Tasavvur hissiy bilishning yuqori bosqichi bo’lib, inson amaliy faoliyati natijasida maqsadga muvofiq ravishda hosil bo’ladi. Tasavvurning ilmiy, badiiy, diniy shakllari mavjud. Olimning tasavvuri orqali fahmlash, ilmiy tajriba, modelning shakllanishi uchun g’oya vujudga keladi, bu esa bilish uchun yordam beradi. Tasavvur ayniqsa badiiy ijodda katta ahamiyatga ega.
Haqiqatni dalil bilan isbotlamasdan turib, to’g’ridan-to’g’ri, bevosita bilib, anglab olish qobiliyatini qadimgi faylasuflar intuitsiya (hissiy bilish) deb qaraganlar. XVII asr faylasuflari intuitsiyaning o’zigina ishonchli bilim bermaydi, faqat intellektual intuitsiyagina haqiqiy bilim beradi, deb hisoblaganlar. Hozirgi zamon faylasuflari (Bergson, Freyd) intuitsiyani butun ijodiy faoliyatni belgilovchi yashirin, qorong’i, ongsiz boshlang’ich ijod deb qaraydilar. Bunday qarash, esa narsa va hodisalar mohiyatini bilish mumkin emas deyishga olib keladi.
Intuitsiya bilishning alohida bosqichi emas, balki jonli mushohada va mavhum tafakkur bilan uzviy bog’langan, yordamchi rol o’ynaydigan shaklidir. Dunyoni tajriba va tafakkurga tayanmasdan, faqat intuitsiya yordamida bilish mumkin deb da’vo qiluvchi falsafiy oqim — intuitivizm bo’lib, uning tarafdorlari intuitsiyani ongning ijtimoiy amaliyot va tafakkurga aloqasi bo’lmagan alohida xususiyati deb tushuntirishga urinadilar. Dialektika esa bilish jarayonida, ya’ni bilimlarning vujudga kelishida, intuitsiya ahamiyatga ega deb ta’lim beradi.
Hissiy bilish bilan mantiqiy bilishni ajratib bo’lmaydi va bunday ajratish muqarrar ravishda bilish jarayonini noto’g’ri tushunishga olib ketadi.
Empirizm (yunoncha «empeiria» — tajriba so’zidan) namoyandalari bilishdagi abstrakt tafakkurning roliga yetarli baho bermaydilar va hissiy tajribagina insonga dunyoning chinakam manzarasini yaratib beradi, deb hisoblaydilar.
Ratsionalizm (lotincha «rationalis, ratio» — aql so’zidan) namoyandalari sezgi a’zolariga ishonmaydilar va aqlni, abstrakt tafakkurni haqiqiy bilimning birdan-bir manbai deb biladilar.
Modomiki, hissiy bilish bilan mantiqiy bilish birlikda maydonga chiqar hamda bir-birini to’ldirar va boyitar ekan, bilishda sezgilar beradigan ma’lumotlarga ham, aqliy xulosalarga ham mensimaslik bilan qarash mumkin emas.
Sezgi organlarimiz orqali biz narsalarning xossasini, xususiyatlarini his qilamiz, aqliy bilish tufayli biz ularning moddiy asosini, mohiyatini; bilishga muyassar bo’lamiz.
Xulosa
Muhokamada tushuncha bir-biri bilan bog’lanib, ular o’rtasida munosabat paydo bo’ladi. Unda tushunchalarning bizga bog’liq bo’lmagan qandaydir voqealari aks etadi.
Tafakkurning uchinchi shakli mantiqiy aqliy xulosa chiqarishdir. Xulosa bir yoki bir necha muhokamadan kelib chiquvchi bilimdir. U orqali ilgari ma’lum bo’lgan bilimlar asosida yangi bilim paydo bo’ladi.
Mantiqiy aqliy xulosada muhokamalar majmuasi bir-biriga bog’lanib, yangi bir xulosa kelib chiqadi. Bunday xulosaga asos bo’lgan ikki muxohama dalil deb ataladi. Demak, aqliy xulosa fikrni taqqoslaydi, bog’laydi, mavhum tafakkur sodir bo’lish jarayonini ifodalaydi. Shunday qilib, insoniyatning barcha bilimlari sezgi materiallarini umumlashtirish orqali hosil bo’ladi.
Bilish jarayoni murakkab, ko’p qirrali jarayondir. U albatta sub’ektning qobiliyati, izlanuvchanligi, mantiqiy tafakkurning xususiyati, voqelik hodisalarini kuzatish, uning mohiyatini ochishda ham bir narsa va hodisaga ijodiy yondashishni talab qiladi. SHuning uchun ham bilishda ijod katta o’rin egallaydi