfsizligi deganda dastlab axborot jarayonining axborot sohasi ob’ektlariga ularni yo‘q qilish, to‘sish, chalkashtirish, tuzatish, tanishtirish maqsadida muayyan tasodifiy va ataylab qilinadigan ta’sirlardan va boshqa ruxsat etilmagan harakatlardan muhofaza qilinganlik holati tushuniladi.”8 Biroq ayni paytda axborot sohasiga ta’sir etishi va axborot xavfsizligiga tahdidi solishi mumkin bo‘lgan manbalar faqat axborot texnologiyalari bilan bog‘liq emas. Axborot texnologiyalari va axborot menejmenti yuqori darajada rivojlangan mamlakatlar o‘zidagi bu ustunlikdan ijtimoiy ongga ta’sir etish yo‘lida foydalanishdan manfaatdor. Bunday harakatlardan ko‘zlangan maqsad informatsion, siyosiy, iqtisodiy, madaniy va harbiy ekspansiyadan iborat bo‘lib, xalqaro huquq me’yorlari bilan cheklanmagan zamonaviy qurol turi – axborotdan foydalanishni nazarda tutadi.9 Bugungi kunda har qanday axborot yashin tezligida dunyoning turli chekkalariga yetib borishi, millionlab odamlar undan bir zumda xabar topishi oddiy hol bo‘lib qolgan. Bunday odatiylikning qulayliklari bilan bir qatorda salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan xavfli tomonlari ham bor. “Chunki sir emaski ba’zan beozorgina bo‘lib tuyulgan musiqa, oddiygina multfilm yoki reklama lavhasi orqali ham ma’lum bir mafkuraviy maqsadlar va intilishlar ifodalanadi.”10 Yer kurrasida bugun olti milliarddan ziyod odam istiqomat qilayotgan bo‘lsa, ularga yetkazilayotgan axborot undanda ko‘p. Bulardan qay biri xolis, qaysinisi kimning manfaatlari uchun xizmat qiladi? Ushbu savollarga har bir fuqaro uchun har bir axborot yuzasidan javob qaytarishning yoki buni eng minimal darajada amalga oshirishning imkoni yo‘q. Masalalaning yana bir tomoni shundaki, jamiyatda absolyut ko‘pchilikning manfaatlarini keng darajada himoya qilish mumkin emas. Boisi, har bir doira, har bir ijtimoiy guruh, har bir shaxsning manfaatlari turlicha bo‘ladi va bu rang-baranglikda ma’lum manfaatlar to‘qnash kelishi tabiiy. Shuning uchun bu yerda barcha manfaatlar himoyalangani emas, balki ushbu manfaatlar optimal muvozanatga kelgan holat to‘g‘risida gapirish ma’qulroq. Shu nuqtai nazardan yondashsak, axborot xavfsizligi deganda axborot sohasidagi milliy manfaatlarning himoyalangani tushunilib, bular shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarining mutanosibligi bilan belgilanadi. Ya’ni jamiyatda axborot muhitining fuqarolar, tashkilotlar va davlat manfaatlari doirasida shakllanishi, foydalanilishi va rivojlanishini ta’minlaydigan himoyalanganlik holati axborot xavfsizligi hisoblanadi. Axborot xavfsizligi muammosi davlat va jamiyatning barcha sohalari – iqtisodiyot, siyosat, ilm-fan, madaniyat, milliy va xalqaro xavfsizlikning sifatli axborot almashinuvi, axborot va telekommunikatsiya tizimi, texnologiya va vositalariga tobe bo‘lib qolganiga asoslanadi. Mazkur holat shaxs, jamiyat va davlatning huquq hamda manfaatlarini ta’minlash, axborot xavfsizligiga tahdidlarning oldini olish va bartaraf etishning himoya mexanizmlari majmuining ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishi bilan bog‘liqdir. “Bular tahdidlarning oldini olish va bartaraf etishni ta’minlaydigan tashkiliy, texnik, dasturiy, ijtimoiy, huquqiy mexanizmlar bo‘lishi mumkin.”11 Shu o‘rinda shaxs, jamiyat va davlatning axborot sohasidagi manfaatlari nimalardan iborat ekanligini aniqlashtirib olsak. Shaxsning axborot sohasidagi manfaatlari uning axborotga ega bo‘lish, qonunan ta’qiqlanmagan faoliyatni, ya’ni jismoniy, ma’naviy va intellektual rivojlanish jarayonida axborotdan foydalanish borasidagi konstitutsion huquqlarining amalga oshirilishining ta’minlanishini nazarda tutadi. Shu bilan birga shaxsning axborot bilan bog‘liq muhim ehtiyojlaridan biri uning shaxsiy xavfsizligini ta’minlaydigan personal ma’lumotlarning himoyalanganidir. Jamiyatning axborot sohasidagi manfaatlari quyidagicha izohlanadi: - qonunga xilof ravishda ijtimoiy ongga axborot vositasida ruhiy ta’sir ko‘rsatishga, uni chalg‘itishga yo‘l qo‘ymaslik; - jamiyatning ma’naviy, madaniy va tarixiy boyliklarini, mamlakatning ilmiy va ilmiy-texnikaviy salohiyatini asrash hamda rivojlantirish; - milliy o‘zlikni anglashni izdan chiqarishga, jamiyatni tarixiy va milliy an’analar hamda urf-odatlardan uzoqlashtirishga, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni buzishga qaratilgan axborot ekspansiyasiga qarshi harakat tizimini barpo etish; - mamlakatda kechayotgan ma’naviy yangilanish jarayonlarida ijtimoiy hamjihatlikka erishish. Umuman olganda jamiyatning axborot sohasidagi manfaatlari shaxs manfaatlarining davomiy qismi sifatida ijtimoiy muvozanatga erishish va uni saqlab turishda o‘z aksini topadi. Davlatning axborot sohasidagi manfaatlari esa quyidagi aspektlarni o‘z ichiga oladi: - axborot xavfsizligiga nisbatan mavjud tahdidlarga qarshi harakatlar yuzasidan iqtisodiy, siyosiy, tashkiliy va boshqa turdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish; - davlat sirlarini va davlat axborot resurslarini ruxsatsiz tarzda foydalanishdan muhofaza qilish; - konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishga, hududiy yaxlitlikni, davlat suverenitetini buzishga, hokimiyatni bosib olishga yoki qonuniy saylab qo‘yilgan yoki tayinlangan hokimiyat vakillarini hokimiyatdan chetlatishga va davlat tuzumiga qarshi boshqacha tajovuz qilishga ochiqdan-ochiq da’vat etishni o‘z ichiga olgan axborot tarqatilishiga qarshi harakatlarni amalga oshirish. Soddaroq qilib aytganda, davlat manfaatlari axborot infratuzilmasining uyg‘un rivojlanishi, shaxs va fuqarolarning axborot olish va undan davlat suvereniteti va hududiy yaxlitligiga daxl etmagan holda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash yo‘lida foydalanish borasidagi konstitutsion huquq va erkinliklarini amalga oshirish uchun shart-sharoit yaratish, qat’iy huquqiy tartibni o‘rnatish, teng huquqli va o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdan iborat. “Axborot xavfsizligi tushunchasi axborot makonining fuqarolar, tashkilotlar va davlat manfaati yo‘lida shakllanishi va rivojlanishini ta’minlovchi holat sifatida izohlanadi.”12 Jahon tajribasidan ma’lumki, davlat axborot infratuzilmasining rivojlanishi jamiyat va davlatning barcha jabhalarini, jumladan, odamlarning dunyoqarashini va ularning ijtimoiy-siyosiy hayotda ishtirok etish shartlarini o‘zgartirib, jamiyat rivojlanishini tezlashtiradi. Globallashuv va jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuv ham shaxs darajasida, ham davlat darajasida tashqi dunyo bilan aloqalarni misli ko‘rilmagan darajada kengaytirib yubordi. Bu esa o‘z navbatida zamonaviy axborot makonida harakat qilishni murakkablashtirib, ichki va tashqi axborot almashinuvida bir qator qiyinchiliklarni keltirib chiqardi. Jumladan, shaxsiy, tijorat va davlat sirlarining, umuman milliy axborot zahiralarining nazoratsiz chiqib ketishi hamda noto‘g‘ri axborotlar tizimining nazoratsiz mamlakat hududlariga kirib kelishi. Shu jihatdan olib qaraganda, mamlakat hududida mavjud bo‘lgan davlat organlari, nodavlat tashkilotlar, fuqarolar umuman jamiyatda iste’molda bo‘lgan axborotlarning erkin va qonuniy aylanishini himoya qilish va ta’minlash ham axborot xavfsizligining muhim ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi. Jamiyat boshqaruvida axborot bilan bog‘liq muammolarning oldini olish uchun davlat organlari va boshqa ijtimoiy institutlarda o‘z vaqtida zarur va tezkor axborot ta’minotining amalga oshirilishi, maxfiy axborotning yaxshi himoyalangani, axborot xurujlarining potensial tahdidlari o‘rganilgani va “mudofaa” choralari ko‘rilgani axborot xavfsizligining tarkibiy qismlari sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.